Innovatsion tadbirkorlik


Download 150.4 Kb.
bet4/6
Sana22.03.2023
Hajmi150.4 Kb.
#1287032
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
INNOVATSION TADBIRKORLIK

3-qoida. Yangilik qanchalik radikal bo‘lsa, tashkilot yangilikning boshlang‘ich bosqichi va joriy etilish bosqichi uchun har xil tuzilmalardan shunchalik ko‘proq foydalanishi kerak. Doimiy yangiliklarga ularning yangiligi va takrorlanmasligi xosdir. Yangilik mavjud muqobillaridan, status quodan qanchalik ko‘p farq qilsa, shunchalik radikal bo‘ladi. O‘shanda yangilikni boshlash uchun tashkiliy birlik (bo‘linma) zarur bo‘ladi. Bu bo‘linma qandaydir maxsus vaziyatni hal qilish uchun juda o‘ziga xos, noodatiy yondashuvlar taklif etishi kerak; axborot to‘plash va uni qayta ishlashga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori bo‘ladi. Biroq markazlashuv, formallashuv darajasi past hamda murakkabligi yuqori bo‘lganida ancha moslashuvchan tashkiliy tuzilma mavjud bo‘lishi axborotni to‘plash va qayta ishlashga imkon beradi. Ushbu holda maxsus vazifalarni bajarish yoki ushbu yangi yechimlarni ishlab chiqish uchun aqllar hujumi uyushtirish maqsadida komandalar tashkil qilish mumkin. Shunday qilib, tashkiliy tuzilma ushbu holda juda moslashuvchan bo‘ladi. Biroq yangilikni joriy etish bosqichiga o‘tilganda yana bir nechta ancha markazlashgan va formallashgan hamda unchalik murakkab bo‘lmagan tuzilmalar tashkil qilish zarurati paydo bo‘ladi. Bu tashkilot a’zolari ushbu yangilik ularning ish vazifalarida qanday foydalanilayotganini yaxshiroq tushunishlariga imkon beradigan qoidalar va protseduralar hosil qilish uchun zarur. Bunday katta markazlashuv va formallashuv yangilik qay tariqa joriy etilishi xususidagi noaniqliklarni kamaytirish imkoniga ega bo‘ladi.
Albatta, yuqorida keltirilgan qoidalar barcha muammolarni aks ettirmaydi, ammo ular ikki innovatsiya bosqichida turli tuzilmalardan foydalanishga qaror qilgan tadqiqotchi foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy qoidalardir. Yangilikka bo‘lgan ehtiyoj katta bo‘lgan taqdirda yoki ushbu yangilik radikal bo‘lganida yangilik kiritishning ikki bosqichida har xil tuzilmalardan foydalanish to‘g‘ri bo‘ladi. Shubhasiz, ana shu uchta xarakteristika mavjud bo‘lganida har xil tuzilmalardan foydalanish uchun asoslar shunchalik ko‘p bo‘ladi.
Agar innovatsiya jarayonining ikki bosqichi uchun har xil tuzilmalardan foydalanishni ifodalovchi tuzilmaviy yangilik radikal xususiyatga ega bo‘lsa, ushbu jarayonni tashkilot sifatida birlashtirish muhim bo‘ladi. «Institutsionallashtirish» deganda, bu yangilik kiritishning tashkilot faoliyatining joriy turlarida birlashtiriladigan ikki tomonlama tuzilmasi ekanligi tushuniladi. Bu o‘rinda shunisi muhimki, tashkilot xodimlari tuzilmaning bunday tabaqalanishini (farqlanishini) yangilik ular o‘ynayotgan rolning qismi bo‘lishi uchun uni qabul qilish usuli sifatida baholaydilar va idrok etadilar. Ushbu tuzilmani to‘liq institutsionallashtirish uchun yuqori darajadagi rahbarlar bu jarayonni o‘z xatti-harakati hamda mukofotlashning tashkiliy tizimi bilan qo‘llab-quvvatlashlari zarur bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tashkilotlarida yuqori darajali rahbariyatning yangiliklarni qo‘llab-quvvatlashi yangiliklarni amalga oshirishda nomarkazlashuv yoki formallashuv kabi tuzilmaviy omillarga qaraganda muhimroq bo‘lgan. Shubhasiz, bunday qo‘llab-quvvatlash yangilik kiritish uchun imkon yaratuvchi muhim omildir.
Boshqacha aytganda, tashkilotda innovatsiya jarayonining ikki bosqichini amalga oshirishda ushbu ikki tomonlama tuzilmadan foydalanish uchun bu jarayonni qo‘llabquvvatlovchi muhit yaratish zarur; bunda inovatsiya jarayoni tashkilot a’zolari ishining qonuniy tarkibiy qismi sifatida baholanadi. Bunday qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratish uchun tashkilot a’zolari maxsus tayyorgarlikdan o‘tishlari zarur bo‘lishlari zarur. Buning natijasida ular amaliy tuzilmalarni yangilik kiritish uchun joriy etishni bilib olishlariga yordam beradigan usullarni o‘rganadilar.
Shunday qilib, yangilikni boshlash va joriy etish bosqichlari o‘rtasida tashkiliy tuzilmalarning tabaqalashtirilishiga imkon beruvchi omillar quyidagilardir: tashkiliy birlikning nizoni bartaraf etish qobiliyati, samarali shaxslararo munosabatlar, qoidalar ishlab chiqish hamda yangilik kiritish uchun ikki tomonlama tashkiliy tuzilmalarni institutsionallashtirish. Bular tashkiliy tuzilmalarni tabaqalashtirish uchun foydalanish zarur bo‘lgan to‘rt omildir.
Ma’lumki, har qanday firma faoliyatining muvaffaqiyati pirovard natijada firma iste’molchilarga taklif etayotgan mahsulotning raqobatbardoshlik darajasiga bog‘liq. Demak, mahsulot raqobatbardoshligini baholash va boshqarishning iqtisodiyot va menejment, psixologiya va sotsiologiya, statistika va ehtimollar nazariyasi hamda boshqa fanlardagi umum e’tirof etgan qonunlarning chambarchas bog‘liqligiga asoslangan aniq metodologiyasini ishlab chiqish zarurligini tan olishga to‘g‘ri keladi.
Tovarning raqobatbardoshligi — rivojlangan raqobatli bozorda tijorat muvaffaqiyatiga erishishning hal qiluvchi omili. Bu tovarning nafaqat sifati, texnik, iqtisodiy, estetik xususiyatlari bo‘yicha, balki uni sotishning tijorat va boshqa sharoitlari (bahosi, yetkazib berish muddatlari, sotish kanallari, servis, reklama) bo‘yicha ham bozor sharoitlariga, iste’molchilarning aniq talablariga muvofiqligini bildiradigan ko‘p qirrali tushunchadir. Buning ustiga, tovar raqobatbardoshligining muhim tarkibiy qismi undan foydalanish jarayonida iste’molchi qiladigan xarajatlar darajasidir. Boshqacha aytganda, raqobatbardoshlik deganda, tovarning bozordagi muvaffaqiyatini, ya’ni raqobat qiluvchi shunday tovarlar ko‘plab taklif etilayotgan sharoitda aynan shu tovarning boshqalardan ustunligini belgilab beruvchi iste’mol va qiymat (narx) xususiyatlari majmui tushuniladi. Tovarlar ortida ularni tayyorlaganlar turgani bois, to‘la asos bilan tegishli korxonalar, birlashmalar, firmalar hamda ular joylashgan mamlakatlarning raqobatbardoshligi haqida so‘z yuritish mumkin.
Bozordagi har qanday tovar amalda u yerda ijtimoiy ehtiyojlarni qanoatlantirish darajasi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tadi: har bir xaridor o‘zining shaxsiy ehtiyojlarini eng ko‘p darajada qondiradigan tovarni, xaridorlarning butun majmui esa — ijtimoiy ehtiyojlarga raqobatchi tovarlarga qaraganda eng to‘liq mos keladigan tovarni sotib oladi. Shu bois tovarning raqobatbardoshligi (ya’ni raqobatli bozorda tijorat nuqtai nazaridan foyda bilan sotish imkoniyati)ni faqat raqobatchilarning tovarlarini o‘zaro solishtirish orqali aniqlash mumkin. Boshqacha aytganda, «raqobatbardoshlik» muayyan bozor va sotuv vaqtiga aniq bog‘langan nisbiy tushuncha. Har bir xaridor o‘z ehtiyojlarining qondirilishini baholashda shaxsiy mezonlariga ega bo‘lgani bois, raqobatbardoshlikning individual jihatlari ham bo‘ladi.
Raqobatbardosh korxona tashkil qilish uchun ishlab chiqarish va boshqaruvni nafaqat zamonaviylashtirish kerak, balki nima uchun bunday qilinayotganligini, qaysi maqsadga erishish lozimligini aniq bilish ham zarur. Bunda asosiy narsa bitta bo‘lishi kerak: raqobatli kurashda o‘zining nisbiy tomonlarini aniqlay olish, ulardan tez va samarali foydalana bilish. Butun kuchni sizni imkoniyatdagi yoki real raqobatchilardan ajratib turadigan yaxshi tomonlarni rivojlantirishga qaratish zarur. Ko‘pchilik yetakchi firmalar o‘zlarini boshqalardan ajratib turuvchi ustun tomonlarini o‘zlarining xodimlari rioya etishlari kerak bo‘lgan shiorlar, qoidalar tariqasida ifodalagani bejiz emas.
Raqobatda o‘zlarining afzal tomonlariga aniq yo‘nalganlik, ularni korxona ichida ham, uning tashqarisida ham tinimsiz izlash yetakchi kompaniyalar boshqaruv apparati, boshqaruv va muhandislik bo‘linmalari tarkibi bajaradigan funksiyalar to‘plamini, xo‘jalik strategiyalarini ishlab chiqishga yondashuvlarni belgilab beradi.
Agar dunyo darajasidagi ishlab chiqarish korxonasini qanday qilib yaratish mumkin, degan savolga qisqacha javob berish mumkin bo‘lganida edi, bu javob quyidagicha bo‘lardi: buning uchun ishlab chiqarish faoliyatining aqalli bitta muhim yo‘nalishida (tanlangan sohada) dunyodagi yoki o‘zingiz ishlaydigan bozordagi eng yaxshi firma bo‘lish kerak. Buning uchun esa, o‘z navbatida, quyidagi savolga javob berish kerak: raqobatli kurashda korxonangizning nisbatan ustun tomonlari nimada bo‘lishi kerak yoki nimadan iborat bo‘lishi mumkin, ishlab chiqarish yoki xo‘jalik faoliyatining qaysi jihatlariga birinchi navbatda e’tibor qaratish lozim (masalan, ishlab chiqarish xarajatlari va baho, sifat, ishonchlilik, texnik daraja, xizmat ko‘rsatish darajasi, ishlab chiqarishning moslashuvchanligi va sh.k.).
Korxonaning raqobatdagi ustunliklarining barcha turlarini ularga erishish yo‘llari nuqtai nazaridan ikki guruhga ajratish mumkin: 1) quyi tartibdagi ustunliklar; 2) yuqori tartibdagi ustunliklar.
Quyi tartibdagi ustunliklar arzon ish kuchi, materiallar (xomashyo), energiyadan foydalanish imkoniyati bilan bog‘liq. Raqobatdagi ustunliklarning quyi tartibi ular juda beqarorligi hamda yo narx va ish haqi ko‘tarilishi evaziga, yo arzon ishlab chiqarish resurslaridan raqobatchilar ham foydalana olishlari (yoki sotib olishlari) sababli osongina yo‘qotilishi mumkinligi bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, quyi tartib ustunliklari — raqobatchilardan uzoq vaqt ustun bo‘lishni ta’minlay olmaydigan, uncha barqaror bo‘lmagan ustunliklardir. Yuqori tartibdagi ustunliklarga noyob mahsulot, noyob texnologiya va mutaxassislar, firmaning yaxshi obro‘yi (bu raqobatdagi ayniqsa qadrli ustunlikdir) kiradi. Raqobatdagi ustunlikka bozorga o‘z konstruktorlik ishlanmalariga asoslangan noyob mahsulot chiqarish evaziga erishilgan bo‘lsa, bunday afzallikni yo‘q qilish uchun raqobatchilar yo shunga o‘xshash mahsulot ishlab chiqarishlari, yo undan yaxshiroq narsa o‘ylab topishlari, yo eng kam xarajatlar evaziga uning sirlarini bilib olishlari kerak bo‘ladi. Ushbu yo‘llarning bari raqobatchidan katta xarajat, kuch va vaqt talab qiladi. Bu esa muayyan vaqt davomida firma yetakchi va yetib bo‘lmas holatda bo‘lishini, ya’ni u barqaror ravishda raqobatbardosh bo‘lishini bildiradi. Mahsulotning raqobatbardoshligini iqtisodiy parametrlarni ifodalaydigan ko‘rsatkichlar — buyum va iste’molning tannarxi, bahosi, to‘lov va tovar yetkazib berish shartlari, kafolat muddatlari va shartlari kabilar aks ettiradi.


Download 150.4 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling