Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet49/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
322
Akbar shimoliy chegaralar tashvishi bilan nechog‘liq band bo‘lmasin, portugal 
istilochilarining janubdagi harakatlarini sergak kuzatib turardi. So‘nggi yillarda Hind 
ummonida inglizlar portugallar bilan ayovsiz janglar qilmoqda edilar. Akbar bu ikki 
raqibning o‘zaro nizolaridan foydalanish uchun ingliz elchisi Edvard Layotonni Laxo‘rda 
qabul qildi. Muomalaga usta bu lord Angliyani faqat hind savdosi qiziqtirayotganiga 
Akbarni ishontirdi. U portugallarga qarshi kurashda Akbarga yordam berish sharti bilan 
Ganga daryosining ummonga chiqadigan Kalkutta nomli joyida «Ost-ind» shirkatining 
kichik bir shu’basini ochishga ruxsat oldi. 1600-yilda Angliya qirolichasi Yelizaveta bu 
shirkatni qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus qaror chiqardi. Lekin «Ost-ind» shirkati 
kelajakda butun Hindistonni mustamlakaga aylantiradigan mash’um kuchga aylanishini u 
paytda Akbar ham, Yelizavetaning o‘zi ham tasavvur etmagan bo‘lsalar kerak... 
Ammo ummonlar ortidan suzib kelayotgan farangi kemalar Hindistonning janubiy 
qirg‘oqlarida tobora ko‘payib borayotgani Akbarni bezovta qilardi. Foyda ketidan quvgan 
farangilar ummon bo‘yidagi Bijapur, Golkanda, Ahmadnagor va Xandesh degan mayda-
chuyda musulmon davlatlarini bir-biri bilan urushtirib qo‘yib, o‘zlari ummon qirg‘oqlarida 
yangi-yangi qarorgohlar barpo qilmoqda edilar. Akbar esa bu sultonliklarni farangilarga 
qarshi birlashtirishga intilar edi. Shu maqsadda o‘zining eng ishongan odamlari bo‘lmish 
Fayziy va Abulfazllarni janubdagi sultonliklarga bir emas, to‘rt marta elchi qilib yubordi. 
Axiyri Xandesh sultonligining Alixon degan hukmdori Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda 
qo‘shildi va uning askarlariga o‘z davlati chegaralarini ochib berdi. 
Xandeshning Burxonpur shahriga Akbar o‘zining yigirma sakkiz yoshli o‘g‘li Murodni 
katta qo‘shin bilan jo‘natdi. Murodga tajribali sarkarda Abdurahim xoni xonon bosh 
maslahatchi qilib tayinlandi. Akbar ularga farangilarni Malobar qirg‘oqlaridan va Goadan 
quvishni bosh vazifa qilib qo‘ydi. Uning nazarida, Murodning farangi tilini bilishligi bu 
vazifaning so‘zsiz ado etilishiga yordam berishi kerak edi. 
Murod Burhonpurda turib, farangilardan bir qancha zambaraklar sotib oldi. Ammo bu 
zambaraklar xiyla eskirgan. Goada iste’moldan chiqqan, ularni farangi to‘pchilarning 
yordamisiz otib bo‘lmas edi. Shuning uchun Murod farangi to‘pchilardan birini o‘z yoniga 
taklif qildi. Bu farangi to‘pchi juda xushmuomala ulfat yigit ekan, Murodning ichkilikni 
yaxshi ko‘rishidan foydalanib, u bilan tongotar bazmlarda mayxo‘rlik qila boshladi. Akbar 
o‘g‘lini mayxo‘rlikdan ehtiyot qilishni Abdurahimga topshirgan edi. Abdurahim xoni 
xonon shahzodaning tungi bazmlarini to‘xtatishga, butun e’tiborini Akbar topshirgan 
vazifaga qaratishga ko‘p urindi. Ammo shahzoda uning gapiga emas, mayxo‘r 
ulfatlarining gapiga ko‘proq quloq solar edi. Abdurahim bilan shahzodaning orasini 
o‘shalar buzdi. Shirakayf Murod Abdurahimni: «Sen shiasen, bizga yetti yot begonasen!» 
deb haqorat ham qildi. Yana Abdurahimning ustidan shikoyat yozib, chopar bilan 
Laxo‘rdagi otasiga jo‘natdi.  
Xuddi o‘sha kezlarda Samarqanddan Akbar uchun juda muhim bo‘lgan yangi xabarlar 
kelmoqda edi. Abdullaxon Qarshi atroflarida qishlayotgan paytda Abdumo‘min Balxdan 
otasiga qarshi yashiriqcha qo‘shin tortadi. U Amudaryodan o‘tganda Abdullaxon bundan 
xabar topadi-yu, Samarqandga shosha-pisha chekinadi. Jigari hilvirab qolgan xonga 
qishki yo‘llarning azobi yomon ta’sir qiladi. Abdullaxon Samarqandda 1598-yilning hut 
oyida vafot etadi. 
Abdumo‘min to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun darhol otasining taxtini egallaydi va birinchi 
qilgan ishi — otasi yaxshi ko‘rgan bek-u a’yonlarni ayamay qirish bo‘ldi. Shular orasida 
Abdullaxon davlatining eng aqlli va tadbirkor vaziri Qulbobo ko‘kaldosh ham «dushoxa» 
deb ataladigan dahshatli iskanjaga solinib, ming qiynoqlar bilan o‘ldiriladi. Abdumo‘min 
xon oilasining taxtga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan vakillarini ham birma-bir qilichdan 
o‘tkazadi. Abdullaxon avlodidan faqat Pirmuhammad ko‘knori allaqaysi takyada kayf 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
323
bilan yotib qolgan bo‘ladi, uni o‘ldirishga yuborilgan odamlar uyidan topolmaydilar. Keyin 
Abdumo‘minga qarshi isyon ko‘targan biylar ana shu Pirmuhammad ko‘knorini o‘zlariga 
xon ko‘tarib, maydonga chiqadilar. Ichki urush boshlanadi.  
Akbarning Movarounnahrdagi tarafdorlari: «Endi sizning Turonga kelishingiz uchun 
fursat yetildi, Abdumo‘min bilan Pirmuhammad ko‘knori hademay bir-birining boshiga 
yetgay!» degan mazmundagi maktublar yubordilar. 
Aksiga olib, xuddi shu kezlarda Akbarning o‘z dargohida ham bir-biridan og‘ir musibatlar 
yuz bera boshladi. Uning eng ishongan sarkardalari Bhagvan Das va Todar Mal orqama-
ketin kasalga chalinib vafot etishdi. Ulardan so‘ng shoir Fayzi Fayoziy olamdan o‘tdi. 
Murodning o‘g‘li Rustam to‘qqizga kirganda bo‘g‘ma kasalidan jon berdi. Bu mash’um 
xabar Burhonpurda Abdurahim bilan til topisholmay, nuqul ichib yurgan Murodga ma’lum 
bo‘ldi. U issiqni unutish uchun ham may ichar edi. Endi o‘g‘lining dog‘ida yig‘lab tun-u 
kun mast bo‘lib yurdi va axiyri oqtutqaloq kasaliga uchrab, o‘zi ham vafot etdi. 
Burhonpurdan Laxo‘rgacha otda bir yarim oylik yo‘l. To Akbarga xabar yetib kelguncha 
hind issiqlarida Murodning jasadini saqlab turish ham mumkin bo‘lmadi. Uni ota-ona 
ishtirokisiz Burhonpurga dafn etgan edilar. Buni eshitgan Salima begim: 
— Nahotki yolg‘iz o‘g‘limning jasadini ham ko‘rolmasam! — deb dod solib yig‘ladi, 
yuzlarini tirnab qonatib yubordi: — Yo‘q, meni Murodjonning oldiga yuboringlar! Men 
uning qabrini quchoqlab vidolashay! 
Lekin u yoqlarda hali urush tugamagan, yo‘llar xatarli edi. 
— Xatarli bo‘lsa mayli, o‘lsam o‘g‘limning yoniga ko‘minglar! 
Yigirma to‘qqiz yoshli Murod Akbarning dilidan ham katta bir parchasini yulib olib 
ketganday bo‘ldi. Abdurahim Burhonpurdan kelib fojianing tafsilotlarini aytib berdi. 
Murodning intihosiz mayxo‘rliklarida uning yaqin ulfatiga aylangan farangi to‘pchining 
ham xizmati borligini Akbar sezdi. Dehlida Akbarga suiqasd qilgan Po‘lat vasvas va uning 
uyidan topilgan farangi to‘fang xayolida qayta gavdalandi. O‘shanda Pakavira Akbarga 
qarshi ottirishga ulgurmagan to‘fangni endi farangi to‘pchi chog‘irga aylantirib, uning 
yordamida Murodni halok qilgan bo‘lishi mumkin emasmi? 
Nahotki Akbar — Akbar bo‘lib, ummon ortidan kelgan bir necha ming bosqinchi farangini 
Hindistondan daf qilolmaydi? Salima begim ham janubga talpinardi. Turonga qo‘shin 
tortish rejasi keyinga surildi. Akbar shimol yurishi uchun tayyorlangan qo‘shinlarini endi 
janub tomonga burdi. 
Lekin butun najotni undan kutayotgan buxorolik va samarqandlik tarafdorlari Akbarning 
ketidan yana maktub yo‘llab, Abdumo‘min ham o‘ldirilganini, shayboniyzodalar sulolasi 
tugash arafasida ekanini xabar qildilar. 
Abdumo‘min xuddi otasiga qarshi qilich ko‘targan temuriyzoda Abdullatifga o‘xshab faqat 
olti oy podsho bo‘ldi. U saraton kunlarida Zominning salqin suvlari bo‘yida dam olgandan 
keyin, Samarqandga qaytayotgan paytida o‘tadigan yo‘liga dushmanlari chuqur qazib, 
tepasini bilinmaydigan qilib bekitib qo‘yadilar. Abdumo‘min oti bilan shu chuqurga tushib 
ketgandan keyin uni Pirmuhammad ko‘knorining tarafdori bo‘lgan biylar tutib olib 
o‘ldiradilar va jasadini Buxoroga olib borib, xon saroyi oldidagi jazo maydoniga osadilar. 
Hozir xon bo‘lgan giyohvand Pirmuhammadni odamlar pisand qilmaydi. Shayboniyzoda-
larning kuni shu zaif ko‘knoriga qolgani uchun boshqa kattadahan biylar yangi sulolaga 
asos solish harakatiga tushadilar. Bu biylar orasida Hazar dengizining shimolidagi 
Ashtarxondan chiqqan Oltin o‘rda qoldig‘i sifatida Ivan Grozniy askarlari bilan jang qilib 
yengilgan va Buxoroga qochib kelib jon saqlagan Mingqishloqxonning avlodlari ham bor. 
Ana shu ashtarxoniylardan aka-uka Imomqulixon va Nodir Muhammad Samarqandni 
ishg‘ol qilib, endi Buxorodagi Pirmuhammad ko‘knoridan taxtni tortib olish uchun 
tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
324
Akbarga bu voqealar xabarini yetkazgan samarqandlik tarafdorlari: «Tezroq kelib 
bobokaloningiz poytaxtini egallamasangiz, Movarounnahr shayboniyzodalardan ham 
zolimroq va johilroq ashtarxoniylar tasarrufiga o‘tib ketgay!» deb nido qilgan edilar. 
Minglab chaqirim joydan yetib kelgan bu nido Akbarning avvalgi o‘y va istaklarini yana 
qo‘zg‘atdi. U Agraga borganda Murodning yigirmasiga kelgan shahzoda Salimni buxorolik 
ustozi mavlono Farid bilan birga o‘zining xonayi xosiga chaqirtirdi. Ularni Abulfazl 
boshlab kirdi. To‘rtovlari yuzma-yuz o‘ltirishdi-yu, Akbar Samarqqanddan kelgan so‘nggi 
xabarlarni aytib berdi. 
— Amirzoda, bir marta sizni shayboniyzodalarga qarshi jangga yubormoqchi 
bo‘lganimizda bormagan edingiz, — dedi Akbar Salimga mayin ko‘z tashlab. — U paytda 
chindan ham vaziyat og‘ir edi, yusufzaylar Haybar dovonini bekitib yotgan edilar. Lekin 
so‘nggi yillarda yaxshi muomala bilan yusufzaylarni tinchitdik. Tinchimagan sarkashlarini 
Zayniddin ko‘ka Kobuldan kelib tor-mor qildi. Haybar dovoni endi bexatar, yo‘l ochiq. 
Shayboniyzodalar ham o‘lib, qirilib, bittagina ko‘knorisi qolibdir. 
Akbar bir to‘xtab oldi, yoshi o‘ttizga kirgan, yelkalari to‘lishib xushmo‘ylov durkun yigitga 
aylangan o‘g‘liga mamnun nazar tashlab so‘zida davom etdi: 
— Sizdek pahlavon boburiyzoda nahotki ko‘knoriga bas kelolmasangiz? — dedi. — 
Nahotki Oltin O‘rda xarobalaridan Buxoroga qochib kelgan qayoqdagi ashtarhoniylar 
bobokalonimiz shahri Samarqandni zabt etsa-yu, biz bu yerda loqayd qarab tursak? 
Salim Movarounnahrga otasining ketishidan umidvor edi, o‘zi esa Hindistonda qolishni 
istardi. Buni ochiq aytishga jur’at etolmay gapni aylantirdi: 
— Hazratim, barcha so‘zlaringiz haq. O‘g‘lingiz faqat Dakan yurishini eslatmoqchi. 
Janubdagi urushni tugatmasdan turib shimolga yurish boshlash... qandoq bo‘larkin? 
Akbar Farid Buxoriyning dilida nima borligini bilgisi kelib: 
— Mavlono, sizning fikringiz qalay? — dedi. — Asli buxoroliksiz, nahotki ota-bobolaringiz 
shahriga qaytishni istamasangiz? 
Farid Buxoriy ota-bolaning biriga yon bossa ikkinchisidan baloga qolishi mumkinligini 
sezib tipirchiladi: 
— Hazratim, faqir Dehlida, tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa ham... Buxoroni hech bo‘lmasa bir 
marta ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay... Faqat... Turonga yurish qiish bobida... 
Mavlono Abulfazl faqirdan ko‘ra donoroq vazirdirlar... Avval shu kishining fikrini eshitib
so‘ng o‘zimning kamtarona mulohazamni aytishga hazratimdan ijozat so‘raymen. 
Akbar Farid Buxoriyning quvligini sezib, kinoyali kulimsiradi-da, Abulfazlga so‘z berdi. 
— Tarix adolatli hakam ekanini Samarqanddan kelgan xabarlar yana bir bor tasdiq 
etmoqda, — deb sekin so‘z boshladi Abulfazl. — Shayboniyxon bilan uning vorislari bir 
asr davomida ne-ne iste’dodli fuzalolarni vatanlaridan judo qildilar. Mirzo Bobur kabi ne-
ne siymolar vatanlariga qaytish uchun shayboniyzodalar bilan ko‘p yil olishdilar, ammo 
ularni yengolmadilar. Lekin alohida odamlar qila olmagan ishni vaqt, tarix o‘zi qildi. 
Shayboniyzodalar davlati ichdan chiridi, tagi teshilgan, halizamon cho‘kib ketishi 
muqarrar bo‘lgan kemaning ahvoliga tushdi. Ammo bu kemada juda ko‘p begunoh 
odamlar, sohibdil, ma’rifatli fuzalolar bor. Ular bir asr davomida Shayboniyxonning 
Turondagi avlodlari bilan Mirzo Boburning Hindistondagi avlodlari orasidagi ma’naviy 
musobaqani xolis kuzatib turdilar. Tarix bugun shu musobaqaning g‘olibini adolatli 
tarzda aniqladi. Hazratim kamolga yetkazgan Hind davlati — dunyodagi eng ulug‘, eng 
mustahkam davlatlarning birinchi safida bormoqdadir. Hazratimning Turondagi xayrixoh-
lari bizdagi ilm-u ma’rifatdan, boshqa imkoniyatlardan bahramand bo‘lishni istaydilar. 
Johil biylar zulmidan ularni qutqarmoq — sizning olijanob burchingizdir, amirzodam! 
Hindistonning imkoniyatlari cheksiz. Agar ellik ming qo‘shin hazratim bilan janubga yo‘l 
olsa, yana shuncha qo‘shin siz bilan Turon yurishiga bormog‘i mumkin. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
325
— Demak, ham shimolga, ham janubga birvarakay qo‘shin tortgaymizmi? — norozi 
bo‘lib so‘radi Salim Abulfazldan. 
Uning gapiga Akbar qat’iy javob berdi: 
— Vaziyat shuni talab qilmoqda! 
Salim otasiga gap qaytarolmay jim qoldi. Abulfazl muloyimlik bilan so‘zida davom etdi: 
— Amirzodam, siz jannatmakon bobokaloningiz Bobur hazratlari kabi xotiralar 
yozmoqdasiz. Sizda shunga munosib iste’dod bor, qalamingiz o‘tkir. Endi Bobur 
hazratlari kabi katta jasoratlar ham ko‘rsatmog‘ingiz kerak. Agar siz Samarqand-u 
Buxoroni johillar zulmidan qutqarsangiz, u yerda ham ilm-u san’atga keng yo‘l ochilsa, 
bu nek ishingiz umr kitobingizning eng yorqin bobiga aylanib, qog‘ozga tushgay. Axir 
«Boburnoma»dek kitob yozmoq uchun shu kitobda qalamga olingan ulug‘ ishlarni qilmoq 
ham kerak-ku! 
Bu gaplardan Salimning rangi oqarib, lablari ko‘kish tusga kirdi. Abulfazl uning eng 
og‘riydigan joyiga urganini Akbar shundan sezdi. Salim otasidan ruxsat olgach: 
— Janobi vaziri a’zam, — deb Abulfazlga olayib qaradi: — Siz bizga va’da qilgan ellik 
ming qo‘shinning yarmi rajputlar bo‘lg‘ay, shundoqmi? 
— Taxminan shundoq. 
— Turonning butkul aholisi musulmonlar ekani ma’lumingizdir, — deb Salim endi o‘zini 
sal bosib vazminroq so‘zlay boshladi. — Tarixni bir eslang, jannatmakon bobokalonimiz 
qizilboshlarni boshlab borganda naqshbandiy shayxlar butun Turonni ularga qarshi 
qo‘zg‘atgan edilar. Qizilboshlar-ku, musulmonlar edi. Ularni «kelgindi shialar» deb 
ayovsiz qirib tashlagan turonliklar g‘ayridin sanalgan bizning rajputlarni ayagaymilar? 
Agar biz ham ellik ming qo‘shin bilan jangga kirib, turonliklar qonini hindistonliklar qilichi 
bilan to‘ksak, tarix buni kechirgaymikan? Avlodlar bizni bosqinchilikda ayblamasmikin? 
Akbarning o‘zini ham xuddi shu xavf ko‘p o‘ylantirar edi. Onasi Hamida begim ham 
bo‘lajak qirg‘inlar oqibatidan qo‘rqib, Akbarning Movarounnahrga qo‘shin tortishiga 
e’tiroz bildirgan edi. Akbar onasining e’tiroziga qarshi aytgan so‘zlarini hozir o‘g‘li oldida 
keskin qilib takrorladi: 
— Qayoqdagi Ashtarxondan kelgan Mingqishloqxonning avlodlari turonliklarning qonini 
to‘ksa bosqinchilik bo‘lmas ekan-u biz bobokalonimiz poytaxti Samarqand uchun jang 
qilsak, bosqinchilik bo‘lar ekanmi? 
— Hazratim, — deb Salim otasiga mayinroq gapirishga tirishdi, — Mingqishloqxon 
Ashtarxondan urilib-surilib ketgani rost, ammo uning o‘g‘li Yormatxon Abdullaxonning 
singlisi Zuhra xonimga uylangan ekan. Hozir Buxoro taxtiga da’vo qilayotgan Boqimu-
hammad ana o‘sha Zuhra xonim tuqqan Dinmuhammadning o‘g‘illari ekan. Biz 
Hindistonda tug‘ilib o‘sganimiz kabi, ular ham Turonda tug‘ilib o‘sgan ekanlar. Biz 
o‘zimizni hindistonlik deb bilganimiz kabi, Dinmuhammadning o‘g‘illari ham o‘zlarini tu-
ronlik deb hisoblashga haqlidirlar... 
Salimning hamma narsadan xabardor ekani va ko‘pni ko‘rgan odamlarday mantiqli 
gapirishi otasini himoyaga o‘tishga majbur qildi. 
— Xo‘sh, amirzodam, Buxoro taxtini ashtarxoniylar olaversin-u biz jim qarab 
turaveraylikmi? Najotni bizdan kutib, vakillar yuborayotgan, maktublar yozayotgan 
turonlik xayrixohlarimiz noumid bo‘lib qolaversinlarmi? 
— O‘g‘lingizni ma’zur tuting, hazratim, — deb Salim yotig‘i bilan gapirdi: — Turonlik 
tarafdorlarimiz yana bir-ikki yil kutsalar hech gap bo‘lmas. Shayboniyzodalar bilan 
ashtarxoniylarning olishuvi hali uzoq davom etsa kerak. Turonliklar ikkov tomondan ham 
bezor bo‘lib yoppasiga qo‘zg‘olon ko‘tarishlari ehtimoldan uzoq emas. Ungacha Dakan 
yurishi ham g‘alaba bilan yakulangay. Ana o‘shanda bor kuchlarni yig‘sak, o‘zingiz bosh 
bo‘lib, Turonga borsak, xonlar zulmiga qarshi qo‘zg‘algan el-ulus bizning tarafimizni olsa, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
326
Samarqand-u Buxoroga jangsiz kirmog‘imiz ham mumkin. Bu sizning sulhi kull 
siyosatingizga ham mos tushgay! 
Akbarning o‘zida ham shunday bir istak yo‘q emas edi. Axir uning butun harakati diniy 
adovatlarni tinch yo‘l bilan yo‘qotishga qaratilgan paytda, nahotki bobolar yurti Turonda 
qonli g‘azavot boshlanishi joiz bo‘lsa? Yo‘q, Salim bu jihatdan haq. Lekin Akbar o‘g‘lining 
oldida o‘zini mag‘lub ko‘rsatgisi kelmadi. 
— Nachora, amirzoda! Bunday kayfiyat bilan siz menga Turondan g‘alaba keltira 
olmagaysiz. Mag‘lubiyatdan esa xudo saqlasin! Turon yurishini keyinga qoldirgaymiz. 
Munozarada Salim o‘z so‘zini o‘tkaza olgani Farid Buxoriyni behad suyuntirdi. Akbar 
uning Salimga iftixor tuyg‘usi bilan zavqlanib qarab qo‘yganini ko‘rdi. Salimga 
«poytaxtdan yiroq ketmang, otangiz oltmishga borib qoldilar, biron hodisa bo‘lsa darhol 
toj-u taxtni egallamog‘ingiz kerak» deb maslahat beruvchi jonkuyarlar hozir ancha 
ko‘paygan. Ziyovul Mulk, shayx Rukniddin, Saidxon Chig‘atoy deganlari ham ana shular 
qatoriga qo‘shilgan. Shahzodaga hammadan ko‘ra Farid Buxoriy kuchliroq ta’sir 
o‘tkazishini Abulfazl sezgan va Akbarga kelib aytgan edi. «Siz uzoq Dakanga ketganda 
shahzoda Salim Farid Buxoriyning gapiga kirib, poytaxtni egallashi ham mumkin», 
degan edi. Akbar bunday fitnalarning oldini olish uchun Salim bilan Farid Buxoriyni bir-
biridan ajratgisi keldi, buyruq ohangida: 
— Amirzodam, siz ertaga yana Rajastxonga jo‘nab keting, — dedi. — Tog‘angiz Man Sinx 
hamon sarkash mevarliklar bilan olishmoqda. Pratap Sinx o‘lgan bo‘lsa ham, uning o‘g‘li 
Amar Sinx hamon bizni tan olmaydir. Siz o‘sha xonadonga kuyovsiz, ularni tinchitishning 
yo‘lini toping. 
Salimning qovog‘i osilib ketdi. Akbar bunga e’tibor bermay so‘zida davom etdi: 
— Hatto mavlono Abulfazl ham endi bellariga qilich taqgaylar. Uch ming navkarga 
sarkarda bo‘lib Dakanga bormoqdalar. 
So‘nggi gap Salimga ham, Farid Buxoriyga ham yoqib tushganini Akbar ularning 
mamnun ko‘z urushtirib olganlaridan sezdi. Xatarli janglarda Abulfazl halok bo‘lib ketsa, 
ular bundan faqat suyunishlari mumkin edi. Ammo Akbar ulardagi bu ichi qora 
mamnuniyatni yo‘qqa chiqargisi keldi. Farid Buxoriyga qarab dedi: 
— Mavlono, Gujarat yurishida yaxshi jang qilgan edingiz. Endi Dakanda ham jasorat 
ko‘rsatishingizga imkon bermoqchimiz! Dakanga biz bilan birga borursiz. Safarga 
tayyorlaning! 
Akbar e’tirozga yo‘l bermaydigan buyruq ohangida aytgan farmoyishni Salim ham, Farid 
Buxoriy ham ta’zim bilan qabul qilishga majbur edilar. 
* * * 
 
Salimning dili xufton. Otasi uni ataylab Farid Buxoriydan ajratmoqchi ekani va notinch 
Rajastxonga jo‘natayotgani shahzodaga berilgan surgun jazosidek tuyuladi. Agar Salim 
Rajastxon tog‘larida Amar Sinx bilan jang qilib o‘lib ketsa, otasi unga achinmaydigandek 
ko‘rinadi. Chunki naryoqda kichik o‘g‘il — Doniyol bor. Salimni nuqul do‘zaxday Tar 
sahrosi tomonga yuborayotgan ota Doniyolga Ganga bo‘yidagi jannatday joy — 
Ollohobodni berib qo‘ydi. Axir udum bo‘yicha to‘ng‘ich o‘g‘il ko‘proq e’zozlanishi kerak 
emasmi? Aksincha qilinayotgani har xil mishmishlarga sabab bo‘lmoqda. Odamlar: «Taxt 
vorisi Salim emas, Doniyol bo‘larmish!» — deb gap tarqatishmoqda. Agar otasi 
shunchalik adolatsizlikka borsa, Salim o‘zining vorislik huquqini qo‘lda qilich bilan 
himoya qilishga ham tayyor! 
Ota bilan o‘g‘il orasida paydo bo‘lgan adovat jari mana shu tarzda tobora chuqurlashib, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
327
kengayib bormoqda. Salimning nazarida, uning otasiga, ayniqsa, Abulfazl yomon 
ko‘rsatmoqda. Bu odam Akbarning ko‘zi oldida Salimni kamsitib: «Siz Bobur 
bobongizday kitob yozolmagaysiz, bunga yarasha jasoratlar ko‘rsatganingiz yo‘q», 
degan ma’noda gapirgani Salimga turib-turib alam qilardi. «Tuzuki Jahongiriy» deb 
atamoqchi bo‘lgan xotira kitobini u chindan ham davom ettirolmay tashlab qo‘ydi. 
Ayniqsa, Abulfazlning «Iqbolnoma»* deb atalgan uch jildlik ulkan kitobini o‘qigandan 
so‘ng, o‘zi yozgan xotiralar ko‘ziga juda g‘arib ko‘rindi-yu, qo‘li qalamga bormay qoldi. 
Farid Buxoriy Salimni Suhrobga o‘xshatib, «otangiz Rustami dostonday zo‘r bo‘lsa ham 
siz uni, albatta, yenggaysiz!» deb ishontirgandan beri uning o‘zi to‘g‘risidagi fikrlari 
behad yuksak edi. Abulfazlning kitobida esa Akbarning ellik yildan beri ne-ne kurashlarni 
g‘alaba bilan tugallab kelayotgani yilma-yil, nomma-nom barcha dalillari bilan yozilgan 
edi. Ammo Salim, o‘ttizdan oshayotgan bo‘lishiga qaramay, birorta katta jangda 
otasiday jasorat ko‘rsatganmi? Abulfazl o‘z kitobida bu savolga «yo‘q!» deb javob 
bergan edi. «Akbarnoma» sahifalarida otasining jasoratlari ulug‘vor Himolay tog‘ining 
qorli tizmalariday yastanib ko‘ringanda, Salimga oid voqealar shu tog‘ etagidagi kichik 
tepaliklarga o‘xshab turar, «tug‘ildi», «uylandi», «o‘g‘il ko‘rdi», «Ajmirga hokim 
tayinlandi» degan jo‘n gaplar bilan ta’riflanar edi.  
Salimni shunchalik o‘ksitadigan «Iqbolnoma»ni saroy ahli, jumladan, Akbarning o‘zi 
nuqul maqtaydi. Biri: «Janob Abulfazl «Boburnoma» an’analarini davom ettirmishlar, 
murakkab takalluflardan voz kechmishlar, tiniq, ravon uslubda asar yozganlari tahsinga 
sazovor!» — deydi. Yana biri Abulfazll yozgan uch jildlik asarning «Boburnoma» kabi 
jamiyat-u tabiat to‘g‘risida qomusiy ma’lumotlar berganidan mamnun bo‘ladi. Faqat 
nabotot, jug‘rofiya, tarix, davlat tartibi, turli kasb-hunarlar ta’rifi, hatto bozordagi narx-
navolarga oid turli-tuman qomusiy ma’lumotlar bilan bir jildga sig‘ishi mumkin emas edi. 
Abulfazl «Boburnoma» an’analarini ijodiy davom ettirib, kashf etgan yangilik shu 
bo‘ldiki, qomusiy ma’lumotlar «Oyini Akbariy» deb atalgan alohida jildga jamlandi. 
Yigirma yil davomida Abulfazl Akbarning nomidan turli mamlakatlarga va viloyatlarga 
yozgan maktublarning eng muhimlari «Munshoat» deb ataladigan uchinchi jildga kiritildi.  
Akbar bu uch kitobni Hindistonning shu davrdagi madaniyati xazinasiga qo‘shilgan uch 
yirik gavhar deb atadi. Abulfazlga mamlakatning eng ulkan olimi — Allomiy degan unvon 
berildi.  
— Allomiyning ijodiy jasorati tarixda qolmog‘i kerak! — dedi Akbar va eng yaxshi 
musavvirlarga topshiriq berdi: — Abulfazl Allomiy shoh asarini bitirib, bizga keltirib 
bergan kuniga maxsus bir surat bag‘ishlansin. Toki bu surat Alisher Navoiy o‘z 
«Xamsa»sini tugatib, Husayn Boyqaroga keltirib topshirgan paytini eslatadigan darajada 
mukammal bo‘lsin. 
Akbar aytganday qilib, eng nafis va go‘zal bo‘yoqlar bilan chizilgan bu suratni Salim 
ko‘rganda dilidagi eski rashk battar xuruj qildi. Suratda Abulfazl o‘zi yozgan ikki jild 
kitobni ikki qo‘lida tutib, odob bilan cho‘kka tushib o‘ltiribdi. Kitobning uchinchi jildi gilam 
ustida navbat kutib turibdi. Taxt ustidagi Akbarning butun diqqat-e’tibori Abulfazlga 
qaratilgan. U o‘ng qo‘lining ikki barmog‘ini Abulfazlga ko‘rsatib, nimadir demoqchi 
bo‘ladi. Salimning fikricha, Akbarning ikki barmog‘ini ochib ko‘rsatgani — «saroyda 
Abulfazl ikkovimizdan yaqin do‘st yo‘q» degan ma’noni bildiradi. Otasi Salimdan ham 
ko‘ra, kambag‘al oiladan chiqqan qayoqdagi Abulfazlni baland qo‘yishini bu surat 
hammaga ochiq namoyish qilganday bo‘ldi. Salim go‘yo Abulfazldan keyingi uchinchi 
o‘ringa tushib qoldi. Bu hodisa uning sirdosh jonkuyari shayx Faridga ham og‘ir botdi. 
Hozir martabasi oshib, Salimning ichki beklari qatoriga o‘tgan Alibek— Albert Pereyro 
ham shahzoda uchun kuyinadi. Mana endi Akbar o‘sha Abulfazlning gapiga kirib, 
Salimdan Farid Buxoriyni ham tortib olmoqchi va Dakanga birga olib ketmoqchi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling