Ismailova T. S., Haydarov B


Tashkiliy madaniyat: uning kelib chiqishi, tashkil etilishi va rivojlantirishning o’ziga xosligi


Download 1.88 Mb.
bet12/14
Sana06.12.2020
Hajmi1.88 Mb.
#161010
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
Menejment asoslari


9.4. Tashkiliy madaniyat: uning kelib chiqishi, tashkil etilishi va rivojlantirishning o’ziga xosligi.

Kishilar o’zlari ishlayotgan madaniy muhitning ta’siridan mustaqil bo’lishlari mumkin emas. Muayyan muhitda ulg’aygan inson uning qadriyatlari, e’tiqodlari va xulq-atvor modellarini o’zlashtiradi. Bunday holat xodimlar uchun ham xarakterlidir: anchadan buyon shakllanib kelgan madaniyatga tashkilotning ishchilari uning qadriyatlari, e’tiqodlari va xulq-atvor modellarini o’zlashtirishadi. Jamiyat ijtimoiy madaniyatga ega bo’ladi, undagi tashkilotlar, korporatsiyalar, muassasalar va firmalar bo’lsa tashkiliy madaniyatga ega bo’lishadi.

Tadqiqotlar natijasida nafaqat madaniy qadriyatlarning tashkilotning yangi a’zolariga uzatilishini tasdiqlaydigan ma’lumotlar, balki yangi a’zolarning o’zlarini muhim xususiyatlarni o’zida mujassam etgan tashkiliy madaniyatni to’liq o’rganishga intilayotganliklariga ham guvohlik beradigan ma’lumotlar aniqlandi. (chizma 15.4. bet 482).

Kompaniyalarning obro’-e’tiborlarini o’rganishga qaratilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, firmaning obro’-e’tibori quyidagi moliyaviy ko’rsatkichlar bilan baholanadi (ko’rsatkichlar ustuvorlik nuqtai nazaridan tartib bilan keltirilgan):

a) so’nggi 10 yil davomida aksiyadorlar tomonidan olingan dividendlar;

b) aktivlarga kiritilgan foyda;

v) umumiy foyda;

g) kompaniyaning birja qiymati

AQSh dagi korporativ madaniyatining muhim xususiyati bo’lib kompaniyaning yakuniy moliyaviy holati namoyon bo’ladi.

Tashkiliy madaniyat tashkilotning har bir a’zosi tomonidan umumiy qabul qilinishi bilan xarakterlanadi. Biroq, hamma a’zolar uni birdek qabul qilavermaydi. Ilgari ko’rsatib o’tilganidek, tipik tashkilotda ham hukmron madaniyat mavjud bo’ladi (ko’pchilik tashkilot a’zolari bunday madaniyatga bo’ysinishadi, masalan mahnatsevarlik, o’z kompaniyasiga nisbatan rostgo’ylik, unga va mijozlarga sifatli xizmat ko’rsatish g’oyasiga sodiqlik va boshqalar) va ham bir qancha sub-madaniyatlar (kichik madaniyatchalar) mavjud bo’ladi (tashkilotning kamchilik a’zolari tomonidan rioya qilinadigan qadriyatlar majmui). Agar bunday sub-madaniyatlar tashkilotdagi hukmron madaniyat yoki uning umumiy maqsadi bilan o’zaro kelishmasalar, u holda ular tashkilotni susaytirishi yoki unga zarar keltirishi mumkin. Lekin, shu bilan birga bunday madaniyatlar tashkilotning alohida guruhlariga yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishga yoki butun bir kompaniyaning madaniyatini o’zgartirishga ko’maklashishadi.

Ma’lumki, kuchli tashkiliy madaniyat kuchli liderlar tomonidan shakllantiriladi. Bundan tashqari, tashkiliy madaniyatning kuchi ham bo’linuvchanlik darajasiga ( tashkilot a’zolarining asosan ikkita omil – xabardorlik yoki yo’nalganlik va rag’batlantirish tizimi kabi omillarga bog’liq bo’lgan kompaniyaning asosiy qadriyatlarini tan olishlik darajasi), ham mukofotlash tizimi ta’sirining asosiy natijasi hisoblangan intensivlikka (tashkilot a’zolarining bosh qadriyatlarga sodiqlilik darajasi) bog’liq bo’ladi. Agar ishchilar ularga mukofotlarning berilishi “tashkilotda qabul qilingan tartibga” rioya qilgan holda ishlashga bog’liq ekanligini anglasalar, u holda mos ravishda ularning ishlash istagi oshadi, agar ularni hech kim rag’batlantirmasa yoki ular o’zlarini tashkilotda qabul qilinmagan tartib asosida tutishni foydaliroq deb bilsalar, u holda ularning asosiy qadriyatlarni qo’llab-quvvatlashlari sustlashadi. Garchi axloqiy rag’batlar muhim bo’lishiga qaramasdan, moddiy rag’batlantirish muhim rol’ o’ynaydi. Bir qator xorijiy firmalarda tashkilotdagi madaniy qadriyatlarga muvofiq ravishda faoliyat ko’rsatadigan yoki mijozlarga sifatli xizmat ko’rsatadigan xodimlarni rag’batlantirishga qaratilgan maxsus byudjetlar mavjud bo’ladi. Umuman olganda, tashkiliy madaniyatning kuchini xodimlarning tashkilotdagi korporativ madaniyatga aralashuv jarayonini baholaydigan anketa savollariga beriladigan javoblar bo’yicha sifatli tarzda aniqlash mumkin.

Firma tashkiliy madaniyatining asoslari qurilib, u rivojlana boshlaganidan so’ng asosiy qadriyatlarni qo’llab-quvvatlash va mustahkam o’zlashtirish hamda madaniyatni o’z-o’zini saqlab turishi bo’yicha turli xil ijtimoiy chora-tadbirlarga murojaat etiladi. Bunday chora-tadbirlar quyida o’z ifodasini topgan:

1) ishga qabul qilinadigan nomzodlarni standartlashtirilgan proseduralardan foydalanish va shaxslarning aniq jihatlarini hisobga olish yordamida puxta tahlil qilish, boshqalarga nisbatan shaxsiy sifatlari va qarashlari tizimi tashkilot madaniyatiga a’lo darajada mos keladigan kishilarni tanlab olish;

2) bo’ysunishni qo’llab-quvvatlaydigan hamda tashkiliy me’yor va qadriyatlarni qabul qilishdagi ochiqlikka imkon yaratadigan tajribani ishlab chiqish (ishga qabul qilingan xodimlar ko’p hollarda ularni tashkilotning me’yorlari va qadriyatlari to’g’risida hamda ular bunday me’yor va qadriyatlarni qabul qila olishlari mumkinmi yoki yo’qligi to’g’risida o’ylashlariga majbur qilish maqsadida amalga oshiriladigan puxta ishlab chiqilgan ta’sir ostida qolishadi, kuchli tashkiliy madaniyatga ega firmalarda yangi ishga qabul qilingan xodimlarga ular bajarishi mumkin bo’lgan ishdan ham ko’proq ish berishni targ’ib qiluvchi maxfiy qoidalar amal qiladi. Ko’p hollarda bunday ishlar ishchining imkoniyatlaridan past darajada bo’lishiga qaramasdan ularning berilishidan ko’zlangan asosiy maqsad yangi qabul qilingan xodimlarni bo’ysunishga o’rgatishda namoyon bo’ladi);

3) ish uchun zarur bo’lgan bilim va tajribalarga ega bo’lish (har bir ish joyida o’qitish yoki intensiv va maqsadli yo’nalgan tajribaga ega bo’lish yo’li orqali); ko’p xollarda odatdagi o’zaro munosabatlar, barqaror hokimiyat va muttasil asoslab beriladigan xizmat ro’yxati kabilar mansab pillapoyalari bo’ylab ko’tarilishdagi majburiy talablar hisoblanadi;

4) bozorda kompaniyaning muvaffaqiyatga erishishiga ko’maklashadigan xodimlarning xatti-harakatlarini to’liqroq rag’batlantirish maqsadida ularning mehnat natijalarini baholanishini va har birlarini tegishli ravishda mukofotlanishini puxta tahlil qilish ( ko’p hollarda mehnat samaradorligining oshishi va mehnatdan qoniqish darajasining o’sishiga imkon yaratadigan quyidagi uchta omilga asosiy e’tibor qaratiladi: ishlab chiqarish hajmining o’sishi, daromadlarning o’sishi va o’zgarishlar, eng muhim ishlab chiqarish ko’rsatkichlari ushbu omillarga bog’liq bo’ladi va xodimlarning baholanishi bunday omillarga muvofiq ravishda amalga oshiriladi);

5) tashkilotning eng muhim qadriyatlarini har tomonlama qo’llab-quvvatlanishini tarbiyalash ( bu ishchilarning ushbu tashkilotning a’zolariga aylanish maqsadida har qanday yo’qotishlarga ko’nikishlari va firmaning ularni zarariga hech narsa qilmasliklariga ishonishlari uchun imkon yaratdi);

6) muayyan keskin vaziyatlarda kompaniyaning tashkiliy madaniyati oqlaydigan hamda undagi xulq-atvor va axloq me’yorlarini tushuntirib beradigan tashkiliy hamda tarixiy hodisalarni tarqalishi;

7) o’z ishini yaxshi bajargan, g’olib hisoblangan va tashkilotda asosiy rol o’ynaydigan ishchilarni tan olish va ularning lavozim bo’yicha darajasini oshirish ( ko’p hollarda harakatchanlik, tirishqoqlik va jamoada ishlay olish, maqsadlarga erishish yo’lidagi tinimsiz harakat, motivatsiyalarga ega bo’lish va vazifalarni uddalay olish, shuningdek, yordamga boshqa kishilarni jalb eta olish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadigan kishilar boshqalarga ibrat qilib ko’rsatiladi).

U.Ouchi tashkiliy madaniyatning muhimligiga e’tiborni qaratib, ham ilgarigi Amerika va yapon tajribasida qo’llanilgan, ham keyingi yillarda dunyodagi iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda yuzaga kelgan yangi raqobat sharoitlarida qo’llaniladigan tashkilotning asosiy xususiyatlarini ko’rsatib o’tgan.

Ko’p hollarda tashqi muhit o’zgaradigan sharoitlarda tashkilotning yangi sharoitlarga moslashib harakatlanishi va eski madaniyatni o’zgartirish zaruriyati yuzaga keladi. O’zgarishlarga nisbatan to’siqlar va qarama-qarshiliklarning mavjud bo’lishiga qaramasdan madaniyatni boshqarish, xatto vaqt o’tishi bilan uni turli xil shakllar va tavsiyalar yordamida o’zgartirish mumkin. Biroq, bunda firmalar o’zlarining oldindan shakllanib kelgan manbalaridan voz kechmasliklari va muvafaqqiyatli faoliyat ko’rsatayotgan kompaniyalarning madaniyatini ko’r-ko’rona ko’chirib olmasliklari kerak. Balki, ular o’zlarida mavjud an’anaviy madaniyatni modifikatsiya qilish bo’yicha original yechimlarni izlab topishlari zarur.

9.5. Tashkiliy madaniyatdagi qadriyatlar va xodimlarning xulq – atvori.

Har bir inson hayotida ahamiyatga ega shaxsiy qadriyatlar mavjud bo’ladi. Bunday qadriyatlar orasida faqatgina ushbu individ uchun xarakterli o’ziga xos qadriyatlar hamda uni muayyan guruhlar, qatlam va kishilarning guruhlari bilan o’zaro birlashtiridigan qadriyatlar ham mavjuddir. Bir qator qadriyatlar umuminsoniy ahamiyatga ega bo’lib, ular tinchlik, ozodlik, farovonlik, hurmat-e’tibor kabilarda o’z ifodasini topadi. Ijodkor kishilar ( menejerlar, rassomlar, musiqachilar) uchun quyidagi qadriyatlar juda muhimdir: ijod erkinligi, xulq-atvor va ijtimoiy ierarxiyada cheklovlarning mavjud emasligi, innovatsiyalarga bo’lgan qiziqish va intellektual mulkni hurmat qilish.

Umumiy qadriyatlarning mavjudligi kishilarning bir-birlarini tushunishlariga, o’zaro hamkorlik qilishlariga, bir-birlariga yordam ko’rsatish va qo’llab-quvvatlashlariga imkon yaratdi. Umumiy qadriyatlarning ( obyektiv va subyektiv qadriyatlarning) mavjud emasligi yoki individdagi qadriyatlarning bir-biriga qarama-qarshi bo’lishi kishilarni guruhlarga bo’lib tashlaydi, ularni opponentlar, raqib yoki dushmanga aylantiradi. Zamonaviy menejment nazariyasi va amaliyotida xodimlar qadriyatlari hamda tashkilotni boshqarish masalalariga muhim e’tibor qaratiladi.

Qadriyatlarni boshqarish inson resurslarini boshqarishning elementi sifatida o’z ichiga quyidagilarni oladi:

a) firmaning strategiyasi va ichki tashkiliy madaniyatiga mos qadriyatlarni aniqlash, shakllantirish va rivojlantirish;

b) ularni tanlangan strategiyani amalga oshirishga jalb etilgan xodimlarga taqsimlash, qadriyatlarni boshqarishni tashkilotga tarqatish.

Ishchining tashkilot qadriyatlarini qo’llab-quvvatlashi uning tashkilot maqsadi, strategiya va taktikasi, siyosati va boshqaruv uslubi hamda tashkilot menejerlarining shaxsiyatlariga bo’lgan munosabatlarida namoyon bo’ladi.

Uni aniq bir tashkilotni qo’llab-quvvatlashi o’z istiqbolini optimistik baholashida, o’z-o’zini nazorat qilishida, mehnat faolligiga nisbatan ichki motivatsiyada va ushbu tashkilot xodimi bo’lganligidan faxrlanishida namoyon bo’ladi. Ayni vaqtda shaxsiy qadriyatlar insonning motivatsiya va xulq-atvoriga kuchli ta’sir ko’rsatadi. Turli qadriyatlarga ega kishilar o’xshash motivlarni amalga oshirishning turli usullarini ham tanlashadi, noaniqlik vaziyatida bir xodimning o’z vazifasi bo’yicha majburiyatlarni sidqidildan bajarishiga bo’lgan intilishi uchun topshiriqlarni kutishga undaydi, boshqasini esa tashabbuskorlik va tadbirkorlikka undaydi.

Qadriyatlar – harakatlanish va hayot tamoyillari uchun dasturilamal bo’lib, u asosida kishilar o’zlari uchun nima muhim va muhim emasligini taqqoslab ko’radilar. Bundan kelib chiqqan holda muayyan vaziyat o’z xulq-atvori va munosabatini turlicha shakllantiradi. Masalan, oilaning qadrliligi ko’plab ayollarni o’z karerasidan, me’yorlashmagan ish va xizmat safaridan voz kechishiga undaydi.

2008-2009 yillar tahlili ko’rsatadiki, menejerlar o’z qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida quyidagi qadriyatlar uchun fidoyi ekanliklari ma’lum bo’ldi: yangi narsalarni o’rganish, sayohat, qiziqarli uchrashuvlar, ijodkorlik, mustaqillik, bo’ysunuvchilarni hurmat qilish, shaxsiy salohiyatni amalga oshirish, moliyaviy farovonlik, qulaylik.

Xorijiy tadqiqotchilar tomonidan shaxsiy qadriyatlar tayanch qadriyatlarga muvaffaqiyat, (tinchlik, xavfsizlik, erkinlik, sog’lom fikr) va instrumental qadriyatlarga ( botirlik), qobiliyat va saviya, ko’maklashish va mustaqillik va h.k.) bo’linadi.

Shaxsning kuchi quyidagilar bilan aniqlanadi: shaxsiy qadriyatlari qaror topishi darajasi, inson uchun tushunarliligi, turli qadriyatlar o’rtasida qarama qarshilikning mavjud emasligi. Tushunarli qadriyatlar kishining tashabbuskorligi va ijodkorligi, faol hayotiy pozitsiyasi, ma’suliyatliligi hamda umummaqsad yo’lida tavakkalchiligida namoyon bo’ladi. Shaxsiy qadriyatlarning tushunarlilik mezoni quyidagilar hisoblanadi: teran fikr-mulohaza yuritish (nima muhim yoki muhim emas, nima yaxshi yoki yomon); hayot mazmunini baholash; o’z qadriyatlarini shubha ostiga olish qobiliyati; yangi tajriba uchun fikrlash qobiliyatining mavjudligi; boshqalarning pozitsiya va qarashlarini tushunishga intilish; o’z qarashlarini ochiq ifoda etish va bahs-munozaraga tayyorgarlik; xatti-harakatning mantiqiyligi, so’z va ishning o’zaro mosligi; qadriyatlar masalasiga jiddiy munosabatda bo’lish; asosiy masala bo’yicha qat’iylik ko’rsatish; javobgarlik va faollik. Shuning uchun ishchilar qadriyatlarini qo’llab-quvvatlash hamda tashkilot uchun muhim qadriyatlarni taraqqiy toptirish professional menejmentning kundalik vazifasidir.

Ma’lum vaqt, chuqur tadqiqot hamda ichki qarash va motivlarni o’ziga yuklanishi talab qiladigan ishchining shaxsiy qadriyatlarini oydinlashtirish jarayoni quyidagilardan iborat:

a) mavjud qadriyatlarni tahlil qilish, baholash va tanqidiy ko’z bilan anglash;

b) ishchining shaxsiy qadriyatlarini tashkilot qadriyatlari bilan qarash;

v) ishchi e’tibor bermaydigan masalalar bo’yicha uning pozisiyasini aniqlash.

Tashkilotning strategik maqsadiga muvofiq keladigan xodimlarning shaxsiy qadriyatlarini shakllantirishdagi muvaffaqiyat menejerlarning ishchilar qadriyatiga bo’lgan hurmatida namoyon bo’lishi bilan aniqlanadi.

Tashkilotning qadriyatlari – menejment tomonidan taraqqiy ettiriladigan va rasman e’lon qilinadigan qadriyatlar yig’indisi bo’lib, u ishchilarning kommunikasion tajribasi hamda firma menejerlari tomonidan ko’rsatiladigan ongli maqsadli ta’sirlar asosida umumiy qadriyatlarning ichki transformasiyalanishuvi natijasi ko’rinishida va ma’lum vaqt davomida namoyon bo’ladi. Ayrim mutaxassislar tashkilot qadriyatlarini “korporativ DNK” deb nomlab, shu tashkilotning o’ziga xos jihatlari, ichki madaniyat uslubi va firmaning mavqeini ajratib ko’rsatadi.

Tashkilot qadriyati ishchilar xulq-atvorini lavozim majburiyati, topshiriqlar, o’zaro ish va shaxslararo munosabatlarning ijro etilishi davomida tartibga soladigan firma ichki madaniyati, qoidalar, me’yor va an’analarda o’z ifodasini topadi. Menejment xodimlarga yordam beradigan qoida va me’yorlarni doimiy takomillashtirish bilan birga tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik, ichki tartib-qoida buzilishiga qarshi jazo joriy etib, xodimlar va mijozlarning amaliy verbal kommunikatsiyalarini tartibga soladigan me’yorlarda ifodalangan muayyan qadriyatlarni rivojlantirib boradi.

Qadriyatlarni boshqarish menejerlar tomonidan quyidagi uchta maummolar majmuini nazarda tutadi:

1) tashkilot muvaffaqiyatini ta’minlovchi asosiy omillarning tushunarliligiga erishish;

2) xodimlar tomonidan tashkilotning umumiy qadriyatlarini to’liq tushunish va tan olinishiga erishish;

3) tashkilot faoliyati uchun xodimlar o’zaro kelishuvga erishish.

Agar korporativ qadriyatlar aniq shakllantirilmay, balki rasmiy yoki global tarzda shakllantirilsa, bunda u tashkilot menejmentining maqsad va vazifalari bilan o’zaro kelisha olmaydi. Masalan, “bizning kishilar (mijozlar, xaridorlar) – bizning qadriyatimiz” singari qadriyatlar sof rasmiy qadriyatlar sifatida qabul qilinadi. Qadriyatlarni shunday shakllantirish kerakki, unda har bir xodim menejment nimani, kimni va nima uchun qadrlanishi, nimani qo’llab-quvvatlanishi va himoyalanishini yaxshi tushuna bilishi kerak. Qadriyatlar tashkiliy faoliyat samaradorligi o’sishi uchun menejerlar quyidagilarni bilishlari shart: qanday ishchilar qadrli; tashkilot kim to’g’risida alohida g’amxo’rlik qiladi? Masalan, “biz yuqori professionalizm (kasbiy tayyorgarlik) ga ega, tashabbuskor va tashkilot rivojlanishi uchun katta hissa qo’shadigan ijodkor ishchilarni qadrlaymiz”.

Biroq, muayyan qadriyatlarni qaror toptirishga ortiqcha e’tibor quyidagi muammolarga olib kelishi mumkin:

a) xodimlarning o’zaro jipslashuvi natijasida ahil jamoani shakllantirish mumkin, lekin bu ba’zan tartib-intizom va mehnat unumdorligi pasayishiga olib kelishi mumkin;

b) rasmiy vaziyat va qat’iy tartib-intizom foydasiz qonun-qoida paydo bo’lishi hamda bozor o’zgarishlariga sekinlik bilan ta’sir ko’rsatishga olib kelishi mumkin;

v) yuqoridagi omil ijod erkinligi hamda tadbirkorlik ustuvorliklari yo’qolishi va boshboshdoqlikka olib kelishi mumkin;

g) g’oliblikka ishtiyoq resurslarga, shu jumladan, inson resurslariga putur yetishiga, shuningdek, motivatsiyaning pasayishi va tinizm rivojlanishiga olib kelishi mumkin.



Menejmentning tashkilot qadriyatlariga ta’sir ko’rsatish kuchi quyidagi o’zaro bog’liq omillar yig’indisi bilan aniqlanadi:

a) menejerlar e’tibor qaratadigan va e’tibor bermaydigan narsalar;

b) xodimlarning xulq-atvori, ularning muvaffaqiyati va fidoyiliklari hamda tashkiliy faoliyat natijalarini baholashning mezonlari;

v) menejmentning ishdan tashqari voqea-hodisalarga tezkor ta’sir ko’rsatishi.

Menejmentning tashkilot qadriyatlarini shakllantirish va uning ishchilariga eng samarali ta’sir ko’rsatish usul va vositalari:

1) nasihat – “nima yaxshi va nima yomonligini anglatadi”: bir tashkilot (inson, shart-sharoitlar) uchun yaxshi bo’lgan narsa boshqalar uchun yomon bo’lishi mumkin. Ushbu usuldan foydalanishning afzalligi menejerlarga tayanish imkoniyatiga bog’liqdir. Shuning uchun qadriyatlarni boshqarish professionalizm menejerning xodimlarga tashkilotning axloqiy qoida va me’yorlarni tushuntirish qobiliyati hamda etikasiga bog’liqdir;

2) menejerning shaxsan ibrat bo’lishi – qadriyatlarni boshqarishning eng samarali usuli hisoblanadi. Aynan shuning uchun ham ko’plab tashkilotlar o’z menejerlarini ibrat qilib ko’rsatishi, shuningdek, ularning to’g’ri xatti-harakati hamda “daxlsizlar” omiliga nisbatan menejment siyosatining amaliyligini (ikkiyoqlama andozalar bundan mustasno) targ’ib etish asosida korporativ qadriyatlarni taraqqiy ettirishadi;

3) do’stona ijtimoiy-psixologik muhit yaratish umuminsoniy qadriyatlar o’z tasdig’ini topishi va zamonaviy sharoitda ishchilarning tashkilotning muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatishiga imkon yaratadigan o’zgacha fikrlash va tafovutlariga (ijtimoiy-madaniy, jismoniy va boshqalar) nisbatan tolerantligi (imkon yaratish) ga asoslanadi.

4) firmadagi ichki kommunikatsiyalarni takomillashtirish tashkilot qadriyatlarini boshqarish imkoniyatlarini rivojlantirishga ko’maklashadi. Menejment va xodimlar o’rtasidagi ikki tomonlama kommunikatsiyani kengaytirish hamda teskari aloqalarni takomillashtirish menejmentga ishchilar shaxsiy qadriyatlarini aniqlash va tashkilot qadriyatlarini rivojlantirish imkonini beradi. Axborot ayrboshlashdagi demokratizm (erkinlik darajasi) ham tashkilotning faoliyat ko’rsatish va shartlari sifatida qabul qilinadigan muqobil qadriyatlarni aniqlashga ko’maklashadi.

Menejmentning qadriyatlar muammosiga e’tibor bermasligi tashkilotning raqobat borasidagi imkoniyatlarini muayyan darajada cheklaydigan oqibatga olib keladi.

Qadriyatlar xodimning individual va guruhli xulq-atvorining qudratli regulyatori bo’lib, shaxs tomonidan u hayotiylik tamoyillari, tashkilot maqsadlarini amalga oshirish usullarining tanlanishi kabilarni ifoda etadi. Individual qadriyatlarning tushunarliligi shaxs hayotiy pozitsiyasi kuchida, faolligi, tashabbuskorligi, ijodkorligi va muvaffaqiyatlarga erishishdagi ichki motivatsiyada namoyon bo’ladi. Shuning uchun tashkilot faoliyatini takomillashtirish nuqtai nazaridan olib qaraganda, menejmetning ishchilarning shaxsiy qadriyatlariga e’tibor qaratishi maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, tashkilotda qadriyatlarning qo’llab-quvvatlanishi xatti-harakatlar, qoida, me’yor va an’analarning yig’indisi, rasmiy jihatdan e’lon qilingan va real amal qiladigan qoida va me’yorlar o’rtasidagi qarama-qarshiliklarning bartaraf etilishi bilan amalga oshiriladi.

Zamonaviy tashkilot xulqini boshqarish. Umumiy holatda boshqaruv deganda qaror qabul qiluvchi shaxs tomonidan ishlab chiqiladigan informasion ta’sirlar yoki texnik intellektual vosita orqali murakkab tizimning maqsadli yo’nalgan harakatini shakllantirish jarayoni tushuniladi. Qaror qabul qiluvchi shaxs bir nechta boshqaruv ta’sirlari orasidan bittasini tanlab, yakuniy qaror qabul qilish huquqiga ega bo’ladi.

O’z-o’zini tekshirish uchun savollar

1. O’zbekistonda inson omili, shaxs taraqqiyoti masalasiga qanday ahamiyat berilmoqda?

2. Prezidentimiz Islom Karimov jamoatchilik e’tiboriga qo’ygan taraqqiyotning yangi davrdagi ilmiy asoslangan konsepsiyasi to’g’risida nimalarni bilasiz?

3. Faol shaxs portretida qayd etilgan obyektiv jihatlari nimalardan iborat?

4. Faol shaxs portretida qayd etilgan subyektiv jihatlari nimalardan iborat?

5. Yetakchilik qilish jarayoni to’g’risida nimalarni bilasiz?

6. Rasmiy va norasmiy tashkilotlar to’g’risida nima deya olasiz?

7. Yetakchilik qiluvchining ajralib turuvchi asosiy funksiyalari nimalardan iborat?

8. Yetakchilik qiluvchi tuzilmaning asosiy elementlari nimalardan iborat?

9. E.De Bone belgilaganidek yetakchilik qiluvchi rahbarning bajaradigan roli, shakli qanday ko’rinishda bo’ladi?

10. Yetakchilik qilish konsepsiyalari haqida nimalarni bilasiz?

11.Yetakchilik xatti-harakati konsepsiyasi haqida nimalarni bilasiz?

12. “Madaniyat” tushunchasini ta’riflab bering.

13.Madaniyatning ta’riflari haqida nima deya olasiz?

14.Madaniyatni barcha ta’riflaridan tadqiqotda qo’llanadigan qoidalar to’g’risida nima deya olasiz?

15.Qadriyatlarni boshqarish deganda nimani tushunasiz?

16. Qadriyatlarni boshqarish inson resurslarni boshqarishning elementi sifatida nimalarda namoyon bo’ladi?

17. Shaxsning kuchi qanday aniqlanadi?

18.Tashkilotning qadriyatlari deganda nimani tushunasiz?

19. Menejerlar tomonidan qadriyatlar qanday boshqariladi?

20. Muayyan qadriyatlarni qaror toptirishga ortiqcha e’tibor qanday muammolarga olib kelishi mumkin?

21. Menejmentning tashkilot qadriyatlariga ta’sir ko’rsatish kuchi qanday omillar bilan aniqlanadi?

22.Menejmentning tashkilot qadriyatlarini shakllantirish va uning ishchilarga eng samarali ta’sir ko’rsatish usul va vositalari haqida nimalarni bilasiz?

23. Menejmentning qadriyatlar muammosiga e’tibor bermasligi qanday oqibatlarga olib keladi?

24.Qadriyatlar xodimning individual xulq-atvoriga qanday ta’sir ko’rsatadi?

25. Tashkiliy madaniyat xususiyatlari haqida nimalarni bilasiz?



26.Firma tashkiliy madaniyatining asoslari qanday chora-tadbirlarda o’z ifodasini topgan?
10 - Mavzu. Boshqaruv tizimida ish yuritish asoslari.
10.1. Boshqaruv tizimida ish yuritishning asosiy tushunchalari.

10.2. Hujjatlar oqimini tashkil etish.

10.3. Hujjatlar ijrosini nazorat qilish.

10.4. Tashkilot hujjatlarini tizimlashtirish.

Qo’llaniladigan pedogogik texnologiyalar: “Interaktiv”, “Insert” usullari.
10.1. Boshqaruv tizimida ish yuritishning asosiy tushunchalari.

Ish yuritish – hujjatlashtirishni ta’minlaydigan va rasmiy hujjatlar bilan ishlashni uyushtiradigan faoliyat sohasi.

Hujjatlashtirish – axborotni belgilangan qoidalarga binoan turli vositalarga yozish.

Hujjat – aynan o’xshatish (identifikasiyalash) imkonini beradigan belgilar (rekvizitlar) bilan moddiy vositaga qayd etilgan axborot.

Hujjat aylanmasi – tashkilotda hujjatlarni tuzish yoki olish paytidan boshlab to ijro etish yoki jo’natishgacha bo’lgan jarayon.

Axborot boshqaruvning asosidir. Davlat boshqaruvi tizimida barcha tuzilmalar va mansabdor shaxslar o’zaro axborot oqimlari bilan bog’lanib, yaxlit kommunikatsiya tarmog’ini hosil qiladi. Bu tarmoqda davlat boshqaruvining har bir organi kommunikatsiya tarmog’ining bir bog’lamidan iborat bo’lib, ko’pgina manbalardan keladigan axborot oqimlari aynan shu bog’lam orqali o’tadi. Mazkur axborot oqimlari o’zining mazmuni, jadalligi, to’g’ri yoki noto’g’riligi, vaqt tartibotiga ko’ra bir-biridan farq qiladi.

Har qanday boshqaruv organi, vazirlik yoki boshqarma yoxud kichik bir idora bo’lmasin, uning faoliyati asosini axborot olish, uni ishlash, tegishli qaror qabul qilish, hamda ijrochilarga yetkazish, shuningdek, ijroni tashkil etish, nazorat qilish va xulosa chiqarish kabilar tashkil etadi. Shunday qilib, moddiy vositada qayd etilgan axborot boshqaruv organlari faoliyatining asosiy o’zagi ayni vaqtda uning asosiy mahsuloti hisoblanadi. Shuningdek, u boshqaruvchi va boshqariluvchi tizimlar o’rtasidagi aloqalarni amalga oshirish usulidir. Boshqaruv va uning barcha bo’g’inlari faoliyatining sifati va samaradorligi axborot oqimlarining tezkorligiga, barqarorligiga va maqbulligiga bog’liqdir. Boshqacha aytganda axborot oqimlari bamisoli qon tomirlari tizimi kabi boshqaruv organizmini oziqlantirib turadi.

Hozirgi paytda hokimiyatning barcha sohalari organlari oldida turgan muammolar murakkablashib va ular orasidagi o’zaro bog’liqlik tobora kuchayib bormoqda. Bu esa barcha pog’onalardagi davlat xizmatining samaradorligini oshirishni ko’ndalang qo’ymoqda. Mazkur vazifaning hal etilishi esa axborot maydonining holatiga, boshqaruvni axborot bilan ta’minlashni tashkil etishga bevosita bog’liqdir.

Xolisona axborotni yetarli bo’lmasligi noto’g’ri qarorlar qabul qilinishiga olib kelishi shubhasizdir. Ayniqsa, uzoq muddatga mo’ljallangan qarorlarni qabul qilishda buning ijtimoiy xavfi juda katta bo’ladi. Axborotning kechikib olinishi yoki to’liq bo’lmasligi qarorlarning o’z vaqtida qabul qilinmasligiga yoki ulardagi nuqsonlarga yo’l qo’yilishiga olib kelishi mumkin.Axborotni ortiqcha bo’lishi esa, aksincha boshqaruv apparatining haddan tashqari zo’riqib ishlashiga, ko’proq mehnat sarflanishiga olib keladi, oqibatda esa boshqaruv tuzilmalari o’z-o’zidan murakkablashib, shtatlar ko’payib, to’rachilik illatlarini keltirib chiqaradi. Bunday jarayonda yetarlicha asoslanmagan qarorlarning qabul qilinishi aholining boshqaruv organlariga va umuman hokimiyatga bo’lgan ishonchini kamaytiradi. Butun davlat xizmati tizimi va uning har bir tarkibiy bo’linmasi uchun axborot almashishni ta’minlovchi uzviy aloqa uchun sharoit hozirlash, axborot oqimlarini tartibga solish, axborot tushish davriyligi tartibotini yo’lga qo’yish, axborotning haddan tashqari ortiqcha bo’lishini bartaraf etish – davlat xizmati axborot kommunikatsiya tizimi faoliyatining muhim omillaridan biridir.

Bir-biriga o’xshash boshqaruv vazifalarini hal etish uchun tuziladigan boshqaruv hujjatlari tarkibi va shakllarning namunalarini yaratish, hujjatlarni bir xillashtirilgan tizimlarini ishlab chiqish yuqoridagi omillarni ro’yobga chiqarishda muhim vosita bo’lib xizmat qiladi. Ana shunday tarzda yo’lga qo’yilgan ish yuritish har qanday tashkilot faoliyatining eng muhim jihatlaridan biridir. Zamonaviy boshqaruv sohasining xodimi hozir hujjatlar bilan ishlashga ish vaqtining 75%ini sarflaydi. Ko’pgina muassasalar yoppasiga kompyuterlashtirilgan bo’lishiga va hujjatlar bilan ishlashning kopyuter axborot tizimlari yordamida qog’ozsiz texnologiyaga o’tilishiga va har qanday qarshiliklarga qaramay, axborotni EHM yordamida ishlashga asoslangan an’anaviy ish yuritish usuli o’zining hayotiyligini isbotlab kelmoqda. Masalan, AQShdagi barcha muassasalarda mashinadagi yozuv bilan bir qatorda yozilgan qog’oz hujjatni saqlab qolish tavsiya etiladi.

Yuqorida aytilganlardan xulosa shuki, an’anaviy ish yuritishni takomillashtirish muammosi hali ham o’z dolzarbligini yo’qotgani yo’q. Boshqaruvning an’anaviy hujjat ta’minoti bilan hujjatsiz ta’minotini eng maqbul tarzda uyg’unlashtirish asosida barcha ish yuritish jarayonlari, amallarining jadalligi, yuksak texnik ta’minoti maqbulligi va tejamliligi tamoyillari har qanday zamonaviy boshqaruv organi faoliyatining asosidir.

Boshqaruv organlaridagi ish yuritish holati rahbarlik, ijro, axborot hisob-kitob, nazorat kabi ishning eng muhim sohalariga hal qiluvchi darajada ta’sir o’tkazadi. Boshqaruvda mehnat samaradorligi, tejamkorligi va yuqori darajada tashkil etilishi, boshqaruv xodimlari ishining madaniy saviyasi ko’p jihatdan ish yuritishning tashkil etilishiga bog’liq bo’ladi. So’ngi o’n yillikda ilmiy adabiyotlarda “ish yuritish” atamasining sinonimi sifatida “boshqaruvning hujjatlar bilan ta’minlanishi” atamasining ishlatila boshlanganligi tasodifiy hol emas, bu atama ish yuritishni zamonaviy tashkil etishning axborot-texnologiya xarakterini ifodalaydi. Boshqacha aytganda u hujjatlar bilan ishlashning butun majmuasini – shu jumladan, hujjatlar aylanmasini va hujjatlarni saqlash taxnologiyasini o’z ichiga oladi.

“Ish yuritish” atamasi ilmiy muomalaga va MDH mamlakatlari ma’muriy tashkilotlari amaliyotiga XVIII asrning ikkinchi yarmida kirib keldi. Bu so’zning dastlabki ma’nosi, avvalo, qarorlar qabul qilish yoki “ish boshqarish” bilan bog’liq bo’lgan barcha faoliyatni ifodalab, ushbu o’rinda “ish” deganda hokimiyat va boshqaruvning ma’muriy yoki sud organi hal qiladigan masala nazarda tutilar edi. Sharq mamlakatlaridagi davlat boshqaruvida hujjatning kelib chiqishiga oid ma’lumotlar “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi” ilmiy nashriyoti tomonidan 2003 yilda nashr etilgan “Ish yuritish” nomli kitobda bayon etilgan.

Zamonaviy ma’nodagi ish yuritish boshqaruvni hujjatlar bilan ta’minlash degan ma’noni bildirib, tashkilot muassasi ma’muriy-boshqaruv faoliyatining mustaqil tarmog’iga aylangan, bu tarmoq ishlarni hujjatlashtirish va rasmiy hujjatlar bilan ishlashni yo’lga qo’yish, boshqaruv apparatining vazifalarini amalga oshirish jarayonida foydalanish uchun turli vositalarda qayd etilgan hujjatli axborot bazasini yaratish degan ma’noni baldiradi.

Hujjatlashtirish - ish yuritishning muhim tarkibiy qismi bo’lib, u boshqaruv faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan barcha axborotni turli vositalarga qayd etish va rasmiylashtirishning tartibli jarayonidan iborat.

Vazirlik, boshqarmalarni, hokimiyatning barcha pog’onalari organlarini zamonaviy hujjatlashtirish, axborotni qayd etishning tabiiy, an’anaviy usullarini ( qo’lyozma, mashina yozma, shu jumladan, telegramma, telefonogramma, faks, maninogramma, videogramma turlarini) sun’iy usullar (perfokartalar, perfotasmalar, magnit tasmalari, kartalar, disklar, kristallar hamda hisoblash texnikasi va mikrografiyaning boshqa vositalari) bilan birga ishlatishni taqozo etadi.

Hujjatlashtirishg vositalarini tanlash ham axborotni qayd etish usulini belgilaydi. Ular hujjat tuzishda ishlatiladigan oddiy qurollar (qalam, ruchka) mexanik qurollar (elektr-mexanik vositalar ya’ni yozish mashinalari, magnitofonlar, diktofonlar, foto, kino, video texnika vositalari) bo’lishi ham mumkin. Hisoblash texnikasi vositalari ham shunday qurollar vositasiga kiradi. Hujjatlashtirish usullari hujjatlashtirish vositalariga qarab bir-biridan quyidagicha farq qiladi:

- matnlarni hujjatlashtirish;

- kino, foto, video vositalarida hujjatlashtirish;

- elektron hujjatlashtirish.

Hujjatlashtirish natijasida hujjat vujudga keladi, u identifikatsiyalash imkonini beradigan belgilari, rekvizitlari bo’lgan moddiy vositaga yozilgan birlamchi axborotdir.

Axborotning boshqa vasitalari ya’ni qayta ishlangan ikkilamchi axborotni bayon etuvchi kitob, gazeta, jurnallardan farqli o’laroq, hujjatlarda axborot birinchi marta qayd etiladi.

Hujjat so’zi arab tilidan o’zbek tiliga necha asrlar avval kirgan bo’lib, isbot usuli, dalil ma’nolarini bildiradi. Hujjat huquqiy mazmunga ega bo’lib, u boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun asos, qarorlarni ijrosining dalili va isboti bo’lib xizmat qiladi.Hujjat boshqaruv axboroti ma’lumotlarini yig’ish, ularni saqlash, uzatish, shuningdek, arxiv ma’lumotlarini olishda zaruriy vositadir.

Shunday qilib, hujjatning ahamiyati va vazifasi keng qirrali bo’lib, undan turli ehtiyojlarni qondirish maqsadida foydalaniladi.

Hokimiyat tuzilmalari faoliyatida amalga oshiriladigan asosiy boshqaruv vazifalaridan biri bo’lgan boshqaruv tizimi va jarayonlarini tashkil etish tashkiliy hujjatlar majmuasida ifodalab beriladi. Boshqaruv organining maqomini, vakolat chegaralarini, uning faoliyat mazmunini, tuzilmasi, shtatdagi xodimlar soni, lavozimlar tarkibi va boshqa jihatlarini belgilaydigan qoidalar, nizomlar, me’yorlar ana shunday vazifalar jumlasiga kiradi.

Rejalashtirish vazifasi tashkilot faoliyatini rejalashtirish yuzaga chiqariladi va reja hujjatlarida qayd etiladi.

Ma’muriy masalalarni , hokimiyat organlari, muassasa va tashkilotlar, ularning tarkibiy bo’limlari, ayrim mansabdor shaxslarning faoliyatini tartibga solish, ularning o’zaro hamkorligi masalalarini hal etish farmoyish hujjatlarida ifodalanadi. Xolisona va to’g’ri axborotni yig’ish va ishlash jarayoni axborot-ma’muriy va tahliliy ma’lumot hujjatlarini yaratish natijasida nihoyasiga yetkaziladi, bu hujjatlar asoslangan, hozirjavob va bajarish mumkin bo’lgan qarorlar qabul qilishning muhim unsuri va sharti bo’lib hisoblanadi.

Har qanday tashkilot faoliyatining natijalari hisobot hujjatlarida bayon etiladi, bu hujjatlar muqobil aloqa vazifasini bajaradi, qabul qilingan qarorlarning bajarilishi ustidan o’z vaqtida zarur nazorat olib borilishini ta’minlaydi. Bularning barchasi erishilgan natijalarni rejadagi ko’rsatkichlar bilan taqqoslash va shu asosda tashkilot faoliyatiga tuzatishlar kiritish imkonini beradi. Shunday qilib, ayni vaqtda boshqaruv apparati zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish vositasi va usuli bo’lgan hujjatlarda boshqaruv faoliyatining barcha shakllari o’z ifodasini topadi.

Hujjatning vazifalari umumiy va o’ziga xos vazifalarga bo’linadi, u esa quyidagilardan iborat:

* axborot vazifasi – har qanday hujjatni maqsadi – vaqt va zamonda qayd etilgan hujjatni saqlab qolishdan iborat;

* ijtimoiy vazifa – har qanday hujjat biron-bir ijtimoiy ehtiyojning ifodasi bo’ladi;

* kommunikativ vazifasi – hujjat hamisha boshqaruvchi va boshqariluvchi tuzilmalar o’rtasidagi, davlat va jamoa tashkilotlari, mansabdor shaxslar o’rtasidagi aloqa vositasi bo’lib xizmat qiladi;

* madaniy vazifa – hujjat madaniy an’analarni mustahkamlash va tarqatish vositasidir.

Boshqaruv faoliyati turli sohalarning o’ziga xos xususiyatlaridan hujjatning bir qancha maxsus vazifalari kelib chiqadi:

- boshqaruv maqsadlarini amalga oshirish uchun maxsus ishlab chiqilgan boshqaruv hujjatlari (reja, hisobot, tashkiliy-farmoyish hujjatlari) boshqaruv vazifasiga ega bo’ladi;

- jamiyatdagi huquqiy me’yorlar va huquqiy munosabatlar qayd etilgan qonun hujjatlari va huquqiy me’yoriy hujjatlar yoki bu vazifalarni vaqtincha bajaradigan hujjatlar (masalan, sudda dalilisbot vazifasini bajaruvchi har qanday hujjat) huquqiy vazifaga ega bo’ladi;

- o’zining asosiy vazifalarini amalga oshirgan va arxivga topshirilgan hujjatlar ilmiy-tarixiy vazifani bajaradi. Hujjatlarning umumiy hajmida bu hujjatlar deyarli 12-14% ni tashkil etadi.
10.2. Hujjatlar oqimini tashkil etish.

Hujjatlar oqimi deganda (aylanmasi) – bu hujjatlarning olingan yoki tuzilgan paytdan to uning ijrosi oxirgacha yetkazilish, jo’natish yoki yig’majildga yuborilishi (topshirilishi)gacha bo’lgan jarayonidagi harakat tushuniladi.

Tashkilot tizimida mustaqil bo’linma sifatida ish yuritadigan boshqaruvni hujjatlar bilan ta’minlash (BHT) xizmati (devonxona, umumiy bo’lim, kotibiyat), shuningdek, maxsus xodim (referent, kotib) faqat huquqiy jihatdan to’g’ri rasmiylashtirilgan va butunligi aniq (ilovalar bor-yo’qligini tekshirib) hujjatlarni matni – mazmunidagi so’rov tavsiya bo’yicha ish yuritish uchun qabul qiladi. Aks holda olingan hujjatlar qaytarilganligi sababi ko’rsatilgan tegishli ilova xati bilan birga muallifga qaytarib yuboriladi.

Hujjat muallifning manzili, uning jo’natilgan va olingan vaqti faqat xatjild (konvert) bo’yicha aniqlanadigan hollarda xatjild saqlab qo’yiladi. “Shaxsan” yozuvi bo’lgan, shuningdek, jamoat tashkilotlariga kelgan xatlar (hujjatlar) ochib ko’rilmagan holda tegishli joylariga yetkaziladi.

Kelib tushgan hujjatlar taqsimlash maqsadida BHT xizmati xodimi tomonidan ko’rib chiqiladi. Ular:

- tashkilot rahbari tomonidan ko’rib chiqiladigan hujjatlar;

- tashkilot tarkibiy tizimidagi bo’linmaga yoki bevosita aniq ijrochilarga yuborilgan hujjatlar bo’lishi mumkin.

Tez hal qilinadigan joriy axborotlardan iborat yoki aniq bo’linmaga tegishli hujjatlar rahbariyatga ko’rsatilmay o’z egalariga beriladi. Bu tashkilot rahbarini mas’ul ijrochilar hal qilishi mumkin bo’lgan mayda-chuyda masalalar bilan shug’ullanishidan ozod etadi.

Tashkilot rahbariga jo’natilgan, shuningdek, tashkilot faoliyatiga tegishli eng muhim masalalar haqidagi axborotlardan iborat hujjatlar ko’rib chiqish uchun rahbariyat e’tiboriga yetkaziladi. Ijro etilishi lozim bo’lgan hujjatlarning barchasi ro’yxatga olinganidan keyin dastlabki taqsimlashga binoan rahbarga yoki tizimining tegishli bo’linmasiga (mas’ul ijrochilariga) o’tkaziladi.

Rahbar tomonidan ko’rib chiqilgan hujjatlar BHT xizmatiga qaytariladi va ro’yxatga olish daftarchasiga rahbarning ushbu masalaga doir ko’rsatmalari qayd etib qo’yiladi. Shundan keyin bu hujjatlar ijro uchun tarkibiy bo’linmalarga (mas’ul ijrochilarga) topshiriladi. Ularning bajarilish jarayoni BHT xizmati tomonidan nazorat qilib turiladi.

Hujjatlarni ko’rib chiqish va ijro etuvchilarga berish ularning BHT xizmatiga kelib tushgan kunidanoq amalga oshiriladi. Agar hujjat bir necha bo’linmalar yoki mansabdor shaxslar tomonidan bajariladigan bo’lsa, u zarur nusxada ko’paytiriladi.

Ijro etilgan hujjatlar yig’majildga javob xatlar nusxalari bilan birga tikib qo’yiladi.

Jo’natma hajjatlar bilan ishlash mas’ul ijrochining hujjat matni loyihasini tayyorlashidan boshlanadi, so’ngra hujjat manfaatdor lavozimdagi shaxslar bilan kelishilgan va ularning fikr-mulohazalarini hisobga olingan holda qayta ishlashni maromiga yetkazadi. Hujjatning tugallangan ko’rinishi ko’chirilgandan keyin rahbariyat tomonidan imzolanib, ro’yxatga olinadi va adresatga (oluvchiga) yuboriladi. Yuborilgan hujjatning tasdiqlangan nusxasi yig’majildga tikib qo’yiladi.

Boshqa tashkilotlarga yuborilishi zarur bo’lgan hujjatlar dastlab saralanib, joylashtiriladi, so’ngra pochta jo’natmasi singari dastlab rasmiylashtirilib aloqa bo’limiga topshiriladi. Hujjatlarni jo’natishga tayyorlashda BHT xizmati – ularning to’g’ri rasmiylashtirilganligi, barcha ilovalarning mavjudligi, nusxalar sonining adresatlar soniga mosligi va boshqalarni tekshirib chiqishi lozim. Noto’g’ri rasmiylashtirilgan hujjatlar qaytadan tayyorlanishi uchun ijrochiga qaytarilishi zarur. Buyurtma xatlar uchun jo’natish ro’yxati tuziladi va u BHT xizmati xodimi tomonidan imzolanib, sanasi qayd etiladi.

Jo’natma hujjatlar ro’yhatga olingan kunning o’zidayoq ko’rib chiqilishi, ishlanishi va jo’natilishi shart.

Tashkilotning hujjatlari ham jo’natma hujjatlarni tayyorlash shaklida tuziladi: dastlab hujjat matni loyihasi tayyorlanadi, manfaatdor lavozimdagi shaxsning fikr-mulohazalari bo’yicha qayta ishlanadi va nihoyat hujjatning tugallangan nusxasi ko’chirilib, rahbar tomonidan imzolanadi. Hujjat ro’yhatga olingandan keyin zarur miqdorda (ijrochilar soniga qarab) ko’paytiriladi. Hujjat nusxalari tasdiqlanadi va tarkibiy bo’linmalarga (mas’ul ijrochilarga) bajarish uchun beriladi. Hujjatning asl nusxasi yig’majildga tikib qo’yiladi. Hujjatlarning tashkilot ichidagi ijrochilariga hujjatlarni olganligi to’g’risida imzo qo’ydirilishi lozim.

BHT xizmati ishlangan hujjatlar sonini, ularning barcha turlarini va ko’paytirilgan nusxalari miqdorini hisobga olgan holda muntazam hisoblab borish, ya’ni hujjatlarning yuritilishi salmog’ini hisobga olib turishi kerak. Hujjatlar miqdori to’g’risidagi ma’lumotlarni tashkilotning o’zida ishlab chiqilgan va har kuni, har oyda, har chorakda va har yili tarkibiy bo’linmalarda hamda BHT xizmatida to’ldirib boriladigan tegishli hisobot shaklida qayd etib borish – yozib borish ishda qulaylik tug’diradi.

Hujjat yuritish hisoboti natijalari umumlashtirilib, ma’lumot uchun tashkilot rahbariga havola etiladi. Bu esa istiqbolda hujjatlar bilan ishlashni takomillashtirish va BHT xizmati xodimlari sonini belgilash tadbirlarini amalga oshirishda tashkilot rahbariga yordam beradi.
10.3. Hujjatlar ijrosini nazorat qilish.
Ro’yhatdan o’tkazilgan barcha hujjatlarning ijro etilishi nazorat qilinadi. Ijroni nazorat qilishga quyidagilar kiradi:

- hujjatni nazorat qilishni yo’lga qo’yish;

- hujjatning ijrochiga o’z vaqtida yetib borishini tekshirish;

- ijroni amalga oshirish jarayonini tekshirish va boshqarib turish;

- hujjatlar ijrosini nazorat qilish natijalarini hisobga olish va umumlashtirish va bu haqda rahbarni xabardor qilish.

Ijroni nazorat qilishni tashkil etishdan asosiy maqsad hujjatlar ijrosining vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashdir. Nazoratni rahbarlar, BHT xizmati xodimlari va mas’ul ijrochilar amalga oshiradilar. BHT xizmati tashkiliy farmoyish hujjatlari ijrosini nazorat qiladi. Boshqa tizimdagi hujjatlar ijrosi esa tegishli bo’linmalar yoki xodimlar tomonidan nazorat qilinadi.

Ijro etilish muddatlari hujjat imzolangan (tasdiqlangan) sanadan boshlab taqvim kunlarda, yangi kelgan hujjatlarni kelgan kunidan boshlab hisobga olinadi.

Hujjatlar ijrosining belgilangan muddatlari davlat hokimiyati va boshqaruv oliy organlari, shuningdek, markaziy va tarmoq boshqaruvining maxsus qarorlari bilan joriy etiladi.

Ijroning yakka tartibdagi muddati korxona rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Ijro muddatini o’zgartirish to’g’risidagi qaror rahbar rezolyusiyasida ko’rsatiladi va u rezolyusiyadan nazorat varaqchasiga o’tkaziladi.

Ijroni nazorat qilishni uyushtirishda hujjatlarni ro’yhatga olishda to’plangan ro’yhatga olish varaqchasi nusxalaridan foydalaniladi.

Nazorat qilinayotgan hujjatlar varaqchasi (nazorat varaqchasi) hujjatlar ijrosi muddati, ijrochilar, shuningdek, hujjatlar guruhlari bo’yicha alohida-alohida tartibga solinadi.

Nazorat xizmati tomonidan quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

* nazorat qilinayotgan hujjatlar varaqchalari qutisini tashkil etish;

* nazorat qilinayotgan hujjat varaqchasi (topshirish) ni ijrochi – bo’linmaga yuborish;

* tarkibiy bo’linmadagi ijrochining ismi, familiyasi va otasining ismi hamda telefon raqamini aniqlash;

* ijrochi bo’linmaga va natijalari to’g’risida ma’lumot olish;

* nazoratdagi hujjat varaqchasiga ijroning borishi va natijalarini yozib qo’yish;

* ijroning holati va natijalari to’g’risida rahbarlarga muntazam axborot berib turish;

* hujjatlar ijrosining borishi va natijalari to’g’risida kundalik yig’ilishlarda, jamoat tashkiloti majmuasida axborot berib turish;

* rahbarlar ko’rsatmasiga binoan hujjatlarni nazoratdan chiqarish;

* ijro etilgan hujjatlar varaqchalari yig’majildini tuzish.

Ijroni amalga oshirishning barcha bosqichlarida oxirgi muddatigacha tekshirish quyidagi tartibda olib boriladi:

- keyingi yillar topshirig’i – kamida yilda bir marta;

- joriy yilning keyingi oylari topshirig’i – har o’n kunda, muddatning tugashiga besh kun qolganda.

BHT xizmati ijro muddati o’tishini faqat kuzatibgina qolmay, ogohlantirib nazorat qilish kerak. Ya’ni ijrochilarga ijro muddatining tugab borayotganini aytish bilan chegaralanib qolmay, ijro holatini, shuningdek, uning o’z vaqtida bajarilmasligi sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko’rgan va bundan rahbariyatni habardor qilgan holda, hujjatlar ijrosining bajarilishiga yordam ko’rsatishi kerak.

Vazifa bajarilgandan keyin natijalar to’g’risida tegishli topshiriqlarga va shaxslarga xabar berilgach yoki ijroning boshqa hujjat bilan tasdiqlangani ma’lum bo’lgach, xujjat bajarilgan hisoblanadi va nazoratdan olinadi. Ijro natijalari nazorat varaqchasida va ijro etilgan hujjatda belgilab qo’yiladi.

Ijrochilarning ish natijalari va nazorat qilinuvchi hujjatlar BHT xizmati tomonidan vaqti-vaqti bilan (masalan, har oyda) umumlashtirish va tahlil qilib borish, hamda ijro intizomini mustahkamlash maqsadida korxona rahbariga axborot berib turilishi zarur.
10.4. Tashkilot hujjatlarini tizimlashtirish.
Korxonada yig’majildlarni to’g’ri rasmiylashtirish va ularning hisobini olish uchun yig’majildlar tuziladi.

Hujjatlar yig’majildlari ro’yxati – bu saqlash muddatlari ko’rsatilib belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan yig’majildlar ro’yxatidir. Korxona faoliyatida tarkib topadigan texnik hujjatlar va bosma nashrlardan tashqari kelgan va yuborilgan barcha hujjatlar yig’majildlar nomenklaturasiga kiritiladi. Yig’majildlar nomenklaturasini tuzishda korxonalar boshqaruvni hujjatlar bilan ta’minlash, davlat tizimida, tarmoq arxivlarining asosiy ichki qoidalarida, saqlash muddati ko’rsatilgan hujjatlar ro’yxatida qayd etilgan talablarni hisobga olishlari zarur.

Korxonaning yig’majild nomenklaturasi hujjatlar bilan ish olib borishni tashkil etish uchun mas’ul bo’lgan mutaxassis tomonidan ishlab chiqilganidan so’ng, korxona rahbari tomonidan tasdiqlanib kelgusi taqvim yilning 1 yanvaridan boshlab amalga kiritiladi.

Yig’majild nomenklaturasi belgilangan shakl bo’yicha tuzilgan bo’lib, unga quyidagi rekvizitlar kiritiladi: korxona nomi, hujjat turining nomi, sanasi, indeksi, tuzilgan joyi, tasdiqlangan vaqti, matn sarlavhasi, matn, imzo, kelishilgan (ma’qullangan) vaqt.

Yig’majild nomenklaturasining mazmuniy qismi quyidagi 5 grafali jadvaldan iborat : yig’majild, indekslari, sarlavhalari, miqdori (jildor, qismlar) va ro’yxat bo’yicha maqolalar nomeri, hamda izohlar. Yig’majild jadvalining 1 –grafasida ish yuritish indeksi ko’rsatiladi. Unga quyidagilar kiritiladi:

- bo’linma tasnifi (klassifikatsiyasi) bo’yicha korxonaning tarkibiy tizimi indeksi yoki tarkibiy bo’linmasi bo’lmasa faoliyat yo’nalishi indeksi;

- yig’majildning mazkur korxona ichidagi tartib nomeri yoki faoliyati yo’nalishi nomeri;

2 – grafasida yig’majildning sarlavhalari ma’lum izchillikda joylashadi. Yig’majild sarlavhalari nomenklatura bo’limlari bo’yicha guruhlanadi. Tarkibiy bo’linmalar yoki korxona faoliyatining yo’nalishlari yig’majild bo’limlari nomlari bilan nomlanadi.

Yig’majild sarlavhalari bo’limlar va bo’limchalar ichida undagi hujjatlarning muhimligiga qarab joylashtiriladi. Dastlab tashkiliy – buyruq mazmunidagi hujjatlardan iborat yig’majild sarlavhalari, keyin reja va hisobot hujjatlari, so’ngra boshqa saqlash muddatlari kamayib borayotgan sarlavhalar joylashadi.

Yig’majild sarlavhalarini tuzishda quyidagilar hisobga olinishi zarur:

* mazkur yig’majildda guruhlashadigan sarlavhalar hujjat mazmuniga to’la mos bo’lishi kerak;

* sarlavha qisqa va aniq ifodalanishi lozim;

* “Umumiy yozishma”, “ Turli hujjatlar”, “Ma’lumotnoma” kabilarga o’xshash sarlavhalar ularni tuzish jarayonida yanada aniqlik kiritilishi mumkin.

Yig’majild sarlavhalari tarkibini quyidagi qismlar tashkil etadi:

- hujjatning turi ( yozishma, xat, jurnal va b.) yoki shakli (buyruq, ko’rsatma, bayonnoma, qarorlar va b.);

- korxonaning yoki uning tarkibiy bo’linmasi nomi;

- adresat yoki hujjat yuborgan egasi; yig’majilddagi hujjatlarning qisqacha mazmuni;

- yig’majilddagi hujjatlar mazmuni bilan bog’liq, hudud (joy)ning nomi;

- yig’majilddagi hujjatlarga dahldor sana (davr);

- yig’majilddagi hujjatlarning nusxalari bor-yo’qligi haqida eslatma.

Ochilayotgan yig’majildning nomi yoki hujjatlarning turlari sarlavha boshida, “Nusxa” so’zi esa oxirida ko’rsatiladi. Masalan, “Attestatsiya komissiyasining 1999 yildagi majlislari bayonnomalari”.

Yozishmalardan iborat yig’majild sarlavhalarida kimlar va qanday “Biznes Bank bilan buxgalteriya hisobi, hisobot va moliyaviy faoliyat masalalari bo’yicha yozishmalar”.

Bir turdagi jismoniy yoki huquqiy shaxslar bilan yozishmalardan iborat yig’majildlar sarlavhalarida ularning nomi yozib chiqilmaydi, faqat umumiy nomi ko’rsatiladi: masalan, “Korxonaning pul to’lash to’g’risidagi talabnomalarini rad etgan yozishmalar”. Reja yoki hisobot hujjatlaridan iborat yig’majildlar sarlavhalarida tuzilgan vaqt ( oy, chorak, yil), hujjat turi ( reja, hisobot) va mualliflar nomi ko’rsatiladi. Masalan, “Kontakt” korxonasining 2010 yil uchun kapital quyilmalar rejasi.

Tashkiliy farmoyish hujjatlaridan iborat yig’majildlarda hujjatning turi va mualliflar nomlari ko’rsatiladi. Masalan, “Korxona direktorining 2010 yilda shaxsiy tarkib bo’yicha chiqargan buyruqlari”.

Ish yuritish jarayonlarining ketma-ketligi bilan bog’liq bo’lmagan bir masala bo’yicha har turdagi hujjatlardan iborat yig’majildlar sarlavhalarida yig’majild turi sifatida “hujjatlar” atamasi qo’llaniladi. Sarlavha oxirida qavslar ichida yig’majildda guruhlashtirilgan hujjatlarning asosiy turlari ko’rsatiladi. Masalan, mol-mulk va materiallarni qabul qilish, topshirish va hisobdan chiqarish to’g’risidagi (dalolatnomalar, ro’yxatlar, vedomostlar).

Bir yil davomida hal qilinmagan masalalarga doir hujjatlar yig’majildi kelgusi yil ishlari ro’yhatiga o’z indeksi bilan kiritiladi. “Jildlar soni” ning 3-grafasi taqvim yili tugagach, to’ldiriladi.

4- grafada saqlash muddati va ro’yxat bo’yicha bandi nomeri (raqami) ko’rsatilib, ro’yxatga yoki namunaviy jild ro’yxatiga ilova yozib qo’yiladi.

5 – “Eslatma” grafasida yig’majild ko’rsatilmaganligi (“Yig’majild ko’rsatilmagan”), yildan-yilga o’tkazilgan yig’majildlar, yig’majildlarning yo’q qilinganligi, hujjatlar asl nusxalarining saqlash joylari to’g’risida qayd qilinadi. Shu joyning o’zida hujjatlarning saqlash muddatlari qayd qilingan ro’yxatning nomi ko’rsatiladi.

Yig’majildlar ro’yxati tuzilayotgan paytda uning har bir bo’limida zaxira nomerlar (ochiq joylar) qoldirish kerak, kelajakda ulardan yig’majild ro’yxatida ko’zda tutilmagan, lekin korxonada taqvim yil davomida shakllantirilgan yig’majild sarlavhalarini kiritishda foydalanish mumkin.

Taqvim yil tugagach, alohida saqlash muddati doimiy va vaqtincha bo’lgan hujjatlar uchun yuritilgan yig’majildlar soni to’g’risida alohida yakuniy ma’lumotlar tuziladi.

O’z-o’zini tekshirish uchun savollar

1. Ish yuritishni qanday soha deb bilasiz?

2. Hujjatlashtirish deganda nimani tushunasiz?

3. Hujjat va hujjat aylanmasi haqida nimalarni bilasiz?

4. Boshqaruvda axborot ahamiyati qanday?

5. Boshqaruv tizimida ish yuritishning asosiy tushunchalarini aytib bering.

6. Hujjatlar oqimi qanday tashkil etiladi?

7. Hujjatlar ijrosini nazorat qilish zarurati nimada?

8. Tashkilot hujjatlarini tizimlashtirish ahamiyati haqida aytib bering.

9. Korxonada yig’majildlarni to’g’ri rasmiylashtirish to’g’risida nimalarni bilasiz?

10. Hujjatlar yig’majildlari ro’yxati to’g’risida nima deya olasiz?

11. Yig’majild nomenklaturasining mazmuniy qismi necha grafali jadvaldan iborat?

12. Ro’yxatdan o’tkazilgan barcha hujjatlarning ijro etilishi nazorat qilinadi. Ijroni nazorat qilishga nimalar kiradi?

13. Ro’yxatdan o’tkazilgan barcha hujjatlarning ijro etilishi nazorat qilinadi. Ijroni nazorat qilishni tashkil etishdan asosiy maqsad nimalardan iborat?

14. Ro’yxatdan o’tkazilgan barcha hujjatlarning ijro etilishi nazorat qilinadi. Nazorat kim tomondan amalga oshiriladi?

15. Ro’yhatdan o’tkazilgan barcha hujjatlarning ijro etilishi nazorat qilinadi. Nazorat xizmati tomonidan qanday ishlar amalga oshiriladi?

16. Ijroni amalga oshirishning barcha bosqichlarida oxirgi muddatigacha tekshirish qanday tartibda olib boriladi?

17. Hujjatlar oqimi deganda (aylanmasi) nima tushuniladi?

18. Kelib tushgan hujjatlar taqsimlash maqsadida kimlar tomonidan ko’rib chiqiladi. Ularning vazifalari nimalardan iborat?

19. Hujjatlarni jo’natishga tayyorlashda BHT xizmati qanday ishlarni amalga oshiradi?

20. An’anaviy ish yuritishni takomillashtirish muammosi qanday hal qilinmoqda?

21. “Ish yuritish” atamasi qachon kirib keldi?

22. Hujjat so’zi arab tilidan o’zbek tiliga necha asrlar avval kirgan bo’lib, uning ma’nosi nimani bildiradi?

23. Hujjat so’zining mazmun- mohiyati nimalardan iborat?

24. Hujjatning ahamiyati va vazifasi nimalardan iborat?

25. Har qanday tashkilot faoliyatining natijalari qanday hujjatlarda bayon etiladi?

11 - Mavzu. Nizo va stressni boshqarish.
11.1. Nizo, ularning kelib chiqish sabablari va turlari.

11.2. Nizo jarayonidagi bosqichlar va oqibatlar.

11.3. Ishlab chiqarishdagi nizolarning oldini olish va bartaraf etish.

11.4. Stress va uni boshqarish.

Qo’llaniladigan pedogogik texnologiyalar: “Interaktiv”, “Insert” usullari.

11.1. Nizo, ularning kelib chiqish sabablari va turlari

O’zbek tilining izohli lug’atida nizo tushunchasi quyidagicha talqin qilinadi:

Nizo — bu o’zaro kelishmovchilik yoki qarama-qarshilik, dushmanlik, adovat orqasida tug’ilg’an holat, munosabat; ixtilof, nifoq”.

Adovat, ixtilof, nifoq tufayli o’zaro janjallar sodir bo’la­di. Odamlar janjal haqida o’ylaganlarida dushmanlik, qo’rqitish, bosqinchilik, tortishuv kabi noxushliklarni nazarda tutishadi.



Boshqarish jarayonida nizo — bu rahbar, ishchi va boshqa xo­dimlar o’rtasida muayyan masalalarni hal qilishda tomonlarning bir-biri bilan bir yechimga kela olmaganligi tufayli vujudga keladigan vaziyatdir.

Ishlab chiqarishdagi nizolar kishilar kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladi va ularning ish qobiliyatini pasaytiradi, jamoadagi "ruhiy iqlim" ni yomonlashtiradi, kadrlar qo’nimsizligini ko’paytiradi. Shuning uchun bu masalalarga doimo e’tibor berish, mehnat jamoalarini boshqarishni, kadrlar turg’unligini ta’minlovchi shartlardan biridir. Ishlab chiqarishda nizoli vaziyatlar oldini olishning barcha imkoniyatlaridan foydalanish lozim.

Nizo qanday xarakterga ega bo’lmasin va u qay darajada katta bo’lmasin, barcha hollarda nizoning sabablari hamda uni vujudga keltirgan holatlar diqqat bilan tahlil qilinishi lozim. Rahbar har bir aniq vaziyatning tagiga adolat va obyektivlik bilan yetishi, tegishli xulosalar chiqarishi kerak.

Ishlab chiqarishda nizoli vaziyatlar turli sabablarga ko’ra vujudga kelishi mumkin. Ulardan:

* mehnatni tashqil qilishdagi kamchiliklarni;

*haq to’lashning takomillashtirilmagani;

*yomon mehnat sharoitlarini;

*mehnat haqidagi qonunlarni buzishni;

*rahbarlikning qoniqarsiz saviyasini;

11.2. Nizo jarayonidagi bosqichlar va oqibatlar

Nizoning kelib chiqishi va to’qnashishning sodir bo’lishi bir butun jarayon bo’lib, bu jarayon quyidagi bosqichlarni o’z ichiga oladi (66-chizma).



Nizoning kelib chiqish va to’qnashish jarayoni modeli.

Bu jarayonning birinchi bosqichida nizo chiqishi uchun vaziyat tug’iladi, ya’ni tomonlar manfaatlarining qarama-qarshiligi obyektiv ravishda namoyon bo’ladi. Ammo ochiqdan-ochiq to’qnashuv sodir bo’lmaydi. Bunday holat har ikkala tomon tashabbusi bi­lan yoki "merosdan " qolgan nizoning ta’siri ostida vujudga ke­lishi mumkin.

Nizoli vaziyatning obyektiv ravishda vujudga kelishiga bevosita qarama-qarshi turuvchi tomonlarning o’zlari yoki ularning muxoliflari sababchi bo’lishi mumkin. Ular turlicha daraja (rang) ga ega bo’lgan tomonlardir. Masalan:


  1. darajali muxoliflar — bu shaxslar;

  2. darajali muxoliflar — bu guruhlar;

  3. darajali muxoliflar — bu tashkilotlar;

  4. darajali muxoliflar — bu dialog chog’ida o’z-o’zidan qaror qabul qiluvchi shaxslardir. Nizoning rivojlanishida va sodir bo’lishida ularning ta’siri deyarli bo’lmaydi.

Nizoli vaziyatning boshqa bir unsuri — bu ayni shu vaziyatni keltirib chiqaruvchi obyektdir. Ko’pincha shu obyektni "bo’lishi olmaslik " yoki uni "bo’lishdagi " adolatsizlik sababli nizoli va­ziyat vujudga keladi. Natijada ziddiyatga boruvchi tomonlar O’zla­rining manfaatlari yo’lida hal qiluvchi mavqeni egallashga urinadilar.

Nizoli vaziyatning tashqi unsurlari ham mavjud. Bular quyidagilardir:



  1. haddan tashqari hissiyotga berilish;

  2. fikrini aniq izhor eta olmaslik;

  3. bir-birini tushunishini xohlamaslik;

  4. asosga ega bo’lmagan noshukurlik va hokazo.

11.3. Ishlab chiqarishdagi nizolarning oldini olish va bartaraf etish.

Nizoli vaziyatlarni boshqarishning bir qator samarali usullari mavjud. Ularni quyidagi ikki yirik guruhga bo’lish mumkin.



Nizoli vaziyatlarni boshqarish usullari.

Ta’kidlaganimizdek, rahbar nizoli vaziyatlarning kelib chiqish sabablarini faqat kishilar harakatlaridagi tafovutlardan deb bilmasliklari kerak. Albatta, bu ham qandaydir aniq, holatda nizoli vaziyatning vujudga kelishida muhim omil vazifasini bajarishi mumkin. Ammo u ta’sir etuvchi faktorlarning faqat bittasidir. Shu sababli, rahbar, eng avvalo nizoni keltirib chiqaruvchi omillarning tahlilini qilishi, so’ngra esa u yoki bu usulni qo’llash bo’yicha qaror qabul qilishi kerak.



Ishga bo’lgan talabni tushuntirish usuli. Bu usul disfunksio­nal usulga mutlaqo zid bo’lib, bunda har bir xodim va bo’limlar­dan qanday natija kutilishi tushuntiriladi. Bu yerda ularga quyidagilar eslatiladi:

  1. erishishi lozim bo’lgan natija ko’lami;

  2. kim axborotni topshiradi va kim uni qabul qiladi;

  3. mas’uliyat, javobgarlik va vakolat tizimi;

  4. aniq siyosat, tartib-qoidalar va h.k.

Rahbar bu masalalarni o’zi uchun aniqlashtirish maqsadida emas, balki har bir vaziyatda, har bir xodim va bo’lim qay tarzda ish tutishini, ularni nima kutishini tushuntirib bermog’i lozim.

Muvofiqlashtirish va integrasiyalash usuli. Bu usul og’zaki buyruq (amr) zanjiri deb yuritiladi.

Boshqarishda vakolatlar ierarxiyasini, ya’ni mansablarga ko’ra darajama-daraja bevosita itoat etish, bo’ysunush tartibini o’rnatish kishilarning o’zaro harakatlarini, korxona ichidagi axborotlar oqimini, qarorlar qabul qilishni tartibga tushiradi, muvofiqlashtiradi.



11.4. Stress va uni boshqarish.

Stress — inglizcha (stress) so’zidan olingan bo’lib, asa­biylik, keskinlik degan ma’nolarni anglatadi.

Salbiylik turli jismoniy va aqliy ishlar haddan oshib ketishi, xavfli vaziyat tug’ilgan paytlarda, zarur choralarni zudlik bilan topishga majbur bo’lganda vujudga keladigan ruhiy holatdir. Bunday holatga tushgan kishilarga nisbatan: "u asabiylashdi" deb aytishadi. Shu ma’noda asabiy tushunchasi:



  1. salga asabiylashaveradigan, bo’lar-bo’lmasga qizishib, tutoqib ketadigan, zardasi tez, jizzaki kishi;

  2. asablarning kasalligi tufayli yuz bergan, asablar faoliyatining buzilganligi natijasida yuzaga kelgan hastalik;

  3. asablarning qo’zg’alishi bilan bog’liq bo’lgan holat (janjal, baqiriq-chaqiriq) kabilar ma’nosida talqin qilinadi

O’zini - o’zi tekshirish uchun savollar

1. Nizo nima?

2. Nizolarning kelib chiqish sabablari nimada?

3. Nizolarning qanday xillarini bilasiz?

4. Shaxslararo va shaxs bilan guruh o’rtasidagi nizolarning kelib chiqishiga sabab nima?

5. Guruhlararo nizolar to’g’risida nimalar deya olasiz?

6. Ochiq va yopiq nizolar obyektiv va subyektiv nizolardan nima­lar bilan farq qiladi?

7. Konstruktiv va destruktiv nizolar deganda nimani tushunasiz?

8. Nizo jarayon sifatida qanday bosqichlarni o’z ichiga oladi?

9. Nizoning funksional va disfunksional oqibatlari deganda nimani tushunasiz?

10. Nizoli vaziyatlarni boshqarishning qanday samarali usullarini bilasiz?

11. Tarkibiy-tashkiliy usullarning mohiyati nimada?

12. Strategik usullar to’g’risida nimalar deya olasiz?

13. Rahbar nizoni bartaraf qilish uchun qanday yo’l tutishi kerak?

14. Stress nima?

15. Stressning sabablari nimada?

16. Stress qanday boshqariladi?

17. Halovatsizlik xissi haqida bilish zarur bo’lgan asosiy qoidalar nimadan iborat?

18. Bezovtalik xissini tahlil qilishning qanday usullarini bi­lasiz?

19. Halovatsizlik sizni adoi-tomom qilmasdan qanday qilib uni bartaraf etish mumkin?

20. D. Karnegining tinchlik va baxt yaratishning yetti yo’li nimalardan iborat? Baxt va halovatga erishishning yetti qoidasichi?

21. Rizouddin ibn Faxriddinning xotirjamlikka chorlovchi 11 ta nasihatini bilasizmi?

22. Abu Bakr Roziy asabning qimmati haqida.

23. Asab haqida donolarning dil so’zlari.

12- Mavzu. Innovatsion menejment.
12.1. Innovatsion menejmenti asoslarining shakllanish tarixi.

12.2. Innovatsiya boshqaruvi.

12.3. Innovatsion menejmentning tashkiliy formalari.

Qo’llaniladigan pedogogik texnologiyalar: “Interaktiv”, “Insert” usullari.
12.1. Innovatsion menejmenti asoslarining shakllanish tarixidan.
Tarixiy jihatdan texnologik va madaniy taraqqiyot darajasi turli innovatsiyalarni ishlab chiqarishga va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga tatbiq qilinishi bilan belgilanadi.

Yangi shakldagi iqtisodiyotga o’tish, yangi turdagi mahsulotlarning ommaviy suratda ishlab chiqarilishi, ularning ichki va tashqi bozorlarda sotilishi, shuningdek, boshqa omillar natijasida yangicha hayotiy faoliyatning shakllanishi yuz berdi. Xo’jalik hayotining yangicha shakli bilan bog’liq texnologiya va ishlab chiqarish yangiliklari u yoki bu davr talablariga javob bergan va shu boisdan aholining turli ijtimoiy guruhlari tomonidan yaxshi qabul qilingan.

XX asr rivojlangan mamlakatlarda insonlar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko’rsata boshlagan moddiy boyliklar dunyosi shaharlar va davlatlarning vujudga kelishi barobarida izchil rivojlandi. Shu tariqa, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar taraqqiyoti asosida ishlab chiqarishda boshqaruvning quyidagi funksiyalari va tamoyillari ustuvor bo’ldi:

- rejalashtirish va tashkillashtirish;

- turli maqsad va vazifalarni amalga oshirish;

- tartibga solish va nazorat qilish;

- yangicha ish tamoyillarini va samarali ishlab chiqarishni ta’minlash;

- zamon ehtiyoji va talablaridan kelib chiqib, yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish.

Ko’p asrlar davomida ishlab chiqarish doirasida iqtisodiyot sohasining asosiy axborotlar bo’g’ini bo’lgan ijobiy bilimlarni to’plash, tizimlashtirish va tashkiliy tarzda yetkazib berish jarayoni bordir. Texnika-iqtisodiyot makrotizimining murakkablashuvi bilan shu turdagi axborotlar hajmi keskin o’sdi. Ulkan ijobiy bilimlar zaxirasi empirik yo’l bilan to’plandi, ular ishlab chiqarishga yangidan-yangi innovatsiyalarning joriy etilishiga asos bo’ldi.

Turli yangiliklar iqtisodiy va moliyaviy sohalarga aynan shu tamoyillarga tayangan holda bosqichma-bosqich joriy etilgan. Shu ma’noda har qanday texnik yangiliklarning ishlab chiqarishga joriy etilish natijalarini, yangi mahsulotlarning ommaviy tarzda ishlab chiqarilishi va ularni sotish uchun bozorlarga chiqarish muammolarini tarixiy ma’lumotlar asosida o’rganish mumkin. Jumladan, hunarmandchilik mahsulotlarining ommaviy ravishda ishlab chiqarilishi, savdoning tashkil qilinishi, mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlarning izlanishi xalqaro karvon savdosining keng rivojlanishiga va mil. avv. II asrda Buyuk ipak yo’lining vujudga kelishiga olib keldi. Zarafshon va Kashqadaryo vodiylarida yashovchi so’g’diylar ushbu yo’l bo’ylab qizg’in savdo faoliyatini yo’lga qo’ydilar. O’rta Osiyoni Xitoy bilan bog’lovchi savdo yo’li ustida so’g’diylar tomonidan maxsus savdo manzilgohlari tarmog’ining barpo etilishi o’sha davr savdo va iqtisodiyotining muhim yangiligi bo’ldi.

So’g’diylar Xitoy bozorlarida O’rta Osiyo mollariga bo’lgan va aksincha, O’rta Osiyo bozorlarida Xitoy mollariga bo’lgan talabni hamda mollarni sotish shakllarini, ishlab chiqarilgan mahsulotlar va xom-ashyoni xaridorga yetkazib berish yo’llarini o’rgandilar. So’g’d, Toshkent vohalari, Farg’ona vodiysi va boshqa viloyatlarning turli shaharlarida maxsus ixtisoslashgan hunarmandchilik ustaxonalari vujudga keldi.

Texnologiya va ishlab chiqarish yangiliklarining keng ko’lamda o’zaro almashinuvi xitoyliklarning O’rta Osiyodan rangli shisha tayyorlash san’atini o’zlashtirib olishlariga sabab bo’ldi.

Eramizning V – VII asrlarida Samarqand, Buxoro va Termizda ipak tayyorlash, VIII asrda esa Samarqandda qog’oz ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Ipak va qog’oz ishlab chiqarish ilgari faqat Xitoyda ma’lum edi. Natijada samarqandlik savdogarlar jahon bozoriga mahalliy ipak matolar yetkazib beruvchilarga aylandilar. Shu maqsadda ular G’arbga eltuvchi savdo yo’llarini (quruqlik va dengiz yo’llari) muvafaqqiyatli o’zlashtirib oldilar.

VII - VIII asrlardan boshlab tovar-pul munosabatlarida xunarmandchilik buyumlari, qishloq xo’jalik mahsulotlari va chorva hayvonlarining qat’iy belgilangan narxining joriy qilinishi qayd qilingan. Masalan: bir ko’ylakning ipak gazlamaning narxi 28 draxmadan 100 draxmagacha ( 1 draxma – 3-3,5 gramm kumushga teng) bo’lgan, dubulg’a – 2 draxma, ot – 200 draxma, sigir – 11 draxma, qog’oz – 8 draxma turgan va h.k.

IX - XII asrlarda shahar va qishloq aholisi sonining keskin o’sishi, ommaviy iste’mol mollariga bo’lgan talabning oshishi, ichki va tashqi savdoning rivoji ishlab chiqarish hajmining kengayishiga olib keldi. Mahsulotlar hajmining ortib borishi esa savdoning yangi shakllarini tashkil qilishni talab etardi. Shu bois, bu davrda davlatga qarashli va xususiy ustaxonalarda mehnatni tashkil qilishning sexlarga asoslangan shakli, ishlab chiqariladigan mahsulotlar hajmini rejalashtirish, unga bo’lgan talabni va uning raqobatbardoshligini o’rganish singari yangiliklar joriy qilinadi. Shu bilan birga, mahsulotlarning narxi va kelishi mumkin bo’lgan foyda (yoki aksincha, u yoki bu iqtisodiy va moliyaviy sharoitdan kelib chiqqan holda kutilishi mumkin bo’lgan zararlar) inobatga olingan.

O’rta asrlarda savdo-sotiqning yarmarka va ko’tara kim oshdi savdosi singari yangi shakllari vujudga keldi. Undiriladigan boj to’lovlari miqdorining pastligi hamda bojxona maskanlari sonining kamligi savdo-sotiqning rivojiga yordam berdi. Katta hajmdagi savdo uchun muomala vositasi va to’lov birligi sifatida katta miqdordagi pul talab etilardi. Shu maqsadda mis, kumush va oltin tangalar zarb qilindi. Bozorlar va shaharlardagi bosh ko’chalarning chorrahalari – chorsularda pul almashtiruvchi sarroflarning do’konlari joylashgan bo’lib, ular turli shahar va mamlakat pullarini mahalliy pullarga almashtirib berardilar.

Shunday qilib, tarixiy ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, turli innovatsiyalar empirik kuzatish va izlanishlar yo’li bilan ishlab chiqarishga joriy qilingan. Yangi mahsulotlarga bo’lgan keng talab ularning ommaviy tarzda ishlab chiqarilishini ta’minlagan. Bularning bari iqtisodiyotning tashkiliy-boshqaruv tizimining rivojiga ta’sir ko’rsatgan. Vaqt va sharoit, hayotiy faoliyatning yangi shakllari, ishlab chiqarishning yangi maqsad va vazifalari iqtisodiy, moliyaviy va tovar-pul munosabatlarida innovatsion faoliyatni kengaytirish uchun asos bo’lib xizmat qilgan.

12.2. Innovatsiya boshqaruvi.
Innovatsiyalarni o’zlashtirish (joriy etish) jarayonining quyidagi asosiy tomonlariga katta e’tibor beriladi:

1. Resurslra ta’limoti. Bunda axborot, moddiy, inson (ish kuchi), moliyaviy va vaqt (vaqt resurs tarzida) kabilarga e’tibor berildi. “Yangilik – resurs ta’minoti” zanjiriga nisbatan asosiy, yetakchi qoidalar ifodalab berildi.

2. Innovatsiyaning resurs talablik qoidasi. Har qanday innovatsiyani joriy qilish (o’zlashtirish)da muayyan tur va hajmdagi resurslar zarurdir.

3. Innovatsiyaning joriy etilish darajasi (me’yori) qoidasi. Innovatsiya zarur resurslar bilan qanchalik ta’minlangan bo’lsa, uning joriy qilinishi ham xuddi shu darajada bo’ladi (boshqa sharoitlar teng bo’lgan holda).

4. Zarur resurslarni “Bo’l, bo’l!” ishlariga almashtirish qoidasi. Resurslarga bepisand qarash va ularni “axloqiy dag’dag’alar”, “chaqiriqlar” bilan almashtirish yangilikni joriy qilish bo’yicha hamma harakatlarni chipakka chiqaradi.

Ilmiy yondashuv kichik tizimi (shoxobchasi) quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topadi:

* innovatsion menejmentga ilmiy yondashuvlar;

* menejment funksiyalari;

* usullari.

Menejment ilmiy yondashuvi:

- tizimli; - tarkibiy;

- tuzilmaviy; - marketing;

- funksional; - yaratuvchilik;

- normativ; - kompleks;

- integrasion; - dinamik;

- jarayon; - miqdoriy;

- ma’muriy; - fe’l – atvor;

- vaziyatlar.
Menejment funksiyalari:

* strategik marketing;

* jarayonlarni rejalashtirish;

* tashkil etish;

* hisobga olish va nazorat;

* motivatsiya;

* boshqarish.

Menejment usullari:

* majburlash;

* undash va majburlash;

* tarmoqli (shaxobchali);

* tahlil;

* prognozlash usullari.

Menejmentda integratsion yondashuv:

* innovatsion menejment tizimining ayrim tarmoqlari va qismlari o’rtasidagi;

* boshqarish obyekti hayot siklining bosqichlari (strategik marketing, ishlab chiqarish va b.) o’rtasidagi;

* vertikal bo’yicha boshqarish darajalari o’rtasidagi (mamlakat, mintaqa, shahar, firma, uning bo’linmalari);

* gorizontal bo’yicha boshqarish subyektlari o’rtasidagi o’zaro aloqadorliklarni tadqiqi etish va kuchaytirishga mo’ljallangan.

“Integraysiya” atamasi boshqarish subyektlari o’rtasidagi hamkorlikning chuqurlashuvini, ularning birlashishini, boshqarish tizimi komponentlari o’rtasida o’zaro aloqalar chuqurlashuvini anglatadi.
12.3. Innovatsion menejmentning tashkiliy formalari.
Ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarning rivojlanish xiliga o’tishning tashkiliy boshqaruv jarayonining ta’minlanishi quyidagi tadbirlar majmuasidan iborat:

* Firma yoki korporatsiyalarning ishlab chiqarish va sotish operatsiyalarini markazlashtirish.

* Ilmiy qiyin mahsulotlarning oddiy maqsadlar va oddiy operatsiyalar orqali ishlab chiqarishga yordam beruvchi egiluvchan tashkiliy texnologik tizimni yaratish. Buning asosida ilmiy ishlab chiqarish tizimning yangi avlodini qabul qilish yoki mukammalashtirish yotadi.

* Istiqbolli sohalarni egallashga qaratilgan innovatsion tadbirkorlik firmalarini, ilmiy laboratoriyalarni tashkil qilish.

* O’zida istiqbolli ilmiy izlanishlarni va ishlab chiqarish, moliyalashtirish, ularning natijalaridan foydalanish huquqini egallash, mutaxassislarni o’qitish va qayta o’qitishni moliyaviy jihatdan ta’minlash, maslahat berish xizmatlarini olgan ilmiy tashkilotlar, oliygohlar va xususiy ilmiy izlanish firmalari bilan hamkorlik qilishni shakllantirish.

* Ilmiy izlanish ishlarini olib borish uchun boshqa firmalar bilan aloqani tashkil etish, yangilik firmalarini tashkil etish. Yirik innovatsion loyihalarni amalda qo’llash.

* Tor mutaxassislardan keng integratsiyalashuvga o’tish asosida boshqaruvni demokratik va koordinatsion usullarini rivojlantirish.

O’z-o’zini tekshirish uchun savollar

1. Innovatsion menejment asoslarining shakllanish tarixidan nimalarni bilasiz?

2. Innovatsion menejmentning umumiy tavsifi haqida nimalarni bilasiz?

3. Innovatsion menejment mazmunini yoritib bering.

4. Innovatsion jarayonlarning maqsadi haqida nimalarni bilasiz?

5. Innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishning asosiy bosqichlarini aytib bering.

6. Innovatsiyalarning samaradorligini ta’minlashga yordam beruvchi tashkiliy boshqaruv tamoyillari haqida aytib bering.

7. Zamonaviy tashkilotning innovatsion salohiyati deganda nimani tushunasiz?

8. Tashkilotning innovatsion salohiyatini baholash jarayonining sxematik ifodasini ko’rsatib bering.

9. Innovatsion faoliyat turlari haqida nimalarni bilasiz?

10. Innovatsion faoliyat turlari alohida xususiyatlari haqida nimalarni bilasiz?

11 Innovatsion jarayon tavsifini tushuntirib bering.

12. Innovatsion faoliyatning asosiy bosqichlari haqida nimalarni bilasiz?

13. Innovatsion menejmentning tashkiliy shakllarini aytib bering.



G L O S S A R I Y

«Agrobank» aksiyadorlik tijorat banki - iqtisodiyotning agrar sektorini yanada barqaror rivojlantirish, qishloq xo’jaligida iqtisodiy islohotlarni izchillik bilan chuqurlashtirib borish, fermerlik harakatini qo’llab-quvvatlash, uning moddiy va moliyaviy bazasini mustahkamlash, qishloq xo’jalik ishlab chiqaruvchilariga qishloq xo’jalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlovchi zamonaviy korxonalarni jadal barpo etish, yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish bo’yicha zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni tatbiq qilish hamda ichki bozorni mahalliy oziq-ovqat tovarlari bilan to’ldirishga yo’naltirilgan bank muassasasi bo’lib, u 2009 yil 30 martda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Agrobank» aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to’g’risida»gi qarori asosida «Paxtabank» aksiyadorlik tijorat banki negizida tashkil etilgan.

Aylanma mablag’lar – xo’jalik yurituvchi subyektlarning aylanma fondlari va muomala fondlarini tashkil etuvchi mablag’lar. Aylanma fondlar tarkibiga ishlab chiqarish zaxiralari, tugallanmagan ishlab chiqarish, kelgusi davr xarajatlari kiradi. Muomala fondlari tarkibiga tayyor mahsulotlar, pul mablag’lari, hisob-kitobdagi mablag’lar kiradi.

  • Asosiy bo’lmagan siyosiy tashkilotlar.

  • Asosiy siyosiy tashkilotlar.

Axborot infratuzilmasi - bu mamlakat axborot fazosining rivojlanishi va o’zaro faoliyatini ta’minlovchi tizimchalar, tashkiliy tarkiblar tizimidir.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari - xususiy, umumiy va ishlab chiqarish kommunikatsiyasida axborotlar tayyorlash, qayta ishlash va yetkazib berish bilan bog’liq bo’lgan obyektlar, harakatlar va qoidalar, shuningdek barcha texnologiyalar hamda sanab o’tilgan jarayonlarni birlashgan ravishda ta’minlovchi sohalar majmuasi. AKT tushunchasiga mikroelektronika, kompyuter va dasturiy ta’minot, telekommunikatsiyalar ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish, Internetdan erkin foydalanishni ta’minlash, Internetning axborot resurslarini ta’minlash, shuningdek sanab o’tilgan sohalar bilan bog’liq bo’lgan turli xil hodisalar va bu faoliyat sohalarini tartibga soluvchi rasmiy va norasmiy qoidalar kiradi.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish – davlat tomonidan aholiga barcha hayot kechirish shart-sharoitlarini yaratish uchun maqsadli yo’naltirilgan kafolatlar tizimi.

Aholini ijtimoiy himoyalash – aholini bozor iqtisodiyotining salbiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlaridan asrash, shu oqibatlarning aholi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ta’sirini yumshatish.

Aholining real daromadlari – narx darajasi o’zgarishini hisobga olib, aholining ixtiyorida bo’lgan daromadga sotib olish mumkin bo’lgan tovar va xizmatlar miqdori, ya’ni, aholining ixtiyorida bo’lgan daromadning xarid quvvati.

Bazel qo’mitasi talablari – bank tizimining barqaror amal qilishi hamda o’z majburiyatlarini bajara olishini ta’minlash uchun o’rnatilgan xalqaro me’yorlar majmui bo’lib, u kapitalning yetarlilik darajasini, banklarni nazorat qilish jarayoniga hamda bozor intizomiga qo’yilgan talablarni ifodalaydi.

Bandlik – mehnatga layoqatli aholining ijtimoiy foydali mehnat bilan mashg’ul bo’lishi fuqarolarning shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog’liq bo’lgan va qonunga zid kelmaydigan, mehnat daromadi beradigan faoliyati.

Bank aktivlari – banklarning asosiy faoliyatini amalga oshirishda foydalanuvchi turli moddiy va moliyaviy resurslar majmui. Ular asosan bank kreditlari, asosiy vositalari, sotib olgan qimmatli qog’ozlari, investitsiyalari, valyuta ko’rinishida bo’ladi.

Bank depozitlari – jismoniy va yuridik shaxslarning bank muassasalariga ma’lum muddatga va muddatsiz omonat shaklida qo’yilgan bo’sh pul mablag’lari.

Bank kapitalining yetarlilik darajasi – bu jami kapitalning riskka tortilgan aktivlarga nisbati bo’lib, u xalqaro Bazel kelishuviga ko’ra kamida 8% ni tashkil etishi kerak.

Bank tizimining likvidligi – bankning o’z majburiyatlarini vaqtida va so’zsiz bajara olish imkoniyati.

Banklar likvidligi – banklar aktivlarining qisqa muddat ichida pulga aylanish qobiliyati. Likvidlik bank majburiyatlarini bajarish va aktivlar o’sishini moliyalash bilan birgalikda depozitlar va qarz mablag’lari darajasining pasayishini samarali boshqarishni ham bildiradi.

Banklarning kredit portfeli – tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlarning umumiy jamlanmasi. Ular quyidagicha tasniflanadi: a) yaxshi; b) standart; v) substandart; g) shubhali; d) umidsiz. Tijorat banklariga ma’lum sanaga ssuda hisobvaraqalarida qolgan pul mablag’lari majmuasi (qoldig’i).

Bank-moliya tizimining barqarorligi – banklarning va boshqa moliya muassasalarining o’z majburiyatlari yuzasidan talablarga to’la javob bera olishi. Bu likvidlilik, kapitalning yetarliligi, aktivlar sifati, rentabellik ko’rsatkichlari orqali aniqlanadi.

Bankrot – xo’jalik sudi tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo’yicha kreditorlar talablarini to’la hajmda qondirishga yoki majburiy to’lovlar bo’yicha o’z majburiyatini bajarishga qodir emasligi.

Barqarorlik – narsa va hodisalarning amal qilishi va rivojlanishdagi o’ziga xos muayyanlik holati.

Biznes – foyda olishga qaratilgan (ehtiyoj va muhtojlikni qondirish natijasida) tadbirkorlik faoliyatini anglatadi.

Bozor kon’yunkturasi – muayyan vaqt mobaynida tovarlar bozorining holatini tavsiflovchi vaqtinchalik iqtisodiy vaziyat bo’lib, quyidagi belgilar orqali aniqlanadi: ichki va tashqi savdodagi o’zgarishlar; ishlab chiqarish va qurilish dinamikasi; tovar zaxiralari harakati; narxlar dinamikasi va boshqalar.

Byudjet defisiti – byudjet xarajatlarining byudjet daromadlaridan oshib ketishi natijasida vujudga kelgan taqchillik.

Vijdon erkinligi – fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilishi yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqi hisoblanadi.

Global moliyaviy-iqtisodiy bozor – jahon mamlakatlari o’rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy aloqalarni yagona xo’jalik tarzida amal qilishiga asoslangan munosabatlar.

Davlat byudjeti – davlat daromadlari va sarflarining moliyaviy rejasi.

Daromad solig’i – fuqarolarni bir yil davomidagi yalpi daromadidan olinadigan majburiy to’lov (soliq).

Daromad solig’i stavkalari – aholi daromadlaridan tabaqalashtirilgan holda olinadigan soliqlarning foizlardagi darajalari.

Dastur kadrlar tayyorlash milliy modelini ro’yobga chiqarish - har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarni ongli ravishda tanlash va keyinchalik puxta o’zlashtirish uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psixologik-pedagogik va boshqa tarzdagi sharoitlarni yaratishni jamiyat, davlat va oila oldida o’z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalashni nazarda tutadi.

Demokratik ong – kishilarning ozodlik, erkinlik, ijtimoiy adolat, fikrlar xilma-xilligi, oshkoralik va mulohazalar erkinligi haqidagi his-tuyg’ulari, qarashlari, g’oyalari, nazariyalarning majmuidir. Demokratik ong ham yangi hodisa, ammo chuqur tarixiy ildizlarga ega. Xalqning ozodlik, erkinlik, adolat, oshkoralik, mulohazalarining xilma-xilligi haqidagi o’ziga xos intilishlari, qarashlari udumlari asosida bunday ongning tarixiy zaminlari bor.

Demokratik parlamentarizm – parlament faoliyatini demokratik tamoyillar asosida tashkil etish tushuniladi. Buning uchun parlament keng demokratik saylovlar asosida tashkil etilishi kerak.

Demokratik tamoyillar – xalq hokimiyatchiligini amalga oshirishning asosiy tamoyillaridir. Bular hokimiyat va boshqaruv organlari chiqargan qarorlardan xalqning xabardorligi; ushbu qarorlar bajarilishi ustidan xalqning nazorati, qonun va qarorlarni qabul qilishda xalqning ishtiroki tamoyilidir.

Demokratiya – «Demokratiya» so’zi xalq hokimiyati degan ma’noni anglatadi. Bu hukumat shakli, hayot yo’li, maqsad yoki ideal, ya’ni eng yuksak orzu va siyosiy falsafa. Bu termin hukumatning demokratik shakliga ega mamlakat uchun ham tegishlidir. Demokratiya (ya’ni hukumatning demokratik shakliga ega mamlakat) fuqarolari hukumat ishida bilvosita yoki bevosita qatnashadilar. Bilvosita demokratiyada – bu ko’pincha «sof demokratiya» deb ham ataladi, kishilar o’z jamoalari uchun zarur qonunlar ishlab chiqish maqsadida bir joyda uchrashadilar.

Demokratiya shakllari – vakillik demokratiyasi – davlat va jamoat ishlarida vakillari orqali ishtirok etish. Bevosita demokratiya – har bir fuqaro davlatni boshqarishda shaxsan ishtirok etishi, qonun loyihalarida, referendum, fuqarolar yig’inlarida yoki davlat organlariga takliflar kiritish.

Demokratiyaning asosiy xususiyatlari barcha demokratik davlatlar uchun bir xildir. 1. Erkin saylovlar. 2. Siyosiy partiyalar mavjudligi. 3. Davlatning nazorat etilishi. 4. Konstitutsion hukumat. 5. Xususiy tashkilotlar.

Demokratiyaning zarur shartlaridan biri – bu davlat tuzumini konstitutsiyaviy rasmiylashtirilgan bo’lishi, demokratiyaning ramzi hisoblangan va hayotga joriy etilgan yozma konstitutsiyaning mavjudligi hisoblanadi.

Deputat maqomi - davlat vakillik hokimiyat organlari deputatlarining huquqiy maqomi bo’lib, huquqiy normalar majmuasi bilan belgilanadi.

Deputatlar Kongressi - Ispaniya parlamenti quyi palatasining nomi.

Deputatlik odobi - deputatlar parlamentda muomala qilish chog’ida amal qilishi lozim bo’lgan ma’naviy va axloqiy qoidalar yig’indisi.

Deflyatsiyainflyatsiya davrida muomaladagi qog’oz pulni kamaytirish. Davlat tomonidan muomaladagi pul miqdorini kamaytirishga qaratilgan moliya va pul - kredit tadbirlarini qo’llash orqali amalga oshiriladi.

Diversifikatsiya – (lotinchadan diversus- har xil va facere-qilmoq, bajarmoq)ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, mahsulot va xizmatlarni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida tarmoq va korxonalar faoliyat sohalarini kengaytirish, mahsulot va xizmatlar assortimentlarini ko’paytirish.

Diversifikatsiya strategiyasi – korxona faoliyatini mavjud mahsulotlar va bozorlar turini kengaytirish orqali rivojlanish strategiyasidir. Diversifikatsiya strategiyasi korxonalarning ishlab chiqarish va tijorat faoliyatini rivojlantirishning eng yetakchi zamonaviy tendensiyalardan biri hisoblanib, u orqali korxonalarni bozor sharoitida vujudga keladigan turli qaltisliklarga bo’lgan raqobatbardoshligini oshiradi. Diversifikatsiya strategiyasi – korxonalarda yangi mahsulotlar liniyalarini ishga tushirish, qo’shma korxonalar tuzish, boshqa korxonalarni sotib olish va boshqa turli uslublarda amalga oshirishi mumkin.

Dividend – aksionerlik jamiyati sof foydasidan aksiya egalariga to’lanadigan qismi bo’lib, u aksionerlarga naqd pul yoki aksiyalar bilan to’lanadi.

Jahon banki – 1944 yilda Xalqaro valyuta jamg’armasi bilan bir vaqtda tuzilgan birinchi davlatlararo investitsiya institutidir. Bank o’zining faoliyatini 1946 yil 25 iyundan boshlagan.

Jahon bozori kon’yunkturasi - jahon tovar bozorlaridagi sotish sharti, ushbu bozorlardagi talab, taklif, narxlar darajasi, ularning o’zgarish tendensiyalari.

Joriy kon’yunktura – muayyan davrda tovarlarga bo’lgan talab va taklifning tarkibi, dinamikasini shakllantiruvchi iqtisodiy sharoit va omillar majmui. Joriy kon’yunktura ayni davrdagi milliy va jahon iqtisodiyotining u yoki bu omillaridan tarkib topgan vaqtinchalik vaziyatni ifodalaydi.

Zamonaviy demokratiya – vakillik demokratiyasi hisoblanadi. Ma’lumki katta jamoalarda, ya’ni shaharlarda, barcha xalqni bir joyga yig’ib masala hal etishga imkon yo’q. Shuning uchun shunday jamoalar fuqarolari qonunlari va boshqa masalalar bo’yicha qaror qabul qilishda ular tomonidan ishtirok etish uchun o’zlarining shaharlari yoki yurtlaridan bir guruhni saylaydilar. Fuqarolar tomonidan saylangan vakillar birlashmasi kengash (council), qonun chiqaruvchi hokimiyat (legistatura), parlament (parlament), yoki kongress (congres) kabi nomlar bilan ataladi. Xalq tomonidan mustaqil tarzda saylangan vakillar orqali boshqariladigan xalq hokimiyati ba’zida respublika hukumati yoki demokratik respublika deb ataladi.

Ijtimoiy adolat – jamiyat barqaror va to’laqonli rivojlanishi uchun o’ta zarur omildir. U birinchidan, shaxs, jamiyat, davlat aloqadorligida tenglik va o’zaro hamkorlikni taqozo etadi. Ikkinchidan, mazkur tamoyil shaxsning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va huquqiy ne’matlardan bahramand bo’lishda teng huquqli bo’lishini ta’minlashga qaratilgan mezonlar va kafolatlarning mavjudligini bildiradi. Ijtimoiy adolatni ta’minlash har bir huquqiy davlatning asosiy vazifalaridan biridir.

Ijtimoiy soha obyektlari – aholining munosib turmush sharoiti va farovonligini ta’minlashga xizmat qiluvchi soha va tarmoqlar majmui. Bular qatoriga uy-joy fondlari, sog’liqni saqlash, maorif, sport, madaniyat muassasalari va boshqalarni kiritish mumkin.

Ijtimoiy fikr – aholining muayyan guruhlari, qatlami, tabaqalarining voqelikdagi turli hodisa va harakatlarga nisbatan baholovchi munosabatidir. Bunday baho ma’qullash, qoralash yoki betaraf pozitsiyada namoyon bo’lishi mumkin.

Ijtimoiy hamkorlik – xilma-xil fikr va qarashlarga ega bo’lgan, turli millat, irq va dinga mansub shaxs va guruhlarning umumiy maqsad yo’lidagi hamjihatligi.

Iqtisodiyotning raqobatbardoshligi – mamlakat iqtisodiyotining xalqaro savdoda ishtirok etish, jahon bozoridagi o’z o’rni va mavqeini saqlab qolish va kengaytira olish, jahon talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqara olish layoqati bo’lib, quyidagilar orqali belgilanadi: mamlakatdagi ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy darajasi, ishlab chiqarish xarajatlari miqdori, ishlab chiqarilayotgan tovarlar sifati, infratuzilmaning rivojlanganlik darajasi, mutlaq va nisbiy ustunliklarning mavjudligi.

Iqtisodiyotning real sektori – iqtisodiyotning bevosita moddiy ne’matlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko’rsatish bilan bog’liq sohasi bo’lib, u o’z ichiga sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish, transport, aloqa tarmoqlarini oladi.

Iqtisodiy nochor korxonalarmuayyan miqdorda kapital yo’qotish, ishlab chiqarish maydonlarining qisqarishi, ishsizlar sonining ortishi, raqobatbardosh bo’lmagan maxsulot ishlab chiqaradigan va buning uchun katta miqdorda materiallar, xom ashyo, yonilg’i, mehnat resurslari sarflaydigan qoloq, samarasiz korxona.

Iqtisodiy o’sish – real yalpi ichki mahsulot umumiy hajmining yoki aholi jon boshiga to’g’ri keladigan real yalpi ichki mahsulotning oldingi yilga nisbatan o’sishi.

Importmamlakat ichki bozorlarida sotish uchun chet el mollarini, kapitalini, texnologiyasini va xizmatlarni olib kelish. Import xalqaro mehnat taqsimoti natijasidir. U vaqtni tejashga, iqtisodiyot, aholi ehtiyojini qondirish vazifalarini muvaffaqiyat bilan hal qilishga ko’maklashadi.

Inventarizatsiya korxonalar, firmalar, tashkilotlarda naqd mulk va tovarlarni ro’yxatdan o’tkazish; natura holidagi boyliklarning mavjudligi yoki holatini, mablag’larni muntazam tekshirib turish, shuningdek, ularning moddiy boyliklarni hisobga olish qaydnomalariga muvofiqligini aniqlash maqsadlarida davriy qayta hisobga olish.

Investitsion kreditlar – ishlab chiqarishni kengaytirish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish, yangi bino va inshootlarni qurish uchun zarur bo’lgan vositalar hamda qimmatli qog’ozlarni sotib olish maqsadida olingan uzoq muddatli kreditlar.

Investitsion loyiha dasturi - O’zbekiston Republikasida qabul qilingan qonunchilik andozalariga muvofiq ishlab chiqilgan zaruriy hujjatlarni hisobga olgan holda kapital qo’yilmalar hajmi va amalga oshirish muddatining maqsadga muvofiqligini asoslovchi va investitsiyalarni (biznes-reja) amalga oshirish bo’yicha amaliy faoliyat dasturi.

Investitsion siyosat – savdo menejmenti umumiy strategiyasining bir qismi bo’lib, korxonani rivojlantirish uchun aktivlarni kengaytirishning eng samarali yo’llarini tiklashni nazarda tutadi.

Investitsion soliq krediti – soliq majburiyati bo’yicha to’lash muddatini o’zgartirish imkoniyati beriladi, agarda soliq to’lovchida belgilangan tartibdagi asos bo’lsa, u holda soliq to’lovlarini kamaytirilgan holda ma’lum bir vaqt ichida bosqichma – bosqich to’lash mumkin bo’ladi.

Investitsion hamkorlik - xalqaro iqtisodiy munosabatlarning bir ko’rinishi bo’lib, resurslarni ratsional taqsimlash, xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etish natijasidagi ustunliklaridan foydalanish orqali davlat tomonidan iqtisodiyotda nisbatan yuqori natijalarga erishish, texnologik ishlab chiqarish tuzilmasini yangilash kabilarni maqsad qilgan.

Investitsiyabu iqtisodiy samara (foyda, daromad) olish yoki ijobiy ijtimoiy natijaga erishish uchun sarflanadigan pul mablag’lari, banklarga qo’yilgan omonatlar, paylar, qimmatli qog’ozlar (aksiya, obligasiyalar), texnologiyalar, mashinalar asbob-uskunalar, litsenziyalar va samara beradigan boshqa har qanday boyliklardir.

Investitsiya dasturi – ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida mamlakat yoki chet ellarda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga uzoq muddatli kapital kiritish uchun ishlab chiqilgan dastur.

Investitsiya kompleksi - investitsiya faoliyatini ta’minlovchi tashkilotlar, korxonalar va firmalar majmuasi.

Investitsiya muhiti – investitsiyalar jozibadorligi hamda xavf-xatar darajasini belgilab beruvchi ijtimoiy-iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy omillar majmui.

Investitsiya faoliyati - investitsiya maqsadlarini amalga oshirish bilan bog’liq faoliyat. Investitsiya kompleksi tashkilotlari orqali amalga oshiriladi.

Investitsiya faoliyati ishtirokchilari - buyurtmachilar, pudratchilar, yetkazib beruvchilar, banklar, sug’urta kompaniyalari, loyihalovchilar, vositachilar, ilmiy-maslahat firmalari, o’z mamlakatidagi qonunchilikka ko’ra investitsiyaviy mulk egalari (tasarrufchilari) yoki buyurtmalardan foydalanuvchi sifatida qatnasha oluvchi xorijiy tashkilotlarni kiritish mumkin.

Investorlar - xususiy va qarzga olingan mulkiy va intellektual qiymatlarni sarflash haqida qaror qabul qiluvchi investitsiya faoliyati subyektlari. Investorlar obyektlar va investitsiya natijalariga egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish huquqiga ega bo’ladi. Investorlar kreditorlar va xaridorlar rolini bajarishlari, shuningdek, investitsiya faoliyatining boshqa ishtirokchilari funksiyalarini bajarishlari mumkin. Odatda investorlar kapital qo’yilmalar sarflanadigan sohalarni aniqlaydilar, kontrakt va shartnomalarning shartlarini ishlab chiqadilar va investitsiya aktining boshqa tomonlari bilan - kontraktor, hukumat organlari, pirovard mahsulot ishlab chiqaruvchilar va shu mahsulotning iste’molchilari bilan hisob-kitoblarni amalga oshiradilar.

Inqirozga qarshi mo’ljallangan choralar dasturi – O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan 2009-2012 yillarga mo’ljallanib inqirozga qarshi ishlab chiqilgan choralar dasturi bo’lib, mazkur dasturda talabni rag’batlantirishga yo’naltirilgan bir qator moliyaviy imtiyozlar va barqaror iqtisodiy o’sish sur’atlarini ta’minlovchi chora-tabdirlar majmui o’z aksini topgan.

Innovatsion texnologiyalar – iqtisodiyotga yangiliklarni tatbiq etish bosqichlarida qo’llaniluvchi usul va vositalar majmui bo’lib, o’z ichiga joriy etish, trening, konsalting, transfert, audit, injiniring kabi turlarini oladi.

Innovatsiya jarayoni - yangilik g’oyasini rivojlantirishdan uning pirovard iste’molchi tomonidan iste’mol qilinishigacha bo’lgan mantiqiy izchillikda harakatlanuvchi jarayon. Bu yangilikning ilmiy-texnik, ishlab chiqarish-iqtisodiy va ijtimoiy-tashkiliy salohiyatini yaratish, rivojlantirish va undan foydalanish jarayonidir. Innovatsiya jarayonining quyidagi bosqichlari mavjud : yangilikni yaratish, uni o’zlashtirish, tarqatish va takomillashtirish.

Inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari – insonga bekamu-ko’st yashash imkoniyatlarini beruvchi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy sohalarda o’zining imkoniyat va talablarini amalga oshirishni ta’minlovchi huquqiy maqom. Inson va fuqarolarning huquq hamda erkinliklariga rioya etish O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy tuzumining asosidir.

Inson omili – amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning bosh yo’nalishi va samaradorligining pirovard natijasini belgilab beruvchi asosiy tamoyil. Inson omili tarkiban ikki muhim jihatni o’z ichiga oladi. Birinchi jihat O’zbekistonda jami ijtimoiy tuzilma, ta’lim va sog’liqni saqlash, nafaqa bilan ta’minlash tizimini, aholini ekologik va boshqa xavf-xatardan himoya qilishdan iborat. Davlatning doimiy e’tiborini o’zida ifodalaydi. Ikkinchi jihat esa yalpi ijtimoiy taraqqiyot jarayonlarida shaxsning o’z ishtiroki, bunyodkorligi, yaratish zavqi, sa’y-harakatlari va shijoatini ifodalanishini nazarda tutadi.

Inson huquqlari – kishilarning yashash va faollashib borishi uchun ularga berilgan huquqlardir.

Institutsional siyosat - davlat tomonidan mulkchilik, mehnat, moliyaviy, ijtimoiy va boshqa sohalarda yangi iqtisodiy institutlarni shakllantirish, eskilarini yo’qotish, mavjudlarini transformatsiyalash bo’yicha amalga oshiradigan chora-tadbirlar, xatti-harakatlar.

Intermodal markaz – yuk tashishlar bo’yicha xalqaro kommunikasiya va logistika markazi.

Internet xizmatlari - internet tarmog’i abonentlariga amaliy bayonnomalar tomonidan taqdim etiluvchi funksional imkoniyatlar majmui: elektron pochta, fayllarni qabul qilish va uzatish, veb-hujjatlarni o’qish, voqeiy vaqtdagi muloqot (chat), terminal orqali erkin foydalanish, tarmoqda hujjatlarni saqlash va ishlash va h.k.

Inflyatsiya – pul muomalasi qonunlarining buzilishi natijasida milliy valyutaning qadrsizlanishi, narxlarning o’sishi.

Inflyatsiya darajasi – ma’lum vaqt ichida (oy, yil) narxlar darajasining foizdagi o’zgarishi.

Infratuzilma – tovar ishlab chiqarish shartlarini ta’minlovchi ishlab chiqarish va noishlab chiqarish tarmoqlari kompleksi: yo’llar, aloqa, transport, maorif, sog’liqni saqlash.

Ipoteka – bankning garov xat, ko’chmas mulk garovi asosida muayyan muddatga ssuda berishi.

Ipoteka krediti - joylarda tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo’yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishiga barpo etiladigan uy-joy garovi ostida beriladigan uzoq muddatli kredit. Ipoteka kreditlari tijorat banklari tomonidan qaytarishlik, to’lovlilik, ta’minlanganlik va muddatlilik shartlarida beriladi.

Iste’mol­ – ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonining oxirgi fazasi, ijtimoiy mahsulotdan aholini iqtisodiy talablarini qondirish jarayoni.

Iste’mol kreditimarkaziy bank tomonidan barqarorlik davrida qo’llaniladigan pul siyosati dastagi. U banklar va boshqa maxsus kredit institutlari tomonidan aholining uzoq muddatli iste’mol tovarlarini sotib olish uchun beriladigan kredit.

Iste’mol tovarlari – inson ehtiyojini qondirishga mo’ljallangan iste’mol buyumlarining tovar shakli, pulga sotib olib, iste’mol etiladigan moddiy mahsulotlar va har xil xizmatlar.

Ish bilan band bo’lgan jami aholi – ishchi kuchi (iqtisodiy faol aholi)ning ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo’lgan qismi.

Ishlab chiqarish – ma’lum davrda alohida xo’jalik yurituvchi subyektlar tarmoqlar va iqtisodiy sektorlar tomonidan ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlar qiymati.

Ishlab chiqarish infratuzilmasi – ishlab chiqarishning rivojlanishi uchun tashqi shart-sharoitlarni ta’minlovchi tarmoqlar majmui bo’lib, o’z ichiga temir va avtomobil yo’llari, elektr, gaz va suv ta’minoti, aloqa kommunikatsiyalari, ombor xo’jaligi va boshqalarni oladi.

Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash – ishlab chiqarishni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, uni ma’naviy jihatdan yangilash, tarkibiy jihatdan texnik va texnologik qayta tuzish kabi chora-tadbirlarni o’z ichiga oluvchi jarayon. Ishlab chiqarishni modernizatsiyalashning asosiy yo’nalish va vositalari bo’lib quyidagilar hisoblanadi: korxonalardan eskirgan asbob-uskunalarni chiqarib; zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan almashtirish; mahalliy resurslar asosida ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni joriy etish; ishlab chiqarilayotgan mahsulot assortimentini kengaytirish; ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish va resurslarni tejash; sifatni boshqarish va sertifikatlash tizimini joriy etish; chiqitsiz va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va boshqalar.

Ishsizlik – iqtisodiy jihatdan aktiv (faol) aholining bir qismi o’z kuchini qo’llay olmay «ortiqcha» bo’lib, mehnat zaxirasi armiyasi bo’lib qolish hodisasi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi – «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi «Ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalariga muvofiq holda tayyorlangan bo’lib, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimining jahon miqyosidagi yutuqlari asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo’ljalni to’g’ri ola bilish mahoratiga ega bo’lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo’naltirilgan.

Kapital qurilish - yangi qurilish, korxonalarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash, asosiy vositalarni mukammal ta’mirlash, shu jumladan loyiha-qidiruv ishlarini bajarish.

Kapital qo’yilmalar - quvvatlarni takror ishlab chiqarish, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish ob’ektlarini qurishga qaratilgan resurslar va jami ijtimoiy mehnatning qiymatini aks ettiruvchi iqtisodiy kategoriya. Davlat tomonidan (davlat buyurtmasi), turli mulkchilik shakllaridagi korxonalar, tashkilotlar, banklar hamda xususiy shaxslar tomonidan ajratiladigan pul mablag’lari kapital qo’yilmalarning manbalari bo’lishi mumkin. Kapital qo’yilmalar yangi korxonalar qurishga yoki amaldagi korxonalarni qayta ta’mirlashga yo’naltirilishi mumkin.

Kapital ta’mirlash – asosiy vositalarni yirik ko’lamda butkul detallari, qismlarini almashtirish bilan bog’liq qayta ta’mirlash tushuniladi.

Kapital xarajatlar - asosiy kapitalga kiritiladigan mablag’lar va zaxiralarning o’sishi.

Kasanachilik – yirik sanoat korxonalari bilan tuzilgan shartnoma asosida uy sharoitida mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish.

«Katta yigirmalik» – 20 ta yirik mamlakatlar guruhi bo’lib, unga jahondagi eng boy mamlakatlar va yirik rivojlanayotgan davlatlar kiradi va ular hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 90 foiz ulushi to’g’ri keladi.

Kichik biznes subyektlari – korxona ko’lami, ishlab chiqarish hajmi, ishlovchilar soni, moliyaviy mablag’lari miqdori va boshqalar jihatidan imkoniyatlari cheklangan ishlab chiqaruvchi subyektlar. Respublikamizda sanoat ishlab chiqarishning ayrim tarmoqlarida (masalan, yengil va oziq-ovqat sanoati, metallga ishlov berish va asbobsozlik sanoati va h.k.) 100 kishigacha, ayrimlarida (masalan, mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg’i-energetika sanoati va boshkalarda) 50 kishigacha, xizmat ko’rsatish sohasida 25 kishigacha ishlovchi korxonalar kichik biznes subyektlari hisoblanadi.

Kichik korxonalar – mustaqil xo’jalik faoliyatini olib boruvchi, o’z balansiga bo’lgan, soliqlar va boshqa to’lovlarni to’lagandan so’ng qolgan foydasini o’zi taqsimlaydigan korxona.

«Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat bankiqishloq qiyofasini va qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini sifatli yaxshilash, qishloq joylarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, uy-joy qurilishini uzoq muddatli imtiyozli kreditlash tizimini keng joriy etish maqsadida hamda «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturiga muvofiq 2009 yil 30 martda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to’g’risida»gi qaroriga muvofiq «G’alla-bank» aksiyadorlik tijorat banki negizida tashkil etilgan. «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat bankining ustav kapitali 150 milliard so’m miqdorida shakillantirilgan.

«Qishloq qurilish invest» ixtisoslashtirilgan sho’ba injiniring kompaniyasi «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturini ijro etish hamda aholi punktlarining bosh rejalar va arxitekturaviy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga muvofiq tasdiqlangan na’munaviy loyihalar bo’yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ko’lamini kengaytirish asosida qishloq aholisining turar-joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida 2009 yil 3 avgustdagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko’lamini kengaytirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Komil inson – ham milliy, ham bashariy mohiyatga ega bo’lgan, odamzodga xos eng yuksak ma’naviy va jismoniy barkamollikni mujassam etgan, uni hamisha ezgulikka undaydigan olijanob g’oya asosida tarbiyalangan shaxs.

Konstitutsion burch – O’zbekiston fuqarolari Konstitusiyada belgilab qo’yilgan, fuqarolar bajarishlari shart bo’lgan majburiyatlardir.

Konstitusion hukumat – demokratik hukumat qonunga va ayniqsa yozma hujjatkonstitutsiyasiga asoslanadi. Konstitutsiyalar hukumatning vakolati va majburiyatlarini ta’minlaydi. Shuningdek, ular qonunlar qanday tayyorlanishi va hayotga tatbiq etilishini ham o’zida aks ettiradi. Aksariyat konstitutsiyalar hukumatning vakolati va majburiyatlarini ta’minlaydi.

Qonun – oliy yuridik kuchga ega bo’lgan, davlatning qonun chiqaruvchi muassasasi tomonidan yoki aholi tomonidan to’g’ridan-to’g’ri, referendum o’tkazish talablariga muvofiq qabul qilingan va o’zida qonunning amal qilish hududi, muddati va shaxslar doirasida huquqiy munosabatlar subyektlari faoliyatining umumiy namunasini mujassamlashtirgan me’yoriyhuquqiy hujjat.

Qonun ustuvorligi – ushbu tamoyilning mazmuni shuni anglatadiki, qonun ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qat’iy hukmron bo’ladi. Ya’ni hech kim, hech bir davlat organi, mansabdor shaxs, tadbirkor yoki boshqa bir fuqaro qonunga bo’ysunmasligi mumkin emas, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlar faqat qonun bilan tartibga solinadi uning barcha ishtirokchilari esa, hech bir istisnosiz, huquq normalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortilishi kerak. Huquqiy normalarni tatbiq etishda konstitutsiya va qonunlarning normalari boshqa huquqiy normalardan ustun turadi.

Qonunchilik – 1) davlat tomonidan o’z funksiyalarini amalga oshirishning asosiy usullaridan biri bo’lib, davlat hukumati organlari tomonidan qonunlar chiqarishda ifodalanadi; 2) ijtimoiy munosabatlarni to’la tartibga soluvchi huquqiy normalar yig’indisi yoki ijtimoiy munosabatlarning bir ko’rinishi.

Qonunchilik palatasi – O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyi palatasi. Qonunchilik palatasi saylov okruglari bo’yicha ko’ppartiyaviylik asosida saylanadigan bir yuz ellikta deputatdan iborat. Qonunchilik palatasining ishi palata barcha deputatlarining professional, doimiy faoliyat ko’rsatishiga asoslanadi.

Kon’yunktura – bu bozorda ma’lum bir vaqtda yuzaga kelgan iqtisodiy holatdir (asosan talab hamda taklif nisbati va u bilan bog’liq bo’lgan narxlar darajasi orqali yuzaga keladi).

Kooperatsiya aloqalariturli soha ishlab chiqarish tarmoqlarida ma’lum mahsulotni tayyorlash bo’yicha uzoq muddatli aloqalarni o’rnatish.

Korxonalarga preferensiya berish – milliy iqtisodiyotda faoliyat ko’rsatuvchi korxonalarni moliyaviy qo’llab-quvvatlash maqsadida ular tomonidan ishlab chiqarishga chet eldan olib kiriladigan xom ashyo va materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, shuningdek asbob-uskunalarni olib kirishda boj to’lovlari va boshqa jarayonlar bo’yicha yengilliklar (imtiyozlar) berilishi.

Korxonalarni texnik qayta qurollantirish – alohida ishlab chiqarish turlarini zamonaviy talablarga asosan yangi texnika va texnologiyalarni kiritish, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish, eskirgan qurilma va uskunlarni yangilash va almashtirish, ishlab chiqarish tuzilmasi va tashkil etilishini yaxshilash yo’li bilan, korxonaning texnik darajasini oshirish bo’yicha chora-tadbirlar majmuasi. U ishlab chiqarish intensivligini kuchaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilashga yo’naltirilgan bo’ladi.

Korxonaning innovatsion salohiyati – korxonaning yangiliklarni joriy qilish yordamida bozor sharoitlarida faoliyatning samaradorligini oshirish maqsadida korxonaning o’ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadigan rivojlanish qobiliyati. Korxonaning innovatsion salohiyatining ichki innovatsiya jarayonidagi barcha bosqichlarning (ijtimoiy mehnat va resurslarning sarf me’yorlari asosida) bir maromda kechishiga imkon beradi.

Kredit – jismoniy va yuridik shaxslarning vaqtinchalik bo’sh mablag’larlarini muayyan tamoyillar asosida qaytarish sharti bilan foydalanishga berish jarayonida vujudga kelgan iqtisodiy munosabatlar majmui.

Kutilayotgan inflyatsiya darajasi – mavjud ijtimoiy-iqtisodiy axborotlar, ma’lumotlar asosida alohida shaxs va korxonalar tomonidan kutiladigan bo’lg’usi davrdagi inflyatsiya darajasi.

Kuchli davlat – omma faoliyatiga asoslangan kuchli boshqaruv tizimiga, rivojlangan iqtisodiyot, yuksak ma’naviyatga ega bo’lgan davlat. Bunday davlat mustahkam iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy asosga ega bo’ladi. Uning qudrati fuqarolar hamjihatligi, jamiyatdagi do’stlik va bag’rikenglik, har bir fuqaroning onglilik darajasi, davlat boshqaruvidagi faol ishtirokiga asoslanadi.

Kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari – mustahkam iqtisodiy asosga ega bo’lgan, demokratik qadriyatlar qaror topgan, ma’naviyma’rifiy yuksaklikka erishgan va boshqaruvning demokratik uslublari shakllangan davlatdan jamoat va nodavlat tashkilotlari hal qiluvchi o’rin tutadigan jamoatchilik fikri, tashabbusi va davlat idoralari ustidan nazorati ustuvor ahamiyat kasb etadigan, fuqarolar o’zini-o’zi boshqarish idoralarining roli muttasil ortib boradigan jamiyatga o’tish konsepsiyasi.

Kuchli jamiyat – mustahkam negizning barqarorligi ta’minlangan, davlatning boshqaruvchilik faoliyati qisqarib, jamoat tashkilotlarining roli kuchaygan, fuqarolarning qonun asosida, ularning huquq va erkinliklari oliy qadriyatlarga aylangan jamiyat.

Qo’shimcha qiymat solig’ibilvosita soliq hisoblanib, korxona, tashkilot va birlashmalarda yangi yaratilgan qo’shilgan qiymatning bir qismini davlat byudjetiga majburan olishdir. Ishlab chiqarilgan tovarlarni (ishlar, xizmatlarni), O’zbekiston respublikasi hududidagi import qilingan tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) hamda O’zbekiston Respublikasi hududida bajarilgan (ko’rsatilagan) ishlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish jarayonidagi qo’shilgan qiymatni bir qismini byudjetga ajratuvchilar qo’shilgan qiymat solig’i to’lovchilari hisoblanadi.

Makroiqtisodiy ko’rsatkichlar – mamlakat yaxlit iqtisodiyoti darajasidagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayon va hodisalarni o’lchash va baholash imkoniyatini beruvchi ko’rsatkichlar. Masalan, yalpi ichki mahsulot, milliy daromad, iqtisodiy o’sish, ishsizlik, inflyasiya darajasi va boshqalar.

Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturiKadrlar tayyorlash milliy dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirishning muhim sharti sifatida maktab ta’limining orqada qolishiga barham berish hamda maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va uzluksiz ta’limning yagona tizimini shakllantirish bilan bog’liq mavjud jiddiy muammolarni bartaraf etish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 21 maydagi «2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi to’g’risida»gi Farmoniga muvofiq kuchga kirgan. Mazkur Farmonga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 20 sentyabrda PF-3661-son Farmoniga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan.

Melioratsiya – yerning unumdorligini tubdan yaxshilashga qaratilgan tashkiliy-xo’jalik, muhandislik va agrotexnik tadbirlar turkumi.

Mehnat bozori – mehnatga qobiliyatli aholining ish bilan band bo’lgan va band bo’lmagan qismlari va ish beruvchilar o’rtasidagi munosabatlarni hamda ularning shaxsiy manfaatlarini hisobga oluvchi shartnomalar asosida ishchi kuchi xarid qilish - sotishni amalga oshiruvchi, shuningdek, unga bo’lgan talab va taklif o’rtasidagi nisbatlarni bevosita tartibga soluvchi, bozor iqtisodiyotining murakkab, ko’p aspektli, o’suvchi va ochiq ijtimoiy-iqtisodiy tizimchasidir.

Mehnat haqi – joriy davrda ish beruvchi tomonidan yollangan xodimga bajargan ishlari uchun berilgan pul yoki natura usulidagi to’lovlar bo’lib, ular hisoblangan summalar yig’indisidan tashkil topadi va ikki qismga bo’linadi: ish haqi va ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar.

Mikrokredit – xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va boshlang’ich sarmoyani shakllantirishga beriladigan kreditlar. Mikrokreditlar: a) yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmagan tadbirkorlik faoliyati uchun – eng kam ish haqining 50 barobarigacha; b) mikrofirma va dehqon xo’jaliklariga eng kam ish haqining 100 barobarigacha; v) fermer xo’jaligiga eng kam ish haqining 200 barobarigacha beriladi.

Mikrofirma – kichik biznes korxonasining bir turi. Mamlakatimizda sanoat ishlab chiqarishning tarmoqlarida 20 kishigacha, xizmat ko’rsatish sohasida 10 kishigacha, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 5 kishigacha ishlovchi korxonalar mikrofirma hisoblanadi.

Modernizatsiya – obyektni takomillashtirish, yaxshilash, yangilash, uni yangi talab va me’yorlarga, texnik shart-sharoitlarga, sifat ko’rsatkichlariga moslashtirish.

Moliya tizimi – moliyaviy munosabatlar va turli darajada ularga xizmat qiluvchi moliyaviy muassasalar majmuasi.

Moliya-bank tizimitarixan shakllangan va belgilangan qonun qoidalar asosida faoliyati yurituvchi mamlakatdagi moliya–kredit muassasalari majmuidir.

Moliyaviy «ko’piklar»real qiymatga ega bo’lmagan pul va obligatsiyalar hajmining ko’payishi.

Moliyaviy institutlar – belgilangan qonun-qoidalar doirasida faoliyat yurituvchi mamlakatdagi moliya-kredit tashkilotlari.

Moliyaviy manbalar – iqtisodiyotning turli darajasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun taqozo etiluvchi moliyaviy mablag’larning kelib chiqish manbalari. Masalan, moliyaviy manbalar aholi va korxonalarning manbalari, davlat byudjeti mablag’lari, qarzga olingan mablag’lar, xorijiy investorlarning mablag’lari va boshqa ko’rinishlarda bo’lishi mumkin.

Mustaqillik – (arabchadan - tobe emaslik, ixtiyori o’zidalik, qaram emaslik) – erkin va ozod ravishda, boshqalarning rahbarligisiz ish yurita bilish. Mustaqillik barcha jabhalarda munosabatlarni me’yor-mezonga soladi, har qanday kamsitish, tobelikni inkor etadi. Mustaqillik – o’zaro hurmat, bir-birlarini qadrlash, milliy va bashariy qadriyatlarga tayanib ish ko’rish, keng dunyoqarash va erkin tafakkurga tayanib yashash, fikrlash, o’z hayotini o’zi tashkil etish imkoniyati va amaliyotini bildiradi.

«Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi – jahon standartlariga javob beradigan va jahon bozorlarida talab qilinadigan mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan, zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalarni, birinchi galda to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb etish bo’yicha qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek Navoiy viloyatining sanoat salohistini, ishlab chiqarish, transport-tranzit va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 3 dekabrdagi «Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etish to’g’risida»gi qarori asosida tashkil etilgan. «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zona hududida xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining asosiy yo’nalishi – zamonaviy xorijiy yuqori unumli asbob-uskunalar va texnika, texnologik liniyalar va modullar, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yuqori texnologiyali, jahon bozorlarida raqobatbardosh mahsulotlarni keng ko’lamda ishlab chiqarishdan iborat.

Narx – tovar qiymatining puldagi ifodasi.

Nodavlat va jamoat tashkilotlari – davlatga qarashli bo’lmagan, ammo ma’lum qonunlar yoki me’yoriy hujjatlarga bo’ysungan holda faoliyat ko’rsatadigan tuzilmalar nodavlat va jamoat tashkilotlari hisoblanadi.

Ombudsman – inson huquqlarini himoya qiladigan maxsus tashkilot. U inson huquqlarini turli ma’muriy organlardan himoya qilishni maqsad qilib qo’yadi.

Parlament – fransuzcha «parle» gapirmoq so’zidan kelib chiqqan bo’lib, rasmiy so’zlashish joyi ma’nosini anglatadi. Parlament davlatning oliy vakillik organi hisoblanadi va qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.

Parlament turidagi partiyalar: (Evropa turi) ijtimoiy tuzumni o’zgartirmay harakat qilib keluvchi, tashkiliy tuzilmaga ega bo’lgan, parlament faoliyatiga qaratilgan, islohotchilar partiyasi.


Download 1.88 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling