Iqtisodiyot” kafedrasi iqtisodiy xavfsizlik (2-modul. “Iqtisodiy xavfsizlik”) fanidan


Milliy iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda investitsiyalarni jalb qilishning ahamiyati


Download 2.42 Mb.
bet29/163
Sana05.10.2023
Hajmi2.42 Mb.
#1693022
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   163
Bog'liq
iqtisodiy xavfsizlik

6.3. Milliy iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda investitsiyalarni jalb qilishning ahamiyati
Investitsiyalar har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi. Iqtisodiy transformatsiya jarayonini boshidan kechirgan va oldingisidan farqli o‘laroq yangi iqtisodiy tizimni shakllantirish yo‘lini tutgan davlatlarda investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yuqori bo‘ladi. CHunki investitsiyalar milliy xo‘jaliklarda eski iqtisodiy tizimni isloh qilish, inqirozlarning oldini olish, ijtimoiy-iqtisodiy tanglikni bartaraf etish, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni tashkil etish va islohotlarni chuqurlashtirishda hal etuvchi moddiy omil bo‘lib hisoblanadi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarda investitsiyalarning o‘rni beqiyos. Aytish mumkinki, investitsiyalar iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi va uning rivojlanishini ta’minlaydigan kuch bo‘lib, barcha mamlakatlar o‘z iqtisodiyotiga ko‘p miqdorda jalb etish va undan samarali foydalanishga harakat qilishadi.
Milliy iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish iqtisodiy taraqqiyot tizimida yangilik emas. Chunki, yangi iqtisodiy munosabatlarni vujudga keltirish va milliy iqtisodiyotni shakllantirishda, tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda keng ko‘lamda investitsiyalarni milliy xo‘jalikka jalb etib, ijobiy o‘zgarishlarga erishgan davlatlar juda ko‘p hamda bu keng tarqalgan iqtisodiy amaliyot hisoblanadi.
Investitsiya milliy iqtisodiyotda nisbatan yangi termin hisoblanadi. Investitsiya (lot. investio – o‘rash) – iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida o‘z mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik loyihalariga sarmoya kiritishdir.
Investitsiyalar nazariyasi turli davrlarda turlicha nomlangan bo‘lsada, barcha ilmiy yo‘nalish maktablarining diqqat markazida bo‘lib kelganligi ma’lum va investitsiyalar xususida nazariy qarashlar turli ilmiy oqimlar tomonidan turlicha talqin etilgan.
Klassik nazariya vakillari (A.Smit, D.Rikardo, Dj.Mill, J.B.Sey) investitsiyalarning foydalanish ko‘lamini kengaytirib, sanoat ishlab chiqarishida va so‘ngra nomoddiy ishlab chiqarish sohalarida investitsiyalarning zarurligini ko‘rsatib bergan edilar.
Klassik nazariya asoschisi A.Smit fikricha jamiyat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash uchun sof investitsiyalar normasini uzluksiz oshirib borish zarur. U ta’kidlaganidek, “Biz qachonki biror-bir xalqning ikki xil davrdagi holatini o‘rganganimizda uning hozirgi davridagi etishtirgan er mahsulotlari, mehnat hajmi o‘tgan davrga nisbatan ko‘payganligini kuzatamiz. Hozirgi davrda erga yaxshi ishlov berilishi, manufakturalar sonining ko‘pligi, savdo-sotiqning kengayganligi, ko‘proq natijalarga erishganligi va bu oraliq davrda kapitalning o‘sganligini ko‘rish mumkin” . A.Smitning fikricha ikki ko‘rinishda investitsiya bo‘ladi:
1. Investitsiyalar – ishlab chiqarish binosi, inshooti, foydali mashinalar, jihozlar, erning holatini yaxshilashga sarflangan kapitalni tiklash va ko‘paytirishga sarflangan xarajatlar.
2. Investitsiyalar – milliy boylikni qayta taqsimlash orqali sarflanadigan xarajatlar.
Dj.St.Millning ta’kidlashicha, unumli mehnatdan olinadigan daromadlar ishlab chiqarish shaklida iste’mol qilinadi. Agar bu iste’mol ishlab chiqaruvchi kuchlarni qo‘llab-quvvatlasa va ko‘paytirsa unda kapital hosil bo‘ladi, kapital esa – investitsiyalarning asosi sifatida bandlik va ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytiradi.
Investitsiyalar nazariyasiga o‘zining kapital va qo‘shimcha qiymat nazariyasi bilan katta hissa qo‘shgan iqtisodchi olimlardan biri bu K.Marks hisoblanadi. Uning fikricha “kapital – bu doiraviy aylanish jarayonida harakatda bo‘lib, o‘z navbatida o‘zida doiraviy aylanishning uchta turli shaklini mujassam etgan turli bosqichlarni bosib o‘tadi” .
Bu erda birinchi bosqich pulga ishlab chiqarish omillari sotib olinadi P-T (1). Ikkinchi bosqichda esa bozordan sotib olingan resurs-tovarlar va ishchi kuchi yordamida tovarlar ishlab chiqariladi va T-T1 (2) va uchinchi bosqichda esa ishlab chiqarilgan tovarlar realizatsiya qilinadi T-P1 (3).
Bu erda, P- pul;
T- tovar (ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi);
T1-yangidan ishlab chiqarilgan tovarlar;
P1-tovarlar sotilgandan keyin ortgan pul hajmi;
Investitsiyalar nazariyasiga katta hissa qo‘shgan olim A.Marshall bo‘lib, u “Investitsiyalarga kapital ko‘rinishda sarflangan kelgusida egasiga daromad keltiradigan hamma xarajatlarni kiritadi. Bu xarajatlar savdo-sanoat kapitali (fabrika, mashinalar, xom ashyolar, uy-joylar, kiyim-kechaklar, oziq-ovqatlar)ga va pul kapitali (garov asosida beriladigan ssudalar va pul bozori ustidan nazoratning boshqa shakllari) hisoblanadi” .
Investitsiyalar to‘g‘risidagi nazariy qarashlarda o‘z o‘rni va salmog‘iga ega bo‘lgan ilmiy oqim - bu keynschilikdir. Uning asoschisi J.Keyns investitsiyalar kategoriyasi haqida so‘z yuritib, investitsiyalarga “…asosiy aylanma yoki likvid kapitaldan tashkil topgan mulkiy ko‘rinishdagi kapitalning qiymat ortishining har qanday holatini kiritish mumkin” .
J.Keyns fikricha jamg‘armalar emas, aynan investitsiyalar daromadning o‘zgarishi, o‘sishiga olib keladi. Daromadning o‘sishi esa o‘z navbatida ishlab chiqarishning kengayishiga asos bo‘ladi. U ta’kidlaganidek “SHunday qonun borki, unga ko‘ra investitsiyalar bilan bog‘liq holda bandlikning kengayishi albatta moddiy ne’matlar ishlab chiqaruvchi tarmoqlarga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi” .
Investitsiyalar bilan milliy daromad hajmining oshishi o‘rtasida yaqindan aloqadorlik bo‘lib, bu iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik nisbati yoki multiflikator samarasi, deb yuritiladi. Multiplikator - bu koeffitsent bo‘lib, investitsiyalar hajmi ko‘paytirilgan holatlarda milliy ishlab chiqarish hajmi qanchaga oshganligini ko‘rsatadi. Investitsiyalar ko‘rinishida qilinayotgan har birlik xarajat birlamchi, ikkilamchi investitsiyalarga, so‘ngra esa daromadlarga aylanadi.
J.Keynsning fikricha, bunday o‘zgarishning sababi “psixologik qonun”da bo‘lib, jamiyatda real daromad oshgani sari doimiy ravishda uning kamayotgan qismini iste’mol qiladi. U shunday holatlardan kelib chiqib, eng yuqori iste’molga va jamg‘arishga moyillik hamda investitsiya kiritishga moyillik kabi tushunchalarni muomalaga kiritdi. Uning fikricha investitsion faollikni rag‘batlantirishning asosiy shart-sharoitlaridan biri iste’mol va investitsion talablarning jamlanmasi hisoblangan samarali talabni shakllantirishdir. J.Keyns talab va investitsiyalar o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri va teskari aloqadorlik, bog‘liqlik va ta’sirga egaligini ko‘rsatib berdi. SHuningdek, u makroiqtisodiyot darajasida investitsion muhitni shakllantirish va tartibga solishning kreditlash, davlat buyurtmasi, soliqqa tortish dastaklarining ham ahamiyatini ochib bergan edi.
Neokeynschilik maktabi vakillari E.Domar, R.Xarrod, E.Xensen, J.Robinson yalpi talabni rag‘batlantirish orqali iqtisodiy muvozanatni ta’minlashda, milliy ishlab chiqarish hajmini oshirishda investitsiyalar eng faol iqtisodiy dastak ekanligini e’tirof etib, o‘zlarining “multiplikator - akselerator” nazariyasini yaratdi.
Neokeynschilarning e’tirof etishicha daromad oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirishda investitsiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. SHuningdek, daromadning oshishi bandlikni rag‘batlantiradi va shu orqali ishlab chiqarish quvvatlaridan yuqori samara bilan foydalanishga, ishsizlikning oldini olishga tegishli sharoit yaratadi. Mazkur maktab vakillarining nazariy qarashlari keyinchalik makroiqtisodiyot va investitsiya sohasida byudjet-soliq, pul-kredit va tezlashtirilgan amartizatsiya siyosatini ishlab chiqishga asos bo‘lib xizmat qildi.
Iqtisodchi olim K.Eklund fikricha esa, “investitsiya – bu kelajakda ko‘proq iste’mol qilish sharoitiga ega bo‘lish uchun ertangi kunga qoldirilgan narsa ... Uning bir qismi hozirda ishlatilmasdan zahiraga qoldiriladigan iste’mol buyumlari bo‘lib, boshqa qismi esa bu ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltirilgan resurslardir” . E’tirof etish joizki, bu erda investitsiyalarga berilgan ta’rif “kapital quyilmalar” ta’rifiga mos keladi.
K.R.Makkonnell va S.L.Bryuning «Investitsiyalar - bu moddiy zahiralarning ko‘payishi, ishlab chiqarish vositalarining jamg‘arilishi va ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlardir” ta’rifi ham kapital quyilmalar tushunchasiga mazmunan yaqindir.
Dj.M.Rozenbergning “Investitsiyalar” lug‘atida investitsiyalarga bergan ta’rifida “investitsiya - pulni ko‘paytirish, daromad olish yoki kapitalni o‘stirish maqsadida pul sarflanishidir” , degan fikrni keltiradi. Uning fikricha, daromad (pul mablag‘i) olish yoki kapitalning o‘sishiga erishish uchun sarflanadigan pul mablag‘lari investitsiya hisoblanadi. Bizning nazarimizda esa, investitsiyalarga berilgan ushbu ta’rifda investitsiyalar faqatgina pul ko‘rinishidagi sarf-xarajatlar sifatida ko‘rsatilgan. Vaholanki, investitsiyalar moddiy, intellektual va moliyaviy ko‘rinishdagi sarf-xarajatlarni ham qamrab oladi.
Iqtisodchi olimlar L.Dj.Gitman, M.D.Djonkning “Investitsiyalash asoslari” asarida shunday ta’kidlanadi: “Investitsiyalar ― bu kapitalning shunday joylashtirilishiki, buning natijasida sarflangan kapital qiymatining saqlanishi yoxud o‘sishi va daromadning ijobiy darajasi ta’minlanadi” . Bunda “sarflangan kapital qiymatining saqlanishi”, degan fikri munozara talabdir. Agarda sarflangan investitsiyalar hech qanday daromad keltirmasa, ular investitsiyalar emas, balki “kapital”ga aylanib qoladi va shunga ko‘ra investitsiyalarga berilgan ushbu ta’rifni to‘liq, deb qabul qilish maqsadga muvofiq emas.
Rossiyalik iqtisodchi olim E.V.Mixaylova “investitsiyalar - kelajakda daromad yoki ijtimoiy samara olish maqsadida kapitalni har qanday shaklda qo‘yish sifatida ifodalanadi” , degan fikrni ilgari suradi. Bu ta’rifda investitsiya tushunchasi umumiy va sodda qilib tushuntirilgan bo‘lib, mazkur yondashuv bozor iqtisodiyoti talablariga mos keladi.
Investitsiyalar tushunchasi g‘arb iqtisodiy adabiyotlarida investitsiya xarajatlari va investitsiya tovarlari tushunchalari bilan hamohang qo‘llaniladi. Investitsiya harajatlari uch komponentdan iboratligi ta’kidlanib, u o‘z tarkibiga: -tadbirkorlar tomonidan mashina, asbob-uskunalarni va stanoklarni sotib olish xarajatlari; -barcha qurilish xarajatlari; -zahiralarning o‘zgarishi. O‘z navbatida xarid qilingan mashina, asbob-uskuna, yangi qurilgan ob’ektlar, ko‘paygan zahiralar investitsiya tovarlari deb ataladi.
O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrda qabul qilingan “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunida investitsiyalar “Iqtisodiy va boshqa faoliyat ob’ektlariga solinadigan moddiy va nomoddiy ne’matlar va ularga bo‘lgan huquqlari” sifatida ta’rif beriladi.
Boshqa manbalarda investitsiyalarni kapital joylashtirish usuli, uzoq muddatli kapital kiritish deb ta’riflanadi. Mamlakatimizning iqtisodchi-olimlari A.O‘lmasov va N.To‘xlievning fikricha “investitsiya iqtisodiyotning barcha soha, bo‘g‘inlarida kengaytirilgan takror ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida moddiy va nomoddiy, inson kapitalini iqtisodiyotga kiritish yo‘li bilan amalga oshirilgan kapital jamg‘arish jarayonidir” , deb ta’riflanadi. Iqtisodiy kategoriya sifatida investitsiyalar iqtisodiyot sub’ektlari o‘rtasida kapital jamg‘arish yuzasidan sodir bo‘ladigan iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, ular makroiqtisodiyot miqyosida turli shakl va ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.
“Investitsiyalar ― barcha turdagi mulkiy va intellektual boyliklarni uzoq muddatli qo‘yilmalar tariqasida xalq xo‘jaligi tarmoqlariga sarf etiladigan xarajatlar yig‘indisini aks ettiradi” deyiladi, yana bir boshqa ta’rifda.
Investitsiyalar kategoriyasiga berilgan mazkur ta’rifda investitsiyalar uzoq muddatli qo‘yilmalar sifatida talqin etiladi. Vaholanki, investitsiyalarning qisqa va o‘rta muddatli qo‘yilmalar ko‘rinishida ham bo‘ladi. Lekin, bu holat ushbu ta’rifda o‘z ifodasini topmagan.
Investitsiyalar bo‘yicha yirik iqtisodchi olim D.G‘.G‘ozibekov fikricha, investitsiyalar tushunchasi bilan tovar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan real aktivlar ham belgilanadi. Bu erda investitsiyalar korxonalarning real aktivlari yoki bevosita investitsiyalar sifatida e’tirof etilgan.
Respublikamizda investitsiya faoliyatining huquqiy asoslari yaratilgan bo‘lib, xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunida investitsiyalar “Iqtisodiy va boshqa faoliyat ob’ektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy hamda ularga doir huquqlar” sifatida talqin etiladi. Fikrimizcha, ushbu ta’rif masala mohiyatiga ko‘proq huquqiy-me’yoriy jihatdan yondoshuv natijasidir. Bu ta’rifda investitsiyalarning iqtisodiy-tashkiliy tavsifdagi xususiyatlari e’tibordan chetda qolgan. Iqtisodchi olim N.H.Haydarov investitsiyalarga o‘z munosabatini bildirib “Investitsiyalar ― bu mulk shaklidan qat’iy nazar, tadbirkorlik asosida faoliyat yuritayotgan jismoniy va yuridik shaxslar yoki davlatning iqtisodiy va intellektual boyliklarini qonun doirasida bo‘lgan har qanday tadbirkorlik ob’ektiga sarflanishidir» , deb ta’rif beradi va bu yuqorida keltirilgan yondashuvlardan mukammalroq bo‘lib, unda investitsiyalar va tadbirkorlik faoliyatida o‘rtasidagi dealiktik aloqadorlikka ustivorlik berilgan.
Keltirilgan mazkur yondashuvda tadbirkorlik ob’ektlariga investitsiyalar kirituvchi investorlar faqat milliy investorlar bo‘lishi lozimdek. Bu masalalarga aniqlik kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bizningcha investitsiyalarni amalga oshirish uchun moddiy, moliyaviy va intellektual boyliklar kimningdir ixtiyorida bo‘lishi shart emas.
Investitsiyalarning asosiy xususiyatlaridan biri u qaysi ko‘rinishda sarflanmasin iqtisodiy o‘sishga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiladi. Masalan, moliyaviy mablag‘lar shaklidagi investitsiyalar nominal investitsiyalar hisoblanib, kengaytirilgan takror ishlab chiqarishga jalb qilingandan so‘ng real investitsiyalarga aylanadi va iqtisodiy rivojlanishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumki, investitsiyalar qaysi sub’ekt tomonidan amalga oshirilishiga ko‘ra ichki va tashqi investitsiyalarga ajratiladi. Ichki investitsiyalar - mamlakatda xududida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, ya’ni investorlar tomonidan tegishli sohalarga yo‘naltirilgan investitsiyalardir. Tashqi investitsiyalar esa norezedent, ya’ni chet ellik investorlar tomonidan milliy iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi qonunida “Chet ellik investorlar asosan daromad (foyda) olish maqsadida tadbirkorlik faoliyati va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi faoliyat ob’ektlariga qo‘shadigan barcha turdagi moddiy va nomoddiy hamda ularga doir huquqlar, shuningdek, chet el investitsiyalaridan olingan har qanday daromad O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari” , - deb ta’kidlangan. Ular alohida olingan davlatlar, ularning yuridik shaxslari, fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda doimiy yashaydigan fuqarolari bo‘lishi mumkin. Investitsiyalar kiritilish maqsadiga, shakliga, investitsion resurslarning mulkiy shakliga va jalb etilish muddatiga ko‘ra farqlanadi.
Masalan, kiritilish maqsadiga ko‘ra investitsitsiyalar to‘g‘ridan - to‘g‘ri, portfel, real, nomoliyaviy va intelluktual investitsiyalarga ajratiladi. SHakliga ko‘ra esa, moliyaviy, real va spekulyativ investitsiyaga bo‘linadi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti taraqqiyotining hozirgi bosqichida investitsiya jarayonlarining asosi sifatida real investitsiyalar maydonga chiqishi lozim.
Real investitsiyalar - bu moliyaviy, mulkiy, intellektual va boshqa boyliklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarishga safarbar qilishdan iborat. Demak, real investitsiyalar asosiy kapitalning o‘sishiga, yangilanishiga, ishlab turgan korxonalarning kengaytirilishiga, moddiy boyliklarning ko‘paytirilishiga olib keladi. Hozirgi kunda investitsiya faoliyatining real holatini va muammolarini tadqiq etuvchi izlanishlar olib borilayotgan bo‘lsada, uning qator jihatlari, jumladan, makro va mikro ko‘lamda real moliyaviy tartibga solish, baholash mexanizmlarini takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash kabi masalalar yanada chuqurroq tadqiqot olib borishni talab etmoqda.
Investitsiya resurslarining mulkiy ko‘rinishidan xususiy, davlat, aralash va chet el investitsiyalari shaklida bo‘ladi. Jalb etilish muddatiga ko‘ra qisqa, o‘rta va uzoq muddatli investitsiyalarga ajratiladi.
Milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va strategik rivojlantirish uchun bizga imkkon qadar ko‘p miqyosda to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritilgan, portfel investitsiyalar zarur bo‘lib, qisqa muddatlarga kiritiladigan spekulyativ investitsiyalardan voz kechishni maqsadga muvofiq deb, hisoblaymiz.



Download 2.42 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   163




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling