Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet45/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
297
tiyib yuribdi. Otasi bilan birga Guzargohdagi marmar maqbarani ziyorat qilgandan beri 
dilida «Boburnoma»ga o‘xshagan xotira kitobi yozish orzusi paydo bo‘lgan. Katta bobosi 
ham o‘n ikki yoshlardan nasriy mashqlar qila boshlaganini Salim o‘z ustozi Farid 
Buxoriydan eshitgan. U o‘zining xilvatxonasida hali hech narsa yozilmagan zarhal 
muqovali daftarni ochdi-yu, yonida turgan Farid Buxoriyga yuzlandi: 
— Sarlavhasi «Xotirot» bo‘lsinmi? 
— Qaysi tilda yozmoqchisiz, amirzodam? 
— Turkiycha. 
— Lekin bir muammo bor: «Boburnoma»ni ellik yildan buyon uch marta turkiydan 
forsiyga tarjima qildilar. Ko‘ngildagidek chiqmadi. Axiyri Abdurahim xoni xononning 
tarjimasi onhazratga ma’qul bo‘ldi. Kelgusida sizni ham bu muammo qiynalmasligi uchun 
birato‘la forsiyda yozsangiz-chi? 
Salim yashagan muhitda forsiy til ko‘proq ishlatilar edi. Shuning uchun unga forsiyda 
yozish osonroq tuyular edi. Faqat u bobolari ma’qul ko‘rgan birorta turkiy so‘zni 
sarlavhaga chiqarishni istardi. 
Uning bu istagi Farid Buxoriyga yoqib tushdi: 
— Amirzodam, «tuzuk» degan so‘z bor. Otangizning saroylarida qabul marosimlarini 
boshqaradigan odam «miri tuzuk» deb atalur. Faqir eshitdimki, eng katta bobokaloningiz 
Amir Temur o‘zlari bitgan xotiralari va nizomlarini «Tuzuklar» deb atagan ekanlar. Bu 
tuzuklar bizgacha yetib kelmay yo‘qolib ketganmi, o‘zini hech qayerda uchratmadim. 
— Bo‘lmasa men ham o‘z xotiralarimni «Tuzuk» deb atagaymen! 
Salim bu so‘zni daftarning birinchi varag‘iga yirik qilib yozdi. 
— Inshoollo, bu daftar kelgusida ulkan bir kitobga sarchashma bo‘lg‘ay. Ehtimol, 
odamlar buni «Tuzuki Salimi» deb atagaylar. 
Farid Buxoriy «Salimi» so‘zini «Salima» deganday qilib aytdi. Salim o‘gay onasi Salima 
begimni esladi-yu, aftini burushtirdi. Shahzodaga o‘z nomi uncha yoqmasligini mavlono 
Farid avval ham sezgan edi. 
— E, amirzodam, siz tug‘ulganda faqir ham hazrat otangiz bilan ovda yurgan edim. 
Mening hamshahrim Ahmad Buxoriy Salim otaning ixlosmandlaridan edi. Otangiz o‘sha 
Ahmadning maslahati bilan sizga Salim cheshtining nomini qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Lekin 
men Salim Cheshtining tarixini bilar edim, asli eshkakchidan chiqqan odamning nomini 
shahzodaga qo‘yish joiz emas edi. Buning ustiga hazratimning xotinlaridan biri — Salima 
edi. Faqir uzr so‘rab: «Hazratim, to‘ng‘ich o‘g‘lingizga boshqa munosibroq ism bor», — 
dedim. «Qaysi ism?» dedilar. Bobokaloningiz katta o‘g‘illariga  Jahongir deb ot 
qo‘yganlarini eslatdim. Ammo so‘zim o‘tmadi, amirzodam! Ne qilayki, raqib hamshahrim 
Ahmad Buxoriy otangizni o‘shanda Salim degan ismga ko‘ndirdi! 
Salim og‘ir tin olib, alam bilan bosh chayqadi: 
— Jahongir degan ism ming marta yaxshi edi. Nasib qilsa, qachondir bir vaqt... shu 
nomga qaytgumdir!* 
Salim otasi qo‘ygan nomdan voz kechmoqchi bo‘lgani mavlono Faridga ulkan bir 
jasoratday tuyuldi. 
— Amirzodam, siz hozir o‘n uchga qadam qo‘ydingiz. Otangiz shu yoshda taxtga chiqqan 
edilar. Bobur bobongiz podsho bo‘lganlarida hali o‘n ikkiga to‘lmagan edilar. Nasib 
bo‘lsa, bir kun siz ham taxtga chiqgaysiz! O‘sha kunni ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay! 
Chunki afsus qilurmenki hazrat otangiz dinlarni birlashtirish yo‘liga kirdilar. Holbuki, 
g‘ayridinlar bizdan bir necha barobar ko‘p. Biz ularning orasida yo‘q bo‘lib ketgaymiz! Bu 
yo‘l xatodir! 
— Men bu yo‘lga zinhor yurmagaymen! — dedi Salim qat’iyat bilan. 
— Shuning uchun butun najotni biz sizdan kutmoqdamiz, amirzodam! Hazrat otangizga 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
298
Bayramxon ham bas kelolmadi, Mohim enaga ham, Ansoriy ham. Oxirida, mana, yolg‘iz 
inilari Muhammad Hakim zabun bo‘ldi. Biroq hech kim bas kelolmagan Rustam dostonga 
axiyri o‘zining o‘g‘li Suhrob bas kelgani «Shohnoma»dan ma’lumdir. Ilohim, siz bizning 
Suhrobimiz bo‘ling-u Jahongir nomi bilan taxtga chiqing! 
Agar bu gaplar otasining qulog‘iga yetib borsa mavlono Farid tirik qolmasligini Salim 
sezdi va atrofiga xavotirlanib qarab qo‘ydi. Lekin xilvatxonada ikkovlaridan boshqa hech 
kim yo‘q, eshik-derazalar berk. O‘lim xavfidan qo‘rqmay shunday dalil tilaklarni aytgan 
mavlono Farid Salimga jasur odam bo‘lib ko‘rindi: 
— Mavlono, menga toj-u taxt nasib qilgan kuni birinchi xutbani o‘zingiz o‘qigaysiz! 
Mavlono Farid azbaroyi ta’sirlanganidan ko‘zlariga yosh oldi-da, Salimni suyukli 
farzandidek bag‘riga bosib, yelkalarini siladi. 
Akbar bilan uning o‘g‘li orasiga birinchi pona shu tarzda urildi. 
 
_____________ 
* Salim o‘z xotiralarini keyinchalik «Tuzuki Jahongiriy» deb ataydi.
 
 
F A T H P U R 
YECHIB BO‘LMAYDIGAN TUGUNLAR 
 
O‘n oy davom etgan Kobul yurishi Akbarni juda toliqtirgan edi. U poytaxtdagi 
oromgohlar, sokin kutubxona va tasvirxonalarni* sog‘ingan edi. Kobuldan qaytgach, 
Fathpurda muqim yashab, chala qolgan ko‘p ishlarini nihoyasiga yetkazdi. Ilgari qad 
ko‘targan muhtasham binolar yoniga Panj Mahal deb ataladigan besh qavatli qasr, qizlar 
uchun qurilgan yangi maktab, marmar hovuz o‘rtasidagi go‘zal shohsupa, hovli yuzida 
har bir katagiga odam sig‘adigan ulkan satranj maydoni va Akbarning me’morlik 
iste’dodini ko‘rsatadigan boshqa o‘nlab obidalar qo‘shildi. Fathpur-Sekri qurib bitirilgan 
paytda uni kelib ko‘rgan ingliz sayyohi Ralf Fitchning yozishicha, Akbarning yangi 
poytaxti o‘sha davrdagi Londondan ikki barobar ulkanroq bo‘lgan. Shunday ulug‘vor 
shaharni yaxlit bir san’at asariga o‘xshatib kashf etgan va o‘ng besh-yigirma yil ichida 
qurdirgan me’morni uzoq yurtlardan kelgan odamlar bir ko‘rib ketishga intilar edilar. 
Qilichxon Andijoniy «darbor» deb ataladigan qabul kunida Akbarning huzuriga oq yuzli, 
qo‘ng‘ir soch, barvasta bir sayyohni boshlab kirdi. O‘siq soqoliga oq oralagan bu odam — 
moskvalik tujjor Matvey Kalitinning o‘g‘li Akim edi. Qilichxon uni bundan qirq yil burun 
Eronning Mozandaronida, Hazar dengizi bo‘yiga kemada sizib kelgan paytda ko‘rgan edi. 
O‘shanda Humoyun Matveyning Moskoviyadan Agraga sovg‘a qilib olib borgan samur 
po‘stini va qarchig‘ayiga javoban yoqut in’om qilgani Qilichxonning yodida bor edi. Eng 
muhimi, Akim Matveyevich Adan orqali o‘tib kelayotganda Gulbadan begimning 
taqdiridan xabar topgan va so‘nggi yangiliklarni eshitib kelgan edi. 
Qilichxon buning hammasini aytganda Akbar uzoq yurtdan kelgan mehmonga qiziqib 
peshvoz chiqdi. Akim Matveyevich boshidan kartuzini olib, unga ta’zim qildi-da: 
— Gazrati aliylari! — deb so‘z boshladi. U turkiy tilni Qozonda o‘rgangan va bulg‘or 
tatarlarini eslatadigan talaffuz bilan so‘zlar edi: — Sizning buyuk qudratingizga turk 
sultoni ham tan bermishdir. Yuborgan elchingizni bik yaxshi qabul qilgan. Adan hokimiga 
qarshi askar yuborib, Gulbadan begimni asirlikdan bushatuvg‘a majbur itgan. Men 
Adang‘a kelganda barcha el-ulus shul to‘g‘rida so‘zlab yururlar ekan. Begimning ulug‘ 
og‘alari mirzo Humoyunni men Hazar bo‘yinda ko‘rganim yodimg‘a tushdi. Buyuk 
padaringiz mening otamg‘a zo‘r bir yoqut bergan edi. Rahmatli otam ul yoqutni menga 
meros qilib qoldirg‘an. Men haligacha bu yoqutni qalbim yonida asrab yururmen. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
299
Akim Matveyevich qo‘yniga qo‘l solib, yumaloq charm hamyonchani oldi-da, ichini ochdi. 
To‘q qizil yoqut Akbarning ko‘ziga cho‘g‘day yaltirab ko‘rindi. Uning o‘zi ham otasi yozib 
bergan to‘rt satr she’riy tilakni haligacha tumor qilib kiyimi ichidan osib yurar edi. 
Ko‘kragining chap tomonini paypaslab, tumorchaning salqin ipagi badaniga tekkanini his 
qilganda olis yurtlardan ham ammasining, ham otasining xabarini olib kelgan Akim 
Kalitin ko‘ziga juda issiq ko‘rindi. 
— Xushxabar keltirganingiz uchun sizga tashakkur, janobi Akim. Adanda Gulbadan 
begimning odamlaridan kimni ko‘rdingiz? 
— Ahmad Buxoriyni ko‘rdim. U bilan ham qirq yil burun Hazar dengizi bo‘yida tanishgan 
edik. Ahmad Buxoriy keksayib, mo‘ysafid bo‘lib qolibdir. 
— Men uni ammamga qo‘shib yuborgan edim. Hozir ahvollari nechuk ekan? 
Salomatliklarini so‘radingizmi? 
— Turk sultoni Adan hokimiga farmon berib, begimni xushhavo bir ko‘shkka 
o‘tkazibdirlar. Sog‘liqlari yaxshi ekan. Faqat «Tezrov» degan kemalari yetti oy qarovsiz 
yotgani uchun ichidagi narsalarini talab, ba’zi joylarini buzgan ekanlar. Hozir siz 
yuborgan odamlar Ahmad Buxoriy boshchiligida kemani tuzatmoqdalar. Bir oylarda 
tuzatib, Hindiston tomonga yo‘l olmoqchilar. 
— Xayriyat! — dedi Akbar yengil bir so‘lish olib. 
Akim Matveyevich orqaga o‘girilib qaradi. Uning xizmatkor yigiti oq ipak matoga o‘ralgan 
katta bir kitobni ikki qo‘llab tutib turar edi. 
— Gazrati oliylari! Siz barcha xalqlarning kitoblariga ehtirom ko‘rsatganingizni biz ham 
eshitdik. Ulug‘ bobongiz Boburshoh boshlagan nek ishlarni siz davom 
ettirayotganingizdan behad shodmiz. Bobur bobongiz mamlakatlarimiz tarixida birinchi 
bo‘lib Moskvaga elchi yuborgani ikki tomon uchun ham juda xayrli ish bo‘lmishdir. 
Bobongizning elchisi uch yil Rossiyaning Murom shahri yaqinida istiqomat etgan edi. Men 
ham muromlikmen. Bizning yaqinimizda so‘nggi qirq yil ichida Baburin degan qishloq 
paydo bo‘ldi. Baburin degan nomlar ham bor. Xalq orasida rivoyat tarqalganki, hind 
shohi Boburning avlodlari Murom atroflariga kelib yashagan*. 
Ulug‘ adib bo‘lgan bobongizning hurmati uchun biz sizga Rossiyadan kitob sovg‘a qilib 
keltirdik. 
Akim Matveyevich kitobni xizmatkor yigitdan oldi-da, Akbarga tutdi. Akbar kitobning 
ustidagi oq ipak pardani ko‘tarib muqovasiga qaradi. Chetlari zarhal qilingan qalin charm 
muqova ustida notanish oltin yozuv ko‘rindi. 
— Bu — lotin xatimi? — so‘radi Akbar. 
— Yo‘q, bu — rus xatidir. Bundan besh yuz yil muqaddam Kirill bilan Mefodiy nomli ulug‘ 
vatandoshlarimiz shu alifboni kashf qilmishlar. 
Besh asrdan beri o‘z alifbosida ish olib boradigan xalqning kitobi Akbarga endi juda 
qiziqarli ko‘rindi: 
— Bu kitobning nomi nedur? 
—«Apostol». Iso payg‘ambarning eng ishongan o‘n ikki yor-do‘sti, xalifasi bo‘lgan. 
Shular bizda apostol deb e’zozlanur. Sizlardagi choryorlar kabi. 
— Undoq bo‘lsa, bu tabarruk kitob ekan! — deb, Akbar sovg‘ani e’zozlab ko‘ziga surdi. 
U kitobni varaqlayotganda har bobning bosh harflariga maxsus rasmlar ishlanganini 
ko‘rdi, biroq matnlar qo‘lda ko‘chirilganga o‘xshamasligini sezib taajjublandi. Shunda 
Akim Matveyevich o‘zi keltirgan kitobning bosmaxonada qanday chop etilganini aytib 
berdi. 
Kitob chop etish hali sharq mamlakatlariga yetib kelmagan, Akbar buning nimaligini 
bilmas edi. Akim Matveyevich unga Ivan Fyodorov degan kishining Moskvada birinchi 
bo‘lib milodiy 1563-yilda ochgan bosmaxonasi bir marta terilgandan so‘ng kitobni 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
300
zudlikda o‘nlab nusxa bosib chiqarishi mumkinligi Akbarga juda katta yangilik bo‘lib 
tuyuldi. 
— Ammo bizda ham yangilikdan joni chiqadigan ruhoniylar bor, — dedi Akim 
Matveyevich. — Ivan Fyodorov Moskvada bittagina kitobni chop etishga ulgurdi. Keyin 
ruhoniylar uni dahriy «antixrist» deb aybladilar. Fyodorovning bosmaxonasi yog‘och 
uyga o‘rnatilgan ekan. Johillar bu uyga o‘t qo‘yib, hammasini kuydirib yuboradilar. Ivan 
Fyodorov Moskvadan qochib, chet bir viloyatga boradi. 
— Podsholaringiz kim? 
— Podshomiz Ivan Grozniy Qozon, Astraxan xonliklarini zabt etish bilan band edi. 
Keyinchalik uning ruxsati bilan Fyodorovning bosmaxonasida ko‘proq diniy kitoblar chop 
etiladigan bo‘ldi. 
Akbar Ivan Grozniyning Qozon va Astraxan xonliklarini qanday zabt etganini Agraga 
kelib ketgan Eron elchisidan eshitgan edi. 
— Janob Akim, biz ham begunoh farishtalar emasmiz, shafqatsiz urushlar qilib, behuda 
qonlar to‘kkan paytlarimiz bo‘lgan. Lekin hozir shunday xulosaga keldikkim, qilich bilan 
odamlarning dilini yaralab erishilgan g‘alaba bebaqo ekan. Undan ko‘ra odamlarning 
qalbiga yaxshilik bilan yo‘l topib erishilgan g‘alabaning umri uzoq bo‘lgay. 
— Siz mening dilimdagi gapni aytdingiz, hazrati oliylari. Qonni qon bilan yuvib 
bo‘lmagay. Tojdorlar qilgan shafqatsizliklar uchun xalqlar aybdor emas. Qozonda mening 
do‘stlarim bor. Rossiyaning vijdonli kishilari Ivan Grozniyning ayovsiz ishlarini afsuslanib 
tilga olurlar. Chunki u jahl ustida hatto o‘zining katta o‘g‘lini temir hassa bilan urib 
o‘ldirib qo‘ygan. Lekin uning tarixga kirgan yaxshi ishlari ham bor: tarqoq o‘lkalarni 
Moskva atrofiga birlashtirib, ulkan davlat tuzdi. Yana bir nek ishi — Moskvada, biz Kreml 
deb aytadigan ulug‘ qizil qal’a yonida Qozon fathiga bag‘ishlangan muhtasham bir obida 
— sobor qurdirdi. 
Orqada turgan xizmatkor yigit Akim Matveyevichning ishorasi bilan cho‘zinchoq yog‘och 
sandiqchani olib keldi. O‘rol tog‘larining rang-barang toshlari bilan zeb berilgan bu 
sandiqcha ichida rangdor suratlar bor edi. Akbar Moskvada Kremlning kungirador qizil 
devorlarini, qubbalariga yaxlit oltin qoplangan baland qo‘ng‘iroqxonalarini shu suratlarda 
ko‘rdi. U Qozon soborining tasviri chizilgan rasmni qo‘lga olib qarayotganda: 
— e’tibor bering, hazrati oliylari, — dedi Akim Matveyevich. — Rus me’morlari 
Qozonning o‘ziga xos qiyofasini bu obidada ehtirom bilan ifodalashga intilganlar. Sobor 
tepasidagi ba’zi qubbalarning taram-taramlari menga muslim sallasining o‘ramlarini 
eslatur. 
— Gapingiz asosli, janob Kalitin, men ham bu obidada milliy adovat emas, aksincha, turli 
imon-u e’tiqodlarga hurmat ifodasini ko‘rmoqdamen. El-uluslar orasidagi o‘zaro ehtirom 
o‘choqda saqlanadigan cho‘g‘ kabi hamisha bordir. Fozil kishilar shu cho‘g‘ni kul orasidan 
izlab topib, uning yordamida katta gulxanlar yoqmog‘i mumkin. Biz hozir Odam Ato 
farzandlarini ana shunday ma’naviy gulxan atrofiga to‘plash harakatidamiz. 
— Biz ham shu gulxan yorug‘ini uzoqdan ko‘rib keldik! 
— Qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin! Podsholaringizda Hindistonday uzoq mamlakatlarga elchi 
yuborishga hozircha imkon bo‘lmasa... mayli. Lekin elchilar ishini yaxshi kitoblar-u siz 
kabi jasur sayyohlar ham qilmog‘i mumkin. 
Akbar kitobdorni chaqirtirdi va «Boburnoma»ning yangi ko‘chirilgan bir nusxasini olib 
kelishni buyurdi. U Akim Matveyevichga berar ekan: 
— Siz bizni Moskoviyadan yo‘qlab kelganingizning o‘zi katta bir qadrdonlikdir, janob 
Akim! — dedi. — Hazrat bobomiz mamlakatlarimiz orasida shunday qadrdonlik bo‘lishini 
istab elchi yuborgan ekanlar. Ruslar qadrshunos el ekanki, bobomizning bu xayrli ishini 
unutmasdan, nomini o‘z odamlariga qo‘yibdirlar, qishloqlarini Baburino deb atabdirlar. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
301
Bu — tahsinga sazovor fazilatdir. Siz turkiy tilni bilar ekansiz. Shuning uchun 
«Boburnoma»ning asl turkiycha nusxasini sizga in’om etdik! 
Akim Matveyevich zarhal muqovali kitobni olib, e’zozlab ko‘ziga surdi-yu: 
— Men bu kitobning shuhratini butun mamla-katimizga yoygaymen, — dedi. — 
Vatandoshimiz Afanasiy Nikitin yuz yil burun biz uchun Hindistonni ochgan edi. Uning 
«Uch dengizdan nariga sayohat» nomli kitobida bizning Hindistonga bo‘lgan beg‘araz 
qiziqishimiz, samimiy ehtiromimiz ifoda etilmishdir. Biz ba’zi farangilarga o‘xshab, 
Hindiston atrofidagi dengizlarga xo‘jayinlik qilmagaymiz, orollarni bosib olmoqchi 
emasmiz, faqat xolis niyat bilan hamkorlik qilishni istaymiz. 
— Siz farangi tillarini ham bilsangiz kerak? 
— Ha, bilurmen. Dengizdan portugal kemasida o‘tib keldim. Shunda ularning o‘zaro 
gaplaridan tushundimki, Adanda hazrat ammangizni sizga qarshi qo‘zg‘atmoqchi bo‘lgan 
kuchlar orasida portugallar ham bor ekan. Ular zimdan yomonlik qilishda behad katta 
tajriba orttirmishlar. Beg‘araz hayrixohingiz sifatida aytib o‘tmoqchimen. Ular sizni o‘z 
dinlariga o‘tkazib, keyin butun Hindistonni mustamlaka qilish orzusidalar. 
Akbar istehzoli kuldi: 
— Ushalmaydigan orzu! Men barcha imon-u e’tiqodlarni barobar ko‘rganim uchun 
padrelarga poytaxtdan joy berdim. 
— Albatta, portugallar orasida adolatparvar, halol odamlar ham bor. Lekin men ularning 
shafqatsiz qulfurushlarini ham ko‘rdim. Ular Ovruponing qul bozorlariga bechora qora 
tanlilarni Afrikadan kemalarga bosib borib, oltinga sotmoqdalar. Siz Hindistonda qul 
bozorlarini berkittirib olijanob ish qilibsiz. Qullarni ozod etibsiz. Ammo farangilar yangi 
kashf etilgan Amerika qit’asida ham qul bozorlari ochmishlar, habashistonlik yuz minglab 
qora tanlilarni kemalarda Amerikaga eltib, qul qilib sotibdirlar. Shu yo‘l bilan behisob 
ko‘p boylik orttiribdirlar. 
— Insonfurushlik bilan orttirilgan boylik — dunyodagi eng harom boylikdir! — dedi Akbar 
nafrat bilan.— Men bilurmen, biz bo‘sh kelsak, hindlarni ham «qora tanli» deyishib, 
kemalarga bosib ketib, qul qilib sotishga tayyor farangilar bor. Ammo biz tirik ekanmiz, 
ular bu shum niyatlariga yetolmagaylar! 
Gap orasida Akbar mehmonga savol berdi: 
— Bizdan ne tilagingiz bor, mehmon? 
Akim Matveyevich bir o‘ylanib oldi. Jizya va tamg‘a soliqlarining bekor qilingani, barcha 
nasoralarning huquqlari muslimlarniki bilan tenglashtirilgani Akim Matveyevich kabi 
ajnabiy sayyohlarga juda katta yengillik bermoqda edi. Kalitin o‘zi uchun hech narsa 
so‘ramoqchi emas, faqat shu yerda uchratgan bir vatandoshining mushkulotini oson 
qilgisi kelar edi. 
Paramon degan kishi yoshligida Volga daryosi bo‘ylarida Qrim xonlari bilan bo‘lgan 
jangda yaralanib, asir tushgandan so‘ng uni qul qilib sotgan ekanlar. Falakning gardishi 
bilan Hindistonga kelgan bu odam o‘ziga o‘xshagan nasora ayolga uylanib, ikkita farzand 
ko‘rgan ekan. Kasbi imoratsoz usta. Akbarning yangi poytaxtini qurishga o‘n yetti yil 
mehnati singgan. Lekin hali ham ona tilini unutmagan ekan. Akim Kalitin u bilan ruscha 
gaplashganda ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. «Birga olib ketinglar, birodarlar, 
qolgan umrimni Vatanimda o‘tkazay!» — deb yalindi. Ammo sarkori unga javob 
bermadi. Chunki o‘g‘li ham ganchkor usta ekan. «Bunday katta ustalarga hazratim 
o‘zlari javob bermasalar, mening haqqim yo‘q!» — deb turib oldi. 
Akbar bu gapni eshitib, Qilichxonga yuzlandi va gap qaysi usta haqida borayotganini 
so‘radi. 
— Usta Parmon bo‘lsa kerak, — dedi Qilichxon,— o‘zi hozir tashqarida qabulingizni kutib 
turgan edi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
302
Akbar Mirituzukka usta Parmonni  chaqirishni buyurdi. Hindiston oftobida yuzlari qorayib 
ketgan ellik yoshlardagi ko‘kko‘zli miqti odam eshikdan ta’zim qilib kirdi: 
— Mening asli otim Paramon, hazrati oliylari! O‘zim Volga bo‘ylarida o‘sganmen. Meni 
qul qilib sotgan edilar, sizga rahmat, bizdan «qul» degan isnodni olib tashladingiz. 
Mening orzuyim — vatanga qaytish edi. Axir bizni vatandan zo‘ravonlik bilan judo qilgan 
edilar! Ijozat bersangiz, oilam, o‘g‘lim bilan endi Rossiyaga ketsam... 
— Ammo biz sizdek yaxshi ustolarni qaydin topurmiz? 
— Hazrati oliylari, yigirma yilda to‘qqizta shogird yetishtirdim, hech biri imoratsozlikda 
mendan qolishmagay! 
Akbar Abulfazlni chaqirtirdi: 
— Janob vazir, farmon biting: usta Parmonning oilasi bilan birga vataniga qaytib 
ketishiga ruxsat berilsin. Yangi poytaxtni qurishda o‘g‘li bilan qilgan ko‘p yillik mehnati 
uchun uning vataniga yetib borgunicha ketadigan yo‘l xarajatlari xazinadan to‘lansin. 
— Bosh ustiga, hazratim! — deb Abulfazl bu farmonni darhol bajarish uchun orqasi bilan 
yurib chiqib ketdi. 
Usta Paramonning quvonchi ichiga sig‘may, yonidagi Akim Matveyevichni quchoqlab o‘pa 
boshladi... 
O‘sha kunlari Antoni Monserrate va Rudolf Akvaviva Goaga qaytib ketish harakatida 
yurgan edi. Akbar Akim Kalitin va usta Paramonni padrelar bilan bir karvonga qo‘shib 
jo‘natdi. Goa orolida Kalitinlar Portugaliya kemasiga tushib Yevropaga yo‘l oldilar*. 
Padrelar esa orolda qolishdi. 
 
______________ 
* T a s v i r x o n a — musavvirlar dargohi. 
* Aslida bu — Bobur yuborgan elchining xalq xotirasida o‘zgargan va boyigan holda saqlanib qolganligini ko‘rsatuvchi rivoyatdir. Baburinskiy 
xutor, Baburino degan joylar va Baburin degan ismlar ulug‘ rus yozuvchisi I. S. Turgenev yashagan davrda ham bo‘lgan. Shu sababli I. S. 
Turgenev o‘zining «Punin va Baburin» degan povestida Paramon Semyonovich Baburinning hind shohi Boburdan kelib chiqqanligi haqidagi 
rivoyatdan foydalanadi. 
Rus sovet olimasi G. F. Blagova esa Baburino degan qishloqlarning Murom va Kirjach atroflarida 1960-yillarda ham bo‘lganligidan guvohlik 
beradi. 
* Fathpur-Sekrida asoratdan qutqarilgan bir rus oilasi Portugaliya missionerlari hamrohligida Hindistondan jo‘nab ketganini ingliz olimi V. Smit 
«Akbar» nomli kitobida qayd etgan.
 
* * * 
 
Akbar ham, o‘g‘illari ham katolik diniga o‘tmaganligi Goadagi portugal ma’murlarini juda 
ko‘ngilsizlantirdi. Ular Monserrate va Akvavivaning Akbar davlatida olib borgan uch yillik 
ishlarini «muvaffaqiyatsiz missiya», deb baholadilar. Faqat padrelar keltirgan harbiy 
ma’lumotlar foydali deb topildi. Ayniqsa, Albert Pereyroning Alibek degan turkiycha nom 
bilan shahzoda Salim mulozimlari orasiga ishga olinganligi va Fathpurda qolganligi Goa 
hokimini mamnun qildi. Chunki Akbar saroyida Albert Pereyroday tadbirkor xufiyaning 
ish olib borishi portugallar  uchun juda zarur edi. Goa hokimi Pereyro bilan aloqa 
bog‘lash uchun savdogar qiyofasidagi maxsus odamni Goadan Fathpurga jo‘natar ekan: 
Senyor Albertga ayting, qaytib kelganda biz uni general unvoniga taqdim 
etmoqchimiz, — deb va’da berdi. Kemasozlikka oid eski kitoblardan unga ko‘proq olib 
borib bering. Akbar bilan uning o‘g‘liga bizning tajribamizni iste’moldan qolgan eski 
kemalar asosida o‘rgatsin. Afg‘on yusufzaylari bilan aloqani uzmasin. Albert ularning 
qo‘zg‘olonchi pirlari — ravshaniylarni biladi. Kobul yurishiga borganda Peshovarda ular 
bilan tanishgan. Ravshaniylar Haybar dovoni etagida Akbarga qarshi isyon ko‘targanlar. 
Ammo ravshaniylarning peshvosi shayx Jaloliddinni Akbar Fathpurda hibsda saqlamoqda 
emish. Ravshaniylar bu shayxni hibsdan bo‘shatish harakatida emishlar. Siz Fathpurga 
borgan zahotingiz ravshaniylar piri shayx Jaloliddinni hibsdan qochirmoqning yo‘lini 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
303
izlang. Bu pir qochib chiqsa, ravshaniylar isyoni yanada avjlanib, Haybar dovoni bekilib 
qolgay. Bizga xuddi shu kerak! Akbarning kuchlari shimoliy chegaralar tashvishidan 
bo‘shamasin! 
Goa hokimining bu fikri Rudolf Akvavivaning ko‘nglidagi gap edi: 
— Siz mutlaqo haqsiz, senyor vitse-qirol! — dedi Akvaviva. — Biz uch yil Akbar saroyida 
yurib shunga amin bo‘ldikki, hozir butun Sharqni larzaga solayotgan to‘rtta eng zo‘r 
davlat turkiy sulolalar qo‘lidadir. Kichik Osiyoda turk sultonlari, Eronda buyuk shoh 
Abbos nomi bilan ulug‘lanayotgan ozarbayjonlik Safaviy, Turonda Abdullaxon Shayboniy. 
Xayriyatki, bu to‘rt davlat birlasha olmaydir, aks holda, biz ularga bas keladigan kuch 
topa olmas edik. Ammo turkiy podsholar orasida biz uchun eng xatarlisi — Akbardir. 
Narigi uchalasi shia sunniy nizolari tufayli bir-biriga ashaddiy dushman. Ammo Akbar har 
uchala turkiy sulola bilan murosa yo‘lini topib, bordi-keldi qilib turibdir. Hatto turk sultoni 
Murod Akbarning hurmati uchun Adanda asira bo‘lib qolgan Gulbadan begimni 
qutqarishga yordam beribdir. 
— Bu begim Fathpurga qaytib borgani rostmi? 
— Ha, uni tantana bilan kutib oldilar. Endi turk sultoni dengiz kemalari quradigan 
ustalarni ham Akbar huzuriga yubormoqchi emish. Turk harbiy floti hozir O‘rta yer 
dengizida hukmron, bizga u yoqlarda kun yo‘q. Shunday zo‘r flot Hind ummonida ham 
paydo bo‘lsa, Goa bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelgay! 
— Yo‘q, bunga yo‘l bermaslik kerak! — dedi Goa hokimi va Fathpurga jo‘natayotgan 
savdogar-xufiyaga uqtirdi: — Shayx Jaloliddin tezroq hibsdan qochirilmog‘i shart! 
G‘ayridin Man Sinx Kobulda o‘z rajputlari bilan hukmron bo‘lib turgani muslim afg‘onlar-
ning izzat-nafsiga tegmoqda. Biz suv yo‘li orqali Peshovarga maxsus odamlar, qurol-
yarog‘lar yuborgaymiz. Hind-muslim nizolarini alanga oldirmog‘imiz zarur! Shuni 
Pereyroga yaxshilab tushuntiring! 
Albert Pereyro Fathpurda mana shu ko‘rsatmalar asosida shayx Jaloliddinni hibsdan 
qochirishga muvaffaq bo‘lgan paytda Goaning katolik cherkovi Antoni Monserrateni 
Arabiston va Turkiyaga maxfiy topshiriqlar bilan jo‘natdi. Biroq turk sultoni Akbardan 
ko‘ra shafqatsizroq edi. Monserrate muslimlar orasida nasora dinini targ‘ib qilganligi 
uchun Sinan degan joyda qamoqqa olindi va yetti yil hibsda yotdi. U qamoqdan qutulib 
Goaga qaytganda Rudolf Akvaviva allaqachon olamdan o‘tgan edi. 
ma’lum bo‘lishicha, Rudolf muqaddas martirlik unvonini oqlash uchun Goa yaqinidagi 
hind qishloqlarida qat’iy harakatlar qiladi. U iezuitlar g‘oyasi uchun o‘zini shahid qilishga 
ko‘pdan tayyorlanib yurganini, martirlik unvoni shuni taqozo qilishini Monserrate bilardi. 
O‘ttiz uch yoshli Rudolf Selset qishlog‘ida bir eski ibodatxonani katolik cherkoviga 
aylantirmoqchi bo‘ladi. To‘rtta baquvvat portugal yigitini ishga solib, ibodatxonadagi 
majusiy haykallar o‘rniga salib o‘rnattirayotgan paytda yerli aholi birdan isyon ko‘taradi-
yu, Rudolfni ham, uning to‘rt yigitini ham urib o‘ldiradi. 
* * * 
Akbarning hayotini yaqindan kuzatib, u haqda maxsus asar yozayotgan hind 
tarixnavislari orasida ikki kishi avval tengqur, do‘st, keyin esa bir-biriga ashaddiy raqib 
bo‘lib ketdilar. Bularning biri Abulfazl bo‘lsa, ikkinchisi — Abduqodir Badavniy edi. Ular 
Akbar saroyiga deyarli bir vaqtda kelishgan va xizmatni eng past poyadan — dog‘ 
qilingan otlarni xatlaydigan bitikchilikdan boshlagan edilar. Keyin Abulfazlning omadi 
kelib, vazirlik lavozimiga ko‘tarildi. Biroq, Abduqodir Badavniy saroydagi yettita oddiy 
imomlardan biri bo‘lganicha qoldi. Lekin u o‘zini qalami o‘tkir, iste’dodli muarrix deb 
bilar, saroyda, harbiy yurishda, ibodatxonada Akbarni zimdan kuzatib, unga bog‘liq eng 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling