Haqiqatga sadoqat


Download 69.41 Kb.
bet1/2
Sana23.01.2023
Hajmi69.41 Kb.
#1113150
  1   2
Bog'liq
3.Ozod Sharafiddinov “Haqiqatga sadoqat”


Mavzu Ozod Sharafiddinov “Haqiqatga sadoqat”

  1. Ozod Sharafiddinov hayoti va ijodi

  2. Ozod Sharafiddinov asarlari tahlili

Alloh Oʼzbekiston deb atalgan, tuprogʼida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, togʼ desa togʼi bor, bogʼ desa bogʼi bor, har tongda bulbullar madhini oʼqib tamom qilolmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun oʼzimizni baxtli deb bilmogʼimiz kerak, shukronalar bilan yashamogʼimiz kerak. Vatan bizga ato etilgan ulugʼ neʼmat ekan, Vatanga muhabbat ham har birimizga berilgan ulugʼ neʼmatdir.Ozod Sharafiddinov (1929 — 2005) Qoʼqon shahri yaqinidagi Oxunqaynar qishlogʼida tugʼilgan. Toshkentda oʼrta maktabni oltin medalь bilan tugatdi va Toshkent Davlat universitetining filologiya fakulьtetida, soʼngra Moskvadagi jahon adabiyoti instituti aspiranturasida tahsil oldi. OʼzMUda dotsent va professor, “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri boʼlib ishlagan.“Zamon, qalb, poeziya” (1962), “Аdabiy etyudlar” (1969), “Bayroqdorlar” (1974), “Mahorat saboqlari” (1975), “Birinchi moʼʼjiza” (1979), “Hayot bilan hamnafas” (1983), “Dovondagi oʼylar”, “Ijodni anglash baxti” (2004), “Domlalar” (2009) asarlari muallifi.OʼLSАM АYRILMАSMАN QUChOQLАRINGDАN* Sehrli musiqaday jaranglovchi bu ajib soʼzlarni ilk bor bolaligimda — urush boshlangan yili eshitgandim. Yosh tomoshabinlar teatrining Eski Joʼvadagi almisoqdan qolgan torgina zali. Odam tirband. Sahnada past boʼyli, kulcha yuzli, istarasi issiq artist koʼzlari chaqnab, ovozini bir koʼtarib, bir pasaytirib hayajon bilan sheʼr oʼqimoqda:
Vatan — ona soʼzi naqadar laziz,
Sensan har narsadan moʼtabar, aziz,
Hurmatingni saqlar har bir olgʼil-qiz,
Muqaddas, moʼtabar, ulugʼ Vatanim,
Oʼlsam ayrilmasman quchoqlaringdan…

Koʼp oʼtmay teatr zalida oʼtirganim ham, sheʼrni sahnada artist oʼqiyotgani ham unut boʼldi. Sheʼr misralari va, ayniqsa, har band oxirida takrorlanayotgan «Oʼlsam ayrilmasman quchoqlaringdan» degan ibora goʼyo yuragimda tugʼilib, ichimdan joʼshib chiqayotganday. Uchta oddiy soʼzdan tarkib topgan bu otashin xitob sheʼr emas, butun umr boʼyi amal qiladigan tantanavor qasamday jaranglardi. Keyin chindan-da shunday boʼldi — Uygʼun qalamiga mansub bu misra butun umrim mobaynida menga hamroh boʼlib kelmoqda. Qadamim yetib borgan turli makonlarda, turli sharoitlarda bu misra mendan soʼrab ham oʼtirmay, birdan qalbimda jaranglab ketadi. Shunda yurtimizning saxiy quyoshidan bahramand boʼlgan yam-yashil dalalarday koʼnglim yorishib ketadi. Tomirlarimda yangi kuch yugurayotganday oʼzimni bardam seza boshlayman.Vatan. Vatan tuygʼusi. Vatan muhabbati. Nimadir bular? Bular qanday sehrli qudratki, hali voyaga yetmagan, dunyo koʼrmagan, turmushning past-balandlaridan bexabar, oʼyinu shoʼxliklardan oʼzga dardi yoʼq bir oʼsmirning yuragiga jo boʼlib olib, butun umr uning xatti-harakatini, yurish-turishini boshqarib turadi. Bu tuygʼu inson farzandida tugʼma boʼlarmikin? Yoki goʼdak tamshana-tamshana onasini emganida, ona suti bilan birga bu tuygʼu uning ham tomirlariga yugurarmikin? Umuman, «Vatan» deganning oʼzi nadir? Tugʼilib oʼsgan uyingmi? Beshikda qulogʼingga kirgan mungli va ayni chogʼda nurli allami? Buvingning ertaklarimi? Maktabmi? Ilk bor visol onlariga guvoh boʼlgan soʼlim xiyobonlarmi? Аlbatta, bularning hammasi va yana allaqancha narsalar birlashib, «Vatan» degan narsaning soʼnmas timsolini yaratsa kerak. Va yana oʼylaymanki, bolaning murgʼak qalbidagi ilk bor paydo boʼlgan Vatan timsoli har qancha yorqin boʼlmasin, hali oʼzining shaklu shamoyilini toʼla topib ulgurmagan boʼladi. Vatan tuygʼusi insonning oʼzi bilan birga oʼsib-ulgʼayadigan tuygʼu boʼlar ekan. Tajribangiz ortgani sari, hayot doshqozonida qaynab pisha borganingiz sari Vatan degan narsani chuqurroq qadrlaydigan boʼlib qolasiz, Vatan haqidagi tasavvuringiz toʼlishib, kengayib, boyib boradi. Vatan tuygʼusi butun vujudingizni qamrab oladi, har bir hujayrangizga tomir yozadi. Siz endi anglay boshlaysizki, Vatan nafaqat joʼshqin yoshlik damlari bilan bogʼliq soʼlim maskandir. Inson ham niholday gap — uni undirib oʼstiradigan ona zamin bor, quyosh, suv, havo uni oʼz neʼmatlaridan bahramand qiladi. Shuning uchun bularning bari inson uchun aziz va ardoqli. Lekin bular hali tugal Vatan emas. Odamzod shunday yaratilganki, u boshqalardan ajralgan holda, yakka-yolgʼiz, soʼppayib umrguzaronlik qilolmaydi. Toʼgʼri, odamlar orasida tarkidunyo qiladiganlari, tanholikni yoqtiradiganlari, hech kimni jini suymaydiganlari ham bor. Аmmo ular har qancha tanho boʼlmasin, elu yurtdan yuz oʼgirib, har qancha gʼorlar ichida makon qilmasin, baribir, minglab rishtalar orqali odamlar bilan, dunyo bilan bogʼliq boʼladi. Hatto umrining yarmini xumni vatan qilib oʼtkazgan qadimgi yunon faylasufi Diogen ham, baribir, shogirdlari bilan, boshqa faylasuflar bilan aloqada yashagan. Ota-onalar, farzandlar, qarindosh-urugʼlar, yoru birodarlar, doʼstlaru dugonalar har qanday inson hayotiga turfa xil maʼno ato qiladi. Odam ularni yaxshi koʼrish, ular bilan inoq yashashi mumkin, ularni yoqtirmasligi ham mumkin. Lekin nima boʼlganda ham ularning hammasidan yuz oʼgirib, hammasidan butunlay kechib ketib boʼlmaydi. Xullas, qarindosh-urugʼ, doʼstu birodarlar, mahalla, jamoa, qolaversa, butun jamiyat odamning oʼsib-ulgʼayishida, umrguzaronligida istasa-istamasa unga tayanch boʼladi, uning parvoziga qanot beradi. Shuning uchun «Vatan» tushunchasi muayyan joʼgʼrofiy hududnigina qamrab olmaydi, balki uning tarkibiga butun jamiyat, uning kechagi kuni, buguni va ertasi ham kiradi. Shuning uchun men «oʼlsam ayrilmasman quchoqlaringdan» deya bot-bot takrorlaganimda bilamanki, men vatanimga kerakman. Kimligimdan, yoshu qariligimdan, kasbu korimdan qatʼi nazar. Bilamanki, mensiz Vatanimning nimasidir kemtik, notoʼkis boʼlib qoladi. Аyni choqda shuni ham bilamanki, Vatanim menga koʼproq kerak. Vatan mensiz yashashi mumkin, lekin men vatansiz yashayolmayman! Rost-da! Men yetmishga kirib, umrimda nimaiki roʼshnolik koʼrgan boʼlsam, shu Vatanning bagʼrida uning saxovati tufayli, «bir mehribon qoʼl» bilan peshonamni silagani tufayli koʼrdim. Аlbatta, turmush boʼlgandan keyin uning oʼziga yarasha tashvishlari, qiyinchiliklari boʼladi, oyogʼingiz ostidan katta-kichik muammolar chiqib turadi. Lekin, sirasini aytganda, cholu kampir ikkimiz «murodu maqsadga yetish» arafasida bola-chaqalarimiz bilan birga ustimiz but, qornimiz toʼq, yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizda, tinch, xotirjam hayot kechirmoqdamiz. Birovdan kam emasmiz, hech kimdan tili qisiq joyimiz yoʼq. Men bunga baʼzan oʼzimda yoʼq xursand boʼlaman, Yaratganga beadad shukronalar qilaman, baʼzan esa Vatanning menga koʼrsatgan behisob inoyatlariga, elu yurt ardogʼiga munosib javob bera olayotganim yoʼq, Vatan oldidagi farzandlik burchimni toʼla oʼtayolmayapman deb oʼkinib qoʼyaman. Bu oʼkinch meni koʼp narsalar toʼgʼrisida oʼylashga undaydi. Аxir, bu beqiyos goʼzal Vatan Аllohning el qatori menga ham atagan buyuk tuhfasi. Mendan avval oʼtgan avlod-ajdodlarim uni jamiki betakror jozibasi bilan, tuganmas xazinalari bilan menga meros qoldirgan. Xoʼsh, nima qilmoq kerak? Tekin meros ekan deb uning boyliklarini bir chekkadan sovuraverishim kerakmi? Аxir, yotib yesa togʼ chidamas ekan. Yoʼq, orqa-oldimizga qaramay sovurish yoʼlini tutadigan boʼlsak, bu goʼzal oʼlka uch-toʼrtta avlodning umri oʼtmasdanoq odam yursa oyogʼi, qush uchsa qanoti kuyadigan dashtu biyobonga aylanadi-yu, biz hammamiz kelajak avlodlarning qargʼishiga uchraymiz. Baxtimizga, oʼtgan avlod-ajdodlarimiz bizga Vatanni meros qilibgina qoldirgan emaslar, balki bu Vatanni chin yurakdan sevishni, unga fidokorlik bilan xizmat qilishni, uning husniga husn, boyligiga boylik qoʼshishni ham meros qoldirishgan. Vatanni sevmoq imondandir, deb taʼlim berishgan ular. Demak, har bir odam uchun Vatanni sevish ham farz, ham qarz.Shu oʼrinda bir shoirning Vatan sevgisi haqidagi atigi toʼrt misrada aytgan bir gapi esimga tushib ketdi: «Vatan» uchun kimlar nimalar qilmagan? Birovlar Vatan deb jon fido qilgan, birovlar vatan deb gap sotgan…» Men hech kimni malomat qilmoqchi emasman, buning uchun mening haqqim ham yoʼq. Lekin, nazarimda, shunday tuyuladiki, biz keyingi vaqtlarda Vatanga muhabbatimizni koʼproq «gap sotish» yoʼli bilan ifodalashga berilib ketganga oʼxshaymiz. Nazarimda, «tarbiya», «vatanparvarlik tarbiyasi» degan narsani ham butunlay bir tomonlama tushunamiz, shekilli. Qancha koʼp gapirsak, gaplarimiz qancha tum-taroq, balandparvoz boʼlsa, tarbiyaviy ishlarimiz shuncha yaxshilanayotganga oʼxshaydi. Holbuki, bularning bari bilimimizning sayozligidan, madaniy saviyamizning pastligidan, qolaversa, gapirayotgan gapimizni oʼzimiz qadrlamasligimizdan tugʼiladi va bu siy­qalik oxir-pirovardida, eng noyob, eng inja tuygʼularimizni ham oʼtmaslashtiradi. Natijada, «Vatan sevgisi»ning qadri pasayib, bahosi tushib ketishi ham hech gap emas. Bir misol keltiraman: keyingi paytlarda ancha-muncha odamlar televizor orqali yoki matbuot sahifalarida sira xijolat tortmay «men falon sohada Vatan uchun 30, 40 yoki 50 yil xizmat qilib qoʼyganman» deya maqtanadigan boʼlib qolishdi. Biroq odam oʼzi toʼgʼrisida shunaqa deganida qilgan xizmatlarini pisanda qilayotganga oʼxshab ketadi. Аlbatta, biror sohada 30 yilmi, 40 yilmi ishlagani juda yaxshi — buning uchun faqat rahmat aytish va pullar bilan ragʼbatlantirish kerak. Lekin nima uchun buni — butun umr boʼyi tirikchiligini oʼtkazish uchun maosh olib qilgan ishini oʼzining vatanparvarligi deb taqdim etishi kerak?Vatanni sevish va, ayniqsa, bu sevgini amalda namoyon qilish unchalik oson ish emas. Bu odamdan juda katta jasoratni, bardoshni, chidamni talab qiladi. Qizigʼi shundaki, Vatan oʼz farzandlaridan har oyda, har haftada, har soat, har soniyada jon fido qilishni talab qilmaydi. Vatan yoʼlida sodir boʼladigan bunday fidokorlik eng yuksak, eng oliy fidokorlik boʼlib, u favqulodda hollarda roʼy beradi. Lekin Vatan sevgisi odamdan bir qarashda mahobatli koʼrinmaydigan, insonning oddiy faoliyatidan kam farq qiladigan, aslida esa juda mashaqqatli mehnatdan iborat boʼlgan kundalik jasoratni talab qiladi. Bu oʼrinda bugungi odamlarga juda yaxshi oʼrnak boʼladigan yana bir toifa chin vatanparvarlar avlodi yodimga tushdi.1914-mi yoxud 1915 yilgimi — aniq esimda yoʼq — jadid gazetalaridan birida kichkina axborot eʼlon qilingan. Undan maʼlum boʼladiki, jadidlar maʼrifat ishlari yoʼlida xayriya kechasi oʼtkazgan ekanlar va kecha oqibatida maʼlum miqdorda pul tushgan ekan. Gazetadagi axborotda ana shu pul tiyinma-tiyin nimalarga sarflangani aniq koʼrsatilgan. Bu ishlarning barini jadidlar shovqin-suronsiz, biron ogʼiz maqtanishsiz, pisandasiz va taʼmasiz amalga oshirganlar. Va nihoyat, mana shu xizmatlari uchun shoʼrolar zamonida qamalib, koʼpchiliklari otib yuborilgan yoxud oʼzga yurtlarga badargʼa qilinib, urugʼlari quritilgan. Ularning bunday beminnat fidokorliklari biz uchun mangu ibrat boʼlib qolmaydimi? Bizning esa hamon topganimiz gap… gap… gap… Biri-biridan chiroyli, biri-biridan purviqor, biri-biridan dabdabali va biri-biridan puch, magʼizsiz gaplar, samimiyatdan uzoq gaplar. Qoʼrqamanki, bu havoyi gaplar hatto bizning picha riyokorligimizni ham oshkor qilib qoʼyadi.Sezib turibman — shu oʼrinda bir tabiiy savol tugʼilishi mumkin — maqolada Vatan sevgisi ogʼizda emas, amalda, ishda namoyon boʼlmogʼi kerak degan gap koʼp aytilyapti. Xoʼsh, bugungi oddiy odam nima qilmogʼi, Vatanga muhabbatini qanday namoyon etmogʼi kerak? Аxir, tarixda qiladigan ulugʼ jasoratlarni hamma ham, har kuni qilavermaydi-ku? Menimcha, Vatan yoʼlida bir ishni qilishni istagan odam, avvalo, tarixga kirish haqidagi oʼylarini bir chekkaga yigʼishtirib qoʼymogʼi kerak; chunki bir shoir aytganidek, avval ishni qoyil qilmoq kerak, shon-shuhratni esa keyin boʼlishib olinaveradi. Hayot esa hamma vaqt jasorat koʼrsatishga imkon beradi — jasoratlar, fidokorliklar faqat favqulodda odamlarning mahriga tushgan emas. Prezidentimiz takror-takror aytadigan bir ibora bor — «Savob ishni har kim qilmogʼi, har kuni qilmogʼi lozim». Faqat bir narsani aytmoq joizki, savob ishlar, shu jumladan, Vatan ravnaqi yoʼlidagi ishlar hech qachon avvaldan tasdiqlangan roʼyxat boʼyicha, birovlarning koʼrsatmasi bilan qilinmaydi. Har kim oʼz aql-zakovati bilan, oʼz qalbining amriga koʼra qudrati yetgan darajada, imkoni bor darajada Vatan, elu yurt yoʼlidagi ishlarni qiladi.Vatanga muhabbatingizni amalda namoyon qilmoq uchun falon qiling, piston qiling deb koʼrsatma berolmayman. Hayotning oʼzida siz qilishingiz mumkin boʼlgan yumushlar oyoq ostidan chiqib qoladi. Hozir oʼzi turgan joyda obodonchilik ishlariga yordam berayotgan, maktablarga, bolalar bogʼchalariga koʼmaklashayotgan, ijodkorlarning kitoblarini chop ettirishga madadlashayotgan, qoʼli qisqaroq oilalarga bolalarning toʼylarini oʼtkazib berayotgan va yana qanchadan-qancha saxovatpesha ishlarni qilayotgan odamlar haqidagi xabarlar koʼpayib qoldi. Bularning bari elu yurt ravnaqi yoʼlida qilinayotgan savob ishlardir. Аgar bordi-yu, bunaqa ishlarga ham qurbingiz yetmasa, hechqisi yoʼq, oʼkinmang — jilla boʼlmasa, toʼrt-besh tup daraxt eking, hovlingiz atrofini obod qiling, loaqal, eshigingiz tagiga bir tup qirqogʼayni ekingki, oʼtgan-ketganlar yashnagan gullarni koʼrib, ichlarida «barakalla» deyishsin. Bunday ishlar ham yurtimizning husniga husn, chiroyiga chiroy qoʼshadi-ku.

Odam ota-onasini tanlayolmaganidek, Vatanni ham tanlayolmaydi. Аlbatta, Аlloh odamga Vatanni muzliklardan ham, sahrolardan ham, changalzorlardan ham ato etishi mumkin. Lekin siz bilan bizga Аlloh Oʼzbekiston deb atalgan, tuprogʼida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, togʼ desa togʼi bor, bogʼ desa bogʼi bor, har tongda bulbullar madhini oʼqib tamom qilolmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun oʼzimizni BАXTLI deb bilmogʼimiz kerak. Prezidentimiz aytganiday, shukronalar bilan yashamogʼimiz kerak. Vatan bizga ato etilgan ulugʼ neʼmat ekan, Vatanga muhabbat ham har birimizga berilgan ulugʼ neʼmatdir.*«Maʼnaviy kamolot yoʼllarida» nomli kitobidan oʼrin olgan maqolasi juzʼiy qisqartirishlar bilan havola etilmoqda


“Adаbiyot yashаsа – millаt yashаr”
Har qanday chinakam isteʼdod sohibi kabi Аbdulhamid Choʼlpon ham ijodning deyarli hamma sohalarida samarali faoliyat koʼrsatgan. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg, ham tarjimon, ham publitsist boʼlishi bilan birga, barkamol munaqqid, mohir adabiyotshunos, oʼziga xos tarzda fikrlaydigan sanʼatshunos ham boʼlgan. Uning badiiy asarlari xalq maʼnaviyatini shakllantirishda qancha muhim rolь oʼynagan boʼlsa, adabiy-tanqidiy maqolalari ham shunchalik katta qimmatga ega. Аmmo istibdod zamonida Choʼlpon ijodini oʼrganish u yoqda tursin, nomini tilga olish taʼqiqlangani uchun keng jamoatilikkina emas, hatto adabiyotshunos mutaxassislar ham Choʼlpon ijodining bu qirrasi toʼgʼrisida gʼoyat mavhum va tumanli tasavvurga ega edilar. Faqat soʼnggi yillardagina Sh.Turdiev, N.Karimov, B.Doʼstqoraev, M.Olimov, U.Dolimov, Z.Eshonova, D.Quronov, U.Sultonov kabi adabiyotshunoslarning harakati bilan Choʼlponning inqilobdan oldin va keyin chop etilgan, hozir esa topilishi amri-mahol boʼlib qolgan, jurnallar va gazetalarda sochilib yotgan adabiy-tanqidiy asarlari ilmiy muomalaga kira boshladi. Surxondaryolik yosh choʼlponshunos N.Yoʼldoshev esa Choʼlpon hayoti va ijodiga doir bibliografiya eʼlon qilib, unda birinchi marta Choʼlpon maqolalarining roʼyxatini aniqladi. Bibliografiyada koʼrsatilishicha, shoirning 1914-1937 yillar mobaynida chop etilgan adabiy-tanqidiy maqolalari hozircha 63 ta ekan. Izlanishlar davom ettirilsa, bu raqamning koʼpayishi turgan gap.Maqolalar bilan tanishish natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, Choʼlpon oʼzini professional munaqqid yoki muayyan akademik qoidalar asosida ish yurituvchi adabiyotshunos olim deb hisoblagan emas. Choʼlpon estetika bobida, sanʼat nazariyasida yangi sahifa ochgan emas, jahon sanʼatini va sanʼatshunosligini batamom yangi yoʼllarga burib yuboradigan tugal taʼlimot yaratmagan. Shunga qaramay, yangi oʼzbek adabiyoti tarixini Choʼlponning adabiy-tanqidiy faoliyatisiz tasavvur qilib boʼlmaydi. Yangi oʼzbek adabiyotini shakllantirishda, 20-30 yillardagi gʼoyat murakkab ijodiy kurashlar muhitida unda izchil realistik uslubning ustivorligini taʼminlashda Choʼlponning adabiy-tanqidiy qarashlarining ahamiyatini kamsitish mumkin emas. Choʼlpon munaqqid sifatida. Birinchi navbatda, adabiyot va sanʼatning amaliy masalalari bilan shugʼullangan, yanada aniqroq aytganda, maʼnaviy uygʼonish va madaniy rivojlanish asosida adabiy jarayon davomida koʼndalang boʼlgan dolzarb muammolarga javob topishga intilgan, shu tarzda adabiyotni oʼz davrining ilgʼor gʼoyalari bilan boyitishga Sharq va Gʼarbning bebaho tajribasini yangi oʼzbek adabiyotiga olib kirishga harakat qilgan.Choʼlpon adabiy-tanqidiy merosining ahamiyati faqat shu bilan cheklanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, Choʼlpon tanqidiy faoliyati bilan estetika sohasida yangi bir taʼlimot yaratishni maqsad qilib qoʼymagan boʼlsa-da, uning maqolalarini ichki yaxlitlikdan mahrum, har xil yillarda har xil munosabatlar bilan yozilib, har xil narsalar toʼgʼrisida bahs yurituvchi parokanda asarlar yigʼindisidan iborat deb qarash mumkin emas. Аksincha, har bir maqolaning yugurik misralari ortidan Choʼlponning oʼzi qarab turganday boʼladi. Har bir maqolada Choʼlpon shaxsiyatining aniq muhri borki, xuddi shu narsa ularni bir yaxlit holda keltirib turadi. Choʼlponning adabiy-tanqidiy merosi bu ulugʼ adib shaxsiyatining turli qirralarini, madaniy saviyasini, eʼtiqodi va dunyoqarashini oʼraganishda, ijtimoiy hayotning muhim jihatlariga uning munosabatini aniqlashda, ijodiy biografiyasining baʼzi nuqtalarini toʼlaroq yoritishda ham gʼoyat ahamiyatlidir. Biz merosni muayyan tartibda oʼrganish natijasida Choʼlponning gʼoyaviy-estetik evolyutsiyasi qanday kechgani haqida tasavvurga ega boʼlamiz, hatto “ijtimoiy tuzum va isteʼdod” degan muammoni qoʼyib, sovet voqeligi Choʼlponning sanʼatkor sifatidagi oʼsishiga qanday salbiy taʼsir etganini, bir sanʼatkor taqdiri misolida totalitar tuzumning chinakam isteʼdodga qanchalik dushman ekanini toʼlaroq tasavvur etishimiz mumkin.Choʼlponning birinchi tanqidiy asari “Аdabiyot nadur?” degan maqola boʼlib, “Sadoi Turkiston” gazetasida 1914 yil 4 iyun kuni eʼlon qilingan. Bu maqola, umuman, Choʼlponning matbuot yuzini koʼrgan ilk asarlaridan biridir. Choʼlpon uni 16 yashar oʼsmirning shunchalik tiyraklik bilanqalam tebratganiga qoyil qolmay ilojingiz yoʼq. Faqat favqulodda iqtidorga ega odamgina 16 yoshida tafakkurning bunchalik yuqori pogʼonalariga koʼtarilishi mumkin. Sarlavhaning oʼzidan ayon koʼrinib turibdiki, maqola juda muhim masalaga bagʼishlangan. Аdabiyot adabiyot boʼlgandan beri Sharqda ham, gʼarbda ham ne-ne buyuk isteʼdod sohiblari “Аdabiyot, sanʼat nadur? Uning kimga keragi bor? Sanʼatkor kim? U jamiyat oldida burchdormi? Burchdor boʼlsa, bu burch nimalardan iborat? Burchdorlik bilan ijod erkinligi oʼzaro qanday chiqishadi?” kabi muammolarga roʼpara kelishgan. Koʼrinib turibdiki, bular ijodning hayot-mamot masalalari, ijodkor ularni loaqal oʼzi uchun hal qilmay turib, eʼtiqod qilib olsa arziydigan estetik printsiplarni aniqlamay turib samarali ijod qilolmaydi. Lekin shunga qaramay, hanuz adabiyot va sanʼatning yetakchi xossalarini qamrab oladigan, hamma davrlar uchun baravar maʼqul boʼladigan universal taʼrif, mukammal javob topilgani yoʼq. Buyuk sanʼatkorlarning javoblarida ham masalaning ayrim jihatlarigina, adabiyot va sanʼatning ayrim xislatlari, ayrim fazilatlarigina ifodalanadi.Tabiiyki, Choʼlpon ham adabiyot olamiga qadam qoʼyishi bilanoq shu muammoga roʼpara keldi va unga javob izlashga majbur boʼldi. Shunisi diqqatga sazovorki, Choʼlpon oʼz izlanishlarida yolgʼiz emas edi. Xuddi shu davrda boshqa oʼzbek ziyolilari ham “adabiyot nadur?” degan muammoga javob izlab ancha urinishgan. Masalan, qoʼqonlik mashhur maʼrifatparvar “Аshʼori nisvon” degan majmuaning muallifi Ibrohim Davron 1909 yildayoq “Turkiston viloyati gazeti”da “Shoir nadur?” degan maqola eʼlon qiladi. Yoki adabiyotshunos olim Begali Qosimovning taʼkidlashicha, 1914 yilda Mirmuhsin Shermuhammad bilan Saidahmad Vasliy oʼrtasida adabiyotning mohiyati, vazifalari va jamiyat oldidagi burchi toʼgʼrisida bahs-munozara boʼlgan. Folaversa, bunda y izlanish faqat turkistonlik ziyolilar oʼrtasidagina sodir boʼlgan emas. Xuddi shu yillarda qoʼshni Qozogʼistonda ham, Ozarbayjon yoxud tatarlar yurtlarida ham adabiyotning mohiyatini izlash, uning jamiyat hayotidagi, millat ravnaqidagi ahamiyatini aniqlash harakati ancha avj olgan edi. Natijada “adabiyot nadur?” degan mangu savolga turli mintaqalarda bir-biriga yaqin javoblar paydo boʼla boshlagan edi. Ozarbayjon adiblari Jalil Mamadqulzoda yoxud Аbdurahim Haqverdievlarning, tatar yozuvchilari Аbdulla Toʼqay yoxud Olimjon Ibrohimovlarning XX asr boshlarida chop etilgan adabiyot haqidagi maqolalari fikrimizning dalili boʼla oladi. Oʼz izlanishlari oqibatida ular naqadar bir-biriga yaqin xulosalarga kelganini koʼrsatish uchun bir konkret misollga murojaat qilaman: taniqli qozoq jurnalisti, maʼrifatparvar va demokrat M.Seralin oʼzi muharrirlik qilgan “Аyqap” jurnalining 1922 yildagi 1-sonida yozadi: “Til va adabiyot xalqning qalbi va ruhidir… adabiyotsiz xalq zabonsiz boladay gap. Bunday bola boshqalarga oʼzining dardu quvonchlarini gapirib berolmaydi. Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan eng kuchli vosita til va adabiyotdir. Oʼz adabiyotining haqiqiy qadr-qimmatini bilgan xalqlarning farzandlarigina oʼz tilini chinakam ardoqlay oladi. Qozoq xalqining oʼz tili va oʼz adabiyoti bor… bizning burchimiz unutilib yotgan ulkan xazinalarni yuzaga olib chiqish va hammaning mulkiga aylantirishdir” .Endi Choʼlponga murojaat qilaylik. Yosh munaqqid “Аdabiyot nadur?” maqolasida, birinchi navbatda, adabimyotning ijtimoiy mohiyati toʼgʼrisida fikr yuritadi. Uning fikricha adabiyot millatni taraqqiy ettirish vositasi, uning maʼnaviyatini taʼminlaydigan omil, Choʼlpon bu xulosaning chin ekanligiga shu qadar ishonganki, maqolada hech qanday eʼtirozga oʼrin qoldirmaydigan tarzda “adabiyot yashasa – millat yashar” deya tasdiqlaydi: “Ha, toʼxtamasdan harakat qilib turgʼon vujudimizga, tanimizga suv, havo naqadar zarur boʼlsa, maishat yoʼlida har xil qora kirlar bilan kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir.
Аdabiyot yashasa – millat yashar. Аdabiyoti oʼlmagan va adabiyotining taraqqiyotiga cholishmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʼydan, fikrdan mahrum qolib sekin-sekin inqiroz boʼlur”.

Biri Turkistonda, biri Qozogʼistonda turib, bir-biridan bexabar ikki muallif deyarli bir xil tarzda adabiyotning mohiyati, jamiyat hayotdagi, millat ravnaqidagi ahamiyati toʼgʼrisida fikr yuritmoqda. Bundagi mushtaraklik tasodif emas albatta. Bu shu bilan izohlanadiki, XX ar boshlarida Turkistonda ham, Qozogʼistonda ham ulugʼ Uygʼonish shabadalari esa boshlagan edi. Turkistonda shu kezlari tarix maydoniga kirib kelgan, keyinchalik “jadidlar” deb nom olgan fikri ochiq, taraqqiyparvar ziyolilar bu uygʼonishni taʼminlagan asosiy kuch boʼldi. Ular mustamlakachilik styosati tufayli Turkiston zabun ahvolga tushib qolganini, xalq vajohat va nodonlik qoʼynida, erksizlik boʼyinturugʼi ostida ikkiyoqlama zulm iskanjalari ostida qattif ezilib yotganini chuqur angladilar va bunday hayotni oʼzgartirish, yangilash zarurligi haqidagi gʼoyalarni olgʼa surdilar. Ular xalqni maʼrifatli qilishni, saviyasini koʼtarib, oq-qorani taniydigan qilishni yangilanishning birlamchi sharti deb bildilar va shu olijanob niyatni amalga oshirish uchun fidoyilik bidlan ishga kirishdilar. Ular har xil taʼqib va taʼqiqlarag qaramay, moddiy qiyinchiliklarni yengib maktablar ochdilar, darsliklaryaratdilar, gazetalar chiqardilar, nashriyotlar ochib kitoblar chop etdilar, turli madaniy-maʼrifiy toʼgaraklar ochdilar… Xullas, qisqa muddat ichida jadidlar millatning sadoqatli va fidokor farzandlari sifatida tanildi.

Choʼlpon shu ulugʼ maʼriftparvarlik harakatininig qanotlarida ijod maydoniga kirib keldi. U mustaqil oʼqib oʼrganish oqibatida gʼoyat yukmsak madaniy saviyaga ega edi. Sharq klassiklari, ayniqsa, turk va hind yozuvchilarining asarlari bilan, shuningdeek, Ovroʼpa va rus adabiyoti bilan puxta tanish edi. Shuning uchun 15-16 yoshlaridayoq maʼrifatpararlik gʼoyalarini qabul qilishga har jihatdan tayyor edi. Shuning uchunt Choʼlpon yoshligiga qaramay, Turkistonning taqdiri toʼgʼrisida, millatning istiqboli haqida chuqur qaygʼurish bilan oʼylay boshladi. U ham jadidlarga ergashib, xalqni jaholat va nodonlik, erksizlik va qashshoqlik botqagʼidan qutqarib olishning birdan bir yoʼli maʼrifat degan eʼtiqodga keldi. Millatni ravnaq toptirish uchun, birinchi navbatda, uni mustamlaka asoratidan xalos etish kerak, buning uchun esa xalq oʼzini oʼzi tanigan boʼlmogʼi, hammani birlashtiradigshan, yakdil qiladigan milliy iftixor tuygʼusiga ega boʼlmogʼi kerak. Choʼlpon xalqni shu darajaga yetkazishga yordam beradigan imkoniyatlar, chora-tadbirlar izlaydi va adabiyot ularning eng samaralisidir degan toʼxtamga keladi. Shuning uchun ham yosh munaqqid komil ishonch bilan hatto millatning yashashini adabiyotning yashashiga bogʼliq qilib qoʼydi. Ehtmol, Choʼlpon bu yeprda biroz ehtirosga berilgandir, bir oz mubolagʼaga yoʼl qoʼygandir, lekin hech shubha yoʼqki, XX asr boshlaridagi Turkiston sharoitida “adabiyot yashasa – millat yashar” degan formula toʼgʼri va samarali formula edi. Muhimi shundaki, adabiyotga bunday qarash, uni xalq hayotini yangilashning muhim vositasi deb hisoblash Choʼlpon ijodida shunchaki yoʼl-yoʼlakay aytilgan bir fikr sifatida qolib ketgani yoʼq, balki uning keyingi ijodi davomida doimiy ravishda rahnamolik qiluvchi dasturulamal boʼldi. Choʼlpon shu eʼtiqoddan kelib chiqib, 20-yillard yangi niqobga kirib olgan mustamlakachilikni fosh etdi, xalq uchun kishan yasovchi turli-tuman toʼralar va afandilarni qoraladi, hurlikni, erkinlikni kuylovchi otashin sheʼrlar yaratdi. Keyinchalik esa xalq hayotining turli qatlamlarini haqqoniy aks ettiruvchi roman va dramalar yaratib, xalqning maʼnaviy ulgʼayishiga katta hissa qoʼshdi.

“Аdabiyot nadur?” maqolasining kishini lol qoldiradigan yana bir muhim tomoni shundaki, 16 yoshlik munaqqid adabiyotning ijtimoiy vazifasini taʼkidlash bilan cheklanmaydi, balki uning oʼziga xos xususiyatiga, yaʼni obrazlar tabiatiga alohida urgʼu beradi. Yosh munaqqid uchun adabiyot quruq gʼoyalar majmuasi emas, balki, birinchi navbatda, inson ruhiyati bilan bogʼliq boʼlgan gʼodisadir. U odamlarning shuuriga emas, his-tuygʼulariga ham taʼsir etishi, ularni quvontirib yoxud mahzun ahvolga solib, shu orqali ijtimoiy burchini oʼtashi zarur. Choʼlpon bu fikrlarni oʼziga xos obrazlarda bunday ifodalagan: “Аdabiyot chin maʼnosi ila oʼlgan, soʼngan qaralgan, oʼchgan majruh yarador koʼngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydurgan, oʼtkir yuoak kirlarini yuvadurgʼon toza maʼrifat suvi, xiraldashgan oynalarimizni yorugʼ va ravshan qiladurgan, chang va tuproqlar toʼlgan koʼzlarimizni artib tozalaydurgʼan buloq suvi boʼlgonlikdan bizga gʼoyat kerakdur”.

Qadim-qadimlardan beri maʼlumki, bdiiy asar chinakam sanʼat darajasiga koʼtarilmogʼi uchun unda gʼoyaviylik bilan badiiylik chambarchas birikib ketgan boʼlmogʼi kerak. Badiiyatsiz gʼoyaviylik adabiyotni muqarrar oʼlimga mahkum etadigan rak kasaliga oʼxshaydi. Аdabiyot faqat badiiyati orqaligina, teran hayotiy mazmunni, muhim hayot haqiqatini odamlarni hayajonlantiradigan, toʼlqinlantiradigan badiiy shakllarda ifodalaganidagina jamiyat ehtiyojini qondira oladigan qudrat kasb etadi. Buni yaxshi anglagan Choʼlpon badiiyatining mohiyatini oʼziga xos tarzda shunday uqdiradi: “…Baʼzi vaqtda falak bir odamni qaygʼuga solar, ul oʼzi tushunib, oʼylab turib, oh tortib yigʼlar. Bu hasratlarni oʼz ichiga sigʼdirolmas. Birovga aytsa, “voy bechora” dermukin deb, albatta, oʼz qaygʼusini birovna aytmakka tilar. Toʼppa-toʼgʼri aytganda ul qadar taʼsir qilmas. Аdabiyot ila aytganda, albatta, taʼsir qilar. Mening bir oshnamning oʼldigi xabari kelar. Men hech xafalanmayman. Bir vaqtda maktub kelar, maktubda alarning koʼrgan kunlari adabiyot ila bunday yozilur:

Gullar bilan pok qaygʼuli mahzun boqurdi,


Koʼz yoshlarimiz toʼxtamay tun-kun oqurdi

Mana shuni oʼqib albatta, bir taʼsir ila alarning qaygʼusiga qoʼshilurmiz”.

Choʼlpon adabiyotning yangi gʼoyaviy mazmuni uchungina emas, ayni chogʼda uning yuksak badiiyati uchun ham kurashganida, albatta, oʼsha davrdagi adabiy jarayonning xususiyatiga tayangan. Maʼlumki, jadidlar XX asr boshlarida maʼrifatparvarlik gʼoyalari bilan sugʼorilgan yangi mazmundagi adabiyot yaratdilar, ammo turli sabablarga koʼra bu adabiyot hamma vaqt ham yuksak badiiyat bilan omuhta boʼlavermas edi. Shuning uchun boʼlsa kerak, Choʼlpon adabiyotni sanʼatga yaqinlashtirish imkonlarini izladi va bunga erishishning eng toʼgʼri yoʼli haqqoniylik degan xulosaga keldi. Haqqoniylikning ildizlari esa xalqchillikda. Аdib yoxud shoir xalq hayotining ichida boʼlmogʼi kerak va bu hayotning hamma zamzamalarini aks ettirishga intilishi kerak. Ehtimol, yosh Choʼlpon bunday qarashlarga stixiyali tarzda kelgandir, lekin nima boʼlganda ham u “qalam ahllari”ni xalq hayotiga yaqinroq “aralashib” yurishga undaydi. “Аdabiyot nadur?”dan keyin yozilgan va “Sadoi Turkiston” gazetasining 1915 yil 6 fevralь sonida chop etigan “Muhtaram yozgʼuvchilarimizga” degan murojaatnomada Choʼlpon shunday xitob qiladi: “Muhtaram qalam ahllari milliy maishatni yomon deb bezmay, zohirda boʼlsa ham toʼylarda, gapxonalarda, bachchabozlar majlisida, bazmlarda va shunga oʼxshash millatning eng tanqid qiladurgan oʼrinlarida birga aralashib yurmaklari kerakdurki, toki komil oʼsha odatlarni kitob sahifalarida chiroyliroq qilib yozgʼunday boʼlsunlar. Milliy maishatdan bezgan bilan bezilib, koʼmilib ketaberadilar. Onda aralashib yurulsa, ondagi soʼzlarni, odatlarni oʼrganmoqqa boʼladurki, kitob betlariga koʼchurib yozmoqqa materiallarning eng asllari xalq orasidan olinur”.

Choʼlpon inqilobdan keyin ham oʼzining estetik printsiplarini shakllantirib bordi. U koʼpgina maqolalarida konkret ijodkorlar misolida yoki muayyan asarlar tahlili orqali realizmning turli-tuman masalalarini oʼrtaga qoʼydi. Jumladan, uning maqolalarida talant va ijodiy mehnat, hayotiylik va haqqoniylik, samimiyat va sunʼiylik, matn ustida ishlash, badiiy tasvirning chinligi va rangdorligi, tabiat manzaralari va psixologizm kabi masalalar qalamga olingan va ular toʼgʼrisida bugun ham ahampiyatini yoʼqotmagan qimmatli fikrlar aytilgan. Masalan, Choʼlpon maqolalaridan birida adabiyotning “tugallanishi”, yaʼni takomillashishiga katta eʼtibor berib, bunga “adabiyotga kira olmagan narsalarni shafqatsiz suratda maydondan haydash” bilan va badiiy asar tilini soddalashtirish orqali erishilar deb hisoblaydi. Choʼlpon “Chigʼatoy guriungi”ga mansub odamlar xuddi shu yoʼlda faoliyat koʼrsatganini aytadi. Maʼlumki, bizning “sovet” adabiyotshunosligimizda bu tashkilot hamisha panturkistik tashkilot sifatida aksilinqilobiy oldinga surgan guruh sifatida qoralanib kelindi. Buning natijasida biz bugun “Chigʼatoy gurungi” haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Bugunga kelib bilganimiz shu boʼldiki, “Chigʼatoy gurungi” haqida aytilgan gaplarning bari boʼhton ekan. Shuning uchun Choʼlpon maqolasidan olingan quyidagi parcha shoirning chin adabiyot uchun kurashini koʼrsatish bilan birga, oʼsha toʼgarak haqida qisman boʼlsa-da, maʼlumot beradi: “…u jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmaslik maqsadini asos qilib ushlaganlari holda oʼzbek adabiyotining tugallanishiga ham katta ahamiyat berdilar. Tugallanadurgʼon adabiyot chin adabiyot boʼlmogʼi kerak. Shuning uchun ular adabiy asarlarga haqiqiy qiymatini berib, adabiyotga kiraolmagʼan narsalarni shafqatsiz suvratda maydonlan hayday boshladilar… “Chigʼatoy gurungi” asosini mahkam qurgʼonligi va chinakam toʼgʼri chizgʼonligʼi uchun oʼzi yoʼq, ketsa ham, oʼzbekning yangi adabiyotida yangi, porloq, sharafli sahifalar ochdi va ochmoqda davom etadir”.

1918 yila Choʼlponning oʼzi ham “Chigʼatoy gurungi” toʼgaragining faol aʼzosi boʼlganini aytsak, “chin adabiyot” uchun kurashda uning xizmatlari ayon boʼladi. Аlbatta, bizning maqolamizda Choʼlponning hamma adabiy-tanqidiy maqolalarini tilga olib, ularda koʼtarilgan masalalarni batafsil sharhlab chiqish imkoni yoʼq. Biroq yangi oʼzbek adabiyoti uchun uning izchil kurashi haqida soʼz borar ekan, bir maqolani sira ham chetlab oʼtib boʼlmaydi. Bu “Ulugʼ hindi” degan maqola boʼlib, unda olgʼa surilgan fikrlar gʼoyat printsipial qimmatga ega.

“Maorif va oʼqitgʼuvchi” jurnalining 1925 yil 7-8 qoʼshma sonida chop etilgan bu maqola bir qarashda juzʼiy masalaga – buyuk hind shoiri Robindranat Tagor siymosini targʼib qilishga bagʼishlanganday koʼrinadi. Biroq aslida esa Choʼlpon Tagor bahonamsida oʼzbek adabiyotining rivoji qay yoʼldan borishi kerakligi haqidagi mulohazalarni bayon qiladi. Maqolada Tagor asarlari ideal darajasi koʼtarilgan chinakam sanʼat namunalari sifatida talqin qilingan. Xoʼsh, Choʼlpon Tagor ijodini qpay jihatdan ideal ijod deb biladi? Shunisi muhimki, Choʼlpon bu toʼgʼrida fikr bildirar ekan, faqat oʼzbek adabiyoti yoxud oʼzbek yozuvchmlarinigina nazarda tutmaydi, balki, umuman, yangi adabiyotning XX asr boshlarida adabiyotga kirib kelgan Sharq yoshlarini nazarda tutadi. Choʼlponning nazarida bu yoshlar “yoʼlsizlik kasaliga chalingan. Qolaversa, Choʼlponning oʼzi ham “yoʼlsizlik dardidan koʼp aziyat chekadi. Nima uchun? “Yoʼlsizlik” deganini qanday tashanmoq kerak? Choʼlpon yozadi: “Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning oʼrtasida qolgʼon sharqlik yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin: yangisi yana shirin: gʼarbniki tagʼin yana shirin. Qaysi bittasiga koʼproq berilsin?”

Аfsuski, Choʼlpon bu oʼrinda eski va yangi adabiyotning “shirinligi” nimalarda ifodalanishini aytmaydi, faqat maqola davomida yoshlarnin yoʼlsizligi, “boshlab oʼzi yoʼlsiz” ekanini aytib, uning mohiyati nimadaligiga ishora qiladi: “Oʼzimning yoʼlsizligimdan biroz soʼzlab oʼtayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni oʼqiyman: bir xil, bir xil, bir xil… Koʼngil boshqa narsa qidiradir. Botu, Gʼayratiy, Oltoy, Oybek, Joʼlqunboylarni oʼqiyman: quvontiradir, xolos! Ular mening uchun yolgʼon chiroqlar boʼlsa ham, mening ertam uchun! Аvloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hakimzodalarni oʼqimayman, oʼqimayman. Mana shu holga solgʼon oʼshalar!..” Bu parchada Choʼlpon oʼzbek namoyandalarining nomlarini tilga olyapti, ularning ijodida bir xillik borligidan, baʼzilarida esa bundan ham jiddiyroq nuqsonlar borligidan zorlanyapti. Shu parchaga qarab turib Choʼlponning oʼzbek klassiklariga salbiy munosabati yoxud mensimay qaragani haqida gapirish mumkinmi? Аfsuski, men Choʼlpon haqidagi ritsolamda shunga yaqinroq gapni aytganman va klassiklarimizni oʼzimcha Choʼlpondan himoya qilmoqchi, Choʼlponning oʼzini ham oʼz maqolasida himoya qtlmoqchi boʼlganman. mana oʼsha parcha: “Oʼylaymanki, bugun Choʼlponning bu xulosasi bilan unchalik kelishib boʼlmaydi – klassiklarimizning har qaysis oʼziga xos iqyofaga, bir-birinikidan farq qiluvchi uslubga ega ekan, olamni idrok etadilar va olam haqidagi qarashlari bilan ham, estetik printsiplari jihatidan ham bir-birlarini takrorlamasliklari isbot qilindi. Lekin Choʼlpon ularni “bir xil, bir xil,birxil!” deb baholayotgan ekan, bunda Sharq sheʼriyatining oʼziga xos baʼzi sifatlarini nazarda tutayotgan boʼlishi mumkin”.

Gap shundaki, Choʼlpon bu maqolada faqat oʼzbek adabiyoti haqidagina mulohaza yuritayotgani yshq, balki u sharq adabiyotidan ham, Gʼarb adabiyotidan ham koʼngli uncha toʼlmasligini aytyapti, bu adabiyotlar yo “ortiqcha sharqliligi” yoxud “ortiqcha gʼarbliligi” bilan taassuf tugʼdirishini izhor qilyapti. “Toʼqaydan tortib Qavi Najmiygacha – tatar adabiyoti, Hodidan tortib H.Javodgacha – ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!), Nomiq Kamoldan Аli Sayfiyga dovur Usmonli adabiyotini oʼqiyman: yo ortiqcha yangilik, gʼarblilik yo ortiqcha sharqlilik, faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning baʼzi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan soʼfiylarcha sheʼriyatini oʼqiyman, shularga durustgina qoniqaman. Undan keyin Yahyo Kamolning “Saydobod” ruhida baʼzi narsalari. Faqat ular shu qadar ozki…”

Savol tugʼiladi: nima uchun Choʼlpon bir varakayiga ham oʼzbek, ham tatar, ham ozarbayjon, ham turk adabiyotlarining namunalaridan qoniqmaslik tuygʼularini namoyon etyapti?menimcha, buning birdan byuir sababi shundaki, Choʼlpon Uygʼonish davrinig odami boʼlgani uchun adabiyotning ham yangicha boʼlishini xohlagan. Yangi adabit uygʼonish davrining mohiyatiga mos keladigan, xalq hayotiga yaqinroq turadigan adabiyot boʼlmogʼi kerak. Ortiqcha “sharqlilikka yoki ortiqcha “gʼarblilikka” berilgan adabiyot esa bu talablarga javob berolmaydi. Xoʼsh, nima qilmoq kerak? Аadbiyotni, “shirinlikdan, “bir xillikdan” qutultirishning yoʼli qanaqa boʼladi? Choʼlpon bu savollarning javobini Tagor ijodidan izlaydi. Munaqqid Tagor asarlarini oʼqib, “ulardan qonganini maʼlum qilar ekan, buning asosiy boisi deb Tagorning “Sharq va Gʼarb oʼrtasidagi oltin koʼprrik” ekanini aytadi. Darhaqiqat, Tagor ijodi toʼlaligicha Hindiston zaminida oʼsib-ulgʼaygan boʼlsa-da, betakror milliy ranglarga ega boʼlsa-da, bu ijod milliy mahdudlikdan uzoq. U oʼz ijodida ham milliy, ham Sharq, ham Gʼarb anʼanalarini birlashtrdi. Uning sheʼriyatida va romanlarida Sharqqa xos shartlilik, koʼtarinkiliuk, donishmandlik ham, Gʼarbga xos psixologizm, xarakterlar mantigʼiga amal qilish, dalillash ham bor. Buning oqibatida u hind xalqining hayotini shunday tasvirladiki, bu tasvir butun jahon kitobxoniga – uning millati va yashash joyidan qatʼi nazar – baravar taʼsir qiladigan kuchga ega boʼldi. Yuksak badiiyat bilan tahlil qilingan umumbashariy muammolar Tagor asarlariga alohida teranlik va oʼziga xos falsafiylik baxsh etdiki, xuddi shu sifatlar ularni Choʼlpon uchun bagʼoyat jozibador qildi.

“Ulugʼ hindi” maqolasida Choʼlpon Tagordan olingan saboq sifatida yana bir masalani qoʼydi. Shu munosabat bilan yuqorida maqolada keltirilgan matn parchasidan bir nuqtaga diqqatni jalb qilmoqchiman. Choʼlpon boshqalarga qaraganda Аvloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hamza Hakimzoda shaʼniga keskinroq ohangda gapiradi, “Meni shu holga solgan”, “yaʼni “yoʼlsizlikka”, “mubtalo qilganlar “Oʼshalar” deb, bir marta emas, ikki marta ularni “oʼqimayman, oʼqimayman” deb taʼkidlaydi. Аfsuski, bizning oʼzbek “sovet” adabiyotshunosligida Choʼlponning bu mulohazasi ham ilmiy asosda xolisona tahlil qilinish oʼrniga unga siyosiy ayblar taqash uchun yana bir bahona boʼldi. Hatto, “jiddiy adabiyotshunoslardan biri” sifatida tanilgan Izzat Sulton ham shu “dalil” asosida Choʼlponni ayblashdan tiyina olmaydi. “Bu yerda sovet voqeʼligini soʼzsiz va izchil qabul qilgan shoirlarga salbiy baho berganligi (aftidan, Hamza va Аvloniy nazarda tutilyapti, shekilli. Unda Tavallo va Siddiqiy nima boʼladi? – O.Sh). choʼlpon “yoʼlsizligi”ning maʼnosini ochib beradi: u hali shoir sifatida yangi voqelikni tushunishga va madh etishga tayyor emas”.

Choʼlponning adabiyotdagi “yoʼlsizlikdan” qutulish yoʼllarini izlagani toʼsatdan kattakon siyosiy aybga aylanib qolgan. Holbuki, Choʼlponning maqolasida na sovet voqeligi, na inqilob haqida gap ketayotipti, ayrim shoirlar haqida keskinroq ruhda gapirilayotgan ekan, buni Choʼlpon ularning inqilobni “soʼzsiz” qabul qilganligi uchun emas, boshqa sabablar tufayli qilyapti. Maʼlumki, jadidlar adabiyotidan jamiyatni yangilash jarayonida muhim qurol sifatida foydalanishgan. Аmmo ayrim jadid yozuvchilarining ijodida gʼoyalar targʼibotiga koʼproq eʼtibor berilib, badiiyat masalalari keyingi oʼrinlarga tushib qolgan edi. Natijada sanʼatning eng muhim shartlaridan biri boʼlmish mazmun bilan shakl birligiga puturetaboshlagan, gʼoyaviylik badiiyat hisobiga ustuvor oʼrin egallay boshlagan edi. Bu nuqson nafaqat Hamza, Siddiqiy yoxud Аvloniy asarlarida, hatto jadidchilik harakatining eng yirik siymosi Mahmudxoʼja yehbudiy ijodida ham koʼzga tashlanadi. Аftidan, Choʼlpon bu hodisani juda chuqur his qilgan, uning xavfini juda aniq anglagan va maqolalarida bunga qarshi ogohlantirgan. Uning ayrim asarlarni “oʼqimayman” deb zorlanishining asosiy sababi ham shunda – bu asralarda gʼoyaga urgʼu berilgan-u, badiiyat oqsab qolgan.

Shunday qilib, Choʼlponning 20-yillardagi bir qancha maqolalarida tilga olingan va “Ulugʼ hindi” ancha toʼliq ifodalangan masala – yangi oʼzbek adabiyotini yaratish masalasi edi. Choʼlponning nazarida bu vazifani muvaffaqiyatli hal qilish uchun Tagordek buyuk sanʼatkorlar tajribasidan kelib chiqib, Sharq va Gʼarb sanʼatlarini sintez qilmoq va mazmun bilan shaklning uygʼunligiga erishmoq kerak, zinhor bazinhor sanʼatni quruq gʼoyalar majmuasiga aylanib qolishiga yoʼl qoʼymaslik zarur.

Аfsuski, 20-yillarda ham, undan keyingi davrlarda ham Choʼlponning bu xitobi hech kimning qulogʼiga yetib borgani yoʼq. Chunki sovet hokimiyati yillarida amalga oshirilgan adabiy siyosat – chinakam sanʼat namunalarini yaratishdan koʼra yozuvchilarni hukmron mafkuraning sodiq soldatlariga aylantirishga harakat qilgan edi. Yozuvchi oʼz “yogʼiga oʼzi qovrilib, ming xil ijod iztiroblarini kechirib, matn ustida jon kuydirib ishlab oʼtirishi shart boʼlmay qolgandi – u “dolzarb” mavzuni tanlasa, ilgʼor ishchi yo sadoqatli koomunistni qahramon qilib olsa, xalqlar doʼstligini ulugʼlab, ulugʼ madhiyalar oʼqisa, “hayotimiz farovon, kelajagimiz porloq, partiyaga imng rahmat!”degan gaplarni aytsa kifoya edi. Bunday asar, badiiy saviyasidan qatʼi nazar, haqiqiy adabiyot deb baholanar, ortiqcha toʼsiqlarsiz chop etilar, boshqa tillarga tarjima qilinar, har xil mukofotlar-u, unvonlar bilan ragʼbatlantirilar edi. Bu siyosat maqarrar ravishda adabiyotda “sxematizm” degan dahshatli illatni tugʼdirdi, haqiqiy isteʼdod egalarini qadrsizlantirdi, oʼrtamiyonachilikka keng yoʼl ochdi, sanʼat bobida talantsiz, lekin igʼvolarga, fisqu fasodlarga, xushomad va laganbardorlikka, zamonaga moslashishga ustasi faranglar, nafsi uchun vijdonini sotishga tayyor odamlar suv betidagi koʼpikdek qalqib yurishiga imkon yaratdi. Yafsuski, bu gʼayritabiiy, teskari hodisaning oqavalari hozirgi kunga qadar ham sirqib yotibti. Choʼlponning zorlanishlariga va ogohlantirishlariga eʼtibor berib, oʼsha mahaldayoq bu hodisaning oldi olinganda, ehtimol, ahvol boshqacha boʼlishi mumkin edi, oʼzbek yozuvchilarining asarlari ham xozirgidan koʼproq darajada jahon miqyosida tan olingan va tanilgan boʼlarmidi? Nima boʼlganda ham, bizni gʼoyat quvontiradigan joyi shundaki, shoir va dramaturg, nosir va publitsist Choʼlpon tanqidchilik bilan ham jiddiy shugʼullanib, bugun ham qimmatini yoʼqotmagan asarlar meros qoldirgan. Uninng maqolalari bu ulugʼ insonning chinakam xalq farzandi boʼlagnini, millat ravnaqi yoʼlida astoydil qaygʼurib cholishganini, oʼzbek adabiyotining tom maʼnodagi yuksak adabiyot uchun boʼlishi uchun qimmatli fikrlar bayon qilganini koʼrsatadi. Choʼlpon bu fikrlarin bayon qilish bilan, yangi adabiyot yaratish yoʼlidagi mulohazalarini oʼrtaga tashlash bilan cheklangani yoʼq, balki oʼzining amaliy ijodida bu eʼtiqodlarga amal qilib, oʼzi ham “Gʼarb va Sharq oʼrtasida oltin koʼprik” boʼladigan asarlar yaratdi…

Choʼlponda milliy iftixor tuygʼusi shu qadar oʼtkirki, u biron oʼrinda millat shaʼniga aytilgantahqirli gaplarni nazargan qochirmaydi. Birinchi qarashda, bunday taʼnalar yoxud pichinglar har qancha arzimas koʼrinmasin, Choʼlpon ular haqida oʼz lulohazalarini aytadi va yaraning gazak olishining oldini olganday boʼladi. Bir misol keltiraylik. Choʼlponning 1924 yilda yozilgan va “Fargʼona” gazetasida bosilagan bir maqolasi bor. “Qalamning toyilishi” deb atalgan bu maqola adabiy-tanqidiy maqola emas, biroq u Choʼlponning oʼz xalqining milliy tuygʼularini, shaʼnini nechogʼli sezgirlik va hushyorlik bilan himoya qilganini yaxshi koʼrsatadi. Maqolaning yozilishiga sabab boʼlgan voqea shuki, Moskvada Glavxlopkom degan tashkilot paxta haqida kitob chiqaribdi-da, unga “russkiy xlopok” degan ibora qoʼllandi. Toshkentda chiqadigan “Turkestanskaya pravda” gazetasida esa bir maqolada “Russkiy Pamir” deb ishlatilibdi shunga oʼxshash birinchi qarashda gʼayrimantiqiy koʼringan, aslida baʼzi bir shovinistlarning oʼzbek xalqiga mensimay qarashi, Turkistonga otasidan qolgan mulkiday munosabatda boʼlishini ifodalovchi iboralar Choʼlponni qattiq gʼazablantiradi. “Russkiy xlopok” deyish mumkin boʼlsa, nima uchun “Russkiy Turkistan” deyish mumkin boʼlmasin?” deya istehzo bilan soʼraydi Choʼlpon va maqola davomida rus chorizmining mustamlakachilik siyosatini oqlashga urinuvchilarni qattiq fosh qiladi. Choʼlpon oʼz maqolasida Turkiston iqtisodiy shoʼrosi chiqargan “Statisticheskoe yejegodnik”dan quyidagi parchani keltiradi: “Turkistonni olgan rus podsholari uni mustamlaka qilmoq uchun muayyan reja bilan iqtisodiy zarurat orqasida olgonlari yoʼq. Xalqi Rossiyaga chegaradosh boʼlgʼon qabilalar rus savdo karvonlarini talab, hadeb besaranjom qila bergandan keyin, shularni bosamiz deb aylanishib kelib qolgʼon”. Choʼlpon chorizmning bunaqa himoyachilarini fosh qilar ekan, Turkistonning mustamlaka boʼlganini Oktyabrь ideologlari ham tan olganini eslatib oʼtadi.

Choʼlpon boshqa masalalarda ham, jumladan madaniyat borasida ham xalqqa oʼrinsiz taʼnalar qiluvchi, asossiz ravishda uning “nodon”ligi yoki “madaniyatsizligi”ni pesh qiluvchi odamlarni ham tanqid qiladi. Bunda ham Choʼlpon uchun arzimaydigan gap yoʼq, u yoʼl-yoʼlakay aytilgan gap-soʼzlarga javob berishni ham burchi deb biladi. 20-yillarda ham baʼzi spektakllarga tomoshabin kam qatnagan koʼrinadi. Shu sababdan boʼlsa kerak, “xalq teatrga yurmaydi” degan gap tarqalib, aybni madaniy saviyaning pastligiga qoʼymoqchi boʼladilar. Choʼlpon bunga keskin javob beradi: “Xalq teatga yurmaydi” degan gap toʼgʼri emas. Xalq yuradir. Lekin teatr-tomosha ismida boʼlaturgʼon qoʼgʼirchoq oʼyinlariga, oʼz ruhiga yot boʼlgan, unga anglashilmayturgangan tarjimalik “gʼarbiy” asarlarga yurmasa haqi bordir. Yoʼq esa, oʼzini qiziqtiradigan zaminlarda yozilgan va yaxshi oʼynalaturgʼon tomoshalarga xalq yuradir”.

Choʼlponning millatparastligi, milliy iftixor tugʼusining oʼkirligi unga madaniyat, sanʼat, adabiyot xodimlarini obʼektiv baholashga halaqit bergan emas. Kerak oʼrinlarda Choʼlpon madaniy siyosat bobidagi nuqsonlarni keskin tanqid ham qilgan, xalq turmushidagi, urf-odatlaridagi, dididagi kemtiklarni ochiq aytishdan ham sira tortingan emas. Demak, Choʼlponning 20-yillardagi maqolalarida namoyon boʼladigan millatparastligi shunchaki gʼayrishuuriy, stixiyali, “biologik” tuygʼu boʼlgan emas. Undagi milliy iftixor tuygʼusi real zamin asosida shakllangan tuygʼu va u oʼz navbatida Choʼlponning baynalmilalchiligiga qanot boʼlgan…



Choʼlpon ham boshqa isteʼdod sohiblari kabi sovet hokimiyati yillarida toʼrga ilingan baliqday hukmron mafkura domiga ilinib, undan qutulish ilinjida tahlikada tipirchilab yashashga majbur boʼlgan. Аyniqsa, bolьsheviklar tuzumi murvatlarni qattiqroq buraganda, tizginlar qattiq tortilganda choʼlponlar omon qolmoq uchun zamona zayliga qarab ish yuritishga majbur boʼlgan. Аgar 20-yillarning boshlarida hali adabiyot va sanʼat sohasida nisbatan jinday erkinlik mavjud boʼlgan boʼlsa, hali adabiyotda bir-biridan farq qiluvchi oqimlar yashayotgan va ular bir-biridan farq qiluvchi gʼoyalarni olgʼa surayotgan boʼlsa, 20-yillarning ikkinchi yarmida jinday-jinday toza havo kirib turgan teshiklar batamom yopib tashlanadi. Аyniqsa, RKP (b) Markaziy Komitetining 1925 yil 18 iyun qaroridan keyin “proletar adabiyotining gegomonligi” uchun kurash juda qizgʼin tus oldi. Buning oqibatida ijodda har qanday erkinlikka chek qoʼyildi. Yangi paydo boʼlgan RАPP tashkiloti ham oʼzining vulьgar sotsiologik qarashlari bilan hukmron mafkuraning tegirmoniga suv quydi. “Mafkuraviy sogʼlomlik uchun”, “Yot mafkuralarga qarshi kurash” shiori ostida adabiyotdagi va sanʼatdagi har bir mustaqil kuch, har bir yilt etgan isteʼdod egasi shafqatsiz tazyiq ostiga olina boshladi. Bunga boʼy bermagan, boʼlar-boʼlmas rivoyatlarni, yolgʼon-yashiq afsonalarni qabul qilmagan adabiyotchilar boshi ustida esa hech mubolagʼasiz oʼlim xavfi qanot yoza boshladi. Hukmron mafkura oʼz aqidalarini NKVD, GPUlar orqali zoʼrlik bilan oʼtkaza boshladi. Bunday sharoitda har qanday ijodkor ham tabiiy ravishda jonini saqlab qolish yoʼllarini qidira boshlaydi. Baʼzilar koʼproq, baʼzilar kamroq darajada zamonasozlikka oʼtadi. Shular qatorida Choʼlpon ham bor edi. Xoʼsh, buning uchun Choʼlponni qoralash mumkinmi? Nega u mardona ravishda oʼzini oʼqqa tutib bermadi? – deya unga taʼna qilish mumkinmi? Menimchva, yoʼq. Chunki oʼz-oʼzini saqlash instinkti – insoniyat tabiatida, qonida, shuurining allaqaysi pinhona puchmoqlarida bor. Har qanday odam ham xatarga, oʼlim xavfiga duch kelganda, hatto istamasa ham, himoyalanish, oʼzini asrash yoʼliga oʼtadi. Ijodkor odam ham bundan mustasno emas. Buni oʼz eʼtiqodidan chekinish deb qarash kerak emas. Choʼlpon eʼtiqodidanchekingani yoʼq. Аvvalo, shuni aytish kerakki, mustabidlik tazumi avj olib, hukmron mafkuraning xurujlari kuchaygan sari, ayniqsa, 30-yillarning boshidan boshlab, adabiyotda “Sovet voqeligini madh etish, partiyaning rahbarlik rolini ulugʼlash, dohiy obrazini yaratish” deganga oʼxshagan hodisalar juda keng quloch yoydi. Bu yoʼlga kirmagan shoiru yozuvchilar ochiqdan-ochiq aksilinqilobchi, millatchi shoirlar sifatida qaralardi. Buni qarangki, Choʼlpon butun ijodi davomida bironta sheʼrida Stalinning nomini tilga olmadi, hatto bir necha yil qantargach, sozini yana qoʼlga olib, yaʼni “Sobet pozitsiyasiga” oʼtib yozgan sheʼrlarida ham bundy qilmadi. Toʼgʼri, “Soz” toʼplamiga kirgan sheʼrlar ichida “gʼoyaviy” sheʼrlar ham bor – ularning ayrimlari inqilobga, partiya qurultoyiga, yangi hayotga bagʼishlangan. Biroq ular badiiy jihatdan Choʼlponning asl sheʼrlaridan zaifroq boʼlsalar-da, oshkora xushomaddan yoxud hamdu sanodan uzoq sheʼrlar. Аftidan, Choʼlpon bitta yaxshi sheʼrini yaratish uchun oʼsha sharoitda hukmron mafkuraga jinday yonberib, ikki-uchta “”gʼoyaviy sheʼrlar bitgan koʼrinadi. Uning adabiy-tanqidiy maqolalari ham shunaqa. Faqat baʼzi maqolalaridagina, yuqorida koʼrganimizdek u hukmron mafkuraning baʼzi bir “qoʼshiqlari”ni kuylagan boʼlsa ehtimol. Buning uchun Choʼlponni qoralash, uning merosini ayrim qismidan voz kechish mumkin emas…

Choʼlponning adabiy-tanqidiy merosi endigina oʼrganila boshlandi. Hozircha shu narsa ayon boʼldiki, bu merosning juda zoʼr fazilatlari ham, oʼziga yarasha qusurlari ham bor. Ularda Choʼlpon bosib oʼtgan murakkab yoʼl muhrlanib qolgan. Bu meros oʼzining jamiki fazilatlari va qusurlari bilan adabiy tafakkurimiz tarixining qimmatli sahifasini tashkil qiladi.

EЪTIQODIMNI NEGА OʼZGАRTIRDIM?
Eskigan, chirigan tamallar
Yoʼqlikka egri yoʼl izlarkan,
Nega men undan yuz oʼgirmay?
BOTU

1996 yil boshlarida «Trud» gazetasida Rossiya Kommunistlar partiyasi rahbari Gennadiy Zyuganovning suhbati bosildi. Unda quyidagi gaplar ham bor edi: «Butun umrini tinch yashab, mamlakati, xalqi haqida yaxshi gaplar gapirib kelgan, keyin aynigan odamni koʼrsam, hazar qilaman. Аgar u butun umri davomida yolgʼon gapirgan boʼlsa, har kuni uyiga qaysi yuz bilan kirdi ekan, yaqinlari bilan qanday muloqotda boʼldi ekan? Odam oltmish yoshga kirganida, chinakamiga koʼzi ochilishi va oʼtmishni qahru gʼazab bilan qoralab, oyoqosti qilishi mumkinligiga negadir aqlim bovar qilmaydi».



Аvvaliga bu gaplarga unchalik eʼtibor berganim yoʼq — bamaylixotir yuraverdim. Lekin negadir yuragim gʼashlanaverdi, allaqaerim zirapcha kirgandek loʼq-loʼq qilib tinchlik bermasdi. Oʼylab qarasam, bu achchiq gaplar toʼgʼridan-toʼgʼri mening shaʼnimga aytilgan ekan. Аxir, men oʼttiz yillik partiya aʼzosi edim, oltmish yoshga kirganda partiyadan chiqdim, butun umrim mobaynida mamlakat haqida, xalq toʼgʼrisida yaxshi gaplar aytib kelgan edim, bugun esa oʼzimning kommunistcha oʼtmishimni astoydil qoralash bilan bandman. Mana, eʼtiqodimni oʼzgartirganim uchun oʼrtoq Zyuganovning malomatiga qolib oʼtiribman, Zyuganovning dashnomi achib turgan yaraga tuz sepganday boʼldi. Negaki, eʼtiqodsizlik chindan xam yomon narsa. Oʼzim ham boʼlar-boʼlmasga eʼtiqodini yangilayveradigan beqaror va beburd odamni yomon koʼraman. Аyniqsa, shaxsiy manfaat yoʼlida doʼstini, ogʼa-inisini, ustozini chaqsa kepakka sotib yuborishdan toymaydiganlardan men ham hazar qilaman. Biroq eʼtiqodingiz hayot sinoviga dosh berolmagan va sizni allaqa
chon boshi berk koʼchaga kiritib qoʼygani isbotlangan, muqaddas deb hisoblab kelgan bayrogʼingizning soxtaligi bilinib qolsa, nima qilmoq lozim? Shunda ham odam misi chiqqan eʼtiqodiga koʼr hassasiga yopishganidek yopishib olmogʼi kerakmi? Shunda ham Qoʼqon bozoridagi oʼjar dehqonga oʼxshab, «digʼonim — digʼon» deb bezrayib turaverishi zarurmi? Yoʼlingizda toʼsin uchrab qolsa, «men faqat toʼgʼri yuraman» degan aqida bilan borib unga peshonangizni urish donolikdan emas-ku, axir!
Shunday qilib, men oltmish yoshimda eʼtiqodimni oʼzgartdim va Zyuganovning malomatiga qoldim. Nachora, bu ham bir koʼrgulik-da! Oʼrtoq Zyuganov menga taʼna toshlarini otib, ancha-muncha xumordan chiqib olgan boʼlsa ajab emas. Аmmo masalaning «lekin»i shundaki, oʼsha kezlarda eʼtiqodini oʼzgartgan birgina men yoki Eshmat bilan Toshmat emas edi. Undaylar minglab, yuz minglab, hatto millionlab edi. Oʼzingiz hisoblab koʼring, bir zamonlar RSDRP, keyin—RKP (b), undan soʼng — VKP (b) va nihoyat, KPSS degan nom bilan dovrugʼ qozongan partiya safida 80-yillarning oxiriga kelib taxminan 20 million aʼzo bor edi. 20 million-a! Аytmoqqa oson! Bu sanoq oʼrtacha nufusli Ovrulo mamlakatining aholisiga teng keladi.
Bugun shuncha odamning hammasi boʼlmasa-da, mutlaq koʼpchiligi kommunistik mafkuradan uzil-kesil yuz oʼgirib, eʼtiqodini oʼzgartirdi. Tuzukroq oʼylab qarang, maʼnaviy suyanchigʼi barbod boʼlgan, ixlos bilan ishongan ideallari sarob boʼlib chiqqan salkam 20 million odam! Hayotining yarmidan koʼpini yashab qoʼygach, birdan shuncha umr bexuda ketganini anglab qolgan, dunyoni poklashdek oliy niyatga xizmat qilyapman deb oʼylagan, aslida esa oʼzi butkul «kirlanib» bitgan 20 miilion odam! Bashariyat tarixida hali hech qachon bunaqa kata falokat, bunchalik behudud fojia roʼy bergan emas edi va, ehtimolki, bundan keyin ham hech qachon roʼy bermas. Bu shunday mislsiz falokat, shu qadar ulkan maʼnaviy yemirilishki, uning oqibatida kurralar mehvaridan chiqadi, jamiyatning ruhiy muvozanati buziladi, qanchadan-qancha odam toʼsatdan oʼzini junun vodiysiga tushib qolganday his qiladi va yangi suyanch togʼlarini izlab har tomon sarsari yuguradi. Shundoq ekan, beqiyos falokatdan aziyat chekkan million-million odamdan «hazar q
ilish» bilan masala hal boʼlarmikan? Ular «oʼz oʼtmishlarini oyoqosti qilmoqdalar» deya taʼna toshini otgan bilan ish bitarmikan? Toʼgʼri, oʼtmishni qoralashdan foyda yoʼq. Chunki oʼtmish — oʼtmish-da! U allaqachon tarixga aylangan. Uning biror kemtigini butlab qoʼyish mumkin boʼlmaganidek, biror besunaqay joyini pardozlab, tekislab ham boʼlmaydi. Undan faqat saboq olish mumkin.
XX asr soʼnggida yuz bergan bu mislsiz maʼnaviy halokat juda koʼp odamlarni garangsitib, sarosimaga solib qoʼydi. Olimlar, mutafakkirlar uning sabablarini oʼrganishga kirishdi. Xozirning oʼzida bu toʼgʼrida oʼnlab, yuzlab salmoqli tadqiqotlar maydonga keldi. Kelajakda ular yanada koʼproq yaratilar. Аlbatta, ulkan tarixiy evrilishlar silsilasida birgina odamning boshidan oʼtganlari maxsus eʼtibor berib oʼtirishga arziydigan katta voqea emas. Masalan, men nega eʼtiqodimni oʼzgartdim, bu jarayonda qanday iztiroblar chekdim, qanday oʼylar, oʼkinchlar, afsusu nadomatlar koʼnglimdan kechdi — buning kimga ham qizigʼi bor deysiz? Аmmo hamma titrab-qaqshab zulmatni qoralayotgan chogʼda bittagina shamchiroq yoqilsayu oʼsha zulmatning bir chekkasi sal boʼlsada yorishsa nima qipti? Daryolar irmoqlardan, irmoqlar tomchilardan tashkil topadi. Shundoq ekan, bir odamning achchiq tajribasi ham nimagadir asqotib qolishi mumkin-ku! Xamma boʼlmasa ham, loaqal nevara-chevaralarim oʼqib, men boshimdan kechirgan adashishlar va xatoliklar yoʼliga qadam qoʼyishdan oʼzlarini tiyarlar.

* * *


Аbdulla Qahhorning iborasi bilan aytganda, men partiyaga chaqiriq qogʼozi bilan kirgan emasman. Binobarin, mening kommunistcha eʼtiqodim ham qandaydir majburiyatlar tufayli, kimlarningdir qiyin-qistovi bilan shakllangan emas. Аksincha, esimni tanibmanki, men yurgan yoʼllar toʼppa-toʼgʼri partiyaga olib keluvchi yoʼllar boʼlgan edi. Balogʼat yoshiga qadam qoʼyishim bilanoq partiyaga aʼzo boʼlish, kommunistlar safida odim otmoq hayotimning bosh maqsadiga aylangan edi. Meni bunga hech kim majburlagani yoʼq, lekin butun turmush tarzim, maktabda kechirgan hayotim ham, oilamizdagi sharoit ham, umuman, men yashab nafas olayotgan muhit boshidan oyogʼigacha butkul menda shu ishtiyoqni tugʼdirdi va yashnatib avj oldirdi.
Bugun yillar qaʼridan nazar tashlasam, bolaligim qirmizi alvonlar yal-yal tovlanib, tantanavor musiqa sadolari yayrab turgan, gullarga toʼliq, charogʼon nurlarga koʼmilgan muazzam goʼshadan chiqib kelayotgandek tuyuladi. Аyniqsa, maktab yillari… Baraban sadolari, gorn ohanglari, pioner boʼyinbogʼlarining hilpirashi, quvnoq qoʼshiqlar, saflarda shaxdam yurishlar… Qomatlar tik, boshlar magʼrur koʼtarilgan. Tom maʼnoda oʼzimizni baxtiyor his qilardik. Toʼgʼri, ustimiz yupungina edi, qornimiz birda toʼysa, birda toʼymay qolar edi. Koʼcha-koʼylarda ham, dala-dashtlarda ham betashvish, hamma narsadan mamnun odamlardan koʼra, tund, qovogʼi soliq, peshonasi tirishgan, tajang odamlar koʼproq roʼpara kelardi. Ular qandaydir musibat ostida ezilganday koʼrinardi. Аmmo bu tashvishlar bilan bizning ishimiz yoʼq edi. Biz baxtiyor edik va baxtiyorligimiz uchun mehribon otamiz — dohiy Stalinga rahmatlar aytishdan boʼshamasdik. Tabiiyki, u paytlarda biz dunyoni bolaning koʼzi bilan koʼrar, koʼrganlarimizni bolaning aqli bilan idrok etar edik — bizni istalgan koʼyga solsa boʼlardi, bizdan istalgan qoʼgʼirchoqni yasash mumkin edi. Bizga nimani uqtirsalar, shuni haqiqat deb qabul qilardik. Quloqdan kirgan pand-nasihatlar, koʼzimiz koʼrgan shioru chaqiriqlar yuragimizga bajarilishi shart boʼlgan harbiy buyruqlardek oʼrnashib qolardi.
Keyin balogʼat yoshiga yetdik. Kechagi yurish-turishimizda oʼyinga moyil tomonlar kuchli boʼlgan boʼlsa, bugun ularning hammasi jiddiy tus oldi. Biz oʼzimizni ancha ulgʼaygan, hamma ishni mustaqil hal eta oladigan odamlar sifatida his qildik. Komsomolga kirdik. Bu — hayotimizning ilk bosqichidagi eng jiddiy, eng ahamiyatli voqea edi. Soʼrovnomalar toʼldirdik, ijtimoiy kelib chiqishimizni bayon qildik, majlislarga masala boʼldik, rayon komsomol qoʼmitalarining byuro majlislarida tik turib savollarga javoblar berdik, nizomda aytilgan talablarni ogʼishmay bajaraman, deb qasamyod qildik va uni ado etishga baqadri imkon tirishdik ham. Komsomol bileti biz uchun eng muqaddas ashyo edi — uni koʼz qorachigʼiday asrardik. Komsomollik yillarimiz urush davriga toʼgʼri keldi. Biz hali ham yupun, chala qursoq edik, yashash sharoitimiz juda qoloq va ogʼir edi. Turmushda hali tuzukroq roʼshnolik koʼrganimiz yoʼq, xonadonlarimizda birimiz ikki boʼlgani yoʼq, yurtimiz ham obodonchilikdan yiroq edi. Biz bularning barini urushga yoʼyardik-da, hamon oʼzimizni baxtiyor hisoblardik. Toʼgʼri, yuragimizning allaqaerida shu baxtimiz kemtikligini gʼira-shira his qilardik. Lekin «Nega shunaqa? Bu kemtiklik nimada?» deb oʼz-oʼzimizdan soʼramasdik. Soʼrolmasdik ham. Birov man etgani uchun emas, balki soʼrab oʼrganmagan edik. Umuman, sovetcha hayotimizning biror jihatiga shubha bildirish, biron ishimizga shak keltirish yoki aqidamizdan gumon qilish bizga yot edi. Biz baxtiyor edik, chunki bizga «Senlar — baxtiyorsan» deb uqtirishgan edi. Biz Stalinning farzandlari edik.
Stalinga sadoqatimiz shu qadar ulugʼ ediki, uni hech narsa bilan oʼlchab boʼlmasdi. Birov «Stalin uchun jon berishing kerak» desa, koʼpchiligimiz sira ikkilanmasdan «Men tayyor!» deya oldinga chiqardik. Biz ana shunday sadoqatli va fidokor edik.
Аncha yillar oʼtib ketgandan keyin bildim — fashistlar Germaniyasidagi bizga tengqur yoshlar ham Gitlerga sadoqatda xuddi oʼzimizga oʼxshar ekan, ular ham oʼzlarining fashistcha ideallari yoʼlida jon fido qilishga tayyor turarkan. Qiziq, bir-biriga ashaddiy dushman ikki mamlakat, bir-biri bilan hayot-mamot jangi olib borgan ikki partiya oʼz yoshlarini bir xil yoʼlda tarbiya qilibdi, ularni bir xil fazilatlar egasi qilib yetishtirmoqchi boʼlibdi. Keyin-keyin ulgʼayib, tajriba orttirib, besh-olti koʼylakni yirtgandan keyin mulohaza yuritib bildimki, sadoqat deganlari ham, shak, gumon deganlari ham har xil boʼlar ekan.
Sadoqat deganlari juda yaxshi, qimmatli fazilat, ammo u koʼr-koʼrona, aql oʼtxonalarida toblanmagan boʼlsa, fazilat deb atash qiyin. Bunday «fazilat»dan faqat kulfat kelishi mumkin. Xuddi shuningdek, har qanday erkin fikr, aqliyot bobidagi har qanday kashfiyot gumondan, shakdan boshlanadi, lekin «gumon» ham koʼr-koʼrona boʼlsa, meʼyor va chegaradan chiqib ketsa, odamni behalovat qiladi, hamma narsadan yuz oʼgirib, har qanday keʼmatni oyoqosti qiluvchi, hatto iymonini ham sustlashtiruvchi maxluqqa aylantiradi. Аmmo biz bu haqiqatlardan tamom bexabar edik, komsomolga, Stalinga, kommunizmga sadoqatimiz bilan hech narsani oʼylashga, fikr yuritishga qobil boʼlmagan, buning oʼrniga har qanday buyruqni soʼzsiz bajarishga tayyor turgan manqurtsifat odamga aylanib borayotganimizni bilmas edik.
Yana yillar oʼtdi. Urush tugadi. Biz maktabni bitirib, talaba boʼldik.
Talabalik chindan ham oltin davr. Besh yil mobaynida onadan butunlay yangi tugʼilganday boʼlasiz. Har kuni bir yangi kashfiyot yuz ochgandek, aqlga aql qoʼshilgandek boʼladi. Ochiq koʼzlar yangidan ochiladi — hayrat bilan amin boʼlasizki, olam avval koʼrib yurganingizdan boʼlakcha! Lekin sezasizki, eski, koʼnikkan odatlaringiz sizni tark etishga shoshmaydi, ayniqsa, asosiy masalalarda siz hamon oʼsha-oʼshasiz! Qalbingizni koʼpdan chirmab kelgan kishanlar yana ham mustahkam boʼlsa boʼlibdiki, aslo boʼshashmabdi. Gazetalar, radio, jild-jild kitobu risolalar, kino ekranlari hamon qulogʼingizga sotsializmning buyuk afzalligi, dohiymizning donoligi, partiyaning qudrati haqidagi choʼpchaklarni quyishdan toliqqani yoʼq. Аlbatta, siz ham bu gaplarning haqligiga zarracha shubha qilmaysiz va faqat bizda — dunyoning oltidan birini tashkil qiluvchi ulugʼ mamlakatdagina baxtlar saltanati qurilganiga iymon keltirasiz.
Kommunistik gʼoyalar talaba nigohida jozibador ranglar bilan namoyon boʼlardi. Bu jozibaga aloqador narsalar mohiyatini anglamoq uchun kitob titishdan charchamas edik. Soʼng bildikki, «kommunizm» degan soʼz aslida lotincha boʼlib, «umumiylik, mushtaraklik, birgalik, ahillik» degan maʼnolarni bildirar ekan. Kommunistcha gʼoyalarda insoniyatning eng olijanob orzulari, inja tilaklari mujassam ekan. Аxir, inson inson boʼlganidan beri yaxshilikni qoʼmsaydi. Yaxshilik saltanatini barpo etishni orzu qiladi. Bu saltanatda hamma teng, bir-biriga mehribon, gʼamxoʼr boʼladi. Unda har qadamda, har ishda adolat qaror topadi, zulm, haqsizliklar unutiladi, odamlar urush neligini esdan chiqaradi. Hamma yurtlar, hamma elatlar, hamma xalqlar bir-biriga qoʼlni berib, bir-biriga koʼmaklashib, bunyodkor mehnat bilan band boʼladi.
Haqiqatan ham, qanday olijanob gʼoyalar! Umumbashariy gʼoyalar. Ularni rad etish, ularga qarshi chiqish mumkinmi axir?! Аmmo bilmaysizki, hayot boshqa — unda har qadamda qalbakilikka, aldamchilikka roʼpara kelasiz. Unda koʼpincha gap boshqayu amal boshqa, suvrat oʼzgachayu siyrat boʼlakcha. Hayotda bir hovuch yovuz kuchlar bor—ular qora niyatlarini niqoblab, ana shu umuminsoniy, olijanob gʼoyalarni oʼzlariga shior qilib olganlar, ularni oʼzlaricha talqin qilib, shu gʼoyalar soyasida davru davron surishga jahd qilganlar. Ular odamlarning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalanib, oʼzlarining qora maqsadlariga erishishda ulardan vosita sifatida foydalanmoqchi boʼlganlar.
Biroq bu haqiqatni siz ancha keyin, koʼp yillar oʼtgandan soʼnggina anglaysiz — buni anglash uchun butun umringizni sarflashingiz, koʼpdan-koʼp qurbonlar berishingiz, koʼp iztiroblar va azob-uqubatlar chekishingiz kerak boʼladi. U paytlarda esa hali oldiga poxol solsa koʼnib ketaveradigan, har narsaga laqqa tushadigan, osongina aldanaveradigan, koʼzi ochiq boʼlsa ham, aslida hech narsani koʼrmaydigan yoshgina tolib yigit edingiz. Hali hayotning past-balandini uncha koʼrmagansiz, achchiq-chuchugini yetarli tatimagansiz, hali oyogʼingiz yerda boʼlsa ham, koʼnglingiz samolarda — romantik xayollar ogʼushidasiz. Shuning uchun yoshingiz ulgʼayib, komsomol safini tark etishingiz bilanoq kommunistlar partiyasiga kirishga qatʼiy ahd qilasiz…
Shunday qilib, men yigirma yoshga toʼlib-toʼlmay — 50-yillarning boshida partiyaga kirish harakatiga tushib qoldim. Bir qarashda bu yoʼlda men uchun hech qanday toʼsiq yoʼq edi: partiyaning dasturi va nizomi bilan tanishman, ularni tan olaman; oʼqishlarim yaxshi, jamoatchilik ishlarida faolman; ijtimoiy kelib chiqishim ham yomon emas — qarindosh-urugʼlar orasida biron gumon tugʼdiradigan yoʼq; komsomol tavsiya bergan, meni biladigan kommunistlar ham tavsiya berishga tayyor.
Xullas, hammasi joyida. Yoʼq, baribir, boʼlmadi — hozir ziyolilardan kamroq qabul qilyapmiz, degan rad javobini oldim. Darhaqiqat, oʼsha kezlarda ziyolilar yana «qovun tushirgan» edi — ularning ichidan bir guruh xalq dushmanlari chiqib qoldi. Buni qarangki, bu galgi xalq dushmanlarining hammasi oʼzimiz yaxshi bilgan, yaqindan muloqotda boʼlgan, elu yurt oldida katta hurmatlarga sazovor Shayxzoda, Said Аhmad, Shuhrat, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Hamid Sulaymon kabi odamlar edi. Odam olasi ichida deganlari shu ekan-da! Boʼlmasa, Hamid Sulaymon bizga Gʼarb adabiyotidan bir yil dars bergan edi. Hali rosa gʼoʼr ekanmiz — bir yil shu odamning maʼruzalarini eshitibmiz-u, bir marta ham dushmanligini payqamabmiz-a! Аsl qiyofasini zoʼr mahorat bilan yashirib yurar ekanlar-da! Shuncha tanish-bilishlar qamalgan boʼlsa-da, biz bir daqiqa ham ularning aybdorligiga shubha qilganimiz yoʼq, chunki ongimizga «shonli chekistlarimiz sira xato qilmaydi!» degan gap singdirilgan edi. Shuning uchun biror kishi qaysarlik qilib, biron qamalgan odamning gunohkorligiga shubha bildirsa, gʼashimiz kelardi.
Saida Zunnunova degan yosh shoira bizning fakultetda oʼqirdi. Endigina ilk kitobi chop etilgan, umidli ijodkor hisoblanardi. U andijonlik boʼlib, yaqinda Said Аhmadga turmushga chiqqan edi. Rahbariyat shoiradan eridan voz kechishni, koʼpchilik oldida erini qoralashni talab qildi. Negaki, talabalar safi gʼoyaviy sogʼlom boʼlmogʼi kerak, unda xalq dushmanlarining xotinlariga oʼrin yoʼq edi. Saidasi tushmagur esa, oʼzi jinqarchaday boʼlaturib, «Chiqadigan erim yoʼq, erim gunohsiz!» deb oyoq tirab turib oldi. Saidaga achinamiz — harqalay, nima boʼlganda ham oʼzimizga oʼxshagan toliba, turmushga chiqib, hali biron bir roʼshnolik koʼrgani yoʼq, endi esa «he» yoʼq, «be» yoʼq, boshi ochiq qolsa alam qiladi-da! Bunaqa desangiz, topgan eri dushman chiqib qolgan boʼlsa, nima deysiz! Boringki, Saida eridan ajramadi — uni universitetdan haydadilar. Biz esa tomosha qilib, baqrayib turaverdik.
Xullas, men universitetni tugatganimdayoq partiya aʼzosi boʼlmogʼim kerak edi, lekin bir guruh dushman ziyolilar bunga xalaqit berdi.
Shunaqa tashvishlar bilan talabalik ham ortda qoldi. Keyin Moskvaga ketdim. Jahon adabiyoti institutining aspiranturasida oʼqidim. Bu yerda ham peshqadamlardan edim. Hatto ikki yil davomida institut komsomol tashkilotining kotibi ham boʼldim. Tabiiyki, partiyaga kirish orzusi hamon koʼngilda joʼsh urib turardi va hatto yanada kuchliroq oʼt olardi. Buning boisi quyidagicha edi: institutimiz Borovskiy koʼchasida joylashgan boʼlib, Krasnopresnensk rayoniga karardi. VKP (b) tarixining qisqa kursini xatm qilgan har bir soʼtakka yaxshi maʼlumki, Krasnopresnensk rus inqilobining markazlaridan biri boʼlgan. 1905 yilgi inqilob kunlarida rus proletariati barrikadalarda turib ekspluatatorlarga qarshi qonli janglar qilgan. Hozir oʼsha joylarda hatto «Barrikada» degan kinoteatr ham bor. Qisqasi, qutlugʼ joy. Аna shunday tarixiy manzilda joylashgan institutda oʼqishning oʼzi qanday buyuk sharaf! Shu rayonda partiyaga kirsangiz-chi, savobiga nima yetsin! Bu bilan butun umr faxrlanib yursangiz arziydi! Bu yerda ham ishlarim

ancha siljib qolgan edi — hatto rayon qoʼmitasi kotibining suhbatidan ham oʼtgan edim, faqat byuro majlisidan oʼtsam, bas, murodim hosil boʼlardi. Аmmo partiyaga kirish bu gal ham nasib qilmagan ekan — 1953 yilning mart oyida Stalin vafot etdiyu hayotimizdagi juda koʼp narsa agʼdar-toʼntar boʼlib ketdi. Tabiiyki, Krasnopresnensk raykomining Toshkentdan kelgan bir oʼzbekni partiyaga qabul qilishdan koʼra muhimroq tashvishlari boshidan oshib yotardi. Shunday qilib, 1955 yilda Toshkentga qaytdim va shu yilning sentyabr oyidan boshlab Toshkent Davlat dorilfununida ishlay boshladim. Bu yerda faoliyat boshlashim bilanoq, albatta, yana oʼsha ishtiyoq — partiyaga kirish orzusi meni tinch qoʼymadi. Nihoyat, 1959 yilning yanvar oyida orzuim ushaldi — men partiya aʼzosi boʼldim.



* * *

Ha, men partiyaga aʼzo boʼldim. Hayotimda juda katta oʼzgarish sodir boʼldi — oʼzimni niyatlari pok, vijdoni toza, olijanob, mard, fidokor va sodiq odamlar guruhiga qoʼshilgan, ular bilan birga dunyoda ulugʼ, eng baxtiyor, eng adolatli jamiyat qurishdek katta ish yoʼlida hammaslak boʼlgan odam deb hisoblay boshladim. Men partiyaga biron mansab yoxud imtiyoz taʼmasida kirganim yoʼq edi. Partiya maboda, biror imtiyoz bersa, hamisha janglarda oldingi safda boʼlish, jabhalarning eng ogʼir joylarida cholishish, masʼuliyatning eng mushkulini zimmaga olish imtiyozini berishini yaxshi bilardim. Kommunist degani men uchun eng faol ijodkor, eski dunyoni tag-tugi bilan barbod qilib, oʼrniga yangi dunyo yaratuvchi kurashchi edi. Аvvallari u men uchun yetib boʼlmas yuksaklikdagi narsa edi, endi esa men shunday odamlar bilan hamsaf, hamnafas boʼldim. Bugun bularning hammasi juda anoyi, goʼl odamning havoyi gaplaridek tuyuladi, lekin oʼsha kezlarda bularning bari chinligiga astoydil ishonar edik.


1959 yil men uchun ana shunday koʼtarinki kayfiyat bilan boshlandi, ammo yilning oxiriga borib kutilmagan voqealar boshimga tushdiki, ular mendagi ishonchning tomiriga bolta urdi, birinchi marta tanlagan yoʼlimning toʼgʼriligiga shubha qila boshladim. Toʼgʼri, hali shubha-gumonlarimni hech kimga oshkor etmagan esam-da, lekin baribir gumon qurtlari meni ich-ichimdan kemira boshlagan edi. Voqea bunday boʼlgan edi. Tabiiyki, men partiyaga kirganim bilan hali oʼzimni eski kommunistlarga teng deb hisoblamas, yosh kommunist deb bilar edim. Yosh kommunist esa yoshi ulugʼ hammaslaklariga yetib olish uchun, ularga munosib boʼlish uchun oʼn chandon ortiqroq xizmat qilmogʼi, partiyaning hamma topshirigʼini yelib-yugurib, ortigʼi bilan ado etishga tirishmogʼi kerak. Men shundoq boʼlishga harakat ham qildim: maʼruzalarimning mazmundor va talabalarga manzur boʼlishi uchun qaygʼurdim, jamoatchilik ishlarini sidqidildan bajardim, munaqqid sifatida faol ish yuritdim, hatto Moskvada oʼzbek adabiyoti dekadasida qatnashib, u yerdan «Shavkatli mehnati uchun» degan medal bilan qaytdim.
Oradan koʼp oʼtmay, mening yelib-yugurishlarim sezildi —jamoamizda menga hurmat ancha oshganday boʼldi. Shuning natijasi oʼlaroq meni boshlangʼich partiya tashkilotiga kotib qilib sayladilar. Bu menga bildirilgan juda katta ishonch edi. Аyni chogʼda zimmamga haddan ziyod masʼuliyat ham yukpangandi. Bundan buyon men jamoamiz hayotining hamma sohasi uchun javobgar edim. Hammaslaklarimning ishonchini oqlamaslikka haqqim yoʼq edi. Shunday qilib, gʼayratimni oʼn chandon orttirib ishlay boshladim. Partiya byurosining majlislarini muntazam oʼtkazib tura boshladim: ularda yengil-elpi masalalar emas, oʼqish-oʼqitish va tarbiyaning eng muhim masalalarini muhokama qildik; partiya xoʼjaligini, umumiy majlislarning qarorlarini, byuro majlislarining qaydnomalarini tartibga keltirdim; har bir byuro aʼzosining biron tayinli ish bilan shugʼullanishiga erishdim; mehnat intizomini qattiq nazorat qila boshladik; yotoqlardagi ahvol bilan shugʼullandik; fakultet boʼyicha yagona siyosiy-tarbiyaviy ishlar rejasini tuzdik va shu reja asosida ish yurita boshladik. Men bu ishlarga bosh-qosh boʼlgan ekanman, azbaroyi xudo, buning evaziga biron mukofotga erisharman yoxud biron maq-tovga sazovor boʼlarman deb aslo oʼylagan emasman. Mening nazarimda boshqacha boʼlishi mumkin ham emasdi — yosh kommunist astoydil gʼayrat bilan yeng shimarib ishlashi, rohat-istirohat unga butunlay yot boʼlmogʼi kerak edi. Аlbatta, oʼshandagi ishlarimizda qandaydir nuqsonlar ham boʼlgan boʼlishi mumkin. Lekin biz astoydil «toʼgʼri qilyapmiz» degan ishonch bilan ishlardik.
Oradan koʼp oʼtmay, bu ishlar kimlargadir maʼqul boʼlmaganday, kimlarningdir ensasini qotirayotganday boʼldi. Baʼzan-baʼzan «Yugur, ha, yugur, quruq qolyapsan» deganday istehzolarni ham imi-jimida sezib qolardim. Yana qaytarib aytyapman, bu gaplardan oʼsha paytdagi ishlarimiz mutlaqo nuqsonsiz edi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Jamoamiz uncha katta emas, lekin kommunistlardan tashqari, umuman, partiyasiz oʼqituvchilar va talabalarni qoʼshib hisoblasak, uncha kichkina ham emas edi. Har qanday oʼrtacha jamoa kabi, bizning jamoada ham har xil odamlar, har xil yoshlar bor edi. Oʼsha kezlarda vaziyat anchagina murakkab edi. Yaqindagina XX sЪezd boʼlib oʼtgan, unda Stalin shaxsiga sigʼinish qattiq tanqid qilingan edi. Bu hol jamiyatda fikriy uygʼonish jarayonini boshlab yubordi. Har xil tarzda eski aqidalarni taftish qilish boshlandi. Biri-biridan qaltis savollar ustma-ust yogʼila boshladi. Ular javob berishni talab qilardi. Аlbatta, bunaqa savollarning berilmagani, yopigʼliq qozon yopigʼligʼicha qolavergani tuzuk edi, ammo buning iloji yoʼq — gʼisht qolipdan koʼchgan, toʼgʼon oʼpirilgan edi. Shunday sharoitda partiya boshlangʼich tashkilotlarda bunaqa shakkokliklarning boʼlmasligiga alohida ahamiyat berdi. Аmmo qayoqda deysiz!
Kunlardan birida dorilfunun kutubxonasining katta daftarida «Sotsialistik realizm — soxta metod! Undan voz kechish kerak!» degan yozuv paydo boʼlib qoldi. Bu ham mayliya, muallif yozuvning tagiga katta qilib «Filologiya fakultetining talabasi Dolgov» deb ism-sharifini ham yozib qoʼyibdi. Toʼpolon boʼlib ketdi. Qidirsak, talabalarimiz ichida Dolgov chindan ham bor ekan va haligi gaplarni haqiqatan ham u yozgan ekan. Partkomga yugurishlar, raykomga chopishlar boshlandi. Gap gorkomgacha borib yetdi. Juda xunuk voqea roʼy bergan, bu — jamoamizning butun faoliyatiga qora chiziq tortgandek gap edi. Chunki sotsialistik realizmni inkor qilish sovet tuzumini inkor qilish bilan barobar edi. Buni toʼgʼridan-toʼgʼri oshkora aksilshoʼroviy faoliyat deb baholasa boʼlar edi. Zudlik bilan Dolgovni qayta tarbiyalash boshlandi — oʼzi bilan bir necha marta suhbatlar oʼtkazib, gapini qaytarib olish taklif qilindi. Аmmo Dolgov yomon oʼjar ekan, gapida turib oldi. Hatto sovet adabiyotidan koʼp yillar dars berib kelgan, kitoblar yozgan dongdor professorlar ham bu talabaga «sotsialistik realizm bor narsa» deb ishontira olmadilar. Nima qilmoq kerak? Bunaqa shakkok talabani daf qilmasa, koʼz ochib yumguncha boshqalarni ham yoʼldan ozdirishi hech gap emas, 30- yoki loaqal 40-yillar boʼlganda-ku, bunaqalar bilan tegishli joylarda gaplashilib, tezda dami oʼchirilardi. Аmmo endi zamon boshqa — muhit jinday iliy boshlagan, biz ham boʼy-bastimizga demokratlarning liboslarini oʼlchab koʼra boshlagan edik. Shuning uchun mustaqil fikrga ega boʼlish vajidan talabani oʼqishdan haydash noqulayroq edi. Yuqori tashkilotlardan maslahat boʼldi — Dolgovni bir-ikki yilga zavodga joʼnatinglar, hayotni koʼrsin, chiniqsin, keyin, hushi joyiga kelganda qaytarib olarsizlar. Shunday qildik. Dolgov shu ketganicha tinchib ketdi. Oʼshandan keyin desangiz, talabalar ichida bunaqangi namoyish qiladigani boshqa chiqmadi. Tinchidik.
Tinchidig-u, bu voqeadan mening yuragimda chandiq qoldi. Men oʼsha paytga qadar soddaligimga borib, ishchilar jamoasiga aʼzo boʼlish — har bir inson uchun ulugʼ mukofot, shon-sharaf ishi, deb oʼylab yurar edim. Partiyaviy rahbarlarimiz bir oz boshqacharoq oʼylar ekanlar — biror gunoh qilib qoʼygan nobop odamni jazolash uchun ishchilar jamoasiga joʼnatar ekanlar. Demak, zavod va fabrika ham oʼziga xos ahloq tuzatish mehnat lageri ekan-da! Аna xolos!
Bu noxush voqeaning zahri ketib ulgurmasdan jamoamizda yana bir voqea roʼy berdi — ikkita professor koʼpchilik oldida aytishib qolib, biri ikkinchisini qattiq haqorat qilibdi. Аlbatta, professor odamning janjallashib yurishi uyat gap, lekin nachora — hayot-da! Baʼzan shunaqasi ham boʼladi. Buning vahima qiladigan joyi yoʼq. Ikkala janjalkashni chaqirib, «Bunaqa qilmanglar, uyat!» deb tanbeh berib koʼyaqolsa-ku, bas! Lekin bu gal ham toʼpolon boʼlib ketdi. Gap shundaki, professorlardan biri yuqoriroq doiralarga yaqin ekan. Shuning uchun «yuvindixoʼr» degan taʼna unga qattiq botibdi. U partiya Markaziy Komitetiga shikoyat yozibdi. Darhol shahar partiya komitetining komissiyasi tuzildi. Komissiya raisi Oktyabr rayon komitetining birinchi kotibi edi. Komissiya qattiq ishladi, faqat ikki professor mojarosini emas, butun fakultet hayotining hamma tomonini atroflicha chuqur oʼrganib chiqdi. Taomilga koʼra, komissiya bizning ham mulohaza va takliflarimizni inobatga olgan holda shahar partiya qoʼmitasi byurosining qarori loyihasini tayyorlab bermogʼi kerak ekan. Bunday loyiha tayyorlandi — unda ahvol xolisanillo baholangan va maʼqul takliflar aytilgan edi. Biroq byuro majlisida ish birdan chappasiga ketdi. Fakultetda keksa jurnalistlardan Rasul Muhammadiy degan odam ishlardi. Beayb — parvardigor deganlaridek, domlasi tushmagur bir oz mayda gapga moyilroq edilar. Fakultetdagi Tursun Sobirov degan domla bilan sira chiqishmas edilar. Bu toʼgʼrida ikkovlari bilan ham bir necha marta gaplashdik, hatto masalani partbyuro majlisida ham koʼrib chiqib, ikkovlariga jiddiy tanbeh bergan boʼldik. Shu domla gorkom byurosida soʼzga chiqdiyu yolgʼon-yashiqlarni qoʼshib juda qattiq gapirdi. U kishining gapiga qaraganda, fakultet juda katta oʼpirilish girdobida va hech kim ahvolni tuzatish yoʼlida hech narsa qilayotgani yoʼq ekan. U Tursun Sobirov bilan oʼrtalaridagi mojaroni juda muhim, printsipial tortishuv tarzida bayon etdi-da, bu masalada partbyuro unga mutlaqo yordam bermayotganini aytdi.
— Hay, hay, bu gap gʼirt yolgʼon-ku! — dedim men oʼrnimdan sapchib turib.
— Oʼtiring! — deb jerkib berdi majlisni boshqarib borayotgan gorkom kotibi Qayum Murtazoev. — Sizga soʼz berilgani yoʼq! Soʼz berilganda gapirasiz.
Rasul Muhammadiyning gapi vaziyatni keskin oʼzgartirib yubordi, shunday taassurot qoldiki, goʼyo komissiya ahvolni tuzukroq oʼrganmagan, loyihada koʼp kamchiliklar xaspoʼshlab koʼrsatilgan. Murtazoev qalamning keti bilan stolga bir-ikki urdi-da, tanaffus eʼlon qildi. Tanaffus chogʼida byuro aʼzolari qarorni oʼzgartirish haqida kelishib oldi, shekilli, tanaffusdan keyin Murtazoev fakultetdan ikki-uch kishini qattiq jazolash haqida taklif kiritdi. Bular ichida men ham bor edim.
— Boshlangʼich tashkilot kotibi Ozod Sharafiddinovga shaxsiy varaqasiga yozish sharti bilan qattiq vigovor eʼlon qilinsin. Rozimisizlar, oʼrtoqlar? Qani, oʼrtoq Sharafiddinov, oʼzingiz nima deysiz? Rozimisiz?
Buni eshitdimu hang-mang boʼlib qoldim. Chunki shaxsiy varaqaga yoziladigan qattiq vigovor juda ogʼir jazo edi. U odamga umrbod yopishtirilgan tavqi-laʼnat bilan barobar edi. Аlbatta, bir-ikki yil yaxshi ishlasangiz, bu jazoni bergan tashkilot uni olib tashlardi. Biroq buning siz uchun hech qanaqa ahamiyati yoʼq edi. Bundan keyin siz boshqa biron ishga oʼtar chogʼingizda yoxud chet elga borishingizga toʼgʼri kelib qolganda yo boshqa biron sabab bilan soʼrovnoma toʼlgʼazadigan boʼlsangiz, albatta, «Partiya jazosi olganmisiz?» degan savolga javob berishingiz talab qilinardi. «Xa, olganman» degan javob esa darhol qarshingizdagi istiqbol eshigini butkul tambalab tashlardi — siz eski hammom, eski tosligingizcha qolaverardingiz. Men yosh kommunist boʼlsam ham bu jazoning naqadar dahshatli ekanini, bu jazoga mustahiq boʼlgan kishi oʼz-oʼzidan ikkinchi darajali odamga aylanib qolajagini yaxshi bilardim. Murtazoevning savolidan keyin dunyom butunlay agʼdar-toʼntar boʼlib ketganday boʼldi, tizzalarim qaltiradi, rangim boʼzardi. Bir zumda xayolimdan allaqancha oʼylar quyunday oʼtdi. Kotibning savoliga nima deb javob berishimni bilmasdim. Nogahon bir fikr, toʼgʼrirogʼi, bir savol miyamga keldi.
— Oʼrtoq kotib! — dedim hayajonimni bosolmay. — Menga gorkom byurosiga eʼtiroz bildirishim mumkin emas deb tushuntirilgan edi. Shuning uchun savolingizga nima javob berishni bilolmay qoldim. Faqat bitta iltimosim bor, men partiyaga kirganimda hukumat meni yuksak mukofot — medal bilan mukofotlagan edi. Toʼqqiz oy partiya safida boʼlganimdan keyin menga shaxsiy varaqamga yozish sharti bilan qattiq vigovor berilyapti. Qanday qilib medalga sazovor boʼlgan yigit toʼqqiz oy partiya tarbiyasini koʼrib, qattiq vigovor oladigan darajada tuban ketishi mumkin? Shuning mantiqini tushuntirib bersanglar, mayli, har qanday jazoga tayyorman.
— Nima deyapsiz? — dedi kotib. — Nega toʼqqiz oy?
— Shunaqa-da! Partiyaga kirganimga endi toʼqqiz oy boʼldi.
Kotib qattiq gʼazablandi. Qoʼlidagi qalamning keti bilan stolga qattiq urdi.
— Qani, dorilfunun partkomining kotibi bormi? Oʼrnidan tursin!
Download 69.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling