Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet43/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
283
Murodning tarbiyachisi, ustozi shoir Fayziy edi. Shahzoda Fayziydan bani bashar haqida 
olgan saboqlariga suyanib: 
— Nasoralar ham Odam Atodan tarqagan-ku, — dedi. 
— Albatta-da! — quvonib xitob qildi Akbar. — Biz jahon miqyosiga chiqmoq uchun 
barcha qit’alarning ilm-u  san’atiga bag‘rimizni dadil ochmog‘imiz kerak, o‘g‘illarim! 
Buning uchun avvalo, dunyo tillarini o‘rganmog‘imiz zarur. Padrelar bizga Ovrupo degan 
qit’ada qancha mamlakat-u qancha ulus borligini so‘zlab berdilar. Ko‘pchiligimiz ularni 
bilmaganimiz uchun hammasini «farangi»lar deb yurar ekanmiz. Ovrupodan narida 
Amerika degan yana bir yangi qit’a kashf etilmishdir. Ummon bo‘ylab kemada suzganda 
o‘sha qit’aga olti oyda yetib bormoq mumkin ekan. Farangilar qilgan ulug‘ jug‘rofiy 
kashfiyotlarni hali hech bir mamlakat qilmagan ekan. So‘zlab beraversalar, «Ming bir 
kecha» ertaklaridan ham maroqlidir! 
Akbar o‘g‘illarini farangi tiliga shu tarzda qiziqtirgandan so‘ng padrelarning oldiga 
dastlabki mashg‘ulotga yubordi. 
*  *  * 
 
Asli kataloniyalik ispan bo‘lgan Antoni Monserrate qirq besh yoshlarda. Millati italyan 
Rudolf Akvaviva esa hali o‘ttizga kirmagan baquvvat yigit. Akbar saroyida Monserrateni 
yoshi kattaroq bo‘lgani uchun farangilarning boshlig‘i deb ko‘proq ehtirom qilishadi. 
Lekin aslida Akvaviva Monserratega rahbar qilib yuborilgan edi. Chunki Rudolfning 
tog‘asi Goa orolidagi barcha cherkovlarning peshvosi. Portugaliya qiroli ham Hindiston 
ishlarida Akvavivani o‘ziga sodiqroq deb biladi. Iezuitlar sulukatida Rudolf eng imtiyozli 
va fidoyi guruh hisoblanadigan martirlar safiga qabul qilingan. Martirlar o‘z jonlarini 
katolik cherkovi uchun qurbon etishga qasamyod qiladilar. Ular iezuitlar orasidagi 
bo‘lajak shahidlar sifatida yuksak obro‘ga ega bo‘ladilar. 
Akbar buni bilmasa ham, Akvavivaning o‘z diniga haddan ortiq berilgan qiziqqonroq 
ruhoniy ekanini sezgan; «ehtimol, yosh bo‘lgani uchun aqli uncha quyulmagandir», deb 
o‘ylagan va mulohazakor, bosiq Monserrateni undan afzal ko‘rib, muallimlikka taklif 
qilgan edi. 
Monserrate shahzodalarga til o‘rgatish uchun borayotganda Akvaviva unga iezuitlar 
sulukati nomidan ko‘rsatma berdi: 
— Sizning muqaddas burchingiz — saratsin* shahzodalarini katolik diniga o‘tkazmoqdir. 
— Akbar barcha dinlarni barobar deb e’lon qilganda biz odamlarni bir dindan ikkinchisiga 
o‘tkazishimiz ne kerak padre? Axir biz, yevropaliklar, osiyoliklardan orqada emas, 
oldinda yurmog‘imiz zarur emasmi? 
— Oldinda yurganimiz uchun ham ularni o‘zimizga ergashtirmog‘imiz kerak, Antoni! Men 
qirolga yozgan maktubimda «Akbar «Injil»ni ko‘ziga surib o‘pgani — nasora diniga 
moyilligini ko‘rsatdi», dedim. Agar biz mahorat bilan ish olib borsak, bu saratsin 
podshosini o‘z dinimizga o‘tkazishimiz aniq! 
Antoni Rudolfning bu niyati xomxayol ekanini sezib turardi. Hatto jo‘n bir tuxumni yorib 
chiqqan jo‘ja ham shu tuxumning qobig‘iga qaytib kirolmaydi-ku. Antonining tasavvurida 
ulkan burgutga o‘xshab uchayotgan Akbar qanday qilib katolik dinining qobig‘iga kirsin! 
Monserrate mustaqil fikr yuritishni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, katolik cherkovining 
inkivizitsiyasi o‘rnatgan shafqatsiz istibdoddan juda qo‘rqar edi. Agar Akvaviva uni 
«katolik cherkoviga xiyonat qilgan dahriy» deb, inkvizitsiyani bunga ishontirsa, Antoni 
qaytib borganda uni o‘tga tashlab o‘ldirishlari muqarrar edi. Akbar o‘z yurtida mana 
shunaqa diniy istibdodni ag‘darib tashlagani Antoniga ma’naviy kamolotday tuyulmoqda 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
284
edi. Portugaliya uchun bunday ma’naviy kamolot hali oldinda ekanini* u ich-ichidan 
sezardi. Shuning uchun Monserrate axiyri Akvavivaning talablariga yon berishga majbur 
bo‘ldi. Akbarni va uning o‘g‘lini katolik diniga o‘tkazish orqali butun Hindistonni 
Portugaliyaning mulkiga aylantirish maqsadida ish olib borajagini Akvavivaga ahd-
paymon tarzida aytdi. Shundan keyin Akvaviva unga Akbarning harbiy sirlarini qanday 
bilish kerakligi to‘g‘risida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsata boshladi. 
Monserrate josuslikdan hazar qilar edi: 
— Padre, men harbiy odam emasmen! — dedi. 
— Bo‘lmasa Albert Pereyro doim sizning yoningizda yursin. «Yordamchi xalfam» deb 
tanishtiring. Domlaning xalfasi bo‘lishi shart, saratsinlarda shunday qoida bor. Pereyro 
birga yursa, qolgan ishni o‘zi eplagay. 
O‘ttiz yoshlardagi  xushmuomala, chaqqon yigit Albert Pereyro Goadan padrelar bilan 
birga kelgan, hozir ham ularni qo‘riqlab yuribdi. Bu yigit bir vaqtlar Humoyun saroyiga 
kelgan Alvaro Pakaviraning jiyani. Uning asli oti Albert Pakavira. Lekin Akbar Goaga 
borganda Alvaro Pakavirani suiqasdga qatnashishda ayblagani uchun uning jiyani bu 
yerga kelishda familiyasini «Pereyro» qilib o‘zgaratirib oldi. Aslida Albert ham 
Pakaviraning tarbiyasini olgan, uning maxfiy ishlarini davom ettirish uchun hind va fors 
tillarini o‘rgangan. Qilichbozlik, merganlik, chavandozlik, suvda suzish bo‘yicha Goada 
unga teng keladigan yigit kam. 
Monserrate o‘zi josuslik qilgisi kelmagani uchun Albertni xalfa o‘rnida shahzodalarning 
oldiga birga olib bordi. 
 
Farangi tili mashg‘ulotlari shahzoda Salimga zerikarli tuyulsa ham, ammo Albert 
Pereyroning dengiz sayohatlari haqidagi hikoyalari unga qiziqarli tuyula boshladi. 
Pereyro o‘ng olti yoshidan beri dengizda ko‘p suzgan, yer kurrasini aylanib chiqqan Ma-
gellanning tarixini yaxshi bilar, Kolumb Hindistonga boraman deb adashib, Amerikani 
qanday ochganini kulgili tarzda hikoya qilardi. Pereyroning dengiz qaroqchilari haqida 
aytib bergan qo‘rqinchli hikoyalaridan esa Salimning sochi go‘yo tikka bo‘lib ketardi. 
Albert Pereyroning merganligi va chavandozligi ham Salimga yoqib qoldi. Shahzoda uni 
«Alibek» deb chaqiradigan bo‘ldi. Monserratening saboqlari tugagandan so‘ng Salim 
Albertni o‘zining xonayi xosiga boshlab kirdi. Hindistonning issiq iqlimida Salim juda tez 
balog‘atga yetgani uning do‘rillagan ovozidan va lab ustida sabza urgan mayin 
tuklaridan sezilar edi. Xonayi xosda yolg‘iz o‘ltirganlarida Albert farangi qizlarning go‘zal 
badanlari va noz-u karashmalaridan so‘z ochdi. Bu mavzu Salimni g‘oyat qiziqtirib qo‘y-
ganini sezgach: 
— Amirzoda, — dedi, — agar hech kimga aytmasangiz, bitta surat ko‘rsatgaymen. 
— Sir saqlashga qodirmen! Bu yerda faqat ikkimiz. Qani, ko‘rsating. 
Albert qo‘ynidagi yashirin cho‘ntakdan charm ichida avaylab, asralgan kaftday bir rangli 
surat oldi. Bu suratda hozirgina cho‘milib chiqqan go‘zal bir qizning oppoq sonlari, bo‘liq 
ko‘kraklari shunday tasvirlangan ediki, Salim suratga tikilib turib entikib ketdi... U Albert 
Pereyroga bir hamyon oltin berib, bu suratni sotib oldi. 
Pereyro uchun eng muhimi — oralarida paydo bo‘lgan yaqinlik edi. U shahzodaga 
bundan ham g‘alatiroq suratlar topib kelishga va’da berdi... 
 
____________ 
* S a r a t s i n — portugalcha «musulmon» degani. 
* Hatto Fransiyada ruhoniylar istibdodi va erkin fikrli kishilarni o‘tga tashlab o‘ldiruvchi inkvizitsiyaning shafqatsizliklari Volter yashagan XVIII 
asrgacha davom etgani tarixdan ma’lum.
 
*  *  * 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
285
 
Farangistonlik Antoni Monserratening saroyga ishga olingani va shahzodalarga saboq 
berayotgani atrof viloyatlariga: «podshomiz o‘g‘illarini nasora diniga o‘tkazmoqchi 
emish!» degan vahimali ovozalar tarzida tarqaldi. Akbar bu ovozalarni bosish uchun 
sulhi kull nimaligini xalqqa tushuntiruvchi maxsus murojaatnoma yozdirib, uni barcha 
shahar-u qishloqlarda o‘qib eshittirishni buyurdi. 
«Biz Hindistondagi barcha uluslarning ichki urushsiz, tinch yashashlarini istab, hamma 
tomonlama tinchlik — sulhi kull siyosatini amalga oshirmoqdamiz, — deyilgandi 
murojaatda: — Odamlarga — tinchlik, saltanatga — xavfsizlik, barcha imon-u 
e’tiqodlarga — barobar ehtirom!» 
Akbar o‘zining bu shioriga qanday amal qilayotganini ko‘rsatish uchun har kuni ertalab 
ufq ortidan chiqib kelayotgan oftobni ta’zim bilan kutib olardi. Otashparastlarning bu 
odati tog‘liq joylarda yashaydigan ko‘pgina hind qabilalarida ham saqlanib qolgan edi. 
Otashparast turkiy ellardan qolgan va Akbarga juda ma’qul tushgan yana bir odat — 
oqshom qorong‘i tusha boshlaganda chiroqlarni «o‘t og‘asi» deb ataladigan oila yoki 
qabila boshlig‘ining yoqib berishi edi. Akbar oqshom g‘ira-shirasida saroyni yoritadigan 
birinchi shamni o‘zi yoqib berar edi. Saroyda chiroqlarga qaraydigan maxsus 
xizmatkorlar Akbar yondirgan shu mitti olov bilan ulkan saroydagi yuzlab qandillar 
shamini birma-bir yoqib chiqar edilar. 
Gujaratlik otashparast Mexerji Akbarga uch popukli chiroyli kamar taqdim qilgan edi. 
Kamardagi uch popuk uchta fazilat ramzi sanalardi: biri — «pindori xub», ya’ni yaxshi 
o‘y, niyat, ikkinchisi — «guftori xub», ya’ni yaxshi so‘z, kalom, uchinchisi — «kirdori 
xub», ya’ni yaxshi ish, axloq. Bu uch fazilat go‘yo bir kamarga bog‘lanib, insonda birga 
yursa, o‘y, so‘z, ish bir-biridan ajralib qolmasa, murod hosil bo‘lishi Akbar intilayotgan 
eng baland ma’naviy yuksaklik edi. Shuning uchun uch popukli kamarni chorshanbayi 
murodbaxsh kunlarida beliga bog‘lab yurardi. 
Hindlar peshonaga qo‘yib yuradigan tilak — qizil xol ham eng ezgu-niyatlar timsoli 
hisoblanardi. Akbar hindlarning imon va e’tiqodlarini ham astoydil hurmat qilishini 
ko‘rsatish uchun seshanba kuni hindcha kiyinib, peshonasiga qizil xol — tilak qo‘ydirib 
saroyda ko‘pchilikka ko‘rinish berdi. 
Bu hodisa mamlakat aholisi orasida: «Podsho hind dinini qabul qilganmish!» degan 
ovoza tarzida yashin tezligida tarqaldi. Hindlar bu ovozadan quvonib, Akbarni 
«maxaguru», ya’ni «ulug‘ pir» deb e’zozlaganlari sari mutassib shayxlar uning majusiy 
bo‘lganiga johil odamlarni ishontira boshladilar. Bir vaqtlar shayx Ansoriyga tarafdor 
bo‘lgan va Agradan Jaunpurga surgun qilingan shayx Muhammad Yazdiy Ganga bo‘yida 
turib Akbarga qarshi isyon boshladi. U ulamo va shayxlar nomidan fatvo yozib, Akbarni 
«dahriy», «majusiy», «otashparast», «kofir» deb ming maqomga solib aybladi. «Bunday 
odam musulmon davlatiga podsho bo‘la olmagay!» deb, Jaunpurdagi masjidda va’z 
aytdi. Uning va’ziga ko‘pchilik qavmlari ham qo‘shilgandan keyin, Muhammad Yazdiy 
Akbarning Kobuldagi inisi Muhammad Hakimga odam yubordi. Muhammad Hakim ham 
Akbarning «Sulhi kulliga» qarshi ekanini aytib, isyonchilarga yon bosgach, Muhammad 
Yazdiy Jaunpurning jome masjidida o‘qilgan xutbadan Akbarning nomini oldirib tashladi. 
Uning o‘rniga Muhammad Hakimni Hindiston podshosi deb e’lon qilib, nomini xutbaga 
qo‘shib o‘qitdi. 
Bixar va Bangolada markaziy davlatdan ajralib chiqishga va yana mustaqil hokimiyat 
tuzishga tashna bo‘lgan afg‘on amirlari bor edi. Ular darhol Muhammad Yazdiy 
boshlagan isyonga qo‘shildilar. 
Muhammad Yazdiy bu xabarlarni o‘z tarafdorlari yordamida Gujaratga, Malvaga, Panjob 
va Kobulga tarqatdi. Bu viloyatlarda ham Akbarning dahriyligiga ishonuvchilar ko‘p edi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
286
Endi ularning orasida ham Akbarni taxtdan ag‘darish haqidagi va’zlar, musulmonlarni 
g‘azotga undovchi xitoblar yangray boshladi. 
Gujaratda haligacha Akbarga qarshi kurashib yurgan Muzaffarshoh ham Akbarning 
o‘rniga ukasini taxtga chiqarish harakatiga tushib, Kobulga maxsus vakillar yubordi. 
Turondagi Abdullaxondan Kobulga kelgan elchilar ham endi faqat Muhammad Hakim 
Hindiston podshosi bo‘lishi kerakligini uning qulog‘iga quydilar. 
Ko‘pdan beri shuni istab yurgan Muhammad Hakim katta qo‘shin to‘pladi-yu, dindan 
qaytgan akasiga qarshi g‘azot e’lon qilib, Hindiston tomonga yurish boshladi. 
Akbarning o‘zi qo‘zg‘atgan ma’naviy zilzila uning toj-u taxtini ham silkita boshlagach, 
oyoqda mustahkam turish qiyin bo‘lib qoldi, saroyda vahima boshlandi. Akbar eng sodiq 
odamlarini atrofiga to‘plab: 
— Kim haqiqiy do‘st ekani endi bilingay! — dedi. Todar Mal bir qism qo‘shin bilan 
Bixarga, Aziz ko‘ka— Gujaratga, Man Sinx — Panjobga jo‘nadi. Akbarning o‘zi esa eng 
katta xavfga aylangan Muhammad Hakimga qarshi qo‘shin tortdi. 
 
L A X O‘ R ,  K O B U L 
DO‘STDAN KO‘P DUShMAN 
 
Hindikush tog‘laridan tushib kelayotgan Kobul daryosi tor tangilardan o‘tib, janubga 
shoshiladi. Himolay tog‘laridan boshlanadigan Hind daryosi sharqdan Panjob tekisligiga 
otilib tushadi-da, Peshovarning kunbotish tomonida Kobul daryosi bilan qo‘shilib, 
ayqashib ketadi. 
Akbardan to‘rt yosh kichik bo‘lgan inisi Muhammad Hakim milodiy 1581-yilda mana shu 
daryolardan o‘tib, Panjobga yigirma besh ming qo‘shin bilan bostirib kirdi. Bu yerda uni 
Akbarning islohotlaridan norozi bo‘lgan shayxlar va ularning qavmlari quchoq ochib kutib 
oldilar. Muhammad Hakim Laxo‘rni yo‘lakay ishg‘ol qilish umidida edi. Masjidlarda 
shovqin-suron ko‘tarib, Akbarni dinsizlikda ayblab yurgan imomlar Muhammad Hakimni 
allaqachon podsho e’lon qilib, nomini xutbaga qo‘shib o‘qitmoqda edilar. 
Lekin Panjob aholisining ko‘pchiligi bu diniy isyonga qo‘shilmay sukut saqlab turadi. 
Chunki Panjobda ham musulmonlardan ko‘ra g‘ayridinlar ko‘p, ular jizya solig‘ining 
bekor qilinganidan mamnun, Akbarning barcha imon-u e’tiqodlarni tenglashtirishga 
intilayotgani ko‘pchilikka manzur. 
Ravi daryosining baland qirg‘og‘ida turgan va so‘nggi o‘n yil ichida devorlari qaytadan 
mustahkamlatilgan Laxo‘r qal’asini Man Sinx boshliq qo‘riqchi askarlar ichkaridan 
mahkam bekitib oldilar. 
Bu orada Akbar qirq besh ming otliq qo‘shin, besh ming fil, o‘n ming piyoda askar bilan 
Dehli va Panipatdan o‘tib, Panjobga yaqinlasha boshladi. 
Qo‘shin safida uning o‘g‘illari Salim va Murod bilan birga farangi tili muallimi Antoni 
Monserrate ham o‘z xalfasi Albert Pereyro hamrohligida kelmoqda. Rudolf Akvavivani 
Akbar Fathpurda qoldirdi — bu padrening nasora dinini haddan ortiq ehtiros bilan 
maqtashlari unga xush kelmadi. 
Albert Pereyro esa Salimga gohi-gohida portugal harbiy kemalarining suratlarini chizib 
ko‘rsatadi va uni amiral bahr bo‘lishga qiziqtiradi. Albert bu ishlarni ataylab 
shahzodaning atrofidagi odamlarning ko‘zi oldida qiladi. Chunki u ketiga maxsus 
poyloqchi qo‘yilganini, Pereyro va Monserratening nimalar qilayotganini Akbarga 
yetkazib turuvchi xufiyalar borligini biladi. 
Akbarning asl maqsadi ham farangilarning quvvayi bahriyalariga oid tajribalarini 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
287
o‘g‘illariga o‘rgatish bo‘lganligi uchun Albert Pereyroning Salim bilan dengiz va kema 
mavzularida uzoq-uzoq suhbatlashishlariga yo‘l berib qo‘ygan. 
Monserrate esa shahzodalarga til o‘rgatishdan vaqt orttirganda chodirda o‘ltirib 
esdaliklar yozib boradi. U hali hech bir farangi umrida ko‘rmagan joylarni ko‘rayotgani, 
Akbarday ulug‘ sarkardaning harbiy yurishiga ishtirok etayotgani uchun o‘z toleyidan 
mamnun. Monserrate Yevropa uchun hali butunlay noma’lum bo‘lgan bu yerdagi hayot 
tarzini va Akbar shaxsiga oid o‘z taassurotlarini yozib bormoqda. Portugaliyada o‘sha 
davrlarda esdaliklarni «Kommentariya», ya’ni «Izohlar» — degan sarlavha bilan yozish 
odat bo‘lgan edi. Monserrate ham o‘z esdalik daftarini shu nom bilan atadi. Akbar 
padrelarni har haftada bir marta qabul qilib, uzoq-uzoq suhbatlashgan edi. Monserrate 
Akbarning qalbi his-tuyg‘ularga boyligini suhbat paytida ko‘zlaridan ham sezdi. 
Akbarning ko‘zlari unga dengiz to‘lqinlarining quyosh nurlarida jilvalanishini eslatgan 
paytlari bo‘ldi. Bu ko‘zlarda dengizning teranligi ham, bag‘ri kengligi ham, to‘fon paytida 
dahshatli kuchga aylanib ketishi ham aks etayotganday tuyulardi. Monserrate faqat bir 
narsani afsus bilan qalamga oldiki, Akbar hazrati isoning umuman otasi bo‘lmaganiga, 
Bibi Maryam osmondagi ilohiy ruhdan homilador bo‘lganiga hech ishonmadi. 
Monserratening butun e’tiqodi esa muqaddas uchlik — ota, o‘g‘il va ilohiy ruh birligiga 
asoslangan. Cho‘qinganda boshga va ikki yelkaga uch barmoqni tekkizib olish ham shu 
uchlikni tan olishdan kelib chiqadi. Biroq Akvaviva va Monserratelarning oylar davomida 
katolik dinini jon-jahdlari bilan targ‘ib qilishlariga qaramay, Akbar bu uchlikni «afsona» 
deb atadi va tan olmadi. 
— Otasiz farzand bo‘lishi mumkin emas! — deb turib oldi. 
— Axir biz keltirgan kitobni ko‘zga surtib, o‘pib qabul qildingiz-ku, hazrati oliylari! — dedi 
Akvaviva iltijo bilan. — Endi muqaddas uchlikni ham tan olib bir marta cho‘qina 
qolsangiz biz murodga yetgan bo‘lardik. 
— Kitob — jaholat tunini quvg‘uvchi chiroqdir,— dedi Akbar. — Shuning uchun men uni 
nondek e’zozlab ko‘zga surdim. Yetti iqlimdan kelgan haqiqat izlovchilar bilan 
ibodatxonada yillar davomida suhbatlashdim. Haqiqat turli ellarda turfa liboslar kiyib, 
bo‘linib-bo‘linib yashamoqda ekani menga endi ayon bo‘ldi. Men uning bo‘laklarini bir 
qalbda birlashtirmoq uchun «sulhi kull» siyosatini amalga oshirmoqdamen. Cho‘qinish 
esa haqiqatning faqat bir bo‘lagini tan olish, ya’ni sulhi kulldan chekinish bo‘lgay! 
Akbarning bu gaplari dindor Monserratega shakkoklik va dahriylik bo‘lib ko‘rindi, 
esdaliklarida uni lotincha «ateist!» degan so‘z bilan urishib, qoralab ham qo‘ydi. 
Monserrate daftarining sahifalarini Akbarga oid taassurotlari bilan to‘ldirib borar ekan, 
yozayotgan esdaliklari yevropalik vatandoshlari uchun kutilmagan bir yangilik bo‘lishini 
o‘ylab, hayajonli orzular qiladi. 
Antoni bu yangi olamni G‘arbda birinchi bo‘lib kashf etsa, uning nomi tarixda 
qolmaydimi? U o‘zining «Izohlar»ini kitob qilib chiqarsa, faqat Portugaliyada emas, 
dunyoning boshqa mamlakatlarida ham odamlar qiziqib o‘qishlari mumkin-ku. Portu-
galiya qiroli ham Antonini o‘z saroyiga chaqirib, suhbatlar qilishi turgan gap.* 
Monserrate o‘z yurtining eng mashhur odamlaridan biriga aylanishini xayoliga 
keltirganda yuragi ilhom bilan urib, qalami daftar ustida shahdam harakatlanadi. 
Akbar qo‘shinida uni «kofir» deb suymaydiganlar ham oz emas. Lekin shahzodalarga va 
ularning ixtiyoridagi minglab bek-u navkarlarga farangi mehmonlarni tun-u kun qo‘riqlab 
yurish topshirilgan. Harbiy yurish paytida til bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazish ham oson 
emas. Biroq qarorgohda uzoqroq to‘xtab qolsalar, Monserrate ularga ikki-uch soat til 
o‘rgatadi. Bu ishga Murod ko‘proq qunt qiladi. Shahzoda Salimni esa Albert Pereyroning 
sarguzasht hikoyalari va «antiqa» suratlari ko‘proq qiziqtiradi. 
Albert bu suratlarni ko‘rsatish bahonasida goho Salim bilan uning xos chodirida yolg‘iz 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
288
qoladi va so‘nggi yangliklarni bilib olishga intiladi. Chunki Akbar qo‘shinidagi odat 
bo‘yicha, harbiy yurish paytida to‘ng‘ich shahzoda o‘z bek-u a’yonlari bilan podsho 
yaqinida boradi, qarorgoh tanlanganda ham Salimga Akbar turgan chodirlarning 
yaqinrog‘idan o‘rin beriladi. Shuning uchun otasiga kelib turgan yangi xabarlarni Salim 
boshqalardan oldinroq eshitadi. 
Sharqdagi isyonni bostirishga yuborilgan Todar Malning chopari bugun qanday yangi gap 
olib kelganini ham Albert Salimdan eshitdi. Jaunpur va Biharda shayxlar isyoniga 
qo‘shilgan afg‘on sipohilar xazinadan beriladigan moyananing ozligidan norozi bo‘lib 
yurgan ekanlar. Todar Mal darhol ularning moyanalarini bir yarim barobar oshirish 
haqida podshoning nomidan farmon chiqartiradi. Akbar bu farmonni tasdiqlaydi. 
Shundan so‘ng sharqdagi ko‘pchilik sipohilar Muhammad Yazdiy boshliq bo‘lgan 
xurofotchilar g‘alayoniga qatnashmay qo‘yadilar. Yakkalanib qolgan xurofotchilar Todar 
Malning qo‘shiniga turish berolmay taslim bo‘ladi. Qozikalon Muhammad Yazdiy va uning 
salaflari bo‘lgan o‘ndan ortiq ruhoniy qo‘lga olinadi. Todar Mal ularni kemalarga solib, 
suv yo‘li bilan Akbar huzuriga afv so‘rashga yuborgan ekan, Gangada qandaydir falokat 
yuz beradi-yu, kemadagi Muhammad Yazdiy bilan uning salaflari g‘arq bo‘lib o‘ladilar... 
Ertasi kuni kechki payt Pereyro yana Salimning xos chodiriga kirdi-yu: 
— Amirzodam, Gangada yuz bergan falokatni men boshqalardan ham eshitdim, — dedi. 
— Kema ag‘darilgan ekanmi? Qozikalon nechun g‘arq bo‘libdilar? 
— Todar Mal o‘zi ularning bo‘yinlariga tosh bog‘latib Gangaga cho‘ktirgan emish. U 
haqda hazrat otangizdan Todar Malga maxfiy ishora bo‘lgan ekan. 
— Sizga kim aytdi? 
Pereyro ovozini pasaytirib dedi: 
— Kimligini aytsam... hazrat otangiz jazoga buyurishlari mumkin... 
— Otamga bildirmagaymiz. Gap shu yerda qolgay... Chodirda ikkimizdan boshqa hech 
kim yo‘q-ku! 
— Chopar menga tanish edi. Sekrida farangi sovg‘alar bergan edim. «O‘z ko‘zim bilan 
ko‘rdim!» deb aytdi. 
— Ob-bo sho‘rlik Yazdiy!.. 
Muhammad Yazdiy ilgari Agraning taniqli ulamolari orasida yurganda Salim uni bir necha 
marta ko‘rgan, va’zlarini ham eshitgan edi. Endi Yazdiyning oppoq soqoli Ganga tubidagi 
loyqalarga botib yotganini ko‘z oldiga keltirganda yosh o‘smirning yuragi bir seskandi. 
Nahotki otasi shu qadar beshafqat bo‘lsa?! 
— Hali bu faqat boshlanishi, — deb davom etdi Albert. — Erta-indin bundan dahshatliroq 
halokatning guvohi bo‘lursiz, amirzodam. 
— Yana ne halokat? 
— Mirdevon Shomansur degan bormidi? 
Salim qirq yoshlardagi serg‘ayrat, hushmuomala, istarasi issiq moliya vaziri 
Shomansurni ko‘z oldiga keltirdi. Asli kambag‘al bir oiladan chiqqan Shomansurni Akbar 
tarbiyalab yuksak martabalar bergan edi. Uning hisob-kitobni yaxshi bilishini, moliya 
bobida iste’dodi tengsizligini ko‘p odam maqtar edi. Hatto Todar Mal ham hisob-kitob 
ishida unga bas kelolmay qolgani uchun Akbar mirdevonlikni Shomansurga bergan edi. 
Bundan Todar Malning tarafdorlari norozi bo‘lib yurar edilar. Salim Shomansurning 
hibsga olinganini kecha eshitgan edi. Yo‘lda kelayotganlarida go‘yo uning josusligi 
ma’lum bo‘lgan emish. Shomansur Muhammad Hakim bilan maxfiy aloqa o‘rnatgan 
emish. Uning Muhammad Hakimga yozgan maktubi Panjobdagi janglarda halok bo‘lgan 
kobullik amir Shodmonning kissasidan topilgan emish. Birov bu gapga ishonsa, birov: 
«Todar Malning tarafdorlari mirdevonlik lavozimini Shomansurdan tortib olish uchun shu 
tuhmatni o‘ylab topishgan», deyishardi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
289
Hozir Pereyro ham shahzoda Salimga shivirlab: 
— Amirzodam, Shomansurni qatl ettirmoqchi emishlar! — dedi. — Axir siz adolatni 
yaxshi ko‘rursiz! Xatni Shomansurning dushmanlari yozib, o‘lgan amirning cho‘ntagiga 
solib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin emasmi? 
— Kim solib qo‘yishi mumkin? — deb so‘radi Salim. 
Albert Pereyro Salim bilan Abulfazlning orasi yaxshi emasligini, shahzoda doim podshoga 
yaqin yuradigan bosh vazirdan otasini qizg‘anishini allaqachon sezgan edi. Endi ularning 
orasidagi darz ketgan joyga pona urgisi kelib pichirladi: 
— Shomansurni, ayniqsa Abulfazl yomon ko‘rar ekan. Otangiz Shomansurning 
iste’dodiga qoyil bo‘lib, bosh vazir qilish fikriga ham borgan ekan-da. 
Abulfazl tilga olingach, Salimda Shomansurni tuhmatdan qutqarish istagi uyg‘ondi. 
Albert bu istakni ustalik bilan Akbar tomon yo‘naltirdi. 
Oradan yana bir kun o‘tgach, kechqurun to‘xtaganlarida Salim otasining huzuriga 
kirishga ruxsat oldi. U borgohda endi Shomansur haqida so‘z ochmoqchi bo‘lganda 
Abulfazl keldi-yu, kirlangan va ezg‘ilangan bir maktubni olib kirib, Akbarga ta’zim bilan 
tutdi: 
— Hazratim, xoinning bu maktubi ilmi siyoh usuli bilan o‘qildi. 
— Shomansurning o‘zi yozgan ekanmi? 
— Dastxat o‘ziniki. Faqat sir saqlash uchun harflarni xiyla o‘zgartirib yozgan. Ko‘rnamak, 
tuzingizni ichib yurib, yana sizni surbetlarcha yomonlabdir. 
— Qani, o‘qing-chi, — dedi Akbar va o‘g‘li Salimga «eshitib qo‘y!» degandek qilib qaradi. 
Abulfazl Shomansurning maktubidan bir-ikki joyini ta’kid bilan o‘qidi: 
— «Podshomiz Abulfazl va Todar Mal ta’sirida dindan chiqib beimon kofir bo‘ldi. Endi 
bizning pushtipanohimiz o‘zingizsiz, amirzodam! Panjobni olgan zahotingiz poytaxtdagi 
ixlosmandlaringiz ham bosh ko‘targusidir. Ilohim pok musulmonchilikni dahriy og‘angiz 
tajovuzidan asrab qolish, siz, Muhammad Hakim hazratlariga nasib bo‘lsin!» 
Akbar o‘g‘li Salimga qarab: 
— G‘addor muhitning tuhmatini ko‘rdingizmi? — dedi. — Badmast inim tun-u kun may 
ichib, qusug‘iga qorishib yotsa ham, mendan pokroq musulmon emish! U faqat otamning 
tashqi suratini meros olgan... Ulfat beklari uni ichirib mast qilgan holda bizga qarshi 
g‘azotga ko‘ndirgan. Men uch yildan berli mayni og‘zimga olganim yo‘q, faqat doruvor 
giyoh-lar-u meva sharbatlaridan tayyorlangan «obihayot» nomli ichimlik ichib yuribmen. 
Besh vaqt namoz o‘qurmen, ro‘za tutamen. Jonivorlarning uvoliga qolmaslik uchun ovni 
man etganmen. Ilkimdan kelgan barcha savob ishlarni qilsam-u Shomansur mening 
xizmatimda yurib, buning hammasini unutsa? Bilib turib qanchalik xiyonat qilgan odam 
qay darajada g‘alamis!.. 
— Hazrat otajon, — dedi Salim, — balki bu maktubni Shomansur yozmagandir? Ehtimol, 
boshqalar yozib... o‘lgan amirning kissasiga yashiriqcha solib qo‘ygandir? 
Akbar yalt etib o‘g‘liga qaradi: 
— Ajabo! Senga bu shubhani kim o‘rgatdi? 
—O‘zim... o‘zimning xayolimga keldi. Axir... Sherxon shunday hiylalarni ko‘p ishlatgan, 
deb bizga o‘zingiz so‘zlab bergan edingiz-ku. 
Akbar o‘g‘lining chigal, murakkab narsalarga aqli yetadigan bo‘lib qolganidan 
sergaklanib, Abulfazlga savol nazari bilan tikildi: 
— Mavlono, Shomansur aybini bo‘yniga oldimi? 
— Qiynoqqa solinganda bo‘yniga olgan edi. Keyin yana tondi. Ammo dastxat uniki 
ekanligi aniq. 
Abulfazlga so‘zsiz ishonadigan Akbar: 
— Dastxat eng ishonarli dalildir, — dedi-da, o‘g‘li Salimga yuzlandi: — Sen Shomansurga 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling