H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Tuzuvchi: H.O.Yorqulov Taqrizchilar
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
Tuzuvchi: H.O.Yorqulov
Taqrizchilar: Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti tarix fanlari nomzodi, professor Z.A.Saidboboyev Toshkent kimyo-texnologiya instituti falsafa doktori (PhD), dotsent v.b. E.Q. Axmedov Kirish Oʻzbekiston mustaqillik yillarida har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlashni asosiy maqsad qilib kelmoqda. Bunda ixtisoslik fanlari bilan birga Oʻzbekistonning eng yangi tarixi fani oʻqitilishining ahamiyati katta. Mustaqillik yillarida vatanimiz rivojlanishi tarixi, olib borilayotgan islohotlar mazmun mohiyati, dunyo davlatlari bilan Oʻzbekiston aloqalari, qolaversa talabalarimiz tanlagan sohasi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qanday oʻrin egallashi va ahamiyatini bilishi tayyorlanayotgan kadrlar sifatiga ijobiy ta’sir qiladi. Oʻzbekistonning eng yangi tarixining oʻqitilishi tayyorlanayotgan kadrlarda vatanga sadoqat, milliy oʻzlikni anglash, xalqning tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat bilan qarash, Oʻzbekiston mustaqillikka erishishining tarixiy ahamiyatini anglash, millatlararo, dinlararo bagʻrikenglik kabi fazilatlarni shakllanishiga xizmat qiladi. Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev: “Bir haqiqatni barchamiz chuqur anglab olishimiz zarur: milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda, uning tarbiyaviy ta’siri boʻlmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʻrgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”1, - degan edilar. Ya’ni faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, shu yurt taraqqiyotiga ma’sullikni his qilgan shaxslarni ma’naviy ruhiy tarbiyalash, ularni vatanparvar fuqaro sifatida bunyodkorlik yoʻlida ruhlantirish tarixiy dunyoqarshni shakllantirish bilan birgalikda kechadi. Tarix - ulugʻ murabbiy, u boʻlib oʻtgan voqealarni tahlil qilishga, bu voqealardan xulosa chiqarishga, yutuqlardan foydalanishga, xatolarni takrorlamaslikka oʻrgatadi. Har bir xalqning bosib oʻtgan tarixiy rivojlanish yoʻlida toʻplagan tarixiy tajribasi, ma’naviy merosi mavjud boʻladi. Mana shu tarixiy tajriba, ma’naviy merosni voyaga yetayotgan yosh avlodga yetkazish, tarixiy voqealar asosida jamiyat rivoji toʻgʻrisida bilimlar berish vazifasini tarix fani bajaradi. Bu bilimlar asosida har bir avlod oʻzidan oldingi kelgan avlodga nisbatan bir qadam oldinga qadam tashlaydi, oʻzidan oldingi avlodga nisbatan tajribaliroq, bilimliroq boʻlishga erishadi. Jahonda hech bir xalq yakka oʻzi boshqa xalqlardan oʻz-oʻzini yakkalagan holda rivojlana olmaydi. Rivojlanish boshqa xalqlar bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar asosida yuz beradi. Bu madaniy aloqalar tarixiy voqealar koʻrinishida yuz berganligi uchun ularni oʻrganish bevosita tarix fani bilan ham bogʻliq. Oʻz navbatida bu jarayonlarni oʻrganish talabalarga dunyoni yaxlit bir butun holatda anglashga yordam beradi, ularda umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish fazilatini tarbiyalashga xizmat qiladi. Ayniqsa hozirgi globallashuv jarayonlari tezlashayotgan davrda oʻz tanlagan mutaxassisligi boʻyicha dunyoda yaratilayotgan yangiliklar, qoʻllanilayotgan texnologiyalarni oʻrganishga undaydi va ragʻbatlantiradi. Oʻquvchi tarixni oʻrganish orqali jamiyat hayotining turli sohalaridagi oʻzgarishlar, yangilanishlar, rivojlanishlar haqida bilib oladi. Bu jarayonlarning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan shaxs, ijtimoiy guruh yoki qatlam, davlat yoki tashkilot haqida, bu tarixiy jarayonlarning mazmun-mohiyati haqida bilimga ega boʻladi. Koʻpgina hollarda yuz berayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda davlat siyosati belgilovchi rolni oʻynaydi. Davlat islohotlar dasturini tuzadi, rivojlanish maqsadlarini belgilaydi, amalga oshirilishi jarayonlarini nazorat qiladi. Ya’ni tarix jarayonlarni oʻrganar ekan shu jarayonlarning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan davlatning olib borayotgan siyosatini ham oʻrganadi. Bu esa talabalarda turli sohalarda davlat olib borayotgan siyosatni, jumladan, kelajakda oʻzi mehnat qiladigan sohada olib borilayotgan davlat siyosatining maqsadlari va mohiyatini anglab olishga yordam beradi. Ushbu “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv qoʻllanmasida mustaqillikka erishish arafasida Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishi va uning tarixiy ahamiyati, huquqiy demokratik davlat barpo qilinishi, fuqarolik jamiyati asoslarining shakllanishi, bozor munosabatlarining rivojlanishi, oʻzbek modeli, ijtimoiy oʻzgarishlar, ma’naviy va madaniy taraqqiyot, ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasining siyosiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyoti, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati bilan hamkorligi, Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishda 2017-2021-yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi natijalari va 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasining tutgan oʻrni oʻrganiladi. “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” 1989-yildan to hozirgi kunimizgacha boʻlgan davrni qamrab oladi. Bu davr jahon tarixida, jumladan, Oʻzbekiston tarixida ham oʻziga xos xususiyatlarga ega. Birinchidan, SSSR nomli ulkan davlat parchalanib ketdi. Uning oʻrnida mustaqil 15 ta davlat, jumladan Oʻzbekiston ham paydo boʻldi. Dunyoning geosiyosiy xaritasi oʻzgardi, oldin sotsialistik tuzumdagi davlatlar bozor iqtisodiyotiga asoslangan rivojlanish yoʻlini tanladi. Sotsialistik va kapitalistik davlatlar qarama-qarshiligi deb atalgan ikki qutbli dunyo barham topib, manfaatlar va qarashlar xilma-xilligiga asoslangan koʻp qutbli dunyo shakllana boshladi. Mustaqil davlatlar oʻz suverenitetlarini mustahkamlash va manfaatlari yoʻlida turli davlatlar bilan hamkorlik qilib, xalqaro tashkilotlarda faoliyat koʻrsatdi. Yangi xalqaro tashkilotlar tuzdi. Ikkinchidan, bu yangi mustaqil davlatlarda Davlat boshqaruvi, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda islohotlar amalga oshirildi. Demokratik qadriyatlarga asoslangan yangi davlat boshqaruvlari shakllantirildi, milliy manfaatlardan kelib chiqib rivojlanish dasturlari va maqsadlari belgilab olindi. Iqtisodiy islohotlar tufayli iqtisodiyotlar erkinlashtirildi, iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshdi, xususiy tadbirkorlik rivojlandi, jamiyatning ijtimoiy tuzilishida oʻzgarishlar yuz berdi. Uchinchidan, dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi aloqalarning yuqori darajasi boʻlgan globallashuv jarayonlari tezlashdi. Globallashuv jarayonlari tezlashishiga mustamlakachilikning barbod boʻlishi, texnika-texnologiyalarning (ishlab chiqarish texnikalari, transport, axborot texnologiyalari va hakozo) rivojlanishi, xalqaro tashkilotlarning tuzilishi oʻz ta’sirini koʻrsatdi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun bu ragʻbatlantiruvchi rol oʻynay boshladi. Bu jarayonlarda ishtirok etish zaruriyati yosh mustaqil davlatlarni dunyo davlatlari bilan hamkorlik qilish va raqobatga kirishishga majbur qildi. Oʻzbekiston ham globallashuv subyekti sifatida bu jarayonlarda ishtirok yeta boshladi. Mazkur oʻquv qoʻllanma texnika oliy oʻquv yurtlari bakalavr talabalari uchun moʻljallangan. Undan kollej va litseylarning, oʻrta umumta’lim maktablarining tarix fani oʻqituvchilari, Oʻzbekistonning mustaqillik yillaridagi tarixi borasidagi bilimini mustaqil oshiruvchilar ham foydalanishlari mumkin. Qoʻllanma ayrim kamchiliklardan ham holi boʻlmasligi mumkin, shuning uchun oʻquv qoʻllanma haqida oʻz fikr mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling