I bob. Hayvonlar haqidagi ertaklarning uslub mezonlari va talqiniga xos asosiy xususiyatlar I hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari I


I.2. Hayvonlar haqidagi ertaklar personajlari tarkibining funksional xususiyatlari


Download 140.2 Kb.
bet4/12
Sana22.02.2023
Hajmi140.2 Kb.
#1220992
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
Hayvonlar haqidagi ertaklarda obrazlar tarkibi va talqini”

I.2. Hayvonlar haqidagi ertaklar personajlari tarkibining funksional xususiyatlari
Xalq ertaklarida personajlar tarkibi va talqiniga xos asosiy xususiyatlarni tasnif etish nazariy masalalardan biri bo‘lib, uni tadqiq etish jiddiy izlanishni talab etadi.Zero, personajlar tarkibi va talqiniga xos asosiy xususiyatlarni belgilash maqsadi janr tasnifining muayyan qismlaridan biri sanaladi1. Shuning uchun ham biror janrni belgilash maqsadi bilan amalga oshirilgan har qanday tasnif o‘sha janr belgilari, personajlari tarkibi, tabiatini aniqlash, ichki turga bo‘lishda alohida ahamiyat kasb etadi. Ana shu fikrdan kelib chiqib ertaklarni tasnif etish va personajlari tarkibini belgilashda mashhur folklorshunos olim V.Y.Proppning quyidagi fikriga amal qilish kerak bo‘ladi. U dastlab e’tiborni bir janrga mansub asarlarni jamlovchi uch asosiy belgiga qaratadi. Bular «poetik tizimning yaxlitligi, maishiy yo‘nalganligi, ijro shakli va muzikaga munosabati2dir.
Ma’lumki, ayrim ertaklarni bir-biridan uzoqlashtiruvchi yoki o‘zaro yaqinlashtiruvchi belgilar tasnifga mos keladi yoki aksincha, monelik qilib qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun ham alohida ahamiyatga ega bo‘lgan muhim belgini aniqlash, uning o‘zgarmay birdek tura berishi yoki o‘zgaruvchanligiga e’tibor berish, har xil talqin etilishiga imkon bermaydigan bo‘lishiga diqqat qilish kerak3. Shundagina tasnif aniq va mukammal chiqadi.
Tasnif uchun dastlab ertaklarni aniq va to‘liq belgilash, ichki turlarning o‘zaro farqini aniqlash, bir-biriga ta’siri, yashash, rivojlanish jarayonida birining ikkinchisiga tobelik mezonini oydinlashtirish kerak bo‘ladi.
Nasriy turning mustaqil janrlaridan biri ertaklardir. Ertaklarning ichki turlari, genezisi, obrazlar tizimi, sujet asosida mavjud fantastikaning daraja-miqdoriga ko‘ra o‘zaro farqlanadilar, Biroq, badiiy-estetik funksiyani ado etishi bilan tenglashadilar.
Demak, poetik tizimning yaxlitligi turli xil ertaklarni bir-biri bilan bog‘lab turadi yoki bir butun holda umumlashtiradi. Demak, ertaklarning yaxlit poetikasi, xususan, xayoliy va hayotiy uydirmalar uning asosiy va hal qiluvchi janriy belgilaridan sanaladi.
Ichki turga oid ertaklarning bir-biriga yaqinligi, shakliy tuzilishi, tabiatining o‘xshashligi bir vaqtda yuzaga kelgani, yonma-yon yashab, o‘zaro ta’sir jarayonida rivojlanganidandir. Hayvonlar haqidagi ertaklarning sujet tuzilishi, o‘ziga xos xususiyati bilan sehrli ertaklarga yaqin turadi. Har ikki xil tipdagi ertaklarning fantastikaga asoslanishi ularni o‘zaro tenglashtirsa hamki, birining personajlari aql-idrok bilan, ikkinchisining obrazlari jismoniy kuch, sehr-jodu yordamida faoliyat ko‘rsatishi bilan o‘zaro farqlanadilar. Obrazlar tizimi ham har ikkisida boshqa-boshqa. Birida voqea va hodisalar hayvon bilan hayvon orasida, ikkinchisida esa odam bilan odam o‘rtasida kechadi. Bu belgi har ikki tip ertakni o‘zaro tafovutlab turadi va tasnifni yengillashtiradi. Shuningdek, u yoki bu hayvonning timsoliy ma’no kasb etishi ham hayvonlar haqidagi ertaklarga mos belgi sanaladi. Sehrli ertaklarda hayvon personaj shartli ifodalangan bo‘lib. aslida u jodu kuchi bilan sehrlanib, hayvon qiyofasiga evrilgan qahramon bo‘lib chiqadi. Bu xil personajlar mazkur tip ertaklar tabiati bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan va o‘zaro farqni oydinlashtirgan.
Hayvonlar haqidagi ertaklar orasida «O‘tinchi chol bilan tulki», «O‘tinchi bilan sher», «Bo‘ri bilan mergan», «Kampir bilan shoqol», «Cho‘pon bilan ilon», «Tulkiboy» kabi ertaklar alohida guruhni tashkil etadilar. Bu xil ertaklarda boshqa guruhga mansub, belgi, didaktik ma’no kasb etgan obraz, motiv, epizodlarning qorishib kelish hodisasi kuzatiladi.
Aytish mumkinki, mazkur tip ertaklar ma’lum ma’noda rivojlanishi, xususan, farqli belgilarining shakllanishi nihoyasiga yetmay qolgan ertaklardir. Bu xil ertaklarning obrazlari tipiklik darajasiga borib yetmagan, sehrli ertaklarning dastlabki, qorishiq, o‘zida u yoki bu ertak turiga xos xususiyatlarni tashigan, rivojlanishi to‘xtagan oraliq tipi hisoblanadi. Bu xil ertaklar sehrli ertaklar bilan hayvonlar haqidagi ertaklar orasida qolib, o‘zida har ikki turga mansub xususiyatlarni tashigan namunalardir. Bu hodisa mazkur turlarga oid ertaklarning qadimiyligidan, qolaversa, hayvonlar haqidagi ertaklar bilan birga yashab ta’sir o‘tkazganidan kelib chiqqan.
Tarixiylik nuqtai nazardan tekshirganda ham ichki turga mansub ertaklar o‘zaro farqlanadi. Chunonchi, hayvonlar haqidagi ertaklar bilan sehrli, maishiy ertaklar badiiy-estetik funksiyasi va voqelikka munosabati, ertakchi bilan tinglovchining ertak voqealarga ishonmasligi, uydirma, yolg‘on deb munosabat bildirishi bilan o‘zaro tenglashadilar. Biroq, voqelikni aks ettirish prinsipiga kelganda esa o‘zaro alohidalik kasb etadilar. Sehrli ertaklar bilan hayvonlar haqidagi ertaklar fantastika, xayoliy uydirmalarga asoslanishi bilan maishiy ertaklardan farqlanadilar, maishiy ertaklar esa hayotiy uydirmalar asosiga qurilganligi bilan ajralib turadilar.Ichki turga mansub ertaklar mavzusi, kompozitsion qurilmasi, obrazlar tizimiga ko‘ra ham o‘zaro farqlanadilar. Maishiy ertaklarda konflikt ijtimoiy-siyosiy ma’no kasb etib, yechimi urushsiz, ma’naviy to‘qnashuvlarda yuz beradi. G‘alaba qahramonning aql-idroki, tadbirkorligi tufayli amalga oshadi. Bu belgi sehrli ertaklarda yovuzlikning ezgulikka zid qo‘yilishida namoyon bo‘ladi. Konflikt ijtimoiy ma’no kasb etib, yechim jismoniy to‘knashuvlarda hal etiladi. Mazkur tip ertaklarda obraz, motiv, badiiy uydirmalarning tipologik o‘xshashligi yoki o‘zaro yaqinligi, bir vaqtda, bir-biriga parallel yashab kelgani, nihoyat g‘oyaviy-badiiy prinsipining yaqinligi va o‘zaro ta’sirning kuchliligi, bir-biri bilan bog‘liq holda yashagani, rivojlanganidan kelib chiqqan.
Ma’lum bo’ladiki, guruhlarga mansub ertaklar barqaror belgilari bilan o‘zaro farqlanib, har biri alohida turkumni tashkil etish imkoniga ega. Ba’zi tasniflarda hayvonlar haqidagi ertaklarni majoziy ertaklar deb atash va tahlil qilish prinsipi1 ko‘zga tashlanadi. Ildizlari eng qadimgi ibtidoiy jamiyatga borib taqaladigan mazkur turkumga doir ertaklarni ko‘pchilik ertakshunoslar hayvonlar haqidagi ertaklar atamasi bilan yuritishni ma’qul ko‘radilar. V.Y.Propp bu haqda shunday fikrni ilgari suradi. Keyingi
vaqtda «ertaklardagi hayvonlar deganda, masallarda bor bo‘lgan odamlar tushuniladi degan fikr tarqalgan. Bunday tushuncha shubhasiz, xato fikrdir. Ertaklar masallardan farqli o‘laroq, majoziylikdan mutlaqo holi2. Folklorshunos olima V.A.Baxtinaning fikricha, hayvonlar haqidagi ertaklarda bor bo‘lgan ko‘chma ma’no istiora va ramzni o‘z ichiga olgan3.
Ma’lumki, hayvonlar haqidagi ertaklar ibtidoiy ovchi, chorvadorning kuzatishlari, dualizm tartiblari zamirida tashkil topgan. Ertaklarning bu xili dastlab parranda, darrandalarning g‘ayrioddiy ko‘ringan harakati, belgi-xususiyatlarini hikoya qilgan. Uning hayvon-personajlari esa insoniy nutqda so‘zlab, munosabatda bo‘ladi. G‘alati, notabiiy ko‘ringan bu hodisa ibtidoiy kishilarning o‘simlik, hayvon va odamlarni bir narsa4 deb bilishdan boshlangan. Ertaklarda hayvonlarning zoomorf, antropomorf qiyofalarda ta’riflanishi shundan dalolat beradi. Shunday qilib, ibtidoiy kishilarning u yoki bu parranda, darrandani odam deb bilishi «inson zoti o‘limidan so‘ng o‘z totem hayvoniga aylanadi5, - deb tushunishi zaminida yuzaga kelgan.
Ko‘rinadiki, hayvon personajlar inson bilib-bilmagan holda ramziylikni kasb etgan. Shunga qaramasdan, ularda mavjud insoniy harakat, munosabatdan ko‘ra hayvoniy harakat va xususiyatlar ustunlik qiladi. Qolaversa, ertakdagi obrazlar tipiklik darajasiga ko‘tarilgan emas. Shuningdek, mazkur tip ertaklar mazmunida qadimgi ovchi, chorvadorning tajribalari, maqsad-orzulari hamda oilaviy-maishiy hodisalarning kuchli ta’siri o‘z ifodasini topgan.Demak, bo‘rining ungurga bekinishi, dumba deb qopqonga tushishi, gala bo‘lib hujum qilishi, otning orqa oyoqlab tepishi yoki bo‘rini hidlab ko‘rishi, ho‘kizning bo‘rini suzib qulatishi kabilar real, hayotiy hodisalardir. Bunday holat hayvon personajlar talqinida ramziylikdan ko‘ra hayotiylikni aniqroq ifodalaydi.
Ertaklarda harakat qilgan buzoq, ho‘kiz, qo‘y, echki, tulki, it, ilon, turna, ot singari yetakchi obrazlarning totem, kult zamirida tashkil topganligi harakat, munosabatida sezilib turadi. Darhaqiqat, mazkur personajlar o‘ta dono, tadbirkor sifat tavsiflanadi.
Ko‘rinadiki, bu xil belgilar bo‘rttirilgan va shartli ifodalangan. «Botir echki», «Tulkiboy», «Susambil», «Ovchi, ko‘kcha va dono» kabi ertaklarning yetakchi obrazlari ramziylik zaminida yaratilgandir.
Qarshi qo‘yilgan raqib obrazlarni ham ibtidoiy jamoa tartibotlari, chorvachilik tuzumi bilan bog‘liq holda shakllangan timsoliy personajlardir. Dastlab totem sanalgan, ayni paytda, chorvadorga zarar keltirgan bo‘ri, sher, ayiqlar dual jamoa ta’sirida o‘ta qonxo‘r, laqma sifat ta’riflangan. Demak, mazkur tip ertaklarni hayvonlar haqidagi ertaklar deb nomlanishi tabiiydir, ularda mavjud ko‘chma ma’no ramziylikni kasb etgan. Obrazlarining shartli talqini shundan dalolat beradi.
Avval ta’kidlab o’tganimizdek, ertak nasriy tur janrlari o‘rtasida yetakchi o‘rin tutadi. U rivoyat bilan naql janriga yaqin turadi. O‘zaro ta’sir esa mazkur janrlarni ertaklarga yaqinlashtirgan, o‘rtadagi farq qisqargan. Shunga qaramasdan, ichki turga mansub ertaklarning har biri alohidalik kasb etgan. Bu o‘rinda, ayniqsa, hayvonlar haqidagi ertaklar alohida diqqatga sazovordir.
Hayvonlar haqidagi ertaklar xalq ertaklarining alohida ichki turlaridan biri hisoblanadi. Hayvonlar haqidagi ertaklar sujeti ixcham, bir yoki ikki epizoddan tashkil topib, voqelikni aniq, lo‘nda ifodalaydi. Voqealar xayoliy uydirmalar asosiga qurilgan, hajviy ma’no kasb etgan. Ba’zan sujet bir epizod takroridan paydo bo‘ladi. Bunday hodisa obrazlar harakati, munosabatiga urg‘u beradi, markaziy g‘oyani yoritadi. Har bir epizod yakunlangan. Ular bir-birini to‘ldiradi. Voqealar to‘qnashuv asosiga qurilgan. U qarshi qo‘yilgan timsoliy obrazlar qiyofasini to‘ldirib, xarakterli xususiyatini bo‘rttiradi. «Bo‘ri bilan tulki» ertagining birinchi epizodida bo‘ri bir bo‘lak go‘sht tishlab kelayotgan edi. Tulki: bo‘rivoy qayerdan kelayapsan? Bo‘ri: Popdan, deb og‘zidagi go‘shtni tushirib yuborishi bilan tulki ilib ketadi. Dialog ayyorlikni fosh etib, bo‘ridek ovsar, allegorik obrazni achchiq kulgi ostiga oladi, paydo bo‘lgan komizm yengilgan bo‘ri holatida yuz beradi. Epizod takrorlanadi. Endi tulki go‘sht tishlab kelayotgan edi. Bo‘ri: -tulkivoy, qayerdan kelayapsan? deb, so‘raganda u Popdan deyish o‘rniga, go‘shtni mahkam tishlagan holda G‘ijduvondan, deb qochib qoladi.
To‘qnashuv takror epizodda o‘ta ayyorlik, kaltafahmlik illatlarini bo‘rttiradi, hajv qiladi. Bu xil ertaklarda qatnashgan ayrim personajlar – ma’lum ma’noda shakllangan, ramziy tiplar. Bo‘ri – laqma, ayni paytda qonho‘r, echki – oqil, tadbirkor, tulki o‘ta ayyor, qallob kishi qiyofasini aks ettiradi. Ramziy obraz talqinida hayotiy belgi bilan poetik to‘qima uyg‘un keladi. Bu esa hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatini belgilaydi. Tulki kuchsiz hayvon bilan to‘qnashganda yovuz, pismiq, salbiy obraz sifatida harakat qiladi. U bo‘ri bilan zid kelganda, makkor, tilyog‘lama, dog‘uli obrazida paydo bo‘ladi. Bo‘ri – yovuz, qonho‘r, Biroq, laqma. Bu uni mazax qilish uchun qo‘llangan belgi. Ertakdagi tanqid masxara qilish orqali ifodalangan, hayvonlarga xos harakat bilan insoniy munosabatlar uyg‘unligi obrazni allegorik ma’no bilan ta’minlab, dramatik vaziyatlar yaratadi.Sifatlash narsa, hodisa, obrazning o‘ziga xos belgilarini aniqlab ko‘rsatadi. Kirish qismda ta’riflangan «serka bobo», «botir echki», «ayyor tulki», «ola qarg‘a azonchi», «qora qarg‘a qozonchi», «dumi kalta bo‘ri bor», «och bo‘ri», «boboq xo‘roz» kabi hayotiy belgilar uydirma bilan o‘zaro uyg‘unlashib obrazning xulq-atvori, xatti-harakati, qiyofasining ayrim belgilarini, xususan, majoziy ma’nosini aniq ifodalash imkonini beradi. Epitet mazkur tip ertaklarning ta’sir kuchini oshiradi, majoziy obrazning tabiati, o‘ziga xos xususiyatini oydinlashtiradi, xarakterli obraz yaratadi. «Shum tulki», «Qo‘tir echki», «Qirchang‘i ot», «Qing‘ir shox ho‘kiz», «Qirq quloqli qozon» kabilar. Narsa va hodisa belgilarini yoritib, mazmunini chuqurlashtiradi, ta’sir kuchini oshiradi. «Bog‘ning torgina ombori bor edi», «ko‘m-ko‘k o‘t», «tiniq suvli ko‘l», «ser o‘t ko‘m-ko‘k vodiy», «barra maysa» kabilar jonli manzara yaratadi.
Mazkur turdagi ertaklar boshqa tur ertaklaridan o‘ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladi. Bu farqlilik personajlar tarkibi va talqini, g‘oyaviy mazmuni, konfliktlar xarakteri, badiiy – kompozitsion qurilishi, sujet tarkibi, fantastik uydirmalarning o‘rni va vazifasi, tili va uslubiy xususiyatlarida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etishda asar tarkibini ilmiy asosda yaxlit o‘rganish va tahlil qilish maqsadga muvofiqdir. Bu borada V.P.Anikin, E.V.Pomeranseva, V.Y.Propp, M.I.Afzalov, K.Imomov, G‘.Jalolov, X.Egamov kabi qator yetakchi folklorshunos olimlarning nazariy qarashlari va xulosalaridan kelib chiqish lozim. Ularning bu fikrlari biz tadqiq etmoqchi bo‘lgan masalalarning mohiyatini to‘g‘ri va chuqur anglab yetish imkonini beradi.
Bu o‘rinda dastavval personajlarning funksional tarkibi xususida to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Binobarin, mazkur turdagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilish maqsadi birinchi galda personajlar tarkibini tadqiq etish bilan bog‘liq ba’zi masalalarga oydinlik kiritish vazifasini qo‘yadi. Shuni aytish kerakki, ertak personajlarining funksional tarkibi murakkab masala bo‘lib, u ertakshunoslikda ichki turlar xususiyatini belgilashda katta ahamiyat kasb etadi. Binobarin, personajlarning vazifasiga ko‘ra tarkibiy tizim bilan bog‘liq masala ertak qahramonlarining sujet yo‘nalishida tutgan o‘rni, voqelikka munosabati va badiiy ta’siri kabi bir qancha masalalarni qamrab oladi. Shunga ko‘ra, personajlarning funksional tarkibi tadqiqini xatti-harakat, holat, xususiyat va munosabatlar dialektikasi asosida tahlil etish maqsadga muvofiqdir. Bu borada taniqli rus folklorshunos olimi V.Y.Proppning ilmiy – nazariy xulosalari e’tiborga loyiqdir. U o‘zining «Ertaklar morfologiyasi»1 nomli monografik ishida sehrli ertaklar personajlarining funksional tarkibini ularning harakat doirasiga ko‘ra muayyan guruhlarga ajratib tasnif qiladi va har bir guruhni izohiy alomatlariga asoslanib tahlil qiladi. Jumladan, uning kuzatishicha, sehrli ertaklarda personajlarning funksional tarkibi ularning harakat doirasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
1) Qarama-qarshi, zarar yetkazuvchi kuchlar harakat doirasi: zararkunandalik yoki xavf solish, qahramon bilan jang qilish yoki turli shakllarda kurash olib borish, ta’qib qilish kabi vazifalarni qamrab oladi.
2) In’om etuvchi yoki hadya etuvchi qahramonlar quyidagi funksiyalarni o‘z ichiga oladi: sehrli vositalarni taqdim etishga hozirlik ko‘radi, qahramonga sehrli buyumlar in’om etadi.
3) Yordamchi kuchlar harakati. Musibat (falokat) yoki qashshoqlikni bartaraf etish, og‘ir vaziyatlarda yordam berish, ta’qiblardan himoya etish, mushkul masalani hal etishda ko‘maklashish kabi funksiyalarni o‘z ichiga oladi.
4) Malika va malika otasining harakat doirasi. Bu quyidagilarni qamrab oladi: mushkul vazifa topshiriladi, tamg‘alash, qoralash, topqirligini aniqlash, ikkinchi zarar keltiruvchini jazolash, to‘y va shu kabilar.
5) Yo‘llovchi (jo‘natuvchi, yuboruvchi)lar harakat doirasi. Faqat yo‘llash (yuborish) vazifasida keladi.
6) Bosh qahramon harakat doirasi. Quyidagilarni qamrab oladi: qidiruv uchun yuboriladi (izlab topish uchun yo‘lga tushadi), hadya (in’om) etuvchi tomonidan qo‘yiladigan talablarga javob, to‘y va shu kabilar.
7) Yolg‘onchi qahramon harakat doirasi. Yuqoridagi guruh vakillari singari qidiruv uchun yuboriladi, biroq hadya etuvchi tomonidan qo‘yiladigan talablarga har doim salbiy munosabatda bo‘lib keladi. Shu bilan birga, aldash, yolg‘on orqali firib berish uning o‘ziga xos funksional xususiyati sifatida namoyon bo‘ladi.
Demak, yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, sehrli ertaklarda ishtirok etuvchi qahramonlar soni yettita bo‘lib, funksional tarkibiga ko‘ra murakkab tizimga ega1.
Shunga muvofiq, mazkur tipdagi ertaklarning sujeti ham, kompozitsion tuzilishi ham murakkabdir. Bular sehrli ertaklarga xos asosiy xususiyatlarni xarakterlovchi belgilar hisoblanadi. Shu jihatdan olganda V.Y.Proppning tahliliy tadqiqoti muayyan asosda amaliy va nazariy ahamiyat kasb etadi. Binobarin, personajlar tarkibini ma’lum xususiyat va munosabatlardan tashkil topgan funksional hodisa sifatida talqin etish ertakshunoslikni yangi bir tadqiqot uslubi bilan boyitdi, boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, personajlar tahlilini amaliy bosqichdan nazariy bosqichga ko‘tarishga olib keldi. Bu esa ertakshunoslikdagi nazariy qarashlarga suyangan holda va shuningdek, ichki turga oid ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holda ish ko‘rishni talab qiladi.
Agar V.Y.Proppning tahliliy tadqiqot uslubiga asoslanib ichki turga oid ertak personajlarining funksional tarkibini guruhlarga ajratadigan bo‘lsak, ular o‘rtasida o‘zaro mutanosib jihatlar ko‘zga tashlana boradi. Bu mutanosiblik umumiy xususiyatlariga ko‘ra ichki tur ertaklarining barchasida bab-baravar amal qilaveradi. Biroq xususiy jihatlariga ko‘ra personajlar tarkibi ichki tur ertaklarning har birida o‘ziga xos mazmun va mohiyat kasb etadi. Masalan, bosh qahramon yoki boshqa qator personajlarning funksional xususiyati umumiy qarashda barcha turdagi ertaklar personajlari uchun shaklan muvofiq kelsa-da, biroq mazmunan bir-biridan sezilarli darajada farqlanib turadi.
Binobarin, yuqorida keltirib o‘tganimiz – sehrli ertaklar qahramonlarining funksional xususiyati ayrim jihatlarini hisobga olmaganda, boshqa ichki turga oid ertaklar personajlari tabiatiga shaklan yaqin, umumiylik kasb etgani holda mazmunan ayrim o‘ziga xos xususiyatlari bilan farqlanadi. Demak, ma’lum bo‘ladiki, ichki turga oid ertaklar personajlarining funksional tarkibi bilan mazmuniy tarkibi o‘rtasida nomutanosib jihatlar mavjud. Bu yerda mazmuniy tarkib tushunchasi ertaklar personajlariga xos xususiyat, xatti-harakat va munosabatlar majmuining g‘oyaviy, badiiy hamda tavsifiy jihatlarini qamrab oladi. Ammo shu o‘rinda izoh berib o‘tish joizki, personajlarning funksional tarkibi bilan mazmuniy tarkibini bir-biriga bog‘lanmagan hodisa sifatida tushunmaslik kerak. Binobarin, funksional tarkib mazmuniy tarkib bilan bog‘liq holda yashaydi. Qolaversa, personajlarning mazmuniy tarkibi ularning funksional tarkibini belgilab beradi. Bularning hammasi ichki turga oid ertaklar personajlari tabiatida o‘ziga xos tarzda amal qiladi.
Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi qaydlar ertak personajlarining funksional tarkibi va uning asosini belgilovchi mazmuniy tarkib tushunchasi haqida, bizningcha, ma’lum darajada tasavvur tug‘dira oladi. Quyida mazkur fikrlardan kelib chiqqan holda hayvonlar haqidagi ertaklarda qatnashuvchi personajlar tarkibining funksional xususiyatlarini ularning harakat doirasiga ko‘ra qay yo‘sinda va qay tarzda amal qilishi xususida mulohaza yuritiladi.
Hayvonlar haqidagi ertaklar qadimiy ertaklarning ichki turlaridan biri sifatida o‘ziga xos qator personajlar tizimiga ega. «Ularda yirtqich, vahshiy hayvonlar, uy hayvonlari, qushlar, hasharotlar insonlar hayoti bilan bog‘langan holda tasvirlanadi. Ertaklarda hayvonlar, ko‘pincha, o‘zaro yoki insonlar kabi so‘zlashadilar, turli munosabatda bo‘ladilar»1. Mazkur munosabatlar majmui o‘laroq (ertakda) voqealar mazmuni va talabiga ko‘ra hayvonlar turli xil vazifalarni bajarib keladi. Ana shu asos hayvon personajlarning funksional tarkibini xususiyat va talqiniy jihatlariga ko‘ra muayyan guruh atrofida birlashtirish hamda harakat doirasini belgilash imkonini vujudga keltiradi.
Hayvonlar haqidagi ertaklarning personajlari tarkibi funksional xususiyatlariga ko‘ra bir butun yaxlit tizimni tashkil etadi. Ular o‘z mazmuni va amal qilish tartibiga ega. Binobarin, personajlarning funksional tarkibi o‘z o‘rnida asosiy sujet chizig‘ining rivojlanishiga monand joylashgan bo‘lib, ularning ayrimlari sujet chizig‘ida hal qiluvchi o‘rinni egallasa, ayrimlari ertak voqealari davomida muhim burilish yasay olmaydi, biroq sujet rivojiga u yoki bu darajada turtki beradi. Shunga muvofiq, personajlar tarkibi sujet, konflikt va uning yechimida tutgan o‘rni hamda funksiyasiga ko‘ra asosiy va asosiy bo‘lmagan guruhlarga bo‘linadi. Asosiy personajlar guruhi yetakchi va raqib obrazlardan tashkil topadi. Ayni paytda asosiy bo‘lmagan personajlar guruhi ham ikki xil toifani tashkil etadi: yordamchi va hukmdor yoki hokim personajlar.
Xullas, yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda hayvonlar haqidagi ertaklarda ishtirok etuvchi personajlar tarkibini munosabat va harakat doirasiga ko‘ra shartli ravishda to‘rt guruhga bo‘lib tasnif qilish va o‘rganish mumkin:
1. Yetakchi personaj. Ijobiy xususiyatlarga xos sifatlarda talqin etiladi. Ertakarda u, asosan, kuchsizlarni himoya qilish funksiyasi bilan ajralib turadi. To‘g‘rilik, halollik, ezgulik va yaxshilikka rahnamo, ayni paytda, aqliy zukko, tadbirkor. U qobiliyat, iqtidor va imkoniyati jihatidan boshqa perasonajlarga nisbatan yetakchi o‘rinda turadi. Binobarin, u (echki) jabr-zulmlardan qutulish yo‘lini axtarib safarga chiqadi1, donolik, tadbirkorlik bilan harakat qilib, buzoq – buqa, uloq – serka, qo‘zi – qo‘chqorlarni yirtqich hayvon – bo‘rilar galasi changalidan saqlab qoladi2. Shuningdek, do‘stlari boshiga kulfat tushganda dono maslahati va aql-idroki bilan ularga yo‘l ko‘rsatadi3.

Download 140.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling