Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet2/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
8
yuz mil* garbi-janubdagi Mevat viloyati mulk qilib berildi. O‘sha joyda qo‘rg‘on va bog‘ 
qilib,oilasini, o‘ziga qarashli odamlari qatori Hamidalarni ham ko‘chirib ketdi. Isyonkor 
rajputlar viloyati bo‘lgan Mevat juda notinch, urush, yurishlar ko‘p bo‘lar, Hamida va 
uning ota-onasi Agrada osuda o‘tkazgan damlarini sog‘inib eslashardi. Ayniqsa bog‘ 
chetidagi sokin qo‘ltiq va qayiq sayri Hamidaning yodiga ko‘p tushar, Agraga qaytadigan 
kunlarni u doim orziqib kutardi. 
Agrada Hindol mirzoga otasidan qolgan to‘rt bog‘ning bittasi — mana shu Zarafshon 
berilgan edi. Oradan bir necha yil o‘tib, Hindol mirzo va uning odamlari bu boqqa yana 
qaytib kelganlarida hamida bonuning bo‘yi yetib qolgan, unda balog‘at belgilari paydo 
bo‘lgandan beri onasi ko‘chaga yopinchiqsiz chiqarmas, bog‘ sayriga ham, chavgon 
o‘yiniga ham yolg‘iz yubormas edi. 
Mana hozir ham u bog‘ning uzoq burchagidagi xilvat sohilga kanizagi Aminat bilan birga 
keldi. Qoshlari ingichka, sochlari qizg‘ish Aminat asli cherkas qizi edi. Eron shohining 
navkarlari bilan bo‘lgan janglarda asir olingan va qul bozorida sotilgan bu jabrdiyda 
juvon besh yildan beri Hamidaga kaniz bo‘lib xizmat qiladi. Uni Nizom ham tanib qolgan. 
Chunki so‘nggi yillarda Hamida daryo sohiliga doim kanizi bilan birga keladigan bo‘ldi. 
Hamida endi Nizomning ko‘zi oldida cho‘milishdan uyaladi. Yoshi yigirma beshga kirib, 
xiyla bosiq va sipo yigit bo‘lib qolgan Nizom ham Hamida bonudagi bu o‘zgarishlarni 
ma’qul ko‘rgan kabi bosh irg‘ab, kulimsiraydi, unga salom berganda ikki kaftini 
peshonasi ustiga juftlab, yengil bir ta’zim bajo keltiradi, shu bilan kiborlar jamiyatiga 
mansub bo‘lgan qizni o‘zidan xiyla baland qo‘ygandek bo‘ladi. 
Aminat uning qayig‘iga birinchi marta chiqqanda: «Eshkakchi yigit durustroq peshkash 
olish umidida bizni astoydil sayr qildirmoqchi», deb o‘yladi. Yigitning tiniq, qoramtir 
yuzida kamtargina bir jilmayish bor, o‘zi beozor va yuvosh ko‘rinadi. Faqat timqora 
ko‘zlaridan, kuchli bir olovning tapti urib turadi. Baquvvat qo‘llari eshkaklar orqali butun 
qayiqni o‘ziga bo‘ysundirib, uch kishini suv yuzida qushday uchirib boradi. 
Qayiq tor bo‘lgani uchun Aminat orqada, Hamida esa tumshuq tomonda Nizom bilan 
yuzma-yuz o‘ltiribdi. Ikkovining ko‘zi ko‘ziga tushgani sari Hamida bonuda nafis bir 
hayajon kuchayib borayotgani Aminatni taajjubga soldi. Qiz go‘yo mana shu uchrashuvni 
ko‘pdan beri kutib yurgan edi-yu, endi visolga yetishganidan quvonib, husn-u jamoli 
ochilib bormoqda edi. Hamidaning qanchalik ko‘hlik qiz bo‘lib yetilganini, uning yuz-
ko‘zida, qaddi-qomatida qanchalik sehr-u joziba borligini Aminat hozir birinchi marta 
yaqqol his qildi. Hamidaning qizlik latofati go‘yo bir g‘uncha holida edi-yu, eshkakchi 
yigitning diydori shu g‘unchani birdan gullatib ochib yubordimi? Bu yigitda nima karomat 
bor o‘zi? 
Daryo sokin oqayotgan joyda Nizom eshkak eshishdan to‘xtab, past, mayin tovush bilan 
ashula boshladi. 
Nizom azbaroyi Hamidaga mehri tushganidan uning turkiy tilini o‘rgangan, hozir shu 
tildagi o‘ziga yoqqan she’rlarni hindcha kuylarga solib aytar edi. Uning ovozi odamni rom 
eta oladigan darajada dilbar va kuchli. Og‘ir qayiqni qushday yengil uchirayotgan yigitlik 
kuch-qudrati uning ovozida ham sezilib turadi. 
Hamida uning qo‘shig‘ini eshitgan sari g‘alati bir sehr-u jodu ta’siriga berilib, o‘z 
ixtiyorini yigitning qo‘liga topshiradigan holatga tushmoqda edi. 
Aminat birdan Xonzoda begimni esladi. Humoyunga munosib ko‘rilgan Hamidadek qiz 
kelib-kelib shu eshkakchiga ko‘ngil beradimi? 
Yigit Aminatning sovuq nigohini yelkasi bilan sezgan kabi unga o‘girilib qaradi. Ko‘zlarida 
beg‘araz, tamasiz bir mehr nurlanib turganini ko‘rib, Aminat beixtiyor o‘ng‘aysizlandi. 
Nizom oliy dargohlarda yurgan Hamida bonuga yetishaman deb umid qilmaydi, faqat bu 
qizning noyob jozibasini muqaddas bilib, unga sajda qilgisi keladi. U o‘z dilidagi tuyg‘uni 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
9
Hamidaga tushuntirmoqchi bo‘lib: 
— Men bhaqtiga* imon keltirganmen, — dedi. 
— Bhaqti kim o‘zi? — so‘radi Hamida. 
— Bu birovning ismi emas. Bizga o‘xshagan faqir kishilar e’tiqodi. Men Makkayu 
Madinaga hajga borib sig‘inmaymen. Qarshimda turgan chin insonning diliga sig‘inamen. 
Masjidda tamagir mullolar odamlardan xayr-u ehson undirib boy bo‘lurlar. Boylik bor 
joyda muqaddas narsa yo‘q. Shuning uchun biz masjidga bormagaymiz. Biz uchun 
muqaddas joy — yaxshi odamning dili. 
Oddiy bir hind yigitdan bunaqa g‘alati gaplar chiqishini kutmagan Hamida taajjubga 
tushdi: 
— Voy, masjiddan yuz o‘girsangiz otangiz urishmaydimi? 
— Menga bhaqtini otam o‘zlari o‘rgatganlar. Otam ham, bobom ham, — deb Nizom 
ovozini pasaytirib shivirladi, — Kabirga ixlos qo‘yib qo‘l berganlar. 
Hamida bonu bu nomni eshitib, beixtiyor vahmi keldi. Chunki uning bilishicha, Kabir 
dahshatli bir jodugar kofir bo‘lgan, el-ulusni yo‘ldan ozdirib, dindan chiqargan, shuning 
uchun Iskandar Lodi degan podsho Kabirning bo‘yniga tosh bog‘latib, Gang daryosiga 
cho‘ktirishni buyurgan. Lekin Kabir suv tagidan tirik chiqqan. Podsho uni quturgan filning 
oyog‘i tagiga tashlatib o‘ldirmoqchi bo‘lganda u filni ham sehrlab, o‘lmay qolgan. 
Nizom ertaknamo bu gaplarni Hamidadan eshitib mayingina kuldi: 
— Kabirning daryodan tirik chiqqani ham, filning oyog‘i tagida o‘lmagani ham rost. 
Bobom menga buning sirini aytib berganlar. Kabirning jodusi uning she’rlarida ekan. 
She’rini kuyga solib aytsa eshitgan jonzot shunday ta’sirlanar ekanki, Kabir*ning 
irodasiga qarshi biron ish qilolmay qolarkan. 
— Bobongiz Kabirni yaqindan bilar ekanmilar? 
— Ha, otam ham bilgan. Bundan yigirma besh yil avval men tug‘ilganda Kabir bizning 
uyga kelgan. Menga Nizom degan otni shu odam qo‘ygan ekan. 
— Tavba, kimga ishonishingizni bilmaysiz! — dedi Hamida o‘ychan. — Otamlar menga: 
«Kabirni tilga olma, kofir bo‘lasan», deb aytgan edilar. 
— Otangizni johil muhtasiblar* adashtirgan, — dedi Nizom. — Ular bizning boshimizga 
ham qancha kulfatlarni soldilar. Kabirga qo‘l bergan otam zindonda yotibdilar. 
Nizom og‘ir tin oldi-yu, bultur Hamidalar yo‘q paytda mana shu daryo bo‘yida bo‘lgan 
qonli voqealarni aytib berdi. 
 
____________ 
* M i l — 1000 metr. 
* B h a q t i — hindcha ixlos demakdir. Inson o‘z takomiliga ishonsa va komil odamlarga ixlos qo‘ysagina yomon illatlardan xalos bo‘la oladi. 
«Ixlos — xalos» degan hikmat bhaqtida shunday talqin etiladi. 
* K a b i r (1440—1518) — ulug‘ hind shoiri. Uning she’rlari hozir ham xalq orasida juda keng tarqalgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Kabir asli 
brahman oilasida tug‘ilgan, chaqaloqligida onasi tashlab ketgach, uni oddiy bir musulmon to‘quvchi kosib oilasi tarbiyalab voyaga yetkazadi. 
Kabirning o‘zi ham to‘quvchi bo‘lgan. 
* M u h t a s i b — diniy ishlar nazoratchisi. Qo‘lida darra bilan yurib, odamlarning ro‘za tutishi-yu masjidga namozga kelishini nazorat qilgan.
 
* * * 
 
Nizomning otasi o‘zining katta o‘g‘liga hindlarning eng ezilgan shudra* qavmidan 
chiqqan eshkakchi do‘stining qizini olib bermoqchi bo‘ladi. Yigit bilan qiz bir-birlarini 
yaxshi ko‘radi. Ota-onalari uchun ularning har xil dinda ekanliklari ahamiyatsiz. Kabir 
ta’limoti asosida ular musulmon mullasini ham, hind brahmanini ham tan olmaydilar. 
Ular «dinu millat ayirish faqat tamagir ruhoniylar uchungina kerak» deyishib, to‘y 
tayyorligini boshlashadi. Shu orada Nizomlarning mahallasidagi masjidda kutilmagan bir 
to‘polon boshlandi. Kechasi allakimlar masjidning mehrobiga qora cho‘chqaning o‘ligini 
tashlab ketadilar. Mahalla imomi «bu ishni cho‘chqaboqar majusiylar qilgan» deb, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
10
qavmlarini hindilarga qarshi gijgijlaydi. Johillardan besh-o‘ntasi ko‘chaga chopib 
chiqadilar-u hindlar muqaddas hisoblaydigan va ko‘chada bexavotir yurgan govmish 
sigirni yerga ag‘anatib, bo‘yniga pichoq tortadiar. «Masjid mehrobiga cho‘chqaning 
o‘ligini tashlab ketganlarning jazosi budir!» deyishib sigirning kattakon son go‘shtini hind 
ibodatxonasining sajdagohiga osib qo‘yadilar. Shu tarzda har ikki tomonning ham diniy 
e’tiqodlari qattiq haqoratlanadi-yu, qirg‘in boshlanib ketadi. To shahar hokimi — qutval 
bundan xabar topib, ikki yuz navkari bilan yetib kelguncha va qirg‘inni to‘xtatguncha ikki 
tomondan o‘n yetti kishi halok bo‘ladi, yetmish-sakson odam yaralanadi. 
Jarohatlanganlar orasida Nizomning otasi ham bor edi. U behuda qirg‘inning oldini 
olmoqchi bo‘lib oraga tushgani uchun kimdir tosh otib boshini yorgan edi. 
Bu hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Nizom sigir-u cho‘chqa bahonasida odamlarni 
qirg‘in qilgan johil imom-u brahmanlarni butun vujudi bilan yomon ko‘rib qoldi. 
Nizomning otasi esa bunday diniy adovatlardan baland turgan va chin insonlikni ilohiyot 
darajasiga ko‘tarib ulug‘lagan Kabirga avvalgidan ham ortiq ixlos qo‘ydi. O‘zining Kabir 
ta’limotiga sodiqligini va diniy nizolardan baland turishligini el-yurt oldida isbot etish 
uchun hind qizi bilan to‘ng‘ich o‘g‘lining to‘yini albatta o‘tkazadigan bo‘ldi. O‘sha to‘polon 
tufayli to‘xtab qolgan to‘y tayyorligi kuzning mezon oyida nihoyasiga yetdi. Nizomlarning 
daryo bo‘yidagi hovlilari gulshodalar bilan bezandi. Dasturxonlarga shirinliklar, xurmolar, 
norinjlar, boshqa anvoyi mevalar qo‘yildi. Kelin-kuyov oq, sariq, pushtirang 
gulshodalardan to‘qilgan maxsus shomiyonaga* kirib o‘ltirdiar. 
Ularga nikoh o‘qish uchun mahalla imomini ham, hind brahmanini ham chaqirishmadi, 
bhaqtiga ixlos qo‘ygan sakson yoshlik bir mo‘ysafid kelinning qo‘lini kuyovning qo‘liga 
tutqazdi-yu, Jaloliddin Rumiy va Kabir she’rlaridan kuyladi. Bu she’rlarda «riyokor imom-
u brahmanga ishonma, dilingdagi muqaddas tuyg‘ularga ixlos qo‘y, inson, ilohiyot sening 
o‘zingdadir» degan ma’no bor edi. Bu ma’no, albatta, taqvodor shayxlar bilan mutaassib 
brahmanlarni talvasaga solib qo‘ydi. Axir butun xalq masjid-u ibodatxonaga bormay 
qo‘ysa na brahmanni, na mullani tan olmasa, xayri-ehsonni kim beradi? Ruhoniylarning 
tirikchiligi qanday o‘tadi? Obro‘-e’tibori qayoqda qoladi? Bu ketishda el-ulus podshoga 
ham itoat etmay qo‘yadi, hokimiyatni tutib turgan diniy mafkura vayron bo‘ladi! 
Johil shayxlar va brahmanlar to‘y arafasidayoq shahar hokimiga murojaat qilib, 
shoshilinch choralar ko‘rish kerakligiga, masjid-u ibodatxonani yomonlab yurgan 
dahriylar xalq orasida isyon chiqarishi va yangi qirg‘inlarga sabab bo‘lishi mumkinigiga 
uni ishontirgan edilar. Daryo bo‘yidagi to‘y xursandchiligi avjiga chiqqan paytda birdan 
ellik-oltmish otliq navkar qamchi o‘ynatib, qilich yalang‘ochlab kirib keldi. Kabirning 
isyonkor she’rlarini kuyga solib aytayotgan xonandalarni qamchi bilan urib haydab 
yubordilar. Kelin-kuyov kirib o‘ltirgan shomiyona gulshodalari qilich zarbalaridan tilka-
pora bo‘ldi. Navkarlar ketidan tayoq ko‘tarib kirgan muhtasiblar g‘ayridinga uylanmoqchi 
bo‘lgan muslim yigitning nikohini harom deb e’lon qildilar. Nizomning otasi bunga qarshi 
e’tiroz qilgan edi, uning qo‘llarini orqasiga bog‘latib, hibsga olib ketdilar. 
— Otam hali ham zindonda yotibdi, — og‘ir tin olib hikoyasini tugatdi Nizom. — Bultur 
machitga tashlab ketilgan cho‘chqaning o‘ligini muhtasib un-dan ko‘rayotgan emish. 
Tuhmatni qarang! 
— Otangiz podshoga arz qilsalar bo‘lmaydimi? — kuyunib so‘radi Hamida. 
— E, podsho osmonda, otam yer ostidagi zindonda! Ikki orani poraxo‘r amaldorlar bilan 
aldamchi shayxlar to‘sib olmishlar. Podsho o‘shalarning gapiga ishongay! 
Yigit bu so‘zlarni aytganda uning ko‘zlarida isyonkorona bir o‘t yonganini Aminat ham 
ko‘rdi-yu, o‘z boshiga tushgan asiralik kulfatlarini esladi. Nizomga hamdardlik bildirib: 
— Bu dunyoda adolat o‘zi yo‘q! — dedi. — Zamona mudom zo‘rniki! 
Zamona zo‘rlariga yaqin bo‘lgan Hamida yakkalanib, noqulay ahvolga tusha boshladi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
11
Nizom buni sezdi-yu, oraga tushgan g‘uborni tarqatishga intildi: 
— Xudo xohlasa, bir kun emas, bir kun haqiqat yuzaga chiqib qolgay. Men podshoning 
kemasida eshkakchimen. Paytini topsam, kemada Humoyun  mirzoga arz qilmoqchimen! 
«Balki men... hazratning inoyatiga sazovor bo‘lsam «Nizomning begunoh otasini hibsdan 
chiqartiring» deb iltimos qilarmidim?» degan o‘y Hamidaning ko‘nglidan o‘tdi. Lekin qiz 
bola bunday iltimoslarni qilishi uchun Humoyunga qay darajada yaqin bo‘lishi kerak! 
Unga yaqin borish — Nizomdan uzoqlashish emasmi? Biroq Hamida bu yigitdan uzoq-
lashgisi kelmaydi, ko‘ngil unga qarab talpinadi. Yetti yashar qizaloq paytida mana shu 
daryoning sokin qo‘ltig‘ida Nizom uni suzishga o‘rgatgani hech esidan chiqmaydi. Ikkovi 
suvda birga suzgan o‘sha damlar zavqi hozir daryo to‘lqinlari orasidan unga ko‘z tikib 
turganday. 
Nizom qayiqni sokin qo‘ltiqqa burib kelib to‘xtatganda Hamidaga ma’yus termulib «yana 
qachon ko‘rishamiz?» degandek qaradi. 
— Navro‘zda podshohimiz kema sayriga chiqarmishlarmi? — so‘radi Hamida yigitdan. 
— Ha, bizga farmon berilgan. Navro‘z kuni podshoh kemasining eshkagini biz eshar 
ekanmiz. 
— Xonzoda begim meni ham kema sayriga taklif qilganlar. Borsam... sizni yana ko‘rar 
ekanmen-da. 
Nizom bu gapdan quvonish o‘rniga nogahoniy bir iztirob ichida qoldi. Humoyun mirzo 
kemaning yuqorigi qavatida tillakori tolorda yasanib, jozibaga to‘lib o‘ltirishini, Nizom 
esa pastdagi tor joyda o‘n oltita eshkakchining orasida terlab-pishib eshkak eshishini 
ko‘z oldiga keltirdi. Xonzoda begim Hamida bonuni Humoyun bilan tanishtirganda 
pastdagi eshkakchi Nizom bunga qay ko‘z bilan qaraydi-yu, qanday ruhiy azoblarga 
uchraydi? 
Ana shu savolni Hamida bonu yigitning yuzida qalqqan iztirobdan payqadi-da, o‘zi ham 
ikki o‘t orasida qolishi mumkinligini endi sezdi. 
 
_____________ 
* Sh u d r a — eng past to‘rtinchi tabaqa — kasta. Unga ko‘proq kosiblar, hammollar va boshqa oddiy kishilar kiradi. 
* Sh o m i yo n a — bu yerda guldan qilingan chodir yoki chimildiq ma’nosida.
 
* * * 
 
Navro‘z kuni Hamida bonu qo‘sh karnay va qo‘sh surnaylar tovushidan uyg‘ondi. Bayram 
liboslarini kiyib, Xonzoda begim in’om etgan chavkar otni mingan holda Gulbadan begim 
va yana uch-to‘rtta oliynasab qiz-juvonlar bilan shahar markaziga qarab borayotganda 
Nizomni esladi. Uni qiynamaslik uchun bir bahona topib kema sayriga chiqmay qo‘ya 
qolsamikin? 
Biroq butun Agra aholisi va boshqa viloyatlardan kelgan yuzlab odamlar shahar 
markazidan o‘tayotgan Humoyun mirzo va uning mavkabini* yaqinroqdan tomosha 
qilishga intilmoqda edi. 
Mavkabdan oldinda darra* ko‘targan qo‘riqchilar yo‘l ochib boradi. Ular bilan ketma-ket 
nog‘orachi va karnaychilar kelyapti. 
Qo‘sh nog‘oralarini nortuyalarning o‘rkachiga xurjunga o‘xshatib ayri tashlab olgan ikkita 
hindu yigit nog‘ora cho‘plarini tinimsiz o‘ynatib, butun shaharni quvnoq takatumlarga 
to‘ldirishga harakat qiladi. Karnaylar mis halqumlarini osmonga cho‘zib, o‘z «ha-ha-hu-
uv»lari bilan nog‘oralar tovushini bosib ketgudek bo‘ladi. Ammo surnaylarning ingichka 
va o‘tkir navolari hammasidan ham balandroq yangraydi. Markaziy xiyobonga qarab 
yopirilgan izdihom daryosi Hamidalarni ham beixtiyor o‘sha tomonga oqizib ketganday 
bo‘ldi. Fil ustidagi havorang kimxob soyabon jajji bir ko‘shkdek, uch tomoni pardalik, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
12
faqat old tomoni ochiq. Harakatlanib borayotgan ko‘shk ichida yolg‘iz o‘tirgan 
Humoyunning peshonasi ustida — sallasining old tomonida Ko‘hinur olmosi yaraqlab 
ko‘zni qamashtirgudek bo‘ladi. Humoyun bu gavharni yilda bir marta — navro‘z paytida 
peshonasiga qadab el-ulusga ko‘rinish beradi. Shuni bir-biridan eshitgan odamlar 
podshodan ham ko‘ra uning sallasidagi Ko‘hinurni yaqinroqdan ko‘rishga harakat 
qiladilar. Lekin xiyobonning ikki chetida zanjirday tizilib borayotgan otliq qo‘riqchilar 
izdihomni mavkabga yaqin keltirmaydi. 
Faqat bir joyda ellik-oltmishta yosh-yalanglar bir-birini itarib, surib, qo‘riqchilar zanjirini 
xiyobon ichiga egib kirgiza boshladi. Darra kimningdir yelkasiga qarsillab urildi. Shunga 
qaramay izdihom seli otliq qo‘riqchilar zanjirini uzib o‘ta boshladi. Qo‘rchiboshi 
achchiqlanib, birdan qilich yalang‘ochladi. 
Fil ustidan buni ko‘rib qolgan Humoyun o‘ng yonida otliq borayotgan Bayramxonga bir 
nima deb ishora qildi. Bayramxon orqaga o‘girilib: 
— Janob qo‘rchibek, shoshmang! — dedi. — Hazratim sochqi buyurdilar! 
Qirq yoshlardagi qo‘li uzun shig‘ovul otini chu-chulab, olomon bilan qo‘riqchilar tirashib 
turgan joyga yaqinlashar ekan, egariga ortilgan gilam xurjunning o‘ng ko‘zidan bir siqim 
kumush tanga oldi. Yo‘g‘on tovushini baland ko‘tarib, turkiy va forsiy so‘zlarga hindcha 
iboralar aralashtirib dedi: 
— Xaloyiq, tinchlaning! Humoyun hazratlari navro‘z bayrami munosabati bilan fuqaroga 
xayr-u ehson qilmoqchilar! Oling, mana shu kumush tanga sizlarga! 
Shig‘ovul yurib borayotgan ot ustidan oldinga intilib, siqimidagi oq tangalarni olomon 
bostirib kelgan joyning orqa tomoniga sochdi. Oftobda xira yaltiragan kumush tangalar 
kimningdir boshiga, kimningdir yelkasiga urilib yerga tushdi. Buni ko‘rgan yosh-
yalanglarning anchasi podshoni ham, uning filini ham unutib, tangalar tushgan tomonga 
tashlandilar. 
Mavkab boyagiday shoshilmay yurib ketmoqda edi. Shig‘ovul ham yurib borayotgan ot 
ustida turganicha qo‘lini endi xurjunning chap ko‘ziga soldi-yu, ketma-ket ikki siqim mis 
tanga oldi va ularni boyagidan ham nariroqqa qulochkashlab sochdi. Tangalarga 
targ‘ibotni qo‘shib so‘zida davom etdi: 
— Xaloyiq! Navro‘z — musulmon-u hinduga, barcha ellar-u dinlarga barobar bayramdur! 
Bahor ayyomida kecha bilan kunduz barobarlashgan tabiiy muvozanat kunida navro‘z 
kirib, yangi yil boshlangay. Farmoni oliy bunyod bo‘ldikim, jamiyatda ham tabiatdagi 
kabi muvozanat hukm sursin, mamlakatning barcha el-uluslari din-u millat ayirmasdan, 
navro‘zni inoqlik, hamjihatlik bilan bayram qilsinlar. 
Shig‘ovul yana xurjunning o‘ng ko‘ziga qo‘l solib bir changal kumush tanga oldi-yu
odam gavjum tomonga sochdi. 
Boya mavkabga tomon yopirilib kelayotgan yosh-yalanglarning ko‘pchiligi tangalarning 
ketidan quvib ketishdi. 
Xiyobon chetlari sochqi yordamida ancha ochilib qolgach, otliq kelayotgan Hamidalar 
mavkabga yaqinroq borishdi. Boya olomonga jahl qilib, qilich yalang‘ochlagan 
qo‘rchiboshi qilichini qiniga qaytarib soldi-da, fil ustidagi Humoyunga bosh egib, undan 
uzr so‘ragan kabi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Humoyun esa qo‘rchiboshiga «ma’zursiz» degan 
kabi jilmayib qo‘yganini Hamida bonu aniq ko‘rdi. Shu payt yigitning peshonasi ustidagi 
Ko‘hinur ko‘kish ziyo tara-tib sehrli charaqladi. Humoyun Hamida bonuga atrofda bor 
yigitlarning eng ko‘hligi va baxtlisi bo‘lib ko‘rindi. Qiz ertalabki xavotirliklarini unutib, 
Humoyunning bu tomonga bir qarashini va ko‘z ko‘zga tushishini istadi. 
 
______________ 
* M a v k a b — podshoning a’yonlari va mulozimlari. 
* D a r r a — bambukdan qilingan maxsus tayoq.
 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
13
* * * 
 
Biroq fil ustida borayotgan Humoyunning xayoli butunlay boshqa narsalar bilan band. U 
Hamidalar tomonga yuzlanganda ham qizning boshi osha uzoqlarga nazar tashlaydi. 
Nega bu yil navro‘z sayliga odam bulturgidan ikki-uch barobar kam chiqqan? Bulturgi 
navro‘zda butun shahar va uning atroflari yasan-tusan xaloyiqqa to‘lib ketgan 
emasmidi? Navro‘z kunlarida bozor rastalarini, ko‘cha va maydonlarni rang-barang ipak 
matolar, gulshodalar bilan bezatish odati «oyin bandi» deb atalardi. Agrada bu odatni 
Humoyun maxsus farmon bilan joriy qilgan edi. Humoyun mamlakatning sharqida va 
g‘arbida katta g‘alabalarga erishgan paytlarda uning har bir farmonini so‘zsiz 
bajaruvchilar ko‘p edi. 
Hozir ishlari orqaga ketib, nufuzi pasaygani va inilari bilan orasi buzilgani uchun ham 
navro‘z namoyishiga odam kam chiqqani sezilib turibdi. 
Og‘a-ini nizosini Komron boshlab berdi. U Badaxshon-u Kobulga qanoat qilmay, Laxo‘rga 
qo‘shin tortdi. Ikki orada urush chiqishi muqarrarligini sezgan Xonzoda begim keksalik 
bedarmonligiga qaramay safarga otlandi. Ikki hafta yo‘l yurib, Agradan Laxo‘rga elchi 
bo‘lib bordi. Komron mirzo akasiga ko‘mak berish uchun Laxo‘rga kelganini, zinhor mulk 
talashmoqchi emasligini aytib ont ichdi. Begim uning Humoyunga sadoqat izhor qilib 
yozgan maktubini va jo‘shqin turkiy she’rlarini olib Agraga qaytdi. 
Komronning Humoyunga yuborgan she’rlaridan otalari Bobur mirzoning ovozi eshitilib 
turganday bo‘lar edi. Komron akasiga kamtarlik bilan yozgan edi: 
 
Zarrasifat o‘zni bilurman haqir, 
Sendin tushsa nur bo‘lurmen munir.* 
 
Humoyunga, ayniqsa, Komron yozgan quyidagi ikki satrning falsafasi haroratli tuyuldi: 
 
Istasangki yetmasin davrondin ozore senga 
Sa’y qilkim, tegmasin hech kimga ozoring sening
 
Xonzoda begimning harakatlariga Komron yozgan bu she’rlarning tafti ham qo‘shilib, 
Humoyun jahlidan tushdi. Og‘a-ini yarashdilar. Lekin bu yarashish muvaqqat, chunki 
Komron hali Laxo‘rdan chiqib ketgan emas. Agar Humoyun Laxo‘rdan butunlay ayrilsa, 
tashqi dushmanlari qarshisida zaiflashib qolishi va markaziy davlatni boy berishi 
mumkin. 
Humoyunning tashqi g‘animlari endi Sherxon Sur atrofiga to‘planib, Gang bo‘ylaridan 
bosh ko‘tarib chiqmoqda. Shuning ustiga g‘arbiy viloyat bo‘lgan Gujaratda isyon 
boshlandi. Humoyun Gujaratga hokim qilib tayinlagan inisi Askariy bu ishni eplay olmadi, 
el-ulus unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Agra bilan Gujaratning orasi otda bir oylik yo‘l. 
Humoyun sharqdagi Sherxon xavfi tufayli Agrani tashlab, Gujaratga bora olmadi. Askariy 
Gujaratda mag‘lub bo‘ldi va yordamga yetib borolmagan Humoyundan arazlab, Laxo‘rga, 
Komronning oldiga ketdi. Humoyun yaqinda Laxo‘rga maxsus odamlar yuborib, har ikki 
inisini navro‘z bayramiga poytaxtga taklif qildi, «dushmanlar ko‘zi oldida hamjihat 
bo‘laylik» deb maktub yubordi. Lekin Komron mirzo betobligini bahona qilib kelmadi. 
Holbuki, u soppa-sog‘ ekanini, Laxo‘rda o‘zi ham Askariy bilan navro‘z sayliga 
chiqmoqchiligini Humoyun ishonchli xufiyalar axborotidan biladi. 
Hozir Humoyunning fili yonida birgina inisi — oq otliq Hindol mirzo bormoqda. Biroq 
uning ham ruhi so‘nik, mashqi past, chunki unga berilgan mevat viloyatini bu yil qishda 
rajput rojalari undan tortib olib qo‘ydi. Endi Mevat rajputlari ham sharqdagi Sherxon 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling