MAJLIS BAYoNI VA MA’LUMOTNOMA MAZMUNI
Mavzu bayoni - bu turli yig’ilish, kengash va boshqa tur anjumanlarning borishini, majlis qatnashchilarining chiqishlarini va ular qabul qilgan qororlarni aniq, siqiq holda qayd qiluvchi rasmiy hujjat. U voqelikning o’rni, vaqti va holati haqida ma’lumot berish bilan birgalikda, qarorlarning to’g’ri qabul qilinganligini tekshirish va uning bajarilishini nazorat qilishga imkon beradi. Doimiy ish ko’ruvchi organlar (ilmiy kengash, hay’at va boshqalar), shuningdek, vaqtinchalik ish ko’ruvchi organlar (konferentsiyalar, yig’ilishlar, komissiyalar) faoliyatlarida albatta, majlis bayoni yozilishi kerak. Majlis bayonini yozishni tashkil etish kotibning asosiy vazifalaridan biridir. Majlis bayonlari turli organlarning doimiy kotiblari tomonidan tuziladi va rasmiylashtiriladi. Vaqtinchalik ish ko’ruvchi organlar majlislarida esa yig’ilish jarayonida saylangan kotib aynan shu ishni bajaradi.
Majlis bayonida o’z aksini topgan axborotlarning aniqligi uchun butun mas’uliyat va javobgarlik majlis raisi va kotibi zimmasiga yuklatiladi.
Majlis bayoni yozib olinishiga ko’ra, qisqa, to’liq, stenografik, fonografik, konspektiv shakllarda bo’ladi.
Qisqa majlis bayonida faqatgina kun tartibi, ma’ruzachi va muzokaralarda qatnashuvchilar familiyasi va qabul qilingan qaror ko’rsatiladi. Ularda ma’ruzalar mazmuni batafsil bayon qilinmaydi. Bunday majlis bayonlari masalani muhokama qilinishi haqida to’liq tasavvur bera olmaydi. Shu nuqtai nazardan yig’ilishda so’zga chiqqan barcha qatnashchilarning bayon qilgan fikr va mulohazalarini qamrab olgan to’liq majlis bayoni afzaldir.
To’liq majlis bayonida esa ma’ruzalar ham to’liq bayon qilinadi. Majlis bayonining to’liq shakli faqat yig’ilish xususida emas, balki o’sha tashkilot yoki organning faoliyati to’g’risida ham fikr yuritishga imkon beradi.
Yig’ilish stenografik yoki magnitofonda yozib olinayotgan (fonografik) bo’lsa, qisqa majlis bayoni tuzilib, stenogramma raisi va kotib tomonidan imzolanadi va asosiy majlis bayoniga ilova qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |