Intеrnеt muhiti va axborot o‘zgarishlari
Download 134.13 Kb.
|
1 2
Bog'liq26 - мавзу
- Bu sahifa navigatsiya:
- Axborot xurujining asosiy xususiyatlari
- Axborot quroli
- Axborot qurolining asosiy xususiyatlari
26-mavzu Intеrnеt muhiti va axborot o‘zgarishlari Kompyuter texnologiyasining ajib mo‘jizasi bo‘lmish internet kurrai zaminni yagona kibermakonga aylantirdi. Uning qator ijobiy jihatlari borligini inkor etmagan holda, ayrim salbiy jihatlaridan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ya’ni, bugun jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga tahdid soluvchi misli ko‘rilmagan yangi-yangi xavflar paydo bo‘lmoqda. Internet orqali amalga oshiriladigan axborot xurujlarining oldini olish juda mushkul. Shundan foydalangan ayrim kimsalar o‘z g‘arazli maqsadlarini internet orqali amalga oshirishi ommaviy tus olmoqda. Axborot xurujining asosiy xususiyatlari: omma va yakka shaxslarning onglari axborot xurujining obyekti hisoblanadi. Qaror qabul qilish vakolatiga ega shaxslarga ko‘proq tazyiq o‘tkazishga harakat qilinadi; axboriy ta’sir har xil mashmashalar va mavjud axborot bo‘shliqlari orqali amalga oshiriladi; yot maqsadlar zo‘rlab o‘tkaziladi; axboriy ta’sir buzib ko‘rsatilgan faktlarni o‘z ichiga olishi yoki ta’sir o‘tkazuvchiga maqbul emotsional holatni zo‘rlab o‘tkazishi mumkin. Axborot quroli Keng ma’noda – raqibni kerakli yo‘nalishda fikrlashga undaydigan, uning nuqtai nazarini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan va kerakli axborot yordamida amalga oshiriladigan harakatlardir. Tor ma’noda – raqibning axborot zaxiralari ustidan nazoratni ta’minlaydigan va uning telekommunikatsiya tizimlariga zarar yetkazadigan texnikaviy usullar va texnologiyalar. Axborot qurolining asosiy xususiyatlari yashirin xarakterga egaligi (urush e’lon qilmasdan maqsadga erishish); keng ko‘lamda zarar yetkazishi; ko‘plab sohalarda, ya’ni raqibning harbiy va noharbiy tuzilmalari tomonidan qo‘llanishi. Axborot qurolining turlari axborotni yo‘q qilish, buzish yoki o‘g‘irlash; axborot himoya vositalarini sindirish; ruxsat etilgan foydalanuvchilarga kerakli axborot resurslariga kirishni cheklash; raqibning texnik va dasturiy vositalari faoliyatini ishdan chiqarish. Axborot texnologiyalarining tezkorlik bilan rivojlanib borishi natijasida boshqarish va saralash ancha mushkul bo‘lgan axborot oqimi vujudga kelmoqda. Axborot sohasidagi globallashuv o‘ziga xos kurash maydoniga aylangan. Hozirgi paytda jahonda 20 ga yaqin davlatda yadro quroli ishlab chiqarish harakatlari davom etayotgan bo‘lsa, 120 ga yaqin mamlakatda «axborot xuruji» uyushtirilayotgani tashvishli holdir. Bu axboriy tajovuzlar millat ruhiga, insoniyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari hamda kommunikatsiya texnologiyalarining rivoji hozirgi davrdagi g‘oyaviy kurashlarga ham qulay imkoniyatlarni yaratmoqda. Jumladan, tarqatilayotgan axborotlar oqimining qaysidir bir kuchning manfaatdorligi nuqtai nazaridan axborot iste’molchilariga yetkazilishi yoxud ataylab qarama-qarshi xarakterdagi ma’lumotlarni poyma-poy uzatish orqali odamlarning idrokini susaytirishga intilish kabi xatti-harakatlar yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugun jamoatchilikni xavotir va tashvishga solib kelayotgan muammolardan biri, shubhasiz, milliy axborot makonimizga ma’naviy qadriyatlarimizga, barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu g‘oyamizga mutlaqo zid bo‘lgan nosog‘lom manfaatlar, qarama-qarshiliklar ta’siridagi oqim va undagi muttasil o‘zgarishlarning kirib kelayotganidir. Mafkuraviy tahdidlar, «axborot xuruji» avvalo fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, jamoatchilik fikrini chalg‘itadi. Bu o‘z navbatida yurt osoyishtaligiga va jamiyat barqarorligiga putur yetkazadi. Bilintirmay ongga ta’sir ko‘rsatadigan axborot shaxs, oila va jamiyatni o‘z komiga tortaveradi. Davlat taraqqiyotiga, birinchi galda, ma’naviy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy yuksalishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Demak, axborot qanday maqsadda tarqatilganini, uning ijobiy yoki salbiy, foydali yoki zararli jihatlarini farqlash uchun odamlar ongi hamda ma’naviyati yuksak darajada bo‘lishi lozim. Shaxsga nisbatan qilingan xuruj tor doirani qamrab olsa, davlat va jamiyatga tahdid butun bir mamlakat, xalq tinchligini xavf ostiga qo‘yadi. Bu juda katta va jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali tarqatiladigan ba’zi axborotlar orqali odamlar ongini manipulyatsiya qilishga harakat qiladigan kuchlar talaygina. Ular fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongini zaharlashda turli usullardan foydalanadilar. Aytaylik, siyosiy latifalar, mish-mishlar, uydirmalar, taniqli shaxslarni obro‘sizlantirish, atay mantiqiy xatolarga yo‘l qo‘yish, soxta reyting va so‘rovlar o‘tkazish, qayta-qayta takrorlab majburiy ishontirish, suratlarni montaj qilish, atay yolg‘on gaplarni tarqatish orqali qiziquvchan va ishonuvchan yoshlar ongini zabt etishga harakat qilinadi. Aynan shu taraqqiyot vositasidan ustomonlik bilan foydalanib, qalblarni zabt etishda diniy omilning roli yuqori. Shuning uchun ham turli ekstremistik va terrorchi uyushmalar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishda internetni eng samarali vosita sifatida qo‘llamoqda. Bunda ekstremistik oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanib, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borib, puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzishni o‘zlarining asosiy vazifasiga aylantirishgan. Hech kimga sir emaski, bugungi kunda aksariyat yoshlarning qo‘lida internetga ulangan zamonaviy uyali aloqa vositalari mavjud. Bu ularning yuqorida sanab o‘tilgan turli ijtimoiy tarmoqlarga bevosita ulanish, do‘stlari va tanishlari bilan uzluksiz muloqot qilish imkonini beradi. Axborot xurujlariga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri – mamlakat o‘zini o‘zi axborot bilan ta’minlashidir. Albatta, bunday axborot to‘liq, sifatli va haqqoniy bo‘lishi shart, aks holda jamiyat a’zolari yana xorijiy manbalarga murojaat etishlari aniq. Buning uchun, eng avvalo, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha yirik milliy loyihani yaratish zarur. Shuningdek, davlat idoralari, fuqarolik institutlari, jamoat tashkilotlarining ijtimoiy tarmoqlarda muntazam muloqotda bo‘lishlariga erishish, internet tarmog‘ini milliy qadriyat va an’analarimizni o‘zida aks ettiruvchi veb sahifalar bilan boyitish, ta’lim muassasalarini internet tarmog‘iga ulashda odob-axloq qoidalariga muvofiq bo‘lmagan veb sahifalardan foydalanishga cheklovlarni joriy etish, yoshlarda axborot resurslaridan foydalanish madaniyatini shakllantirish darkor. Xulosa qilib aytganda, kelajagimiz vorislarini mustaqil fikrlaydigan, axborotni farqlay oladigan insonlar bo‘lib yetishishida olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yanada kuchaytirish zarur. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar amaliyotidan kelib chiqib, axborot ekspansiyasiga qarshi harakat tizimining huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish kechiktirib bo‘lmaydigan masala. Bu kurashda asosiy omil – fuqarolarimiz va yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalab, har tomonlama barkamol avlodni kamol toptirishdir. Abdurasul IMINOV, IIV Akademiyasi Axborot texnologiyalari kafedrasi boshlig‘i, podpolkovnik. 26-мавзу
Download 134.13 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling