Ismoilbek gasprinskiy (1851 1914)


Download 94.18 Kb.
bet1/2
Sana31.10.2020
Hajmi94.18 Kb.
#139298
  1   2
Bog'liq
GASPIRNSKIY


ISMOILBEK GASPRINSKIY (1851 - 1914)

Ismoilbek Gasprinskiy Rusiya jadidchilik harakatining rahnamosi edi. Turkistonda XIX asrning oxirlaridan ko‘zga tashlangan yangilanish harakatlari ko‘p jihatlari bilan shu nomga, uning «Tarjimon» gazetasiga kelib bog‘lanadi. Va ushbu davrdan e’tiboran XX asrning 20yillariga qadar faoliyat ko‘rsatgan biror turkistonli ziyoli yo‘qki, bu nomni chetlab o‘ggan bo‘lsin. SHu sababli, uning ijodiy faoliyati va ayniqsa, maslak-intilishlari bilan tanishish Turkiston jadidchiligi va jadid adabiyotining shakllanish hamda rivojlanish bosqichlarinigina emas, umuman mazmun-mohiyatini anglashda, yo‘nalishlarini belgilashda ham benihoya muhim ahamiyatga ega. Bu nom yuz yil muqaddam turkiy dunyodagi eng mashhur nom edi. Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar. U chiqargan «Tarjimon» gazetasining 1908 yildaga 25 yillik to‘yida Xitoyning «Tarancha»sidan tabrik telegrammasi kelgan. 1910 yilda esa Fransiyaning eng e’tiborli jurnallaridan «Revyu dyu monde musulman» uning millat oldidagi buyuk xizmatlari uchun nomzodini «Tinchlik borasidagi Xalqaro Nobel Mukofoti»ga tavsiya qilgan va buni xorijiy mamlakatlardagi juda ko‘p matbuot organlari qo‘llabquvvatlab chiqqan edi. U vafot etgan 1914 yilning 11 sentyabrida mashhur Narimon Narimonov yozadi: «Millat Ismoilbek kabi qahramonlarini unutsa, o‘z hayotini barbod etajaqdir». Bu balandparvoz gap emas. Dalil — tarix. U tirikligidayoq millatning otasi, rahnamosi degan nom oldi. Uning eng katta xizmati Rusiya sarhadida yashab turgan, lekin zamonning zayli bilan bir-biridan uzoq tushgan (to‘g‘ri-rog‘i, uzoqlashtirilgan) va begonalashish darajasiga etgan turkiy xalqlarni bir-biriga tanitdi. Behbudiy so‘zlari bilan aytganda, «Rusiyadagi butun turk-tatar xalqlarini juda oz tarixiy muddatda xayr-xo‘shlik yo‘li bilan yaxlit bir milliy oilaga birlashtirmoqqa noil bo‘ldi». Bu dard o‘sha davr chor Rusiyasi asoratida o‘z erku huquqigina emas, asriy urf-udum, ma’naviy qadriyatlaridan tortib, til va din-e’tiqodigacha unutishga mahkum qilingan turkiy xalqlarning eng katta dardi, so‘ngsiz armoni edi. Ismoilbek SHarq xalqlari ma’naviy hayotida, xususan, maktab-maorifida chinakam inqilob yasagan, «usuli jadid» nomi bilan tarixga kirgan «usuli savtiya»ni boshlab berdi. XX asr SHarqining eng mashhur, eng taraqqiyparvar harakatchiligiga — jadidchilikka asos soldi. U barcha turkiy xalqlarni yaxlit, yagona millat deb bildi. Ularni ham ilm-ma’rifatda, haq-huquqda dunyoning taraqqiy qilgan millatlari bilan teng, baqamti ko‘rmoqni orzu qildi. Butun aqli-vujudini mana shu muqaddas ishga — millatning ravnaqi va muhofazasi yo‘liga sarf etdi. Bu shunchaki mutaassibona bir orzu emas, zamonasining baland-pastidan xabardor, tarix va taqdirini teran anglagan, SHarqni ham, G‘arbni ham bab-baravar bilgan va babbaravar ko‘rgan bir kishining aniq va rejali xatti-harakati edi. Afsuski, uning bu ishlarida ayrim «do‘stlar»i shakkoklik, kofirparastlik ko‘rdilar. Dushmanlari esa unga siyosiy ayb qo‘ydilar. Turkiy qavmlarni Rusiya davlatiga qarshi birlashtirishda, yagona turk-tatar mamlakati tuzishga urinishda aybladilar. Va bu da’volar mash’um 30-yillarda juda «ish» berdi. Uning nomi, uning xotirasi avlodlar qalbidan yulib olindi. Nasllarga o‘z xalqining qattol dushmani qilib ko‘rsatildi... Gasprinskiy 80-yillarning oxiridan avlodlarga qayta boshladi... 1991 yilda Simferopolda tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. 2001 yilda 150 yilligi nishonlandi. O‘zbekistonda ham u haqda risolalar paydo bo‘ldi. CHetda 1950 yilda u haqda Burbil degan kishi doktorlik dis-sertatsiyasi yozgan va Gamburgda kitob bosdirgan. Amerikalik Edvard Jeyms Lazzerini dissertatsiyasi 1973 yilda «I.Gasprinskiy va Rusiyada musulmon modernizmi» nomi bilan Vashingtonda bosilib chiqqan. 80-yillarda esa Turkiyada Nodir Davlat va Mehmet Saroyning u haqdagi monografiyalari dunyoko‘rdi. 1991 yilda Toshkentda E. Ablaevning «Ismoil Gasprinskiy — gumanist, prosvetitel, pedagog» risolasi bosildi. Keyingi tadqiqotlardan biri Hoqon Qrimlining «Qrim tatarlarida milliy kimlik va milliy harakatlar (1905-1916)» (Anqara, 1996) kitobidir. Nihoyat, 2003-2004 yilda Turkiyada Gasprali «Tanlangan asarlari» uch jildligining 2 jildi bosmadan chiqdi. Ismoilbekning ota-bobolari YAlta-Alupka yo‘lida joylashgan Gaspra qishlog‘idan. Ismoilbek taxallus-nisbani shundan oldi. Biroqu ko‘proq «Gasprinskiy» nomi bilan shuhrat qozondi. Ilk o‘zbek matbuotida u «Gasprinskiy» deb beriladi. Ismoilbek Gaspradan uncha uzoq bo‘lmagan, to‘rt tomoni tog‘lar bilan o‘ralgan Ajiko‘y (ovchi ko‘y - ovchilar qishlog‘i)da 1851 yilning 21 martida - qutlug‘ navro‘z kunida tavallud topdi.

Hayot yo‘li



Otasi Mustafobey Kavkaz va Qrimning general gubernatori knyaz Vorondovga tarjimon bo‘lib ishlagan, sadoqatli xizmati uchun 1853 yilda poruchik unyuniga musharraf bo‘lgan, dvoryan martabasiga ko‘tarilgan. Lekin ko‘p o‘tmay, Krim urushi boshlanadi. Oila Bokchasaroyga ko‘chib keladi. Ismoilni 8 yoshida boqchasaroylik Hoji Ismoilning eski makgabiga beradilar. 10 ga kirganda esa otasi Mustafobek onasi Fotimaning e’tirozlariga karamasdan, Oqmachit - Simferopoldagi guberniya gimnaziyasiga olib boradi. Unda ikki yil o‘qigach, Voronej (YOl Kermon)dagi ofiderlar harbiy o‘quv yurtiga o‘tadi. O‘n uch yoshida Moskvadagi Milyutin gimnaziyasiga o‘qishini ko‘chiradi. SHu yillari ayrim rus ziyolilarida avj olgan buyuk rus millatchiligi Milyutin gimnaziyasiga ham kirib kelgan edi. Xususan, gimnaziya murabbiylaridan yozuvchi M. Katkovning panslavistik qarashlari yosh Ismoilbekda o‘zlikni anglash hissini uygotdi. Uning hatto Kritda yunonlar bilan urush olib borayotgan turk qo‘shiniga ko‘ngilli bo‘lib qo‘shilish uchun sinfdosh do‘sti litvalik Mustafo Davidovich bilan Istanbulga otlangani, Odessa bandargohida qo‘lga olinib, orqasiga qaytarilgani ma’lum. Xullas, 1868 yilda Ismoilbek Gasprali Moskvadagi o‘qishini bitirib, Boqchasaroyga qaytadi. «Zanjirli» madrasasida rus tilidan dars bera boshlaydi. D. I. Pisarev, N. G. CHernishevskiy asarlari bilan yaqindan tanishadi. O‘qish-o‘rganish ishtiyoqi uni 1872 yilda Fransiyaga boshlab keladi. Vena, Myunxen, SHtutgardtda bo‘ladi. Parijda I. S.Turgenev bilan uchrashadi. Unga assistent-kotib bo‘lib ishga kiradi. Fransuzchani mukammal egallaydi. «E’lonlar» idorasida tarjimonlik qiladi. Mashhur Sorbonna universitetiga o‘qishga qatnaydi. Nihoyat, 1876 yilda Boqchasaroyga qaytib keladi va «Zanjirli»da rus tili muallimi sifatida ishni davom ettiradi. SHu yili uylanadi. Biroq ular uzoq yashay olmaydilar, ajrab ketadilar. Ismoilbek mutolaaga beriladi. Qunt va sabot bilan turkiy tilni, tarix va adabiyotni o‘rganadi. Ayni paytda, u sharqona an’anaviy tahsilning zamondan orqada qolganini, shu tufayli musulmonlarimiz jahon taraqqiyotidan chetga surilib chiqayotganligini qo‘radi. Nima qilmoq kerak? Milyutin gimnaziyasidaga o‘qitish usulini, Sorbonnadagi ko‘rganlarini musulmon maktablariga ko‘chirsa bo‘lmasmikin? Har bir maktab, madrasa o‘z nizom-dasturiga ega bo‘lmog‘i lozim. Diniy bilimlar qatorida dunyoviy fanlar ham keng o‘qitilishi kerak. Bu, masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shundaki, o‘qishni nazorat qilish shakllari, bilimni baholash mezonlari bo‘lishi lozim. Umr degani, axir, hisobli-ku. Biroq bu gaplar o‘rtaga tushar-tushmas, Gasprinskiyga tosh otish boshlanadi. Uni kofirdan olib, kofirga soladilar. Tahdid, do‘q-po‘pisa kuchayib boradi. Ismoilbek yon berishga majbur bo‘ladi. Ishni o‘zgartiradi. SHahar boshlig‘i vazifasiga (1878-1884) saylanib, Boqchasaroyni obod qilishga kirishadi. 1882 yilda mashhur Qozon tatarlaridan millioner Akchurinning qizi Zuhraxonimga uylanadi. Ular yigirma yil baxtli turmush qildilar. Olti farzand tarbiya etdilar. «Ulardan Diloraxonim va Ismoil sog‘-salomatlar. Toshkentda yashaydilar», deb xabar bergan edi «Yildiz» jurnali, 1990 yilda.

I.Gasprinskiy shahar boshlig‘i (gorodskoy golova) bo‘lib uzoq qololmadi. SHahar Dumasi a’zolari Ismoilbekni shahar pulini «ko‘chalarni yoritish, aholiga tibbiy yordamni kuchaytirish» kabi allakanday «foydasiz» ishlarga sarf etayotganini kechira olmadilar. Iste’foga chiqishga majbur etdilar. U esa, o‘z ishida davom etdi. 1881 yilda «Rusiya musulmonligi» kitobini e’lon kildi. Unda ko‘tarilgan eng muhim masalalardan biri Rusiyaning o‘z musulmon fuqarolariga munosabati masalasi edi.



«Rusiya musulmonligi»

«So‘nggi yillarda Rusiyaning SHarqdagi buyuk madaniylashtiruvchilik xizmati haqida teztez o‘qishga va eshitishga to‘g‘ri kelmoqda, — deb yozadi Gasprinskiy ushbu asarida. - Xo‘sh, bu xizmat nimada namoyon bo‘lishi kerak? Nahotki, uning ma’nosi qozini uezd boshlig‘iga, noibni pristavga, beklikni oblastu guberniyaga, ushrni tan solig‘i-yu yana boshqa «ber-ber»larga, ipak to‘nu beshmetni dvoryanlik yoqasiga almashtirib qo‘yishdan iborat bo‘lib, boshqa qilinadigan ish qolmagan bo‘lsa?» Gasprinskiy «Rusiyaning SHarqdagi madaniylashtiruvchilik roli»ga mana shunday tanqidiy qaraydi va u savolga salbiy javob beradi. Uni aksincha, atayin ilm-ma’rifatdan uzoqda saqlab kelayotganlikda, musulmonlarning tilini, dinini, turmush tarzini buzishda ayblaydi. Bir tomondan, millatni mahv etib kelayotgan jaholat, ikkinchi yoqdan chor hukumatining izchil, rejali ruslashtirish siyo-sati. Rusiyadagi musulmonlarning taqdiri qanday bo‘larkin? Ismoilbek mana shu savolga javob izlaydi. Uningcha, Rusiyaning tobe millatlarga munosabatida 2 yo‘l turibdi: 1. Assimilyadiya (ruslashtirish). 2. Hamkorlik. Birinchi holda mustamlakaga, milliy taraqqiyotga hech qanday yo‘l berilmaydi, u to‘la ruslashtirib bo‘lingach, vakillari mamlakat idora ishlariga jalb qilinadilar. Ikkinchi hodda, uning milliy taraqqiyotiga imkon yaratiladi, tegishli darajaga ko‘tarilgach, hukumat ishlariga tortiladi. Rusiya o‘z mustamlakalariga nisbatan har ikki yo‘ldan foydalanmoqda. Polshada - birinchi yo‘ddan. Finlyandiyada — ikkinchi yo‘ldan. U turkiy xalklarga nisbatan qaysi yo‘lni tutarkin? Rusiya birinchi yo‘lni istaydi. Lekin bu qiyin va samarasiz. Negaki, turkiy xalqlarning juda katta tarixi, qadim madaniyati bor. Uni qalblardan siqib chiqarish g‘oyat mushkul. Ma’quli — ikkinchi yo‘l. Buning u qadar qiyinchiligi ham yo‘q. Musulmonlar (muallif turkiy xalqlar o‘rniga «musulmonlar» atamasini qo‘llaydi) ozgina turtki bilan o‘tgan muddatda yo‘qotgan zehniyatlarini tiklab ola oladilar. Hatto turtki — yordamga ham ehtiyoj bo‘lmas. Ozgana xayrixohligu ruxsat berishning o‘zi kifoya. Masalan, xalq an’anaviy xayriya yo‘li bilan ham maktab-madrasalarini tiklay oladi. Faqat uni zamonaviy talablarga javob beradigan darajaga ko‘tarish lozim. Birinchi navbatda, dunyoviy fanlarga zo‘r berish kerak. X-XV asr Turkistonining qomusiy olimlarini mana shu madrasalar etkazib bermadimi?! Ko‘hna SHarqning universitetlari madrasalar emasmi?! Evropa universitetlari ispan Andaluziyasidagi madrasalardan andoza olib qurilmadimi?! Bu masalada yolg‘iz birgina shart bor. U shundan iboratki, Rusiya musulmonlari milliy maoriflarini o‘z milliy vositalari asosida qurmoqlari kerak. Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim va tarbiya mutlaqo o‘z ona tilida bo‘lmog‘i lozim. «Rusiya musulmonligi» risolasi shular haqida edi. U Rusiyada yashovchi musulmonlarni shu mamlakatning teng huquqli fuqarolariga aylantirish va ayni paytda ularning o‘z milliy, diniy jihatlarini saqlab qolishga qaratilgan o‘ziga xos dastur edi. Kitob bosilib chiqishi bilan velikorus shovinistlarining qattiq qarshiligiga duch keldi. Ayniqsa, musulmonlarning maktab-maorifini milliy asoslarda qurishlari lozimligi — milliy maktab haqidagi fikrlar yoqmadi.

Buni u bilardi. Moskvada Milyutin gimnaziyasida o‘qib yurgan paytlari o‘risparastligi bilan dong qozongan M.N.Katkov bilan bu masalada ko‘p to‘qnashgan edi. Uning muharrirligida chiqqan «Moskovskie vedomosti» gazetasi bilan «Russkiy vestnik» jurnalini muntazam o‘qib borar edi. Uning nuqtai nazari Toshkentda N.Ostroumov va M.Muropiev, Qozonda N.Ilminskiy bilan ayni bir xilda ekanligini yaxshi bilardi. N. Ilminskiy turk-tatar xalqining maktab-maorifiga daxldor har bir ilgari siljishni rus xalqiga qarshi harakat deb biladi. Sinodning ober-prokurori K.P.Pobedonosdevga yozgan bir xatida ochiqdan-ochiq «Rusiyadagi musulmon xalklariga bironta ham ijtimoiy-siyosiy huquq bermaslik kerak», deydi. Ismoilbek Rusiya qoidalarini sinchiklab o‘rgandi. 1882 yilda «Solnomai turkiy», «Mir’oti jadid» nomlarida 2 risola e’lon qildi. «Rusiya musulmonligi» asarida ko‘tarib chiqqan masalalarni amalga oshirishni matbuotdan boshladi.



«Tarjimon» zarurati

Vaziyatni o‘zgartirish uchun uni oldin anglatish kerak. Buning uchun esa minbar zarur. «Tarjimon» mana shunday zarurat tufayli yuzaga keldi: «Bir bechora faqirni ko‘rsak, achinamiz. Ulayotgan bechorani ko‘rsak, yuragimiz iztirobdan og‘riydi. Hatto bir hayvonning qiynalishi rahmimizni keltiradi. Lekin bir emas, minglab kishilarning, butun bir xalqning jaholatdan mislsiz qiynalayotganini ko‘rmaymiz....» Gazetaning dastlabki sonlaridan birida shunday so‘zlar bor edi. Bu jasoratli sado o‘sha paytlari juda ham zarur edi. Ruslashtirish avjida. Itil-Volga bo‘yidagi tatarlar orasidan biror mansabdor u yoqda tursin, masjidga imom ham missio-ner N.Ilminskiy ruxsatisiz saylanmaydi. Maktabmadrasa kitoblari-ku birmabir qo‘ldan o‘tadi. Turkistonda Ostroumov - to‘ra. Kavkazning ham o‘z to‘ralari bor, albatta. Bu to‘ralar o‘z millatlaridan boshqasini millat deb hisoblamaydilar. Millatning o‘zligini ko‘rsatadigan xususiyatlaridan biri til va maorifdir. Bu ikkisi bo‘lmasa, millat mustaqil bo‘la olmaydi. Gasprinskiy 1905 yilda yozgan maqolalaridan birida millatning asosi ikkita: tavhidi til (til birligi) va tavhidi din (din birligi) degan edi. Darhaqiqat, tilning o‘rni beqiyos: «Insonning oti bo‘lmasa, o‘zi ham yo‘q demakdir, shuningdek tili bo‘lmagan inson ham soqovdir». «Til birligi masalasi bizim hayotimizda hayot-mamot masalasidir va biz bu masalada bir qadam ham orqaga chekinmaymiz, -yozadi I.Gasprinskiy 1906 yil 18 dekabrda. - Biz uchun orqaga chekinmoqqa yo‘l yo‘q. YAshasin millat!... «Tarjimon» umumiy bir milliy gazetadir. Uning tili ham umumiy bir milliy. tildir. YAshasin millat! Ham yashar, chunki u tilda va fikrda birlikning zarurligini angladi. Til birligi esa adabiyot birligidir. Bu esa, o‘z navbatida, mehnat va harakat birligining asosi o‘laroq millatning ozodligini ta’min etajakdir». Til millatning jonli, harakatdagi tarixidir. Uning kech-mishi ham, hoziri ham tilda ifoda etadi. Millatning barhayotligiga eng muhim guvoh tildir. Til millat uchun hayot-mamot masalasidir. Gasprinskiy o‘z maqolalaridan birini «Til masalasi - eng muhim masala» deb nomlagan edi. Turkiy xalqlarning mushtarak tili haqidagi gaplar 1905 yil voqealaridan keyin, oq podsho yon berishga majbur bo‘lgach, erkinroqaytila boshlandi. Hatto ayrim ishlar ham qilindi. 1906 yil Gasprinskiy aytganidek, «til yili» bo‘ldi. Jumladan, 1906 yil Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining 600-700 va-kili ishtirok etgan «Ittifoqi muslimin» yig‘ilishida umumiy adabiy til masalasi o‘rtaga qo‘yildi. Uni asta-sekin shakllantirish va amaliyotga qo‘yish haqida qaror qabul qilindi. Bu qaror o‘sha mushtarak adabiy tilda alohida risola bo‘lib bosilib ham chiqdi. Nihoyat, 1907 yilda Rusiya davlat maorif inspeksiyasi mamlakatdagi musulmonlarning o‘z ona tillarida o‘quv-yozuvni olib borishlari mumkinligi haqida qaror qabul qildi. Biroq bu maxsus qaror musulmon bolalarini o‘z ona tilida o‘qitishni faqat mahalliy shevada olib borish zarurligini uqtirdi. Gasprinskiy shundan cho‘chigan edi. U bu qarorni mutlaqo noto‘g‘ri, hatto jinoyat deb hisobladi: «Maorif inspeksiyasining bu ishini biz butunlay xato deb bilamiz, chunki xalqning ona tili bu millatning adabiy tilidir. Agar bizim qadimiy adabiy tilimizning bir halqasi Alisher Navoiy tili bo‘lsa, turli shevalardan tarkib topgan yangi zamonaviy tilimiz uning ikkinchi halqasidir». «Tarjimon»ning 1908 yil 13-sonida bosilgan «Til va mas’uliyat» maqolasida yana shu masalaga qaytib, o‘z fikrini atrof-licha asoslaydi. CHindan ham Rusiyaning turli joylarida istiqomat qiluvchi turkiy xalqlarning tillari, to‘g‘rirog‘i, shevalari bir-biridan farq qiladi. Xo‘sh, bu farq ruslarda yo‘qmi? Vyatka mujiklarining tili YAroslavl hunarmandlarinikidan, tulalilarniki Kursk, Smolensk erlilarinikidan qanchalik farq qiladi! Arablarchi? Goho ular orasidagi farqlar bir-birlarini tushunmaslik darajasiga boradi-ku? Nima uchun Lomonosov, Jukovskiy, Pushkin, Turgenev kabi adiblar, mutafakkirlar yagona adabiy til uchun umr bo‘yi kurashdilar?! Nima uchun arabning ko‘zga ko‘ringan olimfozili borki, til birligini tildan qo‘ymaydi?! Nemislar nega umumiy til ustida bu qadar jon kuydiradilar?! To‘g‘ri, yagona adabiy til milliy adabiyot bilan birga maydonga keladi. Lekin uni shakllantirish uchun birgina adabiyot ahlining emas, butun millatning, birinchi navbatda, ziyolilarning g‘ayrat va rag‘bati kerak. Bu erda ham ishni maorifdan boshlamoq zarur. Bolaning ilk savodi, mayli, shevada chiqsin, lekin ikkinchi-uchinchi yildanoq o‘qishlar umumiy yagona tilda ketmog‘i lozim. Bu degani dunyoning tashvishlarini ko‘zda tutgan, lekin o‘z ona tilimizda, milliy ruhimizda bo‘lgan o‘rta va oliy maktablar ilmiy, madaniy muassasalar, turli-tuman mutaxassislar, xullas, nimaiki millatning iqtisodiy, siyosiy va milliy mustaqilligini ta’min etadigan bo‘lsa, hammasi kerak. Bularsiz millat ozod bo‘la olmaydi. Xo‘sh, bizga hozir ona tilida o‘rta va oliy maktablar ochishga ruxsat berilsa, biz bunga tayyormizmi, degan savol qo‘yadi Ismoilbek Gasprinskiy va «yo‘q!» deb javob beradi. Demak, birinchi vazifa, yosh, taraqqiyparvar milliy ziyolilar tayyorlamoq, zamin hozirlamoqdir. Uni hech kim qilib bermaydi, o‘zimiz qilishimiz kerak: «Bugundan boshlab umumiy til ustida kurasha boshlamoq, maktablar uchun darsliklar, o‘quv kitoblari, lug‘atlar tayyorlamoq kerak», - deb yozadi Gasprinskiy «Tarjimon»ning 1907 yil 42-sonida bosilgan «Do‘stlarimga» nomli maktubida. Bularning hammasining boshi milliy ong, xususan, milliy maorif bo‘ladi. Mamlakatimizda soniga ko‘ra nisbatan ozchilikni tashkil etuvchi armani, gurji, latishlarni qarang, qanchalar ilgarilab ketdilar. Finlyandiya va Polsha mustaqillikni olishgacha etdi. Iqgisodi ham joyida. Kerakli narsasi bor. Hammasi milliy ongdan, milliy til, adabiyotdan. «Millatning ikki asosi bor: til birligi, din birligi. Millatning o‘zligini yo‘qotish uchun shularning bittasi buzilishi kifoya», deydi Gasprinskiy. 1885 yilda Istanbuddagi Abuziyo matbaasida Ismoilbek Gaspralining «Ovro‘po madaniyatiga bir nazari muvozana» degan kichkina risolasi bosilib chiqdi. Evropa o‘z taraqqiyotining haddi a’losida turgan, Evropa turmush tarzi dunyoning barcha mamlakatlariga o‘rnak va timsol tutilgan bir paytda Rusiyaday qoloq bir yurtning qaysi bir burchagidagi bir musulmon dunyoning taraqqiyparvar ahli orasidagi hukmron nuqgai nazarga e’tiroz bildirdi. Fan va texnikasi bilan dunyoni hayratga solgan kapitalistik Evropani ham, jannat va’da etuvchi sotsialistik Evropani ham rad etdi. Har ikkisida ham axloqsizlik ko‘rdi. Bugungi Evropa madaniyati qadim Rim sivilizatsiyasi asosida maydonga kelgandir. Qadim Rim saltanati esa ma’naviy-axloqiy chiriganligi uchun barbod bo‘lgan. Binobarin, «Rumolilar asir etlari bilan hovuzlarda boqilgan baliqlarga to‘ymasdan qanday qulagan bo‘lsalar, ularning farzandlari bo‘lgan ovro‘polilar ham butun dunyoning mevalariga to‘ymaydilar»,- deb yozadi Gasprali. Qadim Rim saltanati deganda bugungi o‘quvchining ko‘z o‘ngiga, birinchi navbatda, bir to‘da to‘ralarning ko‘nglini ochish uchun o‘lim bilan kurashga chiqqan gladiatorlar, mashhur Spartak keladi. XIX asr esa, Evropa kolonializmining gullagan davri edi. Kitob chop etilgan 80yillarda oq podshoning sevimli generali Skobelev olis Xurosonning Ko‘ktepa qal’asini qonga botirib, Marvi shohjahonni ishgol etgan edi. Rumolilarning XIX asrdagi farzandlarining butun dunyoning mevalariga to‘ymasliklari shundan. Muallif fikricha, yangi - XIX asr Evropa madaniyati bilan qadim Rim madaniyati mohiyatan bir xil. Qurollar, usullar, o‘rnaklar o‘zgargan, xolos, natija va samara eskicha. Risolada asosiy e’tibor «yangi dunyo» madaniyatining ma’naviy-axloqiy jihatlariga qaratiladi. Vorisiylikka, otalar va bolalar masalasiga to‘xtaladi. Bolalarning (sotsialistlarning) o‘z otalari (kapitalistlar)ni rad etishlarida katta ma’no ko‘radi. Ayni paytda, bolalarning adolat haqidagi tushuncha va fikrlari adolatsizliklar bilan to‘la ekanligini ochib tashlaydi. Uningcha, oldingi har ikki madaniyatning asosiy nuqsoni shundaki, ularda haqqoniyat yo‘q. Islomdagi haqqoniyat yo‘q. Haqqoniyat degani nima? Avloniy buni shunday tushuntiradi: «Haqqoniyat deb ishda to‘g‘rilik, so‘zda rostlikni aytilur...» Gasprali barcha insonlarning o‘zaro munosabatlari bir asosga — foyda asosiga qurilganini ta’kidlaydi, lekin ishlab chiqarish vositalarini kishi faoliyatini nazorat qiluvchi ushr (o‘ndan bir miqdordagi yillik ekin solig‘i), zakot (qirqdan bir miqdordagi yillik mulk solig‘i) kabilarning inson va jamiyat hayotidagi favqulodda nazoratchilik rolini uqtiradi. SHular Evropaning huquq va axloqiga asos qilib olinganida sotsialistik fikrlarga imkon qolmasligini aytadi. SHu tariqa, Evropa ilm-fani bilan islom axloqining hamkorligida maydonga keladigan yangi umuminsoniy madaniyat masalasini ko‘taradi. Xo‘sh, islom madaniyati qanday madaniyat? U nimani ko‘zda tutadi? Evropa madaniyati sharhidan keyin buning izohiga ham zarurat tug‘ilgan ko‘rinadi. Har holda Ismoilbekning «Mada-niyati islomiya» nomi bilan bir kitobi paydo bo‘ldi va qisqa muddatda 2 marta chop etildi. Madaniyat, uningcha, kishilarning turmushi, ish faoliyati, kasb-hunarga munosabati bilan belgilanadi va ularni taxminan 3 ga (vahshiy, yarim vahshiy, madaniy) bo‘ladi. Gap shundaki, madaniyat hech qachon yolg‘iz bir millatga yoxud mamlakatga tegishli bo‘lib qolmaydi. Turli sabab va sharoitga ko‘ra birida ozroq, ikkinchisida ko‘proq yoxud birida bir, ikkinchisida boshqa jihati nisbatan farqli rivojlanishi mumkin. Bir vaqtlar Evropa undan bebahra qolgan edi, hozirda uning Osiyodan o‘sib ketganligi hammaga ayon. Zamonida Evropa kiyim nimaligini bilmay, mol terisiga o‘ralib yurgan paytlarda Osiyo paxta-ipak matolarini tanlab kiyardi. Hozirda osiyolik ot-eshak, qayiq bilan o‘n kunda yuradigan yo‘lni Evropa temir yo‘l yo paroxodda bir kunda bosib o‘tadi. Bu madaniyat darajasining samarasi. Ayni paytda, u butun insoniyatnikidir, - deydi muallif. Kimki bu yo‘lda xizmat qilsa, insoniyatga xizmat qilgan bo‘ladi. SHu jihatdan, musulmon olami insoniyatga nima berdi? Umuman, uning xizmati bormi? Ismoilbek shunday savol qo‘yadi va «Ham bordir, ham ko‘pdur» deb javob beradi. SHundan so‘ng 2 muhim masalaga aniqlik kiritadi. 1. Islom madaniyatining birgina arab madaniyatidan iborat emasligi. Evropada keng tarqalgan bu fikrni muallif yanglish hisoblaydi. Darhaqiqat u hodda fransuz, ingliz, nemis ziyolilari bunyod etgan ilm-fanni «lotin madaniyati» deyish kerak, chunki ular shu tilda yozilgan. Unday demaymiz va to‘g‘ri qilamiz. Islom madaniyatini ham yolg‘iz arablar yaratmadilar. Unda turk, fors, hind va boshqa qavmlarning ham ulushi bor. 2. Islom madaniyatining antik va hozirgi Evropa madaniyati bilan o‘zaro munosabati masalasi. Insoniyatning eng qadim madaniyati, shubhasiz, Misr va YUnon madaniyatidir. Hozirgi baravj madaniyati esa, Evropa madaniyati bo‘lib turibdi. Xo‘sh, islom madaniyatining o‘rni qaerda? Evropa olimlarining ko‘pchiligi bugungi Evropa madaniyati qadim Misr-YUnon madaniyatining bevosita davomchisi deydilar. «Va lekin bu iddaolari yanglishdir va xatodir, — deb yozadi Ismoilbek. — CHunki YUnon madaniyati oxiri ila Ovro‘po madaniyati boshina qadar kechmish ming yil olam madaniyatsizmi qoldi? Ovro‘po madaniyatni to‘g‘ri YUnondan olgan bo‘lsa, nima uchun ming yil uni olmasdan kutib o‘tirdi?» Muallifning atroflicha asoslashicha, yunon madaniyati Evropadan oldin islom dunyosiga yoyilgan va musulmonlar uni taraqqiy qildirib, nuqsonlarini ozaytirib, Evropaga topshirdilar. Aristotel, Platon kabi o‘nlab mashhur yunon olimlari asarlarini Evropaga tanitganlar musulmonlar bo‘ladi. Buni G‘arb olimlari orasida e’tirof etguvchilar yo‘q emas. Amerikalik Draber «Evropa akliy taraqqiyoti tarixi» kitobida «Evropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham’ va chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelgandir», deb yozgan. Oyati karima va payg‘ambarimiz hadislari, sahobalar e’tirofi. islomiyat madaniyatning asosi va manbai ekanligiga dalil emasmi? Darhaqiqat, Qur’oni karimda «ilm» so‘zi 751 o‘rinda uchrar ekan... Islom olamidan uzoq yunon madaniyati musulmonlar hayotiga qanday kirib keldi? Ismoilbek buni VIII asrdan, Abbosiy xalifa Abu Ja’far Abdulloh al-Mansur zamonidan deb belgilaydi. Ilm-fanni sevgan bu xalifa hind olimlaridan ilmi nujum va hay’atni o‘rgangan. YUnonlarda bu fanlarning taraqqiy topganligini anglab, tarjima qilishni yo‘lga qo‘ygan. Qisqa muddatda Bag‘dod, SHom ilmu hikmat xazinalariga aylanadi. Bu borada Xorun arRashid, Ma’mun kabi xalifalar katta himmat va jasorat ko‘rsatadilar. Nihoyat, bular o‘z samarasini beradi. Ismoilbek o‘z fikrlarini dalillash uchun ko‘plab misollar keltiradi. CHunonchi, mexanika ilmi darajasini ko‘rsatuvchi shunday fakt keltirilgan. Xorun ar-Rashid (763-809) ning Fransiya hukmdori Buyuk Karl (742-814) ga yuborgan sovg‘alari orasida zang chaladigan soat bo‘lib, barcha evropalilarni hayrat va taajjubga solgan. Abu Ja’far yunon hukmdori bilan inoq edi. Afinadan beadad kitob oldirdi. Ma’mun davrida Ptolomeyning «Majistiy»i tarjima qilindi (YAhyo ibn Xolid Barmakiy). Sanad bin Ali va Xolid bin Abdulmalik Marvarudiy astronomiya bo‘yicha yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdilar. Er kurrasining uzunlik va kenglik darajalari o‘lchab chiqildi. Sayyoramiz harakatiga doir 3 zij tartib qilindi. Abbos bin Sayyid Jo‘shariy ibn Ishoq bin Kasuf, Abdulloh bin Sayyid al-Farg‘oniy kabi mashhur olimlar yunonlarning astronomiyaga doir ko‘plab xatolarini aniqladilar va quyosh dog‘lari, oy-kun tutilishi, dumlik yulduzlar borasida bir qancha kashfiyotlar qilindi... Evropa handasa (geometriya) ilmini xurosonlik Abulvafoning hijriy 5-asr boshida tuzilgan «Az-ziji SHomil» va «Majistiy»sidan o‘rgandi. Ismoilbek fikricha, bugungi teleskoplar o‘sha zamonlarda kashf etilsa edi, islom ulamosi «balki Ovro‘po ulamosina ilmi hay’atda hech bir ish qoldurmaslar edi». Afsuski, XI asrdan zamon notinchliklari kuchayib bordi. Bir tomondan, g‘aznaviylar, saljuqiylarning mulk dag‘dag‘asi, ikkinchi tomondan, CHingiz istilosi, uchinchi tomondan, Quddusi sharif uchun boshlanib ketgan «salib yurishlari» islom olamini larzaga solib, ilmu hunar yo‘llarini buzib yubordi. Lekin ilm-maorif nuri so‘nmadi, aksincha, dushmanlarga ham ziyo berib, mu-navvar qildi. Mo‘g‘ullarning katta qismi islom madaniyatini qabul etdilar, evropalilar esa yuz yillik salib yurishlari davomida qanchadan-qancha san’at va hunarlarni o‘rganib qaytdilar. Islom madaniyatining o‘choqlari birgina Bag‘dod, SHeroz, Nishopur, Samarqand emas edi. Bunday markazlar Afrika, Ispaniyada, qo‘yingki, islom olamining deyarli barcha nuqtalarida bor edi va hammasida ilm-fan rivoj topdi. Birgina Ispaniya va Afrikada etishgan islom ulamosining kashfiyotlari va yozgan asarlari nomlarining o‘zi, Ismoilbek guvohlik berishicha, «yigirma jild» bo‘ladi. Muallif islom madaniyatining mazmun va ko‘lami haqida umumiy ma’lumot bergach, «Ulumi tabiiya», «Qonun va nizom», «Tarix», «Hikmat», «Tib», «Adabiyot», «Ulumi riyoziyya», «Fani jug‘rofiya» kabi boblar ochib, tasnif etadi. Har sohaning eng mashhur namoyandalarini tilga oladi, asarlaridan namuna keltiradi, baholaydi. Tasnif va baho ko‘pincha Evropa ilm-fani bilan taqqoslab olib boriladi. CHunonchi, tabiiy fanlar borasida so‘z yuritganda, bir qator sohalarda «xoja (muallim)lari o‘lan yunoniylardan ko‘b o‘zub ketgan»liklarini, masalan, nabototdan «yunon ulamosina hech ma’lum o‘lmayan ikki ming jins nabotot kashf va tajruba etilgani»ni, Andalus podshohi Abdurahmon I Qurtabo shahri yonida ulkan Botanika bog‘i tashkil qilib, dunyo o‘simliklarini to‘pla-moq uchun Osiyo va Afrikaning har tomoniga maxsus kishilar yuborganini qayd etadi. SHuningdek, o‘simlik-giyohlarning changlanishini aniqlash, dori va giyohlarni shakarda qaynatib saqlash, dorixonalar ochish «islom hukumatining ma’rifatlari»dan ekan. Ismoilbek er ilmi, ziroat asboblari borasidagi o‘nlab kashfiyotlar musulmon olamidan olinganligi evropalik olimlarning o‘zlari tomonidan qayd etilganini aytadi. «Ovro‘poda bu kunda mavjud o‘lan nabotot (o‘simlik) va ashjor (daraxt) va chechaklaring ko‘pisi Andalus musulmonlarindan olinmishdir va necha asr oldin o‘rganilmishdir», deb yozadi. «Tib» bobida Xorun ar-Rashidning tabibi YAhyo bin Miskaveyh tibbiyotga doir 30 jild kitob yozgani va ularning arabiy, ibroniy tildagi nusxalari evropaliklar qo‘liga tushgani, Ab-bosiylar davrida etishgan Abu Bakr ar-Roziy ilk bor chechak va qizamiqni emlagani, ikki yuzdan ortiq kitob yozgani, asarlari XVI asrda italyan tiliga tarjima qilingani, undan 50 yil so‘ng Eronda yashagan Ali bin Abbos yunoniylarning tibbiyotdagi ko‘plab xatolarini ko‘rsatib, 20 jild kitob yozgani, buyuk Ibn Sinoning asarlari asrlar davomida G‘arbda dasturi amalda kelayotgani kabi ma’lumotlar keltiriladi. Islom olami ilmda yangi-yangi yo‘nalishlarni boshlab berdi. Hikmat va Qur’on oralig‘ida «Aqoid» va «Tasavvuf» dunyoga keldi. G‘azzoliy diniy hikmatga doir yuzga yaqin kitob yozdi. Tasavvuf Muhyiddin Arabiy, Jo‘nayd Bag‘dodiy, Mavlono kabi ulug‘ zotlarni etkazdi. «Ovro‘poda «filo‘so‘f», «mistiq» dediklari ulamoning «So‘fiyun» firqasidir», - deb tugatadi «Hikmat» bobini muallif. «Qonun va nizom» bobida shariat, mazhablarning jamiyatdagi o‘rni, Imomi a’zam Abu Hanifa, Imom SHofe’i, Imom Molik va Imom Xanballarning islom madaniyati tarixidagi xizmatlari haqida gap ketadi. «Tarix yozmaya musulmonlar har millatdan ziyoda xidmat etmishlar, desak joizdir», — deb boshlanadi «Tarix» bobi. Kotib CHalabiy (1609-1658) «Kashfuz-zunnun...»ida 1300 muarrix nomini keltirgan ekan. Ismoilbek ularning eng mashhurlari Abul-Faraj, Burhonildin, Ibn Xaldun, Mas’udiy kabilar haqida ma’lumot beradi, ularning hayoti bilan bog‘liq voqealardan hikoya qiladi. Tabiiy fanlardan «hisob», «handasa», «jabr»ni qayta yaratganliklari, «fani maxoikiya» (mashinasozlik), «fani absor» (optika)ga buyuk xizmat qilganliklarini dalillaydi. SHuningdek, Muhammad Bag‘dodiyning er sathini o‘lchash va xaritasini tuzish borasida maxsus kitob yozganini ma’lum qiladi. Bugungi soatlarimizdagi «soat» va «daqiqa» taqsimxonalari musulmonlar hunari bo‘lib, o‘rta asrlarda Abul Hasan Mag‘ribiyning kitobida mufassal bayon qilingan ekan. Mashhur Umar Xayyom va Abdurahmon al-Xarojiyning «Sanayi jaloliya» nom olgan yil hisobi Evropa Rum (Grigoryan) kalendaridan bir necha asr ilgari va aniq tuzilgan.

Download 94.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling