Ibn battuta. Sayohatnoma mashhur jahongashta


Download 54.36 Kb.
Sana06.02.2023
Hajmi54.36 Kb.
#1172022
Bog'liq
IBN BATTUTA



IBN BATTUTA. SAYOHATNOMA
MASHHUR JAHONGASHTA

Ibn Battuta jahon madaniyati va tafakkuri rivojida o‘rta asr arab geograflari Ibn Xurdodbeh, al-Ya’qubiy, al-Istaxriy, al-Muqaddasiy, al-Mas’udiy, Ibn Havqal hamda Abu Hamid al-G‘arnotiy, Ibn Fadlon, Ibn Jubayr kabi sayyohlar orasida o‘zining “Sayohatnomasi” bilan alohida o‘rin tutadi. Uning mazkur asari o‘rta asr mamlakatlari, shaharlari, ularning xalqlari madaniyati, turmush tarziga oid g‘oyat qimmatli, ko‘p o‘rinlarda yagona ma’lumotlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Akademik I.Yu.Krachkovskiy Ibn Battutani barcha musulmon mamlakatlarini kezib chiqqan so‘nggi eng buyuk sayyoh deya e’tirof etadi .


Ibn Battuta laqabi bilan shuhrat qozongan Shamsuddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh al-Lavotiy at-Tanjiy 1304 yili Mag‘rib mamlakatining Tanja shahrida faqih oilasida tavallud topgan. Ibn Battuta yigirma ikki yoshida haj qilish uchun Makkaga borish, shu bahonada u yerning allomalaridan dars olish ilinjida hech nimaga qaramay, tavakkal qilib safarga otlangan. Jasur, biroq kambag‘al yosh sayohatchi yolg‘iz, yayov Tilimson shahriga yetib keladi. Bu yerdan Milyonaga borib, unda tunislik bir guruh savdogarlarga qo‘shiladi. Shu bilan uning sayohati boshlanadi. U shimoliy Afrikaning ko‘plab shaharlarida bo‘ladi, Tunis, Misr, Suriyadan o‘tib, oxiri Makkaga yetib keladi. Bu yerda u islomning beshinchi farzini bajo keltirib, haj qiladi.
Sayyohning yangi rejasi Makkadan qaytishda amalga oshadi. U bu yerdan Iroqqa yo‘l oladi. Ibn Battutaning Iroqda ko‘rgan-kechirganlari, taassurotlari uning Hindistonga borish orzusini qat’iy qarorga aylantiradi. Ko‘pgina Iroq shaharlarini ziyorat qilgan Ibn Batutta Fors ko‘rfazi orqali dengiz yo‘li bilan Hindistonga borishni rejalashtiradi. Shunday qilib, sayyoh Eron tomon yo‘l oladi. U Eronning Isfahon, Sheroz kabi ko‘pgina shaharlarini tomosha qiladi. Katta mashaqqat bilan sayohatining birinchi bosqichini yakunlab, Misrga yetib boradi. Endi u hoji-ziyoratchi emas, to‘laqonli sayyoh sifatida yo‘lga otlanadi. U yangi sayohati davomida Shom o‘lkasi, Kichik Osiyo, Dashti Qipchoq, Oltin O‘rda, O‘rta Osiyoning Xorazm, Buxoro, Naxshab, Samarqand, Termiz, shuningdek, Xuroson shaharlarini borib ko‘radi. Ayniqsa, sayyohning Xorazm, Samarqand, Termiz shaharlariga bergan ta’riflari o‘quvchida katta taassurot uyg‘otadi. Masalan, Xorazm haqida gapirarkan, u “Butun dunyo bo‘ylab qilgan sayohatimda men xorazmliklardan ko‘ra xushxulq, oliyjanob, ajnabiylarga nisbatan mehmondo‘st odamlarni uchratmagan edim”, deydi. Shuningdek, sayyohning Movarounnahrning boshqa shaharlari haqida ham mana shunday iliq fikrlarini uchratamiz .
So‘ng Hindistonga yetib boradi. U yerda bir necha yil qolib, sulton Muhammad To‘g‘loq topshirig‘i bilan Xitoyga elchilik vazifasi bilan yo‘l oladi. Katta qiyinchilik bilan dengiz orqali hozirgi Indoneziya orollaridan o‘tib, Xitoyning Pekin shahriga borib yetadi. Pekinda o‘zaro urushlar yuz berib turgani bois, Sadri Jahon unvoniga sazovor bo‘lgan shayx Burhoniddin Sog‘arjiy maslahatiga binoan o‘z yurtiga qaytib ketadi. Shu asnoda Ibn Battuta yanada ko‘plab sarguzashtlarni boshdan kechiradi. Uning sayohati shu bilan yakunlanmay, Gibraltar bo‘g‘ozi orqali janubiy Ispaniyaga o‘tib, Granada, Ronda, Malagu shaharlarida bo‘lib, yana yurtiga qaytadi. Bu safar u oldingilaridan ko‘ra yanada murakkabroq, yanada uzoqroq Afrika sayohatiga chiqadi. Va nihoyat 1354 yil boshlarida 28 yillik jahongashtalikni tugatib, jami 75 ming mil (120 ming km.) masofa tay etib, katta mashaqqatlar bilan Fas shahriga keladi. Ibn Battuta sayohatining ko‘lami jihatidan haqli ravishda Magellanga qadar bo‘lgan davrning eng buyuk sayyohiga aylandi. Uning sayohati Shimoli-G‘arbiy Afrikadan to Xitoygacha, Hindistondan to janubiy Yevropagacha bo‘lgan juda katta maydonni qamrab oladi.
Sayyohning bu sayohati haqidagi hikoyalari sulton Abu Inon va uning yaqinlarida katta taassurot qoldiradi. Shuning uchun sulton adib va kotib Ibn Juzayy al-Kalbiyga Ibn Battuta hikoyalarini va esdaliklarini yozib olib, maxsus kitob tuzishni buyuradi. Ushbu kitob 1356 yil boshlarida nihoyasiga yetib, o‘sha davr an’analariga mos ravishda “Tuhfat an-nuzzor fi g‘aroib al-amsor va ajoib al-asfor” (g‘aroyib shaharlar va ajoyib safarlar haqida nazar sohiblariga tuhfa) deb nomlangan bo‘lsa-da, biroq bu nom bilan emas, “Ibn Battuta Sayohatnomasi” nomi bilan shuhrat qozongan.
Ibn Battutaning Sayohatnomasi o‘zining qiziqarli, nodir ma’lumotlari bilan jahon ilm ahlini qiziqtirmay qolmagan. Muhammad ibn Fathulloh ibn Muhammad al-Bayluniy XVII asr oxirida sayohatnomani qisqartirib, “Ibn Battuta sayohatnomasidan parchalar” deb atagan. Yevropa sharqshunoslari Ibn Battutani ayni mana shu qisqartma matn orqali taniganlar. Sayohatnomaga 1808 yili nemis sayyohi Zeettsen birinchi bo‘lib diqqatni tortgan. 1818 yili Kozegarten sayohatnomaning Hindiston, Xitoy va Sudanga bag‘ishlangan uch bo‘lagini lotin tiliga tarjima qilib, nashr ettirgan. Kozegerten Ibn Battuta axborotlarining haqqoniyligini tekshirish uchun boshqa geografik manbalarni ham jalb etadiki, ular bilan solishtirganda kitobxon Ibn Battuta sayohatnomasining naqadar katta tarixiy-geografik qimmatga ega ekaniga yanada amin bo‘ladi. Shuning-dek, Kozegartenning shogirdlaridan biri Genrix Apets parchalarning Malabar sohillari va Maldiv orollariga bag‘ishlangan yana bir qismini nashr ettirgan. O‘sha yilning o‘zida mashhur sayyoh Burghardning Nubiyaga sayohat kitobi chiqdi. Uning oxiriga sayohatnoma haqida al-Bayluniy parchalariga asoslanib yozilgan maqola, shuningdek, Burghard Mag‘rib safarida qo‘lga kiritgan uch qo‘lyozma ilova qilingan edi. Burghard vafotidan keyin sayohatnomaning qisqartirilgan nusxasi qo‘lyozmalari Kembrij universiteti kutubxonasiga borib tushdi. Ingliz sharqshunosi Samuel Li al-Bayluniy tuzgan parchalarning to‘la matnini ingliz tiliga tarjima qiladi. Ammo uning tarjimalari aniq bo‘lmay, ba’zi joylarda asl nusxaning erkin bayonidan iborat edi. Sayohatnomaning to‘liq tarjimasi birinchi marta 1840 yili Lissabonda amalga oshirildi. Portugaliyalik ruhoniy A.Moura 1790 yilda Fasda bo‘lgan chog‘ida sayohatnoma qo‘lyozmasini topib oladi va uni portugal tiliga tarjima qilishga qaror qiladi. Moura tarjimasining birinchi jildi 1840 yili Lissabon akademiyasi nashriyotida chop etilgan. U Misr, Suriya, Yaman, Makka, Kichik Osiyo va Oltin O‘rda safari taassurotlarini o‘z ichiga olgan edi. Biroq Mouraning vafoti tufayli bu ish oxiriga yetmay qoldi.
Sayohatnomaning Baron de Slen tomonidan asl matndan frantsuzchaga qilingan ayrim qismlari 1843 yili “Osiyo jurnali”da chop etildi. 1848 yili frantsuz arabshunosi Eduard Dyulare yana o‘sha jurnalda sayohatnomaning Malayya orollariga va Tavalisi safariga bag‘ishlangan boblarining matni va tarjimalarini bosib chiqardi. Bu nashr frantsuz sharqshunosi Sh.Defremerini qiziqtirib qoldi hamda u Eron va Markaziy Osiyo safarlarini tasvirlovchi boblarni to‘la qo‘lyozmadan frantsuzchaga tarjima qildi va 1848 yilda bosib chiqardi.
Mana shu nashrlar tufayli sharqshunoslar sayohatnomaning to‘la tanqidiy matnini tayyorlash va nashr etish hamda uni har tomonlama tadqiq etish zarurligini batamom anglab yetdilar. Sh.Defremeri B.Sanginetti bilan birgalikda bu ishga bel bog‘laydi.
Shubhasiz, Sh.Defremeri B.Sanginetti Ibn Battuta sayohatnomasi matnini tiklash, uni ochish va tushuntirish yuzasidan benihoya katta ish qilib, 1849-1853 yillar orasida arabcha tanqidiy matn bilan birgalikda frantsuz tiliga izohli tarjimani nashr etdilar. Bu nashr asarning undan keyingi Yevropa va sharq tillariga ko‘p sonli tarjimalari, shuningdek, matnning hamma arabcha nashrlariga ham asos bo‘ldi. Keyinchalik arab olamining turli joylarida o‘nlab nashrlar dunyo yuzini ko‘rdi.
Yigirmanchi asrda sayohatnomani tadqiq etish va ingliz tiliga tarjima qilish ishlari bilan taniqli ingliz arabshunosi Hamilton Gibb shug‘ullandi. U 1929 yildayoq Londonda sayohatnomaning qisqacha, lekin bag‘oyat mazmunli izohlar bilan ta’minlangan muxtasar tarjimasini chop etgan edi. Gibb bu boradagi tadqiqotini davom ettirib, 1956-1963 yillar orasida asar tarjimasi va izohlarini nashrdan chiqardi.
Sharqda eng birinchi tarjimalardan Muhammad Sharifning turk tiliga qilgan tarjimasini ko‘rsatib o‘tish lozim. 1970 yili esa Tehronda fors tilidagi tarjimasi nashr etildi.
Ibn Battuta sayohatlari va undagi qimmatli ma’lumotlarga Rossiyada ham katta qiziqish bilan qaraldi. 1841 yildayoq Russkiy Vestnik jurnalida “Rossiya xorijliklar nazarida” rukni ostida Ibn Battuta sayohatlaridan parchalar tarjima qilib berilgan edi. Oradan yigirma yil o‘tgach, V.Tizengauzen qalamiga oid “Oltin O‘rda tarixiga oid manbalar majuasi”da birinchi marta Ibn Battuta asaridan yirik-yirik parchalarning nisbatan aniq tarjimasi yuzaga keldi.
Ibn Battuta sayohatnomasining Dashti Qipchoqqa oid qismi tatar tiliga tarjima qilingani ham diqqatga loyiqdir. Arab tilining bilimdoni Rizouddin ibn Faxriddin qalamiga mansub bu tarjima 1917 yili Orenburg-da alohida kitobcha holida nashr qilindi.
Ibn Battuta sayohatnomasi bugungi kunga qadar ingliz, frantsuz, lotin, italyan, nemis, polyak, chex, hatto portugal tillariga tarjima qilinib, nashr etilganiga qaramay, yurtimiz tarixi bilan bevosita bog‘liq, o‘sha davrga oid g‘oyat nodir ma’lumotlarni mujassam etgan bo‘lsa-da, haligacha o‘zbek tiliga to‘liq ilmiy-izohli tarjima qilinmagan. Faqatgina Sayohatnomaning O‘rta Osiyoga oid qismlari tarjima qilinib, unda Ibn Battuta asarining yurtimiz tarixini o‘rganishdagi mislsiz ahamiyatiga e’tibor qaratilgan edi. Shu munosabat bilan bir guruh arabshunos olimlar (Ne’matulloh Ibrohimov, Sarvarjon G‘afurov, Abdulhakim Oripov, Akmaljon Ikromjonov, Abdulhamid Zayriyev, Jahongir Ne’matov, Abdulvohid Ahmadaliyev, mazkur Sayohatnomaning o‘zbek tiliga to‘liq tarjimasini amalga oshirdilar. Ushbu tarjimaning g‘oyat qiziq, ajoyib hikoyalaridan ayrim namunalar muhtaram o‘quvchilar e’tiborlariga tortiq qilinmoqda.

SAYOHATNOMA

SAYOHATNING BOSHLANISHI VA TANJADAN CHIQISH

Shayx Abu Abdulloh shunday hikoya qiladi: Mening kindik qonim to‘kilgan vatanim — Tanjadan safarga chiqishim 725 toq yili Olloh taoloning oyi – rajab oyining ikkinchi kuni, payshanbada bo‘lib, Ollohning bayti Ka’bani haj qilish va janobi Rasululloh (s.a.v.) qabrlarini ziyorat qilish maqsadida yo‘lga chiqdim. Mening na biror munis do‘stim va na biror otliq hamrohim bor edi. Zero, niyatim nafsimni turli mashaqqatlar bilan tarbiyalash bo‘lib, mazkur ulug‘ joylarga bo‘lgan ishtiyoqni qalbimga tukkan edim. Shu sababli o‘z ahli ayolim va do‘stu birodarlarimni tark etib, vatanimni go‘yo qushlar inlarini tark etganlaridek tashlab ketdim. O‘shanda ota-onalarim hayot edilar. Ularni tashlab ketish men uchun og‘ir bo‘ldi, o‘z o‘rnida ular uchun ham mendan judo bo‘lish qiyin kechdi. Men o‘shanda yigirma ikki yoshda edim.


Ibn Juzayy deydi: Menga Abu Abdulloh (Ibn Battuta)ning G‘arnota shahrida so‘zlab berishicha, u Tanja shahrida 723 yil rajab oyining yettinchisi, dushanba kunida tavallud topgan ekan.
(Ibn Battuta:) Safarim mo‘minlar amiri, saxovati tillarda doston, xayru karami barchaga ayon, fazilati ila kunlar bezangan, odamlar adolati va mehribonligi soyasida yayragan, dinning yordamchisi va Olloh taolo yo‘lida uning dushmanlariga qarshi kurashuvchi tabarruk rahnamo Abu Said ibn mavlono amirul-mo‘minin – qat’iyati ila shirk ta’siri xiralashgan, qilichining tig‘i kufr alangasini o‘chirgan, lashkarlari salbchilarni to‘zitgan va tutgan yo‘li kurash yo‘lida izzat topgan Abu Yusuf ibn Abdulhaqning zamonasida amalga oshdi.
Ilohim Olloh taolo unga o‘z rizoligini qayta-qayta nasib aylagan bo‘lib, muqaddas sag‘analarini hayot yomg‘iri ila sug‘orsin hamda barcha islom ahli va musulmonlar tomonidan ularni yaxshi mukofotlar ila mukofotlasin. Podshohlik to davri qiyomatga qadar ularning avlodida bardavom bo‘lishini nasib etsin!
Shunday qilib men Tilmison shahriga yetib oldim. Uning o‘sha davrdagi sultoni Abu Tashfin Abdurahmon ibn Muso ibn Yag‘mur Asan ibn Ziyon edi. U yerga borishim Ifriqiyya podshohi sulton Abu Yahyoning ikki elchisi, ya’ni biri Tunisdagi nikoh ishlari bo‘yicha qozi Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Bakr Aliy ibn Ibrohim an-Nafzoviy va ikkinchisi solih shayx Abu Abdulloh Muhammad ibn al-Husayn ibn Abdulloh al-Qurayshiy az-Zubaydiylarning o‘sha yerdaliklariga to‘g‘ri kelib qoldi. U o‘z davrining fozil kishilaridan biri bo‘lib, 40-yilda vafot etgan.
Men Tilmisonga yetib borgan kunim mazkur ikki elchi u yerdan chiqib ketishgan ekan. Shunda ba’zi birodarlar ularga hamrohlik qilishimni maslahat berdilar. Men Olloh taologa shu ish yuzasidan istixora namozini o‘qidim hamda Tilmisonda o‘z yumushlarim bilan ovora bo‘lib uch kun qolib ketdim. Keyin ularning izlaridan yo‘lga tushdim va Milyona shahriga yetib borib, ularni o‘sha yerda topdim. O‘shanda yozning rosa jazirama kunlari edi.
Shundan so‘ng ulardan biriga qattiq dard tegdi. Shu boisdan u yerda o‘n kun turib qoldik. Keyin yana yo‘lga otlandik. Dard qozini kundan-kunga zabtiga olar edi. Biz Milyonadan uch mil uzoqlikda joylashgan sersuv joyda qo‘nim topdik va qozi janoblari shu yerda to‘rtinchi kunning choshtgoh paytida jon taslim qildi. Keyin uning o‘g‘li Abut-Tayyib va hamrohi Abu Abdulloh az-Zubaydiylar Milyonaga qaytib, uning jasadini o‘sha yerda tuproqqa topshirdilar. Men ularni o‘sha yerda qoldirib, tunislik savdogarlar hamrohligida yana yo‘lga tushdim.
Ular orasida hoji Mas’ud ibn al-Muntasir, hoji al-Aduliy va Muhammad ibn al-Hajar ismli shaxslar bor edilar. Nihoyat biz Jazoirga yetib bordik va hatto shayx Abu Abdulloh va marhum qozining o‘g‘li yetib kelgunlariga qadar uning tashqarisida bir necha kun istiqomat qilib turdik. So‘ng ular kelishgach, barchamiz Zon tog‘lari sari yo‘l oldik.
Keyin Bijoya shahriga yetib bordik. Shayx Abu Abdulloh janoblari shahar qozisi Abu Abdulloh az-Zavoviyning uyiga va (marhum qozining o‘g‘li) Abut-tayyib esa faqih va mufassir Abu Abdulloh hazratlarining xonadonlariga tushdilar. O‘sha vaqtda Bijoya amiri Abu Abdulloh Muhammad bo‘lib, u saroy hojibi Sayyidunnosning o‘g‘li edi.
Menga Milyonadan hamrohlik qilgan Tunis savdogarlaridan Muhammad ibn al-Hajar degani shu yerda vafot etdi. U jon berishi oldidan yonidagi uch ming tilla dinorini jazoirlik Ibn Hadida nomi bilan tanilgan kishiga topshirib, ularni Tunisdagi merosxo‘rlariga yetkazishini vasiyat qildi. Mazkur xabar shahar hokimi Ibn Sayyidunnosga yetib borgach, u tilla tangalarni Ibn Hadidaning qo‘lidan tortib oldi. Bu men ko‘rgan musulmonlarning rahbar va yo‘lboshchilari orasida sodir bo‘lgan dastlabki zulm edi.
Aytib o‘tganimdek, Bijoya shahriga borganimizda issig‘im oshib kasal bo‘lib qoldim. Shunda menga Abu Abdulloh az-Zubaydiy hazratlari to tuzalgunimga qadar o‘sha yerda qolishim mumkinligini aytdi. Biroq men bunga ko‘nmadim va: “Agar Olloh taolo menga o‘limni lozim ko‘rgan bo‘lsa yo‘ldaligimda jonimni ola qolsin. Zero, men Hijoz yurtini qasd qilib yo‘lga chiqqanman”, – dedim.
Shunda u kishi menga: “Agar yo‘l yurishga qat’iy ahd qilgan bo‘lsang, uloving va og‘ir yuklaringning barini sot. Men senga bir ulov hamda chodir berib turaman, bizga yengillagan holda hamrohlik qilasan. Zero, yo‘lda arab qaroqchilari xavfiga duch kelamiz”, – dedi. Men darhol uning aytganlarini qildim. U menga va’da qilgan narsalarni berdi. Olloh taolo uni bu ishi uchun o‘zi yaxshi mukofotlasin. Chunki bu men uchun mazkur Hijoz safarida ko‘rsatilgan eng birinchi ilohiy marhamat edi.
Biz yo‘lda davom etib Qasantina shahriga yetib oldik va uning ham tashqarisida qo‘nim topdik. Kechasi kuchli yomg‘ir yog‘di, biz o‘z chodirlarimizni tark etib, o‘sha yerdagi xonadonlarga kirishga majbur bo‘ldik.
Ertasiga bizlarni shahar hokimi qarshi oldi. U Abulhasan deb nomlanuvchi aslzoda va fozil kishilardan biri edi. Hokim mening kiyimlarimni yomg‘ir kir qilib yuborganini ko‘rib, ularni o‘z hovlisida yuvdirib berdi. Ehromim ham eskirganini ko‘rib, o‘rniga Ba’labakkadan keltirilgan yangi ehrom berib yuboribdi. Uning bir tarafiga hamyon qildirib, ikki tilla dinor solib qo‘yibdi. Bu mazkur safarim chog‘idagi birinchi ehson edi. Biz o‘z yo‘limizda davom etib Buna shahriga yetib keldik va uning ichiga kirib, o‘sha yerda bir necha kun turdik. So‘ng yo‘ldagi xavfu xatarlar sababli savdogar sheriklarimizni o‘sha joyda qoldirib, o‘zimiz yolg‘iz yo‘lga tushdik. Qiyinchilik davom etib, (yo‘lda) yana isitmalab qoldim. Holdan toyganim bois, qulab tushmaslik uchun o‘zimni sallam bilan egarga bog‘lab olgan edim, yerga tushgani esa yuragim dov bermasdi. Biz shu zaylda Tunis shahriga yetib keldik. Tunis ahli shayx Abu Abdulloh va (marhum) qozi Abu Abdulloh an-Nafzoviyning o‘g‘li Abut-tayyiblarga peshvoz chiqishib, ularni salom-so‘rovlar ila iliq kutib oldilar. Biroq tanimaganligi uchun hech kim menga salom bermadi, o‘sha paytda menda oldin hech ham duch kelmagan holat yuzaga keldi, o‘zimni tuta olmay yig‘lab yubordim. Shu payt ahvolimni u yerdagi hojilardan biri sezib qoldi va darhol kelib, men bilan salomlashib, menga iltifot ko‘rsata boshladi. Men uning shirin suhbati bilan shaharga kirib qolganimni ham sezmay qoldim. Tunisda shaharning bosh madrasasiga joylashdim.
Ibn Juzayy shunday deydi: Menga ustozim, qozi, xatiblar xatibi, hoji al-Bilfiqiyning o‘g‘li Abul-Barakot Muhammad ibn Muhammad Ibrohim as-Sulamiy shunday hikoyani so‘zlab berdi. U (hikoya qilib) dedi: Abu Abdulloh ibn al-Kamoddan rivoyat qilingan hayit haqidagi ketma-ket uzluksiz keltirilgan hadis rivoyatiga ko‘ra, bir hayit kechasida Andalus shaharlaridan Balashga bordim. Odamlar bilan birga masjidda hozir bo‘ldim. Namoz va xutba tugagach, odamlar o‘zaro bir-birlari bilan salomlasha ketdilar. Men esa bir chekkada turar, hech kim salom bermas va so‘rashmasdi. Shunda mazkur shahar ahlidan bo‘lgan bir mo‘ysafid oldimga kelib salom berdi va quyuq ko‘rishdi. U (menga qarab): “Sizga qarasam, odamlardan yakkalanib, hech kim sizga salom ham bermayotgan ekan. Shunda sizning g‘arib-musofir ekaningizni bilib, ko‘rishib qo‘ygim keldi”, — dedi. Olloh uni yaxshilik bilan siylasin.

TUNIS SULTONI HAQIDA

Men Tunisga kirgan vaqtimda uning sultoni Abu Yahyo ibn sulton Abu Zakariyo Yahyo ibn sulton Abu Ishoq Ibrohim ibn sulton Abu Zakariyo Yahyo ibn Abdulvohid ibn Abu Hafs edi (Olloh uni rahmatiga olsin). Tunisda bir guruh ko‘zga ko‘ringan ulamolar bo‘lib, ulardan biri o‘sha joyning qozisi Abu Abdulloh Muhammad ibn qozi Abul-Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Hasan ibn Muhammad al-Ansoriy al-Xazrajiydir. U asli Valensiyadan bo‘lib, keyinchalik Tunisga ko‘chib kelgan, ko‘zlari qisiq edi. Ular orasida yana mashhur xatib Abu Ishoq Ibrohim ibn Husayn ibn Aliy ibn Abdurafi’ ham bo‘lib, u besh davlatda qozilik qilgan. Ulardan yana faqih Abu Aliy Umar ibn Aliy ibn Qaddoh al-Havoriy bo‘lib, u ham bir necha muddat qozilik qilgan va ko‘zga ko‘ringan olimlar-dan sanalar edi. Uning odatlaridan biri shu ediki, u har juma kuni namoz tugagach, Tunisning mashhur “az-Zaytuna” jomesi ichidagi ustunlardan biriga suyanib o‘tirib, odamlarning savollariga fatvo berardi. Agar fatvolar soni qirqqa yetsa, savol-javobni tugatib uyiga qaytardi.
Men Tunisdalik chog‘im ramazon hayitiga to‘g‘ri kelib qoldi va namozgohda hozir bo‘ldim. Odamlar hayitni o‘tkazish maqsadida o‘sha kuni jam bo‘lishgan, eng go‘zal liboslarda ko‘rkam bo‘lib namozgohga tashrif buyurishgan edi. Shu payt masjidga yuqorida nomi zikr etilgan sulton Abu Yahyo kelib qoldi. U otga minib olgan, yonida yaqinlari, xos kishilari bo‘lib, davlat xizmatchilari esa go‘zal tartibda piyoda yurib kelar edilar. Namoz tugab, xutbalar ham o‘qilib bo‘lgach, odamlar o‘z manzillari tomon yo‘l oldilar.
Bir muddat o‘tgach, Hijozi sharifga boradigan karvonga boshliq etib Afrika shaharlaridan Iqliy ahlidan Abu Ya’qub as-Susiy nomi bilan tanilgan shayx tayinlandi. U yerning aksariyat aholisi musomidadir. Meni esa o‘zlariga qozi etib saylashdi. Biz zul-qa’da oyining oxirgi kunlarida Tunisdan dengiz sohili bo‘ylab safarga chiqdik. Oxir-oqibat Susa shahriga yetib keldik. U dengiz bo‘yida joylashgan go‘zal va mo‘‘jazgina shaharcha bo‘lib, u bilan Tunis shahri orasi qirq mildir. Keyin Safoqis shahriga yetdik. Uning tashqarisida molikiy fiqhiga tegishli “at-Tabsira” kitobi muallifi imom Abulhasan al-Laxmiy al-Molikiyning qabri bor.
Ibn Juzayy dedi: Safoqis shahri haqida Aliy ibn Habib at-Tanuxiy shunday degan:

Qishlog‘u qal’a, qasrlaru namozgohli


Safoqis yerlari serob bo‘lsin.
Ko‘rfazga qaragan qasr qo‘riqxonasi,
Uning qasri oliy va yuksak.
Ziyoratiga borsang, xush kelibsan, deb
Baralla aytib yuboray deb turibdi.
U go‘yo bir dengiz, goh suvlari ortga
Chekinadi, goho to‘lib toshadi.
Xojasi kanizini ko‘rganda, go‘yo
Quchmoqchi bo‘lganday, to‘ldiradi quyilgan suv.

Buning teskarisi haqida ajoyib adib, qoyilmaqom va ko‘plab she’rlar muallifi Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Tamim shunday degan:

Safoqis. Unda yashovchiga hayot bo‘lmasin,
Yoqqanda ham yerini biror yomg‘ir sug‘ormasin.
Bu shunday shaharki, unga kirganlar
Rumu arabdek ikki bosqinchidan ozor topadi.
Qancha odamlar molidan ayrilib, sahroda adashib ketgan,
Dengizda asirligu halokatdan ko‘z yosh to‘kadi.
Unda yashaganlarga dengiz ham oshkor malomat qiladi,
Har gal oldiga kelsalar, ortga qochadi.

So‘ng Qobus shahriga yetib, tinimsiz yomg‘ir yoqqani bois, o‘n kun u yerda qo‘nim topdik.


Ibn Juzayy deydi: Qobus haqida ba’zilar shunday deganlar:

Qobusning mayin qumli tomonida


Yaxshi tunlar o‘tib ketganiga ezilmoqdaman.
Uni eslaganda qalbim go‘yo
Cho‘g‘ ushlagan kishi qo‘lidagi bir parcha olov.

So‘ng Qobus shahridan chiqib Tarabulus sari yo‘l oldik. Yo‘lda yuztacha yoki undan ko‘proq otliq kishilarga hamroh bo‘ldik. Ular orasida kamonchilar ham bo‘lib, arablar ulardan qo‘rqadilar. Kamonchilar karvon o‘rinini himoya qilib turdilar. Olloh ning o‘zi bizni arablardan himoya qildi. Biz qurbon hayitini yo‘lda kutib olib, hayitning to‘rtinchi kuni Tarabulus shahriga yetib bordik. U yerda bir muddat qoldik. Men Safoqis shahrida Tunis amaldorlaridan birining qiziga sovchi qo‘yib, unga uylangan edim, Tarabulusga yetganimizda, u bilan birga bo‘ldim. So‘ng u yerdan 726-yil muharram oyining oxirlarida ahli ayolim bilan yo‘lga chiqdim. Bizga bir qancha musomidaliklar ham hamroh bo‘ldilar. Men bayroqni ko‘targan holda oldinda borardim. Karvondagilar esa esa sovuq va yog‘ingarchilikdan qo‘rqib, Tarabulusda qolgan edi. Biz yo‘lda Maslota va Masrota shaharlari hamda Surt qasrlari oldidan o‘tdik. Shu yerga yetganimizda bir qancha tuyalik sahro arablari bizga hujum qilmoqchi bo‘ldi. Qudrati ilohiy ularni to‘xtatib, bizga qarata otganlarini to‘sib qoldi. Keyin biz daraxtzor ichiga kirib ketib, undan mashhur obid Barsisoning qasri yonidan o‘tib, Salom gumbazi oldida to‘xtadik. O‘sha yerda Tarabulusda qolib ketgan karvondagilar bizga yetib kelib qo‘shildilar. Men va qaynotam o‘rtasida janjal chiqib, bu uning qizi bilan ajralishga olib keldi. Men foslik toliblardan birining qiziga uylandim va Za’ofiya qasrida u bilan birga bo‘ldim. Karvon ahliga dasturxon yozib, ularni yedirib-ichirdim, karvon shuni deb u yerda bir kun ushlanib qoldi.


So‘ng jumodul-avval oyining birinchi kuni Iskandariya shahriga yetib keldik, Olloh u shaharni o‘z panohida asrasin! Zero u dushmanlardan saqlangan va hamisha sevimli bo‘lib qoluvchi bandargoh bo‘lib, sha’ni ajoyib, qurilishi asl bir shahardir. U yerda istaganingizcha go‘zallik va puxtalik, diniy va dunyoviy osori atiqalar mavjud bo‘lib, boyliklari serob va ma’naviy dunyosi o‘ta latofatlidir. Uning binolari o‘zida hashamat va mustahkamlikni mujassam qilgan. Ulug‘vorlikda tengsiz bo‘lib, uning qimmatbaho toshlari orasida marvaridlar jilo aylaydi. U o‘zining hayratga soluvchi ko‘rki ila porlaydi. Mashriq va mag‘rib o‘rtasida joylashgani bois barcha ajoyibotlar unda jamul-jam, barcha yangi va kamyob narsalar unda topilur. Insonlar uning vasfida uzundan-uzoq so‘zlar bitganlar, undagi ajoyibotlarga atab qanchadan-qancha kitoblar tasnif etib, g‘aroyib so‘zlarni keltirganlar. Bu borada o‘zi uchun yetarli ma’lumot olmoqchi bo‘lgan kishi Abu Ubaydning “al-Masolik” asariga murojaat qilsin.

ISKANDARIYA DARVOZALARI VA UNDAGI BANDARGOHLAR HAQIDA

Iskandariya shahrining to‘rtta darvozasi bo‘lib, ular: “as-Sidra” darvozasi, mag‘rib tomondan kelganlar shu darvozadan kiradilar; “Rashid”, “al-Bahr” va “al-Axzar” darvozalari. Ulardan to‘rtinchisi, ya’ni “al-Axzar” darvozasi faqatgina juma kunlari ochiladi va odamlar undan qabrlarni ziyorat qilish uchun tashqariga chiqadilar. U (shahar)ning katta bandargohi bo‘lib, men bundayini dunyo bandargohlari orasida faqatgina Hindistondagi Kulam va Qoliqut (Kalkutta) hamda turk shaharlaridan Surdoqdagi kufr ahli bandargohi hamda Xitoydagi Zaytun bandargohlari misolida ko‘rganman. Ular haqida batafsil ma’lumot o‘z o‘rnida zikr etiladi.

MINORA BAYONI

Shu yurishim asnosida Iskandariya minorasiga borishga qasd qildim. Shunda uning bir tomoni vayron bo‘lib, buzilib tushganini ko‘rdim. U to‘rtburchak shaklda qurilgan bo‘lib, tepaga qarab qad rostlagan, eshigi yerdan baland, eshigi ro‘parasida shu eshik balandligida bir bino qurilgan. Ular o‘rtasiga eshigiga qarab yurib boriladigan yog‘och ko‘prik tashlangan. Agar shu ko‘prik olib qo‘yilsa, minora ichiga kirib bo‘lmaydi. Eshik ichida minora qo‘riqchisi uchun ajratilgan joy bo‘lib, minoraning ichki qismida ko‘plab xonalar mavjud. Ichkaridagi yo‘lakning kengligi to‘qqiz qarich, devorning qalinligi esa o‘n qarich. Minoraning har to‘rt tarafdan umumiy kengligi esa bir yuz qirq qarich bo‘lib, u baland tepalikda joylashgan. Minora bilan shahar o‘rtasidagi masofa bir farsax. Shahargacha bo‘lgan masofa uzanib ketgan quruqlikdan iborat bo‘lib, mazkur quruqlikni uch tomondan dengiz o‘rab turadi va dengiz suvi shahar devorlarigacha ulanib ketadi. Shu sababli minoraga quruqlik orqali faqatgina shahar tomondan kelish mumkin. Minoraga olib boruvchi bu quruqlikda Iskandariya qabristoni mavjud.
750 yilda Mag‘rib diyoriga qaytish chog‘imda o‘sha minoraga (yana) bordim. Shunda uni xarobaga aylanganini ko‘rdim. Hatto uning ichkarisiga kirish va eshigiga chiqishning ham iloji qolmabdi. Podshoh Nosir uning ro‘parasiga huddi shunday bir minora qurishni boshlagan ekan, o‘lim bu ishni oxiriga yetkazishiga mone’lik qilibdi. Olloh uni o‘z rahmatiga olsin!

SAVORIY USTUNI BAYONI

Bu shahardagi ajoyibotlardan biri shahar tashqarisida joylashgan mahobatli marmar ustun bo‘lib, uni “Savoriy ustun” deb atashadi. U xurmo daraxtlaridan iborat o‘rmon o‘rtasida joylashgan, o‘rmondagi daraxtlardan balandligi uchun yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. U to‘rt burchak shakldagi tosh poydevorlar ustiga qurilgan va o‘ta puxta qilib yo‘nilgan bir bo‘lak tosh, go‘yo ulkan o‘rindiqlarni yodga soladi. Ammo uni bu yerga qanday qilib o‘rnatilgani va kim o‘rnatgani noma’lum.
Ibn Juzayy deydi: Ba’zi sayohatchi ustozlarimning menga yetkazishlaricha, Iskandariyadagi kamonchilardan biri yonida kamoni va sadog‘i bilan ana shu ustunning eng tepasiga chiqib, yaxshilab joylashib olibdi. Bu ishi ovoza bo‘lib, tezda uni ko‘rish uchun g‘ij-g‘ij olomon yig‘ilibdi. Uning ishidan rosa ajablanibdilar. Odamlar buni qanday uddalaganini bilolmabdilar. Menimcha, u biron narsadan qo‘rqqan yoki biron hojat talabida bo‘lgan, shu bois, hayratomuz harakati natijasida maqsadiga yetgan.
U ustunga bunday chiqqan ekan: bir o‘qning yuqori tomoniga ip boylab, ipning uchiga esa mustahkam arqon ulab, ustunning tepasiga otgan, o‘q ustunning tepasidan o‘tib, narigi tomoniga tushgan. Shunda ip ustunning eng yuqorisiga to‘g‘ri kelgan, keyin uni tortib, arqonni ipning o‘rniga keltirgan. So‘ng bir tomonini yerga mahkamlab boylagan-da, narigi uchidan tirmashib chiqib, ustunning eng tepasiga ko‘tarilib olgan, keyin esa arqonni tortib olgan. Yonida arqonni ko‘tarib yuradigan odam ham bo‘lgan. Odamlar qanday chiqqanini bila olmay, bu ishdan hayratga tushdilar.
Men Iskandariyaga borgan vaqtimda uning amiri Salohiddin ismli kishi bo‘lib, u yerda yana al-Lihyoniy kunyasi bilan tanilgan Afrikaning sobiq sultoni Zakariyo Abu Yahyo ibn Ahmad ibn Abu Hafs ham bor edi. Podshoh an-Nosir uni Iskandariyadagi saroy hovlisiga mehmon tushirishni buyurib, unga har kuni yuz dirhamdan maosh tayinlagan edi. O‘g‘illari Abdulvohid, Misriy va Iskandariylar hamda hojibi Abu Zakariyo ibn Ya’qub va vaziri Abu Abdulloh ibn Yosinlar ham u bilan birga edilar. Mazkur al-Lahyoniy va uning o‘g‘li Iskandariy Iskandariyada vafot etdilar. Misriy ismli o‘g‘li esa Iskandariyada hozirgi kungacha yashab kelmoqda.
Ibn Juzayy deydi: al-Lihyoniyning ikki o‘g‘li – al-Iskandariy va Misr ismlarida rom (fol, shumlanish)da jon borligiga duch kelinishi g‘aroyib ishlardandir. Zero al-Iskandariy o‘sha yerning o‘zida vafot etdi. Misr esa Misr shaharlaridan bo‘lgan joy (Iskandariya)da uzoq umr ko‘rdi. Abdulvohid esa Andalus, Mag‘rib va Ifriqiya shaharlariga ko‘chdi va o‘sha yerda qashshoq holda bir orolda vafot etdi.

ISKANDARIYANING BA’ZI OLIMLARI HAQIDA

Ulardan biri Iskandariyaning qozisi Imoduddin al-Kindiy bo‘lib, u tilshunos olimlaridan edi. U odatdagi sallalardan mutlaq farq qiluvchi bir salla o‘rardiki, men yerning na mashriqu va na mag‘ribida undan kattaroq sallani ko‘rmaganman. Bir kuni uni masjid mehrobi o‘rtasida o‘tirganini ko‘rdim, uning sallasi mehrob ichini to‘ldirib turardi. Ulardan yana biri Faxruddin ibn ar-Rayg‘iy bo‘lib, u ham Iskandariya qozilardan va ilm ahlining fozil kishilaridan edi.

YAXSHI FOL HIKOYASI



Aytishlaricha, mazkur qozining bobosi Faxruddin ar-Rayg‘iy Rayg‘a ismli joy ahlidan bo‘lib, ilm talabi ila mashg‘ul bo‘lgan, so‘ng Hijozga safar qilgan va Iskandariyaga yetib kelganida xufton payti bo‘lgan. U o‘sha vaqtda qo‘li yupqa kambag‘al odam bo‘lgan, shuning uchun bu shaharga to yaxshi bir fol eshitmagunimcha kirmayman, deb uning darvozasi yaqinida o‘tirgan va darvoza oldida undan boshqa hech kim qolmagan. Shu payt darvozabon uning sustlik qilayotganidan darg‘azab bo‘lib mazax qilib: “Ey qozi, kiring!” degan. Shunda u kishi “demak men, Olloh xohlasa, qozi bo‘lar ekanman”, deb (shahar ichkarisiga kirgan).
So‘ng undagi madrasalardan biriga kirib, ilm o‘rganishga berilib, fozil kishilar yo‘lidan borgan va nomi chiqib, dovrug‘i atrofga yoyilgan. U taqvosi va zuhdi bilan tanilib, u haqidagi gaplar Misr shohining qulog‘igacha yetib borgan.
Ittifoqo, o‘sha kunlarda Iskandariyaning qozisi vafot etib qoladi, uning o‘rniga faqih va olimlardan ko‘pchiligi da’vogar edilar. Ular orasida faqat uninggina bu lavozimga rag‘bati yo‘q edi. Shunda Misr podshohi unga elchi yuborib, qozilikka tayinlabdi.
So‘ng xodimiga odamlar orasida kimda qanday xusumat bo‘lsa, uning oldiga kelishlarini e’lon qildiradi. Shunda faqihlar va boshqalar o‘zlari qozilikka eng loyiq deb hisoblagan bir kishi huzuriga yig‘ilib, uning xususida podshohga murojaat qilish, odamlar tayinlangan qozidan rozi emaslar, deya iltimos qilish ustida muzokara qiladilar. Shu payt ular orasiga dono munajjimlardan biri kirib keladi va ularga qarata shunday deydi: “Sizlar bu fikringizdan qayting, zero, men uning yulduziga boqdim va tekshirib ko‘rdim. Menga shu narsa ayon bo‘ldiki, u qirq yil qozilik qilar ekan”. Shundan so‘ng ular o‘z fikrlaridan qaytishdi va ish darhaqiqat, munajjim aytganidek bo‘ldi. U qozilik davrida adolat va halollik bilan tanildi.
Olimlardan yana biri Vajiyhuddin as-Sanhojiy bo‘lib, u kishi ham Iskandariyaning olim va fozil qozilaridan bo‘lgan, yana Shamsuddin ibn Bintut-Tanisiy ismli shaxs ham bo‘lib, u kishi ham mashhur fozillardan edi.
Undagi solih zotlar safida shayx Abu Abdulloh al-Fosiy degan kishi ham bor bo‘lib, katta avliyolardan edi. Aytishlaricha, har safar namozi oxirida salom bersa, g‘aybdan salomiga alik olinganini eshitar ekan.
Ulardan yana biri Xalifa kunyasi bilan tanilgan, ko‘p karomatlar sohibi, zohid, taqvodor va xushfe’l olimdir.
Menga uning rostgo‘y muridlaridan birining xabar berishicha, bir kuni mazkur shayx tushida Rasululloh (s.a.v.)ning “Ey xalifa, o‘rningdan turib, bizning ziyoratimizga kel” deyayotganlarini ko‘ribdi. Shundan so‘ng darhol Madinai sharifga borib, Masjidi Nabaviy ichiga Bobus-salom eshigidan kiribdi va janobi Hazrat bilan salomlashibdi. So‘ng masjiddagi ustunlardan biriga suyanib o‘tirib, boshini ikki tizzasiga tekkizibdi. Bu ish sufiylarda tarfiq deb ataladi. Boshini ko‘tarib qarasa, oldida to‘rt kulcha non va bir idishda sut hamda bir tovoqda xurmo turganmish. Bu nozu ne’matlardan o‘zi va muridlari tanovul qilgach, bu yili haj qilmasdan yana Iskandariyaga qaytibdilar.
Ulardan yana biri taqvodor va zohid olimlardan Burhonuddin ismli kishi ham bo‘lib, oqsoq bo‘lgani uchun ismiga “al-A’raj” (oqsoq) laqabini qo‘shib aytishardi. U ham katta zohid va obid zotlardan bo‘lib, Iskandariyada turgan kunlarimda u kishi bilan ko‘rishib, uch kun ziyofatida bo‘lganman.
Bir kuni uning oldiga kirsam, menga shunday dedi: “Sen mamlakatlar aro sayru sayohatni yaxshi ko‘radigan odam ekansan-a?!”. Shunda men “Ha”, dedim. Ammo o‘sha vaqtda menda Hind va Chin mamlakatlari tomon sayr qilish xayoli yo‘q edi. Shu payt u kishi menga: “Unday bo‘lsa, insholloh, sen Hind yerida birodarim Fariduddin va Sind yerida birodarim Ruknuddin Zakariyo hamda Chindagi birodarim Burhonuddinlar bilan ko‘rishasan. Ular bilan uchrashgan vaqtingda, ularga mening salomimni yetkaz”, dedi. Men uning bu gapidan ajablandim, chunki u bu bilan meni ana shu mamlakatlarga borishga undab qo‘ygan edi. Keyin men o‘z sayohatimda davom etib, u aytgan uch zot bilan uchrashib, uning salomini ularga yetkazdim.
U bilan xayrlashayotganimda menga bir qancha kumush dirhamlar berdi, bu pullar doim yonimda bo‘lib, ularni ishlatishga hech ehtiyojim bo‘lmadi, oxiri dengiz safari chog‘ida hind kofirlari mendan boshqa narsalarim bilan birga uni ham tortib oldilar.
Ular orasida shayx Yoqut al-Habashiy ham bo‘lib, u zot ham ulug‘ kishilardan edi. U Abul-Abbos al-Marsiyning shogirdi bo‘lib, Abul-Abbos al-Marsiy esa mashhur avliyo, ko‘plab karomatlar hamda oliy maqomlar sohibi Abul-Hasan ash-Shozaliyning shogirdi bo‘lgan.
Abul-Hasan ash-Shozaliyning karomatlaridan: Menga shayx Yoqut o‘z shayxi Abul-Abbos al-Marsiydan rivoyat qilib dediki, shayx Abul-Hasan har yili haj qilar ekan va ketishda Misr janubi tomondan ketib, rajab va undan keyingi oylarda to haj tugaguniga qadar Makka shahrida istiqomat qilarkan, so‘ng Madinaga kelib, qabri sharifni ziyorat qilgach, Darbul-kabir ismli joy orqali o‘z yurtiga qaytarkan.
Ana shunday yillarning birida, aniqrog‘i, oxirgi chiqishida xodimiga qarab: “O‘zing bilan ketmon, cho‘mich, atir hamda mayyitga lozim bo‘ladigan narsalarni ol”, debdi. Shunda xodimi “nega” deb so‘rabdi. Shayx unga “Humaysaro degan joyga borganda bilasan”, deb javob qilibdi. Humaysaro Misr Sa’idida, Ayzob sahrosida bo‘lib, u yerda suvi achchiq buloq bor, echkiemar va kaltakesaklar juda ham ko‘p. Ular Humaysaroga yetganlarida shayx Abul-Hasan g‘usl qilib, ikki rakat namoz o‘qibdi. U namozining oxirgi sajdasida turgan paytda Olloh azza va jalla uning jonini olibdi. So‘ng o‘sha yerga xodimlari tarafidan dafn qilinibdi. Men u zotning qabrini ziyorat qildim. Qabr ustida bir qabrtoshi bo‘lib, unga u zotning ismi va nasabi to Aliy (r.z.)ning o‘g‘li Hasan (r.z.) gacha izchil yozib qo‘yilgan ekan.
U zot yuqorida zikr qilganimdek, har yili Misr Sa’idi hamda Jidda dengizi orqali safar qilardi va har safar kemaga minganida har kuni o‘ziga mansub bo‘lgan “Hizbul-Bahr” duosini o‘qirdi. U kishining shogirdlari hozir ham har kuni mazkur duoni o‘qib yuradilar.

SAVDOGARLAR ORASIDAGI JANJAL HIKOYASI



Biz Makka shahrida turgan vaqtimizda yetti yuz yigirma yettinchi yili Iskandariya shahrida musulmonlar bilan nasroniy savdogarlar o‘rtasida janjal chiqqani haqida xabar bordi.
Iskandariyaning voliysi Karkiy laqabi bilan tanilgan odam bo‘lib, u rumlik nasorolar himoyasi tomonga o‘tib olibdi va musulmonlarni shahardan chiqarib, jazo tarzida darvozani berkitib qo‘yibdi. Shundan so‘ng odamlar uning bu qilmishidan qattiq ranjib, unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishibdi va darvozani sindirishibdi, ichkariga kirib, voliyning manzili tomon yo‘l olishibdi. Voliy ulardan qochib, qal’aga berkinibdi va qal’a ustidan turib jang qila boshlabdi. Keyin Misr podshohi Nosirshohga bu haqida maktub yozib, kabutar orqali yetkazibdi, podshoh u yerga Jamoliy ismli bir amirni yuboribdi.
So‘ng uning ketidan To‘g‘on ismli ikkinchi amirni yuboribdi. Bu amir juda ham toshbag‘ir va jabbor bo‘lib, uning musulmonligiga ham shubha bor edi. Aytishlaricha, u quyoshga sig‘inuvchilardan bo‘lgan ekan. Mazkur ikki amir Iskandariyaga kirib, undagi katta a’yonlar va yirik savdogarlarning barini bolalari bilan asir olib, mol-mulklarini musodara qilishibdi. Shahar qozisi Imoduddinning bo‘yniga katta temir zanjir osib, uni ham asir olibdilar.
So‘ng ular shahar aholisidan o‘ttiz olti kishini o‘ldirib, har birining jasadini ikkiga bo‘libdilar, so‘ng ularni shaharning chiqaverish yo‘lining ikki chetiga qator qilib osib qo‘yibdilar. Bu voqea juma kuni bo‘libdi. Odamlar odatlariga ko‘ra, juma namozidan chiqib, shahar tashqarisiga qabrlar ziyorati uchun yo‘l olishgan vaqtda ushbu osilgan hamshaharlarining jasadlariga ko‘zlari tushib, qattiq hasrat va nadomatga cho‘mibdilar.
Ana shu osilgan jasadlar qatorida baland martabali Ibn Ravoha ismli savdogar ham bo‘lib, uning qurol to‘la ombori bor edi. Qachonki biror-bir xavf yoki urush bo‘lsa, yuz yoki ikki yuz kishini qurollantirardi.
Shaharda bunday omborlar ko‘plab topilib, ular ham shu kabi savdogarlarga mansub edi. Yuqoridagi tojir tilidan ilinib, haligi ikki amirga: “Bu shaharda bo‘layotgan har qanday ishga men javob beraman va undagi qo‘zg‘olonni tinchitishga ham men kafilman. Kerak bo‘lsa, sultonimizni qo‘riqlash uchun ham qancha bo‘lsa askar va odam yetkazib berish qo‘limdan keladi”, deb yuboribdi.
Amirlar esa uning gaplarini noto‘g‘ri qabul qilib, unga: “Sening niyating sultonimizga qarshi borib, qo‘zg‘olon ko‘tarishdir”, deb uni o‘ldiribdilar.
Olloh taolo uni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin! Afsuski, uning niyati o‘z podshohiga sodiqlik va xayrixohligini bildirib qo‘yish bo‘lgan, xolos, ammo taqdiriga shunday ajal bitilgan ekan, na chora?!
Men Iskandariyada turgan kunlarimda solih, obid va saxovatli shayx Abu Abdulloh al-Murshidiy haqida eshitib qoldim. U zot katta avliyolardan bo‘lib, Banu-Murshid degan yerdagi ibodatxonasida yolg‘iz o‘zi ibodat qilar, u kishining na xodimi va na biror hamxonasi bor edi. U zot huzuriga hatto amiru vazirlardan tortib, oddiy odamlargacha, necha turli insonlar ziyoratga kelib turishardi. Kelgan odamlarning har biri biror taom yoki meva yoki shirinlikni yeyishni ko‘nglidan o‘tkazgan bo‘lsa, ularning har biriga istagan narsasini oldiga olib chiqardi, ko‘pincha bu holat o‘sha mevalar pishmaydigan fasllarda bo‘lar edi.
U zotning huzuriga faqihlar xatiblik orzusida kelishar, u zot esa kimlarnidir xatiblikka qo‘yib, kimlarnidir bo‘shatar edi. Bu barchaga ma’lum va mashhur edi.
Misr podshohi Nosirshoh ham bu zotni shu manziliga kelib, bir necha bor ziyorat qilgan edi.
Men Iskandariya shahridan mazkur shayxning ziyoratini qasd qilib yo‘lga chiqdim va Tarvaja ismli qishloqqa yetib keldim. Bu qishloq Iskandariyadan piyoda yarim kunlik yo‘l olislikda bo‘lib, kattagina qishloqdir. Uning o‘z voliysi, qozisi hamda noziri bo‘lib, qishloq odamlari o‘zlarining go‘zal xulq va odoblari bilan o‘zgalardan ajralib turadilar.
Men uning qozisi Safiyyuddin va xatibi Faxruddin hamda uning fozil kishilaridan Muborak ismli kishilar bilan hamsuhbat bo‘ldim. Muborakni “Zaynuddin”, ya’ni “dinning ziynati” deb atasharkan. Men u yerda qadri baland obidlardan Abdulvahhob ismli kishining uyiga tushdim. Meni qishloq noziri Zaynuddin ibn al-Voiz ham mehmon qildi. U mendan o‘z yurtim va uning xazinasi haqida so‘radi. Men unga yurtim haqida so‘zlab, uning xazinasi o‘n ikki ming tilla dinor atrofida ekanini aytdim. U bundan ajablanib, dedi: “Bu qishloqni ko‘ryapsanmi? Shuning xazinasi yetmish ikki ming tilla dinorni tashkil etadi. U butun Misr diyori xazinasidan ham ko‘p, zero, undagi barcha boylik baytul-mol, ya’ni davlatnikidir”.
So‘ng ushbu qishloqdan chiqib, Damanhur shahriga yetib keldim. U katta shahar bo‘lib, xazinasi ko‘p, go‘zal maskanlari bisyor ekan. Damanhur dengiz sohilida joylashgan shaharlarning barchasidan qadimiy bo‘lib, ularning hammasi shu shahar bilan bevosita bog‘liq bo‘lib kelgan.
Ushbu shaharning qozisi o‘sha vaqtda Faxruddin ibn Miskin ismli kishi bo‘lib, shofe’iya mazhabidagi faqihlardan edi. U Iskandariyaga biz yuqorida zikr etgan dahshatli voqeadan keyin qozi ham bo‘lgan ekan.
Menga ishonchli bir odamning xabar berishicha, mazkur Ibn Miskin Iskandariyaga qozi bo‘lish uchun ming tilla dinorni yigirma besh ming kumush dirhamga almashtirib, pul bergan ekan.
So‘ng Favvo nomli shaharga keldik, bu shahar ham go‘zal manzarali, dovrug‘i taralgan bo‘lib, unda juda ham ko‘p mevali bog‘lar va qadimiy osori atiqalar mavjud edi. U yerda shayx valiy Abunnajot degan zotning qabri va men yuqorida nomini tilga olgan shayx Abu Abdulloh al-Murshidiyning xonaqohi mavjud bo‘lib, ular o‘rtasini bir ko‘rfaz ajratib turadi.
Men o‘sha ko‘rfazdan o‘tib, mazkur shayxning xonaqohiga asr namozidan oldin yetib keldim va u zot bilan salomlashdim. U zotning huzurida amir Salafuddin Yalmalakni ko‘rdim. U Xosikiya degan joydan bo‘lib, omma uning ismini Almalak deb xato aytardilar. Mazkur amir o‘z qo‘shini bilan xonaqohning tashqi tomoniga tushgan edi.
Shayx hazratlari huzuriga kirgan paytimda, u zot o‘rnidan turib men bilan quchoqlashib ko‘rishdi va darhol bir taom tayyorlab, men bilan birga tanovul qildi. Uning ustida jundan to‘qilgan qora jubba bor edi. Asr namozi bo‘lgach, meni imomlikka o‘tkazdi, yana u zot bilan birga turgan kunlarimning barchasida qolgan namozlarda ham men imomlik qildim.
Uxlamoqchi bo‘lganimda, shayx menga xonaqohning tomiga chiqib yotishimni aytdi. Yozning jazirama kunlari bo‘lgani uchun amirga qarab: “Buyog‘i qanday bo‘ldi?” – dedim. U esa: “Bizlarda har birimizning o‘z o‘rnimiz bor”, – dedi. Shundan so‘ng tomga chiqdim, u yerda bir bo‘yra bilan po‘stak, tahorat olish uchun idish, yana bir ko‘zada suv va ichish uchun kosa turardi. Men o‘sha joyda uyquga ketdim.
Ushbu shayxning bir karomati: men bu kecha tush ko‘rdim. Tushimda meni bir katta qush qanotlari ustida qibla tomon uchirib ketmoqda. U goh o‘ng tomonga qarab uchadi, goh sharq tomonga, so‘ng janubga, so‘ng yana sharq tomonga qarab uzoq uchadi-da, meni qorong‘uda ko‘m-ko‘k yerga tashlab, o‘sha yerda qoldirib ketadi.
Men bu tushdan juda ajablandim va ichimda dedimki: agar shayx ko‘rgan tushimni bila olsa, haqiqatan ham aytganlaridek, sohibi karomat bo‘ladi. Bomdod namozida meni odatdagidek imomlikka o‘tkazdi. So‘ng amir Yalmalak u zot bilan vidolashib ortiga qaytdi, shuningdek, qolgan ziyoratchilar ham ortlariga qaytdilar. Shayx ularning bariga shirin kulchalar ulashdi. Keyin men zuho namozini o‘qidim, shundan so‘ng u zot meni yonlariga chorlab, qanday tush ko‘rganimni so‘rab qoldi. Men ko‘rgan tushimni so‘zlab berdim. Shunda dediki: “Yaqinda haj ziyoratiga borib, janobi Rasululloh (s.a.v.)ni ziyorat etasan, Yaman, Iroq va Turk mamlakatlarini borib ko‘rasan, u yerlarda uzoq muddat qolib ketasan va Dilshod al-Hindiy ismli shaxs bilan ko‘rishasan. U seni boshingga tushgan qiyinchilikdan xalos etadi”. Shundan keyin shayx menga ham bir nechta shirin kulcha hamda dirham tangalar berib, men bilan xayrlashdi va men u zot huzuridan chiqdim.
U zotdan ayrilganimdan so‘ng safarim chog‘ida faqat yaxshilikka yo‘liqdim, u zotning duolari barakotidan ko‘p manfaatlar oldim. Hind yeridagi xoja Muhammad al-Muvallah hazratlaridan boshqa u zot kabi biror valiyni uchratmadim.
So‘ng Nahroriyya shahriga safar qildik. U maydoni keng, binolari yangi, bozorlari ko‘rkam bo‘lib, amiri Sa’diy ismli qadri yuksak odam ekan. Uning o‘g‘li esa Hindiston podshosining xizmatida bo‘lib, u haqda keyinroq to‘xtalamiz. Uning qozisi Sadruddin Sulaymon Molikiy, molikiyya mazhabining ulug‘ olimlaridan bo‘lib, Nosir shoh tomonidan Iroqqa elchi bo‘lib kelgan, so‘ng g‘arbiy mamlakatlarga qozilikka tayinlangan. U xushbichim, ko‘rkam kishidir.
U yerning xatibi esa, Sharafuddin as-Saxoviy nomli kishi bo‘lib, solih zotlardandir.
U yerdan Abyor shahriga o‘tdim. U ham qadimiy shaharlardan bo‘lib, yerlari xushbo‘y, masjidlari ko‘p va bisyor go‘zalliklarga egadir. U Nahroriyyaga yaqin bo‘lib, ular o‘rtasini Nil daryosi ajratib turadi. Abyor shahrida qimmati Shom, Iroq va Misr hamda boshqa mamlakatlarda ham yuqori turadigan chiroyli kiyimlar tikiladi.
Qizig‘i shundaki, Nahroriyya unga yaqin bo‘la turib, Abyor kiyimlarining u yerda uncha e’tibori yo‘q, aholi ham ularni yoqtiraver-maydi.
Men Abyorda uning qozisi Izzuddin al-Malijiy bilan ko‘rishdim. U kishi shofe’iya mazhabida bo‘lib, go‘zal axloq va odobga ega hamda qadri baland zot ekan. Men bir kuni uning oldiga “Yavmur-rukba”, ya’ni ramazon boshida oy chiqishini kuzatish kunida boribman. Ularning odatlariga ko‘ra shaharning faqih va ko‘zga ko‘ringan kishilari sha’bon oyining yigirma to‘qqizinchi kuni asr namozidan keyin qozining uyiga jam bo‘lisharkan. Eshik oldida sallalilar naqibi turib, faqih va ulug‘lardan kim kelsa, qarshi olib: “xojamiz falonchi keldilar” derkan va qozi hamda uning atrofidagilar eshitib, kelgan odamni o‘rinlaridan turib qarshi olisharkan, keyin naqib uni munosib yerga o‘tqazarkan. To‘liq yig‘ilib bo‘lishgach, qozi boshchiligida hammalari otlanib, yo‘lga chiqishar, ularga shahardagi erkagu ayol, qullaru yosh bolalar ham ergashar ekanlar. Ular shu tarzda oyni kuzatadigan joylari bo‘lgan shahar tashqarisidagi baland bir yerga borar ekanlar. Bu joyga gilam va ko‘rpachalar to‘shab qo‘yilgan bo‘lib, qozi va atrofidagi a’yonlar ulovlaridan tushib, oy chiqishini kuzata boshlarkanlar. So‘ng shom namozidan keyin yana shaharga qaytisharkan. Ularning qo‘llarida shamchiroq, mash’ala hamda fonuslar bo‘lib, yo‘ldagi do‘kondorlar ham o‘z do‘konlarini shamchiroqlar bilan yoritib turarkanlar. Qozi odamlar bilan o‘z uyiga qaytar, keyin odamlar tarqalar ekanlar. Ular bu ishni har yili takrorlar ekanlar.
So‘ng Katta Mahalla ismli shahar tomon yo‘l oldim. Ushbu shahar maydoni katta, ko‘rinishi go‘zal, aholisi ko‘p hamda yaxshiliklarga to‘la, nomi mashhurdir.
Mazkur shaharda bosh qozi va bosh voliy bo‘lib, men u yerga yetib kelgan kunlarimda bosh qozisi shahardan ikki farsax uzoqlikdagi bog‘ida bemor yotgan ekan. U Izzuddin ibn al-Ashmarayn ismli shaxs bo‘lib, uni ziyorat qilmoqchi bo‘ldim. Noibi faqih Abul-Qosim ibn Banun al-Molikiy at-Tunisiy va Manuf mahallasi qozisi Sharafuddin ad-Damiriylar bilan ko‘rishdim, so‘ng bosh qozi oldida bir kun turdim. Suhbat asnosida solih zotlar haqida so‘z borganda, undan mazkur Katta Mahalla shahridan bir kunlik yo‘l narida Burullus va Nastarav nomli shaharlar borligi, u yerlar solihlar makoni bo‘lib, unda ko‘plab karomatlar sohibi shayx Marzuq hazratlarining qabrlari mavjudligini eshitdim. Shundan so‘ng o‘sha shaharlarni ziyorat qilishni ko‘nglimga tugdim va borib, yuqorida tilga olingan shayx hazratlarining xonaqohlariga tushdim. Bu diyorlarda xurmo va boshqa mevali daraxtlar ko‘p bo‘lib, dengiz qushlari va “buriy” nomi bilan mashhur katta baliq bo‘lar ekan. Ularning shaharlari Maltin deyilarkan. U Nil daryosi va Tinnis ko‘li suvlari qo‘shilib hosil bo‘lgan ko‘l sohilida joylashgan.
Nastarav uning yaqinidagi shahar bo‘lib, u yerda solih zotlardan shayx Shamsuddin al-Qalaviyning xonaqohiga tushdim. Tinnis qadimda katta va mashhur shahar bo‘lgan, ammo hozir xarob ahvolda.
Ibn Juzayy aytadi: Ulug‘ shoir Abul-Fath ibn Vaki’ mana shu Tinnis shahridandir. U shahar ko‘rfazi haqida shunday degan:

Kel, meni chuchuk suvla serob aylagin,


ko‘rfaz hayqirib, shamol go‘yo mehr ila
qamish qo‘g‘alarin tebratgan mahal.
Havo o‘zining chaqmoq oltin rangi bilan
bo‘yagan go‘zal ziynatida.

Qiziq tasodiflardan birini Abu Abdulloh ar-Roziy solih kishi bo‘lgan otasi Burullus qozisidan hikoya qilgan. Otasi bir kecha Nil sohiliga chiqibdi, yaxshilab tahorat olib, Olloh istaganicha namoz o‘qibdi. Shu payt birovning mana bunday deganini eshitibdi:

Agar beto‘xtov ro‘za tutuvchi erlar bo‘lmaganda,
Yana toatda turadigan boshqalar bo‘lmaganda,
Yeringizni ostingizdan tong saharda zilzila tutgan bo‘lurdi,
Zotan sizlar bizga beparvo yomon qavmdirsiz.

Otasi davom etadi: namozimni tezda tugatib, atrofga alanglab qaradim, lekin hech kimni ko‘rmadim, biror sharpani tuymadim, shunda bildimki, bu Olloh taolo tomonidan ogohlantiruvchi sado ekan.


Ibn Battuta: So‘ng qumliklar oralab Dimyot shahriga safar qildim. U atroflari keng, turli xil mevalarga boy, qurilishi go‘zal, tartibli, chiroyli bir shahar bo‘lib, odamlar uni Zimyot ham deydilar. Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Aliy ar-Rashotiy ham shunday yozgan. Ammo muhaddislar imomi alloma Abu Muhammad Abdulmo‘min ibn Xalaf esa dol bilan, ya’ni Dimyot deb yozgan, zero u o‘z tug‘ilib o‘sgan vatani ismini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi.
Dimyot shahri Nil daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, daryo yoqasidagi hovlilarda yashovchilar suvni charxpalaklar bilan oladilar. Ko‘plab hovlilarda Nilga tushiladigan zinalar mavjud. Dimyotda banan daraxti ko‘p bo‘lib, mevasi Misrga aravalarda tashiladi.
Dimyot qo‘ylari kechasiyu kunduzi qarovsiz o‘tlab yuradi. Shuning uchun ham Dimyot haqida shunday naql bor: “Uning sarqiti halvo, itlari qo‘ydir”. Biror kimsa u yerga kirsa, shahar hokimining muhrisiz chiqib keta olmaydi. Agar u e’tiborli shaxs bo‘lsa, unga bir parcha qog‘ozga muhr bosib beriladi, uni shahar darvozabonlariga ko‘rsatadi. Oddiy odamlarning esa bilaklariga muhr bosib beriladi, shu muhrni ko‘rsatib shahardan chiqishadi.
Bu shaharda dengiz qushlari ko‘p bo‘lib, nihoyatda semiz bo‘ladi. U yerdagi sigir suti ta’mining shirinligi va yutimining yoqimliligida tengsizdir. U yerda Shom, Misr va Rum mamlakatlariga olib ketiladigan buriy baliqlari bor.
Shahar tashqarisida ikki dengiz orasida bir orol bo‘lib, u “al-Barzax”, ya’ni “ajratib turuvchi” deb ataladi. Bu orolda bir masjid va bir xonaqoh bo‘lib, uning shayxi Ibn Qufl degan kishi ekan, men u bilan juma oqshomida ko‘rishdim. Uning huzurida bir guruh faqirlar va fozil-obidlar jam bo‘lib, kechani namozu qiroat hamda zikrlar bilan o‘tkazdilar.
Hozirgi Dimyot yangi shahar bo‘lib, qadimdagi shaharni faranglar Solih podshoh davrida xarobaga aylantirishgan. Qadimgi Dimyotda shayx Jamoluddin as-Soviy hazratlarining maqbarasi mavjud bo‘lib, u zot Qalandariyya nomi bilan tanilgan toifaning rahbari bo‘lgan. Ular soqol va qoshlarini ham qirib yurishgan. Hozirda bu maqbarada shayx Fath at-Takruriy istiqomat qiladi.

SHAYX JAMOLUDDINNING SOQOLI HIKOYASI

Aytishlaricha, mazkur toifaning rahbari shayx Jamoluddin as-Soviy hazratlarini soqol va qoshlarini qirib tashlashlariga bir voqea sabab bo‘lgan ekan. Shayx ko‘rkam hay’atli, chiroyli yuzli bo‘lib, Sova ahlidan bir ayol u zotga oshiq bo‘lib qolibdi, u kishiga odam yuborib, yo‘llarini to‘sib, o‘ziga chorlabdi. U esa bundan bosh tortib, unga parvo ham qilmabdi. Ayol maqsadiga erisholmagach, bir kampirni ishga solibdi. Kampir shayxning masjidga boradigan yo‘li ustida o‘tirib, u kishi yoniga kelgan vaqtda shunday debdi: “Xojam, o‘qishni bilasizmi?”. “Ha” deganidan so‘ng: “Bu maktubni menga bolam yo‘llabdi, shuni menga o‘qib bersangiz”. “Xo‘p”, debdi shayx va maktubni qo‘lga olib, ochibdi. Shunda kampir: “O‘g‘limning xotini ham bor, eshik orqasida turibdi, shunga u eshitishi uchun ichkarida o‘qib bersangiz”, debdi. Shayxni shu ko‘yi uy ichiga olib kiribdilar, haligi kampir eshikni qulflab qo‘yibdi. So‘ng ayolning cho‘rilari shayxning qo‘lidan ushlab uy ichiga olib kirishibdi, shunda ayol u zotni o‘ziga chorlabdi. Shayx ilojsizligini ko‘rgach, unga “Xo‘p, men aytganingga roziman, avval men bir hojatxonaga kirib chiqay”, debdi. Ayol unga hojatxonani ko‘rsatgach, shayx suv olib kirib ketibdi. Shayxning yonida yangi ustarasi bo‘lib, hojatxonada soqol va qoshlarini qirib chiqibdi. Ayolga uning ko‘rinishi xunuk, qilgan ishi yomon ko‘rinib, huzuridan chiqarib yuboribdi. Shunday qilib, Olloh taolo u zotni bunday katta gunohdan saqlab qolibdi. Shayx hazratlari esa shu voqeadan keyin mazkur hay’atini saqlab qolgan ekan va uning tariqatiga kirgan keyingi qalandarlar ham soch-soqollariyu qoshlarigacha qirdirib yurishlari shundan ekan.

AMR IBN AL-OS MASJIDI, MADRASA, SHIFOXONA HAMDA XONAQOHLAR



Mashhur sahoba Amr ibn al-Os tomonidan barpo etilgan masjid qadri yuksak va shuhrati baland bir masjid bo‘lib, unda juma namozi ham o‘qiladi. Uning oldini sharqdan g‘arbga qarab o‘tgan katta yo‘l to‘sib turadi. Kun chiqar tomonida bir xonaqoh bo‘lib, unda imom Abu Abdulloh ash-Shofe’iy dars bergan.
Qohirada madrasalar shu darajada ko‘pki, ularni hatto sanashning ham iloji yo‘q. U yerda ikki qasr oralig‘ida podshoh Mansur Qalovun qabri oldida joylashgan bir shifoxona bo‘lib, uning vasfidan til ojiz. Unda hisobsiz dori-darmon va bemorlar uchun lozim bo‘lgan boshqa ashyolar mavjud. Aytishlaricha, uning kunlik kirimi ming tilla dinor ekan.
Misrda takyalar ko‘p bo‘lib, ularni xonaqohlar deb ataydilar. Misr hukmdorlari ana shunday xonaqohlarni qurishda kim o‘zarga ish qiladilar. Misrdagi har bir xonaqoh faqirlardan iborat ma’lum bir toifa uchun tayin etilgan bo‘lib, ularning ko‘pini ajamlar tashkil qiladi. Ular tasavvuf yo‘lidagi adabiyot va ma’rifat ahlidirlar. Har bir xonaqohning o‘z shayxi va qo‘riqchisi mavjud bo‘lib, ularning ish yuritish tartiblari ajoyibdir.
Ularning ovqatlanishdagi odatlaridan biri, erta tongda xizmatchi xonaqohdagi faqirlar oldiga kelib, ulardan nima taom yeyishlarini so‘raydi. So‘ng dasturxonga barcha hozir bo‘lgach, har bir kishiga o‘zining non va sho‘rvasini alohida idishlarda keltiradi va ushbu taom egasi birovni sherik qilmay o‘z taomini o‘zi yakka iste’mol qiladi. Ular bir kunda ikki mahal ovqatlanadilar.
Xonaqoh ahliga yozda va qishda kiyim berilib, har biriga yigirma dirhamdan o‘ttiz dirhamgacha oylik maosh ham tayinlangan. Bundan tashqari har juma oqshomi ularga turli xil shirinliklar, kiyimlarini yuvishlari uchun sovun, hammomga kirishga pul va chiroqlari uchun moy ham berib turiladi. Ular asosan yolg‘iz erkaklar bo‘lib, oralarida oilalilari bo‘lsa, ular uchun alohida xonaqohlar beriladi. Ulardan besh vaqt namozda masjidga kelish, kechasi xonaqohda tunash hamda xonaqoh gumbazi ostida bo‘lib o‘tadigan umumiy yig‘ilishga hozir bo‘lish talab qilinadi.
Ularga xos odatlardan biri shuki, ularning har biri o‘zining maxsus joynamozida ibodat qiladi. Bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, Fath, Mulk hamda Amma suralarini o‘qiydilar. So‘ng ularga bir poradan ajratib qo‘yilgan Qur’oni karim keltiriladi, har bir faqir qo‘liga bir poradan Qur’on nusxasini olib, to‘liq o‘ttiz pora Qur’onni xatm qiladilar. So‘ng zikr ibodatini boshlaydilar. Keyin esa qorilar mashriq xalqi odaticha Qur’on o‘qiydilar. Ular xuddi shu ishni asr namozidan so‘ng ham takrorlaydilar.
Ular yangi kelgan odamni shunday kutib oladilar: kelgan sufiy beliga belbog‘ini bog‘lagan holida eshik oldiga keladi. Uning yelkasida joynamozi va o‘ng qo‘lida hassasi, chap qo‘lida esa obdastasi bo‘lishi lozim. Shundan so‘ng xonaqoh qorovuli ichkaridagi xodimga uning joyini ma’lum qiladi, xodim uning oldiga chiqib, qaerlik ekani, yo‘lda qaysi xonaqohlarda tunagani hamda shayxi kim ekanligi haqida so‘raydi. Agar uning so‘zlari rostligiga ishonsa, xonaqoh ichkarisiga kiritib, munosib yerga joynamozini to‘shaydi hamda unga tahoratxonani ko‘rsatadi. Mehmon tahoratini yangilab, joynamozi ustiga keladi va ikki rakat namoz o‘qiydi, so‘ng xonaqoh shayxi va atrofdagilar bilan qo‘l berib ko‘rishib, so‘ng ular bilan birga o‘tiradi.
Xonaqoh ahli odatlaridan yana biri, juma kuni kelsa, xonaqoh xodimi har bir faqirning joynamozini olib borib, masjid ichiga to‘shab qo‘yadi. Ular juma namoziga hammalari jam bo‘lib, shayxlari bilan birga chiqadilar va har bir kishi o‘zining joynamozida namoz o‘qiydi. Juma namozi tugagach, odatlaricha Qur’on o‘qishadi. So‘ng yana shayxlari bilan birga jam bo‘lib ortlariga qaytib kelishadi.

MISR QABRISTONLARI VA MOZORLARI

Misrda tabarruk sanaladigan katta-katta qabristonlar mavjud bo‘lib, ularning fazli haqida imom Qurtubiy va boshqalar turli rivoyatlarni keltirishgan. Mazkur qabristonlar Muqattam nomli tog‘ning bir bo‘lagi bo‘lib, xabarlarga ko‘ra, Olloh taolo ushbu tog‘ni jannat bog‘laridan biri bo‘lajagini va’da qilgan. Misr xalqi qabristonlarga go‘zal shakldagi gumbazlar barpo qilib, atroflarini devorlar bilan xuddi uy-hovlilar kabi o‘rab chiqishadi. Ularning ichiga uylar qurib, qorilarga kechasiyu kunduzi go‘zal ovozlarda Qur’on o‘qitishadi. Ba’zilari qabr yoniga xonaqoh va madrasalar barpo qilib, har juma oqshomida bola-chaqa va ayollari bilan mazkur joylarda tunab qolishadi hamda mashhur mozorlarni tavof qilishadi. Ular, shuningdek, sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasida ham o‘sha joylarda tunab qoladilar. Savdogarlar bozorlarga turli xil yeguliklarni olib chiqishadi.
Ana shunday ulug‘ mozorlardan biri, yuksak sha’nli mozor bo‘lib, u yerda Husayn ibn Aliyning boshi dafn etilgan (ularga Olloh taoloning salomi bo‘lsin). Qabr ustiga ajoyib va hashamatli maqbara barpo qilingan. Eshiklarining yuzasi kumush bilan qoplangan, halqalari kumushdan yasalgan. U yer fayzi ilohiy yog‘iladigan va ulug‘lanadigan ziyoratgohdir.
Ulardan yana biri Payg‘ambarimiz avlodlaridan biri al-Hasan al-Anvar ibn Aliy ibn al-Husayn ibn Aliyning (r.z.) qizlari Sayyida Nafisaning qabri bo‘lib, u duolari mustajob va nihoyatda ko‘p ibodat qilgan ayol bo‘lgan ekan. Mazkur mozor ham juda ajoyib shaklda qurilgan bo‘lib, doimo nur taralib turadi. Uning tepasiga go‘zal maqbara qurilgan, odamlar uni ziyorat qilgani keladilar.
Ulardan yana biri Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris ash-Shofe’iyning (r.z.) qabri bo‘lib, uning ustiga ham katta xonaqoh barpo etilgan. Xonaqoh ulkan daromadga ega. Maqbara ustida juda puxta qilib qurilgan mashhur gumbaz bo‘lib, u o‘ta mustahkam va baland qilib ishlangan. Uning kengligi o‘ttiz gazdan oshadi.
Misr qabristonlarida behisob olim va solih kishilar dafn etilgan. Bundan tashqari u yerda juda ko‘p sahobalarning, avvalgi va keyingi davr yetuk kishilarining, masalan, Abdurrahmon ibn al-Qosim, Ashhab ibn Abdulaziz, Asbag‘ ibn al-Faraj, Abdulhakamning ikki o‘g‘illari, Abulqosim ibn Sha’bon, Abu Muhammad Abdulvahhob va boshqalarning qabrlari bor bo‘lib, ularni e’tiborli kishilargina biladilar, xolos.
Imom Shofe’iy (r.z.)ning jiddu jahdi o‘ziga, u kishiga ergashgan shogird va yoru do‘stlariga tirikligida ham, vafotidan so‘ng ham katta yordam berdi. U zotning amalga oshirgan ishlarini quyidagi so‘zlari ham tasdiqlaydi:

Jiddu jahd har qanday qiyin ishni ham oson qilur,


Jiddu jahd har qanday berk eshikni ham oxir ochur.

MISRDAGI NIL DARYOSINING BAYONI



Misrning Nil daryosi yer yuzidagi boshqa daryolardan suvining chuchukliki va masofasining kattaligi hamda manfaatining ko‘pligi bilan ajralib turadi. Uning ikki qirg‘og‘i bo‘ylab qator shahar va qishloqlar bir-biriga ulanib ketgan. Yer yuzida unga o‘xshashi uchramaydi. Nil qirg‘oqlariga ekilganchalik ekin biror daryo qirg‘oqlariga ekilmaydi. Yer yuzidagi Nildan boshqa biror daryo dengiz deb atalmaydi. Olloh taolo Muso alayhissalomning onasiga: “Bas, agar bolang Musoning o‘limidan qo‘rqayotgan bo‘lsa, uni dengizga, ya’ni Nilga tashla”, deb xitob qilib, Nilni dengiz deb atagan.
Sahih hadisda kelishicha, Rasululloh (s.a.v.) “Isro” kechasi Sidratul-Muntaho nomli daraxtning oldiga yetib borganlarida, uning ostidan to‘rt daryo chiqayotganini ko‘rdilar. Ulardan ikkitasi tashqi va ikkitasi ichki edi. Payg‘ambar (s.a.v.) Jabroil (a.s.)dan mazkur daryolar haqida so‘raganlarida Jabroil (a.s.): “Ichki ikkitasi jannatdagi daryolar, tashqi ikkitasi esa, Nil va Furot daryolaridir”, dedilar. Boshqa hadisda ham aytilishicha, “Nil, Furot, Sayhun va Jayhun daryolari jannat daryolaridir”.
Nil daryosi barcha daryolarga xilof ravishda janubdan shimol tomonga qarab oqadi. Uning ajoyib xususiyatlaridan biri — suvi kunlar rosa qizib, boshqa daryolarda suvlar kamayib, quriydigan bir vaqtda to‘lib- toshadi va aksincha qolgan daryo va anhorlarning suvlari ko‘payadigan mavsumlarda Nilning suvi kamaya boshlaydi. Sind daryosi ham huddi shu jihatidan Nilga o‘xshaydi va u haqida batafsil ma’lumot o‘z o‘rnida keladi.
Nilning suvi odatda haziron, ya’ni iyun oyida ko‘paya boshlaydi. Balandligi o‘n olti gazga yetganda, sulton tomonidan belgilangan xirojni olish boshlanadi. Agar undan yana bir gaz ko‘tarilsa, o‘sha yili hosil mo‘l va daromad ko‘p bo‘ladi. Agar uning balandligi o‘n sakkiz gazga yetsa, suv toshib, ekinlarga zarar yetkazadi hamda orqasidan vabo keladi. Agar o‘n olti gazdan yana bir gaz pasaysa, sulton xiroji kamayadi. Agar yana ikki gaz pasaysa, odamlar suv so‘rab istisqo namozini o‘qiydilar va katta zarar ko‘riladi.
Nil dunyodagi beshta katta daryolardan biridir. Ular: Nil, Furot, Dajla, Sayhun va Jayhunlardir. Ularga yana boshqa beshta daryo o‘xshaydi. Ular: Sind daryosi, u Panjob deb ham ataladi; Hind daryosi, uni Ganga deb ham ataladi. Hindlar mazkur daryoni ziyorat qilishga kelishadi. Ular o‘liklarini yoqishib, xoklarini unga tashlashadi. Hindlar Gangani jannatdan chiqadi, deb aytishadi; Javan daryosi, u ham Hindistondadir; Dashti Qipchoqda Itil (Volga) daryosi bo‘lib, uning sohilida Saro shahri joylashgan; Xato yeridagi Sarv daryosi, uning qirg‘og‘ida Xonbaliq shahri joylashgan. Mazkur daryo orqali Xitoydagi Xanso, so‘ng Zaytun nomli shaharlarga tushiladi. Bularning barchasi haqida o‘rni kelganida, Xudo xohlasa, ma’lumot beriladi.
Nil Misrdan chiqqanidan so‘ng, ma’lum masofadan keyin uch qismga bo‘linib ketadi. Ularning har biridan qishda ham, yozda ham faqatgina kemalar yordamidagina o‘tish mumkin. Nil bo‘yida joylashgan har bir shaharning aholisi Nildan suv oqib kiradigan ko‘rfazchalar qazib olganlar. Nilning suvi ko‘payib ketganida, suv mazkur ko‘rfazchalarni to‘ldirib, ekinlarga toshib ketadi.

EHROMLAR VA IBODATXONALAR



Misr ehromlari necha zamonlardan beri tildan tushmaydigan ajoyibotlardan biridir. Odamlar ularning ulug‘ligi, dastlabki barpo qilinishi haqida munozaralarga kirishib, ko‘p gaplarni aytib yurishadi. Ba’zi kishilarning aytishlaricha, to‘fondan oldin mavjud bo‘lgan barcha ilmlar Misrning yuqori qismida yashagan Hurmus I dan olingan bo‘lib, u kishi Uxnux deb ham atalgandir. Uxnux Idris (a.s.) bo‘lib, u zot ilk bor falakdagi harakatlar va osmon jismlari haqida so‘z yuritgan kishidir. Yer yuzida tosh binolarni birinchi bo‘lib qurgan va ular ichida Ollohni ulug‘lagan ham Idris payg‘ambardir. U odamlarni to‘fon balosidan ogohlantirgan, mavjud ilm va san’atlarning yo‘q bo‘lib ketishidan qo‘rqib, ularning saqlanib qolishi uchun ehrom va ibodatxonalar qurdirib, ular ichiga barcha buyumlar va qurollarni tasvirlab va barcha ilmlarni chizib qoldirgan.
Aytishlaricha, Misrda ilm va saltanat shahri dastlab Manuf (qad. Memfis) shahri bo‘lgan va u Fustot (qad. Qohira) shahridan bir kunlik olisda joylashgan. Iskandariya shahri barpo qilingach, odamlar o‘sha yerga qo‘chib o‘tishgan va Iskandariya ilm va saltanat shahriga aylangan. Bu holat Islom kirib kelguncha davom etgan. Keyin Misr fotihi Amr ibn al-Os (r.z.) Fustot shahrini loyihalashtirgan. O‘shandan buyon u Misrning poytaxti bo‘lib kelmoqda.
Ehromlar qattiq toshlarni yo‘nish orqali barpo etilgan binolar bo‘lib, juda baland, tagi aylanasiga keng va yuqorisi tor bo‘lib, konus shaklida qurilgan. Ularning eshiklari yo‘q va qanday yo‘sinda qurilgani haqida ma’lumotlar saqlanib qolmagan.Ularning qurilishi haqidagi rivoyatlarda keltirilishicha, Misr podshohlaridan biri to‘fon kelishidan oldin bir tush ko‘radi va tushida yer yuzini suv bosadi. U ko‘rgan tushidan dahshatga tushib, mavjud ilmlar va ularning egalari bo‘lmish olimlar hamda podshohlar jasadlari suv ostida qolmasin, deya, Nil daryosining g‘arbiy tomoniga mazkur ehromlarni qurdiradi. U munajjimlardan “bir kun kelib, mazkur ehromlar ochilishi mumkinmi”, deb so‘raganida, ular “ha, bir kun kelib, shimol tomonidan kelgan odamlar ulardan birini ochadilar” deb ochilishi kutilgan yerni ko‘rsatadilar va unga qancha mablag‘ sarf bo‘lishini ham aytadilar. Shundan so‘ng podshoh munajjimlar ko‘rsatgan yerga ular aytgancha boylikni qo‘yishlarini buyuradi va ehromni o‘ta mustahkam tarzda qurdiradi. Ularni oltmish yilda qurib bitkazadi. So‘ng shunday deb yozishni buyuradi: “Biz bu ehromlarni oltmish yilda qurib bitkazdik, bizdan keyin kim shu ishni xohlasa, ushbu ehromlarni olti yilda buzsin, zero buzish qurishdan ko‘ra osonroqdir”.
Oradan yillar o‘tib, xalifalik mo‘minlar amiri Ma’munga nasib etgach, u ehromlardan birini buzmoqchi bo‘ladi. Misr qariyalari uning bu ishni uddalay olmasligi haqida aytgan gap-so‘zlariga quloq solmay, unga qattiq bel bog‘laydi va ulardan birini ochishga harakat qiladi. U ehromni shimol tomonidan ochishga amr beradi. Odamlar toshni olovda rosa qizdirib, so‘ng sirka quyib, uni yumshatadilar, keyin manjaniqdan tosh otadilar. Ular shu tarzda bugunga qadar ochiq turgan teshikni ochishga muvaffaq bo‘ladilar. Teshikdan qarasalar, bir qancha boylik bor ekan. Mo‘‘minlar amiri Ma’mun mazkur boylikni tarozuda tortishga buyruq beradi, u teshikni ochishga qancha mablag‘ sarf bo‘lgan bo‘lsa, ana shunga barobar edi. Ma’mun bu holdan juda qattiq taajjubga tushadi va ehromning qolgan qismini buzish fikridan qaytadi. Ular ehrom devorini o‘lchashsa yigirma gaz chiqqan ekan.

MISR SULTONI ZIKRI

Men Misrga kirgan paytimda uning sultoni Podshoh Nosir Abul-Fath Muhammad ibn Malik al-Mansur Sayfuddin Qalovun as-Solihiy edi. Qalovun “Alfiy” (minglik) deb atalar edi. Chunki podshoh Solih uni ming tillaga sotib olgan bo‘lib, asli qipchoqlardan edi.
Podshoh Nosir oliyjanob xulq, buyuk fazilatlar sohibidir. Ikki Haram xodimi bo‘lishga sazovorligining o‘zi unga yetarli sharafdir. Shuningdek, har yili ta’minoti tugagan, zaif hojilarga yo‘l ozuqalarini ortish, Misr va Shomning og‘ir yo‘llarida ortda qolgan va yurolmay qolganlar minishi uchun tuyalar bilan beradigan yordamlari ham maqtovga sazovor. U Qohira tashqarisidagi Sirboqusda muhtasham bir xonaqoh barpo etgan. Biroq mavlono, amirul-mo‘minin, nosiruddin, faqir-miskinlar panohi Ollohning yerdagi xalifasi, jihodning naflu farzini bajo keltiruvchi Abu Inon, Olloh uni qo‘llasin va g‘olib qilsin, unga ochiq yordam bersin va yordamini oson qilsin, oliyshon Baydo (Kasablanka) shahri (Olloh uni saqlasin) tashqarisida qurgan xonaqoh mustahkamligi, go‘zal qurilishi, mashriq ahlining qo‘lidan kelmaydigan darajadagi ganjin naqshlari bilan butun yer yuzida bemisldir. Abu Inon (Olloh uni qo‘llasin) o‘z mamlakatida (mulki turguncha Olloh uni himoya qilsin) qurgan madrasayu shifoxonalaru xonaqohlar alohida zikr etiladi.

MISRNING BA’ZI AMIRLARI ZIKRI

Ulardan biri podshoh Nosirning soqiysi bo‘lib, u amir Bektemurdir. Uni podshoh Nosir zahar berib o‘ldirgan, bu o‘z o‘rnida zikr etiladi.
Yana biri podshoh Nosirning noibi Arg‘un Dudor bo‘lib, Bektemurdan keyingi o‘rinda turadi.
Yana biri Yashil No‘xot laqabi bilan tanilgan Tusht bo‘lib, yaxshi amirlardan edi. U yetim-esirlarga kiyim-kechak, nafaqa, ularga Qur’on o‘rgatuvchilarga maosh berish kabi ko‘plab sadaqalar qilgan. U shuningdek, qo‘rs, axloqsiz kishilardan iborat bekorchilarga ham yaxshilik ko‘rsatar edi. Podshoh Nosir bir gal uni qamaganda minglab bekorchilar yig‘ilib, qal’a ostidan “qo‘yib yubor uni, ey nopok cho‘loq!” (podshoh Nosirni nazarda tutib) deb to‘polon ko‘targan edilar, podshoh uni qo‘yib yubordi. Keyingi safar yana zindonband qilganda, yetimlar mana shunday qilgan edi, yana bo‘shatib yubordi.
Amirlardan yana biri, podshoh Nosirning Jamoliy deb tanilgan vaziri; yana biri Badruddin ibn al-Boba; yana biri Kark viloyati voliysi Jamoliddin; yana biri Tuquzdumur bo‘lib, “dumur” turk tilida “temir” demakdir. Yana biri Bahodir al-Hijoziy; yana biri Qavsun, biri Bashtak bo‘lib, ularning barchasi xayrli ishlarda va masjidu xonaqohlar bino qilishda o‘zaro musobaqalashadilar.
Amirlardan yana biri podshoh Nosir qo‘shinining nazoratchisi va kotibi Qozi Faxruddin Qibtiydir. U ilgari nasroniy qavmlardan bo‘lib, keyin musulmon bo‘lgan. U ko‘p go‘zal axloq, yetuk fazilatlar sohibi bo‘lib, podshoh Nosir huzuridagi darajasi juda balanddir. Uning ko‘plab sadaqalari va sanoqsiz ehsonlari bordir. Uning odati shuki, kechki payt Nil bo‘yidagi masjid yonida joylashgan hovlisidagi ayvonda o‘tirib, shom bo‘lgach, namozini masjidda o‘qiydi-da, ke-yin yana haligi joyiga kelib o‘tiradi. Unga ovqat keltirishadi, shunda u kim bo‘lishidan qat’i nazar hech kimning u yerga kirishiga qarshilik qilmaydi. Kimning biror hojati bo‘lsa aytadi, u esa masalani hal qilib beradi. Kim sadaqa tilab kelgan bo‘lsa, asl ismi Lu’lu’ bo‘lgan Badruddin degan quliga u bilan hovli tashqarisiga birga chiqishini buyuradi, u yerda xazinaboni bo‘lib, uning yonida dirhamlar solingan hamyoni bor, u lozimicha pul berib yuboradi. Bunday paytda qozining oldiga faqihlar kelib, uning huzurida Buxoriyning kitobidan o‘qiydilar. Xufton o‘qilgach, odamlar tarqaladilar.

XASIB HIKOYASI



Aytishlaricha, Banul-Abbos (r.a.)dan bo‘lgan xalifalardan biri Misr ahlidan darg‘azab bo‘lib, ularni jazolash va xoru rasvo qilish maqsadida ichlaridagi eng tuban qul va beobro‘larini voliy etib ta-’yinlashga ont ichdi. Xasib ismli kishi ana shunday xor-tubanlardan bo‘lib, hammomda go‘laxlik qilardi. Shu boisdan uni bu ishdan olib, Misrga amir etib tayinladi. Shunga ko‘ra, uni izzat va sharaf ko‘rmagani bois, xalq ichida yomon siyratda kezib, ularga ozorlar beradi deb o‘yladi. Xasib Misr ishlariga o‘rnashib olgach esa, aholisi o‘rtasida juda go‘zal siyratda ish yuritib, saxovati va fidoyiligi bilan dong taratdi. Xalifalarning qavmu qarindoshlari va boshqalar uning oldiga kelishar, shunda u ularga juda katta sovg‘a-salomlar berardi. Ular esa Bag‘dodga uni bu mansabga qo‘yganliklari uchun minnatdor bo‘lib ketardilar.
Xalifa abbosiylardan birini yo‘qlab topa olmay qoldi, u kishi bir muddat yo‘q bo‘lib, keyin paydo bo‘lib qoldi. Shunda xalifa uning nima sababdan g‘oyib bo‘lib qolgani haqida so‘radi. Haligi odam Xasibning oldiga borgani va unga Xasib bergan in’omlarni aytib berdi. Sovg‘a-salom juda ko‘p edi. Bunga xalifa g‘azabga minib, Xasibning ikki ko‘zini o‘yib olib, Misrdan Bag‘dodga chiqarib yuborilishi va bozorlariga tashlab qo‘yilishiga amr etdi. Qo‘lga olish haqidagi amr yetib kelganda uning manziliga kirishiga to‘sqinlik qilindi. Qo‘lida yashirib qo‘ygan katta yoqut bo‘lib, kechasi bir kiyimining ichiga tikib qo‘ydi. So‘ng ikki ko‘zi o‘yib olinib, Bag‘dod bozorlariga tashlab qo‘yildi. Shunda shoirlardan biri uning yonidan o‘tib qolib: “Ey Xasib, men Bag‘doddan Misrga bir qasida bilan sizni madh etish maqsadida borgan edim. U yerdan ketishingizga to‘g‘ri kelib qolibman. Iloji bo‘lsa hozir shuni eshitishingizni xohlardim”, dedi. Shunda u: “Qanday qilib eshitaman, axir men bir ahvolda bo‘lsam”, dedi. Shoir esa: “Maqsadim uni faqat eshitsangiz. Sovg‘a-salomga keladigan bo‘lsak, siz odamlarga beradiganingizni berib, ko‘p-ko‘p in’om etib bo‘lgansiz. Olloh sizni yaxshilik bilan siylasin”, dedi. Xasib: “Mayli, ayting”, dedi. Shunda shoir o‘zi yozgan she’rni aytdi. Oxiriga kelganda Xasib unga qarab: “Mana bu chokni so‘k”, dedi. U aytilganni bajardi. Shunda: “Yoqutni ol”, dedi. Shoir bundan bosh tortdi. Xasib qasam ichib, uni olishini so‘radi. Shunda shoir uni olib, zargarlar bozoriga ketdi. Uni bozorchilarga ko‘rsatganida ular: “Bu faqatgina xalifaga yarashadi”, dedilar va bu ishni xalifaga yetkazdilar. Xalifa zudlik bilan shoirni olib kelishlarini buyurib, yoqut haqida bilganlarini so‘rab-surishtirdi. Shoir bo‘lib o‘tganlarni aytdi. Shunda xalifa Xasibga qilgan muomalasidan qattiq afsuslandi. Voliyning o‘z huzurida hozir bo‘lishini amr etdi. Unga sovg‘a-salomlar in’om etib, ko‘ngli nimani tusasa ixtiyor berdi. Shunda u mana shu Munya shahrini o‘ziga berishni istadi. U Xasibning talabini bajardi. Xasib u yerda o‘lgunicha yashab, o‘zidan keyingilarga to ular ham o‘tib ketgunlarigacha meros qilib qoldirdi. Men unga kirgan paytimda ana shu Munyaning qozisi Faxriddin an-Nuvayriy al-Molikiy, voliysi esa Shamsiddin edi. U serxayr va oliyjanob amir edi. Ana shu shaharda bir kuni hammomga kirdim. Unda odamlarning satri avrat qilmayotganliklarini ko‘rib, bu menga og‘ir botdi. Uning oldiga borib, buni bildirib qo‘ydim. Menga ketmay turishimni uqtirdi. Keyin hamomlarni ijara olib ishlatuvchilarni olib kelishlarini buyurib, ularga kimda-kim hammomga izor-lozimsiz kirgudek bo‘lsa, bu ishidan tergalishi haqida maktub yozib, ularni qattiq koyib berdi. So‘ngra uning oldidan ketdim.Munya ibn Xasibdan Manlaviy shahriga qarab yo‘lga tushdim. U Nildan ikki mil uzoqlikda barpo qilingan mo‘‘jazgina shaharcha. Uning qozisi faqih Sharafiddin ad-Damiriy ash-Shofe’iydir. Shaharning ulug‘lari Banu Fuzayl nomi bilan tanilgan bir qavmdir. Ulardan biri bir jome’ bino qilib, unga barcha molini sarflagan. Bu shaharda o‘n bitta shakar (navvot) siqiladigan joy bor. Odatlariga ko‘ra, ular ana shu joylarga kirishdan bironta faqirni to‘smaydilar. Shunga ko‘ra faqir issiq non olib kelib shakar (qiyom) pishirilayotgan qozonga uni tashlab yuboradi. So‘ng uni chiqarib olsa, ichiga qiyom to‘lib qolgan bo‘ladi va u nonni olib jo‘naydi. Mazkur Manvaliydan Manfalut shahriga safar qildim. U xushmanzara, binolari Nil qirg‘og‘ida barpo bo‘lgan, barakasi bilan shuhrat topgan ajoyib shahardir.

SHAYX ABU MUHAMMAD ABDULLOH AL-HASANNIN BIR KAROMATI



Men bu muborak zot huzuriga uni ko‘rish va ziyorat qilish uchun salom bilan kirdim. U mening maqsadimni so‘radi. Men Jidda yo‘li orqali haj safariga bormoqchi ekanimni aytdim. U esa: “Sen bu ishni hozir bajara olmaysan. Qayt, birinchi hajingni Shom yo‘li orqali amalga oshirasan”, dedi. Men uning huzuridan ketib, uning aytganiga amal qilmay yo‘lda davom etdim va Ayzob degan joyga yetib keldim. Biroq menga safarga chiqish nasib bo‘lmadi va men avval Misrga, keyin Shomga qaytdim. Mening ilk haj safarimdagi yurgan yo‘lim, o‘sha muborak inson aytganidek, Shom yo‘li orqali amalga oshdi. Olloh uni manfaatli qilsin. Keyin Qinna shahriga jo‘nadim. U kichik, bozorlari chiroyli shahar bo‘lib, unda muborak, solih, valiy zot, ajoyib hujjatlar va mashhur karomatlar sohibi bo‘lmish Abdurrahim al-Qinnoviy (r.h.)ning qabri mavjuddir. Men as-Sayfiyya madrasasida uning nabirasi Shihobuddin Ahmadni ko‘rdim. Ushbu shahardan Qus shahriga jo‘nadim. Bu barakotli katta shaharning yashnagan bog‘lari, gavjum bozorlari, juda ko‘p masjidlari va qadimiy madrasasi bor. Bu shaharda Sa’id mintaqasining voliylari istiqomat qiladi. Shaharning tashqarisida Shayx Shihobuddin ibn Abdulg‘afforning va Shayx al-Aframning xonaqohi bor. Har yili Ramazon oyida, u yerda zohid fuqarolar yig‘ilishadi. Shahar olimlaridan biri Qozi Jamoluddin ibn as-Sadid bo‘lib, u yerning xatibi Fathuddin ibn Daqiq al-Iyddir. U xatiblik sohasida peshqadam, balog‘atli va fasohatli kishilardan biri edi. Unga Masjid al-Harom xatibi Bahouddin at-Tabariy va Xorazm shahrining xatibi Hisomuddin ash-Shotiydan boshqa teng keladigan kishini ko‘rmadim. Ular haqida o‘rni kelganida aytib o‘tiladi. Shahar olimlaridan yana birlari faqih, al-Molikiya madrasasining mudarrisi Shihobuddin ibn Abdulaziz va faqih Burhonuddin Ibrohim al-Andalusiylardir. Uning baland xonaqohi bor. Keyin Uqsurga jo‘nadim. U ham go‘zal shahar bo‘lib, unda solih va obid zot Abul-Hajjoj al-Uqsuriyning maqbarasi bor. Uning ustida xonaqoh barpo etilgan. U yerdan Armant shahriga ketdim. U kichik, Nil sohiliga qurilgan va bog‘lari ko‘p shahardir. Uning qozisi meni mehmon qilgandi. Ismini unutib qo‘ydim.
U yerdan Asno shahriga jo‘nab ketdim. U ko‘chalari keng, serfayz, xonaqoh, masjid va jome’lari ko‘p ulkan shahardir. Uning gavjum bozorlari va yam-yashil bog‘lari bor. Shaharning bosh qozisi qozil-quzot Shihobuddin ibn Miskin meni mehmon qilib, izzat-ikrom ko‘rsatib, noiblariga ham shuni buyurdi. Shayx va solih zot Nuriddin Aliy, Shayx va solih zot Abdulvohid al-Miknosiylar u yerdagi fazilatli kishilardan edilar. Abdulvohid al-Miknosiy shu vaqtda Qusdagi xonaqohning sohibidir.
Keyin u yerdan Adfu shahriga safar qildim. Adfu va Asno shaharlari o‘rtasida sahro bo‘ylab bir kecha kunlik masofa bor. Keyin Adfu shahridan Nil orqali o‘tib, al-Atvoniy shahriga jo‘nadik. U yerda tuyalarni ijaraga olib, Dag‘im nomi bilan mashhur bo‘lgan bir guruh arablar bilan kimsasiz sahroga safarga chiqdik. Yo‘l bexavotir edi. Yo‘lda Humaysaro degan joyga kelib tushdik. U yerda Olloh ning do‘sti Abul-Hasan ash-Shozaliyning qabri bor. Biz uning shu joyda vafot etishini xabar qilib, karomat qilganini aytib o‘tgandik. Bu yerda sirtlonlar ko‘p ekan. Biz tunab qolgan kechamiz tuni bilan ularni haydab chiqdik. Sirtlonlardan biri mening yuklarimga tashlanib, undagi bir xurjunni yirtib tashladi va xurmo solingan bir xaltani tortib ketdi. Tong otganida xaltani topdik, u yirtilgan, ichidagi xurmoning ko‘p qismi yeyilgandi.
O‘n besh kun yo‘l yurgach, Ayzob shahriga yetib keldik. U katta, baliq va sut ko‘p bo‘ladigan shahardir. U yerga ekin va mevalar Misrning Sa’id mintaqasidan olib kelinadi. Shahar aholisi bujalar bo‘lib, ular qora tanli, sariq rangli matoga o‘ranib, boshlariga bir barmoq qalinligida bog‘ich bog‘lab yurishardi. Qizlarga meros ajratishmaydi. Yemishlari tuya suti bo‘lib, maxoro tuyalarini minib yurishardi va ularni “qizil tuya” deb atashadi. Shaharning uchdan biri podshoh Nosirga, uchdan ikkisi Hadrabiy ismli bujalar podshohiga tegishli. Ayzob shahrida imom Qastaloniyga nisbat beriladigan masjid bor. Masjid muborakligi bilan mashhurdir. Men uni borib ko‘rdim va tabarruk deb ziyorat qildim. Shuningdek, shaharda solih shayx Muso, muhsin shayx Muhammad al-Marokashiylar bor. Ba’zilarning aytishlaricha, u Marokash podshohi bo‘lmish Murtazoning o‘g‘li bo‘lib, yoshi to‘qson beshda edi.
Ayzob shahriga yetib kelganimizda, bujalar podshohi Hadrabiy turklarga qarshi jang olib borayotgan ekan. U kemalarni yaroqsiz holga keltirgan va turklarni chekintirgan edi. Dengiz bo‘ylab safar qilish imkonimiz bo‘lmaganidan, barcha safarga tayyorlagan narsalarimizni sotdik va tuyalarni bizga ijaraga bergan arablar bilan birga Misrning Sa’idiga qaytdik. Biz yuqorida zikr qilingan Qus shahriga keldik. U yerdan Nil bo‘ylab yurdik. Bu vaqt Nilning suvi ko‘p bo‘ladigan mavsum edi. Sakkiz kun yo‘l yurgach, Qusdan Misrga yetib keldik. Men bir kecha-kunduz Misrda qolib, Shom o‘lkasiga jo‘nadim. Bu voqea yetti yuz yigirma oltinchi yili, sha’bon oyining o‘rtasida bo‘ldi. Men Balbis shahriga yetib keldim. Bu shahar katta, bog‘lari ko‘p edi. U yerda eslab o‘tish shart bo‘lgan biror kishini uchratmadim.
So‘ng Solihiya shahriga yetib keldim. U yerdan chiqib, sahroga kirdik va Savoda, Vorida, Mutaylib, Arish va Xuruba deb ataladigan joylarda to‘xtab o‘tdik. Ularning har birida mehmonxonalar bor edi. Ularni Xon deb atashar ekan. Mazkur xonlarda musofirlar o‘z ulovlari bilan to‘xtab o‘tishadi. Har bir xonaning tashqarisida musofirlarga suv tarqatadigan joylar, ularning o‘zlari va ulovlariga kerak bo‘ladigan narsalarni xarid qilish mumkin bo‘lgan do‘konlar bor.
Sahrodagi to‘xtash joylaridan yana biri mashhur Qatyo deb ataladigan joydir. Ba’zilar u joyni Qatyah deb atashadi. O‘sha yerda savdogarlardan zakot olinadi va ularning yuklari nazorat qilinib, qattiq tekshiriladi. Shuningdek, o‘sha joyda devonxonalar, zakot yig‘uvchilar, kotiblar va guvohlar bo‘ladi. Mazkur joyda har kuni ming dinor oltin olinadi. Shomga ketayotgan biror kishi Misrdan omonlik xati bilan kelmagunicha o‘tkazilmaydi va Misrga ketayotgan har bir kishi ham Shomdan bir omonlik hujjati bilan kelmagunicha o‘tishiga ruxsat berilmaydi. Bu ish odamlarning mollarini ehtiyotlash va Iroqlik josuslardan saqlash maqsadida qilinadi. Bu yo‘l arablarning zimmasida bo‘lib, ularga bu yo‘lni saqlash yuklatilgan. Tunda ular qumni tekislashadi va biror iz qolmaydi. Tongda amir kelib qumga qaraydi. Agar biror iz ko‘rsa, arablarga shu iz egasini topishni buyuradi. Arablar uni qo‘ldan chiqarmay, amir huzuriga olib kelishadi. Amir unga istagan jazosini beradi.
Men u yerga yetib kelganimda, eng yaxshi amirlardan biri bo‘lmish o‘sha joy ustozi Izzuddin Aqmoriy meni mehmon qilib, izzat-ikrom ko‘rsatdi. Va men bilan birga kelganlarga o‘tishga ruxsat berdi. Uning huzurida vaqf ishlariga mutasaddi Abduljalil al-Mag‘ribiy o‘tirardi. U mag‘ribliklar va ularning o‘lkalari haqida ma’lumotga ega edi. Mag‘ribliklardan biror kishi kelganida chalkashtirib yubormaslik uchun qaysi o‘lkadan ekanini surishtirardi. Chunki mag‘ribdan kelganlarga Qatyodan o‘tishlariga to‘sqinlik yo‘q edi.
So‘ng biz G‘azza shahriga yetib keldik. U Misrga eng yaqin bo‘lgan Shom shaharlarining birinchisidir. U keng hududga ega, imoratlari ko‘p, chiroyli bozorlari bor shahar edi. Unda bir qancha atrofi o‘ralgan masjidlar bor. U yerda go‘zal jome’ masjidi shuningdek, hozirda juma namozi ado etiladigan jome’ masjidi mavjud. G‘azzada muazzam amir al-Jovaliyning binosi bor. U ajoyib shaklda va puxta qilib qurilgan. Uning minbari oq marmardandir. Shaharning qozisi Badruddin as-Salxatiy al-Havroniydir. Mudarrisi esa, Alamuddin ibn Solim ismli kishidir. Solim o‘g‘illari ushbu shaharning ulug‘laridir. Ulardan biri Quddus shahrining qozisi Shamsuddin ismli kishidir.
Keyin G‘azzadan Xalil (a.s.) shahriga safar qildim. U maydoni kichkina, aholisi ko‘p, nurli, go‘zal va vodiy o‘rtasidagi dong‘i ketgan shahardir. Uning masjidi ajoyib shaklda qurilgan, puxta ishlangan, go‘zal, baland, kesilgan xarsang tosh bilan barpo qilingan. Uning bir burchagida xarsang tosh bor. U toshning bir tarafi o‘ttiz olti qarich keladi. Aytishlaricha, Sulaymon (a.s.) jinlarga uni qurishni buyurgan. Masjidning ichida muqaddas g‘or bo‘lib, unda Ibrohim, Ishoq va Ya’qub (a.s.)larning qabrlari bor. Ularning qarshisida ayollarining qabrlari mavjud. Minbarning o‘ng tarafida qibla devoriga yopishgan bir joy bor. Undan marmardan puxta qilib ishlangan narvon orqali tor yo‘lakka tushiladi. U marmar yotqizilgan maydonga olib chiqadi. U joyda uch qabrning suratlari bor. Aytishlaricha, ular o‘sha qabrlar to‘g‘risiga chizilgan. O‘sha yerda muborak g‘orga olib chiqadigan yo‘lak bo‘lgan. Hozir u to‘sib tashlangan. Men o‘sha joyga bir necha bor tushganman. Ahli ilm kishilar Ibrohim, Ishoq va Ya’qub (a.s.)larning muborak qabrlari haqiqatdan o‘sha yerda ekaniga Aliy ibn Ja’far ar-Roziyning “al-Musfir li-l-qulub” nomli kitobidan yuqorida aytilgan rivoyatni dalil qilib keltirishadi. Aliy ibn Ja’far o‘sha hadisni Abu Hurayraga nisbat berib rivoyat qilgan. Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Men Isro kechasida Bayt al-Maqdisga olib kelinganimda, Jabroil (a.s.) meni Ibrohim (a.s.) qabri ustidan olib o‘tdi va “Tushing, ikki rakat namoz o‘qing, zero bu yerda bobongiz Ibrohim (a.s.)ning qabri bor”, dedi. Keyin Bayt Lahm ustidan olib o‘tib: “Tushing, ikki rakat namoz o‘qing, zero bu yer birodaringiz Iso (a.s.)ning tug‘ilgan joyidir”, dedi. Keyin meni Saxra (xarsang tosh) oldiga olib bordi...” va h.k. Men bu shaharda solihlar va mashhur imomlardan biri bo‘lmish solih mudarris, tabarruk yoshdagi imom, xatib, Burhonuddin al-Ja’fariydan Xalil (a.s.) qabrining o‘sha yerda mavjudligi qanchalik to‘g‘ri ekani haqida so‘radim. U: “Ahli ilmdan bo‘lgan kimni uchratmay, bu qabrlarni Ibrohim, Ishoq va Ya’qub (a.s.)larning va ayollarining qabrlari ekanini tasdiqlashgan. Bu narsani faqat bid’at ahli shubha ostiga oladi. Bu xabarni keyingilar avvalgilardan naql qilishgan. Bunga shubha yo‘q”, deb aytgan.
Aytishlaricha, imomlardan biri mana shu g‘orga kirib, Bibi Sora qabri oldida turgan ekan. Shunda bir keksa odam kirib kelibdi, imom undan “Bulardan qaysi biri Ibrohim (a.s.)ning qabri?” deb so‘rabdi. U Ibrohim (a.s.)ning mashhur qabriga ishora qilibdi. Keyin bir yigit kiribdi, imom unga ham o‘sha savolni beribdi. U ham qabrni ko‘rsatibdi. Keyin bir go‘dak kirib kelibdi, imom undan ham so‘rabdi. Go‘dak qabrga ishora qilgach, faqih debdi: “Men guvohlik beramanki, bu shubhasiz, Ibrohim (a.s.)ning qabridir”. Keyin masjidga kirib, u yerda namoz o‘qibdi va ertasiga yo‘lga tushibdi.
Bu masjid ichida Yusuf (a.s.)ning ham qabri bor. Xalil harami sharqida Lut (a.s.) xoki mavjud. U Shom pastliklari ko‘rinib turadigan baland joyda joylashgan. Uning qabri ustida ko‘rkam binolar bo‘lib, qabr chiroyli oqlangan binoning ichidadir, ustida hech qanday yopqichlar yo‘q.
O‘sha yerda Lut ko‘li bo‘lib, suvi sho‘rdir. Aytishlaricha, bu yer Lut qavmi yashagan joy ekan. Lut qabri yaqinida Yaqiyn masjidi bo‘lib, katta balandlikda joylashgan, undagi nur va yorqinlik boshqa birorta joyda yo‘q. Uning yaqinida masjidga qarovchi kishi yashaydigan faqatgina bitta hovli bor, xolos. Masjidning ichida eshikka yaqin joyda faqatgina bir kishi sig‘adigan mehrob ko‘rinishida yasalgan kichkina chuqurlik bor. Aytishlaricha, Ibrohim (a.s.) Lut qavmi halok bo‘lgan paytda Ollohga shukrona keltirib, sajda qilgan ekan. Keyin sajda o‘rni joyidan siljib, biroz cho‘kkan.
Bu masjidning yaqinida bir g‘or bo‘lib, uning ichida Fotima bint al-Husayn ibn Aliy (a.s.)ning qabri bor. Qabrning yuqori va past tomonida marmardan ikkita lavha bo‘lib, birinchisida ajoyib yozuvda o‘yib: “Bismillahir rohmanir rohim. Izzat va boqiylik Ollohga xos. Yaratgani va bor qilgani o‘ziga tegishli, maxluqotiga esa foniylik bitilgan. Rasulullohda o‘rnak bor. Bu Ummu Salama Fotima bint al-Husayn (r.a.)ning qabridir”, ikkinchi lavhada esa o‘yib: “Uni Misrdagi naqqosh Muhammad ibn Abu Sahl yasagan”, deb bitib qo‘yilgan.
So‘ng bu shahardan Quddus sari yo‘lga chiqib, unga ketayotib, yo‘lda Yunus (a.s.) maqbarasini ziyorat qildim. Uning ustida katta bino va masjid qurilgan. Shuningdek Iso (a.s.) tug‘ilgan joy – Baytu Lahmni ham ziyorat qildim. U yerda xurmo daraxti tanasi izi bor. Uning atrofida ko‘plab imoratlar joylashgan bo‘lib, nasroniylar uni (shaharni) juda qattiq ulug‘laydilar va unga borib tushgan kishini mehmon qiladilar.
So‘ng fazilatda Olloh ikki masjidi sharifning uchinchisi bo‘lish sharafini nasib etgan va Rasululloh (s.a.v.)ning ko‘tarilish hamda osmonga chiqish joylari bo‘lgan Baytul-Maqdisga yetib bordik. Shahar katta va tekislangan tosh bilan ko‘tarilgan. Solih va fozil podshoh Salohiddin ibn Ayyub (Olloh uni musulmonlar nomidan yaxshilik bilan mukofotlasin) bu shaharni fath etib olganida, uning ba’zi himoya devorlarini buzib tashlagan. So‘ng podshoh Zohir shaharga rumliklar bostirib kelib, ana shu devorlar orqali himoyalanishlaridan xavotirlanib, devorni tamoman buzib tashlanishini talab qildi. Bu shaharda oldin bironta ham daryo yo‘q edi. Bu davrda unga Damashq amiri amir Sayfiddin Tenkiz suv olib keldi.

MUQADDAS MASJID (MASJIDUL-AQSO) HAQIDA

U ajoyib, betakror va nihoyatda go‘zal masjidlardan biridir. Aytilishicha, yer yuzida undan ulug‘roq boshqa masjid yo‘q emish. Uning sharqdan g‘arbga qarab bo‘lgan uzunligi molikiy o‘lchamida yetti yuz ellik ikki va kengligi qibladan ichki qismigacha to‘rt yuz o‘ttiz besh gaz bo‘lib, uchta tomonida ko‘plab eshiklari bor. Biroq uning qibla tomonida imom kiradigan birgina eshik borligini bilaman. Masjid majmui, Masjidul-Aqsoni hisobga olmaganda, usti yopilmagan ochiq maydondan iborat. Masjidul-Aqso esa nihoyatda pishiq qilib mukammal tarzda yopilgan, tilla va ajoyib ranglarga bo‘yalgan. Masjidda undan boshqa ham ko‘plab yopilgan o‘rinlar bor.

QUBBAT AS-SAXRA HAQIDA

U eng ajabtovur va mukammal, shakl jihatidan g‘aroyib binolardan biri bo‘lib, o‘zida ko‘plab go‘zalliklarni jo qilgan va barcha betakrorlikdan o‘z ulushini olgan. Masjid o‘rtasidagi do‘nglik ustida qad rostlab, unga marmar zinadan chiqiladi. Uning to‘rtta eshigi bo‘lib, aylanasiga ham hafsala bilan ishlangan marmar to‘shalgan, ichki qismiga ham. Uning tashqi va ichki qismi turli zeb-bezaklardan va vasf qiluvchini ojiz qoldiradigan betakror ustalik bilan ishlangan. Bularning ko‘pchiligi tilla bilan qoplangan bo‘lib, tovlanib nur sochadi va yashindek chaqnaydi. Go‘zalliklariga boqib, o‘yga tolganning nazari hayratda qotib, uni ko‘rgan kishining tili o‘xshatib vasf qilishdan ojiz qoladi.
Qubbaning o‘rtasida, zikri manbalarda kelgan, tabarruk xarsangtosh bor. Payg‘ambar (s.a.v.) undan osmonga ko‘tarilib ketganlar. U balandligi odam bo‘yi keladigan qattiq toshdir. Ostida esa chog‘roq uy kattaligida, balandligi odam bo‘yi keladigan bir g‘or bo‘lib, unga zinadan tushiladi. U yerda mehrob shakli bo‘lib, tosh tepasida ustidan yopiluvchi puxta qilib ishlangan ikkita deraza joylashgan. Ulardan biri toshning pastki qismida, ajoyib qilib temirdan, ikkinchisi esa yog‘ochdan ishlangan. Qubbaning ichida osib qo‘yilgan katta temir qalqon bor. Odamlar uni Hamza ibn Abdulmuttalib (r.a.)ning qalqoni deb aytadilar.

QUDDUSI SHARIF SHAHRIDAGI BA’ZI MUBORAK QADAMJOLAR

Ulardan biri Jahannam vodiysi nomi bilan mashhur bo‘lgan shaharning sharqiy qismidagi baland tepalikda Udvat al-Vodiy degan joyda joylashgan binodir. Aytishlaricha, o‘sha joydan Iso (s.a.) osmonga ko‘tarilganlar. Yana biri — Robi’a al-Badaviyyaning (u mashhur Robi’a al-Adaviyya emas) qabri. Mazkur vodiyning o‘rtasida nasroniylar e’zozlaydigan kanisa bor. Ularning aytishlaricha, Maryam (s.a.)ning qabri o‘sha joyda. O‘sha yerda nasroniylar ziyorat qiladigan yana bir kanisa bo‘lib, u yerda nasroniylarning uydirmalariga ko‘ra, Iso (a.s.)ning qabri joylashgan. Uni ziyoratiga kelgan har bir nasroniy musulmonlarga ma’lum miqdorda soliq to‘lashi shartdir. O‘sha yerda yana Iso (a.s.)ning tabarruk sanaladigan beshigi bor.

QUDDUSNING BA’ZI FAZILATLI KISHILARI



Ulardan biri Quddusning qozisi Shamsuddin Muhammad ibn Solim al-G‘azziydir. U G‘azza ahlidan bo‘lib, u yerning ulug‘ kishilaridan biri hisoblanadi. Yana biri Quddusning xatibi solih, fozil kishi Imomuddin an-Nablusiydir. Yana biri muhaddis, muftiy Shihobuddin at-Tabariydir. Yana biri Molikiyya mudarrisi va muborak xonaqohlar shayxi Abu Abdulloh Muhammad ibn Musbit al-G‘arnotiydir. Yana biri zohid shayx, ulug‘ solihlardan biri bo‘lgan Abu Aliy Hasan bo‘lib, u zot Mahjub nomi bilan mashhurdir. Ulardan yana biri solih, obid shayx Kamoluddin al-Marog‘iydir. Yana biri, obid, solih shayx Abu Abdurrahim Abdurrahmon ibn Mustafodir. U Arzurum shahridan bo‘lib, Tojiddin ar-Rifo’iyning shogirdlaridan biridir. Men u zotning suhbatida bo‘lib, tasavvuf xirqasini uning qo‘lidan kiyganman.
So‘ng Quddusi sharifdan Asqalon shahrining qoldiqlarini ziyorat qilganimdan keyin jo‘nab ketdim. Asqalon xarobaga aylangan, buzilib ketgan bino xarobalari va tepaliklardan iborat edi. Asqalondek ajoyib, ko‘rkam, zo‘r joyda joylashgan, quruqlik va dengiz qulayliklarini o‘zida mujassam etgan shahar kam uchraydi. U yerda Qohiraga olib ketilishidan oldin Husayn ibn Aliy (a.s.)ning boshi dafn qilingan mashhur qadamjo bor edi. U joyda baland masjid bo‘lib, ichida quduq mavjud. Uni Ubaydiylar qurdirishgan va peshtoqqa buni yozdirib qo‘yishgan.
Ushbu mozorning qibla tarafida Umar masjidi deb ataladigan ulkan masjid bo‘lgan. Uning faqat devorlari saqlanib qolgan. Unda ko‘rkamlikda beqiyos marmar ustunlar bor. Ba’zisi qulab tushgan, ba’zisi tik holda turibdi. Ustunlardan biri — ajoyib qizil ustunni, odamlarning aytishlaricha, nasroniylar o‘z o‘lkalariga olib ketib qolishadi. Biroq qo‘qqisdan u nasroniylar o‘lkasidan yo‘q bo‘lib qoladi va Asqalonda o‘z o‘rnida topiladi.
Mazkur masjidning qibla tarafida Ibrohim (a.s.) qudug‘i deya mashhur bo‘lgan bir quduq bor. Unga keng narvon orqali tushiladi va u yerdan uylarga kiriladi. O‘sha uylarning chor tarafida toshlar bilan o‘ralgan chuqurdan chiqadigan buloqlar bor. Ularning suvi totli, lekin ko‘p emas. Odamlar u suvning fazilati haqida ko‘p rivoyatlarni aytib yurishadi.
Asqalon tashqarisida Naml vodiysi bor. Aytishlaricha, Qur’oni karimda zikr qilingan vodiy o‘shadir. Shahar chekasida behisob shahid va valiy zotlarning qabrlari mavjud bo‘lib, bizni u yerga o‘sha mozorga qarab turuvchi kishi olib keldi. Bu kishining ziyoratchilardan tushadigan sadaqalardan tashqari Misr podshohi berib turadigan maoshi ham bor.
So‘ng u joydan Ramlaga jo‘nadim. U Falastin bo‘lib, xayri serob, go‘zal bozorlari bor katta shahardir. Mazkur shaharda oq jome’ mavjud bo‘lib, aytishlaricha, qibla tarafida uch yuzta payg‘ambar dafn etilgan. Shaharda yetuk faqihlardan Majduddin an-Nablusiy bordir.
Keyin u yerdan ham chiqib, Nablusga jo‘nadim. Nablus ham serdaraxt, anhorlar oqqan, Shom o‘lkalari ichida zaytun eng ko‘p o‘sadigan katta shahardir. U joydan Misr va Damashqqa yog‘ olib ketiladi. U yerda xarrub halvosi tayyorlanib, Damashq va boshqa joylarga jo‘natiladi. Uni tayyorlash usuli quyidagicha, xarrub pishiriladi, so‘ng siqilib, chiqqan qiyomdan halvo tayyorlanadi. Shuningdek, o‘sha murabboning o‘zi ham Misr va Shom diyorlariga jo‘natiladi. Bu yerda shu shaharga nisbat beriladigan tarvuz yetishtiriladi. Uning jome’ masjidi g‘oyatda puxta va go‘zaldir. O‘rtasida chuchuk suvli hovuz bor.
Keyin u yerdan Ajlun shahriga ketdim. U ham chiroyli shahar bo‘lib, ko‘p bozorlari va ulkan qal’asi bor. Uning o‘rtasini chuchuk suv oqadigan daryo ikkiga bo‘lib turadi.
U joydan Latakiyani ko‘zlab safarga chiqdim. Yo‘lda G‘avr degan joydan o‘tdim. U adirliklar o‘rtasidagi vodiy bo‘lib, u yerda “ushbu ummatning ishonchli kishisi” Ubu Ubayda ibn al-Jarroh (r.z.)ning qabri bor. Biz uni ziyorat qildik. Qabr ustida bir xonaqoh bo‘lib, ichida musofirlar uchun yegulik bo‘ladi. U yerda bir kecha qoldik. So‘ng al-Qusayrga yetib keldik. U yerda Muoz ibn Jabal (r.z.)ning qabri bor. Uni ham tabarruk yuzasidan ziyorat qildik.
Keyin sohil bo‘ylab safarga chiqdim va xarobaga aylangan Akka shahriga yetib keldim. Akka farang o‘lkalarining asosiy to‘xtash nuqtasi, kemalarining bandargohi bo‘lgan edi. U buyuk Konstantinopolga o‘xshab ketadi. Uning sharqida Ayn al-baqar nomi bilan mashhur bo‘lgan bir buloq bor. Aytishlaricha, Olloh taolo Odam (a.s.) uchun undan sigir chiqarib bergan. Unga bir narvon orqali tushiladi. Uning ustida masjid bo‘lardi, hozir mehrobi qolgan, xolos. Mazkur shaharda Solih (a.s.)ning qabri mavjud.
So‘ng xarobaga aylanib ketgan Sur shahriga jo‘nadim. Uning tash-qarisida obod qishloq bor. Aksar aholisi rofiziylardir. Bir marta o‘sha qishloqdagi suv oldida tahorat olish uchun to‘xtaganman. Qishloq aholisidan bir kishi ham tahorat olgani kelib, avval oyoqlarini, so‘ng yuzini yuvdi va na og‘zini chaydi va na burnini qoqdi. Keyin boshining bir qismiga mash tortdi. Men uning ishini xato deb aytganimda, u “bino avval poydevoridan quriladi-ku!”, dedi. Sur shahrining mustahkamligi masalga aylangan. Chunki uni uch tarafdan dengiz o‘rab turadi. Uning ikki darvozasi bo‘lgan. Biridan quruqlik orqali, ikkinchisidan suv orqali kirilgan. Quruqlikdan kiriladigan darvozaxona shaklida bo‘lib, atrofi o‘ralgan. Dengizga qaragan darvoza ikki ulkan minora o‘rtasida joylashgan. Butun dunyoda u kabi ajoyib va g‘aroyib bino yo‘qdir. Chunki u uch tarafdan dengiz bilan qurshalgan, to‘rtinchi tarafida esa devor bor. Kemalar devor ostigacha kelib, o‘sha yerda langar tashlagan. Avvallari ikki minora o‘rtasini temir zanjir to‘sib turgan. Uni tushirmaguncha, na ichkariga va na tashqariga yo‘l bo‘lmagan. Uning ustida soqchi va qo‘riqchilar turib, ularning iznisiz na bir kishi kirgan va na bir kishi chiqqan.
Akkaning bandargohi ham bo‘lgan. Lekin u yerga faqat kichik kemalar sig‘ardi.
U yerdan Saydo shahriga jo‘nadim. U dengiz bo‘yida joylashgan sermeva, ko‘rkam shahardir. Mazkur shahardan anjir, mayiz va yog‘ Misr shaharlariga olib ketiladi. Uning qozisi Kamoluddin al-Ashmuniy al-Misriy huzurida bo‘ldim. U go‘zal axloqli va sharafli kishi edi.
Keyin u joydan Tabariya shahriga safar qildim. O‘tmishda u ulkan shahar bo‘lgan. Uning faqat shonli o‘tmishidan xabar beruvchi qoldiqlari qolgan. Unda ajoyib, ikki xonali hammomlar bo‘lib, biri erkaklarga, ikkinchisi ayollarga mo‘ljallangan. Suvi juda issiq bo‘lgan. Shaharning mashhur ko‘li bo‘lib, uzunligi olti farsax, kengligi uch farsaxdan kattaroq bo‘lgan.
Tabariyada “Payg‘ambarlar masjidi” nomi bilan mashhur bo‘lgan bir masjid bo‘lib, unda Shuayb (a.s.) va qizi (Muso al-Kalim (a.s.)ning ayoli)ning qabri bor. Shuningdek, o‘sha joyda Sulaymon (a.s.), Yahudo va Rubil (a.s.)larning qabrlari mavjud.
Biz Yusuf (a.s.) tashlangan quduqning ziyoratiga bordik. U kichik masjid sahnida joylashgan bo‘lib, ustida bir xonaqoh barpo qilingan. Quduq ulkan va chuqur ekan. Quduqning yomg‘ir suvidan yig‘iladigan suvidan ichdik. Unga qarab turuvchi kishining aytishicha, quduq ichidan ham suv qaynab chiqadi.
Keyin Bayrut shahriga jo‘nadik. Bayrut kichkina, bozorlari ko‘rkam shahardir. Uning jome’ masjidi juda ajoyib qurilgan. U yerdan Misr diyoriga mevalar va temir olib ketiladi. Biz Abu Ya’qub Yusufning qabrini ziyorat qilishga bordik. Aytishlaricha, u Mag‘rib podshohlaridan bo‘lgan. Qabr “Aziz” tepaligidagi Karaknuh nomli joyda joylashgan. Ustida bir xonaqoh bo‘lib, u yerda kelib-ketuvchilar taomlanadi. Aytishlaricha, sulton Salohiddin unga juda ko‘p vaqflar ajratgan. Ba’zilarning aytishicha, bu ishni sulton Nuriddin amalga oshirgan. U solih kishilardan bo‘lib, rivoyatlarga ko‘ra, bo‘yra to‘qib, shuning puliga kun kechirgan.


Download 54.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling