Inson huquq va
Download 42.5 Kb.
|
INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARINING TA’MINLANISHI
INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARINING TA’MINLANISHI. Ma’lumki, joriy yilning 1 may oyida Prezidentimizning "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi. Mazkur Farmon mohiyat-e’tibori bilan insoniyat taraqqiyotining eng ezgu maqsadlari va demokratik qadriyatlar timsoli bo‘lgan g‘oyat muhim xalqaro huquqiy hujjat — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 60 yilligini munosib nishonlash va mamlakatimizda inson manfaatlarini ko‘zlagan holda uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida demokratik, siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-ma’naviy islohotlarni chuqurlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni yanada rivojlantirishga munosib ulush qo‘shadi, desak yanglishmaymiz. Zotan, istiqlolning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda inson omiliga e’tibor oliy qadriyat sifatida e’tirof etildi. Bu fikrning isboti uchun O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida e’lon qilinganidan so‘ng oradan bir oy o‘tgach, insoniyat hurligining buyuk xartiyasi — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga qo‘shilganini esga olish kifoya. Darhaqiqat, bu dadil odim zamirida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bilan yo‘g‘rilgan olijanob ezgu maqsad mujassam ediki, O‘zbekiston bu yo‘lda og‘ishmay olg‘a intildi. Pirovardida mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga to‘la moslashtirildi. Shu tariqa demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston inson huquqlari va manfaatlarini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgiladi. Bu borada mamlakatimizning inson huquqlari bo‘yicha 60 ta asosiy hujjatga qo‘shilgani va shuning barobarida BMT tomonidan qabul qilingan oltita asosiy xalqaro shartnoma qatnashchisiga aylangani ham fikrimizning yorqin dalilidir. Mazkur huquqiy-normativ hujjatlardagi tamoyillar insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini kafolatlaydigan Konstitutsiyamiz hamda amaldagi qonunchiligimiz me’yorlarida o‘zining teran ifodasini topdi. Shuni ham aytish joizki, Konstitutsiyamiz umuminsoniy printsiplarga asoslangan demokratik tamoyillari bilan xalqaro tashkilotlar va xolis ekspertlar tomonidan eng xalqchil huquqiy akt sifatida tan olindi. Shuningdek, yurtimizda inson huquq va erkinliklarining huquqiy asoslari yaratilishi barobarida uning amalda ta’minlanishini kuzatuvchi institutlar ham joriy etildi. Chunonchi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Amaldagi qonun hujjatlari Monitoringi instituti hamda Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti endilikda izchil faoliyat olib borayotgani bilan katta e’tibor qozonmoqda. Shuni ham esga olish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 27 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan Adliya vazirligiga Konstitutsiya va qonunlar asosida mustahkamlangan inson huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama rivojlantirish, ularning huquqiy asoslarini mustahkamlash vazifasi yuklatildi. Bu vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligida Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi tashkil etildiki, bu bilan inson huquqlarini himoya qiluvchi yana bir institutga asos solindi. Inson huquqlarini himoya qilish instituti to‘g‘risida so‘z borar ekan, ayniqsa, odil sudlov tizimi mustaqil va boshqa tarmoqlarga bog‘liq bo‘lmagan hokimiyat sifatida qaror topganini alohida e’tirof etish lozim. Jamiyatimizda demokratiya va inson huquqlari nafaqat qonunlar, balki xalqimizning o‘zligini anglashi, uning asrlar osha to‘plagan boy axloqiy tajribasi bilan yanada mustahkamlangan. Aniqroq aytganda, inson huquqlarini to‘laqonli ta’minlash va shaxsni hurmatlash tushunchalari mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi. O‘z navbatida mazkur Farmon barchamizning oldimizga inson huquq va erkinliklari masalasiga o‘ta jiddiy munosabatda bo‘lish, sohaga e’tiborni yanada kuchaytirish vazifalarini qo‘yadi. Buni ado etishga har birimiz vijdonan yondoshishimiz, samarali hamkorlikni yanada kengroq yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Zero, inson huquqlari har birimizning taqdirimizga daxldor masaladir. Albatta, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlashda o‘z huquqlarimizni to‘laqonli bilishimiz muhim ahamiyatga ega. Zotan, o‘z huquqlarini biladigan va ularning ta’minlanishini talab etadigan har qanday kishiga ko‘maklashish, uning huquqlarini muhofaza etish yengil kechadi. Bu borada inson huquqlari ta’limi o‘ta muhim omildir. Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida uzluksiz ta’lim berish tizimi tashkil etilgan. Qolaversa, inson huquqlarini himoya etishning nohukumat tizimi ham joriy etilgan. Respublikamizda 5 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orasida bolalar, yoshlar, ayollar, nogironlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari ham bor. Yurtimizda inson huquq va erkinliklariga amal etilishi ta’minlanishi va bu sohada targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni rag‘batlantirish maqsadlari ko‘zlangan Milliy harakat rejasi qabul qilinib, unda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ta’minlanmoqda. Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohadagi islohotlar mazmun-mohiyati bilan insonni ulug‘lashga, uning sha’ni, qadr-qimmatini oshirishga va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan qimmatlidir. Aytish mumkinki, O‘zbekiston o‘zining inson huquqlari va erkinliklari tamoyillariga sodiqligini tarixiy ahamiyatga ega amaliy ishlari bilan isbotlamoqda. Mamlakatimizda shu yil 1 yanvardan o‘lim jazosini bekor qilish, qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish, siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, rolini kuchaytirish, bola huquqlari to‘g‘risidagi tarixiy ahamiyatga ega qonunlar kuchga kirdi. Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan Farmoni bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yanada ravnaq topishiga munosib ulush qo‘shadi, desak yanglishmaymiz. Mazkur Farmon qabul qilinishi bilan fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi muassasalar faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Aytaylik, Farmonda ko‘zda tutilgan dasturlarga oid kitoblar, jurnallar nashr etish va sayyor ko‘rgazmalar tashkil etish ham o‘rin olgan. Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab sayyor ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda va bu joriy yil oxiriga qadar davom etadi. Xususan, inson huquqlarini himoya qilish sohasida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida adliya organlari tomonidan 449 ta taqdimnoma kiritilgan, ulardan 415 tasi to‘la qanoatlantirilgan. Qolgan taqdimnomalar ham belgilangan tartib va muddatda ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida adliya organlari tomonidan sud organlariga 1079 ta, ya’ni 282 million so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, ulardan 738 ta, ya’ni 191 million so‘mlik da’vo arizalari qanoatlantirilgan, bugungi kunga qadar 629 tasi, ya’ni 159 million so‘mligi belgilangan tartibda undirib berilgan. Sud qarorlariga muvofiq, 53 ta da’vo arizasi bo‘yicha 12 nafar mansabdor shaxsdan ma’naviy va moddiy zararni qoplash uchun 9 million so‘m undirilgan. O‘rni kelganda shuni ham aytish joizki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda davlat tashkitlotlari va muassasalari, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining faol ishtirok etishi eng muhim vazifa etib belgilangan. Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Adliya vazirligi o‘rtasida "Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, himoya qilish va unga rioya etish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida" 2008-2009 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Ushbu reja asosida joylardagi adliya boshqarmalari hamda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib bormoqdalar. Shuningdek, 2007 yil 26 aprelda Adliya vazirligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2007-2008 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. Mazkur hamkorlikdagi rejalar inson huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish joizki, Adliya vazirligi va uning joylardagi organlari tomonidan Prezidentimizning 2008 yil 1 maydagi "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosini so‘zsiz bajarish choralari ko‘rilmoqda. Bu o‘z navbatida mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi barobarida xalqaro huquq tizimini shakllantirishning siyosiy, huquqiy poydevori sanalgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligini munosib nishonlashda muhim o‘rin egallaydi, desak yanglishmaymiz. Download 42.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling