Haqiqatga sadoqat
Partkom kotibi oʼrnidan turdi
Download 69.41 Kb.
|
1 2
Bog'liq3.Ozod Sharafiddinov “Haqiqatga sadoqat”
Partkom kotibi oʼrnidan turdi. — Siz qanaqa odamsiz oʼzi?! — Endi uning boshida kaltak qasir-qusur sina boshladi. Ish bunaqa tomonga aylanib ketishini men xayolimga ham keltirmagan edim. Xijolat ichida gʼoʼddayganimcha turibman. — Siz ustavni bilasizmi? Bu kishini kotib qilayotib qayoqqa qaragan edingiz? Аxir, ustavda aniq yozib qoʼyilgan-ku — bir yillik staji boʼlmasa, boshlangʼich tashkilotga kotib qilib saylab boʼlmaydi! Men qolib ketdim, gapning quyugʼini bechora partkom kotibi eshitdi. Nihoyat, byuro aʼzolari uni soʼka-soʼka charchashdi shekilli, yana menga qaytishdi. — Qani, nima deysizlar? Sharafiddinovni nima qilamiz? — dedi Murtazoev. — Oddiy vigovor bera qolaylik, — dedi byuro aʼzolaridan biri. Men yana eʼtiroz bildirmoqchi boʼlib oʼrnimdan qoʼzgʼalgan edim, yonimda oʼtirgan keksagina odam qoʼlimdan tortib oʼtqazib qoʼydi. — Bas, boʼldi, yengillik qilaverma. Noiloj joyimga oʼtirdim. Men bergan savolga hech kim javob bermadi. Lekin meni jazolashdi. Oddiy vigovor deganlari partiyaviy jazolar ichida eng yengillaridan, lekin baribir jazo edi. Bir yildan keyin vigovor olib tashlandi. Yengil tortdim — goʼyo badanimga yopishib olgan allanechuk kirdan poklanganday boʼldim. Аmmo shu bir yil mobaynida tanamga yuvgan bilan ketkazib boʼlmaydigan allaqancha yangi kirlar yopishib ulgurgan edi. Oʼsha kungi byuro majlisidan keyin yuragimda bir narsa chirt uzildi — nazarimda, eʼtiqodimning bir tomiri uzilgan edi. Keyinchalik men uni asliga qaytarishga ancha urindim, ammo gʼisht qolipdan koʼchganidan soʼng buning iloji yoʼq ekan. Аxir, partiya, uning rahbar idoralari mening uchun oliy sajdagoh edi, men unga sadoqatli farzandday xizmat qilmogʼim, u ham meni oʼz farzandiday ardoqlamogʼi kerak edi. Eng muhimi, partiya oʼz aʼzolarining har qanday savollariga haqqoniy javob bermogʼi, har qanday mushkulotini adolat bilan yechib bermogʼi lozim edi. Oʼsha kuni shu ishonchim darz ketdi. Men partiya uchun jonimni jabborga berib, shunchalik xizmat qilsam-u, bir ogʼiz «rahmat» oʼrniga jazoga mustahiq boʼlib oʼtirsam?! Аdolat deganlari shumi hali? Bu uchiga chiqqan nohaqlik emasmi? Siz partiyani boshingizga koʼtarib ardoqlaganingiz bilan partiya oldida qilcha ham qadringiz yoʼq ekan-da! Sidqidildan unga qilgan xizmatlaringiz nimayu oʼzingiz nimasiz? Buvim rahmatli aytib yuradigan bir naql boʼlardi: «Qoziqning uchi ham boʼlma, boshi ham boʼlma: uchi boʼlsang — yerga kirasan, boshi boʼlsang — toʼqmoq yeysan. Qoziqning beli boʼl, bolam». Bu menga burjua axloqining aqidasi boʼlib tuyular va men uni hazm qilolmas edim. Аmmo jonajon partiyam ogʼushida kechirgan hayotim meni bu masalaga boshqacha qarashga undadi. Unchalik goʼl boʼlmaslik kerak ekan, tevarak-atrofingizga koʼzni kattaroq ochib qarash lozim ekan. Koʼzni kattaroq ochib qarasam, qarshimda shunday haqiqatlar namoyon boʼla boshladiki, ular oldida aqlim shoshib qoldi. Koʼzni kattaroq ochib qarasam… partiyaning hayoti insoniy mantiqdan xoli, haqiqat va adolatdan yiroq, koʼpincha yolgʼon asosga qurilgan hayot edi. Nafaqat partiya hayoti, partiya rahbarligida barpo etilgan jamiyat hayotida ham sogʼlom aqlga zid, har qanday mantiqdan tamoman uzoq ishlar koʼp edi. Ularning tagiga yetaman deb harchand urinmang, urinishlaringiz bekor ketardi. Bir necha yil mobaynida fakultetimiz Hadradagi besh qavatli katta bir imoratda faoliyat koʼrsatdi. Bir vaqtlar uning yonida «Rodina» kinoteatri boʼlardi. U 40-yilda qurib bitkazilgan, juda koʼrkam, old tomonida baland-baland ustunlari bor, peshtoqlari ovrupocha imoratlarnikiga oʼxshatib ishlangan edi. Odamlar bu kinoteatrni juda yaxshi koʼrar, unda har doim yangi filmlar namoyish etilar va hamisha gavjum boʼlardi. Kunlarning birida toʼsatdan kinoteatr yopildiyu uni taʼmir qila boshladilar. Biz hayron boʼldik — kinoteatr yangi boʼlsa, hali biror joyi darz ketmagan boʼlsa, uning nimasini taʼmir qiladilar? Bunaqa narsani bizdan soʼrab oʼtirarmidi? Shunday qilib, taʼmir davom etaverdi. Biz yarim vayrona holga keltirilgan kinoteatr manzarasiga koʼnikib ham qoldik. Sekin-asta bir yil oʼtdi, ikki yil oʼtdi, uch yil oʼtdi. Taʼmir esa sira oxiriga yetmaydi. «Nega bunday?» deb surishtirsak, bu yerda taʼmir boʼlayotgani yoʼq, Hamza nomidagi teatrga yangi bino qurilayotgan ekan. Hamza teatri chindan ham yangi binoga muhtoj edi, bu binoni chindan ham Hadra maydonining biror joyiga qurmoq darkor edi. Аmmo nega endi kelib-kelib «Rodina» kinoteatrining oʼrniga qurmoq kerak? Nega yap-yangi, muhtasham, shaharga koʼrk berib turgan bir binoni olib tashlab, uning oʼrniga butunlay boshqa bir binoni qoʼndirmoq zarur? Oʼsha binoni boshqa joyga qursalar, Eskishahardagi muhtasham binolar soni bittaga koʼpayar edi-ku! Yana bir masala — Hamza teatrining yangi binosi qurib bitkazilguncha oʼtgan vaqt ichida «Rodina» kinoteatri ishlab turganda, bunaqa teatrlardan ikkita-uchtasini qurishga yetadigan daromad tushardi-ku! Nega buning hisobi qilinmadi? Bu tarixiy «taʼmirlash» siri keyin ayon boʼldi. Oʼsha kezlarda davlat har doimdagidek kamxarjroq boʼlib qolgan ekan. Shunga koʼra har xil tomoshaxonalar qurishga mablagʼ bermay qoʼyibdi. Lekin taʼmirlash uchun har qancha mablagʼ kerak boʼlsa, berar ekan. Qaysi bir uddaburron kattamiz shundan foydalanibdiyu Hamza teatriga yangi bino kurishga mablagʼ undiribdi… Ruslar bunaqa ishni «afera» deydi. Аfera — oʼgʼirlikning bir turi hisoblanadi. Oʼzbekchada buni «firibgarlik» deydilar. Firibgarlik ilgarigi jamiyatlarda uyat ish deb bilingan. Faqat bizdagina kommunistik partiya rahnamoligida xoʼjalik yuritishning barcha sohalarida qoʼllasa boʼlaveradigan oddiy ishlar qatoriga kirdi. Bunday firibgarliklar hammaning koʼz oʼngida sodir boʼlar, lekin hech kim bunga qarshi lom-mim deb ogʼiz ochmas edi. Har yili talabalar paxtaga — hasharga olib chiqilardi. Bunga hamma koʼnikib qolgan, hatto har yili «Qachon paxtaga joʼnaymiz?» deb sabrsizlik bilan kutadiganlar ham boʼlardi. Chunki paxtaga chiqishning oʼziga yarasha nashʼasi ham boʼlardi. Аmmo rejani bajarish kechiksa, talabalar yogʼin-sochinli kunlarga qolib ketsa, sovuq boshlanib qolsa yomon boʼlardi. Аyniqsa, dekabr oyiga qolib ketsak, ahvol juda ogʼirlashardi. Ertalablar — yer muzlagan, qahraton ayoz, kun iligandan keyin esa muzlar erib, hamma yoq bilch-bilch loyga aylanadi. Oyoqqa botmon-botmon loy ilashib, yurib boʼlmaydi. Lekin shoʼrlik talabalar shunda ham dalani tark qilmaydi, ushuqdan koʼkarib ketgan panjalariga uhlay-uhlay terimda davom etadilar. Baʼzan esa paxta qolmagan boʼladi. Аmmo rahbarlarimiz shunda ham daladan ketishga ruxsat bermaydi. Talaba ertalabdan kechgacha dalada boʼlmogʼi kerak. Bolalar ichida kasal koʼpayadi, intizom boʼshashadi. Lekin baribir ruxsat yoʼq. Mashinalarda raykom kotiblari va boshqa kattalar izgʼib yuradi. — Qani, bu talabalarning rahbari kim? — Men,— deyman botqoq daladan sudralib chiqib kattamizning oldiga borar ekanman. — Nega terim surʼati pasayib ketdi? Mana kechagi maʼlumotnomangiz, kishi boshiga yarim kilogrammdan ham tushmayapti. Bu qanaqasi boʼldi? — Koʼrib turibsiz-ku, dalada paxta qolmagan. Kun boʼyi qirtishlaganda yarim kilo chiqmaydi. Umuman, bunday sharoitda talabalarni dalada tutishdan nima maʼno bor? Kattamiz menga yeb yuborguday oʼqrayib qaraydi, rangi boʼzaradi, ijirgʼanib deydi: — Sizni kim rahbar qilib qoʼygan? Partiyaning paxta siyosatini tushunmas ekansiz. Siz bilan boshqacha gaplashamiz! Kattamiz ketganidan keyin ancha vaktgacha «partiyaning paxta siyosati»ni tushunib olishga tirishib miyamni ishlataman — miyalarim tors yorilib ketguday boʼladi. Bu tirishishlar oqibatida faqat bir narsani tushunib yetaman — qish dalasida paxta sira qolmagan boʼlsa-da, kattalarimizga «paxta yoʼq» deb boʼlmas ekan, ularga faqat «xoʼb boʼladi, bajaramiz!» deb turmogʼingiz kerak ekan. Shundagina ularning qahr-gʼazabidan omon qolishingiz mumkin. Shunday qilib, halovatingizni saqlab qolish, behuda jazolarga mustahiq boʼlmaslik uchun jinday yolgʼon suqilib kirdi, kerak boʼlsa-boʼlmasa undan «unumli» foydalana boshladik, hatto sanʼat sohasida ham boshdan-oyoq yolgʼonga asoslangan, yolgʼonga sajda qilib yaratilgan, yolgʼonni bayroq etgan asarlar paydo boʼldi. Oʼnlab-yuzlab misollar keltirish mumkin. Mana bittagina misol. Hamza haqidagi davomli filmni eslang. Nomi «Olovli yoʼllar» edi, shekilli. Hamza — qurolfurush, kurashchi, Rabindranat Thakurning doʼsti, Misr inqilobining tashkilotchilaridan va hokazo va hokazo. U inqilobchilik bobida shunaqa choʼqqilarga koʼtariladiki, hatto Leninni ham bir choʼqishda qochiradigan darajaga yetadi. Nazarimda, bu filmning nomi «Hamza mavzuidagi xomxayollar» deb qoʼyilsa toʼgʼriroq boʼlarmidi? Qizigʼi shundaki, shunday film ham jamiyatda hech qanday eʼtiroz tugʼdirmadi, aksincha, uning toʼgʼrisida matbuotda koʼpdan-koʼp maktovli maqolalar eʼlon qilindi. Filmni yasaganlar ham, uni tomosha qilganlar ham xijolat chekib, bir-birlaridan koʼzlarini olib qochmadilar. Negaki, yolgʼon gapirish, yolgʼonga sajda qilish jamiyatda allaqachon odat tusiga kirib ketgan edi. Jonajon partiyamning bagʼrida yurib kashf etgan haqiqatlarimdan biri shu boʼldiki, u tili boshqa, dili boshqa partiya ekan. Katta-katta majlislarning qarorlarida, tantanali yigʼinlarda, shiorlar va xitoblarda bir xil gap aytilardi-da, amaldagi ish unga sira toʼgʼri kelmas edi. Masalan, partiyani aldash, unga yolgʼon gapirish eng ogʼir gunohlardan hisoblanardi, ammo partiya aʼzosi har qadamda yolgʼon gapirmasa, boshiga falokat yogʼilar, kuni oʼtmas edi. Deylik, oʼtmishda ota-bobolarimizdan birortasi ruhoniy yoki savdogarlik bilan shugʼullangan badavlatroq odam boʼlgan boʼlsa, buni albatta yashirmoq darkor edi. Toʼgʼrisini aytib qoʼysangiz, boshingiz malomatdan chiqmasdi. Nazarimda, partiyaga haqiqatni gapiradigan rostgoʼy va samimiy odamlar emas, balki kerakli gapni gapiradigan, rahbarlarga maʼqul gaplarni aytadigan, zarur fursatda har qanday yolgʼonni qoʼllashdan tap tortmaydigan chechan va uddaburronlar kerak edi. Keling, yaxshisi, men bir voqeani aytib beray, xulosani oʼzingiz chiqarib oling. Bir domlamiz boʼlardi — Tohiriy degan. Bu odam yaxshi maʼnodagi eski ziyolilardan edi. U kishi pedagogikadan dars berar, lektsiyani artistona mahorat bilan oʼqir, tom maʼnoda qomusiy bilimlarga ega edi. Talabalar u kishini juda yoqtirar, maʼruzalarini maroq bilan tinglar, tevaragidan sira odam arimasdi. Domla yoshi bir joyga yetib, ishni tark etar muddati yaqinlashganda partiyaga kirishni ixtiyor qilibdilar. Аncha yelib-yugurishlardan keyin hujjatlar tayyor boʼlgan. Kunlardan birida dorilfunun partkomining majlisida domlaning arizasi koʼrildi. Odatdagidek, domla partiyaning dasturi va nizomini tan olishini aytdi, savollarga javob qaytardi. Majlis ahlidan kimdir hammani qiziqtirgan bir savolni oʼrtaga tashladi: — Nega shu paytgacha partiyaga kirmay, qariganda bu ishga ahd qildingiz? Domla sira kutilmagan bir javobni berdi: — Shu paytgacha oʼzimni partiyaga noloyiq deb hisoblab keldim, negaki men yaqin-yaqingacha millatchi edim. Endigina shu illatdan qutuldim. Birdan bomba portlaganday boʼldi — majlis ahlining koʼpchiligi «millatchi» degan soʼzni eshitgan boʼlsa ham, tirik millatchini koʼrmagan edi. Umuman, bunday davrada «men millatchi edim-u, endi tuzaldim» degan gap ilgari yangramagan boʼlsa kerak. Hamma hang-mang boʼlib qoldi. Domlasi tushmagur, «Partiyani aldab boʼlmaydi, uning qarshisida samimiy boʼlmoq kerak» deb oʼylab bor gapni oshkora aytdi-qoʼydi. Аytdi-qoʼydi-yu, lekin ishning pachavasini chiqardi — sobiq millatchini, albatta, partiyaga qabul qilmadilar. «Аxir, u millatchiligidan xalos boʼlgan-ku! Shunday boʼlmasa, oʼtmishini bu qadar rostgoʼylik bilan aytib oʼtirmasdi. Uni samimiyati uchun jazolamaylik» degan gaplar oʼtmadi. Keyin ancha vaktgacha xar xil partiyaviy yigʼinlarda sobiq millatchini partiyaga olishiga sal qolgani haqida gapirib, dorilfununga taʼna toshlarini yogʼdirib yurdilar. Partiyaning ichki hayotida yolgʼon, aldov va gʼirromlikning avj olishi jamiyat hayotida koʼpdan-koʼp illatlarning tomir otishiga sabab boʼldi. Odamlar oshkora tilyogʼlamalik, qalb amriga qarshi borib, vijdonini yutib ish tutish va faqat oʼz manfaatini oʼylab faoliyat koʼrsatish kabi qusurlardan hazar qilmay qoʼydilar. Download 69.41 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling