H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursining maqsadi va vazifalari


Download 1.94 Mb.
bet4/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

1.2. “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursining maqsadi va vazifalari.
“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursini oʻqitishning maqsadi - mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda yuz bergan muhim oʻzgarishlar, tub islohotlarning mazmun-mohiyatini, respublika iqtisodiyotini isloh qilish, iqtisodiy, siyosiy va sud tizimini liberallashtirish, suverenitet, demokratiya, “oʻzbek modeli” kabi tushunchalarning mohiyati va mazmunini ochib berishdan, shuningdek, xalqaro munosabatlar, dunyoning zamonaviy manzarasi, globallashuv jarayonlari, ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi, milliy mustaqillik gʻoyasi va mafkurasi, fuqarolik jamiyati va boshqalarni talabalarga oʻrgatishdan iboratdir. Shu bilan birgalikda, mamlakatimiz kimyo sanoati, oziq-ovqat, vinochilik sohasidagi rivojlanishi natijalari va ularning tarixiy ahamiyati boʻyicha bilim, koʻnikma va malakalarini shakllantirishdir.
“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursi gumanitar ta’limning ajralmas qismi boʻlib, talabalarga hozirgi bosqichda jamiyatimizning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotini tahlil qilishga zaruriy tayyorgarlikni beradi, ijtimoiy hodisalarni baholash koʻnikmalarini shakllantiradi, tarixiy voqealardagi aloqadorlikni oʻrgatadi. “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” kursini oʻrganish barchaga zamonamizning dolzarb masalalarini, shu jumladan, demokratik huquqiy davlat hamda fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonlarini, ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirilishini chuqur oʻrganish imkoniyatini beradi.
“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursi falsafa, sotsilogiya, siyosatshunoslik, huquq asoslari, iqtisodiyot nazariyasi, madaniyatshunoslik, dinshunoslik, milliy gʻoya, xalqaro munosabatlar va boshqa ijtimoiy fanlar bilan boʻgʻliq. Ya’ni “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursi tarixiy rivojlanishning ma’lum bir davrida jamiyatning barсha sohalarini va ulardagi oʻzgarishlarni oʻrganadi, tahlil qiladi.
“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” kursini oʻrganishning amaliy ahamiyati shundan iboratki, u kishilarda nafaqat mas’uliyat, vatanparvarlik, bagʻrikenglik hissini uygʻotadi, balki mintaqa tarixi haqidagi tasavvurlarni kengaytirishga yordam beradi, davlat siyosatining aniq masalalarini ishlab chiqishda, mamlakatda demokratik qadriyatlarni va fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashda faol ishtirok etishiga xizmat qiladi.
Tarix fani jamiyat hayotida muhim boʻlgan kognitiv, intellektual va mafkraviy funksiyalarni bajaradi. Kognitiv funksiya - bu mamlakatning tarixiy yoʻlini oʻrganish va obyektiv ravishda tarixchilik nuqtai nazaridan davlat tarixini tashkil etuvchi barcha hodisalar va jarayonlarni aks ettirishni oʻz ichiga oladi.
Tarixning intellektual funksiyasi - tarixiy faktlarni nazariy tushinish asosida jamiyat taraqqiyotining muhim jihatlarini ochib beradi. Shaxsning jamiyat taraqqiyoti toʻgʻrisida bilimlari oshadi, aqliy rivojlanishiga xizmat qiladi. Ilmiy asoslangan siyosiy yoʻnalishni rivojlantirishga, xato va bir tomonlama qarorlardan qochishga yordam beradi. Oʻtmish, hozir va kelajak birligi odamlarning oʻz tarixiga boʻlgan qiziqishining ildizidir. Kishilik jamiyati oʻz taraqqiyotida qaerga va qay tarzda borish kerakligini aniqlash uchun u qaerdan kelib chiqqanligi, qaysi millat va davlatga mansubligini hamda qanday tarixiy yoʻlni bosib oʻtganligini bilishi kerak.
Uchinchi funksiya mafkuraviylik boʻlib, bunda tarix oʻtmishdagi koʻzga koʻringan voqealar, jamiyat rivoji uchun xizmat qiladigan mafkuralar haqidagi aniq hujjatlarni oʻrganadi. Tarix erishilgan yutuqlar, gʻalabalar bilan jamiyatni ishontiradi, ularni ruhlantiradi. Bu yutuq va gʻalabalarga nimalar sabab boʻlganlligi toʻgʻrisida tarixiy misollar va dalillar keltiradi. Umumiy maqsad yoʻlida jamiyatni birlashtiradi, uyushtiradi, ma’lum bir gʻoyalar berish orqali harakatga undaydi. Masalan, mustaqillikka erishish, mustaqillikni mustahkamlash va hakozo. Tarix dunyo, jamiyat, uning rivojlanish qonuniyatlari haqidagi obyektiv voqelikka, tarixiy dalillarga asoslangan ilmiy bilimlarni beradi. Oʻz navbatida undagi faktlar jamiyatdagi mafkura va ilm-fanga asoslanadi. Natijada obyektiv voqelikni jamiyatdagi mafkuraviy bilimlarga asosan tushunishga xizmat qiladi.
Tarix juda katta tarbiyaviy ta’sirga ega. Oʻz xalqining tarixi va dunyo tarixini bilish kishida vatanparvarlik va baynalmilallik kabi fazilatlarni shakllantiradi, shaxsning jamiyat rivojidagi rolini koʻrsatadi, jamiyat oldidagi mas’uliyati va fuqaroning huquq va burchlarini oʻrganishga imkon beradi, jamiyat hayotidagi ayrim illatlarning inson taqdiriga ta’sirini oʻylashga, jamiyatni rivojlanishda koʻrishga, ijtimoiy hayot hodisalarini ularning oʻtmishiga nisbatan baholashga va keyingi voqealar yoʻnalishi bilan oʻzaro bogʻlashga oʻrgatadi.
Tarix fanining funksiyalaridan kelib chiqib Oʻzbekistonning eng yangi tarixi oʻquv kursini oʻqitishning vazifalari quyidagilardan iborat:
– mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalardagi islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berish;
- ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda milliy gʻururni shakllantirish;
- yoshlar oʻrtasida mustaqil fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish;
- talabalar ongiga insonparvarlik, vatanparvarlik, tinchlikparvarlik kabi asosiy madaniy tushunchalar va tamoyillarni singdirish;
- mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, yoshlar ongida “ma’naviy boʻshliq”qa yoʻl qoʻymaslik;
- ularda insoniyatning ilgʻor gʻoyalari bilan uygʻunlashgan ijodiy dunyoqarashni shakllantirish.
Hozirgi davrda jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshgan xalqimizning oʻtmishini tiklash va saqlash eng muhim vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Zamonaviy tarixni oʻrganish - keng dunyoqarashga, chuqur ijtimoiy va gumanitar bilimga, zamonaviy fikrlashga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning bevosita tarkibiy qismidir. Ya’ni, oʻquv kursining asosiy vazifalaridan biri yoshlar dunyoqarashini shakllantirishdir.
Oʻzbekistonning eng yangi tarixi - bu nafaqat akademik bilim va oʻqitish, balki tarixiy xotirani shakllantirish, vatanparvarlik va faol fuqarolik pozitsiyasini qaror toptirish yoʻlidir. Oʻzbekistonning zamonaviy tarixini bilish - yoshlarga XX asr oxiri – XXI asr boshlarida milliy tarix voqealarini mustaqil tarzda baholashga, jahon tarixi kontekstidagi va davlatimiz taraqqiyotidagi eng muhim tendensiyalarni koʻrish, Oʻzbekistonning zamonaviy dunyoda tutgan oʻrni haqida tasavvurni shakllantirish, mamlakatning yangi strategik yoʻnalishini, uning ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini tushunishiga xizmat qiladi.
Oʻquv kursi yoshlarni gʻoyaviy tarbiyalash vazifasini bajaradi. Bugungi globallashuv sharoitida Oʻzbekiston milliy manfaatlariga zid axborot xurujlari, Oʻzbekiston va uning hukumati yuritayotgan siyosatni ataylab obroʻsizlantirishga qaratilgan tashviqotlar koʻzga tashlanmoqda. Yoshlarning bu tashviqotlar ta’siriga tushib qolmasligi uchun Oʻzbekistonning eng yangi tarixi bilan bogʻliq axborot xavfsizligi tizimini ta’minlash zarurati mavjud. Bunda Oʻzbekistonning rivojlanish yoʻlidagi maqsadlari nimadan iborat ekanligini yoshlarga tushuntirish, turli goʻyaviy tahdidlar va ularga qarshi kurashish borasida bilim va koʻnikmalarni tarbiyalash muhim ahamiyatga ega.
Ushbu oʻquv kursi yoshlarimizda milliy va diniy bagʻrikenglik qarashlarini shakllantirish vazifasini bajaradi. Bugungi kunda mamlakatimizda 136 ta millat va 16 ta diniy konfessiya vakillari yashab kelmoqda. Ular oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, ahillik mamlakatimiz tinchligi va barqarorligining muhim sharti hisoblanadi. Shuning uchun baynalmilallik, millatlararo totuvlik, diniy magʻrikenglik va bozor iqtisodiyoti shakllanishi natijasida vujudga kelgan turli tabaqalar oʻrtasida ijtimoiy hamjihatlik gʻoyalarini targʻib qilish muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy tarixni oʻta dolzarbligini hisobga olgan holda, Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov 2012-yil yanvar oyida “Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Oʻzbekistonning zamonaviy tarixi boʻyicha jamoat kengashini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi. Kengashga tarixiylik va obyektivlik, dogmatizm3ning oldini olish, oʻzbek xalqining tarixiy oʻtmishi va bugungi kunini baholashga har tomonlama yondoshish asosida Oʻzbekistonning zamonaviy tarixini tizimli oʻrganish vazifalari yuklatildi. Bunda zamonaviy tarixni ilmiy tadqiq qilishda xalqaro tajribani hisobga olish, yangi avlod oʻquv va ilmiy adabiyotlarini tayyorlash, Oʻzbekistonning zamonaviy tarixi global va mintaqaviy jarayonlar bilan uzviy bogʻliq ekanligi nazarda tutildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-iyun kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”4gi qarorni imzoladi. Davlat rahbari darajasida bunday qarorlarning qabul qilinishi Oʻzbekiston tarixi, jumladan mustaqillik davri tarixini ham olimlar tomonidan tizimli oʻrganilishini yoʻlga qoydi.



Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling