I tergov va sud harakatlarining tushunchasi va huquqiy tabiati


YUzlashtirish tergov harakatining turlari


Download 455.5 Kb.
bet4/6
Sana03.06.2020
Hajmi455.5 Kb.
#113704
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
JINOYAT PROTSESSIDA SO`ROQ QILISNING PROTSESSUAL TARTIBI VA RASMIYLASHTIRILADIGAN PROTSESSUAL HUJJATLAR


YUzlashtirish tergov harakatining turlari. Ushbu tergov harakati ishtirokchilarning tarkibiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladi:

  • ikkita guvohni yuzlashtirish;

  • ikkita ayblanuvchini yuzlashtirish;

  • ikkita gumon qilinuvchini yuzlashtirish;

  • ikkita jabrlanuvchini yuzlashtirish;

  • guvoh va jabrlanuvchini yuzlashtirish;

  • jabrlanuvchi va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashtirish;

  • guvoh va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashtirish;

  • ayblanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirish.

Ikkita guvohni yuzlashtirish. Bir holat yuzasidan ikki guvohni yuzlashtirish ularning ko‘rsatuvlaridagi qarama-qar­shiliklar, tafovutlarni aniqlash va ishning haqiqiy holat­larini ochishga xizmat qiladi.

Ikkita ayblanuvchilarni yuzlashtirish. Ayblanuvchilarni yuzlashtirib so‘roq qilish ixtiyoriylik asosida o‘tkazilib, asosiy e’tibor ayblanuvchilarning o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblovga nisbatan bildirgan e’tirozlariga va ularning bergan ko‘rsatuvlaridagi nomutanosib faktlarga qaratiladi.

Ikkita gumon qilinuvchini yuzlashtirish. Ikkita gumon qilinuvchini yuzlashtirishda avval ular qanday jinoyatda gumon qilinayotganligi bildiriladi. YUzlashtirilayotgan shaxs­larning bunga munosabati, shu holat yuzasidan bergan ko‘rsatuvlari taqqoslanadi, ularga o‘zaro savol-javob qilish imkoniyati yaratiladi. YUqoridagi shaxslarning oldindan tanish yoxud notanishligi, o‘rtalarida munosabat mavjud yoki yo‘qligi aniqlanadi.

Ikkita jabrlanuvchini yuzlashtirish. Ikkita jabrlanuvchi­ni yuzlashtirishda ularning ishning haqiqiy holatlaridan xabardorligi, ish bo‘yicha ayblanayotgan shaxsga munosabati solishtirilib ahamiyatga ega ma’lumotlar qayd etiladi.

Guvoh va jabrlanuvchini yuzlashtirish. Guvoh va jabrlanuv­chini yuzlashtirishda ularning ishning muayyan holatlardan xabardorligi borasida va qarama-qarshiliklar mavjud holat­lar to‘g‘risida ko‘rsatuvlar berish taklif etiladi. Ular yuzlash­tirish tergov harakatini olib borayotgan shaxsning ruxsati bilan bir-birlariga savol berishlari mumkin.

Jabrlanuvchi va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashti­rish. Jabrlanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirib so‘roq qilishda ham jabrlanuvchi va gumon qilinuvchining ilgari bergan ko‘rsatuvlari va taqdim etgan dalillarining o‘zaro mosligi aniqlanadi. Jabrlanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirishni tanib olish tergov harakatidan farqlash lozim. Tanib olishda tanib olinishi lozim bo‘lgan obekt va uning belgilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olinadi. YUzlashtirish­ning bu turi shunisi bilan ahamiyatliki, bunda jinoyat protsessi ayblov va himoya taraflarining ishtirok etadigan ish­tirokchilari qatnashib, ishga doir muhim masalalarga oydin­lik kiritiladi.

Guvoh va ayblanuvchi (gumon qilinuvchi)ni yuzlashtirish. Bun­day yuzlashtirishda aksariyat hollarda ayblanuvining shaxsiga, uni ayblash uchun xizmat qilgan asoslar va dalillarga oid ko‘rsatuv va ma’lumotlar tekshiriladi. YUzlashtirish tugaga­gandan keyin ham ularni alohida so‘roq qilish maqsadga muvofiqdir.

Ayblanuvchi va gumon qilinuvchini yuzlashtirish. Ayblanuvchi va gumon kilinuvchini yuzlashtirish kamdan-kam qo‘llanilib, ushbu jarayon haqiqatni aniqlash va yuzlashtirilayotgan shaxs­larning qay biri haqiqatda ayblanuvchi ekanligini aniqlashga xizmat qiladi. SHuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, bunda ayblanuvchining aybga asossiz iqror bo‘lishi mumkinligi singari holatlarning oldi olinadi hamda ularning aybi darajasini aniqlash imkoni bo‘ladi.

Ayblanuvchi va gumon qilinuvchiga ularning ko‘rsatuv berish yoki bermaslik huquqlari, jumladan yuzlashtirish tergov harakatida ishtirok etish huquqi tushuntiriladi.



IIBOB. Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati

II.1.Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazish tartibi va turlari

Tanib olish uchun ko‘rsatish guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining biror shaxs yoki narsa to‘g‘risidagi ko‘rsatuvini tekshirib ko‘rish uchun quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

1) bu ko‘rsatuv muayyan bir shaxs yoki muayyan bir narsaga oid ekanligini aniqlash zarur bo‘lganda;

2) surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga ma’lum bo‘lgan ko‘plab shaxs yoki narsalar orasidan ko‘rsatuvda tasvirlab berilgan shaxs yoki narsani topish zarur bo‘lganda (JPK, 125-modda).

Tanib olish jarayoni ­ ilgari kuzatuvda bo‘lgan ob’ektni tanish hisoblanadi. SHu bois insonning eslash qobiliyati jinoyat sodir bo‘lgan paytdan boshlab vaqt o‘tishi bilan bu hodisa to‘g‘risidagi taassurotlar va ularni esda saqlash dara­jasi vaqt o‘tishi bilan pasayib borishi sababli mazkur tergov harakatini tezkor o‘tkazish taktik jihatdan to‘g‘ri hisoblana­di. Gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, jabrlanuvchilar, guvohlar; shunindek, jinoyat qurollari, jasadlar va ularning qismlari, hayvonlar, binolar va boshqa ko‘chmas ob’ektlar tanib olish uchun taqdim etilishi, ya’ni bular tanib olish ob’ektlari bo‘lishi mumkin. Tanib olishning sub’ekti bo‘lib esa, tanib olishni amalga oshirayotgan shaxs, ayni paytda guvoh­lar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar ham ishtirok etadi. SHuni ham unutmaslik lozimki, tanib olish jarayonidan oldin tanib oluvchi shaxs ushbu ob’ekt, uning belgilari bo‘yicha to‘la ravishda, batafsil so‘roq qilinishi darkor.

Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazishdan maqsad shaxsning yoki ashyoning aynanligini aniqlashdan ibo­rat. Ushbu aynanlikni topish tanib oluvchi shaxsning zimma­siga yuklatiladi.Tanib olish insonning bilish jarayoni bir ko‘rinishi hisoblanadi. Muayyan narsa yoki shaxsni tanish jarayoni psixologik mazmuniga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:

a) suksessiv tanish-avvalgi taassurotga ega bo‘lgan obraz belgilarini xotirada sekinlik bilan tiklab, taqdim etilgan ob’ekt belgilari bilan bosqichma-bosqich solishtirish orqali tanib olish;

b) simultan tanish-muayyan shaxs yoki narsani darhol, bir ko‘rishning o‘zida tanib olish7.

Suksessiv tanishda tanib oluvchi shaxs ob’ektni solishti­rishda bir qancha qiyinchiliklarga duch keladi. Bu qiyinchi­liklar tanib oluvchi shaxsning tanib olinishi kerak bo‘lgan narsa yoki shaxs bilan ilgarigi kam muomalada bo‘lganligi yoki belgilarning o‘zgarishi, eskirishi, ko‘rinishining sun’iy o‘zgartirilishi bilan bog‘liq. SHuning uchun ham bu holda birinchi bo‘lib haqiqatan ham aynan shu ob’ekt tergov olib boriladigan xodisa bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi degan masala hal qilinishi kerak. Agar tanib oluvchi shaxsga taqdim etiladigan ob’ekt belgilari bo‘yicha yaxshi tanish bo‘lsa, bunday suksessiv tanib olish o‘tkazilmaydi. Masalan, tanib oluvchi bilan ko‘p vaqtdan buyon yaqin munosabatlarda bo‘lgan kishini (oila a’zolari, do‘stlari, uzoq qarindoshlari, qo‘shnilari va h.k.) tashqi ko‘rinishi bo‘yicha tanib olishga yoki tanib oluvchi shaxsga o‘zining noyob belgilari (raqam, dog‘, esdalik yozuv va b.) orqali tanish bo‘lgan buyumlarni taqdim etish noo‘rindir. Bu holda suksessiv emas, balki simultan tanib olish o‘rinlidir.

Simultan tanish bilan bog‘liq bo‘lgan tanib olish bevosita boshqa maqsad — marhumning shaxsini aniqlash yoki tanib oli­nadigan ob’ekt bilan tanib oluvchining tanishligi tasdiqlov­chi ma’lumotning rostligini tekshirishni ko‘zlaydi. SHu uslub orqali tanib oluvchi bilan tanishligini rad etuvchi shaxs taqdim etilishi mumkin8.

Ba’zi mualliflar tomonidan bu hollarda tanib olishni o‘tkazishning qonuniyliligi rad etiladi9. Bunday fikr tarafdorlari tanib olishning o‘rniga yuzlashtirish o‘tkazish kifoya deyishadi. SHunga qaramasdan, bizning nazarimizda, ba’zi hollarda yuzlashtirishning imkoniyatlari quyidagi masalalarni echishga etarli emasdir, ya’ni so‘roq qilinadigan shaxslar haqiqatdan ham o‘zaro tanishmi yoki o‘zini tanishtirgan shaxs haqiqatan ham o‘sha shaxsmi yoki yo‘qmi. SHaxsan, o‘zaro tanishligini tasdiqlovchi shaxsning gaplari qanchalik rost­ligini aniqlashning iloji yo‘q.

Jinoyat protsessida bir shaxs o‘rtasida bir ob’ekt yoki bir shaxsni tanib olish uchun qayta, qo‘shimcha tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazish man etilgan. Qo‘shimcha tanib olish uchun ko‘rsatishni o‘tkazishning man etilishi tanib oluvchi tanib olish uchun ko‘rsatilayotgan shaxsni yoki ob’ektni balki birinchi bor tanib olish uchun ko‘rsatilganda eslab qo­lish ehtimoli bilan bog‘liq. SHu bilan birga shaxs tomonidan ob’ektning yoki shaxsning faqat bitta belgisi orqali eslab qolganligi bois, tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati o‘tkazilgandan so‘ng, qaytadan o‘tkazishga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin. Tanib olishni o‘tkazishning maxsus shartlari sifati­da tanib oluvchi shaxsni qay hollarda ob’ekt unga taassurot qoldirganligi va qaysi belgilari orqali tanib olishi mumkinligi yuzasidan o‘tkaziladigan so‘roq qilish xizmat qiladi. Aks holda tanib olish isbot kuchiga ega bo‘lmaydi.

SHaxs bitta ob’ektni har xil belgilar orqali tanib olishi mumkin. SHaxs ob’ekt va shaxsning bir belgiga ko‘ra tanib olmagan bo‘lsa, uni boshqa belgisiga ko‘ra qayta tanib olish uchun ko‘rsatish mumkin. Biroq birinchi marotaba o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatida tanib oluvchi “tanib olish uchun ko‘rsatilayotgan shaxs” haqida hech qanday ma’lumotni olmasligi choralari ko‘rilishi kerak. Aks holda birinchi tanib olish uchun ko‘rsatishda ob’ektning belgilarini eslab qolinishi va ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan tanib olish uchun ko‘rsatilayotganda ishning xolisligiga putur etkazi­shi mumkin. Masalan, dastlab shaxsning fotosurati orqali tanib olish uchun ko‘rsatish keyinchalik uning yurish (qadam qo‘yish) xususiyatlari bilan tanib olish uchun ko‘rsatishni rad etmaydi.

Qo‘shimcha tanib olish uchun ko‘rsatish dastlab JPKning talab-larini buzgan holda o‘tkazilgan bo‘lsa yoki protsessual shakldan tashqari amalga oshirilgan bo‘lsa ham takroran yoki qo‘shimcha o‘tkazilmaydi. (masalan, shaxsni tezkor-qidiruv chora­larida tanib olish uchun ko‘rsatilganda).

Tanib olish uchun qo‘rsatishni o‘tkazish uchun asos-bu isbot­lash uchun zaruriyat bo‘lib, unda ilgari taassurot qoldirgan ob’ektni tanib olishga taqdim qilingan ob’ekt taqqoslanadi. Agar ob’ekt isbotlashning boshqa uslub yoki vositalar orqali aniqlanadigan bo‘lsa, tanib olish uchun ko‘rsatishni o‘tkazish­ning zarurati yo‘q.

Mazkur tergov harakatida tanib oluvchi sifatida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilar ishtirok etishlari mumkin. Guvoh va jabrlanuvchi tanib olishdan oldin ko‘rsatuv berishdan bosh tortish va yolg‘on ko‘rsatuv berishlari uchun javobgarlikka tortilishlari to‘g‘risida ogohlantirila­dilar. YUqorida ko‘rsatilgan shaxslar tanib olinuvchilar sifatida ham ishtirok etishlari mumkin.

Tanib olish nafaqat ko‘rish sezgi organi yordamida, balki boshqa hissiyot organlari orqali ham amalga oshirilishi mum­kin. Masalan eshitish, ushlash orqali (ko‘zi ojizlar ob’ektni ushlash orqali tanib olishi mumkin. Bu esa, keyinchalik tergov eksperiment o‘tkazish orqali ham isbotlanishi mumkin). SHu bilan birga, tanib olish garchand shubhali bo‘lsa-da, hidlash orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Hidlash orqali tanib olish uchun ko‘rsatishni «odorologik ekspertiza»dan, shu jumladan xizmat itlaridan foydalanib o‘tkaziladigan tanib olishdan farqlash lozim. Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati faqat shaxs (odam) ishtirokida uning shaxsiy sezgi organlari orqali o‘tkaziladi.

YUqoridagilardan tashqari, tanib olish video va audio yozuvlar orqali ham o‘kazilishi mumkin.



Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazish tartibi va turlari. Jinoyat-protsessual kodeksi tanib olishni o‘tkazishning quyidagi tartibini belgilaydi.

Tanib oluvchi tanib olishi lozim bo‘lgan shaxs yoki narsa­ning belgilari, alomatlari, xususiyatlari to‘g‘risida oldindan so‘roq qilinishi lozim (JPK, 126-modda). Voyaga etmagan shaxsni so‘roq qilishda zaruriy ravishda o‘qituvchi (pedagog) ishtirok etishi shart. Bu harakatning o‘tkazilishi tanib olish uchun taqdim etishning maqsadga muvofiqligi haqida to‘g‘ri qaror qabul qilishga, bu harakatning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga, kerakli natijalar olinishiga va keyinchalik ularga to‘g‘ri baho berishga yordam beradi. Tanib oluvchining so‘rog‘i unga nisbatan sodir etilgan jinoyatdan so‘ng o‘tkazilsa va natijali bo‘lmagan taqdirda, uni qayta so‘roq qilish maqsadga muvofiqdir.

Tanib oluvchi shaxsga tanib olish uchun ob’ektni ko‘rsatish­dan avval o‘tkaziladigan so‘roq davomida tanib oluvchi tanib olinishi kerak bo‘lgan ob’ektni qaerda, qachon, qanday holat­larda, qancha vaqt davomida, qanday ob-havoda, qanday yorug‘lik­da, qanday masofada kuzatgani, uning belgilari va bu belgi­larning o‘ziga xos xususiyatlari aniqlanishi kerak.

Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati tanib olish ob’ektiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:

1. SHaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish. SHaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish tergov amaliyotida keng qo‘llaniladigan tergov harakati hisoblanadi. Mazkur tergov harakatida tanib olinuv­chi sifatida faqat tirik odam bo‘ladi. SHaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi Jinoyat-protsessual kodeksining 127-moddasida belgilangan. SHaxslarni tanib olish boshqa turdagi tanib olishlarga nisbatan murakkabroqdir. Tanib olinuvchi shaxs tanib olish uchun tergov olib borilayotgan ishga aloqasi bo‘lmagan, tashqi belgilari bilan o‘ziga o‘xshaydigan shaxslar guruhi orasida xolislar huzurida ko‘rsatiladi. Jinoyat protsessi nazariyasida shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatishda tanib olinuvchilar statistlar deb ham ataladilar.

Tanib olish uchun ko‘rsatilayotgan shaxslarning umumiy soni uch nafardan kam bo‘lmasligi kerak.

Tanib olinuvchi kiyimi, soch qirqtirishi yoki tarashi yoxud boshqa belgilari bilan tanib olish uchun ko‘rsatiladigan o‘zga shaxslar orasida yaqqol ajralib turmasligi lozim.

Statistlar tanib oluvchiga tanish bo‘lmasliklari lozim. Tanib olishda xolislarning ishtirok etishi shart.

Tanib olinuvchiga tanib olish uchun ko‘rsatiladigan shaxslar guruhi orasida istagan joyni egallash taklif qilinadi.

So‘ng tanib oluvchi chaqirtiriladi. Albatta, tanib oluvchini chaqirtirish tartibi har xil shubhalardan mustasno bo‘lishi kerak. Tanib oluvchini chaqirtirish usuli, albatta, bayonnomada aks ettirilishi kerak. So‘ng tanib oluvchi kim to‘g‘risida ko‘rsa­tuv bergan bo‘lsa o‘sha shaxsni ko‘rsatishi lozim. SHu bilan bir­ga, qaysi belgilar orqali taniganligini tushuntirib o‘tishi lozim.

Tanib olishda yuzaga kelgan shubhalar va ehtimollar bartaraf etilmasa, ayblanuvchi xisobiga hal etiladi va ushbu tergov harakatining bayonnomasining nomaqbul deb topilishiga olib keladi.

Jinoyat protsessi nazariyasi tirik shaxslarni tanib olish tergov harakatning ikki maxsus turi ajratilib ko‘rsatiladi. Ular alohida belgilarga ega bo‘lib tanib oluvchini tanib olinuvchiga ko‘rsatuvslik sharoitida o‘tkaziladigan tanib olish va qarshi tanib olishlardir.

SHaxsni tanib olish tergov harakatining bu turlari bizning protsessual amaliyotda deyarli qo‘llanilmay, xorijiy mamlakatlar jinoyat protsessiga xos hisoblanadi.

Qarshi tanib olish o‘tkazilganda avval biri ikkinchisini tanib oladi, so‘ng tanib olingan shaxs oldin tanib oluvchi bo‘lgan shaxsni tanib oladi. Masalan, ayblanuvchi jabrlanuv­chini so‘ngra jabrlanuvchi ayblanuvchi tanib oladi. Qarshi tanib olish uchun ko‘rsatishning muhim shartlaridan biri bir – birini tanib olayotgan shaxslar tanib olayotganda ko‘rinmaydi­gan sharoitida bo‘lishlari kerak. Qarshi tanib olish mohiyatiga ko‘ra ikkita alohida orqama-orqa o‘tkaziladigan tergov harakat­laridan iborat bo‘ladi.

Tanib oluvchini tanib olinuvchiga ko‘rsatuvslik sharoitida o‘tkaziladigan tanib olish ko‘plab xorijiy mamlakatlar, jumladan, Rossiya Federatsiyasida ham tergov amaliyotida keng qo‘llaniladi.

Bu turdagi tanib olishga asos tanib oluvchining xavfsiz­ligini ta’minlashdan iborat. Bunday tanib olishning to‘g‘ri o‘tkazilganligini nazorat qilish uchun xolislar tanib oluvchi bilan birga bo‘lishadi. Ular bilan birgalikda ushbu tergov harakatida ishtirok etuvchi himoyachi ham hozir bo‘lishi shart. Texnik tomondan bunday tanib olish bir tomoni ko‘rinmas bo‘lgan oyna, texnik vosita (videokamera) yoki tanib oluvchi turgan joyni qorong‘ulashtirib tanib olinuvchi turgan joyni esa kuchli yorug‘lantirish orqali amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual qonunchiliga binoan shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatishning iloji bo‘lma­ganda yoxud xavfsizlikni ta’minlash maqsadida uning fotosu­ratidan foydalanish mumkin.

Tanib olish uchun jadval qog‘ozga yaxshilab yopishtirilib, muhrlangan va raqamlangan, lekin suratga olingan shaxslar­ning ismi va familiyalari ko‘rsatilmagan kamida uchta fotosurat ko‘rsatiladi.

SHunga o‘xshash amaliyotda videoyozuv orqali tanib olish ham qo‘llanilishi mumkin, chunki u ob’ektning belgilarini aniq­roq taqdim etadi (namoyon etadi). Taqdim etilgan fotosuratlar va videoyozuvlar tanib olish bayonnomasiga ilova qilinadi.

2. Ko‘char narsalarni tanib olish uchun ko‘rsatish. Ko‘char narsalarni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 128-moddasida belgilangan.

Tergov olib borilayotgan joyga, sudga yoki boshqa joyga olib borilishi mumkin bo‘lgan narsalar, narsalarning bo‘lagi va hayvonlar ushbu ishga aloqasi bo‘lmagan boshqa turdosh narsa­lar orasida tanib olish uchun ko‘rsatiladi.

Tanib oluvchi so‘roq qilinganda tasvirlaganidan tashqi bel­gilari, alomatlari, xususiyatlari bo‘yicha jiddiy farq qilmay­digan narsalar turdosh deb hisoblanadi. Tanib olish uchun ko‘rsatilayotgan narsalarni joylashtirish tartibi chi, tergovchi tomonidan xolislar huzurida belgilanadi.

Turdosh ob’ektlar orasidan tanib olish to‘g‘risidagi qoida murdani tanib olishda qo‘llanilmaydi. Murdani tanib olishda statistlar ishtirok etmaydi. Bu holda faqat murdaning o‘zigina taqdim etiladi.

Predmetni tanib olish kamida uchta nafar turdosh predmet­lar bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bunda tanib olinadigan predmet boshqalaridan yaqqol ajralmasligi kerak (masalan qon izlari bilan).

3. Ko‘chmas ob’ektni tanib olish uchun ko‘rsatish. Ko‘chmas ob’ektni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat–protsessual kodeksining 129-moddasida belgilangan.

Jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sud­lanuvchi joy, bino, binodagi alohida xona yoki boshqa ko‘chmas ob’ekt nomini aytib va tasvirlab bersa-da, biroq uning joylashgan o‘rnini aniq aytib bera olmasa, biror aniq joydan ob’ektga borish yo‘lini ko‘rsatishga istak bildirsa, unga shu ob’ektni ko‘rsatishiga imkon beriladi.

Surishtiruvchi yoki tergovchi va xolislar yoxud sud tarkibi va taraflar tanib oluvchi bilan birgalikda u aytgan joyga keladilar. Tanib olish uchun ko‘rsatish ishtirokchilari shu joydan boshlab tanib oluvchining ko‘rsatuvi bo‘yicha yura bosh­laydilar. Bunda tanib oluvchiga tanib olish uchun ko‘rsatish­ning boshqa ishtirokchilari yoki yot shaxslar tarafidan yo‘nalish aytib qo‘yilishining oldini olish choralari ko‘rilishi lozim.

Jinoyat-protsessual amaliyotda shunday hollar mavjudki, bunda tanib olish tergov harakati rad etiladi, ya’ni tanib olish o‘tkazilmasligi kerak. Bunga misol tariqasida shuni keltirish mumkin-ki, agar tanib oluvchi va tanib olinuvchi so‘roq paytida bir-birlarini yaxshi bilishi va tanish ekanlik­larini inkor etmasa, ular o‘rtasida tanib olish harakati o‘tkazilmaydi.



Tanib olish uchun ko‘rsatish chog‘ida tanib oluvchining ko‘rsatuvi va holatlarini qayd qilish. Tanib olish uchun bir guruh shaxslar yoki bir nechta narsa ko‘rsatilganidan keyin tanib oluvchiga u ilgari tasvirlagan shaxs yoki narsani ko‘rsatish taklif etiladi.

Tanib oluvchi ko‘rsatilgan shaxslardan yoki narsalardan birini ko‘rsatsa, unga ko‘rsatilgan boshqa shaxslar yoki narsalar orasidan bu shaxsni yoki narsani qaysi belgilari yoki xususiyat­lariga ko‘ra taniganligini tushuntirib berish taklif qilinadi.

Tanib oluvchi tanib olish uchun unga ko‘rsatilgan shaxslar yoki narsalarni ilgari ko‘rmaganligini aytsa, unga qidiri­layotgan narsa ulardan nimasi bilan farq qilishini tushun­tirib berish taklif qilinadi (JPK, 130-modda).

Surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish to‘g‘risida JPKning tegishli moddalariga rioya etgan holda bayonnoma tuziladi (JPK, 131-modda). Bayon­nomada tanib oluvchining shaxsi haqidagi ma’lumotlar, tanib olish uchun ko‘rsatilgan ob’ektlar haqidagi qisqacha ma’lumot­lar va imkon darajasida tanib oluvchining ko‘rsatuvlari so‘zma-so‘z bayon qilinadi.

Sud muhokamasida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi.

Tanib olishning o‘tkazilishi va natijalari umumiy qoida­larga binoan bayonnomada aks ettiriladi. Unda barcha yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar o‘z aksini topishi lozim (sta­tistlar tashqi ko‘rinishi, tanib oluvchini chaqirtirish tartibi, uning ko‘rsatuvlari).

Barcha hollarda bayonnomaga: tanib oluvchi, tanib olish uchun ko‘rsatish sharoiti, jarayoni va natijalari, tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar, ularning yoshi, bo‘yi, millati, turar joyi, ko‘zga tashlanuvchi belgilari, kiyimlari; tanib olish uchun ko‘rsatilgan narsalar tavsifi; tanib olish uchun ko‘chmas ob’ektlar ko‘rsatilganda esa, shuningdek tanib oluvchi ko‘rsat­gan yo‘nalishlar va izlanayotgan ob’ektga biror aniq joydan borish yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim. Agar tanib olish uchun shaxslarni ko‘rsatilganda statistlar ham imzo chekadilar.

Tanib olish uchun fotosuratlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, bayonno­maga fotojadval ilova qilinishi lozim.

Tanib oluvchining ko‘rsatuvlari, shuningdek, unga surishti­ruvchi, tergovchi, sud, taraflar yoki boshqa shaxslar tomonidan berilgan savollar va qaytarilgan javoblar so‘roq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilingan holda bayonnomaga yozib boriladi.
II.2. Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish

Jinoyatlarni tergov qilish jarayonida ko‘pincha jinoyat hodisasi bilan bog‘liq hamda muayyan joyda (erda yoki xonada) sodir bo‘lgan faktga oid guvohlarning, jabrlanuvchilarning, gumon qilinuvchilarning, ayblanuvchilarning ko‘rsatuvlarini tekshirish zarurati paydo bo‘ladi. Bunday holda ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish deb ataladigan tergov harakati o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 132-moddasiga binoan surishtiruvchi, tergovchi, sud gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, guvohlar hamda jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlarini tekshirilayotgan hodisa sodir bo‘lgan joyda holatlarni qayta tiklash yo‘li bilan tekshirib ko‘rishga haqlidir.

Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakati vaqtida harakatlarni amalga oshirish tashabbusi ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga tegishli bo‘ladi.

Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish shaxs tomonidan ko‘rsatuv berish va oldin bergan ko‘rsatuvlarni o‘zining harakati bilan ko‘rsatib berishdan iborat. Mazkur tergov harakati hodisa joyida so‘roq qilish, hodisa sodir bo‘lgan joyda ob’ektlarni tanib olish uchun ko‘rsatish, shaxs ishtirokida ko‘zdan kechirish va tergov eksperimentidan o‘zi­ning maqsadi, o‘tkazilish asoslari va o‘tkazilish tartibi bilan farqlanadi.

Jinoyat – protsessual qonunchiligiga binoan ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirishdan quyidagi maqsadlar ko‘zlanadi:

1) ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga ma’lum, surishti­ruvchi, tergovchi va sudga esa noma’lum bo‘lgan narsalar, hujjatlar, izlar va belgilarni topish;

2) shaxsning tergov yoki sud muhokamasi davomida topilgan narsalar, hujjatlar, izlar qaerda bo‘lganligini ko‘rsatib berishi;

3) bir necha shaxsning ayni bir hodisa to‘g‘risida bergan ko‘rsatuvlaridagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlash uchun ishda ahamiyatli bo‘lgan joy yoki yo‘nalishni shaxs ko‘rsatib berishi;

4) holatlarni qayta tiklash va hodisa sodir bo‘lgan joydagi sharoit bilan qiyoslash orqali ko‘rsatuvlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlash.

Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish faol harakat bilan sodir etiladigan jinoyatlarni tergov qilishda keng qo‘llaniladi. Ko‘rib chiqilayotgan tergov harakatining o‘ziga xos xususiyati shundaki, ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan va aniqlanayotgan shaxslar oldin bergan ko‘rsatuvlarini o‘zlari ko‘rsatgan muayyan joyda qaytaradilar. Bu esa ko‘rsatuvlarni haqiqiy holat bilan darhol solishtirish imkonini beradi.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda ko‘rsatuvlar ish uchun ahamiyati bo‘lgan hodisa ro‘y bergan joyga nisbatan, hodisa ishtirokchi­lari harakatlari yoki boshqa holatlarga nisbatan tekshirilishi mumkin. Ushbu tergov harakatining natijasi nafaqat muayyan shaxslarning ko‘rsatuvlarini tekshirish va aniqlash, balki yangi dalillar olish hisoblanadi. Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish borasida ko‘rsatuvlari tekshirilayot­gan shaxs ish bo‘yicha qandaydir ashyoviy dalillar topishga yordam bergan taqdirda yangi dalillar olish mumkin bo‘ladi.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining ko‘rsatuv­larini hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish natijalari -bu shaxslarning muayyan hodisalar haqida bilganlari faqat ular­ning jinoyat sodir etishga daxldorligidan darak bersagina dalil kuchiga ega bo‘ladi.

Qonun ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish­ni surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan xolislar ishtiro­kida o‘tkazilishini, basharti bu tergov harakatini sud o‘tka­zayotgan bo‘lsa, taraflarning ishtirokida o‘tkazilishini talab qiladi. Zarur hollarda hodisa sodir bo‘lgan joyda ko‘rsatuv­larni tekshirishga mutaxassislar va ekspertlar jalb qilini­shi mumkin (JPK, 133-modda).

Bulardan tashqari ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakatining xususiyatlarga ega:

1) Bir vaqtning o‘zida bir necha shaxsning ko‘rsatuvlarini hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish. Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish yakka tartibda o‘tkaziladi.

2) Faqat gumon qilinuvchi (sudlanuvchi), ayblanuvchi, guvoh-larning ko‘rsatuvlari hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirili­shi mumkin.

3) Surishtiruv va dastlabki tergovda ko‘rsatuvlari tekshi­rilayotgan shaxs va ikki nafar xolislarning, sudda esa ko‘rsa­tuvlari tekshirilayotgan shaxs va taraflarning ishtirok etishi shart.



Download 455.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling