Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet51/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
335
yetmas, faqat kuyinib yig‘lashar edi. Hamida begim yana xastalanib qolgan, Akbar 
kirganda orqasiga yostiq qo‘yib, devorga majolsiz suyanib o‘ltirar edi. U o‘g‘lini ko‘proq 
yonida tutib turgisi kelib, uzoq xotiralarga berildi, Jamna bo‘ylarida qanday chavgon 
o‘ynagani, Tar sahrosida qancha vaqt sargardon bo‘lgani, Qazvin-u Kobul, Bhira-yu 
Kashmir — hammasini to‘xtab-to‘xtab, birma-bir eslab chiqdi. 
— Shoh o‘g‘lim, boburiylar xonadonidan eng keksasi — faqat men qoldim, — dedi. — 
gulbadan begim bultur yarash-yarash bo‘lgan farahli kunlarda olamdan o‘tganiga hozir 
mening havasim kelur... Saksonga kirganda umrimning eng taxir davri boshlangay, deb 
hech o‘ylamagan edim, Bolajonim!.. 
Hamida begim ko‘z yoshini oq doka ro‘molining uchi bilan sekin artib qo‘ydi. 
— Nasib qilsa, bu taxir kunlar ham o‘tgay, onajon! Yana farahli damlarga yetgaymiz... 
— Akbarjon, butun umr men sizga omad tiladim, mag‘lubiyatingizni ko‘rmayin, dedim! 
Ilohim, ota-bola ikkovlaring ham ketimda qolinglar, dog‘laringni ko‘rgilik qilmasin! Shu 
gal ko‘nglim juda bezovta!.. 
Akbar onasi bilan quchoqlashib xayrlashar ekan: 
— Ko‘p xavotir bo‘lmang, hali yana ko‘rishgaymiz!— dedi. 
U tug‘ilgandan beri bor bo‘lgan onasi hech qachon o‘lmaydigandek, abadiy sobit 
turadigandek tuyulardi. Lekin Akbar kemaga tushib, Ollohobod tomonga ikki kun suzar-
suzmas shum xabar uni quvib yetdi. Quruqlik yo‘ldan shoshilib kelgan chopar Akbarga 
Salima begimning maktubini tutqazdi: 
 
«Hazrat onamlar iztirob cheka-cheka behol bo‘lib yiqildilar. Oxirgi aytgan so‘zlari Sizning 
nomingiz bo‘ldi. Kechadan beri tildan qoldilar. Faqat ko‘zlari ochiq, atrofga termulib sizni 
izlaydilar. Hazratim, jon berolmay qiynalayotgan ulug‘ onangiz hurmati, tezroq yetib 
keling. 
Zavjangiz Salima begim!» 
 
Akbar darhol kemadan tushib otlandi-yu. Agraga qaytdi. O‘sha zahoti Rani Jodha Bay 
Ollohoboddagi Salimga maktub yo‘lladi: 
 
«Hazrat otangiz, harbiy yurishni to‘xtatib, Agraga qaytdilar. Men Sizga bergan oq 
sutimga rozi bo‘lishimni istasangiz, siz ham ulug‘ buvingiz bilan vidolashish uchun tez 
Agraga keling. Bu o‘tkinchi dunyoda yaxshi ot qoldiring, jonim bolam! Yosh to‘la ko‘zlar 
bilan yo‘lingizga nigoronmen. 
Onangiz Rani Jodha Bay». 
 
Akbar yarim kechada saroyga yetib, Hamida begim yotgan xonaga kirdi. Rangi qonsiz, 
ko‘zlari yumuq onasining yonida cho‘kkalab, uning ozg‘in tanasini choyshab bilan birga 
quchdi-da: 
— Onajon! — deb sekin chaqirdi. 
Yolg‘iz o‘g‘lining ovozi Hamida begimni go‘yo narigi dunyodan qaytarib olib kelganday 
bo‘ldi. Ko‘zini majolsiz ochdi-yu, tepasida Akbar turganini ko‘rdi. Shunda xira ko‘zlari 
nurga to‘lib bir yorishdi, ammo tili gapga kelmadi. Akbarni tirik ko‘rgani ona uchun 
so‘nggi tasalli bo‘ldi. Ilhaqlik tutib turgan jon endi uzildi-yu, ochiq ko‘zlar tez so‘na 
boshladi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
336
Ollohoboddagi Salim ham urush harakatlarini to‘xtatib, buvisini dafn qilishga kelayotgani 
atrof viloyatlarga ma’lum bo‘ldi. Hatto o‘z o‘limi bilan falokat urushning oldini olgan 
Hamida begimga butun mamlakat aza tutdi. Uning tobutini Agradan Dehligacha yuz 
minglab odamlar kuzatib qo‘ydilar. Begimning jasadi o‘zi qurdirgan Mirzo Humoyun 
maqbarasining o‘ng qanotiga dafn etildi. Odatga binoan, uning qabri ustiga qo‘yilgan 
marmar tosh yuzasiga to‘rt qirrali mo‘tabar belgi tarashlandi. Bu belgi Hamida bonuning 
to‘rt farzand ko‘rgan ona ekanini bildirar edi. 
Ollohobod uzoq bo‘lgani uchun, Salim oradan o‘n besh kunlar o‘tgandan so‘ng Dehliga 
yetib bordi. Hindiston odatiga binoan motamsaro oq kiyim kiyib, bobosi va buvisining 
maqbarasini ziyorat qildi. So‘ng Hamida begimning Agrada o‘tkazilayotgan 
«yigirma»siga yo‘l oldi. 
Salimning qo‘shinsiz kelgani Akbarga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuldi. «Yigirma»ga 
kelganlar tarqagach, u o‘g‘lini xonayi xosiga taklif qildi-yu, qarshisiga o‘tqazdi. 
— Xayriyatki bu gal dilingizda mehr-u oqibat g‘olib kelibdir, — dedi. — Onam rahmatli 
o‘z o‘limi bilan avvalo, sizning istiqbolingizni qutqardi, amirzoda! 
Salim kinoyali iljaydi: 
— Hazratim, nechun faqat meni?.. Siz umr bo‘yi xuddi afsonaviy Rustami doston kabi 
mag‘lubiyat ko‘rmay kelmoqdasiz... Agar Rustamning shunday xaloskor onasi bo‘lganda, 
ehtimol, o‘g‘li Suhrob ham uni yengolmagan bo‘lardi!.. 
Akbar o‘g‘lining nima demoqchiligini tushundi-yu, ovozini tahdidli pasaytirib so‘radi: 
— E, hali siz Suhrob bo‘lib meni yengishingizga ishonganmidingiz? Nahotki siz bilan 
Suhrobning orasida qanchalik katta farq borligini bilmaysiz? Suhrob umr bo‘yi otasini 
ko‘rmay o‘sgan, uni tanimay, bilmay halol olishgan! Ammo otasining erkasi bo‘lib, 
ko‘zining yog‘ini yeb o‘sgan shahzodalar ko‘ra-bila turib padarkushlik qilganda olti oydan 
ortiq podsho bo‘lolmasligini tarix qayta-qayta isbot etgan-ku! Eng oxirgi dalil — otasiga 
qarshi tajovuzlar qilgan turonlik Abdumo‘min ham Abdullaxondan keyin olti oy podsholik 
qilar-qilmas boshi kesilganini eshitganmisiz? 
— Eshitganmen, ko‘p otashin bo‘lmang, hazratim! Otaga qarshi qilich ko‘targan o‘g‘ilning 
davlati uzoqqa bormasligiga men ham endi aminmen.* Shuning uchun, mana, 
qo‘shinsiz, qurolsiz, bosh egib huzuringizga keldim. 
— Xo‘sh, qani, tilagingiz nedur? 
— Hazrat otajon, men ham o‘ttiz beshga kirdim. O‘g‘lim Xisrav farzand ko‘rdi, men endi 
nevarali, siz chevarali bo‘ldingiz. Mamlakat juda ulkan bo‘lib ketdi, uni boshqarish sizga 
ham qiyin. Bu borada Shohruh mirzo bilan o‘g‘li Ulug‘bekning tajribalari bizga mos 
kelmog‘i mumkin. Ota Hirotda, o‘g‘il Samarqandda bo‘lgani kabi siz Agrada bosh bo‘lib 
tursangiz, faqir Ollohobodda sharqiy viloyatlarni idora etsam... 
— Demak, siz Mirzo Ulug‘bekdek mustaqil podsho bo‘lmoqchisiz! Ammo yoshingiz 
shunchaga kirib, nevarali bo‘lib, Ulug‘bek qilgan buyuk ishlarning qaysi birini qildingiz? 
Rasadxona-yu madrasalar qurdingizmi? «Zichi Ko‘ragoniy»dek kashfiyotlar qildingizmi? 
Ollohobodda siz o‘zingizga saroy qilib olgan qirq ustunlik ulug‘vor qasrni ham biz 
qurdirganmiz! Siz tayyoriga ayyor bo‘lib, kayf-u safo qilib yuribsiz! 
Akbar o‘z dilida yillar davomida o‘g‘liga qarshi to‘planib yurgan dard-u alamlarni 
birvarakay to‘kib soldi. 
— Agar siz menga to‘g‘anoq bo‘lmaganingizda, farangilarni janubdagi Goa-yu Damandan 
allaqachon quvib yuborgan bo‘lardim! Ular bizning ichki nizolarimizdan foydalanib endi 
Bangolaning janubida ham paydo bo‘lishdi. Xugla degan bandarni o‘zlariniki qilib olishdi. 
Agar siz menga yordam berganingizda, Turondagi xayrixohlarimizning istiqboli ham 
boshqacha bo‘lardi! Biz bu yerda o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib qolganimiz uchun 
qayoqdagi ashtarxoniylar Buxoro-yu Samarqand taxtini allaqachon egallab oldilar. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
337
Shuncha yomonlik qilganingiz ozmidiki, mana bu tangalardan mening nomimni olib 
tashlabsiz! 
Akbar zarbof ko‘rpacha tagidan bir siqim oltin tangani olib o‘g‘lining ustiga sochib 
yubordi: 
— Men ellik yil jon chekib, amalga oshirgan nek ishlarni nahotki tilab olgan o‘g‘lim 
shunchalik noinsoflarcha barbod qilsa?! Yana buning ustiga Abulfazldek eng suyangan 
do‘stimning boshiga yetsa?! 
Salim so‘nggi gapdan dir-dir titray boshladi. Akbar uning gunohkorligini shundan ham 
sezdi-da, qattiq qarsak chaldi. Eshik ortida turgan ikkita devqomat yigit tez kirib 
kelishdi. 
— Oling buni! — deb Akbar yigitlarga buyurdi: — G‘uslxonaga eltib hibs qiling! Jazosini 
tortsin! 
Tanasi lattaday bo‘shashib qolgan Salimni xizmatkorlar ikki qo‘ltig‘idan olishdi, qasrning 
bir chetidagi g‘uslxonaga olib borib, qamab qo‘yishdi. 
Podshoh oilasining cho‘miladigan joyi bo‘lgan g‘uslxonaning ichi nam, derazasi yo‘q. 
Devorlari marmardan, oyoq ostilariga rangli toshlarni chiroyli qilib terib sangfarsh 
qilishgan. Dam oladigan xonasiga xushbo‘y atirlar sepilgan, guldor gilam va kimxob 
ko‘rpachalar to‘shalgan. Lekin hozir yomg‘ir fasli, buning ustiga g‘uslxona o‘zi nam, 
hamma narsa zax tortib qolgan. Sochiqlarning ho‘li qurimagan. Odamlar badanlarining 
kirlarini yuvgan shu joyda kecha-yu kunduz qamalib o‘ltirish ta’bi nozik shahzoda uchun 
chidab bo‘lmas qiynoqqa aylanib ketdi. 
Akbar ichkariga hech kimni, hatto onalarni ham kiritmaslikni, suv-nondan boshqa hech 
narsa bermaslikni buyurdi. Soqchilar bu buyruqni qattiq turib bajara boshlashdi. 
Mudom sarxil ovqatlar yeydigan, har kuni kechki payt xushbo‘y chog‘ir ichib turadigan, 
ikki-uch kunda bir afyun qo‘shilgan ma’jun yeb, kayf qilishga o‘rgangan Salim to‘qqiz 
kun non-suv bilan zax g‘uslxonada o‘ltirgach, badanlari tirishib, o‘ladigan holatga keldi. 
Eshiklarni taqillatib dod soldi: 
— Men kasalmen! Oching!  Chog‘ir bering! Bas! Bo‘shating meni! Bo‘shating! 
O‘g‘lini ko‘rishga kelgan, lekin ichkariga kirolmayotgan Rani Jodha Bay yig‘lab gapirdi: 
— Men ne qilay, bolam? Otangiz qahridan tushmayaptilar! 
— Meni Murodga o‘xshatib o‘ldirmoqchimilar?! Badanim tirishib qolyapti! Chog‘ir 
bersinlar, bir xumordan chiqay! Bo‘lmasa o‘lamen! 
Maryami Zamon Akbarning oldiga bordi: 
— Shafqat qiling! Meni ham farzand dog‘iga giriftor etmang! 
— Qo‘rqmang, Maryami Zamon. Chog‘ir so‘ragan bo‘lsa hali dami baland. Yotsin o‘sha 
joyda! Tavbasiga tayansin! 
O‘ninchi kuni Salim yana eshikni taqillatib dod sola boshladi. Goh afyunni ko‘p yeb, 
ostonaga bosh qo‘yganicha abadiy uyquga ketgan birinchi xotini Man Bay, goh 
Abulfazlning kesilgan boshi uning ko‘ziga ko‘rinib ketardi. G‘uslxonada qandaydir 
dahshatli sharpalar uni quvib yurganday bo‘lardi. U jinnilarcha baqirib, ho‘ngrab yig‘ladi: 
— Bo‘shatinglar meni! Ko‘zimga arvohlar ko‘rinmoqda! Jinni bo‘lishimni istaysenlarmi?! 
Ochinglar! 
Bu gal yopiq eshikning oldiga Jodha Bay bilan birga Salima begim ham keldi. 
— Men bir bor elchi bo‘lib oraga tushgan edim, bolam! — dedi Salima begim. — 
Sarkashlik qildingiz! Nechun chog‘ir so‘raysiz? Shafoat so‘rang! Bir og‘iz «tavba qildim» 
deng! 
Holdan toygan Salim zaif tovush bilan: 
— Xo‘p, onajonlar, menga shafe bo‘linglar!.. — dedi. — Meni otamning oldiga olib 
borsinlar!.. Afv so‘ray!.. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
338
Salim o‘n kunlik hibs davomida uch-to‘rt oy kasal yotgan odamday rangini oldirgan, 
ko‘zlari ichiga botgan, oyoqlari kalovlanib zo‘rg‘a qadam tashlar edi. Ikki ona ikki yonida, 
uni otasi oldiga olib bordilar. 
— Tavba qildim! — dedi Salim tiz cho‘kib. 
Akbar darmoni ketib qolgan o‘g‘lini qarshisiga, onalarni ikki yoniga o‘tqazdi. 
— o‘n kun g‘uslxona — sizning tog‘day gunohlaringiz o‘trusida zig‘irday kichik bir jazo 
xolos, — dedi Salimga. — O‘z oyog‘ingiz bilan kelganingiz uchun sizni ayadim, 
onalaringizning yuzidan o‘ta olmadim... Yomonlikning jazosi hayotdan qaytsa ana u 
yomon bo‘lg‘ay! Zahhoki Moron degan afsona yodingizdami? Yomonlikni ko‘p qilgani 
uchun Zahhokning ikki yelkasidan ikkita ilon o‘sib chiqmishdir. Ana shunday ilonlar har 
qanday podshoning ham yelkasida in qo‘yishga ishqibozdir. Bu ilonlarning biri zolimlik, 
biri — bid’at-u xurofot. Biri taxtparastlik, biri— xudparastlik! Men o‘z yelkamdan bosh 
ko‘tarmoqchi bo‘lgan bu ilonlarni yo‘q qildim, deb o‘ylagan edim. Keyin qarasam, bu 
ilonlar sizning yelkangizga o‘rmalab chiqmoqda. Axir bu ilonlar mudom qurbon talab 
qilur! Suyukli yoringiz Shoh begim, mening do‘stim Abulfazl ana shu ilonlarning qurboni 
bo‘lmadimi? Shu ketishda bu ilonlar axiyri o‘zingizning ham boshingizga yetmagaymi?! 
So‘nggi gaplar g‘uslxonada Salimning ko‘ziga ko‘ringan dahshatli sharpalarni yodiga 
soldi-yu, seskantirib yubordi: 
— Inoning, hazratim, men endi o‘z nomimga xutba ham o‘qitmagaymen, pul ham zarb 
etmagaymen. Yelkamdan o‘sib chiqmoqchi bo‘lgan ilonlarning boshini kesgaymen! 
— Ilohim shu niyatingizga yeting, o‘g‘lim! Bu ilonlardan hali men o‘zim ham qutulgan 
emasmen. Toj-u taxt, mutlaq hokimiyat bor joyda ular hamisha bo‘lur ekanlar. Yaxshi 
bo‘lishni istasang, umr bo‘yi bu ilonlar bilan olishib yashashga majbur ekansen. Lekin 
dunyoda yaxshi nom qoldirolmasang, yashashning ne qizig‘i bor? Bobur bobomizning 
turkiy satrlari yodingizdami? «Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, bundin yaxshi yo‘q, to degaylar 
dahr aro qoldi falondin yaxshilik». 
— Men bu g‘azalni boshdanoyoq yod bilurmen!— dedi Salim. 
— Agar yod bilsangiz endi unga amal qiling! Axir avlodlar almashganda alg‘ov-dalg‘ov 
bo‘lishi, otalar bilan bolalar orasida nizo chiqishi tarixda ko‘p uchraydigan hodisa. Ammo 
bizning Bobur bobomiz bilan otamiz shu falokatdan yuqori turgan ulug‘ siymolar edi. 
Ulardagi mehr-u oqibat, avlodlarning bir-biriga fidoyiligi — behad noyob bir gavhar ekan. 
Endi siz bilan men shu gavharni yo‘qotib qo‘ymaylik, o‘g‘lim! Gavhar hayot ummoniga 
qaytadan tushib ketsa, keyin uni topib bo‘lmagay. Ana undan so‘ng menga qilgan 
oqibatsizligingiz o‘g‘illaringizdan o‘n hissa ko‘payib qaytgay. Oxirida bu illat ularni padar-
kushlikkacha olib borgay! Zinhor, ming zinhor buni unutmang! 
Akbarning so‘nggi so‘zlari Salimga vasiyatdek eshitildi-yu, ko‘zlarini jiqqa yosh qildi. 
O‘g‘lining dili yumshab insofga kelib turgan shu damda rani Jodxa Bay uning otasiga 
chin ixlosmand, balki ma’naviy voris bo‘lishiga umid qildi. Akbardan so‘zlashga ruxsat 
oldi-yu, Salimga yuzlandi: 
— Shayx Bobo, gavhar yo‘qolmasin uchun uni oltin uzukning ko‘zida asraydilar. 
Farzandlik oqibati gavhar bo‘lsa, uni o‘z bag‘rida asraydigan oltin — imon-u e’tiqoddir. 
Jannatmakon bobongiz Humoyun hazratlari o‘z otalariga dildan maslakdosh bo‘lganlari 
uchun shu qadar oqibat ko‘rgazganlar. Siz ham imon-u e’tiqodda hazrat otangizning 
sodiq maslakdoshi bo‘lmog‘ingiz kerak! 
Bu so‘zlar Salimga otasi kashf qilgan dini ilohiyni eslatdi-yu, birdan vujudini 
sergaklantirdi. 
— Hazrat otajon, tepamizda Xudo turibdir. Rostini aytay. Oltin ashrafiylarga kalimayi 
shahodatni qayta zarb ettirganimdan ranjidingiz. Biroq men sizni ham Alloh taoloning 
qahridan saqlash niyatida shunday qildim. Axir kalimayi shahodat «Xudo bittadir. Al-

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
339
lohdan boshqa iloha yo‘qdir» degan ma’noni bildiradir-ku. Biz boshqa dinlar, boshqa 
xudolarni tan olsak, Allohning irodasiga qarshi borgan bo‘lmaymizmi? 
— Yo‘q! Chunki men oltin ashrafiylarimga «Allohu akbar» iborasini zarb ettirganmen. 
Dini ilohiy «Alloh ulug‘dir» degan shu e’tiqodga asoslanmishdir. Manfaatparast ulamolar-
u, zolim hukmdorlar kalimayi shahodatni tor mahalliy ma’noda talqin qilib, diniy 
bosqinchiliklarga yo‘l ochib bermishlar. Ular «Allohdan boshqa iloha yo‘q» degan iborani 
«Boshqa xalqlarning ilohalari qalbaki, dinlari yolg‘on, shuning uchun biz g‘ayridinlarni qul 
qilishga haqlimiz, ulardan jizya solig‘i olib boyishimiz kerak!» degan ma’noda 
tushuntirib, badnafs tamagirlarni rag‘batlantirdi. Bunday zo‘ravonliklar islom olamini 
boshqa xalqlarga yomon ko‘rsatdi, uning dunyodagi mavqeyini pasaytirdi. 
— Lekin boshqa dinlar islomni tan olmasa, biz ular bilan nechuk inoqlashgaymiz, hazrat 
otajon? 
— Islomni tan olmasa, Xudoni tan olgay-ku. Axir Xudo demagan biror din bormi? 
Qochgan ham Xudo deydir, quvgan ham! Xudo bitta, faqat turli qavmlar uni turli nomlar 
bilan ataydilar, unga turfa sifatlar berurlar. Bu xilma-xillik — muqaddas yuksaklikka olib 
boruvchi yo‘llarning bir-biriga o‘xshamasligidan dalolat berur. Ammo inson zotining eng 
muqaddas tuyg‘ulari axir oqibatda yuksak bir haqiqat mehvariga yig‘ilgusidir. Men bunga 
imon keltirurmen, chunki barcha ellar bir quyosh ostida, bitta zaminda yashamoqdalar. 
Insoniyat ulg‘aygan sari imon-u e’tiqod yo‘llari tobora baland ko‘tarilib bormoqda. Men 
sizga tog‘ yonbag‘rlarining bir cho‘qqi ustida birlashib ketishini avval ham misol qilib 
aytgan edim. O‘shal cho‘qqini siz ham hozir tasavvur ko‘zi bilan ko‘rsangiz bo‘lur. 
Qarama-qarshi tomonlardan toqqa qadam qo‘ygan turli din vakillari bir-birlarini 
ko‘rmagan-bilmagan paytlarda har qancha yovlashgan bo‘lsalar ham, eng baland ilohiy 
nuqtaga chiqqanlarida ko‘zlagan maqsadlari-yu, intilgan manzillari yagona ekaniga amin 
bo‘lurlar. Muqaddas tuyg‘ularimiz oliy yuksaklikda bir-biriga tutashganda biz hammamiz 
odamzodning taqdiri ham, parvardigori ham yagona ekaniga ishongaymiz. O‘shanda 
ayturmiz: «dunyoda bizdan boshqa insoniyat yo‘qdir, yagona parvardigordan boshqa 
iloha yo‘qdir». «Lo iloho illollohu»ni mana shunday umuminsoniy miqyosda tushunsangiz 
dini ilohiy dilingizga yo‘l topgay, o‘g‘lim! 
Salim bir lahza otasining mantiq kuchiga tan berib, uning haqligiga imon keltirishga 
chog‘landi... Ammo birdan Farid Buxoriy kabi eski musulmonobod tarafdorlari esiga 
tushdi. Ular ming-ming, hammasi Salimdan najot kutadi, unga umid ko‘zini tikadi. 
Nahotki Salim birdan shuncha odamni noumid qilib, imon-u e’tiqodini o‘zgartirsa? 
«Buning oqibati yomon bo‘lg‘ay» dedi unga ichki bir ovoz. 
Salim otasi oldida majolsiz bosh egdi-yu: 
— Hazratim. Siz aytgan oliy yuksaklikka ko‘tarilish bugundan boshlab mening ezgu-
niyyatimga aylangay. Ammo hozir hibsdan keyingi darmonsizlik tufaylimi... dilim 
allanarsadan xavotir bo‘lmoqda... 
Akbar xotinlariga qaradi. 
— Nelar sizni xavotir qilmoqda, bolam? — deb Salima begim Salimga mehribon ko‘zlarini 
tikdi: — Biz sizning xavotiringizga ham sherikmiz. Dilingizdagi g‘uborni ota-ona mehri 
bilan yuvsangiz yengil tortgaysiz... Ochiq so‘zlang! 
— Rost, sizlarning mehringiz menga shifodir... Xavotirim shulki, — deb Salim Farid 
Buxoriyning Kobulda aytgan so‘zlarini esladi: — Dunyoda g‘ayridinlar bizdan ko‘proqdir. 
Dinlar qo‘shilsa islom suyulib, mavqeyimiz pasayib ketmagaymi? Biz g‘ayridinlar 
ummonida o‘zligimizni qanday saqlagaymiz? 
Akbar og‘ir tin oldi-yu, Salima begimga «javob bering!» degandek ishora qildi. 
— Amirzodam, hazrat otangiz dini ilohiyni e’lon qilganlariga yigirma yildan oshdi. 
Shundan beri mavqeyimiz pasaydimi, yoki ko‘tarildimi? 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
340
Salim o‘ylab turib: 
— Ko‘tarildi, — deyishga majbur bo‘ldi. 
— Chindan ham, so‘nggi yigirma yillik ko‘tarilish Hindiston tarixida ming yilda bir 
uchraydigan ulkan hodisa bo‘di, — dedi Salima begim. U tarix kitoblarini ko‘p o‘qigan, 
elchilik ham qilgan. Qalami o‘tkir shoira bo‘lganligi uchun Abulfazl vafot etganidan beri 
yozuv-chizuv ishlarida, chet ellardan olinadigan ba’zi nozik maktublarga javob yozishda 
Akbarga ko‘maklashadi. U Akbardan ijozat so‘rab, Salimga Angliya, Ispaniya, Fransiya 
va Xitoy elchilari olib kelgan maktublardan ba’zi joylarini aytib berdi: — Qarang, 
amirzodam, sharq-u g‘arbning shunday obro‘li davlatlari hazrat otangizni islom 
olamining bugungi eng ulug‘ podshosi deb tan olmoqdalar. «Sulhi kull» siyosatini katta 
ma’naviy jasorat deb atamoqdalar. Otangiz amalga oshirgan islohotlar islom olamining 
jahon miqyosidagi obro‘sini oshirmoqda, musulmon davlatlari yangi yuksalishlarga, 
yangilanishlarga qodir ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday buyuk yuksalish-u yangilanishlar 
Sohibqiron Amir Temur davridan buyon endi sodir bo‘lmoqda. Eng iste’dodli musavvirlar 
hazrat otangizni bobokaloningiz Amir Temur suratiga yonma-yon qo‘yib tasvir 
etganlarini siz ham ko‘rgansiz. Dunyoda hozir uchta eng qudratli davlat bo‘lsa, biri 
Hindistondir. Buni sharqda Xitoydan tortib, g‘arbdagi Farangistongacha barchasi tan 
olmoqda. Shunday bo‘lgach, nechun biz g‘ayridinlar ummonida o‘zligimizni saqlay olmas 
ekanmiz? Aksincha, otangiz barpo etgan ulug‘ davlat bu ummonda o‘zligimizni yanada 
mahkam saqlashga imkon bermaydimi? 
Salima begim shoirona bir ehtiros bilan so‘zlagan sari, Rani Jodxa Bay unga mahliyo 
bo‘lib tikilar, uning nazarida Salim hoziroq otasining oyog‘iga tiz cho‘kib, Dini ilohiyni 
qabul qiladigandek bo‘lar, shundan keyin Akbar uni valiahd deb e’lon qilsa, hammalari 
murod maqsadlariga yetardi. Chunki Salimning ham eng katta maqsadi — valiahd bo‘lish 
edi. Biroq Salim o‘z diliga hali astoydil o‘rnashmagan yangi e’tiqodni xushomad tarzida 
nosamimiy qabul qilishni o‘ziga ham, otasiga ham munosib ko‘rmasdi. U ikki o‘t orasida 
qolgandek mushkul ahvolga tushdi, yuzi bo‘g‘riqib, yonoqlarida, hatto bo‘ynida ter 
tomchilari yiltiradi... O‘g‘lining lablari qaqrab, yorilay deb turganini Akbar endi ko‘rdi. 
Qarsak chalib savdarni chaqirdi-da, obihayot keltirishni buyurdi. 
Akbar uchun maxsus tayyorlanadigan bu yaxna ichimlikka darmon beradigan, asabni 
tinchitadigan dorivor giyohlar qo‘shilgan edi. Salim oltin piyolaga quyilgan muzdek 
obihayotni ichib, ancha tetiklandi. Otasiga minnatdor ko‘zlar bilan qarab dedi: 
— Hazrat otajon, sizdan ham, munis onajonlarimdan ham yashiradigan sirim yo‘q. 
Sizning dushmanlaringiz — mening ham dushmanimdirlar. Sizni g‘ayridinlar Xitoy-u 
Farangistonda maqtaganlari sari Turon-u Eronda, Arabiston-u Rumda bizni ming 
maqomga solib, «kofiru ma’jusiy» deb yomonlamoqdalar. Hatto sizga oq sut bergan 
enagalar orasida Rupa Rani nomli hind ayoli borligini dalil keltirurlar... 
— Rost, men ham bu gapni eshitdim. Go‘yo kofirlig-u ma’jusiylik menga ona suti bilan 
kirgan emish, endi faqat jon bilan chiqar emish! 
Salimning o‘zi ham hind dinidagi onani emganligi uchun bu so‘zlardan dahshatga keldi: 
— Onaning oq sutini ham qoraga bo‘yaydigan bunday manfur yog‘iylarga dastak 
bermaslik uchun faqir «Lo iloha illollohu»ni dilimga mahkam joylamishmen! Undan voz 
kechishga qo‘rqamen! 
Akbar xiyol jilmayib so‘radi: 
— Sizningcha men kalimayi shahodatdan voz kechmishmenmi? 
— Yo‘q zinhor! Axir siz har kuni besh vaqt namozni kanda qilmaysiz! Juma kunlari jome  
masjidiga doim namozga borishingizni el-ulus yaxshi bilur. Faqat g‘arazgo‘ylar... 
— G‘arazgo‘ylar faqat siz-u bizdan emas, Qur’on-u Hadisdek muqaddas kitoblardan ham 
qusur izlaganlari sir emas-ku. Ayniqsa, ota yurtimiz Turkistonda islom dinini boylig-u 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
341
mansab orttirish vositasiga aylantirgan tamagirlar eng ulug‘ allomalar boshiga ne 
kulfatlarni solmadi! Hadis ilmida dunyoda tengsiz avliyo Ismoil Buxoriyni g‘arazgo‘ylar 
somoniylarga yomon ko‘rsatib, Buxorodan qanday quvganlari senga ma’lummi? 
— ma’lum, hazratim! 
— «Alqonunni» yaratgan ulug‘ hakim Shayxurrais Ibn Sino nechun Turondan quvg‘in 
qilindi? Hindiston haqida buyuk kitob yozgan Beruniy nechun vataniga sig‘madi? Bizning 
bobomiz Bobur Mirzo nechun tug‘ilgan yurtidan judo bo‘ldi? Chunki bu ulug‘ siymolar 
islomning umuminsoniy g‘oyalariga tayanib, boshqa dinlarga bag‘rikenglik bilan qaragan 
edilar. Ular barcha xalqlarni Odam ato va Momo havodan tarqagan birodarlar deb 
bilganlar. Dili tor hukmdorlar shunday ulug‘ siymolarni vatanidan quvish bilan Tu-ronni 
tanazzulga duchor qilmadilarmi? Bir vaqtlar jahon madaniyatining peshqadam 
markazlaridan bo‘lgan Turon hozir qo‘shni yurtlardan uzilib, ortda qolib, jaholat ichida 
xarob bo‘lmoqda-ku! Nahotki siz Hindistonning ham shu ahvolga tushishini istaysiz, 
o‘g‘lim? 
— Bunday istaklardan tangrim meni asrasin, hazratim! Mening muqaddas tilagim shulki, 
ota yurtimiz Turkiston ham Amir Temur bobomiz davridagi yuksakliklarga qayta 
ko‘tarilsin! 
Bu so‘zlardan Akbar yengil bir so‘lish oldi, Salimga atalgan iliq bir otalik mehri qalbida 
yana uyg‘onayotganday bo‘ldi. Koshki Salim otasining ishini davom ettiradigan va yuqori 
bosqichlarga ko‘tara oladigan darajaga yetsa-yu, Akbar qolgan umrini o‘g‘li bilan inoq 
yashab o‘tkazsa!.. 
— Muqaddas tilak! — dedi Akbar o‘g‘lining so‘zlarini yoqtirib. — Odamning dilida 
muqaddas tuyg‘ular bo‘lmasa imon-u e’tiqodi barbod bo‘lg‘ay. Siz bilan mening 
muqaddas tilaklarimiz bor ekan, endi ularni ro‘yobga chiqarish yo‘llarini ham birga 
izlaylik. Siz «Lo iloha illolloh»ni Farid Buxoriylar talqinida keltirdingiz. Bunday talqin 
boshqa dinlarni tan olmaslikka chorlaydir, g‘ayridinlarda jizya olishga yo‘l ochadir. Jizya 
esa nafsi katta ulamolarga boylik keltiradir. Boy bo‘lganlaridan so‘ng katta martabalarga 
intiladilar. Holbuki, islomni muqaddas deb bilgan so‘fiylar boylig-u martabani tan 
olmaganlar. Shahrisabzda Amir Temurning piri Amir Shamsiddin o‘zlarini Kulol deb 
ataganlar, boylig-u martabadan voz kechib, kulollik mehnati bilan ro‘zg‘or tebratganlar. 
Buxoroda o‘tgan hazrat Bahovuddin Naqshband naqqosh bo‘lganlar, o‘z hunarlari 
hisobiga kun ko‘rganlar. Ulardan keyin kelgan mullo-yu eshonlar aksini qilib nafsga 
berildilar, nazr-niyoz bilan boy bo‘ldilar, qo‘sha-qo‘sha xotin oldilar. Mana menga xabari 
keldi: Turonda hukmron bo‘lgan Jo‘ybar shayxlari Buxoro atroflaridagi juda ko‘p yer-u 
mulkka ega bo‘lib, boylik orttirishda xonlar bilan musobaqa qilur ekanlar. Buning 
oqibatida el-yurt qashshoqlashib, Turon tanazzul botqog‘iga tobora chuqur botib 
ketmoqda. Holbuki, barcha ulamolar islom diniga Bahovuddin Naqshband kabi beg‘araz 
xizmat qilsalar, ota yurtimiz yana yuksalgan bo‘lur edi. Turkiyani yuksaltirgan 
siymolardan biri Jaloliddin Rumiy din-u millat ayirmay, barcha inson zotini birday 
ulug‘lagan. Muslim-u nasora, otashparast-u yohudiy — hammasiga atab Rumiy go‘zal 
masnaviylar bitgan. Rumiy vafot etganda uni turli din, turli millat vakillari birgalashib 
dafn etganlar. Yoki Alisher Navoiyning «Xamsa»sida turli din, turli millat vakillari 
birgalashib, butun odamzodni yomon balolardan saqlaydigan Saddi Iskandariy 
qurganlarini eslang. Nahotki shunday ulug‘ so‘fiylar «Lo iloha illollohni» yaxshi 
tushunmaganliklari uchun turli din vakillariga birodarona munosabat qilgan bo‘lsalar? 
Qur’oni karimning «Hujarat» surasi turli millat-u qavmlarni bir ota, bir onaning 
farzandlaridek birodar bo‘lib yashashga da’vat etgani yodingizda bormi? 
Salim titroq qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yganicha avval onalariga, so‘ng otasiga uzrli ko‘zlar 
bilan qaradi: 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling