Ilmiy unvonlar berish tartibi toʼgʼrisida nizom
Download 104.5 Kb.
|
Ilmiy unvonlar berish tartibi toʼgʼrisida nizom Yangisi
§ 2.1. Umumiy talablar 7. Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalaridagi ilmiy unvonlarga talabgorlar «Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy negizlari va ilmiy asoslari» fani boʼyicha maxsus imtihonni topshirishlari kerak. 8. Ilmiy unvon talabgorining olib borayotgan maʼruza kurslari, ilmiy va oʼquv-uslubiy ishlari unvon soʼralayotgan kafedra yoki ixtisoslik yoʼnalishiga mos kelishi kerak. Talabgor nashr ettirgan darslik, oʼquv qoʼllanmalar oliy taʼlim muassasasining ilmiy-uslubiy kengashi va tegishli vazirlik yoki idoralar tomonidan va boshqa oʼquv adabiyotlari oliy taʼlim muassasasining ilmiy-uslubiy kengashi tomonidan pedagogik amaliyotda foydalanish uchun tavsiya etilgan boʼlishi kerak. Professor ilmiy unvoniga talabgorning dotsent ilmiy unvoniga ega boʼlganidan soʼng nashr etilgan ilmiy va oʼquv-uslubiy ishlari boʼlishi kerak. 9. Xorijiy davlatlar attestatsiya organlari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga berilgan ilmiy unvonlar attestatlari nostrifikatsiya qilinmaydi. Xorijiy davlatlarda ilmiy unvon olgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar ushbu Nizom talablari asosida oʼrnatilgan tartibda ilmiy unvon olishlari mumkin. § 2.2. Oliy taʼlim muassasasi mutaxassislariga dotsent ilmiy unvonini berish talablari 10. Dotsent ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan oliy taʼlim yoki kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasasi (keyingi oʼrinlarda – OTM deb yuritiladi) mutaxassislariga beriladi: a) fan doktori (fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar) ilmiy darajasiga ega boʼlgan; b) kamida 5 (besh) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda uch yillik pedagoglik ish stajiga ega boʼlgan; v) kamida bir oʼquv yili davomida OTM asosiy shtatida kafedra mudiri, professor, dotsent lavozimlarida yoki oliy xarbiy taʼlim muassasalarida katta oʼqituvchi, kafedra boshligʼi oʼrinbosari, boshligʼi lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan; yoki kamida bir oʼquv yili davomida kamida 0,25 stavka oʼquv yuklamasini bajarib pedagogik faoliyat olib borayotgan muassasa rektori (direktori, boshligʼi), prorektori (direktor oʼrinbosari, boshliq oʼrinbosari), ilmiy kotibi yoki OTMning oʼquv-tashkiliy tuzilmasi (fakulьtet, boʼlim) rahbari lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan; g) pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan, shu jumladan, dissertatsiya himoyasidan keyin OTM oʼquv dasturlariga mos keladigan oʼquv-uslubiy qoʼllanma va boshqa oʼquv adabiyotlarini nashr ettirgan; d) dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan, ilmiy nashrlarda kamida uchta ilmiy maqola chop ettirgan; ye) oʼqitishning zamonaviy usullarini egallagan, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, mulьtimediya taʼlim resurslaridan foydalangan holda yuqori ilmiy va oʼquv-uslubiy saviyada maʼruza kurslarini oʼqiyotgan, seminar mashgʼulotlarini olib borayotgan; j) kamida 2 (ikki) nafar magistr yoki 4 (toʼrt) nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan (ixtisoslik kafedralarida ishlayotgan talabgorlar uchun) yoki davlat (nomdor) stipendiati yohud xalqaro, respublika olimpiadalari yoki tanlovlari gʼolibini tayyorlagan yohud taʼlim-tarbiya jarayoniga salmoqli hissa qoʼshgan; z) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yohud xoʼjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan; i) maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda (“Maʼnaviyat” kunlarini oʼtkazish, dolzarb mavzular boʼyicha talabalar bilan suhbatlar oʼtkazish, shu jumladan, «ZiyoNet» axborot-resurs portali materiallaridan foydalanilgan holda va b.) va talabalar bilan oʼquv-tarbiyaviy ishlarda ishtirok etayotgan; k) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar davlat attestatsiyasi jarayonida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzosi, rasmiy opponent va boshqalar sifatida). 11. Dotsent ilmiy unvoni mazkur Nizomning 10-bandining “v”, “e” – “i” kichik bandlari talablari bajarilib, quyidagi tegishli talablarni hisobga olgan holda ilmiy darajasiz shaxslarga istisno tariqasida berilishi mumkin: a) tegishli oliy maʼlumotga, kamida 10 yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda 5 yillik pedagoglik ish stajiga, ilmiy-tadqiqot ishlariga ega boʼlgan, taʼlim turlarining birida (umumiy oʼrta taʼlim; oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi; oliy taʼlim; oliy oʼquv yurtidan keyingi taʼlim) pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʼquv adabiyotlari boʼlgan, jumladan, darslikning yoki kamida 2 (ikki)ta oʼquv qoʼllanmalarining yakka mualliflari boʼlgan yuqori malakali mutaxassislarga; b) yoki tegishli oliy maʼlumotga, kamida 5 (besh) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda uch yillik pedagoglik ish stajiga ega boʼlgan, pedagogik yoki ijodiy amaliyotda foydalanilayotgan ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlari va oʼquv adabiyotlari boʼlgan, jumladan, oʼquv qoʼllanma yakka muallifi boʼlgan hamda oʼz sohasida mintaqa (halqaro) yoki respublika tanlovlari yoki musobaqalarining gʼoliblarini yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan Oʼzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi xalq artistlari, xalq hofizlari, xalq rassomlari, xalq meʼmorlari, xalq oʼqituvchilari, xalq yozuvchilari, xalq shoirlari, Oʼzbekiston Respublikasi fan arboblari, Oʼzbekiston Respublikasi sanʼat arboblari, xizmat koʼrsatgan artistlari, rassomlari, meʼmorlari, trenerlari, yoshlar murabbiylari va madaniyat xodimlariga; v) yoki madaniyat va sanʼat institutlari ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlayotgan, tegishli oliy maʼlumotga, kamida 10 (oʼn) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda besh yillik pedagoglik ish stajiga ega boʼlgan, ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlari va oʼquv adabiyotlari boʼlgan, jumladan, oʼquv qoʼllanma yakka muallifi boʼlgan, shuningdek, oʼz sohasida mintaqa (halqaro) yoki respublika tanlovlari gʼoliblarini tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga (madaniyat, sanʼat nazariyasi va tarixi boʼyicha mutaxassislaridan tashqari); g) yoki OTMning jismoniy tarbiya va sport yoʼnalishlari boʼyicha ixtisoslashgan kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlayotgan, tegishli oliy maʼlumotga, kamida 10 (oʼn) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda besh yillik pedagoglik ish stajiga ega boʼlgan, ilmiy-tadqiqot ishlari va oʼquv adabiyotlari boʼlgan, jumladan, oʼquv qoʼllanma yakka muallifi boʼlgan, shuningdek, oʼz sohasida mintaqa (halqaro) yoki respublika musobaqalarining gʼolibi (gʼoliblari)ni yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga. Download 104.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling