I bob. Hayvonlar haqidagi ertaklarning uslub mezonlari va talqiniga xos asosiy xususiyatlar I hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari I


II BOB. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARNING PERSONAJLAR TARKIBI VA TALQINIGA XOS ASOSIY XUSUSIYATLAR


Download 140.2 Kb.
bet6/12
Sana22.02.2023
Hajmi140.2 Kb.
#1220992
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
Hayvonlar haqidagi ertaklarda obrazlar tarkibi va talqini”

II BOB. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARNING PERSONAJLAR TARKIBI VA TALQINIGA XOS ASOSIY XUSUSIYATLAR


II.1.HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARDA YETAKCHI PERSONAJLAR TALQINI

Mohiyatan ijobiy xususiyat kasb etuvchi hayvon personajlar, asosan, yetakchi personaj funksiyasida faoliyat ko‘rsatadi. Yetakchi obraz o‘ta oqil, ayyor, shum, tadbirkor, faol harakati bilan farqlanadi. Bu belgi shumlik, ayyorlik, dono va tadbirkorlik kabi axloqiy normalarni umumlashtiradi, tipik obraz yaratadi.


Yetakchi obrazning uch xil tipi mavjud. Biri jismonan kuchli, ikkinchisi kuchsiz, Biroq, dono va tadbirkor, uchinchisi esa o‘ta sodda sifat tiplardan tashkil topgan. Kuchli personajlarni sher, buqa, burgut, ot, kuchsiz personajlarni echki-taka, qo‘zi-qo‘chqor, o‘ta sodda tiplarni esa mayna, hakka, bedana singarilar tashkil etadi. Mazkur personajlar ijobiy xislati bilan o‘zaro tipologik o‘xshashlikka ega bo‘lsa hamki, ertakdagi o‘rni va funksiyasiga ko‘ra farqlanadilar.
Yetakchi obrazlarning asosiy funksiyasi kuchsizni himoya qilishdan iboratdir. Binobarin, ular himoyachi tiplar sifatida ajralib turadi. Bu xil obrazlar guruhini echki-taka, qo‘zi-qo‘chqor, buqa, kiyik, qaldirg‘och, tulki kabilar tashkil etadi.
Ularning himoya maqsadi qadimgi totem relikti, aniqrog‘i, muqaddas hayvon bilan bog‘liq mifologik kod, homiylikning badiiy ko‘chimi sifatida yuzaga kelib shakllangan. U yoki bu hayvonni aslida odam deb bilishni ifoda etgan mifologik tushuncha badiiy ramzga asos solgan. Bu xil obrazlar estetik funksiyani ado eta boshlaganda, mifologik e’tiqod, diniy funksiyasi tushib qolgan.
Yetakchi personaj ertak voqealarida asosiy va hal qiluvchi figura – qahramon hisoblanadi. Shuningdek, u sujet chizig‘ida motivlar tuzilishini o‘zaro bir-biriga bog‘lash, g‘oyaviy mazmunini yaxlitlashtirish vazifasini bajaradi.
Yetakchi personajning funksional xususiyati mazmuniy tarkibiga ko‘ra keng qamrovli xarakterga ega. Uning dastlabki, yetakchi xususiyati mohiyat e’tiboriga ko‘ra totemistik xarakterga ega bo‘lib, mazmuniy ifodasi qondosh, ajdodboshi, yaratuvchi hamda himoyachi kabi tushunchalarni izohlaydi. K.Imomovning ta’kidlab yozishicha, «Totem hayvonni himoyachi deb e’tiqod qo‘yish ertaklarda echki, taka, ho‘kiz va xo‘rozlarga dono va tadbirkor sifatlarini berishda namoyon bo‘ladi, zarar bergan hayvonlar esa o‘ta laqma va qo‘rqoq sifatida tasvirlangan. Demak, bu xildagi (ya’ni, hayvonlar haqidagi) ertaklarda u yoki bu totem hayvon asosiy personaj, u doimo yaxshilik qiladi, yordam ko‘rsatadi va voqealar rivojida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bu xildagi ertaklar asosida ovchi yo chorvadorning ayrim hayvonlarga nisbatan e’tiqodini oshirish, uni muqaddas bilib, o‘ldirmaslikka chaqirish, o‘z homiysiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashdan iborat didaktik g‘oya yotadi»1. Shunga ko‘ra, yetakchi personajlarning totem, kult zamirida tashkil topganligi uning xatti-harakati va munosabatlaridan sezilib turadi. Binobarin, «Buzoq, echki va bo‘ri», «Botir echki», «Tulkiboy», «Susambil», «Ovchi, ko‘kcha va dono», «Ochko‘z bo‘ri»2 kabi ertaklarda mavjud yetakchi personajlarning ijobiy xususiyatlari (buzoq, echki, qo‘zi, o‘rni bilan tulki, qarg‘a, kaptar) ovchi va chorvadorlarning e’tiqodiy qarashlari negizida shakllangandir.
Yetakchi, ayni paytda ijobiy personajlar ichida eng mashhuri taka obrazidir. «Echki asosiy personaj sifatida hayvonlar haqidagi ertaklarning deyarli har birida mavjud bo‘lib, turkiy xalqlar folklorida ham ko‘p uchraydi va asosiy hayvon personaj sifatida talqin etilgan. Shubhasiz, bu uning qadimda totem hayvon bo‘lganligidan dalolat beradi»1. Binobarin, mifologik afsonalarda echkining totemlik mohiyati va u bilan bog‘liq tasavvurlar turli xil shartli formalarda ilgari surilgan. Jumladan, «Turk asotir (mif)lari»da2 hikoya qilinishicha: «To‘fon» haqidagi oltoyliklarning shunday afsonasi bor:
To‘fon bo‘lajagini eng avval temir shoxli, ko‘k junli bir taka xabarlagan. Ko‘k taka yer yuzini yetti kun aylanib baqiradi:
Yetti kun zilzila bo‘ladi,
Yetti kun tog‘lar otash purkaydi.
Yetti kun yomg‘ir yog‘adi,
Yetti kun po‘rtana bo‘ladi, do‘l yog‘adi.
Yetti kun qor yog‘adi»3.
Shuningdek, ko‘kturklar afsonasiga ko‘ra, «Yashil jon itoatidagi urug‘ning o‘nguni (ya’ni totemi) echki edi. Echkining ulog‘i hitit afsonalarda ham uchraydi. Qirg‘izlarda «Chichon Ota» degan echkilarni qo‘riqlovchi bir avliyo bor edi»4.
Yana bir misol. «Avesto» yozma yodgorligida mifologik motivlar talqini asosida yaratilgan afsonalarning ajoyib namunalari mavjud. Jumladan, kitobning «Bahrom Yasht» qismida g‘ayritabiiy hodisalarni aks ettiruvchi epizodlar talaygina bo‘lib, ulardan birida tasvirlanishicha, «Urush va g‘olibiyat ilohining o‘ng tazohiri Vartragna»5 payg‘ambar Zardo‘sht qoshida turli xil qiyofalarda jonlanadi. Masalan, quyidagi epizodda Vartragna echki qiyofasida gavdalanadi:
«Axura bunyod aylagan,
Vartragna to‘qqizinchi daf’a,
Paydo bo‘ldi zardo‘sht qoshida,
Yovvoyi echki qiyofasida,
O‘tkir shoxli, g‘oyat go‘zal»6.
Umumiy jihatdan olganda, mazkur epizod o‘zida ibtidoiy inson dunyoqarashining o‘ziga xos manzarasini qisman aks ettirgan. Binobarin, ibtidoiy sinkretik tafakkur hosilasi hisoblangan ilohiy hamda g‘ayritabiiy hodisalarga ishonch va e’tiqodning badiiy ifodasi yuqoridagi epizodning mazmun-mohiyatini belgilaydi. Biroq anglashiladiki, Vartragnaning turli xil ko‘rinishda, jumladan, uning echki qiyofasida jonlanishi bilan bog‘liq epizod o‘zining genetik asosiga ko‘ra arxaik mifologiyaga borib taqaladi. Fikrimizni voqea – sujet dinamikasini ta’minlagan evrilish motivi tasdiqlaydi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, mifologik evrilishning subyekt qiyofasida yuz berish hodisasi totemistik va animis­tik tasavvurlar genezisi zaminida vujudga kelgan bo‘lib, uning mohiyatida tabiatni jonlantirish, ilohiylashtirish, g‘ayritabiiy mavjudotlarni kult darajasiga ko‘tarib, ularga e’tiqod qo‘yish, mifik olamda ruhning bir ko‘rinishdan ikkinchi ko‘rinishga o‘tishi, odamning hayvonda va hayvonning odam qiyofasida paydo bo‘lishi haqidagi ibtidoiy qarashlar mujassamlashgandir.
Odamning hayvonga qiyoslanishi yoki aksincha, hayvonning odam qiyofasidagi mifologik talqini totemistik tasavvurlarga asoslanadi va ramziy ma’no kasb etadi. Bunday tasavvurlar afsonalar shaklida ko‘p asrlar mobaynida kishilar o‘rtasida yashab keldi. Shu jihatdan olganda aytish mumkinki, qadimgi insonning «Odam va ibtidoiy ongda undan ajralmaydigan hayvonlarning paydo bo‘lishi» haqidagi falsafiy qarashlari, badiiy tafakkuri bevosita totemistik miflar shaklida ifodalangan. Totemistik miflar, asosan, ideologik funksiya bajaradi. Binobarin, uning vujudga kelishi, yashash shakli va mazmuniy mohiyati din va qadimgi insonning e’tiqodiy qarashlarini, tasavvurlarini ideallashtirishga va targ‘ib etishga qaratilgandir. Shuning uchun ham qadimgi inson dunyoqarashi mif bilan bog‘liqdir.
Totemistik miflarda ba’zi hayvonlar kishilarga qondosh, ajdodboshi, yaratuvchi, homiy va xaloskor kabi g‘ayritabiiy sifatlarda talqin etiladi. Binobarin, bu kabi sifatlar bilan e’zozlangan hayvon «totem» hisoblangan. Mazkur tasavvurlar natijasi o‘laroq, muayyan bir hayvonni totem sanagan qavm yoki qabila shu hayvonning ideal qiyofasini ilohiy tavsiflar vositasida, ramziy belgilarda «ijod etgan».
Endi asosiy maqsadga ko‘chib, yuqorida tilga olingan echki – takaning totemlik mohiyati haqida hikoya qiluvchi turkiy xalqlar og‘zaki ijodida mavjud afsonalar xususida fikr yuritish o‘rinlidir.
Afsonalarning bayoniy matnidan anglashiladiki, qadimda turkiylar tarkibiga kiruvchi ayrim urug‘lar o‘z sulolalarining ibtidosida ajdodboshi – echki totemining mavjud bo‘lganligiga ishonadilar. Ta’kid joizki, turkiy qavmlar tulup urug‘laridan birining taka deb nomlanishini ham shu bilan izohlash mumkin. Shuningdek, ko‘kturklar tangrisining to‘rt rang bilan to‘rt urug‘ni tamsil etgan to‘rt o‘g‘lidan biri Yashil Xon itoatidagi urug‘ echki – takani o‘z totemi deb qabul qilgan va unga nisbatan qondoshlik munosabatida bo‘lgan. Echki – takaning ajdodboshi, «yaratuvchi», homiy va xaloskor sifatidagi talqini yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Oltoy turk­larining «To‘fon» haqidagi mifologik afsonalarida ham uchraydi.
Diqqatni tortadigan jihati shundaki, islom mifologiyasidan farqli o‘laroq, Oltoy asotirlarida to‘fon xabarini birinchi bo‘lib temir shoxli, ko‘k yolli taka yetkazadi. Bu o‘rinda echki – takaning «temir shox» va «ko‘k yol» sifatiy belgilarda talqin etilishi uning afsonaviy mavjudot ekanligidan darak beradi. Ko‘rinadiki, ko‘k taka oltoyliklar e’tiqodiga ko‘ra ko‘kdan ingan yaratiq. U ko‘rinmaslar olamidan xabar keltiruvchi, kelajak xavf-xatarlarini oldindan sezuvchi najotkor va xaloskor mifik mavjudot. Shu boisdan ham u o‘zi asos solgan qavm yoki qabilani turli xil balo-qazolardan omon saqlab qolishga, yovuz kuchlar tahdid solganda esa uning tinchligi va barqarorligi yo‘lida dadil kurash olib borishga bel bog‘laydi. Bu, albatta, totemlarga xos xususiyat. Ayni paytda mifik hodisalarga nisbatan ibtidoiy insonning subyektiv qarashi, ya’ni boshqacha qilib aytganda, ibtidoiy-sinkretik tafakkurning
real ifodasidir. Chunki mifologik e’tiqodlar relekti hal qiluvchi rol o‘ynagan davrlarda ibtidoiy odam mifologik obrazlarning g‘ayritabiiy xususiyatlarini (bizningcha, uydirma) haqiqat deb bilgan. Real hayot nuqtai nazaridan yondashganda bu xususiyatlar kishini ishontira olmaydi. Ayni tasavvur asotirlarda echki – takaning totemlik mohiyatini ilohiylashtirgan, ideallashtirgan, nihoyat, uni najotkor va xaloskor mifik qahramon sifatida ezgulik, mardlik, kuch va qudrat ramziga aylantirgan. Biroq asotir (mif)larda uning bajargan funksiyasi reallik kasb etmaydi. Binobarin, uning funksional harakatlari ideologik munosabatlar maqsadiga bo‘ysundirilgan bo‘lib, mohiyatan o‘z davrining totemik e’tiqod va tushunchalarini mustahkamlashga qaratilgan. Xuddi ana shu asos echki – taka personajining totemistik miflarda tutgan o‘rni, vazifasi, semantikasi, shuningdek, ertaklargacha bo‘lgan o‘sish, o‘zgarish evolyutsiyasiga tarixiy nazar tashlash imkonini beradi.
Shuni aytish kerakki, hayvonlar haqidagi mif yoki afsonalarni ertakka ko‘chish jarayonining boshlanish nuqtasi totem personajlar funksiyasi va semantikasida keskin o‘zgarish yasadi. Bu jarayon jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda ibtidoiy inson tafakkurining rivojlanishi va takomili bilan bog‘liq tarixiy bosqichlarni o‘z ichiga oladi.
Ta’kid joizki, chorvachilik munosabatlarining tarmoq sifatida shakl­lanishi totem sanalgan hayvonlarning yaratuvchi va homiyligi haqidagi diniy e’tiqodlarni zaiflashtirib yubordi. Natijada qadimgi afsona, rivoyat va hayvonlar haqidagi bayoniy hikoyatlar mifologik tushunchalardan xoli bo‘la boshladi. Mifik hodisalar ichida harakat qiluvchi totem personaj o‘zining mifologik vazifasini yo‘qotib, badiiy ijodning ijtimoiy-estetik talablariga moslasha bordi. Shu tariqa personajlarning ijtimoiy xarakterida ideologik munosabatlar o‘rnini estetik zavq berish vazifasi egalladi. Yuqorida biz tilga olgan ta’kidlar, albatta, yetakchi personaj echki – takaning genetik asosi va tarixiy taqdiriga oydinlik kiritadi.
Ma’lum bo‘ladiki, hayvonlar haqidagi ertaklarda ishtirok etuvchi asosiy qahramon echki – taka obrazi totem personajlar negizida, aniqrog‘i o‘zining dastlabki, mifologik zaminidan uzilgan holda vujudga kelgan. Chunonchi, mazkur turdagi ertaklar o‘ziga xos xususiyati, voqelikni aks ettirish nisbati, eng muhimi, ijtimoiy xarakteriga, asosan, tarkibida mifik hodisalarning dastlabki – ilk mazmunini singdira olmaydi. Shu bois, personajlarning shakliy va mazmuniy ifodasi hamda bajaradigan vazifasi (funksiyasi) o‘zining arxaik, mifologik zaminidan, xususiyatlaridan uzoqlashgani holda badiiy ko‘chim doirasiga tushgan va moslashgan.
Shunga muvofiq, mif va ertaklarda echki – taka personajiga xos asosiy xususiyatlar bir-biridan kes­kin farqlanadi. Bu farqlilik, ayniqsa, uning homiylik xususiyatlarida o‘z ifodasini topgan.
Homiylik – mifda ham, ertakda ham totem yoki yetakchi personajning harakat yo‘nalishini belgilovchi asosiy xususiyat sifatida ko‘zga tashlanadi. Biroq bu xususiyat mif va ertak personajlari tabiatida o‘ziga xos tarzda amal qiladi. Uning mifdagi ifodasi totem (yetakchi) personajni g‘ayritabiiy qudratga ega yaratuvchi, homiy sifatida reallashtirishga va gavdalantirishga qaratilgan. Masalan, «To‘fon» afsonasidagi takaning g‘ayritabiiy tarzda ko‘k – samodan inishi va ko‘rinmaslar olamidan xabar keltirib, odamzodni to‘fon halokatidan ogohlantirishi bilan bog‘liq homiylik harakatlari fikrimizning yaqqol dalili bo‘la oladi. Ertaklarda esa bu xususiyat sujet chizig‘ida voqealar dinamikasini ta’minlash va personajlar harakatini boshqarish uchun xizmat qilgan. Shu o‘rinda izoh berib o‘tish joizki,
asotirlar semantikasiga xos mifologik homiylik tushunchasini ertak personajlari aynan qabul qilgani yo‘q, balki o‘z imkoniyati, tabiati va talablari darajasiga moslashtirib qabul qildi. Shunga muvofiq, miflardagi totemistik homiylik ertaklar tarkibida himoyachi shaklida o‘zlashgan. Ana shu asoslarga ko‘ra, turkiy miflardagi totem personaj – echki – takaning ertaklar tarkibidagi badiiy ko‘chimi homiy sifati bilan emas, balki himoyachi talqinida aks ettirilgan.
Mifologik homiy – totem personajlarning ertak­lar tarkibiga himoyachi shaklida o‘zlashishi tarixan jamiyat taraqqiyotining muayyan talablari doirasida sodir bo‘lgan. Tabiiyki, bu hol ularning funksional mazmuniga ham sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan. Agar har ikki holatda, ya’ni mif va ertaklarda qatnashuvchi yetakchi personajlarning funksional mazmuniga diqqat qilinsa, ular o‘rtasida muayyan tafovutlar mavjudligi ma’lum bo‘ladi.
Masalan, asotirlarda totem personajlarning homiylik harakatlari bilan bog‘liq funksiyasi ibtidoiy-sinkretik mafkuraning ustuvorligi, barqarorligi va g‘olibligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, ularning ertak­lar tarkibiga ko‘chgan (namunasi) funksiyasi chorvachilik munosabatlari bilan bog‘liq ibtidoiy jamiyatning ideal g‘oyalarini badiiy tafakkur doirasida targ‘ib etishga bo‘ysundirilgandir. Binobarin, chorvachilik – ibtidoiy kishilarning asosiy iqtisod manbaiga aylangan bir davrda ertaklar sujetidagi real voqelik odam uchun ko‘proq foyda bergan uy hayvonlarini ijobiy tavsiflarda talqin etish, aniqrog‘i, ideallashtirish, zarar keltiruvchi yirtqich hayvonlarga nisbatan esa tanqidiy munosabat bildirish vazifasi hayvonlar haqidagi ertaklarda yetakchi personaj qiyofasida o‘zining badiiy ifodasini topdi.
Hayvonlar haqidagi ertaklarning asosiy qahramoni, yetakchi personaji echki – taka obrazi bilan ajralib turadi. «Echkining o‘ch olishi», «Botir echki», «Buzoq, echki, qo‘zi», «Echki, qo‘y va bo‘rilar», «Och bo‘ri» kabi ertaklarda echki personajining xarakterli xususiyati badiiy talqinlarda ifoda etilganligi bilan o‘ziga xoslik kasb etadi.
Bu xil ertaklar mazkur tipdagi personajlarning o‘ziga xos xarakterli xususiyat va ramziy sifatlarda talqin etilganligi bilan farqlanadi. «Echki ertaklarda aqlli, tadbirkor va o‘ta chaqqon. U har qanday qiyin vaziyatda ham g‘alaba qiladi, qo‘y -qo‘zilarni o‘limdan saqlab qoladi»1. Bo‘ri changaliga tushgan echki unga qarab shunday debdi: «Men sizni hofiz deb eshitib yurardim. Endi hofizlik qilsangiz, tovushingizni eshitayin, undan keyin yesangiz armonim qolmaydi. Shundan keyin bo‘ri xotirjam bo‘lib, hadeb g‘ingshiy beribdi. Bo‘rining tovushini eshitib, to‘rtta it yetib kelibdi va bo‘rini oldiga solib quvib ketibdi»2.
Ko‘rinadiki, mazkur ertakda ibtidoiy ovchi yoki chorvadorning kuchsizni kuchlidan, xo‘jalik turmushida naf keltiradigan, shuningdek, ozuqa sifatida foydalaniladigan uy hayvonlarini vahshiy, yirtqichlardan himoya qilishga qaratilgan maqsadlari, orzu-o‘ylari yetakchi personaj – echkining xatti-harakatlarida o‘z ifodasini topgan.
«Echkining o‘ch olishi» 3 ertagidagi mavjud yetakchi personaj (ona echki)ning harakat va munosabati ham shundan dalolat beradi. Mazkur ertakda yetakchi personajga xos donolik, ayyorlik, omilkorlik, zukkolik va tadbirkorlik kabi xususiyatlarni bo‘rttirish maqsadida shartli voqea, harakat va munosabatlar qo‘llanilgan. Binobarin, butun fikri-zikri bolalarini boqish bilan band bo‘lgan ona echkining mehribonligi, uning muloyim ovozi bilan bolalarni ashula aytib chaqirishi, qonxo‘r va yirtqich bo‘riga yem bo‘lgan uch bolasi uchun o‘ch olishga bel bog‘lashi, so‘ngra, aql, ayyorlik, shumlik va tadbirkorlik bilan ish ko‘rib ochko‘z bo‘rini turli xil og‘riq-azoblarga giriftor qilishi, oxir-oqibatda ana shu azob-uqubatlar ichida o‘ldirishi bilan bog‘liq epizodik voqealar tafsiloti yuqoridagi fikrlarning yorqin dalilidir.
Yetakchi personajning asosiy xususiyatlaridan yana bir muhim tomoni – uning yo‘lboshchilik harakatlarida ko‘zga tashlanadi. U o‘ziga ishonadi, harakatlari erkin, u yoki bu tadbirni aql ko‘zi bilan belgilaydi. U nafaqat o‘zini, balki o‘z atrofidagi maslakdosh do‘stlari manfaatini ko‘zlab ish tutadi, qiyin vaziyatdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi, ularning har bir xatti – harakatini boshqaradi. Ko‘rinadiki, bu kabi tafsilotlar echki va echki tipidagi personajlarning yo‘lboshchi sifatidagi o‘ziga xos xususiyatlarini, qiyofasini yaqqol namoyon etadi.«Botir echki»1 ertagida tasvirlanishicha, ochlik va qiyinchilik azobidan bezigan echki safarga chiqadi. U yo‘lda dastlab sovluq qo‘yga duch keladi. Ular o‘zaro dardlashib tog‘ tomonga borish maslahatini qiladilar. Yo‘lda ular ho‘kizni uchratadilar. Echkining niyati ho‘kizga ham ma’qul tushib, ular bilan birga borishga ahd qiladi. Toqqa yetib borishgach, keng yaylov bag‘rida hayot kechira boshlashadi. Biroq kunlardan bir kuni echki, sovluq qo‘y va ho‘kiz kutilmagan tasodif tufayli bo‘ri, arslon, tulki, qoplon, sher va yo‘lbars kabi vahshiy, yirtqich hayvonlar to‘dasiga tushib qoladilar. Ammo echkining tadbirkorligi, qo‘llagan hiyla-nayrangi, dono va dadil harakatlari ularni yirtqichlar hujumidan omon saqlab qoladi.
Vahshiy hayvonlar ikkinchi bor hujum qilganlarida ham dono echki zukkolik bilan ularga qarshi tadbir qo‘llaydi. «... Echki ularning kelayotganini bilibdi. Echki darrov qo‘y bilan ho‘kizning oldiga kelib, ularni chinorga chiqarib yuboribdi...O‘zi bir balandlikka chiqib turibdi. Echki qo‘y bilan ho‘kizga agar haligi vahshiy hayvonlar bizni izlab topolmay, shu yerda o‘tirib qolishsa, qattiq ovoz qilib chinordan o‘zlaringni tashlanglar, deb gap o‘rgatgan ekan»2. Shu tariqa echki do‘stlari sovluq qo‘y bilan ho‘kizning harakatlarini oqilona boshqarib, birgalikda vahshiy hayvonlar ta’qibidan qutulib qolishibdi.
Ko‘rinadiki, mazkur tipdagi ertaklarning o‘ziga xos belgilaridan biri yetakchi personajlarga xos xatti-harakat va munosabatlarning badiiy umumlashmalar vositasida bo‘rttirilib, ideallashtirilib talqin etilganligida namoyon bo‘ladi. Chunonchi, bu o‘rinda yetakchi personajlarni aqlli, uddaburon va tadbirkor sifatida talqin etish maqsadi, birinchidan, dastlab qabila yoki urug‘ a’zolari orzu-irodasini ifodalashga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchidan, yashash uchun kurash qonuniyati umumiy asoslarining hayotiy mohiyatini izohlashga bo‘ysundirilgan. Binobarin, ertaklardagi echki – taka singari yetakchi personajlar, dastavval totemik e’tiqodlar ustuvorligi zohir bo‘lgan davrlarda mifologik qudratga ega bo‘lgan yaratiq sifatida e’zozlagandir.



Download 140.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling