228-modda. Kassatsiya shikoyatining (protestining) shakli va mazmuni
Kassatsiya shikoyati (protesti) sudga yozma shaklda beriladi va shikoyat (protest) bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Kassatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) kassatsiya shikoyati (protesti) yo‘llanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi;
4) ishning raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana, talab predmeti;
5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari va shaxs qonunlarga yoki boshqa qonun hujjatlariga, ish holatlariga hamda dalillarga havola qilingan holda sud hujjatini noto‘g‘ri deb hisoblash uchun keltirgan asoslar;
6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Kassatsiya shikoyatida uni berayotgan shaxsning yoki uning vakilining telefon, faks raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.
229-modda. Kassatsiya shikoyatining (protestining) ko‘chirma nusxalarini yuborish
Kassatsiya shikoyatini (protestini) berayotgan shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya shikoyatining (protestining) va unga ilova qilingan, bu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuborishi yoki tilxat olib shaxsan topshirishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |