Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari
Download 5.91 Mb. Pdf ko'rish
|
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)
O‘limdan achchiq narsa yo‘q, Shodlikdan ortiq boylik yo‘q maqolida o‘limga dunyodagi
eng og‘ir musibat tarzida yondashilgan. Achchiq leksemasining “g‘am-iztirobli”, “azob-uqubat” semalari asosida o‘lim qiymati aks etgan; Urishsiz uy yo‘q, Azobsiz – go‘r; O‘lsang go‘ring keng bo‘lsin, Tiriklikda fe’ling singari maqollarda o‘limga nisbatan qo‘rquv belgisi kuchayib, insonning bu foniy dunyodagi amallari, savob-u gunohlariga munosabat bildirilgan. O‘limdan qochib bo‘lmas; O‘tganni qaytarib bo‘lmas, O‘lganni – turg‘izib; Ozmayman degan yigitni qorong‘u tun ozdirar; Ketgan kelar, ketmonlagan kelmas; Mozorga tushgan tirik chiqmas singari maqollarda o‘limning ortga qaytmas jarayon ekanligi, inson hayotining oxirgi nuqtasi hisoblanishi o‘z ifodasini topgan. O‘lim oldida banda ojizligi kafan, mozor leksemalari, qorong‘u tun metaforik obrazlar orqali ifodalangan. O‘lgan kelmas, o‘chgan yonmas maqolida “o‘chgan” leksemasi “o‘lim” tushunchasini ifodalagan. O‘limning “hayot shamining so‘nishi”, “umr chirog‘ining so‘nishi” kabi tasviriy ifodalar bilan tavsiflanishi ham og‘zaki, ham yozma adabiyot uchun hosdir. Ketgan kelar, ketmonlagan kelmas maqolida ketmonlagan so‘zi ketmonlagan shaxsni emas, balki shu harakat ustida bajarilgan shaxs (o‘lik)ni anglatadi. Metonimiya usulidagi ma’no ko‘chishi sodir bo‘ladi. Bu maqolda harakat baholash asosi bo‘lsa, ayrim maqollarda mato va kiyim qiymat asosi hisoblanadi: Kafan kiygan ketar, kebanak kiygan kelar. Maqollarda o‘limning natijasi sifatida yetimlik tasviri keltirilgan: Yomg‘ir yog‘sa, to‘ning ho‘l bo‘lar, Otang o‘lsa, uying cho‘l bo‘lar; Otangning mol-dunyosi bilan qolguncha, Onangning pilta-savati bilan qol. Tilda ona o‘limi fojiali ravishda baholangan maqollar ko‘p. Ayrim maqollarda ona vafoti ochiq aytilmay, o‘gaylik munosabati orqali baholangan: Onang o‘gay bo‘lsa, otang o‘zingniki emas. O‘gay so‘zi aslida “ona” ma’nosidagi “o‘g” so‘zidan olingan bo‘lib, “Qutag‘du bilig”da ham shu ma’noda qo‘llangan [Dadaboyev, Xolmuratova, 2018: 244]. Hozirda so‘z mazmunida antisemiya shakllangan, “tuqqan ona”ga nisbatan zid tushuncha yuzaga kelgan. “1. Oldingi er yoki xotindan bo‘lgan farzandlar hozirgi er yoki xotinga hamda uning qarindoshlariga nisbatan; 2. Bir onadan yoki bir otadan tug‘ilmagan farzandlar; 3. Ko‘chma ma’noda: yot, begona (O‘TIL, 2008: 132)”. Maqol semantikasida otaning o‘gay ona ta’siriga berilishi va farzandga mehrsiz bo‘lishi o‘z ifodasini topgan: Onang o‘ldi - otang o‘ldi. Otali yetim – orsiz yetim, Onali yetim – orli yetim maqolida onasiz so‘zi o‘rniga otali, otasiz o‘rniga onali so‘zi ishlatilgan. Otali “otasi bo‘lsa-da” degan ma’noda kelib, otaning farzand or-nomusidagi o‘rni onaning o‘rniga nisbatan quyi darajada baholagan. Onali yetim birikmasidagi aniqlovchida otaning yo‘qligidan ko‘ra onaning mavjudligiga e’tibor qaratiladi; Onali yetim - gul yetim, Otali yetim – shum yetim matnida ham aksiosfera mavjudlikni ta’kidlash orqali ifodalangan. Tahlillarga ko‘ra, o‘lim konsepti umum belgilar bilan birga, milliy tushunchalarni: erkaklarning so‘zida sobit turmasligi, g‘ayrati, hayotga bo‘lgan muhabbatini yo‘qotishi, irodasizlik holatlarni mujassamlashtirgan. O‘lim obrazi o‘zbek tilida Azroil – o‘lim farishtasi bilan ifodalanishi xalq og‘zaki ijodida ham, mumtoz va zamonaviy adabiyotda ham faol uchraydi. Azroil kelgandek qo‘rqmoq, azroilni ko‘rgandek qo‘rqmoq kabi iboralarda ham shu holatni ko‘rish mumkin. Maqollarda “o‘lim” hayot qadriyatiga aksqadriyat sifatida baholangan. Hayot va o‘lim bilan bog‘liq tushunchalar xalqning tajriba asosidagi bahosini aks ettirgan. Bu baho yillar, asrlar osha qadriyatga aylanib, og‘zaki va yozma ijod mahsullarida yashab kelmoqda. Maqollarda o‘lim konsepti qazo, ajal leksemalari bilan nomlanib, qadriyat va aksqadriyat sifatida voqelangan. Ko‘rish va perseptiv – his etish jarayonlarida obyekt, narsa-predmet, shaxs, vaziyat, voqea-hodisalarning yaxlit tasviri paydo bo‘ladi. Mazkur tasvirni idrok qilish orqali xalq o‘limning “achchiq”, “azobli”, “ulug‘vor”, “obro‘li”, “fidoiy”, “kuchli”, “muqarrar”, “vaqti noma’lum” singari xususiyatlarini o‘zida jamlagan perseptiv obrazini yaratgan. Natijada til egalari ongida uning qorong‘u tun, cho‘l, o‘t(olov), to‘qay, kafan, Azroil, mozor, go‘r, qiyomat, bo‘ri (bo‘rkni tashlab bo‘ridan qutulib bo‘lmas maqolidagi bo‘ri leksemasining “yovuz”, “qonxo‘r”, “shavqatsiz” semalari o‘limning “shavqatsiz” belgisini ifodalagan), bolta (bolta 199 biror narsani yorish, kesish yoki chopish uchun ishlatiladigan asbob nomi. Uning kesish, chopish singari xususiyatlari tilda “halokatga yo‘llamoq”, “puturdan ketkizmoq” ma’nolarida ildiziga bolta urmoq, oyog‘iga bolta urmoq iboralarida ham voqelangan) kabi metaforik obrazlari paydo bo‘lgan. Qayd etilgan milliy metaforalar maqol muloqot pragmatikasining adresatga tushunarli bo‘lishini, matnning stilistik bo‘yoqdorligini, ekspressiv-emotivligini ta’minlagan. Qazosi yetgan, o‘lim eshigini qoqqanlarga baho berishda Ajal yetmay, chivin o‘lmas; Ajali yetgan sichqon mushukka g‘amza qilar; O‘lar ho‘kiz boltadan qaytmas, Arslonning o‘ligi – sichqonning tirigi maqollarida antropozoomorfizmlar qo‘llangan. Aksiologik mazmunda milliy tafakkur, qadriyat, baho o‘z ifodasini topadi. Jumladan, maqollarda o‘zbek madaniyatiga xos hayotning Alloh inoyati, in’omi ekanligi, o‘limning muqarrarligi, peshonaga yozilgani, taqdir taqozosi sifatida qaralishi, er kishi uchun qo‘rqoqlik, uyat, or-nomusdan o‘limning afzalligi, ota-ona, oila, farzandga munosabat belgilari aks etgan. Download 5.91 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling