O‘zak va qo‘shimchalar imlosi. Parvo, obro‘, mavqe, mavzu, mavzu kabi so‘zlarga I, II shaxs egalik qo‘shimchalari qo‘shilganda, o‘zakdan so‘ng y qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, obroyim, mavqeyim, mavzuyim, avzoyim. Shu so‘zlarga III shaxs egalik qo‘shimchasi -si shaklida qo‘shiladi: parvosi, avzosi kabi.
Shuni ham ta’kidlsh kerakki, unli bilan tugagan so‘zlarga III shaxs egalik shakli qo‘shilishida ikki xil imlo kuzatiladi: manbai (kirill yozuvida: манбаи) – manbasi, mavzuyi (kirill yozuvida: мавзуи) – mavzusi. Bu holat o‘zlashgan so‘zlar imlosida uchraydi. Imloda bir xillikni ta’minlash uchun mazkur o‘zlashma so‘zlarning asl shakliga asoslanish kerak: agar so‘z ayn ع bilan tugasa, -yi (kirill alifbosida: i) yoziladi: manbai (kirill yozuvida: manbai); agar so‘z و vov, hoyi havvas ه bilan tugasa, -si shaklida qo‘shish to‘g‘ri bo‘ladi: mavzusi, orzusi.
k va q undoshlari bilan tugagan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shilganda g undoshi k va q tarzida aytiladi va shunday yoziladi: tokka, yurakka, qishloqqa, toshloqqa kabi. Xuddi shunday o‘zaklarga egalik shimchasi qo‘shilganda o‘zak oxiridagi k undoshi g ga, q undoshi g‘ ga aylanadi va shunday yoziladi: tilagi, yuragi, bulog‘i, qishlog‘i. Bir qator so‘zlarda tovush o‘zgarishi sodir bo‘lmaydi: ittifoqi, idroki, toki, ocherki, tasdiqi, tatbiqi.
-ta, tacha lug‘aviy shakl hosil qiluvchi qo‘shimchasi bilan kelgan so‘zlarni ba’zan qo‘shib (5ta), ba’zan ajratib (5 ta) yozish hollari kuzatiladi. Son bilan yozganda imkon qadar hisob so‘zlaridan foydalangan ma’qul: 77 dona, 5 nafar kabi (qiyos: 1-sentyabr 1chi sentyabr tarzida yozilsa, xato bo‘lar edi). -ta, tacha qo‘shimchalarini raqam emas, so‘z ko‘rinishidagi sonlarga qo‘shish to‘g‘ri bo‘ladi: o‘nta, beshtacha. Lekin shunday hollar bo‘ladiki, narsa-hodisa, voqelik miqdorini ta’kidlab ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Shunday hollarda qo‘shimchani, garchi mantiqqa zid bo‘lsa-da, ko‘rinish talabiga muvofiq raqamdan ajratib yozish kerak: 5 ta, 7 ta.
Do'stlaringiz bilan baham: |