Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet48/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
316
gunohlar qilganmen! Ehtimol shuning qasosi o‘g‘limning shahvatparastligidan 
qaytayotgandir! Lekin biz qilgan yaxshiliklar nechun qaytmaydir? Biz tortgan azoblar, biz 
qilgan mehnatlar sizda nechun yo‘q? Ertagayoq ko‘ch yig‘ishtiring! Tog‘angiz Man Sinx 
Kobuldan qaytdi. Siz u bilan Rajastxon viloyatiga jo‘nagaysiz! Men bolaligimda ko‘rgan 
Tar sahrosini siz ham bir ko‘ring, issiq-sovuqlarda toblanib, odam bo‘ling! 
Salim otasining bu galgi buyrug‘ini bajarmay iloji yo‘q edi. Tog‘asi Man Sinx ham juda 
qattiqqo‘l odam. U ayniqsa, jiyani Shoh begimning o‘limidan keyin Salimga ayovsiz 
muomala qilishi aniq. Rajastxon esa poytaxtdan uzoqdagi isyonkor, notinch o‘lka, 
Salimning Agradagi so‘lim bog‘lardan, Sekridagi safoli ko‘shklardan ko‘ngil uzib chet 
joyga ketishi behad qiyin bo‘ldi. Abdulfazl uni jo‘natish uchun kelganda Salim Alibekning 
oldida butun zahrini otasining do‘stiga sochdi: 
— Siz meni otamga yomonlab, Mehrinisodan* judo qildingiz! Rajastxonni ham siz o‘ylab 
topgansiz! Ammo bilib qo‘ying, mavlono, sizga ham qasos qaytgusidir! 
Bu gaplar Abulfazlga qanchalik qattiq botsa, Alibek bilan shayx Faridga shunchalik xush 
yoqdi. Chunki Salim qasd qilsa Abulfazlni o‘ldirtirish qo‘lidan kelardi.  
 
_____________ 
* Badavniyning bu so‘zlari uning «Mutaxabi tavorixi»da ham bor.
 
 
K A S H M I R,   L A X O‘ R,    A G R A 
SO‘NGGI QADAMLAR 
 
Bir-biriga tutashib ketgan o‘ng ikkita zilol ko‘lning oynaday tiniq sathida qorli Himolay 
tog‘lari, archazor va qarag‘ayzor yonbag‘irlar, qirg‘oq yaqinidagi mirzateraklar, chinorlar, 
sanobar daraxtlari behad ko‘payib aks etadi. Anvoyi gulshodalar bilan bezatilgan 
kemalar karvoni Dal* ko‘lidan Gulor va Degin ko‘liga suzib o‘tar ekan, ular qo‘zg‘atgan 
to‘lqinlar qirg‘oq yaqinida ochilib turgan minglab nilufarlarni sho‘x-sho‘x tebratib qo‘yadi. 
Kemaning pastki qismida Akbar davrining eng mashhur sozandasi Tansen boshliq 
mashshoqlar Kashmir tabiatining ko‘rkiga mos tushadigan go‘zal va nafis kuylar chalib 
bormoqdalar. Kemaning shiyponga o‘xshash boloxonasi tolorida Akbar, uning onasi 
Hamida bonu va ammasi Gulbadan begim yumshoq zarbof kursilarda o‘ltirib, atrofni 
tomosha qilmoqdalar. Orqadagi kemalardan birida Jodha Bay nevarasi Xisrav va 
nadimalari bilan suzib kelmoqda. Salima begim ham kelinli, nevarali bo‘lgan. Shahzoda 
Murod Aziz ko‘kaning qiziga uylanib, o‘g‘il ko‘rdi, otini Rustam qo‘ydilar. Uchinchi 
kemada Salima begim Rustamni qo‘lidan yetaklab, Kashmir tog‘larini ko‘rsatmoqda. 
— Ana u — Zabarvan tog‘i. 
— U-chi? — deb besh yashar Rustam ikkinchi tomondagi tog‘ni ko‘rsatadi. 
— Xari Parvat tog‘i, — deb tushuntirdi Salima begim, — bu tog‘ning ustidagi qal’ani 
hazrat bobongiz qurdirmishlar. 
— Ana u nedir? — deb bola qirg‘oqdagi bog‘ni ko‘rsatadi. 
— Bu — Nasimbog‘. Ichida favvoralari bor. Uni ham hazrat bobongiz bino qildirganlar. 
Kashmirning ko‘llarida yuzlab katta-kichik kemalar suzib yuribdi. Ulardan ham ko‘proq 
kemalar qirg‘oqlarda langar tashlab turibdi. Ko‘l suvi osoyishta, havo iliq va mayin. Yil 
bo‘yi kemalarda istiqomat qiladigan kashmirliklar bor. Tog‘dagi o‘rmonzorlarda esa 
kemasozlik uchun yaxshi yog‘och beradigan daraxtlar o‘sadi. Akbar Kashmir 
kemasozlariga buyurtmalar berib besh yuzdan ortiq kema qurdirdi. Uning bu tadbiri 
kashmirliklar uchun ayniqsa bu yilgi tabiiy ofatlardan keyin juda qo‘l keldi. 
Hozir quyosh charaqlab turgan iliq va quruq sunbula oyida bahordagi qalin qorlarni ko‘z 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
317
oldiga keltirish qiyin. Kashmirda bodom yaxshi bo‘ladi. Bu yerning bog‘lari butun 
Hindistonni bodom bilan ta’minlaydi. Kashmir hatto qo‘shni mamlakatlarga ham bodom 
chiqarib sotadi. Lekin bu yil navro‘z kunlarida Kashmir bodomzorlari oq-qizg‘ish bodom 
gullariga burkangan paytda ikki kecha-yu kunduz tinimsiz laylakqor yog‘di. Qorning 
qalinligi odamning belidan baland edi. Yo‘llar bekilib qoldi. Qiyg‘os gullagan 
bodomlarning shoxlarini qalin qor o‘z zalvori bilan qars-qars sindirib tashladi. Yuz 
minglab bodom daraxtlarini ikki kunda shunday piypalab, gullagan shoxlarini bittalab 
sindirib chiqishga hech qanday yovuz dev yoki alvasti ham ulgurmagan bo‘lardi. Hamma 
bodom gullarini sovuq urib, singan shoxlari pastga osilib qoldi. Bodom hosilidan shu 
tarzda mahrum bo‘lgan kashmirliklarning tirikchilik tebratishi qiyinlashdi, ocharchilk 
boshlandi. 
Savdo karvonlari bu yerga guruch, bug‘doy va boshqa yegulik narsalarni ko‘proq tashib 
keltirgani sari bozorlarda narx-navo pasayib bordi. Ammo tabiiy ofatga uchragan 
ko‘pchilik kashmirliklarda bozordan don olish uchun pul yo‘q edi. Aholi mehnat qilib pul 
topishi uchun ham Akbar Xari Parvat tog‘i ustidagi qal’ani va ko‘llarda suzib yurgan 
yuzlab kemalarni qurdirdi. Kashmirda suv ko‘p. Ko‘llardan tashqari Jelam daryosi ham 
suvga to‘lib oqadi. Buning ustiga qor-yomg‘ir suvlari qo‘shilsa, bog‘lar va ekinzorlarni 
suv bosadi. Bu ofatdan saqlanish uchun Akbar katta ariqlar qazdirdi. Faqat bu ariqlar 
ekin sug‘orishga emas, aksincha, dalalardagi ortiqcha suvni qochirishga xizmat qila 
boshladi. 
Shu tarzda kashmirliklarning ocharchilik va qahatchilik balolaridan qutulishi ancha 
osonlashdi. Akbar bu yerda ham qurilish va obodonchilik ishlarini yo‘lga qo‘ygani uchun 
Kashmirda uning hayrixohlari ko‘payib bormoqda. Akbar uni shu bugun oila a’zolari bilan 
qirg‘oqqa kelib, kemalarga chiqayotganda o‘zi, onasi va ammasining poyi qadamiga 
nafis gul barglari sochgan kashmirliklarning iliq muomalaridan sezdi. 
Hozir ko‘l sathidan ko‘rinayotgan ulug‘vor manzaralar zavqi kemadagilarning kayfiyatini 
yanada baland ko‘tardi. Tabiatan juda ta’sirchan bo‘lgan Gulbadan begim shavq-zavqini 
ichiga sig‘dirolmay xitob qildi: 
— Hazrati Akbarjon, aylanay sizdan, keksa ammangizni Adandagi jahannam azobidan 
qutqarib, jannatday go‘zal Kashmirga olib keldingiz-a! Tog‘ dovonlaridan go‘yo 
kaftingizda olib o‘tganday bo‘ldingiz! 
— O‘shanda tortgan azoblaringizning rohatini ham ko‘ring dedim-da! Axir siz boburiylar 
xonadonining eng yoshi ulug‘ valine’mati bo‘lib qoldingiz. 
— Rost-a, Hamida begim, yoshim yetmishdan oshdi. Adanda yetti oy hibsda yotganimda 
nuqul xotiralar bilan jon saqladim. Jannatmakon otam, rahmatli og‘am, Humoyun... 
ularning boshlariga tushgan kulfatlar... Birga ko‘rgan yaxshi kunlarimiz... Hammasini ilk 
bor asirlik kunlarimda qog‘ozga tushirgan edim. 
— Sizda ham hazrat bobomizdagi adiblik iste’dodi borligini men o‘sha yozuvlaringizdan 
bildim, — dedi Akbar. — Tarixning ne-ne ulug‘ voqealari sohibqalam muarrixlar 
tomonidan yozib qoldirilmagani uchun butunlay unutilib ketmishdir. iste’dod nuri bilan 
yo‘g‘rilgan, qalb harorati bilan ilitilgan tarixiy voqealargina avlodlar xotirasida abadiy 
yashab qolur ekan. Shuning uchun men hatto Sherxon tarixini ham Ahmad Sarangoni 
nomli sohibqalam afg‘on muarrixiga in’omlar berib maxsus yozdirdim. Ahmad Sarangoni 
Sherxon askarlari safida xizmat qilgan ekan, uning botirligini rosa maqtabdir. Mayli, 
Sherxonning katta tajribasi-yu boshdan kechirgan hodisalari ham avlodlarga saboq 
bo‘lsin. Haqiqat zarralari bizning raqiblarimiz ilkida bo‘lsa, ularni o‘sha joydan ham topib, 
e’zozlab, umuminsoniy bir ma’naviyat xazinasiga qo‘shmoq — bizning burchimizdir. 
— Bu burchni faqat mard, donishmand siymolargina shunchalik teran his qilurlar! — dedi 
Gulbadan begim Akbarga. — Siz meni ham shu burchga xizmat qildirganingizdan boshim 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
318
ko‘kka yetmishdir. Mana, hozir Kashmirning afsonaviy go‘zalliklaridan zavq olib, o‘zimni 
baxtiyor sezmoqdamen! 
Kashmirga kelishdan oldin Gulbadan begim Akbarning iltimosiga ko‘ra «Humoyunnoma» 
kitobini yozib tugatgan edi. Humoyun davrining barcha achchiq-chuchuklarini birga 
boshdan kechirgan Hamida bonu ham Gulbadanga o‘zi yaxshi bilgan voqealarni aytib 
berib, kitobning mukammal chiqishiga ko‘maklashgan edi. Akbarga Bobur bobosining 
o‘lmas xotiralariday samimiy va haqqoniy tuyulgan bu kitobda faqat ayollargina aytib 
bera oladigan shunday nozik va go‘zal nuqtalar bor ediki, ularni o‘qigan odam Gulbadan 
begimning nafis didiga ham, adiblik iste’dodiga ham tan bermay turolmas edi. Akbar 
ammasini shunday kitob yozgani uchun astoydil bir quvontirgisi kelib Kashmirga ataylab 
olib kelgan edi. 
— Ammajon, siz Kashmirdan qanchalik zavqlansangiz, men siz yozgan kitobdan 
shunchalik zavq oldim! 
Akbarning bu bahosini eshitganda Gulbadan begimning ko‘zlariga quvonch yoshlari 
quyulib keldi. 
— Ilohim uzoq umr ko‘ring, Akbarjon! Kashmirning bodomzorlari, anorzorlari, tutzorlari, 
mirzateraklari xuddi Farg‘ona vodiysini eslatar emish. Men o‘zim-ku, Farg‘ona vodiysini 
ko‘rganim yo‘q, lekin Qilichxon Andijoniy Kashmirga kelgandan beri tug‘ilgan joylarini 
qo‘msab yuragi ezilib yuribdir. 
Hamida bonu og‘ir tin oldi-yu: 
— Mening rahmatli otam ham Toshkent-u Samarqandni qayta ko‘rolmay armon bilan 
o‘tib ketdilar, — dedi.  
Bu gaplar ta’sirida Akbarning xayoli tog‘lar osha Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylariga tomon 
uchdi. Kashmir orqali Qashqarga, undan O‘sh orqali Andijon-u Farg‘onaga olib boradigan 
tog‘ yo‘llarining xaritasini shu bugun kechasi sinchiklab ko‘rib chiqqani esiga tushdi. 
Himolay va Pomir tog‘larining oraliqlaridan o‘tadigan bu yo‘l Kobul va Termiz orqali 
boradigan yo‘ldan bir necha barobar yaqin. Dehlida Po‘lat vasvas otgan kamoni 
shoshiyning o‘qi, bu jarohatining achchiq og‘rig‘i uni Turondagi g‘animlaridan o‘ch 
olishga undaydi. Ammo ikki orada Akbar uchun Himolay tog‘laridan ham ulkanroq 
moneliklar bor. 
Movarounnahrda hamon Abdullaxon hukmronlik qilmoqda. Abdullaxon uchun eng xatarli 
raqib — Akbar bo‘lganligi sababli, u o‘zining eng sara qo‘shinlarini Kobul va Kashmir 
bilan chegaradosh bo‘lgan janubiy o‘lkalarda saqlamoqda. Akbar otasining Balxda 
shayboniyzodalardan qanday yengilganini unutolmaydi, ular bilan bellashish uchun avval 
Hindistondagi ichki parokandalikni tugatib, barcha kuchlarni bir tug‘ ostiga yig‘ishni 
o‘ylaydi. U mana shu maqsadda Kashmirni ham markaziy davlatga qo‘shib oldi. 
Abdurahim xoni xonon Sind va Belujistonga qo‘shin tortib ketdi. 
Qaniydi, Akbarning o‘z o‘g‘li Salim ham Abdurahim kabi sadoqatli, qobil farzand bo‘lsa-
yu, otasining og‘irini yengil qilsa! Salimning tashvishi ozlik qilganday, keyingi o‘g‘li 
Murod ham ichkilikbozlikka o‘rganib, umrini bazmlarda o‘tkazmoqda. Akbar uni 
poytaxtdagi ulfat beklaridan uzoqroq tutish uchun janubdagi Malvaga hokim qilib 
jo‘natdi. Uchinchi o‘g‘li Doniyol hozir Qandahorda. Yoshi o‘n sakkizga kirib, u ham ko‘p 
ichadigan bo‘lgan. Nahotki uch o‘g‘ildan birortasiga Akbardagi iroda o‘tmagan bo‘lsa? Bu 
javobsiz savol hatto hozir Kashmir ko‘llarida suzib yurgan eng mas’ud damlarida ham 
uning diliga soya tashlab turibdi. 
Tashqi ko‘rinishdan ammasi Gulbadan begim hozir o‘zini juda quvnoq sezayotganga 
o‘xshaydi. Lekin uning dilida ham armonlari ko‘p. 
— Onam Samarqandda, otam Andijonda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-yu, men hanuzgacha 
ularning yurtini borib ko‘rolmasam-a? — deydi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
319
Nahotki Akbar ham Andijon-u Samarqandlarni ko‘rmay o‘tib ketsa? Uning Hindistonda 
qilgan nek ishlarini Movarounnahrdan kelgan xayrixoh odamlar ko‘rganda, «qani shu 
obodonchilig-u islohotlar bizda ham amalga oshirilsa!» deb armon qilishadi. Buxoroda 
hali ham qul bozorlari gavjum ekanini, dashtiy sultonlar musulmon eronliklarni «rofiziy, 
shia» deb, bo‘ynidan bog‘lab, hatto burnini teshib chilvir o‘tkazib, qul bozoriga haydab 
kelib sotishlarini kuyinib aytib beradilar. Shayboniyzodalar davlatida juda e’tiborli 
bo‘lgan Qo‘shquloqbiy, Bulduriqbiy, Cho‘ltanbi, Bo‘zaxo‘r Sulton degan beklar Samar-
qand-u Toshkentday qadimiy madaniyat markazlariga xo‘jayin bo‘lib olib, ilm-u 
ma’rifatni oyoqosti qilayotganlari Akbarga ham og‘ir bir ko‘rgilikday tuyuladi. 
«Movarounnahrni bu dashtiy johillardan qutqaring!» deb keluvchilarga, «hali fursat 
yetilgan emas, sabr qilmoq kerak», deb javob beradi. 
Lekin sabr qila-qila Akbar ham ellikdan oshdi.  Nahotki Samarqanddagi Amir Temur 
maqbarasini, Shohizindani, Farg‘ona bog‘larini, Toshketning Bo‘zsuvini biror marta borib 
ko‘rish unga nasib qilmagan bo‘lsa? 
Bu savol negadir hozir Kashmirdagi mirzateraklar va chinorzorlarni ko‘rgan paytda 
yurakni ezuvchi bir mung bilan ko‘ngildan o‘tmoqda edi. Shu topda u Movarounnahrga 
bemalol borib kelayotgan elchilar va savdo karvonlarini havas bilan eslar edi. Bobur 
davrida boshlangan aloqalar hanuzgacha uzilgani yo‘q, yigirma yil davomida 
Abdullaxondan Akbar saroyiga uch marta elchilar kelib ketdi. Akbar ham Buxoroga uch 
qayta elchilar yubordi, Abdullaxonning sovg‘alariga yarasha qimmatbaho in’omlar 
jo‘natdi. 
Bundan maqsad faqat murosa qilish emas, balki bir-birlarining ahvolidan yaxshiroq 
xabardor bo‘lish va qulay payt kelganda yonboshga olib, yerga ko‘tarib urish ham edi. 
Savdo karvonlari bilan Movarounnahrga har yili borib kelayotgan xufiyalar yangi-yangi 
gaplar topib kelishmoqda. Akbarning Hindistonda diniy to‘ntarish yasagani Buxorodagi 
jo‘ybar shayxlarining sochini tikka qilib yuboribdi. Ular Akbarni shialardan ham battar 
kofir deb e’lon qilishib, uning nomini tilga oldirmay qo‘yishibdi, Abdullaxonni esa 
musulmon olamining imoni pok, islomga sodiq tojdori deb ulug‘lashibdi. 
Xo‘ja Islom nomli din peshvosi eng mutaasib shayxlarni Buxoroga yig‘ib, ularning 
nomidan Akbarga qarshi g‘azabli fatvolar chiqarayotgan bo‘lsalar ham, Abdullaxon 
hanuzgacha Hindiston bilan aloqani uzgan emas. U hamon Akbarga elchilar yuborib, 
maktublar yozib turibdi. Chunki agar xon Akbar bilan aloqani uzsa, bundan Eron 
podshosi shoh Abbos foydalanadi. Akbar davlatining qudrati ma’lum, agar uni Eron o‘z 
tomoniga og‘dirib olsa, Abdullaxon ikkita zo‘r raqib qarshisida yakkalanib qoladi. 
Abdullaxon Akbar olib borayotgan yangicha siyosatni qanchalik yomon ko‘rmasin, uning 
elchilarini zo‘r tantana bilan qabul qildi. Akbar Buxorodagi jo‘ybar shayxlarining tahdidli 
fatvolari ustidan kulgan kabi, o‘zining eng yaqin maslakdoshlarini — Hakim Humom va 
Sadri Jahonlarni Abdullaxon saroyiga elchi qilib yubordi. Qani xon yangi imon-u e’tiqod 
vakillariga biron yomonlik qilib ko‘rsin-chi! Yoki jo‘ybar shayxlari ularni «kofir» deb 
toshbo‘ron qildirsin-chi! Yo‘q, ular Akbarning besh-olti yildan beri butun kuchlarini 
shimoliy viloyatflarga yig‘ayotganidan xabardor. Hozir yoshi oltmishdan oshib, ancha 
kasalmand bo‘lib qolgan Abdullaxon Akbarning yengilmas sarkarda deb shuhrat 
qozongani bejiz emasligini biladi va u bilan urushishga yuragi betlamaydi. Shuning 
uchun Abdullaxon o‘zining mafkuraviy dushmanlari bo‘lgan Akbar elchilariga katta 
ziyofatlar berdi, safarlarga birga olib chiqdi, zarbof to‘nlar va chopqir otlar in’om qilib, 
izzat-ikrom bilan jo‘natdi. 
Movarounnahrda bir yildan ortiq yurib qaytgan Akbar elchilari Samarqand-u Buxoroda 
xon zulmidan bezor bo‘lgan odamlar tobora ko‘payib borayotganini, buning ustiga 
xonning katta o‘g‘li Abdumo‘min otasining taxtini tezroq egallash ishtiyoqida unga qarshi 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
320
kurash boshlaganini bilib qaytdilar. Abdullaxon Xurosonga Qulbobo ko‘kaldoshni hokim 
qilib tayinlagani Abdumo‘minni qattiq norozi qilibdi. Chunki u Hirotni o‘ziga poytaxt 
qilmoqchi va mustaqil davlat tuzmoqchi edi. Shu maqsadda u hatto turk podshosi Sulton 
Salimga otasidan beso‘roq elchilar yuborgan edi. O‘g‘lining niyati buzuqligini sezgan 
Abdullaxon Abdumo‘minni Hirotdan ham, Buxorodan ham uzoqroq tutgisi kelib, Balxga 
hokim qilib jo‘natdi. Balx Panjobga yaqinroq edi. Abdumo‘min endi Laxo‘rda turgan 
Akbarga otasidan bemaslahat elchilar yubordi. Uning saroyidagi hufiyalarning ma’lumoti 
Akbarga bu elchidan oldinroq yetib keldi: Abdumo‘min o‘z elchisiga sovchilik vazifasini 
ham yuklabdi, Akbarning qiziga uylanish istagini bildiribdi va shu yo‘l bilan o‘z otasidan 
baland kelmoqchi bo‘libdi. 
Bosar-tusarini bilmay hovliqib yurgan Abdumo‘min o‘zini Akbarga teng ko‘rib elchi 
yuborgani, yana uyalmay uning qizini xotinlikka so‘ramoqchi bo‘lgani Akbarning qahrini 
keltirdi. U Haybar dovoni etagiga elchini kutib olish uchun maxsus odamlar yubordi-da: 
— Badbaxtni o‘sha yoqda daf qilinglar, Hind daryosidan beriga o‘tmasin! — deb buyurdi. 
Abdumo‘minning sovchilik vazifasini ham o‘tash uchun kelayotgan elchisi sersuv Hind 
daryosidan o‘tayotganda go‘yo toshqin tufayli g‘arq bo‘lib ketdi. Abdumo‘minning 
Akbarga kuyov bo‘lgisi kelib yozgan maktubi ham, yuborgan sovg‘alari ham suvga 
cho‘kib nom-nishonsiz yo‘qolganini Buxoroda turib eshitgan Abdullaxon: 
— Battar bo‘lsin! — deb suyundi. 
Shayboniyzodalarning o‘z ichidan chiqayotgan bu o‘t alanga olsa, Abdullaxon uzoqqa 
bormasligi aniq. Chunki uning jigar kasali kuchayib, otga minolmaydigan bo‘lib qolganini 
Akbar eshitgan. Shu ketishda Abdumo‘min otasining o‘limini tezlashtiradi. Lekin 
Abdumo‘minning o‘ziga qarshi bosh ko‘taradigan kuchlar ham ko‘p. Akbar ana shu 
kuchlar yordamida uni yengishi mumkin. 
Ammasi Gulbadan begimning Samarqand-u Farg‘onani qo‘msab aytgan gaplari ta’sirida 
qo‘zg‘algan murakkab o‘ylarini u shu fikr bilan yakunladi-da: 
— Ammajon, mana, Kashmirga keldik, omon bo‘lsak, hademay Samarqand-u 
Farg‘onalarga ham borib qolgaymiz! — dedi. 
— Ilohim murodingizga yeting! 
Hamida begim bu gaplardan quvonish o‘rniga allanechuk sergaklanib qoldi. 
— Shoh o‘g‘lim, Turonga siz faqat qo‘shin tortib, jang qilib bormog‘ingiz mumkin. 
Shayboniyzodalarning behisob ko‘p qo‘shini bor emish. O‘zlari o‘lgunday jangari, qancha 
odam qirilishini o‘ylasam, vahmim kelur!  
— Nachora! Biz ham sayyoh yoki elchi bo‘lsak edik, birorta karvonga qo‘shilib, ota-
bobolarimiz vataniga tinchgina borib kelar edik. Lekin shayboniyzodalar boburiylarni 
Turonga yo‘latmaydilar, hatto bizning to‘g‘rimizdagi rost gapdan ham qo‘rqadilar. 
Movarounnahrdan Hindga kelib ketgan odamlar ko‘zlari bilan ko‘rgan qurilishlarimiz, 
tasvirxonalarimiz, yangicha siyosatimiz haqida Samarqand-u Buxoroga borib haqiqatni 
so‘zlasalar bas, «Dindan qaytgan Akbarning tarafdori», «xoin», «kofir» deyishib, jazoga 
buyururlar. 
— Nahotki shunchalikka borishsa? — hayron bo‘lib so‘radi Hamida begim. — Abdullaxon 
Buxoroda madrasalar, karvonsaroylar qurdirgan emish. Rabotlar ham soldirgani uchun el 
orasida yangi bir naql paydo bo‘lgan emish. «Abdullaxon bir kecha yotish uchun rabot 
soldirgan, sen ham besh kunlik dunyoda uy-joy qurib yashab qol», der emishlar. 
— Rost, shayboniyzodalar orasida eng iste’dodlisi— Abdullaxondir. Bunday qudratli 
davlat tuzish har kimning ham ilkidan kelmagay. Lekin dashtiy sultonlarga xos dag‘allik 
unda ham bor ekan-da. Bundan ancha yil avval samarqandlik Abdurahim Mushfiqiy 
degan shoir Agraga bizdan panoh istab keldi. Shunda menga kuyinib aytib berdiki, 
«Boburnoma»ni maqtagani uchun Abdullaxon uni «sen bizdan temuriylarni baland 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
321
qo‘ymoqchisen» deb o‘limga buyuribdir. Mushfiqiy saroy kutubxonasining kitobdori
katta shoir bo‘lgani uchun Abdullaxonning vaziri Qulbobo ko‘kaldosh oraga tushib, 
shafoat so‘rabdilar. «Mushfiqiy sizni temuriylardan baland qo‘yib she’rlar yozgan», 
debdir. «Qani o‘sha she’rlar?» debdi xon. Vazir she’rni o‘qib beribdi. «Men qilich yalan-
g‘ochlab, ot choptirib boray, Mushfiqiy uzangimdan ushlab, yonimda o‘sha maqtov 
she’rlarini aytib chopsin. Agar shu shartni bajarolmasa, bo‘yniga qilich urgaymen, boshi 
ketgay». Bechora shoir ne qilsin? Abdullaxon qilich yalang‘ochlab otini yo‘rttiribdir, 
Mushfiqiy uning uzangisidan ushlab, xonni ulug‘laydigan she’rlarni ayta-ayta chopibdir. 
— Oh, bechora! — deb qo‘ydi Gulbadan begim. 
— Mushfiqiyning zehni o‘tkir ekan, adashmasdan, to‘xtamasdan, marraga yetguncha 
ash’or aytibdir. Shu tarzda tirik qolgandan so‘ng, Abdullaxondan ixlosi qaytib, Buxorodan 
bosh olib chiqibdi-yu, savdo karvoni bilan Agraga kelibdir. 
— Hozir ham Agradami? 
— Yo‘q, ikki-uch yil turgach, ketishga ruxsat so‘radi. Keyin bilsam, bizning saroy shoirlari 
uni xafa qilgan ekanlar. «Har qancha azob cheksam ham, vatanimga qaytay, shoir 
tug‘ilgan yurtidan ayrilsa yerdan uzilgan daraxtday ijodi so‘nar ekan» dedi. Javob berdik, 
qaytib ketdi. 
Akbar so‘nggi so‘zlarni Mushfiqiyga allanechuk havasi kelib aytdi, chunki o‘sha shoir 
qaytib borgan Samarqandga u haligacha borolmas edi. Biroq bobokalonlarining 
maqbarasi turgan bu shaharni shayboniyzodalardan tortib olish, Movarounnahrda Ulug‘-
bek va Navoiylar davridagi ma’naviy ko‘tarilishlarni qayta tiklash istaklari yil sayin dilida 
chuqur ildiz otib borardi. Bu istaklarni Hindistonning shimolida turib amalga oshirish 
qulayroq bo‘lgani uchun Akbar milodiy 1585-yildan boshlab poytaxtni Fathpurdan 
Laxo‘rga ko‘chirgan edi. Poytaxtni Laxo‘rga ko‘chirishning yana bir sababi — Fathpur-
Sekri daryolardan uzoq, uning yonidagi ko‘l esa aholi ko‘paygan sari sayozlashib, suvi 
sho‘rroq bo‘lib ketdi. Fathpur-Sekrida aholining soni ikki yuz-u ellik mingga bordi. 
Buncha odam ko‘l suvini yana o‘ttiz-qirq yilda ichib tamom qilib qo‘yishi ham mumkin. 
Bir chekkasi shuni ham o‘ylab, Akbar poytaxtni sersuv Laxo‘rga ko‘chirib kelgan edi.  
 
_______________ 
* Salim Mehriniso bilan otasi o‘lgandan keyingina qayta topishdi. Salimga erga chiqqan bu ayol tarixda Nurjahon nomi bilan mashhur bo‘ldi. 
* D a l — kashmirchada «ming bargli nilufar» degan ma’noni bildiradi.
 
* * * 
 
O‘n besh yildan beri Laxo‘r poytaxtga aylanib, Ravi daryosi bo‘yida Samarqand obidalari 
kabi rang-barang koshinlar bilan ziynatlangan yangi qasrlar, madrasalar paydo bo‘ldi. 
Podsho saroyi qayerni poytaxt qilsa o‘sha joyda puldorlar ko‘payishini va savdo qizishini 
biladigan tujjorlar Laxo‘rda yangi-yangi rastalar va bozorlar ochdilar. 
Jahonning turli tomonlaridan yo‘lga chiqqan savdo karvonlari shimoldagi Kobul, 
g‘arbdagi Qandahor, janubdagi Agra va Dehli orqali Laxo‘rga keladi. Katta yo‘llar orasida 
eng mashhuri — Agra, Fathpur va Laxo‘rni bir-biriga bog‘laydigan uch yuz mil 
uzunlikdagi Shohroh. Maxsus buyruq bilan kengaytirilgan va atrofi obod qilingan bu 
yo‘ldan to‘rt-beshta arava qator yursa ham sig‘adi. Uning sahniga silliq toshlar 
yotqizilgan, ikki tomoniga bora-borguncha sersoya daraxtlar o‘tkazilgan, har yetti-sakkiz 
mil joyda to‘xtab dam olinadigan, ovqat yeyiladigan va ot almashtiriladigan yomxona — 
bekatlar qurilgan. Shuncha uzoq masofaga cho‘zilgan bunday katta yo‘l o‘sha davrda 
jahonning juda kamdan kam joyida uchrashini milodiy 1591-yilda Laxo‘rga kelib ketgan 
ingliz elchisi lord Edvard Layoton o‘z xotiralarida yozib qoldirgan. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling