Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari


Download 5.91 Mb.
Pdf ko'rish
bet291/363
Sana02.12.2023
Hajmi5.91 Mb.
#1780763
1   ...   287   288   289   290   291   292   293   294   ...   363
Bog'liq
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)

G‘ulom Bobojonov 

 
Annotation. The article briefly discusses some of the recommended scientific approaches to 
the preservation of Turkish language fluency. Alisher Navoi's scientific research on eloquence is 
analyzed. Emphasis is placed on the relevance of such approaches to language history today. 
Key words: eloquence, tanofurul huruf, garoba, shamra, tonuq. 
Balog'at ilmining nazariy masalalari dastlab arab tilidagi matnlar tadqiqi ustida olib 
borildi. Keyinchalik esa, u bevosita boshqa tillardagi matnlar uchun ham joriy bo'lishi ilmiy 
tadqiq etila boshladi. Xususan, mazkur ilm nazariy asoslarining ishlab chiqilishi turkiy til 
qoidalarining shakllanishi uchun ham mustahkam tayanch vazifasini o'tadi.
Bu borada Mahmud Koshg'ariyning ilmiy faoliyati ilk bor turkiy til nazariyasini ishlab 
chiqishga qaratilgan salmoqli harakatlardan biri bo'ldi. So'zlarni muayyan shaklda tizimlashtirib 
o'rganish, o'zaklar qolipini ifoda etuvchi vaznlarga solish, shakl va ma'no munosabatlarni tadqiq 
etish, ularning kelib chiqishi, yasalishi va tarixiy ildizi bilan bog'liq xususiyatlarni ilmiy 
o'rganish «Devoni lug'otit turk» asarida birinchi marta turkiy tillar misolida tadqiq etildi.
Undan keyin turkiy tilning nazariy va amaliy takomilidagi keng qamrovda ilmiy 
tadqiqlarni Alisher Navoiyning ilmiy-ijodiy faoliyatida kuzatish mumkin. Navoiy davrigacha 
balog'at ilmlari to'la shakllangan, uning nazariy asoslari, tasnifi, bo'lim va qismlari, qonuniyat va 
qoidalari aniq va to'laqonli ishlab chiqilgan edi. Balog'at olimlari mazkur me'yor va mezonlarni 
joriy qilishda arab tili hamda uning xususiyatlarini asos qilib oldi. Navoiy o'zigacha yashab 
o'tgan tilshunos-balog'atshunos olimlarning ilmiy qarashlarini puxta o'rgangan holda, fasohat 
mezonlarining turkiy til sathida ham joriy etilishiga e'tibor qaratdi.
Balog'at olimlari “fasohat” deganda so'z va gapning har qanday nutqiy nuqsonlardan xoli 
bo'lishini nazarda tutadi. Bunda matndagi har bir so'zning tovush tarkibidan tortib, 
umummatngacha bo'lgan miqyosda tilshunoslik qoidalariga to'la rioya qilinishi asosiy e'tiborda 
bo'ladi. So'z va gapning til qoidalariga muvofiqligi matnning poetik ahamiyatini belgilashda 
katta ta'sirga ega. Har bir tovush va har bir so'zning matn balog'atini ta'minlashdagi hissasi 
alohida inobatga olinadi. Matnda so'zning to'g'ri ishlatilishi, o'zak, negiz va qo'shimchalar bilan 
bog'liq qoidalarga muvofiqligi, ma'no va shakl munosabatlari, gapdagi o'rni va vazifasi, qo'shma 
gaplar bilan bog'liq holatlar kabi tilshunoslikka oid barcha qoidalar fasohat obyekti sifatida 
qamrab olinadi.
Alisher Navoiy mazkur ta'limotni nafaqat chuqur o'zlashtirgan, balki turkiy til 
xususiyatlaridan kelib chiqib, o'zi ham yangi qoidalar joriy qilgan olim, deb qarash o'rinlidir. 
Uning turkiy til fasohatini ta'minlash borasidagi ilmiy izlanishlari bugungi kun tilshunosligi 
uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Turkiy tilning nazariy mezonlarini ishlab chiqish, 
belgilash va joriy qilishda Navoiy o'ziga xos ilmiy yondashuvga ega ekani kuzatiladi. Ushbu 
yondashuv balog'atning nazariy asoslariga to'la tayanish bilan birga turkiy til xususiyatlarini ham 
atroflicha qamrab olgani bilan e'tiborlidir.
Navoiy ijodida turkiy til fasohatini ta'minlash masalasida umumxalq iste'molidagi jonli 
tilga tayanish hamisha yetakchi mavqe egallaganini ko'rish mumkin. Xususan, adabiy til me'yori 
sifatida qabul qilingan ayrim qoidalardan ko'ra so'zlashuv jarayoni uchun eng maqbul bo'lgan, 
yillar davomida xalqning jonli muloqotidan mustahkam o'rin olib kelayotgan, nutqning har ikki 
ishtirokchisi uchun ham birdek qulay sanalgan va tabiiy ravishda tanlangan me'yorlarni yozma 
nutq va adabiy til uchun ham asos qilib olish yo'lidan borilgan. Bu hodisa so'z va uning tovush 
tarkibiga oid o'rinlarda turli g'alizlik va nomuvofiqliklarga yo'l qo'yilmasligini ta'min etadi. 
Natijada, so'z fasohatiga nuqson yetkazuvchi holatlar yuzaga kelishining oldi olingan bo'ladi. 
Misol uchun, bugungi kungacha adabiy tilimizning qat'iy qoidasi sifatida qaralib kelayotgan 
ayrim jarangli va jarangsiz undoshlar juftligining bir so'z tarkibida yonma-yon ishlatilishi 

Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori.


389 
hodisasida Navoiyning ilmiy yondashuvi e'tiborlidir. Adabiy tilda «yetdi», «etdi», «ketdi» kabi 
shaklda yozilishi qabul qilingan so'zlar Navoiy asarlarida «yetti», «etti», «ketti» tarzida 
ishlatilgan. Bunda so'zning umumxalq tiliga muvofiqligini yozuvda ham saqlab qolish bilan 
birga, so'z fasohatiga nuqson yetkazuvchi hodisa – tanofurul hurufga yo'l qo'yilishining oldini 
olish kabi ijobiy jihatlar mujassamlashgan.
Yana bir muhim yondashuv Navoiy asarlarida kontekst uchun mos bo'lmagan so'zlarning 
ishlatilmasligi bilan bog'liq. Matnda nutq asnosi uchun uyg'un bo'lmagan so'z qo'llash fasohat 
nuqtayi nazaridan nuqson sanalib, u g'aroba deb yuritiladi. G'aroba – boshqa tilga mansubligi
shaklning ma'noni ochiq ifoda etib berolmasligi, iste'molda juda kam uchrashi yoki tarixiyligi,
eskirib qolgani, shaklan o'zgargani kabi sabablar bilan qabul qiluvchi(o'quvchi, tinglovchi)ga 
qiyinchilik tug'dirishi mumkin bo'lgan so'zlardir.
G'arobani belgilash muayyan zamon va makon bilan bevosita bog'liq. Agar shu xususiyat 
inobatga olinmasa, bu borada obyektiv xulosaga kelish imkonsiz bo'lib qoladi. Sababi, matn 
yaratishda ishlatilgan so'zlarga u qabul qilinayotgan, idrok etilayotgan zamon-makon yoki shaxs 
nuqtayi nazaridan baho berilmasa, bu xolis va asosli yondashuv bo'lmasligi tabiiy. Shunday 
ekan, birinchi navbatda, muallif yondashuvini ilmiy jihatdan o'rganib chiqish taqozo etiladi. 
Masalan, «Qutadg'u bilig», «Qisasi Rabg'uziy», «Muhokamatul lug'atayn» kabi ko'plab mumtoz 
asarlarda ishlatilgan til va so'zlarni idrok etish bugungi kun o'quvchisi uchun bir qadar murakkab 
sanalishi mumkin. Ammo bunday holat mazkur asarlarda nutqiy nuqson hisoblangan g'arobaga 
yo'l qo'yilgan, degan xulosa chiqarishga asos bo'lolmaydi.
Ba'zi tadqiqotchilar Navoiy asarlari, garchi, turkiy tilda yaratilgan bo'lsa-da, ularda arab 
va fors tiliga mansub so'zlar ko'p qo'llanilganini ta'kidlaydi. Bunday to'xtamga kelishdan oldin 
Navoiy asarlaridagi bir necha jihatlarni inobatga olish zarur.
Avvalo, Navoiyning turkiy tilda yaratilgan biror asarida boshqa tilga mansub so'zlar 
nisbati turkiy so'zlarnikidan ortiq emas. Ular umumiy matnning muayyan kichik ulushini tashkil 
qiladi. Shuningdek, ular o'z davrida boshqa tillardan turkiy tilga o'zlashgan so'zlar hisoblanadi. 
O'zlashgan so'z esa, tilda murakkablik tug'dirish uchun emas, ma'no ifodasini ravshanlashtirish 
uchun ishlatiladi.
Navoiy asarlaridagi arab va fors tillaridan o'zlashgan so'zlar o'sha davr umumturkiy 
tilining shakllanishi, lug'at tarkibining takomillashuvi va ifoda imkoniyatlarining kengayishiga 
hissa qo'shgani hamda o'z davri o'quvchisi uchun tanish va tushunarli sanalgani bois matnda 
hech qanday nomuvofiqlik keltirib chiqarmagan. Shuningdek, ular boshqa zamon-makon 
kishisining so'z boyligini oshirish hamda so'zlarning eng nozik ma'no ko'lamlarini farqlab 
ko'rsatish vazifasini ham bajaradi.
Matndagi so'z g'aroba tarzidagi nutqiy illat sanalishi uchun uning o'zlashgan ekanidan 
kelib chiqib yondashish o'zini oqlamaydi. Bunda so'zning ayni ma'noni beradigan munosib 
muqobili matn yaratilgan tilda mavjud emasligi ham e'tiborga olinadi. Shu bilan birga, muallif 
o'zlashgan so'zni bir xillik va ortiqcha takrorga yo'l qo'ymaslik uchun ishlatgan bo'lishi ham 
mumkin. Xuddi shunday o'rinni quyidagi baytda ko'ramiz: 
Shafi' etkil oni jovid, ilohiy,
Meni ham qo'ymag'il navmid, ilohiy.
Bu o'rinda arab tilidagi «shafi'» so'zi ishlatilgan bo'lsa-da, muallif mazkur so'zni keltirishda 
uning turkiy muqobilsiz ekani, istilohiy ma'no yuklatilgani, turkiy tillarda keng qo'llanishi hamda 
ilohiy kalomga muvofiqlik saqlanishi kabi ko'plab vazifalarni bajarishi ko'zda tutiladi. Shu 
nuqtayi nazardan mazkur so'z, garchi, bugungi kun o'quvchisiga to'la ochiq-ravshan bo'lmasa 
ham, g'aroba sifatida qaralmaydi.
Haq tonuqturkim, tiriklikdin manga sensen murod,
Yo'qsa olamning yo'qi-bori barobardur manga 
baytida esa, tilimizda faol ishlatiladigan «guvoh», «shohid» so'zlari o'rniga sof turkiy muqobil – 
«tonuq» so'zi keltirilgan. Bu bilan «matn uchun begonalik» hodisasiga yo'l qo'yilmaslik qasd 


390 
etilgan. Ushbu turkiy so'zning ma'no ko'lami ham boshqa ma'nodoshlaridan ko'ra kengroqligi 
bilan ajralib turadi.
Ba'zi hollarda o'quvchi matnni idrok etish jarayonida nomuvofiqlikka duch kelishi 
mumkin. Bunda u o'zi uchun notanishligi yoki ma'nosini aniq ilg'ay olmagani tufayli biror so'zni 
g'aroba deb qabul qiladi. Ammo, aslida, muallif nazarda tutgan ma'no butkul boshqa bo'lishi ham 
mumkin. Misol uchun:
Nun boshinda shamra yanglig'dur qoshing uzra girih,
Oraz uzra nuqta mislidur uzoring uzra xol 
baytidagi «shamra» so'ziga lug'atlarda «saxiylik, saxovat»; «ukrop urug'i, ziravor sifatida 
ishlatiladigan xushbo'y ko'kat, oshko'k» deb izoh berilgan. Baytdagi «nun boshining shamra»si 
ma'nosidan lug'atlardagi muqobillar ancha uzoqligi ayon bo'ladi. Agar yuqorida keltirilgan 
ma'nolarga asoslanilsa, «shamra» so'zi matnda o'rinsiz ishlatilishi bilan nutqiy nuqson – 
g'arobaga yo'l qo'yilgan bo'lib chiqadi. Ammo bu so'zni yozuv tarixiga oid istiloh tarzida qabul 
qilish obyektiv yondashuv bo'la oladi. Istilohlar esa, asosan, aynan keltirilishi har qanday til 
uchun mashhur qoidadir.
Demak, xulosa qilish mumkinki, turkiy til fasohatini ta'minlashda mumtoz davrlarda yashab 
ijod etgan adiblarning o'z ilmiy yondashuvi mavjud bo'lgan. Ular o'z asarlarida turkiy 
tilshunoslikning nazariy muammolari bilan birga amalda qo'llanishi xususida ham e'tiborli 
ma'lumotlar taqdim etgan. Matnlarni poetik idrok etishda ayni xususiyatlarga asoslanish katta 
foydalar berishi shubhasiz.

Download 5.91 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   287   288   289   290   291   292   293   294   ...   363




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling