Sobitxon MUTALOV, xo‘jaobodlik muallim:
— Nega aksariyat qahramonlaringiz ijtimoiy illatlarga qarshi sehr bilan kurashadi? Yana bir savol: nega devga sariq rangni tanlagansiz?
— Buvimni emib katta bo‘ldim. Ko‘p ertak eshitardim. “Sariq dev”¬ning ziyon-zahmati ko‘p», degan gap qulog‘imga mahkam o‘rnashib qolgan. Bolaligimda otasiz, himoyasiz ulg‘aydim. Kamkuchroq, ojizroq bo‘lganim uchunmi, hammasiga sehr bilan erishishni ko‘p o‘ylaganman.
Hulkar CHINTOSHЕVA, Yuqorichirchiq tumani, uy bekasi:
— “Sariq devni minib…”da Hoshimjonning otasi uncha ko‘rinmaydi. Balki, oilada otaning o‘rni bo‘lmagani uchun ham Hoshimjonlarni hayot chiniqtirayotgandir…
— Bunga ham bolaligimdan javob topasiz: otamni boyning avlodi sanab “quloq” qilmoqchi bo‘lishdi. Ikki yoshda edim. Otamni sudrab olib chiqishdi, tepkilashdi. Og‘zidan qon kelib ko‘z oldimda o‘ldi. Onamni surgundan olib qolish uchun o‘sha kuni o‘zidan 30 yosh katta, 5 bolali odamga nikohlashdi. Bir umr otamning o‘rni huvillab qolganini his qilib yashadim.
Rahmatullo SHOYZOQOV, samarqandlik pensioner:
— O‘z vaqtida kuchli felyetonchi bo‘lgansiz. Bugungi gazetalardan ko‘nglingiz to‘ladimi?
— Yo‘q. Jurnalistlarimizda Vatanga muhabbat kuchli, lekin jasorat yetishmaydi.
Oyimxol RO‘ZMЕTOVA, Shovot tumani, uy bekasi:
— O‘zingiz, o‘g‘lingiz va nevarangiz o‘rtasida qanday farq sezasiz?
— Yaratgan fazilatu nuqsonlarimni to‘rt o‘g‘limga teng taqsimlab bergan. Ular orasida kenja o‘g‘lim favqulodda iste’dodli chiqdi: 15 yoshida maktabni, so‘ng ikki oliygohni tugatdi. Fan doktori bo‘ldi.
Hozir YUNЕSKOda ishlaydi. 23 nevara, 7 evaram bor. Nevaralarning birortasi adabiyotga qiziqmadi. Balki, evara-chevaralardan yozadigani chiqar.
Hoshimjon ABDIYEV, Toshkent shahri, mahalla faoli:
— Ba’zan televizorda chiqib olib “aql o‘rgatayotgan”larni hayotda ko‘rsangiz, butunlay teskarisi. Bularning hammasi so‘zning subutini sindirmaydimi? Odamlar ishonmay qo‘yadi-ku!
— Ishi va so‘zi boshqa odam nainki jamiyatda, balki o‘z oilasida ham hurmat topolmaydi. Unga o‘zgalar tugul o‘z farzandlari ham ishonmaydi. Imon — til, dil va amal birligida.
Do'stlaringiz bilan baham: |