H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash borasidagi siyosati


Download 1.94 Mb.
bet64/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   60   61   62   63   64   65   66   67   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

12.2. Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash borasidagi siyosati. Oʻzbekistonda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tizim bilan ishlash mexanizmi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan va me’yoriy-huquqiy asoslar yaratilgan. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi farmoni, 2022-yil 18-maydagi “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat hamda amaliy faoliyat uygʻunligini ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yurtimizda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Shuni ta’kidlash kerakki, dunyo mamlakatlari aholisining hayotiy muhim masalalari, hususan, ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohadagi muammolarini hal etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar har yili 100 ga yaqin xalqaro reyting agentliklarining davriy hisobotlari asosida baholab boriladi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-iyundagi farmoni bilan 100 ga yaqin xalqaro reyting va indekslardan 19 tasi Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor, deb belgilab olingan.
Mazkur farmonga muvofiq, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tuzilib, sohada parlament nazorati oʻrnatildi. Xalqaro reyting va indekslar dunyodagi institutsional muhitning sifatini baholashda iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti sifatida jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan vositadir. Ular nafaqat ekspertlar, balki davlatlar darajasida ham islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy siyosat mezoni sifatida qoʻllanib kelinadi.
Prezidentimiz farmoni asosida davlat organlari faoliyati natijadorligini oliy, ya’ni parlament darajasida nazorat qilish belgilanganidan maqsad — bu borada vazirlik va idoralar rahbarlarining mas’uliyatini oshirishdir. Shu bois, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi. Oliy Majlis deputatlari va senatorlarining xalq tomonidan saylanishini inobatga oladigan boʻlsak, mazkur mexanizm sohadagi chora-tadbirlar ijrosi ustidan xalq nazorati oʻrnatilganligini anglatadi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari oʻzlari mas’ul boʻlgan reyting va indekslarda koʻrsatkichlarni yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan respublika kengashida hisobot berib boradilar.
Xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatimiz oʻrnining yaxshilanishi koʻp jihatdan qabul qilayotgan qonunlarimizning joylardagi ijrosiga bogʻliq. Shuning uchun ham kengash tarkibiga mahalliy hokimlar kiritildi. Bu esa qonun talablarining joylardagi ijrosi yuzasidan muammolarni vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi.
Shu orqali bu yoʻnalishdagi ishlarda parlament, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklarning oʻzaro hamkorligi ta’minlanadi, sansalorlik holatlarining oldi olinadi, barcha ishlar muvofiqlashtirilgan holda tashkil etiladi.
Shu oʻrinda barcha rahbarlar, ular qaysi darajadagi rahbar boʻlishidan qat’iy nazar, oʻz harakatlarini qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshirishlari zarur. Odamlar bilan muloqotlarda esa inson sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi shart.
Har bir tizimda ishlarni samarali tashkil etish maqsadida barcha vazirlik va idoralarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha tarkibiy boʻlinmalar tashkil etildi. Ajratilgan alohida xodimlar doimiy ravishda oʻzlarining vazirligi yoki idorasi mas’ul boʻlgan xalqaro reyting va indeks boʻyicha ish olib boradi.
Xalqaro reyting va indekslarning ahamiyati, ustuvor vazifalarini belgilash, reyting agentliklarining metodologiyalarini oʻrganish maqsadida mahalliy hokimliklar hamda vazirlik va idoralar mas’ullari uchun maxsus treninglar oʻtkazildi.
Shu bilan birga, eng asosiy ish qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amaldagi ijrosini, bir soʻz bilan aytganda, qonun ustuvorligini ta’minlashdir. Bu borada parlament va jamoatchilik nazorati qat’iy yoʻlga qoʻyildi.
Xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlarni mamlakatimizdagi islohotlar boʻyicha xolis va zarur ma’lumotlar bilan oʻz vaqtida ta’minlash masalasida bunday ma’lumotlar turli axborotnomalar shaklida tegishli tashkilotlar, xususiy investorlar hamda xalqaro ekspertlarga joʻnatilmoqda. Shuningdek, ular vazirliklarning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ham keng jamoatchilik e’tiboriga havola etib borilmoqda.
Bundan tashqari, ayrim reyting va indekslarda talab etilgan statistik ma’lumotlar respublikamizning davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan shakllantirilgan statistik ma’lumotlar bazasiga asoslanadi.
Masalan, BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”da jami 206 ta milliy indikator tasdiqlangan. Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan yaratilgan maxsus saytga bu boradagi zarur ma’lumotlar doimiy ravishda joylashtiriladi. Shuningdek, xalqaro reyting va indekslar uchun kerakli ma’lumotlar davlat idoralari tomonidan muntazam yangilanib boriladi.
Misol uchun, hukumat portali doirasida “Ochiq ma’lumotlar portali” ishga tushirilgan. Mazkur portal Davlat statistika qoʻmitasining davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar bazasi yuritilishi va yangilanishi, shuningdek, tegishli axborotlarning oʻz vaqtida aks ettirilishini muvofiqlashtirib kelmoqda.
Umuman olganda, xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlar tadbirkorlar va aholi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalariga, nodavlat notijorat tashkilotlar ma’lumotlariga hamda milliy va xorijiy ekspertlar xulosalariga tayanadi. Bu esa, oʻz navbatida, respublika miqyosida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohadagi islohotlar va ularning natijalaridan mahalliy aholi va tadbirkorlar qay darajada xabardor ekanini koʻrsatib beradi.
Hozirgi kunda, asosan, siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda mamlakatimiz oʻrinlari nisbatan quyi pogʻonalarda. Masalan, soʻz erkinligi va hisobdorlik indeksida 191-oʻrinda, Normativ sifat indeksida 184-oʻrinda, Korrupsiyani nazorat qilish indeksida 183-oʻrinda, Qonun ustuvorligi indeksida 182-oʻrinda, Jahon matbuot erkinligi indeksida 156-oʻrinda turibmiz. Albatta, soʻnggi 3-4 yil mobaynida ushbu sohalarni tartibga soluvchi koʻplab qonun hujjatlari qabul qilindi, turli institutsional oʻzgarishlar roʻy berdi.
Xususan, mamlakatimizda soʻz erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va toʻsiqlarsiz faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoit yaratish va ularni yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu boradagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish, turli organlar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini yurituvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.
Qator sohalardagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq qonunchilikning jadal rivojlanishi ayrim hollarda amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlgan koʻplab normalarning vujudga kelishiga sabab boʻldi. Shuning uchun ham qonunchilikni tubdan qayta koʻrib chiqish, uni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, ijrosi monitoringini takomillashtirish maqsadida Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Biroq shuncha ishlarga qaramay, indekslardagi koʻrsatkichlar bu borada hali kamchiliklar borligini koʻrsatib turibdi. Shu bois, qator muhim vazifalarni belgilab olingan. Eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish zarur boʻladi.
Mamlakatimizning Korrupsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GREKO) xalqaro tashkilotiga a’zo boʻlishi va bu tashkilotning korrupsiyaga qarshi tegishli konvensiyalari talablarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalasini ham oʻrganib chiqish lozim.
Ommaviy axborot vositalari, fikrlar xilma-xilligi va soʻz erkinligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash zarur. Ayniqsa, jurnalistning qonuniy professional faoliyatiga toʻsqinlik qilishga oid huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlikni belgilash kerak.
Respublikaning siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda quyi pogʻonalardan joy olganligining sabablaridan yana biri mazkur reyting va indekslar, asosan, jamoatchilik fikri va xalqaro ekspertlar xulosasi asosida shakllantirilishidadir. Qolaversa, indeks yurituvchi tashkilotlar soʻrovnomalari faqatgina mustaqil fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) bilan hamkorlikda oʻtkazilishini inobatga olib, respublika miqyosida bunday tashkilotlar kamligi hamda ular tomonidan tadqiqot ishlarini amalga oshirish salohiyati cheklanganligi kabi omillar ham bunga sabab boʻlishi mumkin.

Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   60   61   62   63   64   65   66   67   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling