Ichki xarajatlar sifatida quyidagilar qaraladi: 1) tadbirkorning o‘ziga tegishli resurslarga bo‘lgan xarajati; 2) tadbirkorlik qobiliyatiga to‘g‘ri keladigan va tadbirkorga tegishli bo‘lgan normal foyda.
Iqtisodiy xarajatlar – bu boshqa nematlarning (tovar va xizmatlarning) qiymati. Iqtisodiy xarajatlar firma faoliyatini buxgalter va iqtisodchi tomonidan baholanishni farq qilishga imkon beradi. Buxgalterni birinchi navbatda, firmaning ma’lum muddat davomidagi (hisobot davrida) faoliyati natijalari qiziqtiradi.
Buxgalterlik xarajatlari – firma tomonidan foydalanilayotgan resurslarni sotib olingan narxlaridagi qiymatlaridir.
Qaytariladigan xarajatlar – firma qaytarib olishi mumkin bo‘lgan xarajatlar (faoliyatini to‘xtatgandan so‘ng ham).
Qaytarilmaydigan xarajatlar – firma hech qachon qaytarib ololmaydigan xarajatlar. Bularga misol, firma registratsiyasi va lisenziya olishi uchun qilingan xarajatlar. Qaytarilmaydigan xarajatlar firmani bozorga kirishi va chiqishi uchun qilinadigan xarajatlardir. Qaytarilmaydigan xarajatlar oldin qilingan xarajatlar bo‘lib, ularni qaytadan tiklash mumkin emas. Bu xarajatlar qaytarilmasligi uchun ham firmaning qaror qabul qilishiga ta’sir qilmaydi.
O‘zgarmas (Doimiy) xarajat (FC - Fixed cost) - bu qisqa muddatli oraliqda mahsulot ishlab chiqarish hajmiga bog‘liq bo‘lmagan xarajatdir (mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshganda ham, kamayganda ham o‘zgarmaydigan xarajat). O‘zgarmas xarajatlarga binodan, texnikadan, inshootlardan, ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar, ijara haqi, Sug‘urta to‘lovlari, Bank kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari, Amortizasion ajratmalar, kapital ta’mirlash, ma’muriy xarajatlar kiradi.
O‘zgaruvchan xarajat (VC - Variable cost) - mahsulot ishlab chiqarish hajmiga bog‘liq bo‘lgan xarajat, ya’ni mahsulot hajmi oshganda yoki kamayganda o‘zgaradigan xarajat. O‘zgaruvchan xarajatlarga xom ashyoga, elektroenergiyaga, gazga, yordamchi materiallarga bo‘lgan xarajatlar hamda ish haqi kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |