Humoyun va akbar
Download 1,29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi 132 Komron bilan bir uchrashishi, yuzma-yuz turib ochiq gaplashishi kerak edi. Faqat shundagina orani buzayotgan odamlarning ta’sirini qirqish va Komronni ularning asoratidan qutqarish mumkin edi. Qancha mushkul muammolarni yechgan Humon nahotki endi shu ishning uddasidan chiqolmasa? Nahotki o‘z inisining bergan ozorlarini unutishi, qilgan yomonliklarini ichiga yutib, u bilan bir marta yarashishi shu qadar qiyin bo‘lsa? Hamida begim Komronning nomini tilga olgisi kelmas, qamal oylarida dili yaralangan Akbar ham jajji singlisining qotili bilan otasining yarashishini istamas edi. «Komrondan endi umid yo‘q, yashirin odamlar yuborib, yasoqqa ketkazish kerak!» derdi Turdibek. Lekin Humoyun birodarkush bo‘lishni istamas, «rahmatli otam, «zinhor inilaringning qonini to‘kma!» deb vasiyat qilganlar» derdi. Hozir Askariy bilan Hindol Humoyunning yonida, endi faqat Komron tentirab yuribdi. Humoyun uning oldiga Hindolni yubordi. «Bas endi, kelsin, gunohlaridan kechay», dedi. Ammo Komronning yonidagi Bopusxon, «bormang, yashirincha qatl ettirgay», deb uni qo‘rqitdi. Komron yana yarashishdan bosh tortdi. Shundan keyin Humoyun Haram begimga maktub yozib, Komronni qurshovga olishda yordam berishni so‘radi. Haram begim o‘n ikki ming otliq qo‘shin yig‘di, o‘zi bu lashkarga bosh bo‘lib, Pomir tog‘ining janubiy etaklaridan Hindikush tog‘ining shimolidagi Ko‘talgacha olib keldi. Bu qo‘shinni Humoyunning ko‘magiga topshirdi-da, o‘zi yana badaxshonning zafar qal’asiga qaytib ketdi. Kelinlarining mardona ishi Komronni vahimaga solib qo‘ydi. Agar u Humoyun bilan endi ham yarashmasa tirik qutulib ketolmasligi aniq edi. Shundan keyin Komron Humoyun qarorgohiga odam yubordi: — Hindol kelsin, birga borgaymiz, — dedi. * * * Ilk bahor kunlarida Humoyun Hindikush tog‘ining janubiy etaklariga yuzdan ortiq chodir tiktirdi. Ularning o‘rtasiga ko‘krakdor bir joyga ulkan saroparda o‘rnatildi. Borgoh va xirgohdan tashqari yana uch xil rangdagi uchta kimxob chodirni shu saroparda ichiga o‘rnatishdi. Otliqlar ko‘p o‘tib yo‘l qilgan joydan to saroparda eshigiga qadar lolarang ipak poyandoz to‘shalgan edi. Hindol va Askariy ikki yonda, Komron mirzo o‘rtada, uchalasi shu poyandoz oldiga kelib otdan tushdilar. Naqoralar chalinib, qo‘sh surnay mayin navoni kuylab turibdi. Yaxshi kiyingan salobatli Komron mirzo lolarang poyandozga sekin qadam qo‘yib, inilarini ergashtirib kela boshlagan paytda saropardadan Humoyun unga peshvoz chiqdi. Surnay va naqoralar tovushida jo‘shqin, quvnoq, hayajonli ohanglar paydo bo‘ldi. Bu xayolot emas, tush ham emas. Humoyun ko‘pdan orzu qilgan va yetti yili kurashib yurib, nihoyat bugun muyassar bo‘layotgan haqiqat edi. Bunchalik e’zoz bilan peshvoz olinishini kutmagan Komron akasining muruvvati oldida tiz cho‘kib uch marta yukundi. Hozir uning belida na qilichi, na xanjari bor, faqat kamarning o‘zi bog‘langan. Komron titroq qo‘llari bilan oltin kamarini yechdi-da, uni o‘zining bo‘yniga osdi. Bu uning taslim bo‘lganini bildirar edi. Shu bilan komron o‘zining gunohkor ekanini hammaning ko‘zi oldida tan oldi. Bundan ta’sirlangan Humoyun unga quchoq ochdi, odat bo‘yicha uch marta ko‘krakni-ko‘krakka bosib ko‘rishdilar. Shundan so‘ng Humoyun Komronning oltin kamarini bo‘ynidan olib beliga bog‘lab qo‘ydi. Saroparda ichidagi eng katta chodir og‘a-inilar uchun gulday yasatib qo‘yilgan edi. Humoyun to‘rga o‘tdi-da, o‘ng yoniga Komronni o‘tqazdi. Askariy bilan Hindol ikki Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 133 tomondan joy olishdi. Oltin kosalarda eng avval xushbo‘y gulob keltirildi. Bir kosa gulobni avval Humoyun, so‘ng Komron ichdi. Ikkinchi kosadagi gulobning bir qismini askariy ichib, qolganini Hindolga berdi. Ziyofat boshlandi. Goh kiyik kabobini, goh kobuli sho‘rvani, goh farg‘onacha palovni olib kelib dasturxonga qo‘yayotgan bakovullar to‘rt og‘a-inini endi bir dasturxon atrofida ko‘rayotganlaridan xursand. Eng to‘ng‘ichi Humoyun — qirq yoshda, eng kichigi Hindol — yigirma sakkizda. Bugun dasturxon atrofida to‘rtovlaridan boshqa hech kim yo‘q. To‘rtovlari ham bir-biridan durkun bo‘lgani uchun katta chodirni to‘ldirib o‘ltirishibdi. Xizmatkorlar nazarida chodirda yetti-sakkizta odam o‘ltirganday. Palovdan keyin Humoyun bitta chinni tarvuz so‘ydirdi. Tarvuzni teng ikki pallaga bo‘lib, bir pallasini Komron bilan Humoyunning oldiga, ikkinchi pallasini kichik inilar o‘rtasiga qo‘yishdi. Bahorgacha asralgan bu tarvuz juda shirin edi, to‘rtovlari ham uni maqtab- maqtab yedilar, baribir tarvuz ulardan ortib qoldi. — Ana, — dedi Humoyun. — To‘rttalamizga bitta tarvuz yetib ortar ekan. Talashib- tortishishning ne hojati bor? Mamlakat ulkan — Qandahordan Badaxshongacha. Nahotki shu bizga yetmasa? Komron xijolatdan qizarib, mahzun bir qiyofa bilan: — Nachora, xom sut emgan banda ekanmiz, — dedi. — Mayli, o‘tgan ishga salovot, — dedi Humoyun.— Qani, mirzo Komron, yangi she’rlardan bormi? Gap yoqimli mavzuga ko‘chganidan yengil tortgan Komron: — Hazrat otamizning mashhur bir ruboyilari bor. «Ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi, yo barcha murodlarni tark etsa kishi» deb boshlanur. Faqir shu yo‘lda bir ruboiy bitmishmen: Yo bo‘lsa muyassar kishiga ilm ila hol*. Yo topsa kishi saltanat avjida kamol. Yo oshiftaye bo‘lsa ko‘rub husn-u jamol Yo bo‘lsa tamom o‘zligidin forig‘bol*. Humoyun hozir og‘a-ini adovatidan qutulib, forig‘bol bo‘lib o‘ltirgani uchun, so‘nggi satr unga juda yoqdi: — Ko‘nglimdagi so‘zlarni bitibsiz, amirzodam! Dunyodagi eng yomon tutqunlik — odamning o‘zligidan forig‘bol bo‘la olmasligidir. Bundan oldin bir masnaviy ham bitgan ekansiz. Mening xotiramda bir necha satri qolmishdir. Unda ham haq so‘zlar bor. — Qaysi masnaviy ekan, hazratim? Biror satrini eslating. «Yaktalab-u, yaqdil-u, yakxo‘y bo‘l, Borcha xaloyiq bila yakro‘y bo‘l» — Bul ham hazrat otamning masnaviylariga o‘xshab ketadir, — dedi Hindol. — Ha,— davom etdi Humoyun. — Quyidagi to‘rt satrini Komron men kabilarga bag‘ishlab yozgan deb o‘yladim: Ey, o‘zini joh ila mast aylagan, Himmatin ul poyada past aylagan. Himmat emas ulki, jahon olg‘asen Himmat erur buki, borin solg‘asen*. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 134 Komron akasi bilan xafalashib yurganda bu satrlarni unga qarshi qaratgani rost edi. Lekin hozir u she’rdagi kinoyani o‘ziga oldi: — Bu satrlarda men o‘zimga murojaat etmishmen, hazratim! Yodingizda bo‘lsa jannatmakon otam bir qancha masnaviylarni o‘zlariga qarata bitgan edilar. Sekrida may ichishdan tavba qilganda o‘zlariga murojaat etib aytgan masnaviylarini eslang:* — O‘zingizga murojaat etganingiz — bizga ham murojaat qilganingiz emasmu, amirzodam? — dedi Humoyun kulimsirab. — Axir biz hammamiz bir xon avlodidanmiz. — Bu rost, ammo men avvalgi da’volarimdan voz kechib, o‘zligimdan forig‘bol bo‘ldim. Himmat — barini olishda emas, baridan voz kechishda ekanini endi astoydil his etdim. — Bu his sizga ham tanish bo‘lsa kerak, hazratim?— deb Hindol Humoyunga Agrani eslatdi. — O‘shanda siz hatto taxtingizni, butun hazinangizni saqqo yigit Nizomga berib qo‘ygan ekansiz. Afsuski, biz o‘shanda yoshlik qilib bu yuksak himmatning qadriga yetmagan ekanmiz. — Endi qadriga yetdingizmi, axir? — kulib so‘radi Humoyun. Bu savolga har uchala ini tasdiq javob berdilar. — Undoq bo‘lsa, to‘rttalamiz bu kecha mana shu saroparda ichida birga uxlagaymiz. Damni olib, ertaga Kobulga hazrat otamning qabrini ziyorat qilgani borgaymiz. Humoyun ataylab bek-u a’yonlarni oraga qo‘shmaslikka harakat qilar, chunki ularning Komronga bog‘liq gina-kuduratlari ko‘p — Bopusxon qamal paytida birining akasini o‘ldirtirgan, birining singlisini benomus qilgan, lekin odamlar buni Komrondan ko‘rar edi. To‘rt og‘ayni qo‘riqchi yigitlari bilan Kobul ko‘chalarini to‘ldirib o‘tdilar, minglab odamlarning e’tibori ostida baland tepalik ustidagi Bobur maqbarasiga ko‘tarildilar. Otalari hayotligida tog‘dagi chashmalardan bu yergacha ariq qazdirib, suv olib kelgan va to‘rtta chinor ektirgan edi. Yigirma yil ichida ular yuqoriga bo‘y cho‘zib, katta daraxtlarga aylangan. Bu xushhavo joyga shimoldan — Amudaryo va Sirdaryo tomondan esgan shamollar Bobur tug‘ilib o‘sgan joylarning ezg-u isini olib kelardi. Janubdan esgan shamollar esa Bobur Kobul daryosi bo‘yida va Jamna qirgoqlarida barpo etgan bog‘larning muattar hidini keltirib turganday bo‘lardi. Otalarining vasiyatiga binoan, uning xoki Agradan hind tuprog‘i bilan birga keltirilib qabr ichiga solingan edi. Qabr ustidagi oltinrang marmar esa Samarqandning G‘ozg‘onidan tuyalarga ortib kelingan va Kobulda tarashlanib, sayqal olgan edi. To‘rt o‘g‘il maqbara ichiga chuqur sukut bilan kirib, qabr toshining ikki yoniga va oyoq tomoniga cho‘k tushib o‘ltirdilar va tilovat qildilar. Humoyun otasining o‘lmas ruhini tirik his qilib, unga hayotligidagidek murojaat etdi: — Hazrat otajon, shukur, mana, barcha o‘g‘illaringiz sog‘, omon. Huzuringizga birga kelish orzusida edik. Bugun shu orzuga yetdik. — U inilariga yuzlandi: — Padari buzrukvorning ruhlari oldida ahd qilaylik, Komron, Askariy, Hindol — barchamiz minba’d ahillikni hech buzmaylik! Hech bir kimsa oramizga nifoq sololmasin. Omin! — Omin! Hindol akasining so‘zlaridan qattiq ta’sirlanib, ko‘ziga yosh oldi. Komron esa bosiqlik bilan: — Omin! — dedi-yu, ichida hindolni «hali ham bola» deb qo‘ydi. Askariy ham Komrondek bosiq. U Humoyundan ko‘ra Komronni tezroq tushunadi. Humoyunning odam erishib bo‘lmaydigan narsalarga ishonishi va intilishi, hozirgiday otalarining qabri oldida tirik odamga so‘zlagandek gapirishlari Komron bilan Askariyga kitobiy bir xayolparastlikdek tuyuladi. Agrada Humoyunnig oliy tabaqani «ahli davlat», «ahli saodat», «ahli murod» kabi qismlarga bo‘lganlari, butun jamiyatga esa tabiatdagi chor unsur asosida tartib bermoqchi bo‘lganlarini, eshkakchi Nizomni podsho qilib Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 135 ko‘targanlari hozir Komronning esiga tushib kulgisini keltirdi. Bobur maqbarasidan nariroqda Xonzoda begimning qabri ustiga qo‘yilgan odam bo‘yidan balandroq oq marmarga Humoyun shikasta harflar bilan dil so‘zlarini o‘ydirib yozdirgan edi. Hozir u ukalarini ammasining qabri oldiga boshlab keldi-da: — Bu ulug‘ ayol umr bo‘yi otamizga-yu bizga o‘zini fido qilib yashadi, — dedi. — Hayotining oxirgi daqiqalarigacha to‘rtovimizni birga ko‘rish orzusida bo‘ldi. — Humoyun ammasining ruhiga ham xuddi tirik paytidagidek murojaat etdi: — Hazrat ammajon, arvohingiz shod bo‘lsin, siz orzu qilgan kunlarga yetishdik. Ulug‘ ruhingiz bizga hamisha madad bersin! Omin! Komron bu gal yuziga istar-istamas fotiha tortdi, akasining bu gaplari, uning nazarida, ulkan podshoga yarashmaydigan bachkanalikday tuyulardi. Humoyun ertalab bu yoqqa kelayotib, maqbara etagiga ko‘chat olib chiqishni va chuqurchalar qazib qo‘yishni buyurgan edi. Pastdagi ariq bo‘yida Turdibek u aytgan ishlarni taxt qilib, to‘rt og‘aynini kutib turgan edi. Humoyun xilxonadan chiqib buni ko‘rdi-yu, inilariga: — Hozir ilk bahor, ayni nihol o‘tqazadigan payt,— dedi. — Yuringlar, otamiz qazdirgan ariq bo‘yiga biz ham ko‘chat ekaylik, hozirgi mas’ud damlardan xotira bo‘lib qolsin. Humoyun chinor ko‘chatini chuqurchaga solib, o‘zi tuproq tortmoqchi bo‘lgan edi, navkari ketmonni bermadi: — Hazratim, siz tutib tursangiz bas! Ammo Humoyun bunga ko‘nmay ketmonni tortib oldi-da, ko‘chat tagiga o‘zi tuproq tashlay boshladi. Umrida qilmagan bu ishga uning qo‘li kelishmayotganini ko‘rgan Komron akasining kulgi bo‘lishidan ozorlanib: — Bas, hazratim! — dedi. Komronning hokimona ishorasi bilan navkar tez ketmonni Humoyunning qo‘lidan oldi. Komronning o‘zi esa ko‘chatni tutib turdi, ammo ketmonsopga qo‘l tekkizmadi. Aslzodalarga xos nazokat bilan tarbiya ko‘rib o‘sgan Komron, «avomga o‘zingni teng tutsang, darhol tepangga chiqgay», degan e’tiqodda edi. Humoyun esa beg‘ubor oddiy odamlarga yaqin bo‘lishni yaxshi ko‘rar, o‘g‘li Akbarning to‘yida u hatto Imomquli degan navkari bilan kurash tushgan edi. To‘rt og‘ayni faqat o‘zlari qolganda uncha bilinmaydigan bunday farqlar ular jamiyat orasiga kirgan sari ko‘zga yaqqol tashlanadi va birini biridan uzoqlashtira boshlaydi. Ko‘pchilik Humoyundan mamnun. Og‘a-inining olishuvlaridan bezor bo‘lganlar, «xay- riyat, endi tinchidik», deb quvonadi, «Humoyun inilari qilgan yomonliklarni yuzlariga solmay, hurmatlarini joyiga qo‘yib, yonida e’zozlab olib yuribdir, bag‘rikenglik bundan ortiq bo‘lg‘aymi?» degan maqtovlar Komronning qulog‘iga ham chalinadi. Hozir bu yarashish nuqul Humoyunning obro‘sini oshirayotganday, Komron esa Kobuldagi avvalgi nufuzini yo‘qotib, pastlab ketayotganday tuyuladi-yu, kun sayin qattiq botadi. Ayniqsa, qamal paytda undan jabr ko‘rgan odamlarning ko‘zlaridagi kudurat Komronga tikanday sanchiladi, qarindosh ayollar bilan ko‘rishganda Hamida bonu unga ko‘zlari to‘la musibat bilan shunday tikildiki, Komronning ko‘ngli allaqanday bo‘lib ketdi. U Humoyunning qamal paytida zindonda jon bergan qizi — ikki yoshli Jahon Sulton begimning o‘limi uchun javobgar ekanini mungli onaning nigohidan sezganda, bu ko‘zlarning o‘tkir dardi go‘yo nayza bo‘lib otildi-yu, Komronning diliga qadaldi. Eshik darichalariga g‘isht qalanib, qamoqxonaga aylantirilgan qorong‘i uyda singillari gulbadan ham bir necha oy zindon azobini tortgan, endi u ham Komrondan ko‘rgan azoblarini unuta olmas edi... Humoyunga sadoqatli beklardan bir qanchasi Bopusxon tomonidan ayovsiz o‘ldirilgan, ba’zilarining xotinlari bozorda xaloyiqning oldida benomus qilingan, ularning tirik qolgan og‘a-inilari buni ham Komrondan ko‘rishardi. «Sen farmon bergansen, qasdini sendan Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 136 olmog‘imiz kerak!» degilari kelib, Komronga intiqom to‘la ko‘zlar bilan tikilishardi. Humoyun qasoskorlarning hovurini bosish uchun Bopusxonni hibs qildirdi. Afzalbek Sindga borganda Sherxonning o‘g‘li Islomshoh tomonga o‘tib ketgan, Qorachaxon kechasi darvozani yashiriqcha ochib bergandan beri humoyun xizmatida yurar edi. Lekin bek-u a’yonlar orasida Qorachaxonning e’tibori yo‘q, soliq yig‘uvchi mahkamada uchinchi darajali bir lavozimdagi ishlar, hech kim uni pisand qilmas edi. Bundan alamzada bo‘lib yurgan Qorachaxon paytini topib Komronning qarorgohiga keldi, tiz cho‘kib, undan uzr so‘radi. — Men hali ham sizni valine’matim deb tan olurmen! — deb shivirladi. — Oh, qani o‘sha davr-u davronlarimiz? Agar men sizga kerak bo‘lsam, chorlang, yerning ostidan bo‘lsa ham huzuringizga yetib kelurmen! — Fitna-yu sho‘rish endi bas! — deb Komron unga yon bermadi. Chunki hozir Komron qarorgoh qilgan Bog‘i Navro‘ziyda Humoyunga gap yetkazadigan xufiyalar bo‘lishi mumkin edi. — Yaxshilik yo‘lidan yursangiz, bir kun yana uchrashgaymiz. Unutmaga- ningiz uchun tashakkur! Bu tashakkur — uning Qorachaxonni kechirgani edi. Har qalay, Komronni Humoyundan baland qo‘yib e’zozlaydigan odam ham borligi Komronning diliga taskin berdi. U Qorachaxondan Said Xalilni so‘radi. — Bechora qiltomoq bo‘lib qoldi, — dedi Qorachaxon. — Ikki oydan beri tomog‘idan ovqat o‘tmay qoqsuyak bo‘lib yotibdir. Bilmadim, necha kunligi bor... Komron Said Xalilni ko‘rgani bordi. Bir vaqtlar yerni bosaymi-bosmaymi deb kekkayib yuradigan Said Xalil hozir odam ko‘rsa seskanadigan ko‘kish-sariq murdaga o‘xshardi. Lablari qimirlaganda xuddi o‘lik yotgan odam gapirib yuborganday Komronning eti jimirladi. — Siz... — deb pichirladi Said Xalil Komronga...— Siz taxtni oling! Og‘ongiz... nomunosib!.. Bir tomonda — Humoyunni Komrondan yuz chandon baland qo‘yib maqtayotgan bek-u a’yonlar, ikkinchi tomonda ozchilik bo‘lsa ham, har qalay, Komronni otasining taxtiga eng munosib deb biladigan eski qadrdonlar... Komronga bu ikki muhit — qaychining ikki tig‘idek tuyular, Kobulda yurganda ruhi shu tig‘lar orasida qolib qiymalanayotganday azob tortar edi. Bu, ehtimol, ona suti bilan kirgan g‘ayrishuuriy bir tuyg‘udir. Chunki Komronning onasi Gulruh begim kundoshi Mohim quvonganda ezilar, aksincha, Mohimning boshiga farzand dog‘imi yoki boshqa biron kulfat tushsa o‘zini undan baxtiyorroq sezib, dili taskin topardi. Komron ham Humoyunnnig obro‘si ortganidan quvonolmas, balki ruhi tushar edi. Akasining ma’naviy g‘alabasi unga o‘zining ma’naviy mag‘lubiyatidek tuyulardi. Uning ko‘zini kuydirib, raqobat hissini xurujga keltirayotgan narsalar ko‘paygan sari kechalari uxlay olmay chiqdi-yu, siniqqan yuz bilan Humoyunga murojaat qildi: — Men bu jamiyatdan uzoqroqqa ketay, hazratim. Ulug‘ muruvvatlaringizni toabad unutmagaymen. Endi... tinch bir go‘sha bo‘lsa, ijod qilsam... O‘sha kezlarda Humoyunning qalamravidagi eng uzoq o‘lka — shayboniyzodalar davlati bilan chegaradosh bo‘lgan Ko‘lob edi. Komron Ko‘lobga, Askariy esa unga qo‘shni Toliqonga tayin bo‘ldi va tez kunda o‘z viloyatlariga jo‘nab ketdi. Kobulda Hindol bilan qolgan Humoyun endi Hindistonga qanday qilib qaytish yo‘llarini o‘ylar edi. Bu yo‘llar Humoyun uchun hali ham berk. Sherxonning o‘g‘illari orasida eng g‘ayratlisi bo‘lgan Islomshoh o‘ziga qarshi bosh ko‘targan kuchli sarkardalar — Havasxon va Haybatxonlarni yengib, Gvalior qal’asiga hibs qilgan. U Panjobda zo‘r davlat tuzib, qo‘shinini yuz mingga yetkazgan. Humoyunda hali Islomshohga bas keladigan kuch Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 137 yo‘q. Dehli, Agra, hatto uzoq Bihar va Bangoladan Kobulga, Humoyun saroyiga eski qadrdonlaridan xat-xabarlar, vakillar kelib turibdi. O‘sha yoqlarda bir-biri bilan hokimiyat talashib, el-ulusning boshiga behisob baxtsizliklar keltirayotgan Ahmadxon va Odilxon surlarning zulmidan bezor bo‘lgan odamlar Humoyunni tezroq Hindistonga qaytishga va o‘z tarafdorlarini bu balolardan qutqarishga undaydilar. Humoyunning o‘zidagi eng zo‘r istak ham shu. Ammo yoshi qirqdan oshib, mulohazakor bo‘lib qolgan Humoyun hali Hindga qaytishi uchun fursat yetilmaganini, tarix qozoni yana uzoq qaynashi kerakligini sezadi. Islomshoh ming urinsa ham to‘xtatolmaydigan ichki bir nurash xuddi tog‘ yonbag‘rining asta-sekin ko‘chishiga o‘xshab, Sherxon tuzgan davlatni ichdan yemib bormoqda. Buni Humoyun Hindistonga maxfiy tarzda borib kelayotgan o‘z mushriflarining axborotidan bilib turibdi. Bu ichki nurash o‘z ishini qilib bo‘lguncha Humoyun shoshmasdan kuch to‘playdi va qulay vaziyatni sabr-bardosh bilan kutadi. ____________ * H o l — bu yerda qaror topish, maqsadga yetish. * F o r i g‘ — ozod bo‘lish, tashvishdan qutulish; bol — dil, jon; f o - r i g‘ b o l — dil-u jonning ozod bo‘lishi. * S o l g‘ a s ye n — «baridan voz kechgaysen» ma’nosida. * Necha nafsingga bo‘lursen tob’e? Necha umringni qulursan zoye’. * * * Bahor suvlaridan loyqalanib oqayotgan Kobul daryosining shovullashi O‘rta* bog‘dan baralla eshitilib turadi. Chorchamanlari va marmar ko‘shklari Bobur tomonidan rejalashtirilgan bu markaziy bog‘ning nomini ham uning o‘zi qo‘yib ketgan. Bu bog‘ning qizg‘ish qum to‘shalgan orasta yo‘lkalarida ko‘kaldoshlari bilan chopib o‘ynab yurgan olti yashar Akbar: — Adham, Aziz, kelinglar «Bayramxon» o‘ynaymiz, — deb qoldi. Bu o‘yninni uch o‘rtoqdan boshqa hech kim bilmaydi. Otasining beklari orasida Akbarga eng yoqadigani Bayramxon. Otasidan ham bu odam to‘g‘risida ko‘p g‘aroyib hikoyalar eshitgan. Bayramxon hozir Qandahorda, Kobulga kam keladi. Lekin har kelganda Akbarga fil suyagidan va sandal daraxtidan yasalgan g‘alati o‘yinchoqlar sovg‘a qiladi. Bir marta mana shu bog‘da u Akbarga va ko‘kaldoshlariga qilichbozlikdan saboq ham berdi. O‘shanda Akbar o‘z otasining ikki qo‘llab qilich chopishini, Elbrus tog‘ida ov paytida Yoqub Sherafkan bilan bo‘lgan xatarli jangda chap qo‘l bilan qilich urib qanday g‘olib chiqanini aytib berdi. Bayramxonning bu hikoyasi Akbarga shunday ta’sir qildiki, u ham o‘ng qo‘lini belboqchasi bilan yonboshiga bog‘latib qo‘yib, bo‘yiga yarasha yog‘och qilichini chap qo‘li bilan ishlatishga o‘rgandi. Hali qo‘li qotmagan yosh bola uchun chap qo‘lini ham o‘ng qo‘liday yaxshi ishlatishga o‘rgatish uncha qiyin emas edi. Shundan keyin tengdosh- ko‘kaldoshlari orasida Akbar yog‘och qilichni hammadan yaxshi chopadigan bo‘ldi. Bayramxonga ixlosi ortib, uni: — Xonbobo! — deb ulug‘ladi. Soqoli Humoyunnikidan oqishroq va bo‘liqroq, yoshi ham kattaroq bo‘lgan Bayramxon bolaning topag‘onligidan zavq qilib kuldi: — Shahzodaga bobo bo‘lish ham katta sharaf! Mayli, meni xonbobo deyvering. Shundan keyin Adham bilan Aziz ham Bayramxonni «xonbobo» deb ataydigan bo‘ldilar va undan o‘z sarguzashtlarini aytib berishini iltimos qildillar. Shoirlikda so‘z ta’sirini oshirib o‘rgangan Bayramxon og‘zaki hikoyani ham juda maroqli qilib aytar edi. Ayniqsa, uning Sherxonga qanday asir tushgani, so‘ng Abulqosim Jaloyir uni qanday qutqargani Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 138 bolalar diliga go‘yo naqshlanib qoldi. Bayramxon Qandahorga qaytib ketgandan so‘ng, uch o‘rtoq uning shu hikoyasi asosida bir o‘yin o‘ylab chiqardilar. Adham Sherxon bo‘lib yog‘och qilich taqdi. Akbar — Bayramxon bo‘ldi. Aziz — Abulqosim. Sherxon — Adham ularning ikkovini tutib oldi-da: — Kim Bayramxon? — deb o‘shqirdi. — Chiq oldinga, hozir boshingni kesgaymen! Shunda Akbar: — Men Bayramxon, — deb oldinga chiqdi. Ammo Aziz Abulqosim bo‘lib, undan oldinroqqa o‘tdi-da: — Bu Bayramxon emas, — dedi. — Men Bayramxon! Bu mening navkarim! — Yo‘q, men Bayramxonmen! — deb Akbar yana oldinga chiqdi. Shu payt qoidaga binoan Aziz Akbarning yuziga bir shapati urishi: — Jim tur, sen navkarsen, Bayramxon — men! — deyishi kerak edi. Ammo Akbarning shahzodaligini doim esda tutish, hatto o‘yinda ham unga qattiq tegmaslik kerakligi Azizning qulog‘iga ota-onasi tomonidan qayta-qayta quyilgan edi. Akbar uch yoshida to‘p o‘qiga nishon qilib qo‘yilgandan beri qattiq jahli chiqsa o‘zini bilmay qolar, rangi oqarib to‘polon ko‘tarar edi. Shuning uchun Aziz unga shapati urolmadi. — Yo‘q, men Abulqosim bo‘lmagaymen! — dedi.— adham, sen bo‘l. Qilichni menga ber! Men — Sherxon. Ikki ko‘kaldosh o‘rin almashtirishgandan so‘ng o‘yin boshidan boshlandi. Shapati uriladigan joyiga yetganda Adham Abulqosim bo‘lib: — Men — Bayramxon, sen jim tur! — dedi-yu, Akbarning yuziga tarsaki tushirdi. Umrida bunday tarsaki yemagan bolaning ko‘zlarida og‘riqdan yosh halqalandi. Adham uning qulog‘iga shivirladi: — Men siz uchun jon bermoqchimen, xayr, do‘stim! So‘ng u Sherxon — Azizning oldiga borib, uning yog‘och qilichiga bo‘ynini tutdi. O‘yin yana bir takrorlanganida endi Adham Bayramxon bo‘ldi, Akbar esa Abulqosim qiyofasiga kirib, undan shapatining qasdini oldi. Bayramxon bo‘lish qiyin edi. Adham shapati og‘rig‘iga chidamay urishib ketdi. Shunda ichkaridan Hamida bonu chiqdi-yu ularni yarashtirib qo‘ydi. — Endi o‘yin bas, Akbarjon yuring, men sizga dutor chalib beray. Hamida bonu ilgaridan dutorni yaxshi chalar, so‘nggi yillarda ko‘nglining chigalini tanbur va sato chalib yozadigan bo‘lgan edi. Akbarga dutorning tovushidan ham ko‘ra satoning nafis va cho‘ziq ohanglari ko‘proq yoqardi. Shuning uchun ko‘shkka kirganda: — Hazrat ayajon, dutor emas, sato chalib bering,— deb iltimos qildi. Ona-bola uch yildan beri birga yurib, avvalgi ayriliqlar dardini unutgan, bir-birining diydoriga qongan shu kunlarda Hamida bonuning qalbi boshqa bir mung bilan ma’yuslanib yurardi. So‘nggi paytda u humoyun bilan kam ko‘rishar, doim uning diydoriga zor bo‘lib yurardi. Mana shu sog‘inch mungi segohning ma’yus ohanglariga yo‘g‘rilib, satoni go‘yo yig‘lata boshladi. Onasining qalbida to‘planib qolgan mungni satodan eshitgan sari Akbarning, negadir o‘pkasi to‘lib, yig‘lagisi keldi. Ayajoniga ne bo‘lgan? Buncha mung uning diliga qayoqdan yig‘ilgan? Bola bilmaydi. Ammo yangroq sato buni go‘yo bilganday Hamida- ning dard-u alamlarini go‘zal va ma’yus ohanglarga solib kuylaydi. Hamidani o‘rtab yurgan g‘am — bevaqt o‘lgan ikki farzandining dog‘igina emas. Suyuklisi Humoyun, podshohlik an’analariga berilib, uning ustiga yana bir xotin olgani Hamidani do‘zax azobiga soldi. Hamida ikki yil burun bo‘lgan bu hodisani hech unutolmaydi. O‘shanda Badaxshon yurishi va Kobul qamali cho‘zilib ketib, Humoyun Hamida bonu bilan bir yilcha ko‘risholmadi. Bu orada beklar humoyunni katta bir viloyatning hokimi bilan yarashtirish uchun, shu hokimning Norchuchuk ismli qizini unga olib bermoqchi bo‘lishdi. Odatga Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1,29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling