I bob. Hayvonlar haqidagi ertaklarning uslub mezonlari va talqiniga xos asosiy xususiyatlar I hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari I


I BOB. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARNING JANR TABIATI


Download 140.2 Kb.
bet3/12
Sana22.02.2023
Hajmi140.2 Kb.
#1220992
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
Hayvonlar haqidagi ertaklarda obrazlar tarkibi va talqini”

I BOB. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARNING JANR TABIATI
VA TALQINIGA XOS ASOSIY XUSUSIYATLAR
I.1.Hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari

Hayvonlar haqidagi ertaklarning badiiyati, obrazlar tizimi, kompozitsion qurilmasi o‘ziga xos uslubiyatga ega. Uning xarakterli belgilaridan biri sujetning hayvon bilan hayvon, hayvon bilan odam to‘qnashuvi asosiga qurilganligi bilan belgilanadi.Uning tarixiy ildizlari qadimiy dunyoqarash, mifik tushuncha ibtidoiy hayot an’analari, xususan, dualizm qatlamiga kirib boradi. Uning zamirida hayot haqiqati, yashash uchun kurash, qadimgi urug‘, qabilalararo ziddiyatli hodisalar yotadi. Boshqacha qilib aytganda, urug‘, qabila totemi sanalgan hayvon va qushlar o’rtasidagi to‘qnashuvlarni hikoya qiluvchi voqealar urug‘ yoki qabilalararo dushmanlikning aks sadolari hisoblanadi1. Bunday ertaklarda doimiy ziddiyat, ma’naviy to‘qnashuv jang tusini olgan. Bir qabilaning ikkinchi bir qabiladan o‘zini yuqori qo‘yish an’anasi, kamsitishi, o‘ta go‘l, laqmalikda ayblashi bilan bog‘liq muxolafat badiiy ko‘chim jarayonida shartli personajlar, hayvon bilan hayvon to‘qnashuviga aylangan. To‘qnashuv ramziy ma’no kasb etib, estetik funksiyani ado etadi. Ko‘rinadiki, kishi e’tiborini tortgan, an’anaga aylangan mazkur muxolafat ilk bor ijtimoiy-maishiy ma’no kasb etib, badiiylik doirasida rivoj topgan, hayvon bilan hayvon to‘qnashuviga aylangan.


Hayvonlar haqidagi ertaklar nutq motivi asosiga qurilgan bo‘lib, voqealar osoyishta kechishi bilan farqlanib turadi. Uning badiiyligi, shakliy tuzilishi barqaror emas, turli xil formada tovlanib turadi. Motiv vaqt, zamon jarayonida o‘zgara boradi, Biroq, mohiyat saqlanadi. Shartli ifodalangan asosiy motivlar sinov xarakteriga ega bo‘lib, voqealarni aks ettirishi mezoni bo‘rttirish, xayoliy uydirmalarda hikoya qilishga asoslanadi. Bunday talqin raqib personajning o‘ta go‘l, vahshiy, qonxo‘rligini oydinlashtiradi. Motiv voqealari maishiy, ayni paytda mafkuraviy funksiyani ado etgan. Ertak kompozitsiyasining o‘ziga xos xususiyati konfliktlar xarakteri bilan belgilanadi. Konflikt tasodifan yuz beradi va ijtimoiy-siyosiy, sof maishiy ma’no kasb etadi. Uning yechimi yovuzlik va zo‘ravonlikni fosh etib, kulgi yaratish, ma’naviy xulosa chiqarish tabiati bilan farqlanadi. Ba’zan u o‘git, pand-nasihat chiqarishga yo‘naltirilgan.
Hayvonlar haqidagi ertaklarni mavzuiga ko‘ra uch xil tipga bo‘lish mumkin.
1. Oziq topish uchun kurash;
2. Do‘stlik, o‘ch olish uchun kurash;
3. Yaxshi natija uchun musobaqa.
Bu xil ertaklarda muxolafat asosan hayvon bilan hayvon hamda hayvon bilan odam o‘rtasida yuz beradi. Konfliktlar mazmuni ijtimoiy-maishiy ma’no kasb etadi.
1.Oziq topish uchun kurash mavzuidagi ertaklarda konflikt maishiy ma’no kasb etib, to‘qnashuv hayvon bilan hayvon o‘rtasida sodir bo‘ladi. Raqib personaj vahshiy hayvonlar (sher, bo‘ri, tulki) dan tashkil topib, voqealar yechimi uning laqmalik, go‘llik kabi sifatlarini qoralab fosh etadi, voqealar hajviy xarakteri bilan ajralib turadi. Yetakchi obrazlar o‘ta ayyor, raqib personajlar sodda, o‘ta go‘l, laqma sifatlarni tashiydi.
2.Do‘stlik, o‘ch olish uchun kurash tipidagi ertaklarda to‘qnashuv vahshiy hayvon bilan uy hayvonlari o‘rtasida sodir bo‘ladi. Asosiy konflikt ijtimoiy ma’no tashib, muxolafat zulm, zo‘rlikka qarshi chiqish, qonxo‘r, beshafqat vahshiydan o‘ch olish, do‘stlik, o‘zaro yordamni ulug‘lash, yovuzlikni qoralash kabi g‘oyalarni tashiydi. Konflikt tasodifan paydo bo‘lib, yechim favqulodda yuz beradi. Bu xil ertaklar adolat va haqiqat uchun kurash mezonlarini belgilaydi.
3.Yaxshi natija uchun musobaqa tipidagi ertaklarda hayvon bilan hayvon, odam bilan hayvon to‘qnashadi. Bu ziddiyatda odam yetakchi figura, u faol harakati bilan ajralib turadi. Binobarin. U asosiy va hal qiluvchi rolь o‘ynaydi. Qarama-qarshi tomonlar sujet yaratadi, qolaversa, motivlar tizimini o‘zaro bog‘lash vazifasini ado etadi. Bu xil ertaklar aqliy sinov motivlariga asoslanib, raqib personajning o‘ta laqma, kaltabinlik xususiyatini fosh etadi, mehnat va to‘g‘rilikni ulug‘laydi. Ertak konflikti maishiy ma’no kasb etib, g‘oyaviy mazmunni oydinlashtiradi, ta’limiy-didaktik funksiyani bajarishi bilan farqlanib turadi.
Yetakchi personajlar ikki xil tipda namoyon bo‘ladi. Biri o‘ta sodda, qo‘rqoq, ikkinchisi o‘ta ayyor, dono va omilkor. Biri passiv, ikkinchisi faol harakati bilan ajralib turadi. Har ikki tipdagi personajlarning funksional jihatlari asosan o‘zi va o‘zgalarni himoya qilishdan kelib chiqadi. Biri ishtirok etganda konflikt yordamchi personaj faolligi, dono va tadbirkorligi bilan yechiladi. Ikkinchisi ertakda hal qiluvchi kuchga aylanadi. U faol, o‘ta dono, shum, tidbirkor sifatida harakat qiladi (“Ovchi bilan bo‘ri” ertagidan.).
Kumulyativ ertaklar alohida guruhni tashkil etadi. Bu xil ertaklarning sujet tuzilishi xarakterli bo‘lib, bir xil harakat yoki bir xil voqea, hodisalarning bir necha bor takroridan tashkil topadi. Bunda faqat bosh personaj boradigan joy yoki to‘qnashadigan raqib nomi o‘zgaradi, xolos. Birinchi voqea ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi marta takror kelgan hodisalarning yuzaga kelishida belgilovchi vositaga aylanadi. Bu hodisa kumulyativ ertaklarning asosiy xususiyatini yoritadi. Shuning uchun ham bu xil ertaklarni takror kelgan hodisalari o‘zaro zanjirsimon ulangan sujetli voqealar asosiga qurilgan ertaklar deyiladi. Mazkur tipdagi ertaklar shakl, mazmun e’tibori bilan tabiat voqea va hodisalarning sababiyati haqidagi ibtidoiy tushunchalarni ta’kidlaydi. Konflikt ma’rifiy ahamiyati bilan ajralib turadi.
Hayvonlar haqidagi ertaklar voqealarni o‘ziga xos aks ettirish mezoniga ega. Shunga ko‘ra tasvirlash xayoliy uydirmalarga asoslanadi. Bu xil ertaklarning obrazlari ko‘chma ma’no, aniqrog‘i, ramziy ma’no tashiydi, hayvon personajlar insoniy nutqda so‘zlab harakat qiladi, o‘ylaydi, munosabatda bo‘ladi. Bo‘rining o‘ta go‘l, laqmalik sifatlari, tulkining ayyor, makkorona harakatlari, echkining oqil, dono tadbirkorligi hayotiy sifatlar emas, balki ibtidoiy tushunchalarning badiiy ijod doirasida shakllangan ramziy belgilaridir. Binobarin, bu xil personajlar shartli obraz sifatida namoyon bo‘ladi. Shunga qaramasdan, ularda hayvonlarning hayotiy sifatlari, real voqealar bilan aloqadorligi saqlangan. «Ot bo‘riga qarabdi, uni iskamoqchi bo‘lganida bo‘ri ot tumshug‘idan tishlab olib turaveribdi. Ot shuncha urinsa hamki, bo‘ri qo‘yib yubormabdi. Bu munosabatda ko‘chma ma’no yo‘q. Mazkur voqea o‘z ma’nosida kelgan. Otning soddaligi, bo‘rining ayyorligi hayotiy belgi. Ertakdagi bunday hodisalar mazkur tip ertaklarni majoziy emas, hayvonlar haqidagi ertaklar deb nomlanishi uchun huquq beradi.
Hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos belgilaridan yana biri voqea va hodisalarning hayvon bilan hayvon to‘qnashuvidan tashkil topishidir. O‘zaro to‘qnashuv sababi ovqat topish, do‘stlik, birlashishga harakat, o‘ch olish, yovuzlikka qarshi chiqish, olam haqidagi tushuncha, tasavvurlar zamirida kechadi.
Ertaklarda tabiat, fasllar aniq ko‘rinsa hamki, epik zamon noaniq, voqea va hodisalar o‘tgan zamonda, bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ladi. Zamon va makon xayoliy, u yoki bu hayvon hayoti, munosabatida, voqea va hodisalar davomiyligida kechadi.Ertaklarda lirik ohangni kasb etgan she’riy parchalar obraz ruhiyatini belgilab, voqelikka munosabatini oydinlashtiradi. Asosiy vazifasi e’tiborni tortish va estetik zavq berish vazifasini ado etadi.
Hayvonlar haqidagi ertaklarning ta’sir kuchini oshirishda ertakchining roli alohida ahamiyat kasb etadi. Ertakchi voqea va hodisalarni o‘zi ko‘rganday, ko‘proq bolalar auditoriyasiga moslashtirgan holda yoritadi. O‘rni bilan u yoki bu hayvon harakati, yohud ovoz, tovushlariga taqlid qiladi. Bu narsa ko‘proq ertak boshlamasi, kulminatsiyasida yuz beradi. Demak, asosiy personajlari ramziy ma’no kasb etib, ma’rifiy, ta’limiy-didaktik g‘oya tashuvchi hikoyalar hayvonlar haqidagi ertaklar deb ataladi.
Mazkur tip ertaklar o‘ziga xos xususiy belgilari bilan farqlanadilar. Bu belgilar birinchidan, ertaklarda hayvon personajlarning shartli qo‘llanishi, ramziy ma’no kasb etishida ko‘zga tashlanadi, ikkinchidan, ertak motivlarining real hayvonlar harakati bilan uyg‘un kelganligida namoyon bo‘ladi, uchinchidan esa motiv voqealarida tarixiy haqiqat, patriarxal-urug‘chilik tuzumi, shart-sharoitlari hamda urug‘lararo muxolafatning aks etishida namoyon bo‘ladi. Bu xil ertaklar fantastika asosiga qurilganligi bilan alohida ajralib turadi.
Hayvonlar haqidagi ertaklarda naql va hatto, masal janriga yaqinlashib, majoziy ma’no kasb etgan mumtoz namunalari ham joy olgan. Ana shu tipdagi ertaklar ta’limiy ahamiyati hamda pand-nasihat, salbiy xususiyatni fosh etish kabi vazifalarni ado etishi bilan ajralib turadi. Bu xil ertaklar asosan ertak-naql, shaklida ifodalanib, voqea va hodisalar sababini inkor etish yoki ma’qullash, uni o‘rnak deb tasdiqlashga moslashtirilgan.
Ertaklarning majoziy ma’no kasb etgan namunalari keyingi davr, ijodkor ta’siri ostida shakllangan bo‘lsa, uning naqlga aylangan namunalari esa ertakni bolalarga moslashtirish, obraz va ta’limiy-didaktik g‘oyalarni kuchaytirish zamirida tashkil topgan. Hayvonlar haqidagi ertaklarning majoziy ma’no kasb etgan, ayni paytda naql janriga yaqinlashgan tipi kabilar ham ertak qolipida shakllangan ko‘chma ma’noli, majoz asosiga qurilgan ertak-naqllardir. Ertaklarning bu xil tipi o‘git asosiga qurilgan.
Yuqoridagi fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
1.Hayvonlar haqidagi ertaklarning yaratilishida ibtidoiy insonlarning qadimgi totemistik qarashlari asos bo‘lgan. Ularda hayvonlar yetakchi personajlar bo‘lib, insonlar qiyofasida tasavvur etilgan va badiiy jonlantirilgan. Shunga ko‘ra ularning sujetida inson obrazi keyingi o‘rinda turadi, ko‘p hollarda voqelikka inson aralashmaydi.
2.Mazkur turdagi ertaklar o‘ziga xos xususiy belgilari bilan farqlanadilar. Bu belgilar birinchidan, ertaklarda hayvon personajlarning shartli qo‘llanishi, ramziy ma’no kasb etishida ko‘zga tashlanadi. Ikkinchidan, ertak motivlarining real hayvonlar faoliyati bilan uyg‘un kelganligida namoyon bo‘ladi. Uchinchidan esa motiv voqealarida tarixiy haqiqat, patriarxal-urug‘chilik tuzumi, shart-sharoitlari hamda urug‘lararo muholafatning aks etishida namoyon bo‘ladi.
3.Hayvonlar haqidagi ertaklarning mumtoz namunalari asosan ramziy ma’no kasb etib, qayta ishlangan, naqlga yaqinlashganlari esa majoziy ma’no anglatadi.Mazkur tipdagi ertaklar tom ma’nodagi masal va naqllardan tamoman farqlanadilar. Bu farq obrazlar tizimi, voqealarning maqsad-vazifalari, badiiyati, g‘oyaviy mazmuni, vazifasi va hikoya qilish uslubiyatida ko‘rinadi. Ertak bilan masal janrlari voqealarga munosabati va badiiy aks ettirish mezonlari bilan o‘zaro ajralib turadilar. Naql, masal janri majozga asoslanib, voqealarga sabab hodisalarni izohlaydi. Hayvonlar haqidagi ertaklar esa asosan ramziy ma’noga asoslanib, voqealarni xayoliy uydirmalar yordamida aks ettiradi.



Download 140.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling