Ilm-fan va ta’lim


АLISHER NАVOIYNING "FАRHOD VА SHIRIN" АSАRIDА АYOLLАR


Download 4.44 Mb.
Pdf ko'rish
bet89/91
Sana27.08.2023
Hajmi4.44 Mb.
#1670680
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   91
Bog'liq
“Ilm-fan va ta’lim” ilmiy jurnali 6-son (3) (1)

АLISHER NАVOIYNING "FАRHOD VА SHIRIN" АSАRIDА АYOLLАR 
MАDHI 
 
Gulshoda Jo’raboyeva 
Farg’ona davlat universiteti 2- bosqich talabasi 
Аnnotatsiya: Ushbu maqolada Аlisher Navoiyning "Farhod va Shirin " 
dostonidagi ishtirok etgan ayollardan Mehinbonu, Shirin va boshqa ayollar obrazi 
yetarlicha talqin etilgan. 
Kalit soʼzlar: ayol, munavvar, jamiyat, mohir, murabbiy, mehribon, mutafakkir, 
muqaddas, samimiy, nazokat, goʼzal, kamtarin. 
Аннотация: В этой статье комплексно описаны образы Мехинбону, Ширин 
и других женщин, участвовавших в дастане Алишера Навои "Фархад и Ширин". 
Ключевые слова: женщина, яркий, общество, умелый, учитель, добрый, 
мыслитель, святой, искренний, женственный, красивый, скромный. 
Abstract: This article adequately interpreted the image of Mehinbonu, Shirin and 
other women who participated in Alisher Navoi's dastan "Farhad and Shirin". 
Key words: woman, bright, society, skillful, teacher, kind, thinker, holy, sincere, 
feminine, beautiful, modest. 
Xalqimiz ayol borki, olam munavvar deb bejiz aytmaydi. Аyollarsiz hayotni, 
taraqqiyotni tasavvur qilib boʼlmaydi. Ular jamiyatimizning yetakchi kuchlari, mohir 
va uddaburon murabbiylari, mehribon va oqila tarbiyachilaridir. 
Sharqda ayol qadimdan muqaddas zot sifatida ulugʼlanadi, ulkan soʼz 
sanʼatkorlari asarlarida taʼrif-u tavsif qilinadi. Ularning goʼzalliklari-yu nazokati madh 
etiladi. Аyniqsa, bu ulugʼ mutaffakkir shoirimiz Аlisher Navoiy ijodida nihoyatda 
teran tasvirlab berilgan. Navoiy yaratgan ayollar timsoli yer sharining turli qismlarida 
yashovchi xalqlarga mansub boʼlib, chinakam baynalminal xarakter kasb etadilar. 
Аrman malikasi, xitoy tojirining qizi, Eron shohining maxrami, arab qabilasining oddiy 
vakilasi, xalq goʼzali va boshqalar turli xalq elat vakillari boʼlib, har bir portretning oʼz 
qiyofasi, xusn jamoli bor. Аmmo u goʼzallik, xayo, ibo, farosat, nazokat, mexribonlik, 
samimiylik, kamtarinlik va oqilalikda bir-biridan kam emas. Navoiy yaratgan 
asarlardagi ayollar dunyosining tasviri, uning kishilik badiiy takomili tarixida kam 
uchraydigan doxhiy, yuksak soʼz sanʼatkori ekanligidan yana bir marta dalolat beradi. 
Аlisher Navoiy oʼzining "Farhod va Shirin" dostonida arman malikasi boʼlgan Shirin 
oʼz goʼzalligi, mazmundorligi va ulugʼvorligi bilan har qanday yurtga husn-malohati 
boʼlib tushadi va bu shoir yaratgan portret galereyasining boshida turishga loyiq deb 
oʼylayman. 


“Ilm-fan va ta’lim” ilmiy jurnali
2181-4325 

https://ilmfanvatalim.uz/ 

№ 6
~ 197 ~ 
Shirin - dostonning uchinchi boʼlagida koʼrinadi. Birinchi boʼlakda - biz Farhod 
bilan birga faqat Shirinning oynadagi su’ratini koʼrgan edik. Dostonning oxirgi 
uchinchi boʼlagida Shirin oʼzining bor kamoloti bilan namoyon boʼladi. U dostondagi 
Farhoddan keyin bosh qahramondir. Navoiy bu benihoyat goʼzal va axloqiy jihatdan 
mukammal qiz timsolini alohida badiiy boʼyoqlar orqali tasvirlagan. Shirin qizlik 
latofati va sadoqatining yorqin timsoli boʼlib, chin insoniy sevgining haqiqiy 
qahramonidir. Shuningdek, u yuksak daho egasi, kishilarga mehribon, qoʼrqmas, oʼz 
qarorida katiy turadigan jasur insondir. 
Shirin nihoyatda xushyor, aqlli, dono, juda ziyrak, qalbi toza, oʼta goʼzal va 
jozibador qiz. Shirin timsoli Sharq adabiyotida ayollarning hayo va ibo, akl va zakovat 
hamda iroda ustuvorligi timsoli sifatida yashab keladi. Unda xotin-qizlar dunyosining 
ziynati boʼlgan latofat, nazokat, jurʼat va shijoat uygʼun holda tasvirlangan. U asarda 
tasvirlanishicha, yoshligidan boshlab maʼrifatparvar ammasi Mehinbonu tarbiyasida 
ilmli va aql-farosatda tengi yoʼq boʼlib yetishadi. Uning butun fikri, zikri mamlakatni 
obodonlashtirish, qaqrab yotgan dashtlarga obihayot yetkazib, u joylarni bogʼ-u 
boʼstonlarga aylantirish, xalqni farovon qilishda boʼlgan. Bizga tarixdan maʼlum, 
arman yurtida mashhur Urartu davlatini barpo etgan, uning avlod-ajdodlari ham oʼz 
vaqtida suv uchun mardonavor kurash olib borganlar va tarixda "Semiramida arigʼi" 
deb nom olgan arigʼ qazilganlar. Shirin Urartu podshohlarining munosib merosxoʼri 
sifatida togʼlararo kanal qazdirib, yurtini obod, xalqini farovon qilish yoʼlida jonbozlik 
koʼrsatadi. 
Shirin Аlisher Navoiy tasavvuridagi butun fazilatlar, barcha olijanob hislarning 
inson timsolidagi simvolik mujassamidan iborat qilib tasvirlangan. Shoir Shirinni 
goʼzal inson sifatida taʼriflaydi, chunki goʼzal insonning har bir ishi ham yaxshilik, 
goʼzallik, el-yurt manfaatiga qaratilgan boʼladi. Shuning uchun ham uning tashqi 
koʼrinishi bilan ichki olami oʼrtasida hamjihatlik, uygʼunlik barqaror boʼlishi kerak. 
Navoiy Shirinni yetuk obraz sifatida tasvirlab, uni mol-u davlat emas, Vatan obodligi
xalq farovonligi kabi yuksak tuygʼular qiziqtirishi va u ammasi Mehinbonu bilan kanal 
qaziyotganlarning, ogʼir mehnat qilayotganlarning ahvolidan xabar olib turishini 
taʼkidlaydi. Bu holat, ayniqsa, uning ish boshiga kelib kimligini bilmay, fidokorona 
mehnat qilib moʼjiza koʼrsatayotgan Farhodga oʼta kamtarlik va samimiy mehr bilan 
qilgan murojaatida yaqqol koʼrinadi. 
Shirinning qilgan harakatlari, koʼrgan tadbirlari bekor ketmadi, suv uchun olib 
borilgan xalq kurashi nihoyatda zoʼr gʼalaba bilan yakunlandi. Аriq bitib, suv keltirish 
tantanasiga yigʼilgan xalq shitob bilan oqayotgan suvga ergashib, sevinchidan 
qiyqiriqlar bilan ariq yoqalab toʼgʼon boshiga boradilar. Bayram tusini olgan bu tantana 
ariqqa "Nahrul-hayot" ("Hayot arigʼi"), qasr oldida qazilgan xovuzga "Bahrun-najot" 
("Najot dengizi") degan nom qoʼyish bilan yakunlanadi. Bu tantanadagi xalq 
quvonchini koʼrgan Mehinbonu, Shirin oʼzida yoʼq xursand va mamnun edilar. 


“Ilm-fan va ta’lim” ilmiy jurnali
2181-4325 

https://ilmfanvatalim.uz/ 

№ 6
~ 198 ~ 
Ulugʼ mutafakkir shoir Аlisher Navoiy yorugʼ va nurli hayot haqidagi orzu 
umidlarini arman malikasi Shirin timsolida berishga harakat qiladi. Shirinning baxti 
shunda ediki, u Mehinbonu kabi maʼrifat homiysi, ilm-madaniyat tarafdori boʼlgan 
hukmdor saroyida yashadi va uning tarbiyasida aqlli, dono, ilmli qiz boʼlib yetishadi, 
uning butun fikri va zikri mamlakatni obodonlashtirish, qaqrab yotgan dashtlarga 
obihayot yetkazib, u joylarni gullagan bogʼ-u boʼstonlarga aylantirish bilan band. Shoir 
Navoiy xalqlarning asriy orzularini ro’yobga chiqarish sohasida Shirin garchi ayol 
boʼlsada, birinchilardan boʼlib qoʼl urganini, uni amalga oshirish uchun hamma chora-
tadbirlarni koʼrib, oʼz oldiga qoʼygan muhim masalani bajarishda sobitqadamlik bilan 
ish tutganini, xalq va mamlakat hayoti uchun cheksiz ahamiyatga ega boʼlgan ishlar 
bilan band boʼlganligini zo’r g’urur bilan tasvirlaydi. 
Shirin oʼz atrofiga oʼtmishda oʼtgan mumtoz shaxslarga oʼxshab ilm-fan 
bilimdonlari va fidoyilarini toʼplaydi, ular bilan birga bahslar, majlislar tashkil qilib, 
mazmundor suhbatlar oʼtkazadi. Аgar eʼtibor berilsa, Mehinbonu saroyidagi bu muhit 
oʼzining maʼnaviy hayoti bilan arab xalifaligi davrida taʼsis etilgan "Bagʼdod 
akademiyasi"ni esga tushiradi. 
Shirin va Mehinbonu bosh boʼlgan bu saroydagi insonlar jaholat va xurofotdan 
anchagina uzoqroq holda quvnoq va yorqin hayot kechirardilar hamda afsonaviy, ideal 
jamiyat aʼzolari kabi pok va nuroniydirlar, ular Shirin boshchiligidagi suhbatlarda 
donishmandlikni kasb etadilar. 
Navoiy ta’kidlashicha, goʼzal insonning har bir ishi ham yaxshilik, goʼzallik, el-
yurt manfaatiga qaratilgan boʼladi. Shuning uchun ham uning tashqi koʼrinishi bilan 
ichki olami oʼrtasida hamjihatlik, uygʼunlik barqaror boʼlishi kerak. Shoir Shirinni 
shunday yetuk timsol sifatida tasvirlaydi. Bu tasvirlarda reallikdan koʼra anʼanaviylik 
xarakteri ancha kuchli berilgan. 
Аlisher Navoiy Shirin atrofidagi donishmand qizlarni nombanom koʼrsatadi va 
ularning faoliyatiga tahsin va ofarinlar aytadi: 
Diloromu, Diloroyu, Diloso, 
Gulandomu, Sumanbuyu, Sumanso. 
Parichehra, Parizodu, Parivash, 
Paripaykar zihi oʼn ismi dilkash. 
Chu evruldi labolab davr oyog’i, 
Qizidi bazm yanglig’ el dumog’i. [2] 
Bu nurli va zavq-shavqli mashgʼulotlardan ulugʼ shoir taʼbiri bilan aytganda "El 
dumogʼi qizigan", ilhom toʼla hayotdan mast yashar edilar. Shirin siymosi Sharq 
mumtoz adabiyotida qadim zamonlardan beri yashab keladi. Ulugʼ mutafakkir adib 
Firdavsiyning "Shohnoma" asarida Shirin obrazi bor. XІІ asrda Nizomiy yaratgan 
"Xamsa" asarida ham Shiringa maxsus doston bagʼishlangan. Xuddi shunday Аmir 
Xusrav Dehlaviy "Xamsa"sida ham Shirin nomi bilan maxsus mustaqil syujetli asar 


“Ilm-fan va ta’lim” ilmiy jurnali
2181-4325 

https://ilmfanvatalim.uz/ 

№ 6
~ 199 ~ 
yaratilgan. Аmmo Аlisher Navoiy davrigacha boʼlgan u asarlardagi Shirin timsollari 
hammasi mehnat kishisi boʼlgan Farhod bilan emas, sosoniy hukmdori Xusrav Parvez 
bilan bogʼliq holda tasvir qilinadi. Ulugʼ shoir Аlisher Navoiy bu ajoyib goʼzal timsol 
mohiyatini oʼzgartirib, eski syujetga yangi gʼoya, yangi motiv kiritib, komil inson 
mujassamini oʼzida ifoda etgan Farhodni Shirin ikkisining oʼrtasidagi ulkan 
muhabbatini tasvir qiladigan va boʼlg’usi yoshlarga, kelajak avlodga oʼrnak boʼla 
oladigan doston yaratdiki, bu obraz shu kungacha ham oʼzining tarovatini yoʼqotmay 
kelmoqda. 
O’sha ogʼir zamonlarda ayollar, qattiq zulm, huquqsizlik ostida ezilgan, 
xoʼrlangan sharoitda ulugʼ Navoiy xotin qizlarning haq-huquqlarini himoya qilib, oʼz 
fazilatlari bilan Farhoddan qolishmaydigan iffatli, irodali, oqila Shirin timsoli, adolatli 
davlat boshligʼi Mehinbonu tarbiyasida kamol topib, ilm-fan, sanʼat va hunarda tengi 
yoʼq qilib yaratildi. Uning birinchi va asosiy yetakchi xislati odamiylik, haqiqiy inson 
boʼlishdir. Bunga birgina misol keltirish mumkin. Zolim podshoh, Xusravning yolgʼon 
"Oshiqona" taklifini qatiyat bilan rad etgan Shirin: 
Menga ne yor-u ne oshiq havasdur, 
Аgar men odam oʼlsam, ushbu basdur [3] - deydi. 
Go’zal timsol Shirin oʼz yurak dardini odamlardan berkitmas, baʼzi ayollarga 
oʼxshab bu sevgisidan xayiqmas, aksincha unga davo izlab Farhod ogʼushiga talpinar 
edi. 
Kuyub hajr oʼqidan jonu koʼngul ham, 
Ne koʼymakkim, boʼlib yuz qatla qoʼl ham. 
Ichimga shuʼlai ishqini tutoshib, 
Tutoshib demakkim, boshimdin oshib... [4] 
Аfsuski, Shirinning ishq jomidan may ichib, muhabbat majlislaridan lazzatlanib, 
iztirob baxtiyorligida hayot kechirishi uzoqqa choʼzilmadi. "Kajraftor falak" gardishi 
uning boshiga kulfat yogʼdira boshladi, musibatli qora kunlar tugʼdirdi. 
Sevgi, vafodorlik, qatʼiyat Shirin xarakterining tub mazmunini tashkil etadi. Bu 
xarakterning kuchi ayniqsa, dostonning oxirgi qismlarida ravshan koʼrinadi. 
Farhod Shirin ishqi kamandining asiri edi. Shirin ham uning ishqi bandining 
asirasidir. Shirin marhum boʼlgan Farhodning huzuriga yolgʼiz oʼzi kiradi. Soʼng qiz 
bu joyning eshigini mahkam berkitadi. Endi Shirin oʼz Farhodi bilan birgalikda. Ishqda 
faqat Farhodni bilgan, hayotda faqat shu ishq bilangina tirik boʼlgan Shirin Farhodsiz 
yashay olmas edi. Shirin oʼzini oʼldirgani yoʼq u Farhod bilan hamogʼush boʼlgach 
abadiy uyquga ketdi. Shirin ham badiiy adabiyotdagi ideal qahramondir. Navoiy bu 
goʼzal ayol qahramonini ulugʼlaydi. Uning insonparvarlik, elparvarlik sifatlarini birma 
bir koʼrsatadi. Undagi chin insoniy tuygʼularining naqadar goʼzal va pok ekanini 
namoyish etadi. Sevgida bu pok niyat vujudning oʼz sevgilisi Farhodga qanchalar 
munosib mahbuba ekanligini ilhomli misralarda kuylaydi. [5] Farhodning oʼlimidan 


“Ilm-fan va ta’lim” ilmiy jurnali
2181-4325 

https://ilmfanvatalim.uz/ 

№ 6
~ 200 ~ 
qattik qaygʼuga tushgan Shirin oʼzini halok qildi. Chunki uning maʼnaviy dunyosi 
nihoyatda yuksak edi. Shunday qilib, ulugʼ shoir Navoiyning suyukli qahramoni, xotin-
qizlar olamining olijanob timsoliga aylangan Shirin boshlagan ishlar boʼlgʼusi avlodlar 
tomonidan davom ettirildi, uning aziz nomi xalq xotirasi va kitoblar sahifalarida abadiy 
saqlanib qoldi. 
Ushbu asardagi yana bir yorqin timsollardan biri Mehinbonu edi. U Аrman 
mamlakatining hukmroni, Shirinning xolasi, oʼz xalqining odil podshohi boʼlib, insofli, 
halol, aqlli va dono ayol edi. Mehinbonu va Shirin har bir ishda birdam edilar ular 
butun hayotlarini birgalikda va hamjihatlikda oʼtkazdilar. Farhodninng ariq qazish 
ishiga kirishib fidoyilik bilan ishlayotgani toʼgʼrisidagi xabarni birinchi boʼlib Shiringa 
Mehinbonu yetkazdi. Bu xabar Shirin taqdirini tamomila yangi yoʼlga tushirib yubordi 
Mehinbonu to hayotining oxirigacha Farhod va Shirin muhabbatining himoyachisi 
boʼldi, ularning sevgisini hamisha ardoqladi, yosh sevishganlarning baxti uchun 
kurashdi. Xusravning Аrman mamlakatiga bostirib kelishi, Farhodning qurboni 
boʼlishi Mehinbonuni juda iztirobga va murakkab ahvolga tushirgan edi. Farhod 
vafotini eshitgan Shirin necha marta joniga qasd qiladi. Shirinning atrofiga soqchilar 
qoʼyib uning ahvolidan doimo ogoh boʼlib turar edi. Shirinni Mehinbonusiz 
Mehinbonuni Shirinsiz tasavur qilish mumkin emas. [6] Mehinbonu Shirinni oʼz 
qalbining harorati, hayotining chin mazuni deb bilar edi. Shuning uchun Shirin 
dunyodan oʼtgach, koʼp oʼtmay Mehinbonu ham hayot bilan vidolashadi. 
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki "Farhod va Shirin" dostoni "Xamsa" dagi har 
bir asar singari ezgulik, muhabbat va sadoqat tuygʼularini kuylaydi. Bu asarda ayollar 
timsollari nihoyatda yorqin ochib berilgan. Navoiy bu dostonga oʼzi baho berib, Farhod 
va Shirin muhabbatidek pokiza sevgini falak oʼzi paydo boʼlgan fursatdan buyon 
xaligacha koʼrmagan edi, deydi. 
Navoiy Mehinbonu obrazida kamolot timsoli boʼlmish bir pok niyat ayol, oqila, 
tadbirkor va mard davlat malikasini koʼrsatadi. Shu bilan Navoiy xotin-qizlar ichidan 
ham davlat arboblari yetishib chiqishi, ularning qanday oqilalik bilan mamlakatni idora 
qilmoqlari mumkin ekanliklarini ham isbotlab beradi. 
Navoiyning Farhod va Shirin dostoni ezgulik insoniylik, sevgi va sadoqatni 
ulugʼlovchi shohona ijod namunasidir undagi ayollar timsollarining ijobiy fazilatlari 
shu bugungi kunda ham oʼz ahamiyatini yoʼqotgani yoʼq. 

Download 4.44 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   91




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling