Ichki ishlar idoralari xodimlarining
Download 0.5 Mb.
|
Respublikasi
§. ICHKI ISHLAR IDORALARI XODIMLARINING TASHQI KO‘RINISH MADANIYATI
Tashqi qiyofa va uning ahamiyati. Tashqi qiyofa shaxsning ichki madaniyatidan kelib chiquvchi jismonan sog‘lomlik, tananing bekamu ko‘stligi, xatti-harakatlarning yengil va nafisligi, kiyim-bosh va aft- angorning pokiza va ozodaligi hamda o‘zaro mutanosibligi, aniqrog‘i tana va kiyimning o‘zaro uyg‘unligidir. Inson tashqi qiyofasining ko‘rkamligini belgilaydigan omillar quyidagilardan iborat: jismonan sog‘lomlik va inson tanasining benuqsonligi; qaddi-qomatning tik va ixchamligi, harakatchan va xushbichimligi; yurish, qadam tashlashning to‘g‘ri, chaqqon, yengil va nafisligi; tananing kiyim, ust-bosh bilan mutanosibligi; aft-angor va kiyim-boshning pokizaligi, ozodaligi va h.k. Odamning tashqi qiyofasiga qarab, uning ichki dunyosi, kasbi-kori, yoshi, fe’l-atvori, jamiyatda tutgan o‘rni, tarbiya ko‘rgan-ko‘rmaganligi to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Tashqi qiyofa uchta muhim unsurdan tashkil topadi: jismoniy sog‘lomlik va inson tanasining bekamu ko‘stligini o‘zida mujassamlashtirgan jismoniy tarbiya; kiyim kiyish; shaxsiy gigiyena va kosmetika, zeb-ziynat taqish madaniyati. Ichki ishlar idoralari xodimlarining tashqi ko‘rinishini ifodalovchi muhim narsa uning salomatligi, jismonan baquvvatligi, tanasining chiroyliligidir. Inson o‘zining tashqi qiyofasini go‘zal qilish uchun avvalo, sport bilan shug‘ullanishi kerak. Sport odamni kuchli, chaqqon, shijoatli, qo‘rqmas, chidamli qilib tarbiyalashi bilan birga, tanasiga go‘zallik ham baxshida etadi. Inson tanasidagi go‘zallik esa uning yurishida, qadam olishining yengilligi va nafisligida namoyon bo‘ladi. Yurganda beso‘naqay qadam tashlash, oldinga engashib yoki g‘o‘dayib yurish yoxud ikki yoqqa shox tashlab, qiypanglab yurish ichki ishlar idoralari xodimlari uchun juda xunuk holat hisoblanadi: bu odamlarning nafratini qo‘zg‘atishi mumkin. Ichki ishlar idoralari xodimlarining tashqi ko‘rinish madaniyati yuqori darajada bo‘lishi ularning shaxsiy gigiyena hamda pardoz qoidalariga amal qilishlariga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Jismoniy jihatdan sog‘lom va go‘zal bo‘lish uchun ichki ishlar idoralarining har bir xodimi bir qancha qoidalarga e’tibor berishi kerak. Birinchidan, shaxsiy ozodalik, ya’ni badan, yuz-qo‘l, soch va shu kabilarni toza tutishi kerak. Buning uchun har bir xodimning shaxsiy buyumlari – alohida sochig‘i, dastro‘moli, sovuni, tarog‘i, erkaklarning ustarasi, ayollarning atir-upasi, tirnoq olgichi, oynasi va boshqa narsalari bo‘lishi lozim. O‘zgalarning narsalaridan foydalanish odobga ham, gigiyena qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydigan xunuk ish hisoblanadi. Ikkinchidan, yuz insonning ichki dunyosini aks ettiruvchi ko‘zgu ekanligini unutmagan holda, uni har doim yuvib turish, soqolni olish, mo‘ylabni tartibga keltirish, yuzning tiniqligini saqlash, ajinlar bosishi, yara-chaqalar chiqishiga qarshi davolash hamda peshona va burunni tirishtirib yurmaslik choralarini ko‘rish lozim. Umuman olganda, hammaning nigohi tushib turadigan, forma kiygan xodimning yuzi xushro‘y, yoqimli bo‘lishi va undan «nur yog‘ilib turishi» kerak. Shuni unutmaslik lozimki, yuzdagi xunuklik, badbasharalik odamlarni qochiradi. Uchinchidan, tishning, og‘iz bo‘shlig‘ining tozaligiga e’tibor berish lozim. Chunki tishdagi illatlar va og‘iz bo‘shlig‘idagi kasallik insondan yoqimsiz hid kelishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun kasal tishlar davolanishi, yo‘q tishlar o‘rniga sun’iy tishlar qo‘yilishi kerak. Tishdagi jilo odamning istarasini issiq qilib ko‘rsatadi. To‘rtinchidan, soch odam husnining bezagi hisoblanadi. Sochning chiroyli qilib olinganligi va taralganligi ichki ishlar idoralari xodimlarining tashqi madaniyatidan dalolat beruvchi ko‘rsatkichlardan biridir. Soch – husn va ayni paytda, boshni issiq-sovuqdan saqlovchi vosita. Yuvib-taralmagan soch xizmat vazifasini bajarishga beparvolikni, o‘ziga va tevarak-atrofdagilarga hurmatsizlikni aks ettiradi. Shuning uchun ham ichki ishlar idoralari xodimlarining soch-soqoli hamma vaqt batartib bo‘lishi kerak. Bu kasbiy burch talabidir. Beshinchidan, qo‘llar yaxshi parvarish qilinishi, tirnoqlar o‘z vaqtida olib turilishi lozim. Ovqatlanish, ovqat pishirish oldidan va ovqatdan keyin qo‘llar albatta yuvilishi kerak. Ayniqsa, hojatxonadan chiqqanda va ko‘chadan kirganda qo‘llarni yuvish ozodalik va axloq-odob jihatidan muhim burchdir. Ichki ishlar idoralarining xodimlari «tahoratli» yursa, nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi. Oltinchidan, ichki ishlar idoralarining xodimlari qo‘llariga, bo‘yinlariga turli taqinchoqlar taqmasligi, yaltiroq kiyimlar kiyib, ularni har xil bezaklar bilan bezab tashlamasliklari kerak. Ayniqsa, badanga har xil tatuirovkalar chizdirish qat’iyan man etiladi. Yettinchidan, odam tanasida uning tashqi go‘zalligiga raxna soluvchi biron o‘zgarish sodir bo‘lsa, uni albatta davolash, tibbiy kosmetika vositasida tuzatish chora-tadbirlarini ko‘rish kerak. Sakkizinchidan, erkak xodimlar sochlarini bo‘yashlari mumkin, ammo yuzni yaltiratadigan upa-eliklardan foydalanishlari odobdan emas. Upa-elik surtish, lab, qosh va kipriklarni bo‘yash faqat ayol xodimlarga ruxsat etiladi. Download 0.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling