H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Taraqqiyot strategiyasi – yangi rivojlanish maqsadlari
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
11.3. Taraqqiyot strategiyasi – yangi rivojlanish maqsadlari. Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash maqsadida 2022-yil 18-yanvarda “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni imzolandi. Farmon bilan ”Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni ”Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.
Taraqqiyot strategiyasi 100 ta maqsadni qamrab olgan 7 ta yoʻnalishdan iborat boʻldi. Bular: 1. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish; 2. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish; 3. Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish sur’atlarini ta’minlash; 4. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish; 5. Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish; 6. Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish; 7. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish. Oʻzbekiston 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini faol amalga oshira boshladi, bu birinchi navbatda “Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” tamoyiliga asoslanadi. Iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha asosiy vazifalar 2026-yilgacha kambagʻallik darajasini ikki barobar qisqartirish maqsadidan kelib chiqadi. Bunda belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy sharti sifatida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni ta’minlash etib belgilangan. Yalpi ichki mahsulot hajmini kelgusi 5 yil ichida 100 mlrd. dollarga yetkazish boʻyicha yuqori oʻsishni ta’minlash belgilangan. Aholi jon boshiga YaIM darajasini joriy 2000 dollardan 2026-yilda 2800 dollargacha oshirish maqsad qilingan. Bu 2030-yilda oʻrta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish uchun asos yaratadi. Ijtimoiy yordamning yangi koʻrinishlari 2022-yil 1-apreldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf oʻquvchilari bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlananishi, 2023-yil 1-yanvardan pensiyani hisob-kitob qilishda ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshirilishi, 2026-yilgacha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olinishi belgilangan. Belgilangan vazifalar doirasida davlat korxonalari va banklarni oʻzgartirish va xususiylashtirish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, iqtisodiy oʻsishning yashil modeliga oʻtish, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, xususiy va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, yer munosabatlarini isloh qilish, soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, sanoat tarmoqlari, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, uy-joy va kommunal sohalarni rivojlantirish borasida yanada istiqbolli marralarga erishish, boshlangan iqtisodiy islohotlarni davom ettirish oldinda turgan asosiy maqsadlar hisoblanadi. Bunda, 2022-yil apreldan litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish soddalashtirildi. Jumladan, muayyan faoliyat bilan koʻchma tartibda, avtotransport orqali shugʻullanish imkoniyati yaratildi. 25 dan ortiq faoliyat turi boʻyicha monopoliyalar (suyultirilgan gaz yetkazish, neft mahsulotlarini saqlash va boshqalar) tugatildi. 2023-yildan qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foizgacha va bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik uchun foyda soligʻi 15 foizgacha tushiriladi. Sharoiti “ogʻir” boʻlgan hududlarda 2025-yil 1-yanvargacha yangi tadbirkorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq 1 foiz, yer soligʻi, mol-mulk soligʻi hisoblangan summadan 1 foiz stavkada toʻlash tizimi joriy etiladi. 2025-yil 1-iyuldan tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablar yagona elektron reyestri ishga tushiriladi. 2026-yil yakunigacha bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqariladi. 2026-yilgacha energiya samaradorligi 20 foizga oshiriladi va havoga chiqariladigan zararli gazlar 10 foizga qisqartiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbusning asosiy maqsadi aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy koʻmaklashish, daromad keltiruvchi mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish va kambagʻallikni qisqartirishga koʻmak beradi. Yangi strategiyada inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda maktabgacha va oliy ta’lim qamrovi qariyb ikki barobarga oshdi. Ushbu sohada maktabgacha ta’lim qamrovini 2026-yilda 80 foizgacha (hozirgi vaqtda 69%) va maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 50% (2021-yilda 28%, 2022-yilda 38%)ga oshirish koʻzda tutilmoqda. 2022-2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024-2025-oʻquv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish reja qilingan. Taraqqiyot strategiyasiga koʻra, 1 million band boʻlmagan aholini (ayniqsa, ayollar va yoshlar) 2026-yilgacha boʻlgan davrda kasb-hunarga oʻqitish rejalashtirilgan. Barqaror iqtisodiy oʻsish kambagʻallikni qisqartirish asoslaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekiston kambagʻallikni qisqartirish, aholi farovonligini yaxshilashning yagona yoʻli yuqori, barqaror va inklyuziv iqtisodiy oʻsish58ni ta’minlashdan iborat, deb hisoblaydi. Shu oʻrinda 2015-yilda Oʻzbekiston BMT tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishini oʻz zimmasiga olganligini ta’kidlash lozim. Ushbu maqsadlarga erishish, shubhasiz, iqtisodiy oʻsishni ta’minlash uchun asosiy vosita boʻlib xizmat qiladi, bu esa, oʻz navbatida, mamlakatdagi kambagʻallik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirishga olib keladi. Umuman olganda, soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning aksariyati asosan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilmoqda. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling