Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet52/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
342
Hammasi yodimda bor, hazrat otajon. Men bugun siz ko‘tarilgan ma’naviy yuksaklikni 
har qachongidan ham aniq tasavvur etmoqdamen. Sulhi kullga, tinch-totuv yashashga 
men ham imon keltirurmen! Faqat siz kabi ulug‘ so‘fiylar ko‘tarilgan yuksaklikka har kim 
o‘z ruhi, o‘z zakovati, o‘z imon-u e’tiqodi bilan ko‘tarilishiga endi aqlim yetmoqda. Fotiha 
beringiz, toki shu yuksaklikka... ko‘tarilish menga ham nasib qilsin! 
Salim otasi oldida xushomad qilmay, samimiy so‘zlagani qadrli tuyuldi. Akbar: 
— Omin, shu maqsadga yeting! — deb yuziga fotiha tortdi. 
Shu bilan ota-o‘g‘il urush-yurushsiz tinch yashay boshladilar. Salim otasining hurmatini 
joyiga qo‘yib muomala qilar, ammo imon-u e’tiqod to‘g‘risida boshqa so‘z ochmas edi. 
Akbar uning o‘z yoqtirgan muhiti va ixlosmandlari ta’siridan chiqib ketolmasligiga 
ishongach: «Oqibati ne bo‘larkan?» — deb o‘yga toldi. Uch o‘g‘il o‘stirib birortasidan 
ko‘ngli to‘lmasa... Yoki Dakandagi kichik o‘g‘il Doniyol ichishni tashlab, aqlini yig‘ib 
olarmikan? O‘shanda Akbar Doniyolni valiahd tayinlashi mumkin. Salim norozi bo‘lsa, 
Doniyolning yonida tadbirkor Abdurahim xoni-xonon bor. Man Sinx ularga yordam 
berishi aniq. Ko‘plashib Salimni tinchitishar. «Ajab dunyo! — deb so‘nggi o‘yidan uning 
o‘zi taajjub qildi: — Shunday ulkan davlatni boshqargan odam, tilab olgan o‘g‘illarimni 
yo‘limga sololmasam-a!.. Bu ne achchiq nasiba?» 
 
_____________ 
* Salim xuddi shu so‘zlarni keyinchalik o‘zining «Tuzuki Jahongiriy» deb atalgan kitobida yozib ketgan.
 
 
XOTIMA 
 
Akbarga berilgan hayot jomining tubidan yana bir og‘u chiqdi. O‘ttiz uch yoshli Doniyol 
Dakanda xuddi Murod kabi muttasil ichkilik ichishdan oqtutqaloq bo‘lib vafot etdi. 
Avvalgi judoliklar ustiga qo‘shilgan yana bir malomatli o‘lim Akbarga navbatdagi qaq-
shatqich ruhiy zarba bo‘lib tushdi. U o‘zining umri ham oxirlab qolayotganini sezib, 
so‘nggi marta Dehliga bordi. Ota-onasi qo‘yilgan maqbarada bir necha soat o‘ltirib, 
marhumlarning xoki bilan vidolashdi. Dehlidan Fathpur-Sekriga o‘tib, o‘zi qurdirgan 
saroylar, e’tiqodxona va tasvirxona binolarini bir-bir aylanib chiqdi. 
Aziz ko‘ka, Man Sinx va Abdurahim uning ikki yonida bormoqda edilar. To‘rtovlon Salim 
ota maqbarasini ziyorat qildilar, roja Birbal va Abulfazl turgan uylarni kirib ko‘rdilar. 
Poytaxt ko‘chib ketgandan so‘ng bo‘m-bo‘sh bo‘lib huvillab qolgan Panj Mahal qasri
Devoniom, Devonixos Akbarda ma’yus xotiralar uyg‘otdi. U hayotining eng jo‘shqin 
yillari o‘tgan kimsasiz binolarga qarab: 
— Alvido! — deganda tosh devorlardan bo‘g‘iq aks sado qaytdi. — Hayhot, men 
ishongan ko‘p narsalar sarob bo‘lib chiqdi. Diniy adovat hamon tugagan emas! Sulxi qull 
e’lon qildig-u, ammo urushdan boshimiz chiqmadi! Otam rahmatli tabiatdagi uyg‘unlig-u 
muvozanatni davlat tartibotiga joriy etmoqchi bo‘lgan edi. Lekin bu — amalga 
oshmaydigan xayolot ekanini umrining oxirida fahmladi. Men butun odamzodni ruhan 
birlashtirmoqchi bo‘lganim ham hali-beri amalga oshmaydigan bir xayolot ekanini endi 
sezib turibmen. Balki buning uchun asrlar kerakdir. Insonning umri shunchalik qisqa! 
Akbar Sekri tepaligi ustidan shimol tomonga tikilib, uzoqlarda Kashmir ko‘llari ichida 
suzib yurgan kemalarni, Kobul daryosi bo‘yidagi bog‘larni ko‘z oldiga keltirdi. 
— Bir armonim — Samarqand-u Andijonlarni ko‘rish nasib qilmadi, — deb qo‘ydi. — 
Lekin shukur qilishim ham kerak. Mana shu binolarni qurdik. Yonimda oltmish to‘rt 
yildan beri sadoqatini buzmay kelayotgan Azizdek ko‘kaldoshim bor. Roja Man Sinx bilan 
qirq yildan berli inoqmiz. Farzandlarimdan ko‘rmagan mehr-u oqibatni tutungan o‘g‘lim 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
343
Abdurahimdan ko‘rmoqdamen. Uchovlaringizdan ham ming marta rozimen! 
Akbar Agra qal’asiga qaytganda nevarasi Xisrav bilan Xurram uni qarshi oldilar. Akbar 
ikkovini filxonaga boshlab kirdi, har biriga eng yoqtirgan fillarini taqdim qilmoqchi bo‘ldi. 
Filxonada Akbarning eski qadrdoni Bhishan Chand sarkor edi. o‘n sakkiz yoshli Xisrav 
Namudor degan ulkan bir filni ma’qul ko‘rdi. U onasi Shoh begimning o‘limiga otasi 
sabab bo‘lganini bilgandan beri Salimni suymas edi. Akbar Ollohobodga qo‘shin 
tortganda Xisrav ham otasiga qarshi urushga qatnashmoqchi bo‘lib birga otlangan edi. 
Man Sinx bilan Aziz ko‘ka Xisravni Salimning o‘rniga valiahd deb e’lon qilish tarafdori 
edilar. Lekin Akbar ota-bola dushmanligini alanga oldirmaslik uchun bu fikrdan qaytdi. 
Hozir u Xisravga Namudorni taqdim qilar ekan: 
— Nevaralarim, sizlar ham shu filday qudratli, filday bardoshli bo‘linglar! — dedi. — 
Bhishan Chand — mening qirq besh yillik qadrdonim. Bag‘ri keng hind xalqining 
zahmatkash farzandi. Bobur bobomizning Tohir degan zahmatkash qadrdoni bor edi. 
Senlar ham halol zahmatkashlar orasidan Tohirdek, Salim otadek, Bhishan Chanddek 
qadrdonlar topinglar! Eng og‘ir damlarda shularday beg‘araz, halol odamlarga 
suyaninglar. 
Bu yil o‘n uch yoshga kirgan va otasidan ham ko‘hlik yigitcha bo‘lib borayotgan Xurram 
eng bo‘yi baland qora filni yoqtirib qoldi. Akbar bu filni nevarasiga taqdim etar ekan: 
— Buning nomi — Zinhor! — deb tushuntirdi. — Fil juda ziyrak jonivor. Yaxshilikni ham, 
yomonlikni ham unutmagay. Filga zinhor yomonlik qilmagin. Ota-bobolaringdan faqat 
yaxshi fazilatlarni olinglar-u nuqsonlarimizga zinhor ergashmanglar!.. 
Akbar milodiy 1605-yilning kuzida bir oycha kasal bo‘lib yotdi. Vafotidan sal oldin 
Salimni huzuriga chaqirib, boshiga o‘zining Ko‘hinur olmosi qadalgan sallasini, egniga 
to‘nini kiydirdi. So‘ng Akbar o‘zining boshi ustiga e’zozlab osib qo‘yilgan Amir Temur 
qilichini Salimning beliga taqdirdi. 
— Bu qilichga «Kuch adolatdadir» degan bashorat bitilganini bilursiz, o‘g‘lim, — dedi 
Salimni «siz»lab.— Ikki yuz yildan buyon avloddan avlodga o‘tib kelgan bu qilichni faqat 
adolat uchun kurashda ishlating. Sohibqiron bobokalonimiz bizga aql-u insofni, murosa-
yu ma’rifatni, mehr-u oqibatni vasiyat qilganlarini zinhor unutmang. 
— Men buni umrbod yodda tutgaymen! — dedi Salim. — Sohibqiron bobomiz 
vasiyatlaridan ilhom olib, men ham tuzukot bitmoqdamen! 
— Ilohim yaxshi niyatlaringizga yeting! 
Akbar olamdan o‘tgach, bek-u a’yonlar yangi hukmdorga sadoqat bildirish uchun 
devoniomga yig‘ildilar. Shunda Salimning Nuriddin Muhammad Jahongir nomi bilan 
taxtga chiqajagini birinchi bo‘lib e’lon qilish Farid Buxoriyga topshirildi. Mavlono Farid 
eng katta orzusi ushalganidan ovozi sururli jaranglab, baxtiyorlik tuyg‘usini yashirolmay, 
bu topshiriqni bajonidil ado etdi... Albert Pereyro esa keksayib o‘z vataniga qaytib ketdi 
va Akbarga qarshi olib borgan maxfiy ishlari uchun katta martabalarga erishdi. 
Akbarni Agradan besh mil beridagi Iskandar degan joyga, o‘zi tarxini chizgan maqbaraga 
dafn etdilar. Maqbarani o‘n ikki yil davomida ulug‘vor bir obida shaklida qurib bitirishga 
Maryami Zamon Jodxa bay bilan Salima begimning ko‘p mehnatlari singdi. Ular ikkovi 
ham sakson yoshdan oshib, opa-singillarday inoq yashadilar. Vafot etganlaridan so‘ng 
esa Akbar maqbarasining ikki qanotidan abadiy o‘rin oldilar. 
Bu orada Xisrav otasiga qarshi isyon ko‘tarib, yengildi-yu, ko‘zi ko‘r qilindi. Ko‘proq 
bobosiga tortgan Xurram boburiylar xonadonining eng iste’dodli vakili bo‘lib yetildi va 
keyinchalik Shohjahon nomi bilan tanilib, mashhur Tojmahalni qurdirdi. Ammo ungacha 
Akbar Fathpur-Sekrida qurdirgan muhtasham e’tiqod uyini johil xurofotchilar tag-
tugigacha buzib, yakson qilib tashladilar. Shu bilan ular Akbarning turli ellar va 
e’tiqodlarni ahil qilishga qaratilgan g‘oyalarini ham tarix sahifalaridan o‘chirib 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
344
yubormoqchi bo‘ldilar. 
Lekin oradan o‘tgan to‘rt asr davomida Akbarning ma’naviy izlanishlari va umuminsoniy 
g‘oyalari unutilmadi. Uning nomi hindcha, ruscha, inglizcha, forscha, ispancha va boshqa 
tillarda bosilgan kitoblarning sarlavhalarida uchrashi bejiz emas. 
Fathpur-Sekrining dunyo taniydigan me’morlik obidalari Akbarning ijodkor ruhi hamon 
tirik ekanini va hali ham odamlarga badiiy zavq berishini ko‘rsatib turadi. Iskandardagi  
Akbar maqbarasiga Hindistonning uzoq-yaqin o‘lkalaridan va jahonning turli 
mamlakatlaridan turnaqator odamlar keladi. 
Akbar maqbarasiga kelib gul qo‘ygan siymolar orasida hind xalqining ulug‘ farzandi 
Javoharlal Neru ham bo‘lgan. Javoharlal Neruning ingliz mustamlakachilari 
qamoqxonasidan o‘z qizi Indira Gandiga yozgan maktublarida* Akbar Hindistonni 
birlashtirgan va hind millatiga ota bo‘lgan ulug‘ siymolar qatorida qalamga olinadi. 
«Faqat shohlik martabasidan bo‘lak hech vaqosi bo‘lmagan behisob ko‘p tojdorlar 
orasida Akbarning chinakam mardona qiyofasi yuksakka bo‘y cho‘zib, haligacha bizni 
qoyil qilib kelayotgani hayron qolarli hol emasmi!» — deb yozadi Javoharlal Neru. 
Kishini hayratga soladigan yana bir hodisa — Bobur va Akbar mansub bo‘lgan sulolaning 
asrdan asrga va mamlakatdan mamlakatga o‘tib, besh asrdan ortiq umr ko‘rganligidir. 
«iste’dod meros bo‘lib o‘tmaydi» degan aqida bor. Lekin Amir Temurning ulug‘ iste’dodi 
kichik o‘g‘li Shohruh orqali Ulug‘bekka o‘tganligi, uning o‘rtancha o‘g‘li Amiranshoh esa 
otasining o‘lmas dahosini chevarasi Mirzo Boburga yetkazib berganligi tarix tomonidan 
tasdiq etilgan hodisalardir. Ayniqsa, Amir Temurning ulug‘ davlat arbobi va yengilmas 
sarkarda sifatidagi iste’dodi ikki asrdan so‘ng Akbarda yangi bir shaklda qayta tirilgani 
sharqning barcha mashhur tarixchilari tomonidan e’tirof etilgandir. Akbarning me’mor 
sifatidagi iste’dodi esa uning nevarasi Shohjahonda yanada baland bosqichga ko‘tarilgani 
— bu sulolaga xos irsiy daho insoniyat tarixida kam uchraydigan bir qudrat va 
umrboqiylik bilan hayratomuz mo‘jizalar yaratganini isbot etadi. 
Bu ulug‘ sulolaning sarzamini bizning qadimiy Turkiston ekanini ko‘p mamlakatlar hali 
bilmaydi. Chunki Bobur va uning avlodlarini «Ulug‘ mo‘g‘ullar» deb atash bir odat tarzida 
ko‘pgina mamlakatlarda saqlanib kelmoqda. Holbuki, Bobur ham, uning avlodlari ham 
o‘zlarining turkiy ulusdan ekanliklarini ta’kidlab yozganlar va temuriyzoda bo‘lganliklari 
bilan iftixor qilganlar. 
Yaqin vaqtlargacha O‘zbekistonni tanimagan-bilmagan yuzdan ortiq mamlakatlar hozir 
bizni tan olib, elchilar yubormoqdalar. Ishonamizki, O‘zbekiston mustaqilligiga xayrxoh 
mamlakatlar undan sun’iy ravishda begona qilingan bu ulug‘ tarixiy siymolarning ota 
yurti— bizning bugungi Vatanimiz ekanini jahon miqyosida tan oladigan kunlar keladi. 
1983—1993. Do‘rmon 
_____________ 
* Javoharlal Neruning o‘z qiziga yozgan bu maktublari keyinchalik «Dunyo tarixiga bir nazar» nomli uch jildli asar shaklida nashr etilgan.
 
Islom.uz 
ma'rifat markazidan olindi. 
 
www.ziyouz.com
 - 2007 

Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling