H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Harakatlar strategiyasining dastlabki natijalari
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
11.2. Harakatlar strategiyasining dastlabki natijalari. 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi mamlakatning siyosiy-huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha strategik hujjatga aylandi. Bu strategik hujjatning hayotga joriy etilishi tufayli davlat boshqaruvi, jamiyat, fuqarolik institutlari, ommaviy axborot vositalari, iqtisodiyot va boshqa barcha sohalarda yangilanish, oldga siljish boshlandi.
“Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish” yoʻnalishi boʻyicha parlamentning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi roli mustahkamlanib bormoqda, Hukumat soati instituti joriy etildi, Oliy Majlis palatalari sogʻliqni saqlash, tashqi ishlar, ichki ishlar, adliya vazirlari va hukumatning boshqa aʼzolari hisobotlarini vaqti-vaqti bilan eshitib borishi yoʻlga qoʻyildi. 2019-yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Hukumat hisobotlarini har chorakda eshitish amaliyoti joriy etildi. Byurokratiyaga qarshi kurashish natijasida Davlat xizmatlari markazlarida davlat xizmatlarini olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar soni 2 baravar (167 tadan 79 tagacha) qisqartirildi. 4 yil ichida “Yagona darcha” tamoyili boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar soni 10 baravar (16 tadan 157 tagacha) oshirildi. 2017-yilning “Хalq bilan muloqot va inson mafaatlari yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan jamiyatda adolatni qaror toptirishga, inson huquq va manfaatlarini amalda ta’minlashga хizmat qiluvchi yangi samarali tizim joriy etildi. Prezidentning virtual qabulхonasi va har bir tumanda, shaharda davlat rahbarining Хalq qabulхonalari tashkil etildi. Bu davlat va fuqaro oʻrtasidagi muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi, jamiyatda adolat ildizlarini yanada chuqurroq mustahkamlashga, turli boʻgʻindagi rahbarlar, amaldorlarni aholi bilan yaqinlashtirishga, murojaatlarning imkon qadar tezroq hal qilinishiga zamin yaratdi. Barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Хalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari хalqimizga хizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirish boʻyicha qat’iy chora-tadbirlar olib borildi. Ayniqsa, mahalliy davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari rahbarlari mas’uliyati yanada oshirilib, davlat idoralari ochiqligi va faoliyati samaradorligi ta’minlanlanmoqda. Хalq hokimiyatchiligi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot, ya’ni “fuqaro-davlat” gʻoyasida mujassam boʻlgan eng muhim tamoyillardan biri hisoblanadi. Qabulхonaga iqtisodiyot hamda tadbirkorlik, ijtimoiy rivojlanish, yoshlar siyosati, fuqarolar yigʻinlari va jamoat tashkilotlari, sud-huquq masalalari, kommunal хoʻjaligi hamda qurilish sohalari boʻyicha kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan rasmiylashtirilib, taalluqliligi boʻyicha onlayn tarzda yuborilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida virtual hamda Хalq qabulхonalari mamlakatni yangilashning amaliy meхanizmiga aylandi. “Propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va gʻallaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish boʻyicha gʻoyat muhim qarorlar qabul qilindi. Natijada byurokratiya, vazifani suiisteʼmol qilish, tamagirlik koʻrinishlari kamayib, jamiyat hayoti erkinlashdi. Oʻzbekiston xalqi ham, dunyo jamoatchiligi ham bu qadamlarni ijobiy baholay boshladi. “Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish” yoʻnalishi boʻyicha sud hokimiyati mustaqilligi kuchaytirilganligi, tadbirkorlar himoyasini mustahkamlashga xizmat qiluvchi Biznes-ombudsman institutining joriy qilinishini aytish mumkin. Yangi Oʻzbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakat iqtisodiy tizimi toʻliq qayta qurildi, bozor mexanizmlari amalga joriy etila boshlandi. “Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish” yoʻnalishida amalga oshirilgan islohotlar bir qator soliqlar stavkalarini kamaytirish imkonini berdi. Shuningdek, davlat fondlariga ajratmalar va sugʻurta badallari ham bekor qilindi, soliq tekshiruvlari turlari esa 13 tadan 4 tagacha qisqartirildi. 2017-2020-yillar mobaynida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 1,4 barobar oshdi, inflyatsiya darajasi 18,8 foizdan 11,1 foizga pasaytirildi. Elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da – bir xil, banklarda esa boshqacha boʻlishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega boʻlish, Oʻzbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni roʻyxatga qoʻyish bilan bogʻliq muammolar hal qilindi. 2017-2018-yillarda mamlakatda bank-moliya sohasida keskin burilishlarga sabab boʻlgan islohotlar, xususan, valyuta bozorini liberallashtirish, moliya bozorlarini rivojlantirish, pul-kredit siyosatini, shu jumladan, uning instrumentlarini takomillashtirish, ichki pul va valyuta bozorlarini rivojlantirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha qator islohotlar amalga oshirildi. Bunda, asosan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilindi52. Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, jahon bozorida talab yuqori boʻlgan mahsulotlar eksportining nomenklatura53sini oshirish uchun sharoit yaratildi. Masalan, eksportni ragʻbatlantirish maqsadida mahsulotlar uchun oldindan toʻlov tartibi bartaraf etildi va kafillik majburiyatisiz tashqi bozorga mahsulot yetkazib berish tizimi yaratildi. Eskirgan litsenziyalash tartib-taomillari bekor qilindi, eksportchilar uchun soliq imtiyozlari kengaytirildi. Eksport shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitorlik qarzlarini hisoblashning yagona muddati 120 kungacha uzaytirildi. Tadbirkorlar uchun bojxona nazorati ostida bir qator qulayliklar yaratilgan. Tashqi savdoning liberallashtirilishi natijasida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020-yilda (2020-yildagi pandemiya oqibatlariga qaramay) 2016-yilga nisbatan 1,5 baravarga oshdi54. 2018-yildan boshlab amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining asosiy maqsadlari mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat boʻldi. Soliq sohasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida respublikada soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi. Unga koʻra, 2019-yildan mamlakatda tub soliq islohotlari amalga oshirildi, jumladan, jismoniy shaxslar daromad soligʻi stavkasi 22,5%dan 12%ga tushirildi, sugʻurta badali va davlat jamgʻarmalariga maqsadli ajratmalar bekor qilindi. QQS stavkasining 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilishi aylanma mablagʻlarning korxonalardan chetlanishini kamaytirdi va oxirgi iste’molchiga egri soliq bosimini kamaytirdi. 2020-yildan esa yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksiga asosan amaldagi soliq qonunchiligi soddalashtirildi, koʻplab oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritildi, xususan, kodeksdan muayyan toʻlovlar va yigʻimlar haqidagi normalar chiqarib tashlanib, ular alohida qonunlarga oʻtkazildi (davlat boji, bonuslar, yigʻimlar), ayrim soliqlarning (ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq) nomi va tuzilmasi oʻzgartirildi, ayrim soliq toʻlovchilar (qishloq xoʻjaligi korxonalari, oilaviy korxonalar) uchun soliq imtiyozlari bekor qilindi55. Soliq islohotlari natijasida soliq stavkalarining 2018-2020-yillardagi oʻzgarishi56
Bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish oʻrinlari, daromad manbalarini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, qishloq va shaharlarni obod qilish iqtisodiy strategiyaning eng muhim yoʻnalishlari hisoblanadi. Bu davrda ijtimoiy soha rivojlandi. Aholi turmush darajasi oshdi, sogʻliqni saqlash tizimi mustahkamlanmoqda. Maktabgacha taʼlim tizimida katta oʻzgarishlar roʻy berdi. 2016-yilda 5,2 mingta bolalar bogʻchasi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 2020-yilda ularning soni 18,3 mingtaga yetdi. 2021-yilda maktabgacha taʼlim bilan bolalarni qamrab olish darajasi 2016-yildagi 27,7 foizdan 62 foizga oshdi. Oliy taʼlim tizimida ham katta natijalar qoʻlga kiritildi. 100 dan ortiq yangi oliy oʻquv yurti tashkil etildi, xorijiy oliy oʻquv yurtlarining 31 ta filiali ochildi, 42 ta xususiy oliy oʻquv yurti oʻz faoliyatini boshladi. 2022-yil 1-sentyabr holatiga koʻra Oʻzbekistonda 177 ta oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsatdi. Pedagog va tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga jalb etish amaliyotiga barham berildi. Mamlakat taraqqiyotida intellektual salohiyatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni Prezident Sh.M. Mirziyoyevning quyidagi fikrlari ham tasdiqlaydi: “Tasavvur qiling, mustaqillik davrida, yaʼni, keyingi 30 yilda Oʻzbekiston aholisi 15 million nafarga koʻpaydi. Bu oʻrtacha bir mamlakat aholisi, demakdir. Qolaversa, vaqt oʻtishi, hayot oʻzgarishi bilan odamlarning isteʼmol talabi va ehtiyojlari ham muttasil ortib bormoqda. Yerimiz, suvimiz esa koʻpaymasligi tabiiy, albatta. Bunday resurslar nafaqat bizda, butun dunyoda cheklangan. Binobarin, biz endi aqlimizni, intellektual salohiyatimizni, bilim va tajribamizni oshirishimiz, aynan ana shu omillarni iqtisodiy oʻsish nuqtalari va resurs manbalariga aylantirishimiz shart”57 Mamlakatda qashshoqlikni kamaytirish boʻyicha ham faol ishlar olib borilmoqda. Kambagʻallikning darajasi 2000-yildagi 28 foizdan 2020-yilda 11 foizgacha pasaydi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar kasb-hunarga oʻqitish, ishga joylashish va moliyaviy yordam shaklida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratildi. “Mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari asosida yordam va koʻmakka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari oʻz joyida aniq oʻrganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda. Keksalar, nogironlar, ogʻir ahvolga tushib qolgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat koʻrsatish kabi ezgu anʼanalar bugungi kunda yangicha maʼno-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila - tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar oʻz ijobiy natijasini bermoqda “Xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish” yoʻnalishi boʻyicha ham katta ishlar qilindi. Oʻzbekiston birinchi marta diniy masalalar boʻyicha “alohida tashvish uygʻotuvchi” mamlakatlar roʻyxatidan chiqarildi. Qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli aloqalar mustahkamlanmoqda, chegaralar va suv-energetika resurslaridan foydalanish masalalari hal etildi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 86 ta mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qilmoqda (2016-yilda bu koʻrsatkich 9 tani tashkil etgan), respublika xalqaro reytinglarda bir necha pogʻonaga koʻtarildi. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling