Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet6/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
32
uzoqlarga olib ketib, hamma joyda biron baloga giriftor qilyapti. Humoyun bu gal Chunor 
qal’asini olti oy qamal qilib, katta talafotlar bilan oldi. Bu orada Sherxon Bangolani 
egalladi. Humoyun uni ta’qib etib Bangolaga borsa, Sherxon bu viloyatda bor xazinalarni 
ship-shiydam qilib, undan Gauriga o‘tibdi. Humoyun yoz issiqlarida mashaqqat chekib 
Gauriga borsa, Sherxon u yerdagi xazinani ham talab, qo‘liga ilingan boyliklarni yig‘ib, 
Roxtas degan tog‘ qal’asiga qochib ketibdi. 
Ganganing janubidagi bu qal’a asli Krishan Roy degan hind rojasining mulki edi. Sherxon 
o‘z qo‘shinida xizmat qilayotgan nufuzli rajput sarkardalaridan birini oraga qo‘yib, 
Krishan Roydan avval faqat o‘z xotinlari va bolalari uchun boshpana so‘radi. 
— Humoyun bizdan ota yurtimiz Bixarni tortib oldi, ayollarimiz xonumonsiz jang 
maydonida qoldi, bu shafqatsiz temuriyzoda bizni yengsa erta-indin Roxtasga ham 
qo‘shin tortib borgay, siz xotin-bolalarimizga qal’adan joy bersangiz, biz dushmanning 
Roxtasga boradigan yo‘lini to‘sgaymiz, — dedi. 
Krishan Roy bu gapga ishondi va ayol kiyimidagi otlig‘-u piyoda bir ming ikki yuz kishilik 
olomonni Roxtas qal’asining darvozalaridan ichkariga kirgizdi. Ayollar bilan birga ko‘ch 
ortgan yuzlab soyabon aravalar ham kelmoqda edi. Ular ham ichkariga kirib oladi. 
Shunda ma’lum bo‘ladiki, ayol kiyimidagi «boshpanasiz bechoralar»ning ko‘pchiligi — 
Sherxonning qurolli navkarlari ekan. Soyabon aravalardagi ko‘chlar orasidan qurolli 
yigitlar sakrab-sakrab tushdilar-u g‘aflatda qolgan Krishan Royni o‘rab oldilar. 
Sherxonning o‘zi yo‘q, bu harbiy hiylani amalga oshirgan uning o‘g‘li Jalolxon Krishan 
Royga shunday dedi: 
— Roxtasni biz jang bilan ham olishimiz mumkin edi, undan ham kattaroq Chunor 
qal’asini olganimiz sizga ma’lum, lekin qon to‘kilmasin dedik, sizning mol-u joningizga 
tegmaymiz, nimani istasangiz bir kun ichida olib chiqib keting, sizning vodiyda boshqa 
mulkingiz bor, bizga esa Roxtas juda kerak! 
Krishan Roy Roxtasni tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Sherxon Chunor va Gaurda o‘lja 
olgan barcha oltin-u kumushlarini shu qal’aga keltirib bekitadi. Xotin-u bola-chaqalarini 
ham Roxtasga joylab, o‘zi tog‘ etaklarida yangi janglar uchun kuch to‘play boshlaydi. 
Roxtasdagi voqeani Gaurda turib eshitgan Humoyun Sherxonning Movarounnahrda 
shunaqa hiy-la-yu nayranglarni ko‘p ishlatgan Shayboniyxonga o‘xshab ketadigan 
ayyorligi borligini xayolidan o‘tkazdi. Nazarida, Sherxon endi Roxtasni qo‘riqlab 
yotadiganga o‘xshardi. Humoyun uni ta’qib qilib Roxtasga bormoqchi emas, chunki 
Bangolada tartib o‘rnatish va Gaurda davlat ishlarini izga solish undan juda ko‘p vaqt 
talab qildi. Humoyun Gaurda to‘qqiz oy qolib ketdi. Yomg‘ir fasli tugab, kuzgi salqinlar va 
quyoshli quruq kunlar boshlangandan so‘ng bu yerning havosi unga benihoya latif 
tuyuldi. Humoyun Gaurda davlat ishlarini izga solib, yangi bog‘larning tarxini chizdirdi, 
shaharning eng xushhavo joylariga ko‘chatlar ekdirdi, kayfi chog‘ paytlarda gaurga 
«Jannatobod» degan nom berdi. Lekin sal o‘tmay Agradan kelgan shum xabarlar 
Humoyunni do‘zax azobiga sola boshladi. 
Humoyundan arazlab ketgan Zohidbek, shayxulislom Said Xalil va boshqa fitnachi beklar 
bilan Agrada til biriktirib, Hindol mirzoning qanoti ostiga kiradi-yu, Humoyun poytaxtga 
hokim tayinlab kelgan Amir Bahlulni o‘ldirishadi. Ular o‘n sakkiz yoshli Hindol mirzoni 
Agra taxtiga chiqarmoqchi bo‘ladilar. Bu gapdan Laxo‘rdagi Komron mirzo xabar topib, 
darhol Agraga qo‘shin tortib keladi. «Men turganda sen taxt da’vosini qilma!» deb 
ukasiga do‘q uradi. 
Hali Humoyun tirik paytda ukalari Agrani talashishgacha borib yetgani Humoyunga 
vaziyatning naqadar og‘irlashganini, Gaurda to‘qqiz oy turib qolgani katta bir xatolik 
bo‘lganini ko‘rsatdi. U askarining ozroq bir qismini Bangola himoyasi uchun qoldirdida, 
asosiy qo‘shin bilan Ganganing shimoliy qirg‘og‘i bo‘ylab Agraga yo‘l oldi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
33
Orada Patna va Banoras bor. Agragacha qirq kunlik yo‘l. Sherxon ishg‘ol qilgan Roxtas 
qal’asi daryodan ancha  uzoqdagi tog‘larda edi. Humoyun Agraga shoshilinch 
qaytayotganidan xabar topgan Sherxon tog‘dan tushib kelib, daryoning janub 
qirg‘og‘idan uni ta’qib etib bora boshladi. 
So‘nggi bir yil ichida kuchlar nisbati Sherxon foydasiga o‘zgargan, Humoyun chekinib 
borardi. Sherxon orqadan go‘yo pisib, hamla uchun payt poylab kelar edi. Humoyun 
Patnaga yetganda Agraga yuborgan chopari qaytib keldi. Hindol mirzo hayajonli maktub 
yozib: «Hazrat og‘ajon, mening haqimdagi yomon ovozalarga zinhor inonmang, — 
debdi. — Iningizning barcha harakatlari sizning Agradagi hokimiyatingizni saqlab 
qolishga qaratilgandir. Ko‘rnamak Amir Bahlul poraxo‘r ekan. Sherxonning odamlaridan 
hamyon-hamyon oltin olib, sizning qurol-yarog‘laringizni g‘animingizga yashiriqcha sotar 
ekan. Biz aravadagi taxtalar tagiga yashirilgan sovutlarni, qalqonlarni, tig‘larni topib 
oldik, Amir Bahlul aybi ochilganidan qo‘rqib Sherxon tomonga qochib ketayotganda o‘q 
tegib o‘ldi. Men Agrada ekanmen, og‘amiz Komron mirzo ham sizning toj-u taxtingizga 
daxl qilolmagay. Tezroq yetib keling. Yo‘lingizga intizor sodiq iningiz Mirzo Hindol binni 
Bobur podishoh». 
Humoyun kimga ishonishini bilmay qoldi. Sherxonning o‘zi agradan shunday uzoqlarda 
yurganda nahotki uning maxfiy odamlari Amir Bahlulday badavlat kutvalni oltinga sotib 
ololgan bo‘lsa? Yoki fitnachilar Hindolni aldab, Amir Bahlulni yolg‘ondan poraxo‘r qilib 
ko‘rsatishganmi? Uzoqdan turib buni aniqlab bo‘lmas edi. 
Humoyun barcha odamlari bilan Chausa yaqinida Ganganing o‘ng qirg‘og‘iga o‘tguncha 
Sherxon askarlari qorasini ko‘rsatmadi. Humoyun Karamnasa va Ganga oralig‘idagi 
tepaliklarni qarorgoh qilib, qo‘shinini joylashtirgandan keyingina janubi sharqdagi ochiq 
sahnda birdan Sherxonning qo‘shini paydo bo‘ldi. Bu orada yomg‘ir fasli boshlanib, 
daryolarda suv ko‘payib ketdi. Endi uch tomondagi daryolar halqasidan osonlikcha chiqib 
ketib bo‘lmaydi, to‘rtinchi tomonini esa yov lashkari bekitib oldi. Humoyun odamlarini 
hayot-mamot jangiga shaylab, eng sara askarlarini, harbiy fillarini Sherxon turgan 
tomonga joylashtirdi va uning hujumini kutdi. Shu vaqtgacha mudom Humoyun 
hujumda edi. Endi u hujum qilish navbatini sherxonga bergandek bo‘lib bir hafta kutdi, 
bir oy, bir yarim oy kutdi. Ammo Sherxon hujum qilmadi. Chunki vaqt Sherxonning 
foydasiga ishlamoqda edi. Humoyun qarorgohida o‘n mingdan ortiq odamlarni va 
ulardan ikki barobar ko‘p ot-ulovni boqish uchun g‘amlangan zaxiralar tugab bormoqda. 
Daryolar zaxidan va yomg‘ir faslining rutubatidan kasalga uchrab safdan chiqayotgan 
navkarlar soni esa tobora ko‘payib ketyapti. Atrofdan keladigan yordamning yo‘lini 
toshqin daryolar va Sherxon qo‘shini to‘sib turibdi. 
Sherxon ikki oy deganda ham hujumga o‘tmagach, Humoyun oraga odam qo‘yib: 
«Bizdan ne tilagi bor, aytsin», dedi. Sherxon o‘tgan kuni Humoyun qarorgohiga o‘z 
elchisini yuborib, undan Chunor qal’asini va Bixar viloyatini so‘radi. Bixar hozir himoyasiz 
qolgan, Humoyun o‘z qo‘shinini Agraga olib ketgach, bu viloyatni Sherxon yana ishg‘ol 
qilishi shubhasiz. Ammo sharqiy viloyatlarnnig qulf-kaliti bo‘lgan Chunorni Sherxonga 
jangsiz topshirishni o‘ylaganda Humoyunning butun vujudi zirqirab ketdi. Axir bu qal’ani 
olguncha olti oy jang qilib, ozmuncha talafot berildimi? 
Humoyun Sherxon elchisiga aniq javob bermadi, o‘ylashib, kengashib, undan so‘ng o‘z 
qarorini maxsus odamlar orqali ma’lum qiladigan bo‘ldi. Kechagi mashvaratda ko‘pchilik 
beklar Chunorni Sherxonga qaytarib berishga qarshi chiqdilar. Shuncha azob tortib 
qo‘lga kiritgan eng muhim joylari Chunor bo‘lsa-yu, uni ham Sherxonga jangsiz topshirib 
ketsalar, Agraga qaysi yuz bilan qaytishadi? Odamlar ularning ustidan kulishmaydimi? 
— Nodonlar kulgisiga e’tibor bermasligimiz kerak, janoblar! — dedi Bayramxon. — Hozir 
vaziyat bizdan qurbon talab qilmoqda. Biz mana bu daryolar sirtmog‘idan eson-omon 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
34
chiqib, Agraga qaytsak, u yerdagi ixtiloflar bartaraf bo‘lsa, keyin Chunorni yana qaytarib 
olishimiz hech gap emas! 
Humoyun Bayramxonning bu fikriga qo‘shilmadi, ko‘pchilik beklar podshoning tarafini 
oldi. 
Biroq hozir sharillab quyayotgan yomg‘ir tagida, dovul ko‘tarib ketgudek bo‘layotgan 
chodirda uyqusizlikdan qiynalib, goh u yonboshiga, goh bu yonboshiga ag‘darilar ekan, 
Bayramxon bilan ertalab yana bir gaplashgisi keldi. 
Azon palla podshoning xirgohiga chaqirilgan Bayramxon eshik oldida ta’zim qilib 
yukundi. Humoyun unga o‘ng yonidan joy ko‘rsatdi. Bayramxonning o‘siq qora soqoli va 
bug‘doyrang yuziga tikilib: 
— Bugun tuni bilan uxlay olmay to‘lg‘onib chiqdim, — dedi. — Yomon tushlar... Siz 
aytgan qurbonlik... Chunor... bag‘rimdan bir parcha etni yulib olib g‘animga bergandek 
og‘ir... Mabodo biz Chunorni topshirsak, Sherxon qanoat qilarmikin? Bangola bilan 
Gaurni tinch qo‘yarmikin? Agar shu haqda bitim tuzsak, Sherxon so‘zida turarmikin? 
— Hazratim, — dedi Bayramxon. — Agar faqirga vakolat bersangiz, Sherxonning oldiga 
Qur’onni qo‘yib so‘z olmog‘im mumkin. Axir u ham musulmon-ku! 
— Sherxon Bangolaga tegmasa, mayli, Chunorni beraylik. Bizdan vakil bo‘lib boring. 
Humoyun o‘z qarorgohidagi eng nufuzli ulamolardan bo‘lgan va Sherxon bir vaqtlar 
nazr-niyozlar berib, fotihasini olgan Xo‘ja Husaynni Bayramxonning yoniga qo‘shib 
elchilikka yubordi. 
 
___________ 
* Sherxon Sur nomi «Boburnoma»ning 1527—1528-yilgi voqealarida ikki qayta qalamga olingan. 
* B i r  m a n — 800 gramm, 150 man esa 120 kilogramm. 7 man marvarid — 5 kilo-yu 600 gramm bo‘ladi

* * * 
 
Tushga yaqin yomg‘ir tindi-yu, bulutlar orasidan ko‘m-ko‘k osmon va issiq yoz oftobi 
ko‘rindi. Ganga hali ham uzoqlarda yog‘ayotgan jala suvlariga to‘lib, loyqalanib 
oqayotgan bo‘lsa-da, yer asta-sekin quriy boshladi. 
Bayramxon Ganga janubidagi keng tekislik orqali sherxonning qarorgohi tomon otliq 
borar ekan, yomg‘irdan keyingi havoda bo‘liq o‘t-o‘lanlar va rang-barang dala gullari 
qanchalik qulf urib, yashnab turganini, osmon to‘la qushlar naqadar yayrab ucha-
yotganini ko‘rdi-yu, o‘zicha bir xo‘rsinib oldi. Hind yeri yoz issiqlariga qo‘shilib keladigan 
iliq yomg‘irlarga to‘yib, hamma tirik jonni, barcha giyohlarni birvarakayiga uyg‘otadigan 
va juda tez rivojga kiritadigan mana shu pashkol* faslida Bayramxon uydami, bog‘dami 
tinchgina o‘ltirib kitob o‘qishni yoki she’r yozishni qo‘msaydi. Hind elining azaliy odati 
bejiz emaski, yomg‘ir faslida sayohatga chiqilmaydi. Chunki odam ham, ot-ulov ham bu 
faslda qayoqqa qadam qo‘ymasin, rivojga kirgan birorta tirik jonni yoki giyohni bosib 
oladi. Tirik jonni bosib, nobud qilgan odamning haji qanday qabul bo‘lsin? o‘n minglab 
qo‘shin bilan harbiy yurishga chiqqan sarkardalarning shunday faslda urush boshlashini 
qanday baholash mumkin? Sherxon ham ko‘p kitob o‘qigan bilimli odam, Bayramxon 
unga tug‘ilib o‘sgan mamlakatining pashkol fasliga oid udumlarini albatta eslatadi, hozir 
urushadigan payt emasligini, sulh tuzilishi kerakligini boshqa dalillar bilan ham isbot 
etadi... 
Minglab chodirlar tikilgan keng tekislikda Sherxonning hashamatli shomiyonasi uchun 
baland bir tepalik tanlangan ekan. Bayramxon va Xo‘ja Husayn qarorgoh chetida 
otlaridan tushdilar, maxsus mulozim ularni Sherxonning shomiyonasiga ancha beridan 
piyoda boshlab bordi. Bayramxon ichkariga kiraverishda barvasta va xushqomat soqchi 
yigitlarni ko‘rdi. Chodirning sirti yomg‘ir o‘tkazmaydigan pishiq qizil movutdan tikilgan, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
35
ichi esa sidirg‘a sariq atlasdan qavilgan edi. Sherxon shomiyona to‘ridagi baland 
shahnishinda chordana qurib sokin o‘ltiribdi. Kiyimlari bezaksiz odmi ipakdan, kichkina 
sallasiga ham gavhar yoki boshqa toshlar qadalmagan, ammo burgutnikiga o‘xshash 
ko‘z qarashlari va mag‘rur o‘ltirishi Bayramxonda hayiqishga o‘xshagan bir tuyg‘u 
uyg‘otdi. Bayramxon unga ta’zim qilib, Humoyunning muhri bosilgan maktubni topshirdi. 
Sherxon maktubni o‘qib bo‘lguncha elchilar uning ishorasi bilan pastdagi kimxob 
ko‘rpachalarga cho‘kka tushib o‘ltirdilar. Sherxon o‘ltirgan shahnishin bir gazcha 
balandda edi. U Bayramxonga yuqoridan turib kinoyali so‘z qotdi: 
— Podshoyingiz Chunor evaziga Bangolani talab qilmoqda-ku! 
— Davlatpanoh, — dedi Bayramxon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yarkan. — Bangola to‘qqiz yildan 
beri Humoyun hazratlarining qalamravidadir. 
— Ammo bizning afg‘on qavmlarimiz Bangolada yuz yillardan beri yashab kelmoqda. 
Ular bizga qarindosh, ko‘plari bilan quda-anda bo‘lganmiz. Endi sizlarni deb orani 
uzaylikmi? 
— Davlatpanoh, qarindoshchilik, quda-andachilik bemalol davom etaversin. Faqat 
Bangolaga bu yilgidek qo‘shin tortilmasa, xazinalar talanmasa, qon to‘kilmasa bas... 
— Sizlar Chunorni olti oy qamal qilib ozmuncha qon to‘kdilaringizmi? Bangolada biz ana 
shuning qasdini oldik! 
— Biz butun qasoskorlik haqida emas, sulh haqida so‘zlashgani keldik, davlatpanoh. 
Ayniqsa,  hozir pashkol kunlarida faqat inson emas, butun tabiat ham urushsiz tinch 
yashamoqqa alohida bir ehtiyoj sezadir. Siz ma’rifatli sarkardasiz, «Chunor berilsa sulh 
tuzgaymiz», deb odam yuborgan ekansiz. Shunga javoban Humoyun hazratlari bizni 
vakil qilib jo‘natdilar. 
Sherxon Humoyunning maktubiga yana bir ko‘z yugurtirdi-yu: 
— Behuda qon to‘kilishini biz ham istamaymiz! — dedi. — Chunor bizga berilsa 
podshohingiz qo‘ygan shart qabul qilingay. 
Bu gaplar davomida Xo‘ja Husayn qo‘ynidan uncha katta bo‘lmagan zarhal muqovali bir 
kitob oldi. Bu — mo‘jaz harflar bilan ko‘chirilgan Qur’on edi. Xo‘ja Husayn uni ko‘ziga 
surib o‘pdi-yu, o‘rnidan turib Sherxonga uzatdi: 
— Davlatpanoh, siz aytgan dono gaplarga mana shu Kalomi Alloh guvoh bo‘lsin, oling! 
Sherxon birdan sergaklandi: 
— Taqsir, siz bu... Qur’onni o‘rtaga qo‘yib, bizga qasam ichdirmoqchimisiz? — dedi. 
Sherxonning ko‘zlari tahdidli chaqnaganidan qo‘rqib ketgan Xo‘ja Husayn: 
— Zinhor bunday niyat xayolimizga kelgan emas, davlatpanoh! — dedi. — Sizga nek 
maqsad yo‘lida Qur’oni sharif madadkor bo‘lsin deb... savg‘o tarzida olib keldik. 
— Unday bo‘lsa biz savg‘oni qabul qilgaymiz! — Sherxon Qur’onni Xo‘janing qo‘lidan 
olib, naridan beri ko‘ziga surgan bo‘ldi-da, mulozimiga uzatdi: — Bu sharif kitobni 
bizning masjidimizga eltib, o‘ziga munosib mehrobga qo‘ying. 
Bundan keyingi muzokara Chunorning Sherxonga qay tartibda topshirilishi haqida ketdi. 
Humoyun qo‘shini Karamnasa daryosidan va Banorasdan nariga o‘tguncha Sherxon 
hozirgi qarorgohidan qo‘zg‘almay turishga so‘z berdi. Humoyun Chunorga chopar 
yuborib, undagi qo‘riqchi askarlarini va qurol-yarog‘larini chiqartirguncha bir hafta o‘tadi. 
Bu muhlat tugagandan keyin Sherxon borib qal’ani egallaydi. Humoyun va Sherxon 
minba’d bir-birlari bilan tinch-totuv yashash haqidagi bitimga Chunorda imzo qo‘yadilar. 
Bayramxon muzokarani tugatib ketayotganda: 
— Davlatpanoh, siz-u biz yer-u osmon guvohligida sulh tuzib, unga sodiq qolish 
majburiyatini oldik,— dedi. — Podshohimiz huzuriga shu xulosa bilan qaytsak rozimisiz? 
Sherxonning ko‘zlari Bayramxonga «sen kim bo‘libsenki, mendan sodiqlik talab 
qilursen?» — degandek sovuq istehzo bilan tikildi, ammo uning istar-istamas jilmaygan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
36
lablaridan: 
— Xulosangiz ma’qul, — degan so‘zlar eshitildi. 
 
___________ 
* P a sh k o l — yomg‘ir fasli.
 
* * * 
 
Elchilar ketgach, Sherxon kecha Agradan kelgan Alvaro Pakavirani o‘z huzuriga 
chaqirtirdi. Pakavira yo‘llarda Humoyun qo‘ygan odamlarning qo‘liga tushib qolmaslik 
uchun, hind savdogari kiyimida kelgan edi. Sherxon uni shahnishindan tushib qarshi 
oldi, o‘ziga yaqin o‘tqazib past tovush bilan so‘radi: 
— Agradan Humoyunga yordam kelmasligi aniqmi? 
— Aniq, davlatpanoh. Komron sizga qarshi chiqmagay. U akasining siz bilan jang qilib 
mag‘lub bo‘lishini kutmoqda. Shundan so‘ng u toj-u taxtni egallash umidida. 
— Bu bizga ma’lum. Hindol-chi? 
— Bunisi Humoyunga sadoqat saqlamoqchi ekan. 
Ammo siz yuborgan maxfiy maktub yordamida biz uning sadoqatini adovatga 
aylantirdik. 
— Qanday qilib? — ishonqiramay so‘radi Sherxon. 
Shundan keyin Pakavira voqeaning tafsilotlarini so‘zlay boshladi. Humoyun Agraga 
kutval qilib tayinlagan Amir Bahlul poraga sotilmaydigan, podshoga sadoqat bilan xizmat 
qiladigan vijdonli odam edi. Sherxonning Agradagi xufiyalari masjidi jomeda Said Xalil 
bilan aloqa o‘rnatib, Bahlulni qanday daf qilishning rejasini tuzdilar. 
Bahlul ham asli hindistonlik afg‘onlardan, Sherxon uni taniydi. Lekin Bahlul afg‘on ulusini 
atrofiga to‘playotgan Sherxonga yon bosmasdan, Humoyunga sodiq xizmat qilib yuribdi. 
Buning uchun Sherxon uni tuhmatga qoldirib yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Sherxon yuborgan 
maxfiy odam Amir Bahlulning nomiga yozilgan maktub keltirgan edi. Sherxon o‘z qo‘li 
bilan imzo chekkan va muhrini bosgan bu maktubda Amir bahlulga o‘tgan oyda Ganga 
bo‘yiga yuborgan qurolyarog‘lari uchun minnatdorchilik bildirilgan, juda ko‘p yigitlar 
Humoyundan aynab, Sherxonga kelib qo‘shilayotgani aytilgan, shuning uchun sovut-
qalqonlardan va qurol-yarog‘lardan iloji boricha mo‘l yuborilishi iltimos qilingan edi. 
Sherxonning maktubi ishonarli bo‘lishi uchun uni oddiy harflar bilan emas, ilmi 
siyohdan* xabardor odamlargina tushunadigan maxfiy belgilar bilan bitishgan edi. 
Farangistonda bunday o‘ta nozik ishlarni ko‘p qilib tajriba orttirgan Alvaro Pakavira 
Sherxon maktubini Amir Bahlulning ishongan mulozimlaridan birining cho‘ntagiga 
yashiriqcha soldiradi. Kechasi bu mulozim Amir Bahlul huzuriga tungi soqchilikka 
ketayotgan paytda Said Xalilning odamlari uni Hindolga tutib beradilar. Ayni vaqtda Amir 
Bahlulning ruxsati bilan sharqqa taxta ortib ketayotgan aravalarga Sherxonning 
xufiyalari bir talay qilich-qalqon va nayzalarni yashirib qo‘ydilar. Haligi mulozim Hindol 
mirzoga tutib berilgan soatlarda bu aravalar ham qo‘lga tushiriladi. 
Bahlulga uning mulozimi kechasi olib borayotgan Sherxon maktubi ilmi siyoh yordamida 
o‘qilgandan so‘ng Mirzo Hindol taxta tagiga yashirib olib ketilayotgan qurol-yarog‘ni ham 
ko‘rdi-yu, asli afg‘on bo‘lgan Amir Bahlulning xiyonat yo‘liga o‘tganiga ishondi. 
Yarim tunda Mirzo Hindol va Zohidbek o‘z navkarlari bilan Amir Bahlul uxlab yotgan 
hovlisiga bostirib bordilar. Unga Sherxon yozgan maktubni va taxta ortgan aravalar 
tagiga yashiringan qurollarni ko‘rsatdilar. 
Amir Bahlul bu qadar ustalik bilan to‘qilgan bo‘htondan qutulishning ilojini topolmadi. 
— Tuhmat balosidan meni faqat Humoyun hazratlari qutqargaylar! — dedi-yu, Agradan 
qochib chiqdi. Bu qochish ham Hindolning nazarida Bahlulning xoinligini isbot qilganday 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
37
bo‘ldi. U yuborgan quvg‘inchilar Bahlulni tungi otishmada o‘ldirdilar va boshini kesib 
qaytdilar... 
Bir zarba bilan ham Humoyunning eng sadoqatli kutvali mahv bo‘lgani, ham Hindol bilan 
akasining do‘stligi adovatga aylangani Sherxonga alohida zavq va mamnunlik baxsh 
etdi. U Alvaro Pakaviraga shukuhli nazar tashlab: 
— Balli, siz bizga yaxshi xizmat qilibsiz, — dedi.— Orzuyimiz amalga oshib, Hindistonda 
ulug‘ davlat tuzsak, sizga zo‘r inoyatlar qilgaymiz! 
Sherxon xazinachini chaqirtirdi. U tadbirkor xufiyalardan oltinni ayamas edi. 
— Janob Pakaviraga ikki man oltin mukofot berilsin! 
Pakavira quvonib ketdi: ikki man oltin — hazilakam boylik emas, bunga yangi bir kema 
sotib olish mumkin! U Sherxonga sidqidildan ta’zim qila-qila, orqasi bilan yurib chiqib 
ketdi. 
Sherxon shomiyonada yolg‘iz qolib, qo‘lini peshonasiga qo‘ygancha o‘yga toldi. 
Humoyunga Agradan yordam kelmasligi endi aniq. Sherxonga esa hatto uzoq 
Farangistondan kelgan Pakavira ham shunchalik ko‘mak berdi. Karamnasa daryosining 
kasofatidan qo‘rqqan kemachi va eshkakchi hindilarning besh-oltitasi tungi shamol-
to‘polonda Ganga orqali suzib kelib, Sherxon ixtiyoriga o‘tdi. Humoyunning ahvoli tang 
bo‘lgani uchun ham bugungi vakillarini yuborgan. Agar Sherxon lashkarboshilarini 
chaqirib, «Chunorni jangsiz ishg‘ol qilamiz, shu shart bilan sulh tuzdim» desa, ular 
albatta, xursand bo‘lishadi, lekin bu xursandchilik uzoq davom etmaydi. Humoyun 
ertaga Sherxonning sirtmog‘idan omon qutulsa, Agraga borib o‘zini tez o‘nglaydi. U 
kechirimli yigit, ukalari bilan yarashadi. Yuz amri issiq, Sherxonday xatarli yov 
qarshisida og‘a-inilar birlashishi mumkin. Boburiylar ittifoq bo‘lsa ularga hech kim bas 
kelolmasligini Sherxon Dalaxruada va Gujaratda Mahmudxon va Bahodirshohlarning 
mag‘lubiyatida ko‘rgan. Sherxonning shuncha vaqt chekinib, xazinasini tog‘dagi 
Roxtaslarga eltib bekitib yurgani yetar! Agar Sherxon boshiga yangidan balo orttirishni 
istamasa fursatni boy bermasligi va Humoyunni daryolar sirtmog‘idan tirik chiqarmasligi 
kerak! 
Sherxon o‘yinni shu tarzda yakunladi-yu lashkarboshilardan to‘rt kishini mashvaratga 
chaqirdi. Sherxonning o‘g‘illari Qutbxon bilan Jalolxon o‘ng tomonga o‘tirishdi. Rajputlar 
sarkardasi Bikramadit Gaur va Sherxonning lashkarboshisi Havasxon chap tomondan joy 
olishdi. Sherxon shomiyonadagi mulozimlarni chiqarib yuborib, eshikning pardasini 
tushirtirdi. Qandilda lipillab turgan shamlarning yorug‘ida o‘g‘illari va sarkardalariga bir-
bir qarab oldi-da: 
— Mening dunyoda eng ishongan odamlarim — to‘rtovlaring senlar, — dedi. — Biz 
vatanimizni kelgindilardan ozod qilib, mustaqil davlat tuzmoqchimiz. Bu orzu bizni roja 
Bikramadit Gaur bilan og‘a-ini qildi. Ulug‘ maqsad yo‘lida biz din-u millat ayirmaymiz. 
Chunki afg‘onlar ham rajputlar kabi asli ariy qabilalaridan tarqalgan. Biz hammamiz 
Hindistonda tug‘ilib o‘sdik, ota-bobolarimizning qabri ham shu zaminda. Oldin kelgindilar 
zo‘r keldi, biz chekinib yurdik. Ammo bizning ham omadimiz keladigan paytni sabr-toqat 
bilan kutdik. O‘sha payt mana endi keldi! 
Dushmanning ahvoli tang. Chunorni bizga jangsiz berishga tayyor. Elchilar kelib sulh 
taklif qildi. Men ularni cho‘chitmaslik uchun sulhga rozi bo‘ldim. Humoyun bugundan 
kuch yig‘ishtirishga buyruq bergay. Endi bizning hujumimizni kutmagay, daryolardan 
tezroq o‘tib ketishga shoshilgay. 
— Dushmanni g‘aflatda qoldirib bosadigan payt kelibdi-ku! — dedi Havasxon. 
Qutbxon bu gapni yoqtirmay, Havasxonga o‘qrayib qaradi. U ikki yil Humoyun askarlari 
safida xizmat qilgan, uning tantiliklarini ko‘p ko‘rgan. 
— Sulhni harbiy hiylaga aylantirib bostirib borish... mardlikka kirarmikan? — dedi 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling