Nefroz buyrak kanalchalari epiteliysida degenerativ o’zgarishlar ro’y berishi bilan kechadigan kasallikdir. Kechishiga ko’ra o’tkir va xronik bo’ladi. Etiologiyasi. Xronik yuqumli kasallik (maalan, sil), o’pkaning yiringli kasalliklari (bronxoektaziya), suyak kasalliklari (osteomelit), sulemadan zaharlanish va boshqalar nefrozning kelib chiqishiga imkon beradi. Nefroz aksariyat xronik nefritning rivojlanish bosqichlaridan biri hosoblanadi. Organizmda moddalar almashinuvi buziladi. Buyrak kattalashib,distrogfik protseslar kechadi. Kanal epiteliysida maxsus oqsil yoki yog’simon moddalar (lipoid) yig’ilib qoladi. Belgilari. Kasallik, odatda, ertalab yuzning shishib ketishi bilan boshlanadi. U rivojlangan sari shish gavdaga tarqaladi. Bemorning rangi oqarib, shishgan qismlari yuzasi yaltiroq va quruq bo’ladi. Bemor darmonsizlik, bosh og’rig’i, ishtaha yo’qligi, shish tufayli yaxshi harakat qila olmasligidan shikoyat qiladi. Ba’zan ichki organlar ayniqsa, qorin bo’shlig’ida ham shish paydo bo’ladi. Arterial bosim odatda ko’tarilmaydi. Siydik kam ajraladi, solishtirma og’irligi yuqori, rangi qo’ng’ir, reaksiyasi ishqoriy bo’ladi. Nefrozning eng xarakterli belgilaridan biri albuminuriya va siydikda oqsil ko’payishidir. Kasalning og’ir formasida siydikdagi oqsil miqdori 30% ga yetadi. Siydik cho’kmasida gialin donali va mumsimon silindrlar, shuningdek buyrak epiteliysi hujayralari bo’ladi. Oqsil va yog’ almashinuvning buzilishi, ko’p oqsil yo’qotish tufayli, organizmning infeksiyaga nisbatan qarshiligi kamayadi. Natijada bemor tasodifan qo’shilgan infeksiyadan o’lib qoladi. Davolash va oldini olish. Kasallikni keltirib chiqargan yiringli kasalliklarga qarshi antibiotiklar, siydik haydovchi moddalar, oqsilga boy, yog’siz, tuzi past taomlar buyuriladi. Issiq va quruq iqlimli kurortlarda davolanish tavsiya etiladi. Kasallikning oldini olish asosan unga sabab bo’lgan yiringli manba’larni tugatishdan, sil, zaxm kabi kasalliklarni o’z vaqtida davolashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |