Hayotjon Abdullayev yomg‘irga aylansam…


Download 0.61 Mb.
bet14/14
Sana09.12.2021
Hajmi0.61 Mb.
#179443
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
she'riy to'plam lotin

MUSOFIR TO'NINI KIYGANDA.
Ko'rasan yaxshi-yu yomonni,

Bilasan bug'doy-u somonni.

Ko'rasan o'ng-u so'l tomonni,

Musofir to'nini kiyganda.


Otaning daldasin eslaysan,

Onaning mehrini qo'msaysan.

Vatanning qadrini bilgaysan,

Musofir to'nini kiyganda.


Eslaysan keng-u mo'l hovlingni,

Eslaysan qishloging, ovulingni.

Bechora sezgaysan holingni,

Musofir to'nini kiyganda.


Qo'msaysan shirmoynon isini

Qo'msaysan bohori, kuzini.

Va shunday hamsoya qizini,

Musofir to'nini kiyganda.


Do'stginam, mayli-da kez jahon,

Yodingdan chiqmasin til, makon.

Deydilar-bo'lgaysan musulmon,

Musofir to'nini kiyganda.

KO'RINMAYDUR.

Muhabbat gulshanin kezdim, saningdek gul ko'rinmaydur.

Bu hijron komidan bezdim, chiqarg'a yo'l ko'rinmaydur.

Sanamlardan sani so'rdim, darak bermas makoningdan.

Qayerdin uy chaman qilding, o'ngu yo so'l ko'rinmaydur.

Hilol bo'lsang agar osmon kanizingmi tuman yulduz.

Alar ham men kabi g'ofil, g'arib ahvol ko'rinmaydur.

Shakar ersang do'kondorlar do'konindan ising izlab,

Tatib ko'rdim saningdek zo'r, shirin, gul bol ko'rinmaydur.

Hayot mushtoq sening vasling umidinda hanuz giryon.

Jahonda bor azob, zahmat, biyobon, cho'l ko'rinmaydur.

KUCHUK.


O'g'lim so'rar: -"dadajon,

kuchuk boqib olaylik".

Men aytaman:-'bolajon,

kel unaqa qilmaylik".

-Bir kuchukcha ko'chada,

Onasini izlaydi.

Dadajon, shu bechora.

Menga o'rtoq bo'lsaydi.

-O''g'lim, yaxshi bolasan,

Aqillisan bilaman .

Kuchukka do'st tutinma,

"It"ni yomon ko'raman.

Sening joning achidi,

Sarson yurgan kuchukka.

Bu hislating arziydi,

Tog'dayin shrinlikka.

O'zing o'ylab, fikr qil,

Inson farzadin qo'ymas.

Agar undan tonsa kim,

U ham itdan kam emas.

-Dada, kuchuk boqaylik,

-Mayli boqaqol, erkam.

Do'stlarga qil g'amxo'rlik,

O'rnak olmagin "itdan".

SHE'R NIMADIR.

She'r nimadir- asli so'zga telbalik,

Yoki bir juft qaro ko'zga telbalik.

Kimlar uchun ash''or go'zallik,san'at,

Kimlargadir oddiy ermak, ezmalik.

She'r nimadir- tuyg'ularga berar jon,

She'r nimadir- ipga tizilgan marjon.

Ilhom degan yoqimli bir shabboda,

She'r nimadir shirin epkin, hayajon.

She'r nimadir-tug'yon urar qalblarda,

She'r nimadir-yupanch, dalda g'amlarda.

Yuraklarda nish urganda ishqiy gul,

Bitging kelar goho ko'zing namlarda.

She'r nimadir-tirik ko'ngilning ko'zi,

She'r nimadir-shu ko'zning aytar so'zi.

Yozmay qolsa, demak tamom, o'ldi deng,

She'r nimadir- asli shoirning o'zi.

06.03.2020.

BAHOR.

Qahratonning ayozini so'ndirgan bahor,



Adirlarda boychechaklar undirgan bahor.

Nafasi-la alvon qilib chamanzorlarni,

Tabiatga guldan libos kiydirgan bahor.

Yuraklarga ishq atalmish iforin sochib,

Ko'ngil daftarida yangi sahifa ochib,

Ulashmoqqa dasta-dasta gullarni quchib,

Qalb uyini orzularga to'ldirgan bahor.

Yosh-u qari intiq kutar shunday suyuklik,

Ham zaminga, ham ruxingga berar iliqlik.

Ma'yus tortgan ko'zlarda ham o'zgacha sho'xlik,

G'amdan tushkin yuzlarni ham kuldirgan bahor.

Gullolalar qirmiz rangda, qiz yanog'idek,

Yashnar qirlar yashillikdan, baxt quchog'idek.

Shiddat qo'shar tuyg'ulatga, yoshlik chog'idek,

Oshiqlarni ishq o'tida kuydirgan bahor.

Kelganida aritadi qayg'ularimni,

Uyg'otadi uxlab yotgan tuyg'ularimni.

Eslatadi esdan chiqmas injularimni,

Qirqkokilni kaminaga suydirgan bahor.

ISHQ.


Ishq ishq deya tinchimas hayol

Ishq zarbidan dil chekar ozor

Qancha qiynoq bo'lsa chidarman

Muhabbatdan kechmayman zinhor

Muhabbatsiz kunim kun emas

Muhabbatsiz tunim tun emas

Ishq otashi yoqsin tanamni

Muhabbatsiz dil mamnun emas

Osmonimni yoruq qilar ishq

Dlixonamni gulga belar ishq

Men yorimga izhor aytaman

O'sha onda dalda berar iahq

O'tga tashlar sevgi balosi

Dildan kuydek chiqar sadosi

Savdoyiman uning ko'yida

Muhabbatning menman gadosi

* * *

Yo'llar...



Poyoni yo'q, tugamas ular.

Undan uzoq hayoliy manzil.

O'ylar uchar samodan baland,

Bir-biriga bog'lanar zanjir.

Ko'ngillardek bo'lolmas payvand,

Qo'llar.


Gullar...

Alvon qilar bog'larni ular,

Chiroyidan zavqlanar ko'ngil.

Bulbullar xo'r aytar yallasin,

Huddi yorin kutadi dilgir.

Yo farzandga atab allasin,

Kuylar.

Olam...


Inson uchun yaralgan olam.

Biz bu yerga azaliy mehmon,

Bir kun tugar umr jomimiz.

Kuzatadi manzilga mezbon,

Omonatdir aziz jonimiz.

Oshnam.


Hayhot...

Yashash qanday totlidir, nahot.

To'ymaymiz biz asli nimaga?

Topilmagay savolga javob.

Chiqib olib ulkan kemaga,

Bizlar suzib ketamiz shitob.

Hayot!
* * *

Yuragim...

Ko'ksimga sig'maydi sira.

Entikib uradi, ismingni aytib.

Ko'zlarim...

Sensiz shod kulgandan ko'ra,

Yoshini to'ksaydi, yoningga qaytib.

Go'zalim!...

Qarshingga qaytaolmayman.

Negaki, mehringni sezmaydi dilim.

Izhorim...

Ichimda qoladi, aytaolmayman.

Sen tomon uzatsam, yetmaydi qo'lim.

Mavhum...

Bir ko'rinmas chegara turar,

Huddi yuraklarda "Berlin" devori.

Qalbimda iztirob bir qal'a qurar,

Ayriliqning muncha og'ir zalvori.

Go'yoki...

Sahroda qaqragan qumman,

Sen esa misoli mavjlanar dengiz.

Yoki...


Qumda yotgan tuyaga dumman,

Yerga talpinaman, yetmayman esiz.

Umrim...

Baki birovga qadrlidir u,

Azizdir boshqaga aytgan kalomim.

Gulim...


Men senga talpingum mangu,

Yo'llayman har lahza ishqiy salomim.


O'ZINGDIRSAN.


Samo yulduzlari ichra charog'oni o'zingdirsan.

Uyim ishqdan yorug' etgan charog'boni o'zingdirsan.


Hama gullar iforingdan o'g'irlashmoq ilinjinda,

Alarga ham saho aylar gulistoni o'zingdirsan.


So'zing shakkar kabi totli, go'yoki qandi novvotli,

Gulim, har hasta ko'ngilning davojoni o'zingdirsan.


Halovat tuygali qalbim, saning yoningda bo'lsam der,

Hayolim orzuyi gulshan, oshiyoni o'zingdirsan.


Hayotning matlabi joni, uning eng yaxshi dostoni,

G'azal, ash'or bitardek bo'lsa ilhomi o'zingdirsan.

* * *

Tamom...


Eh! endi moziyda,

yoshlarcha sho'xlik,

Ko'zlarda ma'yuslik,

Hamohang kuyda

Eh! Yurak, sho'rlik.

Harqalay...

Hayotman bu olam ichra,

Hali yozmoqdadir,

Butun qalamim.

Quvnoqlik chekingan panaga picha,

Sahnaga chiqqan so'z.

Ashkim,


Alamim.

Saman ot endi yo'q,

U bolalikda.

Varrak ham uchmaydi adirlar bo'ylab.

Tashvishsiz kunlar yo'q,

Umr kamlikda.

Hayot...

So'qmoqlarda yuraman o'ylab.

Qayon yetaklasa ,

Poyonsiz yo'llar.

Shunday yo'rg'alaymiz,

Izmidan chiqmay.

Savob deb atalmish

ish qilsa qo'llar.

Xotirjam yashaymiz,

Oxirdan qo'rqmay.

UL JONON.
Yaralgay ortidan bog'lar, qayerdan o'tsa ul jonon,

Kuzatar hastaxol ko'zlar, yonimdan ketsa ul jonon.


Havasmadman pariyvashga, muhabbatim tutib pinhon.

Bu dardimni hayol qilmas, agar tush ko'rsa ul jonon.


Bitib ming bayt g'azal anga, ta'rifin keltirolmasman,

Ki dostonlar yozib bo'lmas, samarsiz, bilsa ul jonon.


Labi qirmiz, qoshi qunduz, uni deyman kecha-kunduz,

Menga rohat bo'lur erdi, yuragim tilsa ul jonon.


Yuzimni za'faron etdi, ko'zimdan yosh oqib bitdi,

Faqir majnunsifat bo'ldi, tamomman boqsa ul jonon.


Uzolmam ko'z jamolidin, umidvorman kamonidin,

Uyim nurdan kular erdi, qadamlar qo'ysa ul jonon.


Hayot gar sen sevar bo'lsang, dedim qo'rqma azobidan,

Muhabbatdan o'girmas yuz, ki inson bo'lsa ul jonon.

HAYOT HAQIQATI.
Shamolda ohista chayqalar daraxt,

Huddi silkitgandek menga qo'lini.

Men uchun...

Tabiat, novdalar ilhaq.

Go'yo ko'rsatadi hayot yo'lini.

Yashamoq gashtini kuylaydi qushlar,

Ko'ngilga xush yoqar, jo'r navo bilan.

Bolalar bog'chada Vatan deb kuylar,

Qalbiga jo bo'lgan, bir ma'vo bilan.
* * *

Mana 30 ni ham urib qo'yyapman,

Yashadim hayotning gashtin axtarib,

5 yashar bolamda uni ko'ryapman.

Dada o'ynaylik der,

To'pin ko'tarib.

Umr o'taverar, vaqt to'xtamaydi.

Biz ham oldinlari bola edik shum,

Kechagi lahzalar!

Erta qaytmaydi.

Poyezd to'xtamaydi,

Aqalli bir zum.

Hayot haqiqati, azaliy g'oya,

O'zgarmas,

toki bu olam bor ekan.

Otaning niyati, orzusi bola.

Der: hali yashayman,

Bolam bor ekan.

O'y surib tebrangan daraxt ostida.

Tushunib yetganim,

Anglaganim-shu.

Insonning maqsadi-qolsin ortidan.

Chin farzand,

Yaxshi so'z,

Yaxshi nom mangu.

* * *


Inson kelar ekan,

va ketar ekan,

O'zining sochilgan rizqini terib.

Kimdir gul axtarar,

Yana kim tikan,

Hayot ayvonida yelib,

Yugurib.

Hayolchan ko'ngilning matlabi nima?

Unga sokinlik va ilhom bo'lsa bas.

Kiygani yangi-yu,

O'ylari ko'hna.

Yaxshilik porlagan osmon bo'lsa bas.

Ijod ham bir hayot,

U ham tiriklik.

Qog'ozga chizilgan umr lavhasi.

Yurakning kengligi asli buyuklik,

Samoga talpinar,

Buzib qafasin.

Tushunib bo'lmagay shoir ahliga,

Uncha qiziqtirmas muayyanliklar.

Parvo ham qilmaydi tana dardiga,

Unga qiziqroqdir hissiy kamliklar.

Allohga omonat asli umrimiz.

Go'yo vujuddagi qushga o'xshaydi.

Turlicha sayraydi,

Turfa ko'nglimiz,

Shoir vujudida bulbul yashaydi.

Hayot shamga qiyos.

Puf desang o'char.

Kimdir uzoq yonar, lekin besamar.

Boshqasi dillarga yorug'lik sochar.

Kunduz quyosh bolar,

Tunlari qamar.

* * *


Ona!...

Men ketyapman uzoq uzoqqa,

Ona! meni kutmagin dilgir.

Qadam bosdim uydan yiroqqa,

Lekin sendan ayromas ko'ngil.

Ona!..


Men yo'g'imda o'ksima, kuyma,

Bolam bilan ovunib turgin.

O'zing yopgan kulchanonlardan,

Arzandangga avaylab qo'ygin.

Ona...

Mening yuragim ulkan,



Parvoz qilmoq istar betinim.

Sen mening chun dunyosan, bekam,

Ona, o'zing mening ochunim.

Ona,


mehring menga kuch berar.

Dalda berar dilga o'giting.

Doim kelgum yoningga shoshib.

Qo'msab bag'ring,

magiz, quruting.

Ona,


Men ketyapman

sen tomon shoshib,

Quchoq ochib kutgin bolangni.

Sog'inch ila bag'rimga bosib,

Artib qo'ygum ko'zda jolangni.

Ona...
ACHINMAYSAN.


Bu jonni o'tga tashlab sen, ayo hargiz achinmaysan.

Ko'ngulga ishqni joylab so'ng, ko'zi nargiz achinmaysan.


Hajr o'ti kabob qilsa, g'arib ahvol, xarob qilsa,

Bag'ir-jonimni tig' tilsa, seney oyqiz achinmaysan.


Xatimda qancha so'z aytsam, so'zimda ishqni yuz aytsam,

Bahor, yoz, qish va kuz aytsam, demay bir so'z achinmaysan.


Oshiqlarning sarasi men, yurak- bag'ri yarasi men,

Bilib qo'ygin shularni sen, yuzi qirmiz achinmaysan.


Hayotingdan sadoqat kut, muhabbatdan xalovat kut,

Qamar yuzli, nigohlar o't, ko'zi yulduz achinmaysan.


QISHLOQ.
Eski hovli,

Pastqam uy hovli,

Nur tushadi xira chiroqdan,

Ota uyim,

Bobomning ovuli,

Chorlayverar uzoq-uzoqdan.

Sog'intirar buloqning suvi,

Choylar ichsang,

Qumg'on, o'choqdan.

Entiktirar adirlar yeli,

Dil uzilmas ona qishloqdan.

Jonga tegar shahar suroni

Mashinalar g'izzo-g'iz o'tar.

U yoqda yo'q!

Shoir ilhomi,

Dala-dashga tortqilab ketar.

Qushlar kuyar o'z qo'shig'ini,

Maysalar ham shirin shivirlar,

Tinglasang gar,

o'z ma'shuqini

Ko'rganingdek eting jimirlar.

Bolalikning shodon onini,

Yodga solar qiyshiq, tuproq yo'l.

Onang yopgan kulcha nonini,

Yesang yana suvda qilib ho'l.

Eski hovli,

bola uy hovli,

Yosh oqadi eslab qaroqdan

Bobom uyi,

Xotira ovuli

Quchoq ochar kelsam qay yoqdan.
24.04.2020.
* * *

Tuproq yo'l,

Tiniq suv,

Tanish manzara,

Yuzini yuvadi keksa majnuntol.

U bilan teng guvoh

Sirga sharshara,

Ahdiga sodiqlar...

Suraman xayol.

Bizning ishqimizning tug'ilgan joyi,

Ikki ko'ngil uchun qadrdon go'sha.

Xa! Keyin yo'limiz bo'g'ilgan joyi,

Orzular armonga o'grilgan go'sha.

Majnuntol, sharshara yig'lar qo'shilib,

Sevgimiz ko'milgan qabr ustida.

Otalar, onalar niyatini deb.

Bizning ishqimizga ayro tushdi-da.

Hozir u bir ona,

Mushtipar ona.

Meni, majnuntolni eslasa kerak.

Onasi aytgandek uyi shohona.

Lekin baxti unday bo'lmasa kerak.

Har safar ko'rganda o'yga tolaman,

Ko'ngil yaqin joydan uzolmay ko'zim.

Majnuntol sochini...

Tarab qolaman.

Unsiz azoblaydi xotira izi.

Tekis yo'l,

Tiniq suv,

Yangi manzara.

Yuzini yuvadi eski majnuntol.

Ahdini buzmagan do'stlar,

Sharshara.

Endi farzandlarga tilaydi kamol.


06.05.2020.
* * *

Mana bugun tinch va obod hayotimiz,

Ortida bor otalarning jasorati.

Alla bilan aytgan xurlik bayotimiz,

Zamirida onalarning matonati.
Tinchlik uchun jon berganlar mangu tirik;

Ona tuproq, ozodlikni saqlaganlar.

Qari-yu yosh, ayol-erkak, katta-kichik,

Vatan uchun o'z burchini oqlaganlar.


Berlindami, Moskovdami, yo Afg'onda,

Bobolarning, akalarning, izlari bor.

Saraosyo, Uzundami, Andijonda,,

Onalarning, opalarning ko'zlari bor.


Xotiradan o'chmas aslo nomlaringiz,

Yurt unutmas o'zining mard o'g'lonlarin,

Mixda iliq tishlab ketgan nonlaringiz,

Onalarning umidi bor, bor jonlari


Abad tinchlik bo'lsin butun olam aro,

Odam boshqa odamga hech o'q otmasin.

Faqat xaykal bo'lsin ona motamsaro.

Azon va serquyoshlarsiz tong otmasin!


9-MAY XOTIRA VA QADRLASH KUNIGA BAG'ISHLANADI.

09.05.2020.


* * *

Bolam mening xonamga kirib,

Dedi- menga qush chizib bering

-Aytganingni qilay sal turib,

Xayolimni sochmagin mening.
Ko'nmaydi u aytganlarimga,

Qo'lda tutib qog'oz va qalam.

-O'zim sira eplolmayapman,

Qushcha chizb bering jon dadam.


-Shu she'rimni tamomlashim shart,

Onangga ayt, u yaxshi chizar.

Boraqolgin yo akangga ayt,

- Akam uyda televizor ko'rar


Ovozimni baland ko'tarib,

-so'zlarimni topolmayapman

Qo'llaridan ushlab qaytarib.

-bolalarga she'r yozayapman.


Murg'ak bola bir jumla dedi,

Jimirlatib yubordi etim.

-Sizga kitob, she'r bola dedi.

Men bechora go'yoki yetim.


* * *

Gul taratgan shirin iforni,

Boshqa hidga mengzab bo'lmagay.

Bog'dan uzib yegan anorni,

Mazasini sharbat bermagay.
Ona yerning qaynoq taftini

Oyoqyalang yurganlar sezar.

Sadafdek but tishlar qadrini.

Qarib tishi tushganlar bilar.


Navqironlik, yoshlik kuchini,

Keksa, kuchdan qolgandan so'ra.

Hijronlarning sog'inch o'tini.

Muhabbatda yongandan so'ra


Shukronalik, tinchlik neligin,

Uyi notich, nochorlar bilar.

Baxtiyorlik, sog'lik neligin,

Hasta yotgan bemorlar bilar.


Har fursatning o'z vazifasi,

Har hodisa hikmatga ega.

Hayot - kitob, har sahifasi,

Illatga-yu ibratga ega.


Shuning uchun ey ahli inson,

Daqiqaning qadrin bilaylik.

Bitta umr, yagona imkon,

Ezgu niyat, amal qilaylik


MAYLIMI?
Seni birovlarga bermayman.

Ul raqib, yovlarga bermayman.

Visoling mushkulmi?

Chidayman.

Sen faqat yo'q dema!

Maylimi?
Ag'yorlar to'solmas yo'limni,

Ming xushdor ololmas ko'nglimni.

Sarf etay men bor-u yo'g'imni,

Kel faqat yo'q dema!

Maylimi?
Mast qilsin dudog'ing gulobi,

Ilitsin yanog'ing oftobi.

Mayli et ushshoqlar xarobi.

Lek faqat yo'q dema!

Maylimi?
Unmoqda yurakda g'unchalar,

Ilhoming orombaxsh kuy chalar.

Bag'ritosh bo'lmasdan bunchalar,

Sen faqat yo'q dema!

Maylimi?
Yozning otashida qovrildim,

Kuzning shamolida sovrildim.

Ayozda ishqingdan bor bo'ldim.

Bahorlar yo'q dema!

Maylimi?
O'zimdan qizg'onib qaroqlar,

Misli dur, billurdek ardoqlar.

Kelaqol yo'q etib firoqlar,

Sen faqat yo'q dema!

Maylimi?


Matlabim so'ndirma!

Maylimi?


TONG.
Tongda atirgulga qo'nadi shabnam,

Yayraydi erinchoq quyosh taftida.

Qarshilar meni kun, shu yo'sin har dam,

Bir olam istaklar tutib kaftida.


Entikib kutaman, zo'r sog'inch ila,

Dilgir nasim yelar, musaffo tongni.

U go'yo bobomdek boshimni silab,

Hayol-la to'ldirar chanqagan ongni.


Entikib ketaman, birdan shodlanib,

Ilhomning zavqidan, shirin epkindan.

Hayolda mahbubam turar nozlanib,

Tongni sog'inishim boisi shundan.


Sirlarim aytaman ash'orlarimda,

Huddi oshiq tushin suvga aytgandek.

Muhabbat deb yozsam bahorlarimda.

Kuz o'zin eslatar ortga qaytgandek.


Bugungi she'r bitti, oy ham mo'ralar,

Soat ham "hufton"ga urmoqda bongni.

Subhidam bitaman yorga izhorim,

Ilhomim kutaman, sog'inib tongni....


YOMG'IR YOG'DI...
Yomg'ir yog'di yana yangilab dardim,

Esimga tushdi-ku eski og'riqlar.

Uzilmas umrimdan, hamxona gardim,

Taqdir zanjiridek puxta bog'liqlar.


Yomg'ir eslatadi... Birinchi ishqni,

Har gal yog'ganida aytib salomin.

Bundan 10 yil avval "ilitgan" qishni,

Unuta olmaydi, xorg'in xayolim.


Yo shodon kun deymi? Yoinki mahzun,

Nima deb atasam o'xshayveradi.

Yillar karvonida osilib har kun,

Tegramni azobi qurshayveradi.


Yomg'irdan qo'rqaman, ammo kutaman.

Mening armonim ham, ilhomim ham -shu

Xayoliy sevgimga gullar tutaman,

Men bilan taqdirdosh, yomg'irim mangu...


* * *
Musaffo osmonda,

Bulut qo'ynida,

Mening orzularim chodirin tikkan.

Yulduzlar yonida,

Somon yo'lida,

Shodon bolaligim o'ynoqlab ketgan.


Xotirda kechagi kundek yashaydi,

Mening olovligim,

Mening cho'gligim.

Tanish kino misol yoddan chiqmaydi,

O'sha bedovligim,

O'sha sho'xligim.


Samodan kaftini silkib bolalik,

Eslatar ta'sirin yillar karvonin.

Menda g'am, alam ko''p, kunlar jolalik,

Unda yo'q edi-da dardi, armoni.


Umr kitob erur,

Bir necha tomlik,

Har biri qandaydir mazmun kasb etar.

Eng qiziq, sho'x bobi ersa bolalik,

Xotima bobini keksalik bitar.
Musaffo osmonda,

Bulut qo'ynida,

Mening bolaligim chodirin tikkan...

ILHOM.
Dilning tug'yonlari so'zga sig'maydi,

Bitmoqlik istasam, topilmas jumla.

Yurakning yig'isi ko'zga sig'maydi,

Armonlar orzuga qiladi hamla.
Jizg'anak umidlar, jonsarak ko'zlar.

Talpinar quyoshga, mehrga tashna

Tuyg'ular qanotin yozmoqqa intiq,

Bo'lmoqni istaydi sevgiga oshna.


O'ylanib qolaman goho, daf'atan,

Kimlarga yoqmaydi yozgan har so'zim

Mendek his etolmas, sezgimni yot tan,

To'kis anglaguchi faqat men, o'zim.


Ilhomning shamoli silkitar ongni.

Qatorlar quyilib tushar ustma - ust.

To'satdan izlayman sokinroq joyni,

Qog'oz va qalamni bilib yaqin do'st.

Allohning men uchun katta in'omi,

Umrimning jomida ilhomim hamdam.

Tilimga chiqmasa, dilim kalomi,

She'r, ilhom o'sha dam eng yaxshi daldam.

OTA-ONA.
Umrim bo‘stonida topgan ganjlarim,

Ikki tomonimda ikkita ustun.

O‘zi Ka’bam mening, o‘zi Hajlarim,

Alloh, ota-onam asra men uchun!


Birgalashib yetkaz yaxshi kunimga,

Ikkisin qalqon et o’ng-u so'limga.

Duoda bosh bo’lsin har bir to‘yimga,

Alloh, ota-onam asra men uchun!

         

Qabohat mehrimga solmasin soya,

Ular tirgak menga, suyanchiq, qoya.

Duosi kuch berar, madad, himoya,

Alloh, ota-onam asra men uchun!
Bu dunyo ulguray xizmat qilishga,

Jonim nisor qilay rozi etishga.

Shay turgan men uchun borin berishga,

Alloh ota-onam asra men uchun!


Ular bordir - g‘ururim osmon qadar,

Ular bordir - yo‘lolmas xavf-u hatar.

Ular bordir - uyimdan g‘amlar ketar,

Alloh, ota-onam asra men uchun!


Ishim ortga ketsa bergan tasalli,

So'zlari purhikmat, qand-u asalli.

Ezgu niyat qilar, ezgu amalli,

Alloh, ota-onam asra men uchun!


Men tinch bo'lsam, dillarida halovat,

Qo'lda tasbeh, tillarida salovat.

Ularni qil doim sog'-u salomat,

Alloh ota-onam asra men uchun!

TANISH ERTAK.
Qo'lida gul tutib turardi bir qiz,

Xalovatim oldi xusn- u jamoli.

Yurakda jo'sh urdi, ayricha bir his,

Kim ekan u go'zal?

Shuurim savoli.
Alvon ko'ylagi-yu,

Alvon guli ham,

Ko'zimga olovdek ko'rindi nechuk?

Xushim yig'ib olib daf'atan shul dam,

Ust - boshim o'ngladim,

Ko'rinmay xunuk.


Shahdam qadam ila yoniga bordim,

Odimlar tetik- u, yurakda titroq.

Cho'zib o'tirmadim,

Dilimni yordim,

Dedim:- parvonaman,

Siz esa chiroq.


U birdan xayrat-la seskadi nogoh,

Kimsiz deb so'radi, nafis ovozda.

Nega bu xushomad,

Nega shuncha oh?

Mendan bo'lak yo'qmi katta kolxozda?
Yo'q dedim!

Yo'q dedim,

Siz yagonasiz!

Qayoqqa qochdi bu so'zga chechanlik.

Gap kelmas tilimga jumlam ma'nosiz.

Yuz- yuzlab she'rlarim qilardi kamlik...


* * *

Ko'ngliga yo'l topdim zahmatlar chekib,

Nomiga she'r bitib, zebosiz dedim.

O'zni misli oshiq Tohirdek tutib,,

Go'zallar sultoni, Zuhrosiz dedim.
Onamni yubordim sovchilik uchun,

Shu qizni olaylik, sizga qiz bo'lsin.

Onam yetti bordi, ovchilik uchun,

Qizingizni bering, bizga qiz bo'lsin.


Axiri ko'ndilar, taqdir ekan deb,

To'y qildik kolxozning shiyponchasida.

Qadaqlar quyildi kelin-kuyov deb,

Berkitib raisning vagonchasida...


To'yda butun qishloq xo'p o'ynab kuldi.

Bola-yu kattalar obdon yayradi.

Tok o'chdi,

Chiroqchi o'z ishin qildi.

Qishloqning " bulbul"i jonli sayradi.
Xullas, to'yni qildik, duv-duv gap qilib.

Qancha vaqt xotinlar maqtashib yurdi.

Kelinni "Layli"-yu, meni "Majnun" deb,

Ko'p yaxshi so'zlar-la alqashib yurdi...


* * *

Oradan qancha oy, yillar o'tibdi,

Hozir u suluvning maqomi ona.

Qo'lida gul emas, farzand tutibdi,

Men esa she'r bitib yuribman yana.
Yoshlikda bo'larkan bari oh-u voh,

Hozir sevish uchun vaqt yetmayapti.

Sevdim deb xotinga she'r aytsam nogoh,

"Zuhro"ni bir tuki qilt etmayapti.


Sevgi vazifasi fursatga qarab,

Sharoitga monand o'zgarayapti

Oldin yurgandi-ku qalbga o't qalab,

Endi tandiriga o't qalayapti.


Muhabbat bo'linar burda non kabi,

Farzand-u, oila, ota-onaga.

Taqsimlanar ekan bir "talon" kabi,

Yetmay qolaverar bizning xonaga.


Xullas, hayotimiz mazmunga to'la,

Oila, farzand deb kuyib-pishyapmiz.

Ertaga kolxozda bayram, bir yo'la,

Kelinglar, o'g'ilni sunnat qilyapmiz.


* * *
Bechora odamlar...

Bechora osmon.

Bechora xayollar,

Bechora ayvon.

Odamlar bechora

armoni uchun,

Orzusi ko'milgan

umrin qabriga.

Bo'lishib dilpora

yaqinlar uchun,

Maqsadlarin surar

biroz nariga.
Osmonlar bechora,

quyosh ko'rmas oy.

Ularga ayriliq

azaliy qismat.

Shams uchun mavhumdir

tundagi chiroy,

Hilolga begona

kundagi xilqat.


Xayollar bechora

ularda yo'q yo'l,

Qayon otlanishin

bilishmas aqal.

Xayolot olami

chegarasiz ko'l,

Unda rejasizlik...

mudom, har mahal.


Ayvonlar bechora

kulgu yo'q, nur yo'q,

Qaldirg'och mehmoni

bo'lmaydi zora.

Huvillar hovlisi

farzanddek dur yo'q,

Ilgakda osig'liq

yangi nog'ora.


Baxt kutar odamlar,

osmonlar diydor,

Manzilsiz xayollar

intiq ko'shkiga.

Ayvon baxtga mahtal,

bir bolaga zor,

Nog'orasin chalsin,

osib bo'yniga.


Baxt kutar odamlar,

Baxt kutar ayvon...


ISHQIM.
Yiroqqa ketmagan, yuragimda u,

Toki jonim tanda, men bilan ishqim.

Har bitta baytimda, tilagimda u,

Kulsam sevinchimdir, yig'lasam ashkim.
Olamning eng sara injusi deyman,

Umrim badalida katta omadim.

Ishqimni pok saqlash g'amini yeyman,

Alloh in'om etgan zo'r omonatim.


Hilolga mengzayman, javohir, durga.

Shonim deb bilaman, orim deb yana.

Shams misol qalbimni to'ldirar nurga,

Shuurim yovuzlikdan qiladi pana.


Ishqimning zar to'ni, eng go'zal libos,

Iymonim asraydii nafs paykonidan.

Xayollar muhabbat ko'lida g'avvos,

Tomirdagi qonim, Majnun qonidan.

Meni tark etmaydi, yuragimda u,

To Hayot ekanman, men bilan ishqim...


15.07.2020.

* * *
Ko'rinsang gar nafarmondek chamanda,

Yurak o'ynoq, turar titroq badanda
Labing shakkar, yanog'ing ol, tishing dur,

Saningdek yo'q Iroqu, Shom, Yamanda.


Qading tahsini kam bo'lg'ay bilarsan,

Sani deb ming g'azal bitsam agarda.


Haloyiq bilsa ishqimni so'zimdin,

Sadosin tinglashar shams-u qamarda.


Kularlar qancha oshnolar gado deb,

Gado bo'ldim, sahovat qil saharda.


Muhabbat menga Allohdan atodur,

Ki majnun qismatim, yo'q ming nafarda.


Hayot ushshoq aro g'ofil emas hech,

Sani derman o'lar kun, ham xatarda.


* * *


Muhabbat deb kuyib pishdim, bo'lib shaydo jamolinga,

Iki o'q otguchi mujgon, iki olma yanog'inga.


Suzilib, noz karashma birla jonni ado qilg'ay,

Yashirib ko'zda ming olam, tuzar ma'no qabog'inga.


Qilur oshiq imo qilsa, tutib bol-u asal o'zda,

Totay deb men g'arib ahvol, dilim ketg'on dudog'inga.


Qadi sarvin maqoming'a necha ta'rif qilur kamlig',

Desam Laylo, desam Zuhro debon ishqim qulog'inga.


Hayoto senga duch keldi sara gullar aro shohi,

Aning shukrini aytarg'a shakardin qo'sh bayotinga.


* * *

Oq bulutli,

tiniq ko'kka singib ketsang,

Topa olsang sokinligu, xalovatni.

Atrofingni,

o'z-o'zingni yengib ketsang,

His etmasang ishqdan bo'lak haroratni.
Singib ketsang,

nurga tonggi shabnam bo'lib,

Yoki gulga bag'ishlasang shirin ifor.

Bir hastaga davo bersang,

malham bo'lib,

Yo aytilsang, ma'shuqaga bo'lib izhor.


Singib ketsang

yuraklarga mehr yanglig',

Baxt ulashsang,

kemtigi bor dilxonaga.

Kulgu bo'lsang,

bir bolaga ko'zi namlig'.

Yig'i bo'lsang to'lib turgan paymonaga.
Singib ketsang,

shoirlarning dil satriga.

Tuyg'ularin ash'or qilsang,

ilhom bo'lib,

Singib ketsang,

dildoringning mushk, atriga,

Yo bo'ynini erkalasang,

marjon bo'lib.


Singib ketsang,

Oq bulutli, tiniq ko'kka,

Yo yashasang,

Iymoni pok inson bo'lib...


QIYOMATDAN QO'RQMAGANLAR.
Bilib turib qilar gunoh.

Shu kunini o'ylaganlar.

Razolatga ochar quchoq,

Qiyomatdan qo'rqmaganlar.


Hanjar urar do'st ko'ksiga,

Tik boqadi so'ng ko'ziga.

Vafo qilmaydi so'ziga,

Qiyomatdan qo'rqmaganlar.


Kasb aylarlar hiyonatni,

Qaytarmaydi omonatni.

Pisand etmas ibodatni,

Qiyomatdan qo'rqmaganlar.


Qilgan ishi zalolatdir,

So'zi g'iybat, malomatdir.

Do'zax uchun kafolatdir,

Qiyomatdan qo'rqmaganlar.


Salovatni ayta olmas,

Egri yo'ldan qayta olmas.

Oxirat-la ishi bo'lmas,

Qiyomatdan qo'rqmaganlar.


Faxshga yuzin burgan nodon,

Inson emas, vaxshiy hayvon.

O'tgan umri bo'lar armon,

Qiyomatdan qo'rqmaganlar.


Sahovatni totin bilmas,

Hayr-u saho qilmaganlar.

Payg'ambarga ummat emas,

Qiyomatdan qo'rqmaganlar.


EY HALOYIQ...

Ey haloyiq, ahli inson, ko'zni katta ochmagaysan.

"Bilsa rostdir, yo'qsa yolg'on" so'zni tashlab qochmagaysan.
Ko'rsa ko'zni chetga bursang, tinglasang do'q hafsalang pir,

Tilni qisgan boylaringning sirlarini ochmagaysan.


To birovlar senga rostin aytaringdin bersa buyruq,

Shunda qo'rqub, aytgali so'z asta og'iz juftlagaysan.


Elni o'ylar, haqni so'ylar kimsa bo'lgin ahli o'zbek,

Gar haqiqat birla do'stsan, dilni toza saqlagaysan.


Ey Hayoto, Haqqa oshno, xalqqa oshno bo'l mudom sen,

Chin bitarni aylasang kasb el aro kam bo'lmagaysan.


* * *


Shoir degan o'zining emas,

El dardini kuylamog'i shart.

Shoirlik bu - sog'inch va sevinch,

Yo, yurakni yaralagan dard.


Ash'or bitar bo'lsang sen agar,

Yoz yolg'onsiz,

pokiza, begard.

Uni birov o'qigan mahal,

Ta'sirlanib yig'lamog'i shart!

* * *


Tong sahar

uyg'onsang azon oldidan,

Qalbingni ilitsa mehr yolqini.

Shukr,


o'tding bir kun imtihonidan,

Yangi tong,

yangi bir imtihon kuni.
Ko'ngil shod bo'lsa gar-

uylar oboddur

Yaxshilik yoritar qorong'u yo'lni.

Alloh tuhfa qilgan har daqiqa dur,

Fursatni qadrlash-

asramoq o'zni.


Har kun yangi sinov,

yangi imtihon.

Ruhingni shaylamoq, muhim vazifa.

Zahmatda toblanar,

chiniqar inson.

Vijdon yana tunga tutar vasiqa...

* * *

Izhorlar shamolda to'zg'igan xazon



Manzilin izlaydi daydi nomalar.

Sevgimning bahosi shunchalar arzon,

Yuzimga yopilar g'aribxonalar.
Ishq, otash, alanga yoqar vujudni,

Naki tan, qovrilar dil ustixoni.

Telbalikka yo'ymang, unsiz sukutni,

Nigohimdan o'qib oling ma'noni.


Ushshoqlar qismati shundaymi ayting?

Hijron sahrosida sargardon kezish.

Mening hayotimni o'zimga qayting,

Beayov azoblar saro-sar yurish.


Majnunlik nishonin osib umrimga.

Yor vaslin izlaydi botin, zohirim.

Karvonlar yurmagan, izsiz yo'limga,

Dil sarbon axtarar, bormi oxiri?


To so'nggi ongacha maqsadim o'sha,

So'nggi nafasgacha matlabim visol.

Muhabbatni deyman mudom, hamisha,

Allohim ulashar ne'matin halol.


* * *


Lahzalar yugurik,

Umr o'tyapti.

Yigitlik hisobin berib... Ketyapti.

Bir payt mendan ranjib, labin burgan qiz,

Bugun ajiniga upa surtyapti.
Kuch-quvvat o'tkinchi,

chiroy o'tkinchi,

Mol-davlat o'tkinchi,

saroy o'tkinchi.

Dunyo mezbon bo'lak barchasi mehmon,

Bugun botgan quyosh, ham oy o'tkinchi.


Hayot jilovini mahkam tutgancha,

Vaqt chavandozdek yelmoqda olg'a

Tim qora sochlarga qirov tushguncha.

Qorbobodan iintiq kutamiz sovg'a.


Yoshlik ayyomida gul tutgan qo'llar,

Bugun tutmoqdadir farzand qo'lini.

Bir vaqtlar bolalik changitgan yo'llar,

Bugun esga solar sog'inch yo'lini.


Xayollar titkilar moziy daftarin,

Hamsoyaga yozgan ishqiy xatlarim,

Sahifa ustiga tushar sahifa

Yana sirdoshimga aytgan gaplarim.


Har onning ayricha tarovati bor,

Daqiqa qadrli, g'animat soniya

Har faslning inju harorati bor,

Olamni his etmoq, bilmoq kifoya.

JAVOB BERING!
Gul axtargan gulg'unchalar,

Yanog'i ol, oykulchalar.

Bag'ringiz toshmi shunchalar?

Savolimga javob bering.


Xayollarni o'g'irlab, so'ng,

Beparvosiz, boqib so'l, o'ng.

Ketmoqchiman, holim zabun,

Xayolimga javob bering.


Ko'kda uchqan oqqushmisiz?

Bilasizmi kuyishni, siz?

Yoki ishqdan sarxushmisiz?

Dilzorimga javob bering.


Yozda kuygan yaproqdekman,

Kuzda mahzun, firoqdekman.

Ketay qishdan, titroqdekman.

Bahorimga javob bering.


Dillar ipin qilib tugun,

Ikki ko'ngil bo'lib butun,

Baxt qasrini qurmoq uchun,

Parvozimga javob bering.

OSHIQMAN.

Rahm et ey pariyruxsor, sanga pinhona oshiqman,

Bu savdodin kechish dushvor, ajab devona oshiqman.
Yurakka ishq o'ti tushgan, vujudim cho'g' kabi otash,

Muhabbat bir chiroq yanlig', ki men parvona oshiqman.


Qadi sarvi xiromonim, agar o'tsang ko'cham uzra,

To'shay poying aro jonim, sanga ostona oshiqman.


Karam ayla, Xudoyim, bir sanam qalbin ilit menga,

Tutib pinhon aning ishqin, sanga oshkora oshiqman.


Hayot shaydo bo'lib vaslingga xo'b ash'or bitar bo'lsam,

Yozilgan ming g'azal bir yon, o'zim bir yona oshiqman.


* * *


Menga haqdan saboq berar, rostgo'ylarim.

Faqat, HAQQA ayon kimning niyati pok,

Yo'lga chiqqan o'zni izlab,

xayollarim,

Iztiroblar quvonchimni aylar halok.
Bu olamning yarmi rost-u, yarmi yolg'on,

Yaxshilarni farqlash uchun bordir yomon.

Zidlik uchun, juftlik uchun mavjud dunyo,

Tun ila kun,

quyosh va oy,

zamin-osmon.


Tevarakni anglash uchun ulamolar,

Qancha buyuk fuzalolar bahs yuritgan.

Hali olam quchog'ida ming asrorlar,

Yashirinib yotar,

o'zin bahsin kutgan.
Yagona bir haqiqat bor yashamoqda,

O'lim qismat,

toki, tirik jon bor ekan.

Insoniyat bu olamdan ketar chog'da,

Tilimizda

" ALLOH "degan zor bor ekan.


Meni izlab yo'lga chiqqan xayollarim.

Umr so'nggi onigacha izlar shaksiz.

Yo'l-yo'lakay juftin topar savollarim.

Anglaganim,

men ham yo'qman asli HAQSIZ.

ONAMGA BAG'ISHLOV.


Tunlari bedorsan,

yo'limga mahtal,

Oroming yo'q sira,

ilhaqsan, ona.

Eshikni qiyalab kelsam bir mahal,

Allohga shukr aytib,

uyg'oqsan, ona.
Tangri bardoshingni tog'dan yaratgan.

Yelkangda millatning sha'ni zil, ona.

Mehring ummon erur,

mavjlanar tinmay,

Jannat poyingdadir,

sendadir, ona.


Ayamay joningni farzandlaring-chun,

O'tlarga tashlashga tayyorsan, ona.

Parvona misoli aylanib giryon,

Ko'ngling halak bo'lar,

sayyorsan, ona.
Halovat bermadim go'dakligimda,

Beshigim quchoqlab,

ilindi ko'zing.

Xatto, 30 da ham bolamam senga,

Hamon quchog'ingda,

tinglasam so'zing.


Oqargan sochlaring - mening yoshligim.

Qadoq qo'llaringda umrimdir, ona.

Bukilgan qomating - bag'ritoshligim,

Ajinlarga sabab o'zimdir, ona.


Tunlari bedorsan,

ming xayol ila,

Bolamning tashvishin qilasan, ona.

Eshikni qiyalab ochsam,

keldim deb.

Shukr aytib Allohga,

kulasan, ona.

* * *


Ko'zlarim qayg'uga botgay, kulmasang,

Manguga ashk birla qotgay, kulmasang.


Jonga og'riq aylagaydir beayov,

O'zni uzlat sori otgay, kulmasang.


Malhami dil erdi jonon, g'unchalab,

Endi orom qayda topgay, kulmasang.


Bahrasiz qoldirma ishqing shavqidin,

Oshig'ing ming qayg'u totgay, kulmasang.


Mendami ayb? deb aro el ichra shud.

O'zni koyib, g'amda yotgay, kulmasang.


Istaring ne? aylagil oshkor anga,

Xush qilar qay yo'lni topgay, kulmasang.


Ey Hayot, yor ko'ngli istar har maqom,

Kun kelib gul o'zi kulgay, kulmasang.


* * *
Tomonlar...

Tevarak,

Sar-sar xayollar.

O'zimni izlayman tegram uzra gir.

Yomonlar,

Kapalak,


Chalkash savollar,

Hammasi mavhumlik,

Javoblar changir.
Hayotim...

Tiriklik,

Yoki tushmi bu?

Anglashga ulgurmas hastaxol shuur.

Sabotim,

Ko'rgulik,

O'lik qushmi bu?

Zulmatda qanoti qayrilib yotur.


Dardlarim...

Darbadar,

Darmon izlaydi.

Notanish tabibga qilib iltijo.

Hamdamim,

Har safar

Battar qiynaydi,

Qarshi ol!

Keldi deb so'nggi intiho.
Men yana...

Turaman


o'rnimdan bazo'r,

So'rayman o'zimdan o'zimni takror.

Bu tana...

Bilaman


hali kuchi bor,

Topmasdan o'zlikni chekinmam zinhor.


FARISHTAM.


Gullarnig chang qo'ngan barglari kabi,

Yurakning yaprog'i g'ubordan qo'rqar.

Ertakdagi (uchar farishta) qalbi,

Mening farishtamning qalbiga o'xshar.


Tushimda ko'raman ma'sum malakdek,

Nozlanib turadi qarshimda behol.

Bir safar boshqacha oq kapalakdek,

Yana boshqasida ko'kdagi hilol.


Vo ajab! ongimda hapqirar hayrat,

Tushunib bo'lmaydi bu chalkashlikka.

Tanamda jo'sh urib, qiladi g'ayrat.

Yo sherik bo'ladi xayolkashlikka.


Oqlikni axtarib, mehrni quchar

Sevinchni izlaydi qayg'u, g'amda ham.

Soflik yalovini ko'tarib uchar.

Bu mening farishtam, mening farishtam.

MEN YAXSHI YOZMAYMAN...
Men yaxshi yozmayman,

ko'pchilik aytgan.

Tuyg'ular chalajon,

oqsoqlaydi so'z.

Jumlaga bir ma'no sig'mayin qaytgan,,

Balk,i bilimsizman,

bo'shdirman biroz.
So'zlarning mag'zini anglamay, shoshib,

Balki, bitgandirman misra o'rinsiz.

Yoki, sarhad buzib,

haddimdan oshib,

Yozib qo'ygandirman

tuzsiz,


qo'nimsiz.
Goho yo'qotibmi halovatimni?

Erk berib hislarga,

kishanlab ongni,

Ortidan ergashib xayolotimni,

Yoddan chiqardimmi?

qoida, mezonni.


Mayli, qanday bo'lsin ko'ngil bitigi,

Ammo, haqiqatga tebransin qalam,

Bo'lsin xatolari,

yo bir kemtigi,

Lekin har qatori o'zimning bolam.
Men yaxshi yozmayman,

ko'pchilik aytgan...

* * *
Ko'nglimning kurtagi o'sdimikan-a?

Muhabbatim bo'yi yetdimi senga?

Mehringdan tilanib kichik boshpana,

Ko'zlarimning yoshi aylandi selga.


Meni chirmovuqdek o'ragan hijron,

Yo'llarimni to'sgan ko'rinmas devor.

Ishqim yo'l topolmas, ovvora, sarson,

Mushkulot tugunin yechmoqlik dushvor.


Sevgi deganlari sarobmi, yo'qmi?

Yo, menga mos emas uning mijozi.

Ravo ko'rganlari azobmi, cho'g'mi?

Faqat mungli kuyga sozlangan sozi.


Tuyg'ular xayolim qo'lin tutgancha,

Oladi boshimiz oqqan tomon yo'l.

Tanlovni aniqlar yurak-- tangacha,

Chikka tushsa o'ng-u, pukka tushsa so'l.


Ko'nglimning kurtagi o'sdimikan-a?

Muhabbatim bo'yi yetmadi senga.

Men xolos o'zimdan qilaman gina,

Eh! qaydan senga dil beribman, nega?






Download 0.61 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling