3.4.Milliy mentalitet va uning ijtimoiylashuvda tutgan o‘rni
O‘zbek xalqi o‘ziga xos etnik muhitga egadir. Bunday muhitda bolalar yoshligidan o‘z ona (milliy) tillarining va unda o‘z aksini topgan ertaklar, afsonalar, rivoyatlar, maqollar, ashulalarning ta’sirida bo‘ladilar. Bolalar asta-sekin milliy an’analar, urf-odatlarning aniq me’yorlariga ko‘nikishadi. O‘quvchilar milliy tarixni, adabiyotni o‘rganish va ona tillarida turli ma’lumotlarni olish orqali o‘smirlik yoshidayoq o‘z etnik va umummilliy mansubliklarini anglay boshlaydilar.
Etnomadaniy sharoitlarning ijtimoiylashuviga ta’siri mentalitet darajasida nisbatan yorqin namoyon bo‘ladi. “Mentalitet” tushunchasi XX asr boshida fransuz olimi L. Levi-Bryul tomonidan fanga kiritilgan. Mentalitet “etnos” (xalq, elat) tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Etnos-bu tarixan bir hududda shakllangan, til, madaniyat, ruhiyatning umumiy, nisbatan barqaror xususiyatlariga ega bo‘lgan, shuningdek, boshqa shunday tuzilmalardan o‘z o‘zini anglashi bilan ajralib turuvchi insonlar majmuasidir. Biron bir etnosga mansublik tug‘ilishdanoq bo‘lmay, ijtimoiylashuv, shaxsning muayyan madaniy sohadagi shakllanishi, bolaning axloqiy steriotiplarni o‘zlashtirishi davomida namoyon bo‘ladi. Mentallik insonning olam, o‘zining bu olamda tutgan o‘rni haqidagi tasavvurlari asosida yotgan obrazlar tizimi bo‘lib, biron-bir davrdagi u yoki bu etnik guruhga xos bo‘lgan dunyoqarashdir.
“Mentalitet” kategoriyasi hozirgi vaqtda gumanitar fanlarda an’analar va madaniyat orqali aniqlab beriluvchi ommaviy dunyoqarashning tarkibini ifodalash uchun ishlatilmokda. Mentalitetning turli ta’riflari mavjud bo‘lib, anglanmagan darajada jamoa tasavvurlari majmuasidir. Mentalitet muayyan tabiiy-iqlimiy va tarixiy-madaniy sharoitlarda shakllanadi.
(A. V. Mudrik).
Do'stlaringiz bilan baham: |