Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet29/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
187
tomonga uchib ketdi, Bhishan Chand ikkinchi tomonga sirg‘alib yiqildi. Chelakdagi shirin 
suv yerga to‘kilib, filbonning ustiga sachradi. Bhishan Chand filning oyog‘i tagida 
qolishdan qo‘rqib, chetga emaklab qochdi. 
Akbar Favjdorning zanjirdan bo‘shamoqchi bo‘lib talpinayotganini, o‘rmonda, daryo 
bo‘yida erkin yurgan paytlarini qo‘msayotganini sezdi. Uning o‘zi ham hozir saroydagi 
ziddiyatlar zanjiridan qutulishni istardi. Bhishanga qarab: 
— Men Favjdorni minib sayr qilib kelsamchi? — dedi. 
— Yo‘q, yo‘q, amirzodam! Bunga yaqin bormang! Favjdor janglarda odam o‘ldirib 
o‘rgangan shafqatsiz fil! Bo‘shatsak, sizni yiqitib qochib ketgay! Men sizga sayr uchun 
boshqa fil bergaymen. 
Ammo Akbar hozir mast filni mingisi kelar, o‘tkir xavf-xatar tuyg‘usi bilan qalbidagi 
dilsiyohliklar g‘uborini tarqatgisi kelardi. Shuning uchun Bhishan Chandning gapiga quloq 
solmay, Favjdorning orqa tomoniga o‘tdi. Fil orqa oyog‘idan zanjirband qilingan, terisi 
qalin bo‘lsa ham, hadeb siltanaverganidan, oyog‘i ancha shilingan edi. Akbar qo‘lidagi 
temir tayoqcha bilan, filning nomini aytib, unga iloji boricha muloyim gapirib 
yaqinlashdi. Akbar ilgari Favjdorga uch-to‘rt marta mingan, unga xushta’m yemishlar 
bergan edi. Hozir shu filning esiga tushdi. Akbar zanjirni yechgach, fil ancha yengillik 
sezib, unga tomon o‘girildi. Akbar yaqin borib, uning ustunday oyoqlarini silab-siypadi: 
— Qani, Favjdor, oyog‘ingni ber! Bille! Favjdor. 
Favjdor na’ra tortib norozilik bildirsa ham, axiyri, o‘ng oyog‘ini bukib, Akbarning yuqori 
chiqishiga imkon berdi. Akbar tizzalarini filning quloqlari tagiga tiqib, uning gardani 
yaqiniga mahkam o‘ltirib olgach: 
— Yur! — deb buyruq berdi. — Mel! Yur! 
Favjdor busiz ham filxonadan tashqariga otilib chiqdi. Doim ko‘zga tashlanmaslikka 
tirishib, Akbarni qo‘riqlab yuradigan ikki devqomat yigit uning hayoti uchun javobgar 
edilar. Akbar mingan fil na’ra tortib, lo‘killaganicha daryo bo‘yidagi qalin daraxtzorga 
qarab chopib ketdi. Qo‘riqchilar otlanib uning ketidan tushdilar. Akbar qo‘lidagi temir 
tayoqcha bilan filning gardaniga urib, uni yo‘lga solmoqchi bo‘ldi. Lekin Favjdor endi 
unga itoat etmas edi. Yo‘lida uchragan butalarni bosib-yanchib, daraxtlarning shoxlarini 
qarsillatib sindirib o‘tayotganda Akbar uning boshi ustiga egilib, quloqlariga qo‘llari bilan 
yopishar, shunday qilmasa, shoxlarga ilinib, yerga chalpak bo‘lib yiqilishi mumkin edi. 
Otliqlar daraxtzor orasidan o‘tolmay qolib ketdi. Bir vaqt Favjdor daryo bo‘yidan chiqdi. 
Hut oyi. Jamnada suv ozayib, o‘rtalarida qumloq orolchalar paydo bo‘lib qolgan. Mast fil 
o‘zini daryoga tashladi. Uning ustida o‘ltirgan Akbar shu filning o‘ziday ulkan xatarni his 
qilgan sari qalbida hayot-mamot tuyg‘usi kuchayib bordi. Uni qiynagan saroy ziddiyatlari 
xayolidan uzoqlashib ketdi. Daryo suvi yuziga, qo‘llariga allanechuk yoqimli tegdi. U 
og‘zining taxir bo‘lib ketganini, lablari quruqshab, tili og‘zida yaxshi aylanmay qolganini 
endi sezdi. 
Fil bo‘ynigacha suvga botib, Jamnaning qoramtir  suvida suza boshladi. Akbarning 
oyoqlari, shohona etigi suv ichida ko‘rinmay ketdi. Daryo salqini uni ancha o‘ziga 
keltirdi. Bir qo‘lini suvga soldi-da, panjasini chayqab, kaftida suv olib ichdi. Shu payt 
orqadan Lakna degan filni minib Bhishan Chand yetib keldi va Akbarning ketidan 
daryoga tushdi. Favjdor yaxshi suzar edi, ko‘p o‘tmay daryo o‘rtasidagi chetlari qumloq, 
o‘rtasi daraxtzor orolga yetib bordi. Ammo qirg‘oqqa chiqqisi kelmay, sayozroq joyda 
to‘xtadida, xartumiga suv olib, sag‘risiga sepa boshladi. 
Bu orada Lakna bilan Bhishan ularga yetib olishdi. Lakna moda fil edi, hozir uning osuda, 
vazmin, homiladorlik davri. Bultur Favjdor  u bilan ko‘p o‘ynashgan va ikkovi 
qo‘shilishgan edi. Yana ikki yildan so‘ng* tug‘iladigan bo‘lajak filchaning otasi Favjdor 
edi. Shuning uchun Bhishan Favjdordorning xurujini bosishda Lakna yordam berar degan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
188
umid bilan shu moda filni minib, Akbarga yordamga shoshilgan edi. Fillar ho‘l 
xartumlarini bir-biriga yaqinlashtirib iskashdi. Favjdor yana bir bo‘kirib qo‘ydi, ammo 
tovushi avvalgiday g‘azabnok va baland emas. Jinnilarcha yugurish, ayniqsa, salqin 
daryo bo‘ylab suzish uning mastligini bir qadar bosgan edi. 
Bhishan «podshoga biron shikast yetsa men baloga qolurmen», deb qo‘rqib rangi oppoq 
oqarib ketgan edi. Akbar ham o‘zining qo‘llari titrayotganini endi sezdi. Bhishanning 
rangi o‘zgarib ketganini ko‘rib: 
— Siz muncha qo‘rqdingiz, sohib? — deb kuldi. 
— Ahvolingiz juda qo‘rqinchli edi-da, amirzodam! Krishna*  sizni panohida asrasin! 
— Men hazrati Sulaymondan*  madad so‘radim. Xayriyatki, ikkovimizning iltijomiz ham 
ijobat bo‘ldi. 
Akbarning bu so‘zlaridan Bhishanning yuziga qon yugurib, ko‘zlari mamnunlik bilan 
chaqnab ketdi. Akbar uni o‘ziga yaqin olib «ikkovimiz» degani behad yoqimli edi. 
Janglarda odam o‘ldirib o‘rgangan dahshatli mast filni bugun Akbar kabi minib, o‘rmon-u 
daryolarni oralab chopishga ancha-muncha mahavat jur’at etmagan bo‘lardi. 
Bhishanning ko‘zi oldida Akbar Ramaday* dovyurak yigit, ayni vaqtda, oddiy bir filbon — 
mahavat bo‘lib ko‘rindi. Akbar shu har ikki jihati bilan bu mehnatkash hind yigitining 
diliga behad yaqin va chin ixlosiga munosib tuyuldi. 
— Faqat podsho bo‘lganingiz uchun emas, bugungi jur’atingiz uchun ham men sizga 
umrbod sodiq qolgaymen! — dedi Bhishan. 
Ikki yigit daryo o‘rtasidagi orolchada ancha vaqt qolib ketdilar. Kechki payt qorinlari 
ochib, daryodan qayta suzib o‘tdilar-da, qirg‘oqqa chiqdilar. Favjdor ancha bosilib, gapga 
kiradigan bo‘lib qoldi. Akbar uni filxonaga kirgizib yubordi-yu, kuni bo‘yi bezovta bo‘lib 
uni kutib turgan jilovdori va qo‘riqchi yigitlariga ot keltirishni buyurdi. 
 
________________ 
* F a v j — harbiy qism. Fillar galasi. 
   F a v j d o r — gala boshlig‘i. 
* Fillar o‘z homilasini uch yil ko‘tarib yurib, keyin tug‘adi. 
* K r i sh n a — hind xudolaridan biri. Fillar homiysi. 
* Rivoyatlarga kro‘a, hazrati Sulaymon barcha yovvoyi hayvonlar homiysi bo‘lgan. 
* R a m a — «Ramayana» nomli mashhur doston qahramoni.
 
* * * 
 
Kiyimlariga loy tekkan, yuzi tirnalgan, ammo, ko‘nglining chigalini yozib, ruhi 
tiniqlashgan Akbar Saroyga otliq qaytar ekan, qal’a darvozasi yaqinida ichkaridan 
mahramlar bilan otliq chiqib kelayotgan Bayramxon duch kelib qoldi. Akbarning bugungi 
sarguzashti allaqachon otalig‘ning qulog‘iga yetib borgan chamasi, Bayramxon otining 
jilovini tortib, Akbarga tegishdi: 
— Amirzodam, bugun yana mahavatlik qilibsiz-da! 
Bayramxonning yonida saman otini gijinglatib turgan uzun mo‘ylovli Shohqulibek 
homiysining hazilini ma’qullab kuldi-da: 
— Balki amirzodam yana mahavat bo‘lib fil urishtirmoqchidirlar? — dedi. 
Uning otdan tushmay shunday takabburona gap otishi Akbarning izzat-nafasiga tegdi. 
Chunki saroyda qabul qilingan odat bo‘yicha, mulozimning podshoga ot ustida turib 
gapirishi odobsizlik sanalardi. 
— Janob Shohqulibek, — dedi Akbar qovog‘ini uyib, — siz men bilan fil urushtiradigan 
darajaga yetib qoldingizmi? 
Bayramxonning oldida Akbar ilgari uning mulozimlariga bunday keskin javob bermas 
edi. Lekin bugun Akbarning o‘ziga ishonchi oshgan paytda otalig‘ining atrofidagi odamlar 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
189
odobsizlik qilsa alamini ichiga yutib ketavergisi kelmadi. 
 — Mast fil asabingizni charchatgan bo‘lsa kerak,— dedi Bayramxon uni bosiq bo‘lishga 
undagan kabi. — Lekin, amirzodam, sizda fillarni o‘ziga rom qiladigan ajib bir mehrigiyo 
bor. Mankotda o‘n to‘rt yoshda fil urushiga qatnashganingiz hech yodimdan chiqmaydir. 
— O‘sha olishuv durang bo‘lgan edi-ya! — dedi Valibek. — Amirzodam, oradan to‘rt yil 
o‘tdi. Mana, bahodir yigit bo‘ldingiz. Endi fil bilan maydonga tushsangiz yengib 
chiqishingiz shubhasiz! 
Bu mulozim ham otdan tushmay gap qotgani, Bayramxon esa ularning odobsizligini 
sezmayotgani akbarning nafsoniyatiga yanada qattiqroq tegdi. Holbuki, qarshisida 
turganlarning hech biri mast filga jur’at qilib yaqin bora olmaydi. Akbar hech bo‘lmasa 
shu nuqtada o‘zining otalig‘idan ustun ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi, uning atrofidagi 
kekkaygan mulozimlarining ham adabini bergisi keldi. Bayramxonga yuzlanib: 
— Janobi vakili saltanat rozi bo‘lsalar, biz fil bilan maydonga tushishga tayyormiz! — 
dedi. 
U bayramxonning: «Yo‘q, podsholar bunday xatarli jangda o‘zlari maydonga 
tushmasliklari kerak», deb e’tiroz qilishini kutdi. Ammo Bayramxon kulimsirab: 
— Siz endi yigit bo‘ldingiz, rozilik bermay ilojimiz yo‘q, — dedi. 
Shohquli mahram yana gap qo‘shdi: 
— Janobi vakil, Zo‘ravor degan buyuk filingiz kuch yig‘ib yotibdir. Gulmuhammad 
mahavat bilan o‘shani maydonga tushiring, — deb maslahat berdi. 
Bayramxon bu maslahatni darhol qabul qilgani ham Akbarni xiyol hayratga soldi. Chunki 
Zo‘ravor degan fil jangdagi shafqatsizligi bilan dong chiqargan edi. Panipat jangida uni 
o‘sha Gulmuhammad degan filbon minganda Zo‘ravor dushman otliqlarini xartumiga 
o‘rab otgan, piyodalarni oyog‘i bilan yanchgan, buning hammasini bayramxon ham 
ko‘rgan edi. Ilgari hatto chavgon o‘yinini shahzoda va podsholar uchun nojoyiz deb 
gapiradigan va akbarni bunday xatarlardan ehtiyot qilib yurgan otalig‘i nahotki endi uni 
Zo‘ravorday odamkush fil bilan urishtirib qo‘yib, o‘zi jim tomosha qilib o‘ltirsa? 
— Demak, sizdan Zo‘ravon maydonga chiqishi aniqmi? — qaytarib so‘radi Akbar. 
— Aniq, — dedi Bayramxon. — Anchadan beri fil jangini ko‘rganimiz yo‘q. Amirzodam, 
siz ham eng zo‘r filingizni maydonga olib chiqing... G‘alabangizni o‘zim bir ko‘ray. 
Bayramxon «g‘alabangiz» degan so‘zni kinoya bilan aytganini Akbar sezdi. Demak, 
otaliq fil jangida g‘olib chiqishiga ishonadi. Boshqalar ham: «Agrada hozir Zo‘ravorni 
yengadigan fil yo‘q», deb o‘ylashadi. Ammo Akbar filni ularning ko‘pidan yaxshiroq 
biladi. Bugun u mingan Favjdor kuchi oshib-toshganidan mast bo‘lgani ma’lum. Biroq 
ota-boladay inoq bo‘lgan Akbar bilan Bayramxon endi ochiqchasiga raqibga aylanib fil  
urishtirishsa, oqibati qandoq bo‘larkin? 
Hindistonda azaldan hokimiyat talashuvchilarning fil urishtirishi ramziy ma’noga ega. 
Raqib podsholar eng zo‘r polvonlarini o‘rtaga tushirib kurash oldirishi, qaysi tomonning 
polvoni yengsa, o‘sha tomon g‘olib sanalishi rivoyatlarda ham bor. Hindistonda shu 
polvonlar o‘rniga eng zo‘r fillarni mingan filbonlar maydonga chiqib olishadi. 
— Siz shuni istaysizmi, janobi vakili saltanat? — deb qaytarib so‘radi Akbar. 
Ilgari «xonbobo» deb muloyim gapiradigan Akbar endi dovtalab bo‘layotgan kabi 
shiddatli ohang bilan «janobi vakili saltanat!» deyishi Bayramxonning ham izzat-nafsini 
qo‘zg‘atdi. Podsho yigitcha havo boylab ketayotganga o‘xshaydi. Bayramxon Zo‘ravorni 
ishga solib, uni ko‘pchilikning oldida boplab bir yengishi kerak. Ana unda hovuri bosilib 
otalig‘iga yana so‘zsiz itoat etadigan bo‘ladi. Mayli, o‘zi mahavat bo‘lib maydonga 
chiqsin. Zo‘ravor uni yiqitsa, keyin Bayramxon ham uni qayirib oladi, chizgan chizig‘idan 
chiqmaydigan qiladi. Mabodo Akbar Zo‘ravorning oyog‘i tagida qolib halok bo‘lsa... 
Bayramxon buni ham o‘yladi... Yaxshi ko‘rgan shogirdi o‘lsa ichi achishi, kuyinishi aniq. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
190
Lekin nachora? Hayot, muhit Akbarni unga raqib qilib qo‘ydi. Naryoqda Mohim enaga, 
Hamida begim, Pirmuhammad atka — hammasi Bayramxonga qarshi, otaliq buni 
xufiyalar orqali bilib turibdi. Akbarning dili o‘shalar tomonda. Bu ham ozday, Salima 
begim haligacha otaliqqa ko‘ngil bermaydi. Bayramxon uning jismini egallagan paytda 
ham, begimning dili Akbarda ekanini sezib o‘rtanadi. Salima begim Bayramxondan 
farzand ko‘rishni istamayotgani rost. Bu hammasi qancha gap-so‘zlarga sabab bo‘lmoq-
da. Bayramxon hammasidan birato‘la qutulishni istaydi. Shuning uchun u ham dovtalab 
bo‘lib: 
— Mayli, amirzodam, maydonga chiqing! — dedi. 
Akbar Shohqulibek, Valibek, shayx Gadoyilarning yashirin niyatini endi sezdi. Ular 
Akbarning mahavat bo‘lib, maydonga tushishini va Zo‘ravorning oyog‘i tagida 
yangchilishini istashadi. Otalig‘i esa ularni bu yomon niyatidan qaytarmaydi. Nega? 
Raqobat shu darajaga yetgan bo‘lsa, Akbar nega ularning istagiga bo‘ysunib, maydonga 
fil minib kirishi kerak? Bugun mast fil ustida jonini xatarga qo‘ygani ozmi? 
— Unday bo‘lsa, — deb Akbar Bayramxonga tikilib qaradi, — bizdan Favjdor maydonga 
chiqgay. Avval uni mahavat Bhishan Chand minsin. Agar yiqilsa, keyin men o‘zim minib 
kirgaymen. Kunini belgilang! 
Mahavatning yiqilishiga shubha qilmaydigan Bayramxon: 
— Indin, chorshanbayi murodbaxshada, peshin namozidan so‘ng! — dedi. 
* * * 
 
Akbar bilan Bayramxon ikkalasi qarama-qarshi tomonda turib fil urishtirishini eshitgan 
bek-u a’yonlar chorshanba kuni Jamna bo‘yidagi maxsus maydonga yopirilib keldilar. 
Fillar urishadigan maydonning atrofiga tomoshabinlar uchun bexatar joylar qilingan, 
oraga fillar o‘tolmaydigan baquvvat yog‘och to‘siqlar o‘rnatilgan edi. Maydon pastda. 
Uning sahni yaxshi ko‘rinadigan baland joylarga naqshin shiyponlar o‘rnatilgan. Janub 
tomondagi shiyponni Bayramxon o‘z odamlari bilan egalladi. Shimol tomondagi tolorda 
Akbar ko‘kaldoshlari Adham, Aziz va yaqin ichki beklari bilan o‘ltirishibdi. Maydonning 
o‘ng-u so‘lida— yog‘och to‘siq ortida hakamlar va otashdorlar* turishibdi. Piyoda 
tomoshabinlardan tashqari, maydon atroflarida otliq turgan tomoshabinlar ham 
anchagina bor — egar ustidan maydon yaxshiroq ko‘rinadi. 
Filbonlar xuddi o‘limga ketayotgan odamlarday yaqinlaridan rozi-rizolik so‘rab 
xayrlashdilar. Akbar jang oldidan maxsus shirin ichimlik bilan mast qilingan Favjdorni 
silab-siypab qulog‘iga shivirladi: 
— Kuchingni ko‘rsat, jonivor! Ilohim yenggin-u yengilmagin! 
Fil nimadandir norozidek na’ra tortdi, ammo Bhishan Chandga o‘ng oyog‘ini tutib, 
yelkasiga chiqishiga yordam berdi. 
Uning qarshisidan chiqqan Zo‘ravor chindan ham juda bahaybat fil edi. Ikki oradagi 
tuproq uyumi qulatilgach, Zo‘ravor Favjdorga tashlandi. Shunda uning bo‘yi ikki qarich 
baland, gavdasi ham shunga yarasha ulkan ekanligi ko‘zga tashlandi. U Favjdorni tishi 
bilan urib, uch-to‘rt qadam nariga uloqtirib yubordi. Bhishan Chand qattiq chayqalib, 
yiqilishiga sal qoldi. Ammo Favjdor chaqqonroq edi, raqibining orqasiga aylanib o‘tdi. 
Zo‘ravor unga tomon o‘girilayotganida biqiniga tishlari bilan shunday urdiki, qoyaday 
zo‘r Zo‘ravor og‘riqdan darmonsizlanib gandiraklab ketdi. Bhishan shu paytdan 
foydalanib, Favjdorga: 
— Che! O‘ngdan o‘t! Che! — deb navbatdagi zarbani qanday berishni o‘rgatdi. 
Favjdor raqibining o‘zini o‘nglashiga imkon bermay, old oyoqlariga ko‘tarildi-yu, uni o‘ng 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
191
tomondan bor kuchi bilan tepdi. Filbon Gulmuhammad tepish zarbi bilan o‘rnidan 
qo‘zg‘alib, Zo‘ravorning peshonasi usitiga og‘ib tushdi. Shunda Favjdor xartumi bilan 
filbonni bir urdi-yu, yerga qulatdi. 
Mahavatsiz qolgan Zo‘ravor orqaga chekindi. Gulmuhammad baland fil ustidan yerga 
chalqancha tushib, hushidan ketdi. Favjdor uni bosib, yanchib tashlashi mumkin edi. Shu 
payt otashdorlar mash’ala yoqib maydonga chopib kirdilar. Fillar har qancha g‘azabnok 
bo‘lsa ham, olovdan qo‘rqar edilar. Otashdorlar ularni bir-birlaridan ajratib, maydon 
chetiga chiqishga majbur qildilar. Gulmuhammadning beli singan, boshi, qo‘li qimirlar, 
ammo o‘rnidan tura olmas edi. Xizmatkorlar kirib uni ko‘tarib chiqayotganda Akbarning 
atrofidagi ko‘kaldoshlari va beklari: 
— Muborak bo‘lsin, amirzodam! — deyishdi. 
— Siz yengdingiz! 
Filboni yiqilib tushgan tomon yutqizgan hisoblanardi. Bayramxon, «yutqizsam oqibati 
yomon bo‘lgay-ku!» degan o‘yni avvalroq xayoliga keltirmaganidan, endi afsus qildi. 
Chunki uning atrofidagi bek-u a’yonlar bir lahza hang-mang bo‘lib jim turib qoldilar. 
Naryoqdagilar Akbarni tabriklayotgani baralla eshitildi. Akbar esa filbonidan minnatdor 
bo‘lib: 
— Tasanno, Bhishan! — derdi. — Bhishan Chandga bosh-oyoq sarupo, bir hamyon oltin 
hadya qilinsin! Hali bu botir mahavatga jogir ham in’om etgaymiz! 
Ko‘pchilikning oldida mag‘lub bo‘lganlari Bayramxonning o‘zidan ham ko‘ra, uning 
yonida o‘ltirgan Valibek, Shohqulibek, shayx Gadoyilarga og‘ir botdi. Ular barcha 
martabalari va imtiyozlaridan ayrilib qolishlari mumkinligini aniq sezishdi-yu, olovlanib 
ketishdi: 
— G‘irromlik bo‘ldi, janobi vakil! — dedi Shohquli mahram. Bu gapni boshqalar ilib 
ketishdi: 
— Rost, kofir filbon g‘irromlik qilmaganda Zo‘ravor yengilmas edi. 
— Fil qochgani yo‘q! 
— Gulmuhammadni mayib qildi, noinsof! 
Shayx Gadoyi Bayramxonga yuzlandi: 
— Majusiy filbon muslim Gulmuhammadni mayib qilib ketavergaymi, janobi vakil? Bu 
ishi uchun majusiy yana mukofot ham olsa... Ertaga barcha kofir-u majusiylar 
muslimlarga qarshi bosh ko‘tarmagaymi? 
— G‘irrom majusiyni jazolash lozim! — dedi Shohqulibek. 
— O‘ldirish lozim! — dedi Valibek. 
Bayramxon hech qanday g‘irromlik bo‘lmaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bo‘lsa ham, 
Akbarning Gulmuhammadga achinmagani, uni mayib qilgan Bhishan Chandga esa 
mukofot bergani katta bir adolatsizlikdek tuyuldi. Bhishanni o‘limga buyurish ham 
ortiqcha bir shafqatsizlik bo‘lishini otalig‘ har qalay sezdi. Ammo bu filbonning adabini 
berib qo‘ymasa, Akbar va uning tarafdorlari juda hovliqib ketadigandek ko‘rindi. 
Bayramxon hali ham tojsiz podsho ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi. Filbon Bhishan Chand 
Gulmuhammadni mayib qilganligi uchun Bayramxon uni o‘rtacharoq bir jazoga — o‘n 
besh darra urishga buyurdi. 
Akbardan mukofot olgan g‘olib filbonning Bayramxon tomonidan jazoga buyurilishi — 
ikki oradagi ziddiyatning qanchalik keskin tus olganini oshkor qilib qo‘ydi. Odamlar 
Akbarning oraga tushishini va otalig‘idan shafqat so‘rashini kutdilar. Ammo Akbar hozir 
og‘iz ochsa, otalig‘iga: «Men podshomen, bu adolatsizligingiz  uchun o‘zingizni jazoga 
buyurishga haqlimen!» deb yuborishi mumkin. 
Bayramxonning atrofidagi odamlar naqadar shafqatsiz ekanini ko‘ra-bila bunday gapni 
aytish — yosh bolaning ishini qilish bo‘lar edi. Ular Akbarni ham bir kechada Turdibekka 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
192
o‘xshatib o‘ldirib yuborishi yoki Pirmuhammad atkaning ahvoliga solishlari hech gap 
emas. Shuning uchun Akbar ichidagini ularga sezdirmay, zimdan tayyorlik ko‘rishi kerak. 
Ota-bobolardan o‘tgan sabr-bardosh unga yana ish berdi. Akbar tishini tishiga qo‘yib 
indamadi, otalig‘iga biron og‘iz so‘z qotmadi. Go‘yo beparvo yurib Zarafshon bog‘iga 
qaytib ketdi. Faqat kech kirganda Bhishan Chand ham boqqa kelib, darra zarbidan 
momataloq bo‘lib ketgan yelkasini ochib ko‘rsatganda Akbarning g‘azabi keldi. 
Intiqomga to‘la past tovush bilan: 
— Ular sizni emas, meni kaltaklashdi! — dedi. — Buning qasosi qaytgusidir! 
Akbar kechasi bilan uxlay olmay to‘lganib, Bayramxonni hokimiyat tepasidan qanday 
ketkazishni o‘ylab chiqdi. Otalig‘i unga doim: «Yog‘iyni g‘aflatda qoldirib, sherday pusib 
borishga o‘rganing!» deb ta’lim berardi. 
Akbar ana shu o‘gitga amal qildi-yu dilidagi niyatini Agradagi biror kishiga sezdirmadai. 
Uning uchun bexatarroq joy — Dehli edi. Eng ishongan kishilari ham hozir o‘sha yoqda. 
Akbar Bayramxonni hokimiyatdan ketkazish haqidagi qarorini Dehliga borib e’lon 
qilganda Agradagilar uning o‘rniga Komronnnig o‘g‘lini taxtga chiqarmasligi uchun Akbar 
Abulqosimni birga olib ketishi kerak. 
Navro‘z yaqin edi, Akbar har bayramda onasidan xabar olib turar edi. U otalig‘iga shuni 
osoyishta turib aytdi, go‘yo oralaridan hech bir xafalik o‘tmaganday xayrlashishdi. 
Abulqosim esa ko‘pdan beri Akbarga 
— Meni Dehliga birga olib keting, — deb iltimos qilib yurar, buni Bayramxon bilar edi. 
Shuning uchun Akbarning bu gal amakivachchasini birga olib ketayotganidan Bayramxon 
ortiqcha bir shubhaga bormadi. «Xayriyat, filbonini jazolatganimga uncha xafa 
bo‘lmabdir, popugi bosilib, durust bo‘lib qolibdir», degan o‘y bilan Akbardan o‘zicha 
mamnun ham bo‘ldi. 
 
_____________ 
* O t a sh d o r — olovdor degani. Fil jangini to‘xtatish kerak bo‘lsa otashdor maydonga kiradi.
 
* * * 
 
Biroq shundan keyingi voqealar xuddi daryo toshib, atrofini suv bosgandagiday tahlikali 
tus oldi. Toshqin goho shunday sekin boshlanadiki, qirg‘oqdan uzoqda turgan binolar, 
bog‘loqlik mollar tagiga avval ozgina loyqa suv o‘rmalab keladi. Biroq suv sathi to‘xtovsiz 
ko‘tarilib boradi. Toshqin uylarga yopirilib kiradi, loyqa suv ichida qolgan qantarig‘lik 
otlar no‘xtasini uzguday bezovta bo‘lib kishnaydi. Bir vaqt qarasangiz, toshqin avjiga 
chiqib, devorlarni qulatadi, odamlar va mollarni oqizadi, katta-katta pichan g‘aramlarini 
lapanglatib o‘rnidan qo‘zg‘atadi va ko‘tarib olib ketadi. 
Navro‘z kunlari Bayramxonning xufiyalari Dehlidan keltirgan axborotlar toshqin suvning 
avval jimgina o‘rmalab kelganiga o‘xshadi. Akbar Kobuldan Munimxon degan begini, 
Bhiradan Shamsiddin atkani chaqirtiribdi. Dehli kutvali Shahobiddinga: «Davlatni o‘zim 
boshqarmoqchimen, otalig‘im iste’foga chiqsa mayli», degan ma’noda maktub yuboribdi. 
Yosh yigit, bu gapni Mohim enaga va Hamida begimlar ta’sirida aytgan bo‘lsa kerak, 
ammo hali davlatni boshqara oladigan darajada tajribasi yo‘qligi Bayramxonga ma’lum. 
Shuning uchun vakili saltanat bu gaplardan uncha tahlika-yu sarosimaga tushmadi. 
Faqat barcha viloyat hokimlari-yu poytaxtdagi a’yonlarni ichki kurash boshlanganidan 
xabardor qilib, maxfiy maktublar yubordi: «Akbar mirzoni siz-u bizga qarshi 
qo‘zg‘atayotgan g‘animlarimiz xuruj qilmoqda. Dehlidan noxush xabarlar oldik, navkar-u 
qurol-aslahani tayyor tuting, maydonga chiqish zarur bo‘lganda maxsus farmon 
yuborgaymiz, inshoollo, bizga qasd qilganlar past bo‘lg‘ay!» 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
193
Maxfiy devonning Muborak ismli boshlig‘i Akbarga sodiq kishi edi, Bayramxon yozdirgan 
bunga o‘xshash xatlardan nusxalar ko‘chirtirib, dehliga yashiriqcha yuborib turdi. 
Otalig‘ning har bir qadami Akbarga ma’lum ekanini Bayramxon hamal oyining boshlarida 
Akbar Dehlidan yuborgan maktubdan bildi. Mayin ipak qog‘ozga yozilgan bu maktub 
Bayramxonga uylarni bosib yiqitadigan va odamlarni oqizib ketadigan dahshatli bir 
toshqinday ta’sir qildi. «Muhtaram Bayramxon janoblariga» — deb boshlangan birinchi 
satrdanoq kuchli to‘fon Bayramxonning «otalig‘, vakili saltanat, xoni xonon» degan 
yuksak unvonlarini cho‘ktirib yuborganday tuyuldi. 
«Sizning boburiylar xonadoniga qirq yil davomida qilgan buyuk xizmatlaringiz olamga 
mashhurdir. Hazrat otam bilan biz sizning yaxshiliklaringizni doim munosib ravishda 
taqdirlashga intildik, dargohimizda eng yuksak e’zozda bo‘ldingiz, ko‘nglingiz tilagan ko‘p 
narsalarga erishdingiz, biz yosh bo‘lganimiz uchun to‘rt yildan beri vakili saltanat 
lavozimida davlatni boshqardingiz». 
Akbar «buning hammasi endi o‘tmishga aylandi» degn ohang bilan yozgani Bayramxonni 
larzaga keltirdi. Nahotki buni Akbar o‘zi yozgan bo‘lsa? Mohim enagami? Hamida 
begimmi? Yo‘q, mana, satrlardan go‘yo Akbarning o‘z ovozi eshitila boshladi, Bayramxon 
bu ovozni tanidi: 
«Otalig‘ lavozimida bizga bergan tarbiyangiz, o‘rgatgan saboqlaringiz umrbod 
yodimizdan chiqmagay. «Bizning hammamiz haq oldida bo‘yin egurmiz, adolatni 
otamizdan ham baland qo‘ymog‘imiz kerak», degan so‘zlaringiz xotirimga naqshlanib 
qolgan. Men shu e’tiqodga tayanib ish qilmoqdamen. Ming afsuski, so‘nggi paytlarda 
manfaatga berilgan g‘arazli odamlar sizni o‘rab oldi. Shohqulibek sizga eng yaqin 
mahram bo‘ldi, u bilan Valibek ikkovi o‘zlarini podshodan ham baland tutib, biz bilan ot 
ustida turib obro‘ talashganda, bu odobsizlikka chek qo‘ymadingiz. Boshqalarga lak-lak 
in’omlar berib saxovat ko‘rgazdingiz, bizning shaxsiy xarajatlarimizdan mablag‘ni tejab, 
mute qilib qo‘ydingiz. Qaysi birini aytayki, yomon odamlarni e’zozlab, bizga eng yaqin 
kishilarni tuhmat bilan jazolatdingiz». 
Akbar ichiga yutib yurgan barcha alamlarini endi birdan to‘kib solgan, to‘g‘on ochilganda 
suv qirg‘oqlarini bosgani kabi, Bayramxonning vujudini ichki tug‘yon chulg‘ab oldi. Akbar 
barcha gina-kuduratlarini aytib bo‘lgach: 
«So‘z kor qilmasligiga qayta-qayta amin bo‘lganimdan so‘ng, hokimiyatni o‘z ilkimga 
olishga qat’iy qaror berdim, — degan edi. — Bugundan e’tiboran xazinachiga farmon 
yuborildikim, bizning muhrimiz va ruxsatimizsiz hech kimga biron tanga pul berilmasin, 
barcha davlat mahkamalari faqat bizning ko‘rsatmamiz bilan ish olib borsinlar. 
Siz menga davlat ishlaridan charchaganingizni, tinch bir go‘shada dam olgingiz borligini, 
hajga bormoqchi ekanligingizni aytgan edingiz. Endi bu niyatlaringizni bemalol amalga 
oshirmog‘ingiz mumkin. Siz jahonda tanilgan badavlat odamsiz, atrofingizdagi 
manfaatparastlardan tezroq xolos bo‘lmog‘ingiz uchun hajga borishingiz maqsadga 
muvofiqdir. Sizning bexatar haj qilib kelishingiz uchun zarur bo‘lgan barcha qo‘riqchilar 
tayin etilgusidir, hamma ehtiyot choralari ko‘rilgusidir. Farmon berdikkim, sizning mol-u 
mulkingizga hech kim daxl qila ko‘rmasin. Qandahor ham jogiringizdir. Uy-joyingiz, 
xizmatkorlaringiz — hammasi o‘z ixtiyoringizda qolg‘ay. 
Agar bizga imkon bersangiz, sizni hamisha otamiz o‘rnida e’zozlagaymiz, barcha 
tajovuzlardan himoya qilgaymiz. 
Siz meni qat’iyatga o‘rgatgansiz. Shogirdingiz o‘z vazifasini ado etishga qat’iy 
kirishganda, bundan xafa bo‘lmassiz, balki yordam bergaysiz degan umiddamen»... 
Bir payt Hoji Muhammad Seyistoniy sarosima ahvolda Bayramxonning oldiga kirib, 
o‘zining vazirlik lavozimidan bo‘shatilganini aytdi va Akbarning bu haqidagi maxsus 
farmonini ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay juma namozidan qaytgan shayx Gadoyi: 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling