Islom teologiyasi va tarix falsafasi
Beruniyning tarix falsafasi (973-1048)
Download 38.74 Kb.
|
ISLOM TEOLOGIYASI VA TARIX FALSAFASI
Beruniyning tarix falsafasi (973-1048)
Ulug’ Sharq mutafakkiri Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy Sharq tafakkur olamining o’ziga xos yo’nalishini ochib berdi va insoniyat tarixi, uning vujudga kelishi, taraqqiyoti hamda tanazzullari atrofidagi mavjud fikrlarga aniqlik kiritdi. Turli zidtsiyatli qarashlarni butun mohiyati bilan o’rganib, unga o’ziga xos yondashib, mavjud qarashlarni keskin tarzda boyitib, uning o’zanini o’zgartirib yubordi. Aniqroq qilib aytganda, Beruniy olamning yaralishi, insonning vujudga kelishi, xalqlarning taraqqiyot bosqichlari, tarixiy voqealar, tabiiy hodisalar, ularning mohiyatini ilmiy asosda o’rganish maktabini yaratdi. Ushbu maktab bugun mohiyat-e’tibori bilan dastlab Sharq, keyinchalik G’arb falsafiy tafakkurining tamal toshini qo’ydi. Beruniyning 1030 yilda yozgan va «Hindiston» nomi bilan mashhur bo’lgan «Tahqiq mo lil-hind min ma’qula maqbula fil-aql av marzula», ya’ni «Hindlarning aqlga sig’adigan va sig’maydigan ta’limotlarini aniqlash» deb nomlangan asarida bayon etilgan betakror ilmiy g’oyalar odam va olam haqidagi tasavvurlarni keskin o’zgartirib yubordi. Bu asar butun mohiyati bilan tarix falsafasining o’ziga xos va noyob ko’rinishidir. Unda insoniyat taraqqiyoti, uning omillari va mohiyati dunyoviy tafakkur orqali tadqiq etildi va kutilmagan xulosalar ilmiy asoslangan holda o’rtaga tashlandi. Asarning o’ziga xos tarixiy, ilmiy va falsafiy qadriyati shundaki, u hamon jahon xalqlari tarixini o’rganishda muhim manba bo’lib xizmat qilmoqda va tarix falsafasi taraqqiyotida, tarixni falsafiy anglash jarayonida zabt etib bo’lmas cho’qqi darajasiga chiqdi. Darhaqiqat, bu asarga Mag’ribu Mashriq olimlari, yirik mutaxas-sislari doimo qiziqish bilan qaraydilar. Uni juda katta extiros bilan o’qiydilar. Shuning uchun ham taniqli olim V. R. Rozen «Sharq va G’arbning qadimgi va o’rta asr-dagi butun ilmiy adabiyotida bunga teng keladigan asar yo’q», degan edi. Asar garchi «Hindiston» deb nomlansada, «hindlarning aqliga sig’adigan va sig’maydigan ta’limotlarni aniqlash»ga bag’ishlangan bo’lsa-da, uni butun mohiyati bilan insoniyat o’tmishining tarixiy-falsafiy talqinini, ilmiy-nazariy echimlari va asoslagan xulosalarini nazarda tutib ushbu yo’nalishda G’arbu Sharqning butun dunyo dinlari, qarashlari va dunyoviy tafakkur o’lchovlarining sintezi sifatida yuzaga kelgan nodir asar deyish mumkin. Aslida ham shunday. Zotan, unda inson kelib chiqishining diniy va dunyoviy qarashlari, insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlari, davrlari, podsholiklar va payg’ambarlarning dunyoga kelishi, ularning jamiyat taraqqiyotidagi ijtimoiy, ma’naviy, madaniy va axloqiy ta’sirlari, qarashlari va munosabatlari qiyosiy tarzda o’rganiladi. Beruniyning ushbu asari o’z davrining mutlaq yagona voqeligi emas edi. Chunki bu paytda podsholiklar va payg’ambarlar hayotiga bag’ishlangan turlituman xotiralar, afsonalar va rivoyatlarga asoslangan ma’naviy-ma’rifiy asarlar, sayohatnomalar, badialar ko’pdan-ko’p yozilgan edi. Beruniyning daholik qudrati shundaki, u o’zigacha yaratilgan va mavjud bo’lgan manba hamda adabiyotlarning eng asosiylarini mumkin qadar chuqur o’rganib, ularning har biriga munosib baho berib, eng asosli xu-losalarni ilgari surdi. Bu xulosalar hozirga qadar ilmiy yangiligi, dolzarbligi, nazariy asoslanganligi, muhim kontseptual ahamiyatga egaligi va ulkan ijtimoiy mohiyat kasb etganligi bilan alohida qadrli. Tarixni o’rganar ekan, insoniyat kelib chiqishi va uning rivojlanish dinamikasini tahlil qilar ekan, Beruniy haqiqatga ishonmovchi kishilar bilan munozara qilib, ularni skeptitsizmda ayblaydi va bular «qatiy hujjatlarni qabul etishda xuddi sherdan qo’rqib qochgan eshaklardek qochadilar», – deydi. Sharq tarix falsafasining o’ziga xosligi shundaki, unda turli davrlarda hukm surgan podsholiklar va ularning sulolalari tarixiy davr sifatida qabul qilinadi va ana shu davrda yuz bergan barcha voqealar, ma’naviy-axloqiy mezonlar, madaniy va ijtimoiy taraqqiyot bevosita ana shu podsholiklar va ularning sulolalari yurgizgan siyosat asosida o’rganiladi. Beruniy ham ana shu tartibotdan unumli foydalangan. U o’zining «Osor alboqiya» deb nomlangan asarida turli davrlarda hukm surgan podsholiklar va sulolalarning ko’pdan-ko’p jadvallarini kiritgan: Makedoniyalik batlimuslar (ptolemeylar), rum, xristian, qadimgi Eron, sosoniylar sulolasi podshoxlari, arab xalifalari (ummaviylar va abbosiylar) kabilarning o’z davriga xos shajaraviytarixiy jadvalini yaratdi. Ular o’ta aniq va ishonchli manbalardan olingan bo’lib, podshohlarning hukmronlik qilgan davrlari deyarli to’g’ri ko’rsatilgan. Ular boshqa tarixiy kitoblar bilan solishtirish natijasida to’la isbot etilganligi bilan alohida ajralib turadi. Beruniyning ushbu asari insoniyat tarixini o’rganuvchi mutaxassislar, tarixchilar, sotsiologlar, faylasuflar, etnograflar va demograflar uchun muhim manba bo’lib xizmat qilmoqda. Atoqli manbashunos Ismatulla Abdullaev Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asari xususida fikr yuritar ekan, alloma o’z davrining ijtimoiy muhiti, kishilik tarixiy taraqqiyoti, xalqlar, urf-odatlar, madaniyatlar va olamni ayaylash borasidagi qarama-qarshi fikrlarni ancha chuqur egallaganligini bayon etadi. Jumladan, Beruniy yunonlar, rumliklar, eroniylar, sug’diylar, xorazmliklar, qibtiylar, xristianlar, yahudiylar, islomgacha bo’lgan arablar va musulmonlarning vaqt o’lchovlari, yil xisoblari, hayitlari va muqaddas kunlarini ijtimoiy-tarixiy, madaniy va ma’rifiy jihatdan ancha chuqur o’rgangan. Bu insoniyat tarixini bevosita falsafiy o’rganish, mantiqiy xulocalar chiqarishga asos bo’lgan. Beruniyning tarix falsafasi ayni ana shu turli xalqlar, mamlakatlar, mintaqalarda mavjud turmush tarzi orqali rivojlanish omillari, taraqqiyot yo’nalishlarini o’rganadi va tegishli xulosalar chiqaradi. Bu bevosita antropologiya, antropogenez, demografiya va etnografiya bilan bog’liq bo’lgan qomusiy tadqiqot usulini taqozo etadi. Beruniy qadimgi xalqlar tarixi, ularning ma’naviy-madaniy yodgorliklari, ijtimoiy-axloqiy qarashlari xususidagi ushbu asarini qanday maqsadda yozganini quyidagicha ifoda etadi: «Adiblardan biri mendan (turli) xalqlar haqidagi tarixlar, ularning boshlanishlari va shoxobchalari, ya’ni oylar va yillari ustida u tarix egalarining ixtiloflari va bu ixtilof sabablari, mashhur bayramlar, (har xil) vaqtlar va yumushlar uchun belgilangan kunlar, millatlarning ba’zisi amal qilib, ba’zisi amal qilmaydigan boshqa (marosimlar) haqida so’radi va meni imkon boricha ularni juda ravshan bayoy etib, o’quvchi fahmlaydigan, (turli) kitoblarni axtarish va shu kitob egalarini surishtirishga ehtiyoj qolmaydigan (bir asar yozishga) da’vat etdi». Download 38.74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling