Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi 139 binoan, Humoyun bu qizni nikohiga olishdan oldin katta xotinlaridan rozilik olmog‘i kerak edi. Xo‘ja Muazzam Badaxshondan Kobulga kelib, jiyanidan rozilik so‘raganda Hamida o‘rtanib yig‘ladi: — Tog‘am bo‘laturib siz ham mening yuragimga tig‘ urgaymisiz? — Iloj qancha, jiyanjonim! Humoyun hazratlari yigit yoshidalar, hali ellikka kirganlari yo‘q. Bir yildan ortiq haramsiz yurmoq podsholar uchun mumkin bo‘lmagan hol. Zino yo‘liga kirmaslik uchun halol-u pokiza bir nikohga zarurat... — Biz bir umr halol-u pokiza yuribmiz-ku, mulla tog‘a? Nechun u kishi bir yilda zino yo‘liga kirgaylar? — Siz-u biz podsho emasmiz, begim, nechunligini bilolmasmiz. Shariat o‘zi to‘rt xotinga yo‘l berib qo‘ygan bo‘lsa ne iloj? Podshoni kuyov qilishga havasmandlar ko‘p. Ota- bobolardan qolgan udum... Balki hali Akbaringiz ham shundoq qilgay. Tojdorlarning azaliy odati shu bo‘lsa biz ne qilaylik, jiyanjon! Mening ham sizga dilim kuyib, ezilib yuribmen! — Menga qayishsangiz, borib ayting! Hali endi yigirma birga kirdim. Nahotki shu yoshda qari kampirga aylansam-u ustimga xotin olsalar? Men rizo emasmen! — Men... bunday gapni borib aytolmagaymen... Nazardan qolsam, keyin boshqa beklar meni tepkilab tashlagay. Chunki bizga dushmanlik maqomida bo‘lgan katta bir viloyatning hokimi endi sulh yo‘liga o‘tib, hazratimga qizini bermoqchi. Agar bu nikoh buzilsa, sulh ham yana urushga aylangay, qancha begunoh qonlar to‘kilgay. Nahotki siz tog‘oyingizning zabun bo‘lishini istaysiz? Yana urush bo‘lishini, behuda qonlar to‘kilishini istasangiz, mayli, rozi bo‘lmang! Hamida bonu Sind viloyatida Humoyunga qirq kungacha ro‘yxushlik bermay yurgan paytlarini esladi-yu: — O‘zimdan ham o‘tgan! — dedi. — O‘shanda ko‘nmasligim kerak edi. Ilkimni cho‘zsam, etagiga ham yetmasligini o‘shanda sezgan edim! — Ammo hali hazratimning sizga mehrlari cheksiz... — Mehrdan gapirmang! — deb Hamida tog‘asini jerkib tashladi. — Hammalaringiz birsiz! Boring ayting, uylanaversinlar! Ammo ikkinchi mening yonimga kelmasinlar! Bas! Humoyun o‘n yetti yoshli Badaxshon go‘zali Norchuchuk begimga uylanib, Kobulga qaytguncha Komron Sinddan o‘g‘rincha kelib shaharni oldi. Qamal dahshatlarida ikki yoshli qizalog‘i Jahon Sultondan ajralgan Hamida bonu keyin Humoyun xotinini ozod qilganda ham boshqalar qatori quvona olmadi. Chunki Humoyunning yonida yangi xotini Norchuchuk begim ham Kobulga kirib keldi, uni daryo bo‘yidagi Bog‘i Binafshaga joylashtirdilar. Bir yil o‘tmay Norchuchuk begim Humoyunga o‘g‘il tug‘ib berdi, otini Muhammad Hakim qo‘yishdi. Shuni eshitgan kuni Hamida bonu Akbarni bag‘riga bosib ko‘ziga yosh oldi: — Bolajonim, xudo senga ham o‘gay ini berdi! Akbar onasining bundan nega iztirob chekayotganini tushunmadi: — Ini... yomonmi, ayajon? Men uni o‘ynatamen-ku. — Sen o‘ynatadigan ining Qandahor yo‘lida o‘lmaganda hozir to‘rt yashar bo‘lur edi! Amaking Komron esingda bormi? Seni arkda to‘pning o‘qiga ro‘baro‘ qilgani yodingdami? O‘gaylik ana shunday bo‘lur, bolam! O‘shanda Komron mirzo uni qanday shafqatsiz o‘limning tig‘iga to‘g‘rilab qo‘yganini bola hali ham onasi tushunganchalik fahmlagan emas, lekin baribir o‘sha damlar esiga tushsa, yaqindan ko‘rgan to‘plarining dahshat solib otilishi ko‘z oldiga keladi-yu, uni beixtiyor seskantirib yuboradi. Shu xotira ta’sirida bola Komron amakisini g‘ayrishuuriy bir tuyg‘u bilan yomon ko‘radi, uni uchratsa yotsirab, o‘zini olib qochadi... ...Satodan chiqayotgan mungli kuylar pastda shovullayotgan Kobul daryosining ovozini Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 140 bosib ketguday bo‘lar va bog‘ yo‘lkalariga, gullagan behi va olmalar orasiga sekin taralar edi. Hamida bonu Humoyunni hali ham yaxshi ko‘rar, uni sog‘inib yashar, mana shu sog‘inch hozir ma’yus va yorug‘ kuyga aylanib satoni yangratardi. Humoyun hukumat ishlari bilan band bo‘lganda o‘z davlatxonasiga yaqin bo‘lgan Bog‘i Dilkushoda tunab qoladi. Hamida bonu esa uni «yana Bog‘i Binafshaga, Norchuchuk begimning xobgohiga ketgan» deb iztirob chekadi. Kobulning Bog‘i Yo‘ng‘ichqasida Humoyunning katta xotini Beka begim o‘z yaqinlari bilan turadi. Hajdan qaytgandan beri Hoji begim nomini olgan bu taqvodor ayol Humoyunning nazaridan qolgan, Hamidaning unga rashki kelmaydi. Ammo Humoyun endi o‘n sakkizga kirgan Norchuchuk begimning oldida tunagan kunlari Hamida bonu O‘rta bog‘da tikanga ag‘anaganday qiynalib chiqadi. Shu ichki azob ta’sirida u goho Humoyundan arazlaydi. Odatda, Humoyun O‘rta boqqa kelib tunaydigan bo‘lsa kunduz odam yuborib xabar qiladi. Bog‘da shunga yarasha tayyorgarlik ko‘riladi. Bugun peshinda xuddi shunday xabar keldi. Hamida bonu Humoyunning diydoriga zor bo‘lsa ham, biroq uning o‘n kundan beri kelmaganiga, bu orada balki Norchuchuk begim xobgohida tunaganiga achchiq qilib, rad javobi berdi: — Hazratim meni ma’zur tutsinlar. Tobim yo‘q. Xizmatlarida bo‘lolmagaymen. Binafsha bog‘iga boraqolsinlar. Haram bekasi ul-bul deb, uni achchig‘idan tushirmoqchi bo‘ldi, lekin bir so‘zli Hamida aytgan gapida turib oldi. Hozir u Akbarga satoda chalib berayotgan mungli kuyda mana shu arazning dardi ham goh nola, goh girya shakliga kirib yangramoqda edi. Kutilmaganda O‘rta boqqa kirib kelgan Humoyun xizmatkorlarni sarosimaga solib qo‘ydi. Ular ikkinchi oshiyonda sato chalayotgan Hamida bonuni chaqirib tushmoqchi bo‘ldilar. Lekin Humoyun ruxsat bermadi: — Bezovta qilmanglar, o‘zim chiqgaymen, — dedi va kuy ovozi kelayotgan tillakori boloxonoga sekin ko‘tarildi. Eshik ochiq qolgan edi. Humoyun qadamini sekin bosib bo‘sag‘aga kelganda ichkarida banoras ko‘rpacha ustida yuzma-yuz o‘ltirgan ona-bola unga yon tomondan ko‘rindi. Ular kuyga mahliyo bo‘lib, eshik oldida to‘xtagan Humoyunning sharpasini payqamadilar. Hamidaning boshida havorang durra, ikki o‘rim uzun sochlarining uchi ko‘rpacha ustiga to‘shalib yotibdi. O‘ng qo‘lidagi kamon munojot kuyiga monand nafis harakatlar qiladi. Chap qo‘lining barmoqlari pardalarni mohirona bosadi. Endi yigirma ikki yoshga kirgan va husn-u jamoli yetilib, tengsiz bir go‘zalga aylangan Hamidaning yuzlarida Humoyun haligacha ko‘rmagan sog‘inch, qo‘msash, o‘ksinish mungi. Qarshisidagi Akbar goh onasining yuziga, goh uning qo‘llariga qaraydi, go‘zal kuy bolani sehrlaydi! Ammo onasining g‘amgin ko‘rinishi bolani ham beixtiyor ma’yuslantiradi. Hamida shu mungli kuy bilan yuragini bo‘shatganday bo‘ldi. Munojotni chalib tugatgach, Akbarga: — Endi bas-a? — dedi. Shu payt Humoyun: — Ijozat bering, begim, — dedi. — Betobligingizni eshitib ko‘rgani keldim... Ona-bola o‘rinlaridan tez turib, odatdagiday Humoyunga ta’zim qildilar. Besh-olti kundan beri otasini ko‘rmagan Akbar unga qarab talpindi. Humoyun cho‘k tushib, bo‘yini o‘g‘li barobarli past qildi-da, unga quchoq ochdi. Akbar chopib borib, otasining bag‘riga otildi. Achomlashganlaridan so‘ng Humoyun qaddini rostladi-da, ovoziga rasmiyroq tus berdi: — Amirzoda, — dedi o‘g‘liga, — mavlono Asomiddin sizga xat-savod o‘rgatmoqchi bo‘lsa, rasm chizib o‘ltirar emishsiz. Akbar besh yoshga yetar-yetmas muallimlar unga saboq bera boshlagan, arab Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 141 alifbosining murakkab qoidalari bolani qiynar, u erkalik qilib, ko‘p darslardan qochib ketar va ko‘kaldoshlari bilan urush-urush o‘ynardi. Kobulning eng taniqli mudarrisi mavlono Asomiddin kamoli jiddiyat bilan unga harf o‘rgatar: — Mana bu «mim», bu esa «nun», orasiga «yoy» qo‘yib yozsak, «men» bo‘lur, — desa Akbar bu harflardan qush yo boshqa biron jonvorning rasmini yasar, nuqtalarini ko‘zga, zabarlari*ni qoshga aylantirib yuborar edi. Hozir u otasiga rostini aytdi: — Menga mudarris emas... anu... surat chizadigan... Qazvindan kelgan mulla amak... saboq bersa bas-da. Humoyun Qazvin Nigorxonasida qilingan ahdga binoan, Behzodning shogirdlari Xo‘ja Abdusamad va Mirsaid Ali ikkovi uchun shoh Tahmaspga katta mablag‘ to‘lab, maxsus odamlar vositasida musavvirlarni Kobulga ko‘chirtirib keltirgan edi... Hozir Mirsaid Ali Humoyun kutubxonasining kitobdori qilib tayinlangan. Xo‘ja Abdusamad esa olti yashar Akbarga musavvirlikdan ilk saboqlar bermoqda edi. — Amirzodamda tug‘ma bir iste’dod bor, — degan edi kecha Xo‘ja Abdusamad Humoyunga. — Ranglarni yaxshi his qilurlar. Mutanosiblik tuyg‘usi kuchli. Binolar-u daraxtlar rasmini yaxshiroq chizurlar. Ehtimolki, musavvirlikdan ham ko‘ra me’morlikka ko‘proq salohiyat namoyon qilurlar. Ammo me’morlik iste’dodini kamolga yetkizish uchun ham xat-savodli bo‘lmoqlari, ko‘p kitoblar mutolaa qilmoqlari zarur. Humoyun, hozir bu gaplarni Akbarning qulog‘iga yaxshilab quydi-da, minba’d xat- savodga zo‘r berish haqida undan so‘z oldi, so‘ng ko‘kaldoshlari oldiga qaytishga ruxsat berdi. Hamida bonu Humoyunning kelishiga odatdagidek tayyorgarlik ko‘rolmaganidan xijolat bo‘lib: — ma’zur tuting, — dedi. — Kutmagan edik... Uning tani sog‘ ekanini, faqat araz qilib «betobmen» deganini payqagan Humoyun bir oz tovushi olinib, o‘pkalab gapirdi: — Diydor ham g‘animat, Hamida. Men qirqdan oshdim, yana shuncha umr ko‘rishim gumon. Ko‘pi ketib ozi qoldi. — Ne qilay? Men yoshligimda so‘lib bormoqdamen! Tanim sog‘ bo‘lsa-da, ko‘nglim o‘ksik, ruhim pajmurda... Hamidaning ko‘zlarida yosh g‘iltillaganini ko‘rgan Humoyun uning oldida hamon gunohkor ekanini eslab o‘ng‘aysizlandi: — Osiy banda ekanmiz, bobolar an’anasi-yu davlat manfaatlariga bo‘ysunib qilgan gunohimni kechiring, Hamida bonu! — O‘g‘il ko‘ribsiz, muborak bo‘lsin... Humoyunning Norchuchuk begimdan ko‘rgan o‘g‘li Hamida bonuga quvonch emas, alam keltirganini uning ovozidan sezgan Humoyun: — Shoyadki, bu o‘g‘il sizga ham farzandlik qilsa,— dedi. — Hindol Dildor og‘achadan tug‘ilganda mening xudo rahmati onam uni mana shu bog‘da o‘z farzandidek tarbiya qilgan edi. — Endi men ham shundoq qilmog‘im kerakmi? — Yo‘q, nechun? Siz hali yoshsiz, yana qancha o‘g‘illar ko‘rmog‘ingiz mumkin. Men... sizga... tanadan kor‘a ruh oliyroq ekanini aytmoqchi edim. Bu besh kunlik o‘tkinchi dunyoda eng yuksak sadoqatning makoni ham ruhdir. O‘lsak qurtlarga yem bo‘laturgan tanamiz tirikligida bizni nafs-u tama balolariga giriftor qilur ekan. Mening yoshimda odam jismoniy yaqinlikdan ko‘ra ma’naviy yaqinlikning beqiyos darajada afzal bo‘lishini fahmlar ekan. Men inilar tashvishidan forig‘ bo‘ldim-u ruhimni bir yayratgim keldi. Shunda dilim sizga qarab talpindi... Sind bo‘ylari, Tar sahrosi, Qandahor-u Qazvin — shuncha yo‘llarni birga bosib o‘tdik, Hamida. Siz yonimda bo‘lmasangiz, o‘sha Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 142 dahshatlarga men bardosh berolmas edim. Bunday betakror davr kishining hayotida faqat bir marta bo‘lg‘ay. Nahotki shunday muhabbatni unutib bo‘lsa? Faqat tanam yoki ko‘nglim emas, butun ruhim, bor ma’naviy olamim bu dunyoda sizdan yaqinroq, sizdan suyukliroq yor topgani yo‘q, Hamida, ishoning!.. Humoyunning bu gaplaridangina emas, ikkovi birga o‘tkazgan unutilmas kunlar xotirasidan ham dili xiyol yorishgan Hamida kulumsirab hazil qildi: — Balki kelgusida suyukliroq yor yana uchrab qolar, hazratim? — Suyukliroq deb, yana qayta o‘zingizni uchratsakchi? — Koshki! — deb kuldi Hamida. Shu bilan arazlar unutildi-yu, Hamida bonu Humoyunni ichki xonaga taklif qildi. Alohida did bilan yasatilgan bu tanobiy uyga avval sharbatchi oltin ko‘zachada gulob keltirdi. Keyin bovurchilar bor san’atlarini ishga solib ikki kishilik quyuq-quyuq ziyofat tayyorlashga kirishdi. Oftobachi ayol g‘uslxonaga iliq suv olib o‘tdi. Ko‘p o‘tmay sozandalar ham paydo bo‘ldi, sho‘x, quvnoq kuylar yangray boshladi. Butun bog‘ to‘yxonaga aylanganday serharakat, quvnoq tus oldi. Bu holat bog‘ yo‘lkalarida ko‘kaldoshlari bilan chopib yurgan Akbarga ham ta’sir qildi. — «Yor-yor» o‘ynaymiz! — dedi u. —Kelin yo‘q-ku. Charchamanlar orasida besh yoshli Salima Sulton begim ko‘rindi. Uning otasi mirzo Nuriddin jangda halok bo‘lgan, onasi Gulrang begim bultur xasba*dan vafot etgan, shundan so‘ng uni Hamida bonu o‘z tarbiyasiga olgan edi. Salimaning murabbiyasi ichkarida ish bilan band. Akbar ikki ko‘kaldoshi bilan qizchaning oldiga keldi. — Biz bilan o‘ynaysenmi? — so‘radi Akbar. O‘g‘il bolalar ilgari uni ko‘pda o‘yinlariga qo‘shishmas edi.Bugun qanday bo‘lib birga o‘ynagani taklif qilganlaridan quvongan Salima old tishlari tushib, kemshik bo‘lib qolgan og‘zini qiya ochib kulumsiradi: — Mayli. Ne o‘yin? — Oq ro‘moling bormi? — so‘radi Akbar. — Bor. — Boshingga yopib chiq. Salima o‘zidan yarim yosh katta bo‘lgan Akbarning qarshisida allanechuk yuvosh, itoatkor bo‘lib qolardi. Uning aytganini qilib, ichkaridan oq ro‘mol yopinib chiqdi. Shunda Akbar: — Kelin-kuyov o‘ynaymiz, — yedi. — salima, sen kelin. Kuyov kim bo‘lsin? Adhammi? Salima bosh chayqadi. Akbar Azizni ko‘rsatgan edi, qizcha yana bosh chayqadi. Shunda Aziz: — Akbarmi? — deb so‘radi. Salima ohunikiday chiroyli ko‘zlarini yerga qaratib sukut saqladi. Bu uning rozi bo‘lgani edi. Aziz behi gulining kichik bir shoxchasini sindirib, Akbarning bejirim sallachasiga jig‘a qilib qadadi. Kelin-kuyov yonma-yon yerga qarab bog‘ yo‘lkasidan kela boshlashdi. Ikki ko‘kaldosh ularning ikki yonida turib yor-yor aytishdi: Kelin keldi, yor-yor-ey, kelin keldi! Kuyov keldi, yor-yor-ey, kuyov keldi! Bolachalar boshqa yor-yorni bilmaganlari uchun nuqul shu ikki gapni takrorlashardi. Ko‘shkning yuqori qavatida visol zavqidan boshqa hamma narsani unutgan Humoyun va Hamida bonu bolalarning bu o‘yinidan bexabar. Lekin ular bugun yana yangidan kelin- Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 143 kuyov bo‘layotganday shod-xurram. Dasturxonga ketma-ket ovqat tashiyotgan tovoqchi* tashqarida bolalarning yor-yoriga quloq solib turgan sharbatchini ko‘rdi-yu, unga ma’nodor ko‘z qisib qo‘ydi. Ma’sum ovoz bilan o‘yin qilib aytilayotgan «yo-yor» Akbar va Salimadan ham ko‘ra, ikkinchi qavatdagi haqiqiy kelin-kuyovlarga mos tushayotganini bolalarning o‘zlari payqamasdi, ammo tovoqchi va sharbatchilar buni sezganlari sari zavq qilib kulishardi. ____________ * Turkiy tilda markaz ma’nosida ishlatiladigan «O‘rda» so‘zi ham aslida «O‘rta» demakdir. * Z a b a r — arab harfining ustiga qo‘yiladigan uzunchoq belgi. * X a s b a — ichterlama. * T o v o q ch i — podsho saroyidagi kichik lavozim. * * * Kulgilar ketidan kelgan musibatli yig‘ilar Qorachaxonning Komron mirzoga olib borgan shum xabari bilan boshlandi. — Humoyun mirzo Balx yaqinida shayboniyzodalar bilan jang qilib yurib halok bo‘ldilar!.. Qorachaxon Humoyunning qonga bo‘yalgan shohona jubbasini inisiga ko‘rsatdi. Humoyunni Balx yurishiga Aliqulixon va Bahodirxonlar ko‘ndirgan edilar. Qandahorni olishda Humoyunga katta yordam bergan bu o‘zbek sultonlari endi uning yordamida Buxoro va Samarqandga qaytmoqchi edilar. Balx olinsa Movarounnahrga yo‘l ochilgan bo‘lardi. — Xayriyat, bu muhorabaga biz qatnashmagan ekanmiz, — dedi Komron. — Endi pushtipanohimiz o‘zingizsiz, — dedi Qorachaxon. — Kobulni tezroq egallamog‘ingiz kerak! Mirzo Komron shoshilinch ravishda Ko‘lobdan Kobulga jo‘nadi, yo‘lakay Toliqondagi inisi Askariyni yoniga qo‘shib oldi. Humoyun Kobul qal’asiga Qosim barlos degan ishonchli odamini hokim qilib ketgan edi. Qosim barlos qonli jubbani ko‘rgach: — Balki hazratim faqat yarador bo‘lgandirlar, hali sog‘ayib kelib qolarlar! — dedi. — O‘g‘illari mirzo Akbarni valiahd tayin etganlar. Kobul ixtiyorini boshqa hech kimga bermagaymiz! Komron mirzoning qahri keldi. Qorachaxon ham Qosim barlosni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Kobulga katta qo‘shin bilan kirgan Komron mirzo Qosim barlosni tuttirib, o‘limga hukm qildi. Qosimbekning xotini adolat talab qilib arkka kelgan edi, Qorachaxon uni bozorga olib borishni va xaloyiqning ko‘zi oldida benomus qiishni buyurdi. Benomuslikdan o‘limni afzal ko‘rgan go‘zal juvon yo‘lda Kobul daryosining baland ko‘prigidan o‘zini suvga otib halok bo‘ldi. Qorachaxon Qosim barlosning o‘zini xaloyiqning ko‘zi oldida pora-pora qilib qatl ettirdi. Buning hammasini sakkiz yoshli Akbar ham ko‘rgan, ko‘zlarida dahshat qotib qolganday, arkda bir nuqtaga tikilib jim o‘ltirar edi. Komron mirzo unga otasining qonli jubbasini ko‘rsatdi. — Hazratimni xudo rahmat qilsin, marosimlarini keyinroq o‘tkazgaymiz, — dedi. — Siz valiahdsiz, davlat ishini men sizning nomingizdan boshqargaymen. Hamida bonu turgan O‘rta bog‘ning atrofiga yuzdan ortiq qo‘riqchi qo‘yilgan, kirish- chiqish qat’iy nazorat ostida edi. Arkdagi Akbar ham hech yoqqa chiqarilmay xonaki hibsda saqlanar edi. Yana qaytadan shahar hokimi bo‘lib olgan Qorachaxon ko‘ngli tilaganicha aysh qilib bu gal uzoqroq davron surmoqchi edi. lekin oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Qunduz tomondan uchib chiqib, O‘rta Boqqa yetib qo‘ngan aloqachi kabutar Humoyunning maktubini olib keldi. Faqat Humoyun bilan Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 144 Hamida bonuga o‘rgangan bu kabutar begona odamga tutqich bermas edi. Hamida bonu ayvonga kelib qo‘ngan usti qizg‘ish, ko‘kragi oq bu jonivorni qo‘liga oldi-yu, uning qanoti ostiga naycha qilib berkitilgan kichkina maktubni topdi. Humoyun sog‘inchli salomlar aytgandan so‘ng, Balx etagida shayboniyzodalar bilan bo‘lgan jangda boshidan yarador bo‘lganini, hozir ancha sog‘ayib qolganini va tezda yetib kelajagini aytgan edi. «Komron mirzo bizga ko‘makka kelmoqchi edi, buning o‘rniga Kobulga borganmish, ahvol nechuk? Ushbu kabutar bilan tezda javob qaytaring», degandi. Hamida bonu «o‘ldiga» chiqqan Humoyunning tirik ekanidan suyunib yig‘ladi, maktubni o‘pdi. Kabutarning qanotlarini ko‘ziga surib, don-u suvi-ga qaradi. Kechasi o‘ltirib Humoyunga javob maktubi yozdi-da, ahvol nechog‘liq og‘irligini bayon qildi, «Sizdan o‘tinamen, bir ilojini topingki, biz yana qamalda qolmaylik, — dedi. — Shahar darvozalari kunduzlari ochiq. Nazarimda, Komron mirzo sizning halok bo‘lganingizga ishongan. Shuning uchun bildirmay kelsangiz, darvozani bekitishga ulgurmagay». Kabutar bu maktubni Qunduzga olib ketdi. Oradan o‘n besh kunlar o‘tgach, Humoyun yashiriqcha yuborgan odamlar bozorga kelgan dehqonlar kiyimida qal’a ichiga kirib olib, eng avval darvozani egalladilar. Qorachaxon bilan Komron mirzoga xabar yetib borguncha Humoyunning pistirmada turgan to‘rt ming askari shaharga bostirib kirdi. Sarosimada qolgan Komron va Askariy o‘z odamlari bilan boshqa darvozadan chiqib qochdilar. Humoyun inilarining ketidan odam yuborib: «Agar mening o‘limim haqidagi yolg‘on ovozaga ishonib Kobulga kelgan bo‘lsalaring qaytinglar, yarashaylik», degan taklifni aytdi. Ammo Qosim barlos va uning xotini uchun javob berish oson emas edi. Kobulda Komron va Qorachaxonning xundor dushmanlari hozir har qachongidan ham ko‘p. Shuning uchun Komron Mirzo qaytmadi. — Bir marta tavba-tazarru qilib ko‘rdik, endi bas!— dedi. Qorachaxon Humoyun elchisiga yanada qat’iyroq javob qildi: — Qaytib borib yer o‘pguncha, boshimiz darvozaxonaga osilgani afzal! Humoyun yuborgan elchi Kobulga qaytib bu gaplarni aytib berganda Hindol ham akasining yonida turgan edi. Birdan g‘azabi jo‘shib: — Hazratim, qorachaxonni bu niyatiga yetkazmoq kerak! — dedi. — Menga ijozat bering, o‘zim shu ablah bilan bir olishib ko‘ray! — Qorachaxon yolg‘iz emas, biz ham ko‘pchilik bo‘lib bormog‘imiz lozim! — dedi Humoyun. Og‘a-inilar Tangiho degan joyda to‘qnashdilar. Hindol mirzo zirhli kiyim kiyib, qilich yalang‘ochlab jangga kirdi. Qorachaxon bilan yuzma-yuz turib, uning bo‘ynini mo‘ljallab qilich sermayotganda ortdan Komronning bir navkari pusib keldi. Dubulg‘aning orqa zirhidan gardanga qaratib urilgan tig‘ Hindolni behush qildi. Uning qilichi qo‘lidan tushdi, o‘zi otdan yiqilayotganda Shamsiddin Muhammad yetib kelib, o‘ngarib oldi-da, jang maydonidan olib chiqdi. Bo‘yinning o‘q tomiri kesilgani uchun Hindol hushiga kelmay, jon berdi. Buni eshitgan Humoyun to‘pchi va to‘fangchilarning sarkardasi Sambxal-xonni chaqirib buyruq berdi: — Hindolning qotillariga shafqat yo‘q, ayamay oting! Oting!!! Komronning odamlari o‘q yomg‘iri ostida qoldilar. Bu o‘qlardan biri Qorachaxonni otdan yiqitdi. Komron qolgan-qutgan odamlari bilan jang maydonidan chiqib qochdi. Turdibekning odamlari Qorachaxonning boshini kesib Humoyunga ko‘rsatdilar. — Ablahning boshini o‘zi aytganiday qilib Kobulning darvozaxonasiga osinglar! — deb buyurdi Humoyun. Zolim bekning boshi besh kungacha darvozaxonada o‘tgan-ketganga tomosha bo‘lib osilib turdi. Lekin o‘z inisining o‘limiga sabab bo‘lgan Komron hali ham qochib yurar edi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 145 Shoirlar Hindol mirzoning o‘limini bir vaqtlar Hirotda bobosining farmoni bilan halok etilgan Mo‘min mirzoning o‘limiga qiyos qilib marsiyalar yozdilar. Keksa Dildor begim o‘ttiz ikki yoshli yolg‘iz o‘g‘li Hindol mirzoning jasadini quchoqlab faryod chekkanda, Kobul atrofidagi qorli tog‘lar ham titrab ketgandek bo‘ldi. Gulbadan begim onasining yonida turib nola qildi: — Og‘ajon, siz o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasmidi?! O‘g‘lim Saodatyorni sizga qurbon qilsam tirik qolarmidingiz, og‘ajonim?! Siz o‘lguncha ko‘rnamak Komronning o‘zi o‘lsa bo‘lmasmidi?! Beklar ham Komronning boshi kesilishini talab qila boshladilar. Lekin Kompron Sind daryosidan o‘tib, Hindistonga, Sherxonning o‘g‘li Islomshohning huzuriga qochib ketgan, faqat Askariy Tangihoda qo‘lga tushgan edi. Humoyun Askariy bilan yuz ko‘rishgisi kelmadi: — Qandahorda bir marta kechirgan edim, endi daf bo‘lsin, Askariyni hajga jo‘natinglar! — deb buyurdi. Komron haqida esa Hindistondan malo-matli xabarlar kela boshladi. U Islomshohga bag‘ishlab ruboiy yozgan edi. Islomshoh unga ming rupiyni sadaqaga o‘xshatib beribdi. — O‘z tug‘ishganlariga yaxshilik qilmagan, menga yaxshilik qilgaymi? — deb Komronni o‘ldirish haqida maxfiy buyruq beribdi. Buni payqab qolgan Komron Islomshoh saroyidan ham qochadi-yu, mamlakatning shimoli sharq chekkasidagi Bhiraga, bir vaqtlar otasi bilan hamkorlik qilgan Sulton Adhamning viloyatiga boradi. Sulton Adham esa Humoyunga yon bosib, maxsus odamini Kobulga yubordi. «Iningiz hozir mening asirim, istagan paytingizda tutib bergaymen, agar kelsangiz Bhira sizga peshkash, biz Islomshohni emas, Sizni haqiqiy podshoh deb tan olurmiz», deb maktub yozdi. Katta bir viloyat hokimining bu maktubi Hindistonga qaytish orzusida yurgan Humoyunga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuldi. Komron shu tentirashida oilalarining sha’niga isnod keltiradigan yana ko‘p ishlar qilishi mumkin, buning oldini olish ham katta akaning burchi edi. Beklar Komronning boshi kesilishini Humoyundan talab qilib chiqargan maxsus hukmga Turdibek, Munimxon, Shamsiddin Muhammad va boshqa yana o‘ng ikkita eng nufuzli amirlar imzo chekib, o‘z muhrlarini bosishgan edi. Humoyun bir og‘iz «xo‘p» desa, Bhiraga borib, Kompronning boshini kesib kelishga tayyor turgan qasoskorlar ko‘p edi. Lekin u Komronning she’rlarini unutolmas, shoir inisining qoniga zomin bo‘lsa bir umr vijdon azobida qolishini o‘ylar edi. Humoyun yana qat’iyatsizlik qilayotganini ko‘rgan Turdibek amirlar no-midan unga keskin gap aytdi: — Hazratim, Komron mirzoni bir emas, besh-o‘n marta kechirdingiz. Bundan faqat siz emas, bek-u navkarlar ham behisob zarar ko‘rdilar, davlat manfaatlari qurbon bo‘ldi! Agar tirik qo‘yib bersangiz, Komron mirzo biron kun o‘g‘rincha kelib, yana Kobulni olg‘ay, yana ko‘pimizning boshimizga rahmatli Qosim barlosning kunini solgay. Shuning uchun yo bizni deysiz-u Komronning bahridan o‘tgaysiz. Yo birodarlikni deysiz-u, bizga javob ber-gaysiz! Boshqa yo‘l qolmadi! Bayramxon Qandahorda qolgandan beri Turdibek yana Humoyunning eng sohibi ixtiyor amir al-umarosiga aylangan, uning so‘zini rad etish oson emas edi. * * * Humoyun besh ming qo‘shin bilan Haybar dovonidan oshib, Hind daryosidan o‘tdi-da, Bhira viloyatida bir vaqtlar Bobur barpo etgan Bog‘i safoga kelib tushdi. Unga peshvoz Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling