11-modda. Davlat qo‘riqxonalarini tashkil etish tartibi va ularni boshqarish
Davlat qo‘riqxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi.
Davlat qo‘riqxonalarini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir qo‘riqxona qaysi idoraning tasarrufida bo‘lsa, shu idora O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishib turib tasdiqlaydigan nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
12-modda. Davlat qo‘riqxonalarining maqomi va mablag‘lari
Davlat qo‘riqxonalari yuridik shaxs bo‘lib, respublika budjetidan ta’minlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida o‘z hisob raqamlari, o‘z nomida va O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tushirilgan muhri bo‘ladi.
Davlat qo‘riqxonalarining mablag‘lari, shu jumladan chet el valyutasidan iborat mablag‘lari:
O‘zbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan;
ilmiy, tabiatni muhofaza qilish, reklama-noshirlik va ma’rifiy faoliyatdan keladigan daromadlardan;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyati natijasida davlat qo‘riqxonasiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tushumlaridan;
ma’muriy va sud yo‘li bilan undirib olinadigan jarima pullaridan;
ovchilik va baliqchilikning musodara etilgan asboblarini, noqonuniy o‘lja qilingan mahsulotlarni sotishdan olingan pullardan;
korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, shuningdek fuqarolardan beg‘araz yordam tarzida keladigan tushumlardan hosil etiladi.
Davlat qo‘riqxonalari o‘z mablag‘larini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 11-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar.
13-modda. Davlat qo‘riqxonalarining ish tartibi
Davlat ko‘riqxonalarining hududida ko‘riqxonalar maqsadlariga zid bo‘lgan, tabiiy jarayonlarning o‘zicha rivojlanishiga putur yetkazadigan yoki tabiiy majmui va obyektlar holatiga tahdid soladigan har qanaqa xo‘jalik, rekreatsiya va boshqa yo‘sindagi faoliyat taqiqlanadi.
Qo‘riqxonalarning hududlarida va ularning qo‘riqlanma tegralarida iqlimlashtirish maqsadida o‘simliklar va jonivorlar turlarini va xillarini joylashtirish taqiqlanadi.
Davlat qo‘riqxonalarida ular to‘g‘risidagi tasdiqlangan nizomga muvofiq yong‘inga qarshi tadbirlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
Qo‘riqxonalarning yoki ularga mutasaddilik qiluvchi idoralarning xodimi bo‘lmagan fuqarolarning qo‘riqxonalar hududida bo‘lishiga ularda ana shu idoralar yoki qo‘riqxona ma’muriyati bergan ruxsatnoma bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |