Ismoilbek gasprinskiy (1851 1914)
Download 94.18 Kb.
|
GASPIRNSKIY
Jug‘rofiyachi? Batlimus (Ptolomey) «Jug‘rofiya»si Ma’-mun zamoniga kelib eskirdi. Uning amri bilan maxsus hay’at tuzilib mukammal jug‘rofiya kitobi — «Rasmul-arz» yaratildi, oldingisiga tuzatishlar berilib, xaritalar ilova etildi. Va ular asrlar davomida Evropada dasturulamal bo‘ldilar. SHohruh topshirig‘i bilan Abdurazzoq Samarqandiy Hindiston va Xitoy jug‘rofiyasini o‘rgandi: Mirzo Ulug‘bek ko‘rsatmasi bilan Ali Qushchi erning kenglik darajasini, sathini o‘lchashda juda katta yutuklarni qo‘lga kiritdi. Dengiz xaritalari musulmonlar ixtirosidir. 1497 yilda dengiz safariga chiqib, ko‘plab orollar kashf etgan Vasko da Gamaning arabcha yozilgan bir dengiz xaritasidan foydalanganligi ma’lum. Ismoilbek ayrim Evropa olimlarining «turk xalqlari zehnu salohiyatdan noqis va ojiz bo‘lganligidan qora va past ishlardan boshqasiga yaramaydi» degan fikri bilan bahsga kirishadi. Idrok-iste’dodning, zehn va aqlning bu xalqda boshqalardan zarracha ham kam emasligini, axloq va odobda, sadoqat va to‘g‘rilikda, or-nomus himoyasida sayyohlar tilida kelishini ta’kidlab ko‘rsatadi va o‘z fikrlarini «Bir xalq(n)ing yo bir qavm(n)ing axloq kasb etmasi iste’dodu aqliyasindan tug‘ar. Noqis aqldan maqbul axloq va adab tug‘mas», — deb yozadi. So‘ng misollarga o‘tadi: «Olami islomiyatda mashhur va Ovro‘po Farangiston ula-mosina ma’lum «muallimi soniy» nomini kasb etmish Abunasr Forobiy hazratlari turk o‘g‘li turqdirki, ham birinchi ulamodan, ham birinchi hukamodandir. Ali Husayn ibn Sino hazratlari Ovro‘poda «Avissina nomi ila mashhur o‘lan ekan. Turk o‘g‘li turkdir. YUnon qavmi Buqrot kabi tabib va Arastu kabi filo‘so‘f ila iftixor edar. Ibn Sino esa, ham tabibi mashhur, ham filo‘-so‘fi nodir edi. Ibn Sino Arastuning aksi dagil edi va lekin Arastuning shogirdi o‘lmayub, o‘zining iste’dodi aqliya va zeh-niyasi ila Arastuya barobar kelmishdir. Ibn Sino Buxoro mevasidir...» «G‘aznaviylaring va temuriylaring saroylari ulamo va huka-mo jamiyatlari ila sharaflandigi tarixlarda yozilmishdir...» Muallif «hissa» chiqaradi: «Har millat(n)ing va xalq(n)ing buyukligi, zo‘rligi «cho‘qlik» («ko‘plik»), «mol va kasb», «shijoat» ila o‘lchanilur esa-da, eng sharafli mezon va o‘lchov «ilm va hunar»dirki, bularga ega millat, xalq eng ulug‘, eng buyuk xalqdir». So‘nggi bob «Islomiyat va madaniyat» deb nomlangan. Undan mazkur risola XIX asr o‘rtalarida kechgan islom va ilm-fan mavzuidagi bahsga o‘ziga xos javob ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ismoilbek Evropa matbuotida goh-goh ko‘zga tashlanib qoladigan «islomiyat madaniyatga mutanosib emas» degan fikrning kelib chiqish sabablari ustida to‘xtab, uni chalamulla din peshvolarimizning jaholatidan ko‘radi. Holbuki, buni aniqlashning yo‘li juda oson. 1. Dinning asosini, qoidalarini o‘qib bilmak. 2. SHu dindagi xalqning ahvolini o‘rganmak. Har ikki jihatdan ham ushbu dinning mukammal bir madaniyat manbai ekanligi ma’lum bo‘ladi. «Qur’oni azimush-shon bir kitobdirki, har nuqgasi vositai madaniyatdir, — deb yozadi Ismoilbek. —Payg‘ambarimizning hadislari va g‘ayri aozim islom(n)ing kalimot va hukmiyoti bir qonuni filloh va madaniyatdur. Dunyoda shariati muhammadiya qadar haqqoniyat va musovot asosi uzra ta’sis o‘linmish hech bir mukammal qonun yo‘qdir. Madaniyatning bosh va arkoni o‘lan maorif, sa’y va amali ittihod, musovot, hurriyat, muhabbati vatan kabi avsofi mam-duha dini islom(n)ing birinchi darajada amr va tavsiya etdigi ahkomindandir». YAna bir dalil: boshqa millatlar o‘z olimlarini qamoq va zindonlarda chiritganida, musulmon ulamolariga yuksak mar-tabalar berilib, saroylarda, shoh dasturxoni atrofida umr kechirdilar. Muallif ikkinchi masalaga - musulmonlar ahvoliga to‘xtalar ekan, arablarning «johiliyat» deb nom olgan islomgacha bo‘lgan tarixini misol qilib keltiradi. Islom bu qavmni tamom yangiladi, millat holiga keltirdi. Ular yuz yil o‘tmay, Afrika o‘rtalaridan Samarqandgacha, Hindistondan Fransiyadagi Piriney tog‘larigacha cho‘zilgan saltanatni maydonga keltirdilar. Qanchadan-qancha xalqlar bu dinni qabul qilib, madaniyatning katta ko‘chasiga chiqib oldilar. «Ovro‘po xalqlarining hozirdagi hunar va madaniyatlarina asos ulamoi islom(n)ing samaroyi sa’yi o‘ldig‘ini inkor etib bo‘lmas», - deb yozadi Ismoilbek va buning da-lili sifatida bugungi ilm-fan, shahar madaniyati, dehqonchilik, bog‘dorchilik, ekologiya kabilarning hammasi islom madaniyatiga borib taqalishini ko‘rsatib beradi. Tabiiyki, undagi bu g‘oyalar muayyan bilim va idrokka suyangan edi. Turkiy xalqlarning o‘tmish madaniyatini, ruhiyatini teran anglashdan, uning keyingi asrlarda taqdir taqozosi bilan tushib qolgan tutqun va turg‘un turmushini teran idrok etishdan, unga yo‘l izlashdan kelib chiqqan edi. Bu jihatdan Ismoilbekning «Turkiston ulamosi» kitobi muhim. «Turkiston ulamosi» Ushbu kitob 1900 yilda Bokuda bosildi. Muallif «Noshirdan bir so‘z»da «Ovro‘poda ulum va funun bik oz muntashor ulan bir zamonda Turkiston qit’asinda aqliy va naqliy ilmlara cholishmoqda emishlar», — deb izoh bergan. Gasprinskiy zamondoshlarini ko‘hna Turkistonning yuzdan ortiq ulamosi bilan tanishtirar ekan, ularni sahni keng gulshandan saralab olingan bir dasta gul sifatida taqdim etadi, o‘lkaning nodir iste’dodlarga benihoya boyligini ta’kidlaydi. Kitob o‘n faslga bo‘lingan. Dastlabki faslda «Turkistonda etishan ulamoi mashoyix, muhaqqiqindan ba’zilari» haqida gap ketadi. Fasl «shoh Naqshband» — mashhur Muhammad Bahovuddin Naqshband (1318-1389) bilan boshlanadi. Muallif uning tasavvufga daxldor «Dalilul- oshiqin» bilan «Hayotnoma»si «arbobi ur-fon»ning har doim nazar-e’tiborida kelganligini xabar qiladi. SHayx Najmiddin Kubroning «618 sanai hijriyasinda CHingiz askari tarafindan shahid» etilganini ma’lum qilib, asarlarini sharhlaydi. Abduxoliq G‘ijduvoniyning o‘nlab mashhur mutasavviflarga murabbiyligiga to‘xtaladi. Gasprinskiy «jorulloh» Zamahshariyni, qonunshunos, ilohiyot olimi Abullays Samarqandiy (1075— 1144)ni (Navoiyga dars bergan Fazlulloh Abullaysiyning ajdodlaridan), «Axloqi Muhsiniy»ning muallifi Husayn Voiz Koshifiy (1440—1504) ni «Mufassiri kirom» (ulug‘ tafsirchilar) fasliga kiritadi. «SHuhrati ta’rif va bayondin mustag‘ni o‘lan» Zamaxshariy haqida so‘zlab, «tafsir, hadis, fiqh, lug‘at, bayon, nahv ilmlarinda zamonining eng birinchisi edi»,— deb yozadi. 20 dan ortiq kitobini sanab ko‘rsatadi. Faqihi muhaqqiq Abullaysiyning 7 kitobini tilga oladi. Husayn Voizning 4 kitobiga to‘xtaydi. Buyuk muhaddislardan Imom Buxoriyning 19, Muhammad binni Iso Termiziyning 6 asari haqida fikr yuritadi. Kitobdagi fasllardan biri «ulumi adabiya» vakillariga bag‘ishlangan. Fasl foroblik Abunasr Ismoil bin al-Ahmad Javhariy (v. 1003) bilan boshlanadi. Uning «Toj ul-lug‘ati va sahih ul-arabiyati» nomli lug‘ati keltirilgan. Arab tiliga oid bu kitob, chamasi, o‘z davrida benihoya mashhur bo‘lgan. Zamaxshariyning, bu tilni mukammal egallagani uchun, «jorulloh» (Ollohning qo‘shnisi) laqabini olgani ma’lum edi. Muallif keltirishicha, Javhariyning zamondoshlari ushbu kitobni arab ulamosi qo‘liga berib, «Lug‘atingazni ajnabiy bir odamdan o‘rganingiz!», degan gapi mashhur bo‘lib ketgan ekan (10-bet). Sarf, nahv, maoniy, adab, munozara, qofiya fanlaridan bahs yuritgan «Miftohul-ulum» («Ilmlar kaliti»)ning muallifi xivalik Sirojiddin YUsuf Sakkokiy ( v.1229), uning hamshahari «Hadoyiqus-sehr»i bilan shuhrat qozongan Rashidildin Vatvot (v.1188), «An-nahj» («Usul»), «Navodirul-usul» («Usul jilolari») kabi kitoblar yozgan Abu Abdullo Termiziy (Hakim Termiziy) (v.816) kabi o‘ndan ortiq ulamo haqida ma’lumot ushbu bobda keltirilgan. Navbatdagi fasl «sohibi devon mashohiri shuaro» (devon tartib etgan mashhur shoirlar) haqida. Unda «Sayrul-ibod»i bilan ilohiyot mavzuiga yangi yo‘nalish bergan Sanoyi (v.1054)dan «devoni major-vengr ulamosindan musyo Vamberi tarafindan nemis dilina darjima o‘linmish» Maxtumquligacha bor. Muallif ajdodlari Kesh – SHahrisabzdan bo‘lganliklarini ko‘zda tutib, Amir Xisrav Dehlaviyni ham kiritgan. SHuningdek, maqbarasi Tabrizda bo‘lgan, «ilmi hikmat va she’rda mashhuri zamon» Zohir Faryobiy (v.1202), «quvvai xayoliyai shoirona»da benazir SHavkat Buxoriy (1636 yilda Isfahonda vafot etgan) kabi umrining so‘nggi boshqa yurtlarda kechgan qalamkashlar ham o‘rin olgan. Axsikatlik shoir Asiriddin Axsikatiy (v.1212) ni Anvariy (Avhadildin Anvariy, 1105-1187), Hoqoniy kabi «azim shuaro» qatoriga qo‘yadi. Sayfiddin Isfarangi degan shoirning she’rlari Ulug‘bek zamonasida g‘oyat shuhrat topganini ma’lum qiladi: «Devoni ash’ori 12 ming bayt jam’ o‘lub, aksariyat Ulug‘bek majlisinda qiroat o‘linurdi», «Isfara Movarounnahrda bir qasabadur», deb izoh beradi muallif. Pahlavon Mahmud (Puryoyvali)ning «Kanzul-haqoyiq»i, Lutfiyning «musavvada qolan» she’riy «Zafarnoma»si haqida ham ayrim qaydlar uchraydi. Muallif Alisher Navoiy va uning adabiy muhiti haqida keng to‘xtalgan. Xususan, Navoiy borasida «laqabi zullisonayn o‘lub, hijrating to‘quzunchi asri avoxirinda etishan chig‘atoy va Ajam shuarosining eng mashhurlaridandur, boxusus, turk(n)ing «rais ul-shuarosi» deya talqin o‘linadur. Ilmi xat, rasm, musiqi, naqqoshliq san’atlarindanda voqif edi...» (13-bet) deb yozadi. «Mavlono Jomiy ila muosir (asrdosh) Lutfiy»ni «forsiy, boxusus turkiy nazmda soniyi Alisher» ataydi. Sulton Husayn Boyqaroning «quvvai tab’i»ni ta’kidlab ko‘rsatadi. Faslning eng diqkatta sazovor joylaridan biri Oyshayi Samarqandiy, Mehri Nurjahonbegim, Lola xotun, Asimiy, Iffatiy va Do‘xtari Qoshg‘ariy - jami 7 «turk shoirasi» haqidagi fikrlardir. Afsuski, ular haqidagi materiallar qayddan nariga o‘tmagan. Lekin shu holda ham uning Turkiston adabiy tarixini o‘rganishda mutaxassislar uchun foydali ekanligiga shubha yo‘q. «Turkistonda etishgan hukamo (hakimlar) va atibbo (tabiblar)» fasli Ibn Sino bilan ochiladi. Gasprinskiy uni «dohiy» ataydi. Lotinchaga tarjima qilingan «Qonun»i «Ovro‘po dorilfununlarinda tadris o‘linurdi» deb yozadi. Til bilimini yuksak baholaydi: «Haqila voqif o‘ldig‘i lisonlar: arabi, forsi, turki, yunoni edi». Faslda 11 nom keltirilgan. Bular mashhur Forobiy, Xo‘ja Faxriddin bin Avhadiy Sabzavoriy (1384—1463), Hakim Azraqiy Marviy, Najibildin Samarqandiy, Abu YAzid Balxiy, Abdurahmon al-Marzuyi, Abu Ibrohim Gurgoniy ( v. 1137), «YOdgori tib»ning muallifi SHarif SHarafiddin, «madaniyati islomiyaning eng buyuk xodimlarindan «50 parcha asari vor» Abul Ahmad bin Tabib Sarxushiy (v. 897) kabilardir. Aljabr asoschisi Al-Xorazmiy, Nilning suvini o‘lchaydig‘an «miqyosul-jadid» asbobini yaratgan Ahmad Farg‘oniy ( v.861), Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Jamshid — jami 12 kishi «nujum, hay’at va riyoziya ulamosi» sirasida berilgan. Mazkur fasldagi «Ziji Abu Ma’shar»ni tuzgan, riyoziyot va ilmi nujumga oid o‘nlab asarlar yozgan Abu Ma’shar Balxiy, Qozizoda Rumiy kitobiga sharh yozgan hayatshunos Muhammad CHag‘miniy, handasaga doir kitoblari bilan shuhrat qozongan SHamsiddin Samarqandiy (v.1204), oltmish qadamlik usturlob yasagan Muhammad Xo‘jandiy, Oy haqidagi kuzatishlari ev-ropaliklarni mahliyo qilgan, «Al badi’» («Go‘zal yaratilish») asarining muallifi Abul Hasan, Ma’mun «baytul-hikmasi» (akademiyasi)ning bir og‘izdan e’tirof etilgan olimi Abdullo binni Suhayl al-Farg‘oniy kabi hayot va ijodlari nisbatan kam yori-tilgan olimlar haqida to‘plangan ma’lumotlar, shubhasiz, o‘zining ahamiyatini bugungi kungacha saqlab keladi. Muhimi shundaki, G‘arb va SHarqni baravar bilgan Gasprinskiy turkistonlik ushbu olimlar ijodi Evropada qanday o‘rga-nilayotganligiga ham diqqat qiladi. Jumladan, Ulug‘bek «Zij»ining 1665 yilgi Oksford nashri, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Ma’shar asarlarining Evropada kutib olinishi, baholanishiga oid ma’lumotlar keltiradi. «Turkiston ulamosi»da «tarix va jug‘rofiya ulamosi» haqida ham bob bor. O‘nta tarixchi kiritilgan. Bularning bir qismi tanish, Xondamir, Tabariy, Hofizi Abro‘, Abdurazzoq Samarqandiy. Jamolildin Abdullo Nishopuriy (v.1512), Abu Said Al-Marvoziy (v.1167), Mir Abdulkarim Buxoriy ( v.1830) nomlari ko‘pchilikka u qadar ma’lum emas. Gasprinskiy Jamolildin Nishopuriyni asli movarounnahrlik deb tanishtiradi. «Ravzatul -ahbob» («Do‘stlar bog‘i») nomli kitobi borligini, «Kitobi tak-milussinoa» («Ajoyibotga qo‘shimcha»)sini Navoiy nomiga yozgan-ligini, Abu Said al-Marvoziyning esa 28 jild (shundan 10 jildi «Tarixi Marv», 8 jildi «Tarixi ansob») asari borligini, Mir Abdulkarim Buxoriyning Turkiston va Afg‘onistonga doir bir kitobi 1876 yilda Parijda musyo SHefr tomonidan fransuzchaga tarjima qilinganini bizga etkazadi. Gasprinskiy Turkiston ulamosi haqida to‘xtalar ekan, bir faslini maxsus faqihlarga (diniy huquq olimlariga) bag‘ishlaydi. XIX asrning oxirida yashagan va dunyo ko‘rgan ziyolilarning birortasi ham Turkistonning o‘sha davr ahvolidan qanoat hosil qilmaydi. Ismoilbek xonliklar saltanatining so‘nggi davr ahvolini shunday bayon qiladi: «SHoh Temur zamoninda har biri bir arslon o‘lan turkistoniylar bu zamonda ta’siri zulm va istibdod ila biror sochsiz xotin, soqolli zaifalar poyasina kirmish edi. Eski ilm va ulamodan ham deyarli asar qolmagan. Xolis va halol (kishi) qolmay, uzun choponlarga, xil’atlarga o‘ralgan riyokor ko‘paygan edi. Zolimlar yo‘lini to‘sadigan shariat ahli tugab, zolimlarga fatvo topib berib, 5—10 tilla-oltun uchun sabohdan oqshoma qadar «omin», «omin» aytib, millatni xarob va barbod etganlar sanoqsiz edi. Qanday baxtsizlikki, bir uchi Saddi CHinga, digar uchi O‘rta er dengiziga chiqqan saltanat bahodirlarining avlodi yoshlikda bachchalik, so‘ng esa bachchabozlik haromliklari ichida umr kechiradirlar edi. Umaro va vukaloning aksari yo Eron asirlaridan, yo bachchalik qilganlaridan mansabga ko‘tarilar edi. SHijoat maydonida Temurlarning, SHayboniylarning ismi-shariflari unutilgani kabi ilm maydonida Ibn Sinolar, Forobiylar, maorif maydonida Ali Qushchi, Ulug‘beklar yoddan chiqib, butun Movarounnahr bir xonaqoyi parishon va diyori darveshon o‘lmish edi. Ilm, hilm, maorif izzat-nafs va haysiyat (hurmat-e’tibor) riyokorlikka aylangan edi. Bu so‘zlar balki achchiq so‘zlardir, lekin to‘g‘ri so‘zlardir. Tarix yozadigan muarrix madhiya yozadigan mirza emas». Mana shu «xonaqoyi parishon» vatanga, «darvesh» va «riyokor»lar millatga aylanmas ekan, Turkistonning kelajagi yo‘qdir. Bu birgina Turkiston emas, butun Rusiya musulmonlariga tegishli. Ismoilbek fikricha, ahvolni tuzatmoq uchun uch narsa kerak: 1. Milliy fikr. 2. Milliy til. 3. Milliy maorif. Milliy fikr, birinchi navbatda, millat birligi fikridir. Til yagona adabiy til masalasidir. Milliy maorif ona tiddagi ta’lim-tarbiyani yo‘lga qo‘yishdir. Fikr va tilni matbuot tarbiya qiladi. Matbuot xodimlarini etkazuvchi esa maorifdir. Demak ishni maorifdan boshlash kerak. «Tarjimon» ham, «usuli jadid» ham shu maqsadda dunyoga kelgan edi. U yozadi: «Yigirma besh sanadan beri dedigim, yozdig‘im, cholishdig‘im budir: yo‘l ochmoq. Boshqa bir narsa emas. CHunki qudratli, najib, umrli, chidamli va jasoratli bo‘lgan turk millatining parokanda bo‘lib, Saddi CHin (Xitoy devori)dan Oq dengiz (O‘rta er dengizi)ga qadar yoyilib, nufuzsiz, tovushsiz qolishi tilsizligidan, ya’ni «Lisoni umumiya»ya ega bo‘lmaganidan maydonga kelgandir. Bu e’tiqod bilan yashadim. Bu e’tiqod bilan mozorga kirajakman». Millat va uning manfaatini har narsadan muqaddam va muqaddas tutgan Ismoilbek «Hayot» gazetasiga yo‘llagan tabrigini shunday tugatgan edi: «... Lekin yagona shartni — unutma: har na yozajak esang, qalamni uch kapiklik qora siyohga botirma, yuragingga botirib, qoning bilan yoz, so‘zing unar, vijdonlara etar, aks holda besamar ketadi». Turkiston safari Ismoilbek 1893 yilda Turkistonga keladi. Buxoro amiri Abdulahadxon bilan Qrimda uchrashgan edi. Ular bir-birlarini bilardilar. Ismoilbekka shirvonlik Majid G‘anizoda hamrohlik kiladi. Samarqandlilar «usuli savtiya» g‘oyasini yaxshi kutib oladilar. Tezda «usuli jadid» yo‘lga qo‘yilib, ish boshlanadi. Ismoilbek SHahrisabzga ketadi. Majid G‘anizoda 40 kun Samarqandda qolib, «usuli savtiya»dan dars beradi. Ismoilbekning Turkistonga ikkinchi safari 1908 yilga to‘g‘ri keladi. Safar tafsilotlari «Buxoroda na ko‘rdim?» sarlavhasi ostida «Tarjimon»ning o‘sha yil sonlarida (47,50,5759,64,78) bosilgan. Kaspiydan «General Skobelev» kemasida kelib, Krasnovodskdan poezdga o‘tarkan, Ko‘ktepa urushini eslaydi. Kal’a aholisining «butun Osiyoga shuhrat va ibrat deya bola-chaqasi barobar qilichdan kechurulub, ot oyog‘ida toptalgani»ni alam va iztirob bilan yodga oladi. Ismoilbekni YAngi Buxoro (Kogon) standiyasida amir odamlari va Rusiya siyosiy agentligi tarjimoni Mirhaydarbek kutib oladilar. Amir uni Karmanaga taklif etadi. Ziyofat asnosida Valiahd Sayyid Olimxon bilan uchrashadi. Valiahdning Rusiya matbuotini muntazam o‘qib borishini, dunyo voqealaridan xabardorligini ko‘radi. Samarqandga o‘tadi. «Usuli jadid» maktablari bilan tanishadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulqodir SHakuriy bilan uzoq suhbatlar quradi. Gap tarix va kelajak, muqaddas obidalar va ularning taqdiri, rus istilochilik siyosati va o‘zlikni saqlab qolish haqida edi. Qaytishda yana Buxoroga tushadi. Qushbegi Ostonaqulbek bilan to‘xtab qolgan yangi maktabni yuritishni gaplashadi. Asosiy to‘sqinlik qozikalon tomonidan ekanligini anglab, huzuriga boradi, va’dasini oladi. Buxorodagi no‘g‘oylar Ismoilbekni mehmonga chaqirib, «Jamiyati xayriya»lariga faxriy a’zo qiladilar. YAngi ochilgan bir maktabni uning sharafiga «Ismoiliya» atamoqchi ekanliklarini aytadilar. Ismoilbek unamaydi. Amir Abdulahadxonning marhum padari hurmatiga «Muzaffariya» nomlashni maslahat beradi... Maktablargina emas, madrasalar ham isloh qilinishi kerak. Iloji bo‘lsa, yangi zamonaviy oliy o‘quv yurtlari — universitetlar qurmoq kerak. Ismoilbek bu fikrga 1885 yildayoq kelgan edi. «Ey davlatlular! — deb yozgan edi Buxoro va Xiva xonlariga murojaatida, — maydoni siyosatda mag‘lub o‘lub, istiqlolni boy berdi(ngiz). Bu zamonda g‘aflat edilursa, maydoni iqtisod va maishatda millat mag‘lub tushub, sabab o‘lanlari dunyo turdiqcha mas’ul tutajakdir...». GASPRINSKIYNING BADIIY NASRI Ismoilbek badiiy iqtidorga ham ega edi. Uning «Farangiston maktublari» (1887), «Dorur-rohat musulmonlari» (1889), «Sudan maktublari» (1889), «Xotinlar o‘lkasi» (1890), «Gulbobo ziyorati» (1908), «Arslon qiz», «Kun tug‘di», «Ivan va Sulaymon» (1897), «Baloyi islom» (1905), «Mukolamayi salotin» kabi ko‘plab nasriy asarlari bor. Ayrimlari o‘zbek tiliga tarjima ham qilingan. Voqealari deyarli hammasida muallif tilidan hikoya qilinadi. Nomi - Mulla Abbos Fransaviy-Toshkandiy. Asli toshkentlik, Evropada o‘qigan, sayohatni yaxshi ko‘radi. «Mukolamai salotin» (1906) («Sultonlar suhbati») Amir Temur haqida. «Arslon qiz» (1893) SHarqiy Turkistondagi milliy-ozodlik harakatlariga bag‘ishlangan. Markazida Guljamol bilan qo‘qonlik mashhur YA’qubbek turadi. «Kun tug‘di» (1905) - avtobiografik roman. Doniyolbey — Ismoilbekning o‘zi. Xullas, Gasprinskiy badiiy asarlarining deyarli hammasi qay bir darajada Turkiston va turkistonlilar hayoti bilan bog‘lanadi. «Dorur-rohat musulmonlari» «Tarjimon»ning 1887 yil sonlarida bosilgan. 1906 yilda Boqchasaroida alohida nashr etilgan. 1997 yilda «Qalb ko‘zi» gazetasi qayta chop etdi. Muallif asarning janrini «fantastik ro‘mon» deb belgilaydi. Asarning shirin taxayyul asosiga qurilgani sarlavhasidanoq ko‘rinib turibdi. Muallif xayoliy-afsonaviy bir mamlakat — Dorur-rohat (so‘zma-so‘z — rohat uyi), ya’ni obod v va farovon bir yurt fuqarolari haqida hikoya qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Buning uchun 8 asr davomida musulmonlar taxti farmonida kelgan va islom davlati sifatida Evropa mamlakatlariga namu-na bo‘lgan Andaluziyani tanlaydi. Hijriy yilning 98 ida (mil.668) Marokashning Fasi bilan Ispaniya orasidagi Jabal-ut-tariq (Gibraltar) bo‘g‘ozini sarkarda Muso ibn Nusoyr qo‘shini kesib o‘tib, Andaluziyani zabt etgan edi. Andaluz dastlab SHomga tobe edi. 756 yildan ummaviy Abdurahmon taxtni egalladi va o‘zini xalifa e’lon qildi. Ispaniyani musulmonlardan qirol Ferdinand (1452-1505) qaytarib oldi. So‘nggi musulmon hukmdor Al-Hisoriy, so‘nggi saroy Al-Hamro (Qizil saroy), so‘nggi poytaxt G‘arnata (Grenada) bo‘lgan edi. Ismoilbek taxayyulning real asoslariga to‘xtar ekan, olis tarix qatlarida qolgan turlituman ma’lumotlar, sayyoxlarning bir vaqtlar islom shuuri bilan gullab-yashnagan Andaluziya - arablar Ispaniyasining ma’naviy-madaniy turmushiga oid ko‘plab fakt va raqamlarni topib, o‘quvchi diqqatiga havola qiladi. Arablar ispanlarning taqir sahrolarini obod o‘lkaga aylantirdilar, - deb hikoya qiladi muallif. — 12 ming qishloq, 80 qo‘rg‘on, 300 shahar, 300 ming jome’ bino qilingan. Zamonida poytaxt Qurtaboda 200 ming xonadon yashar edi. 600 jome’, 500 shifoxona, 800 madrasa, 900 hammom musulmonlar xizmatida edi. G‘arnata, Tulidu (Taledo), Sibelyo (Seviliya) kabi shaharlar ham Qurtabo (Kordova)dan qolishmas edi. Boyligichi?! Farang tarixchilari yozishicha, Qurtabo xalifaligining xazinasiga jami Evropa mamlakatlarinikini qo‘shganda ham etmas ekan. 852 yilda Qurtabo kutubxonasida 600 ming kitob bo‘lgan. Butun o‘lkada 70 ulkan kutubxona bor edi. Faranglar kelib, Andaluziya maktabmadrasalarida o‘qidilar. Evropa Qurtabo madrasalaridan andoza olib, universitetlarini qurdi... Xullas, insoniyat taraqqiyotini yangi bir bosqichga olib chiqqan G‘arb ilm-fanining tamal toshi olis XII-XIII asrlarda Andaluziya — musulmonlar Ispaniyasi tomonidan qo‘yilgan edi. Biroq har narsaning o‘z kushandasi bo‘lganidek, mutaassiblik juda qisqa muddatda bu o‘lkadagi yuksak islom madaniyatini yo‘q qilib tashladi. Ferdinand Andaluziyani musulmonlar qo‘lidan qaytarib olgach, o‘lkani johilona bir sur’atda musulmonlikdan «tozalash» boshlandi. Mo‘‘jizaviy saqlanib qolgan «Jome’ul-kabir» (Katta machit) va «Al-Hamro»gina olis musulmon Andaluziyasining bir vaktlar balqigan nuridan etib kelgan shu’ladek yiltillab turadilar... Ushbu ma’lumotlar sayyoh — muallif tilidan berilgan bo‘lib, asarning mazmuniga singdirib yuborilgan. Tahririyatning ixcham izohida asarning bosh qahramoni toshkentlik Mulla Abbos ekanligi, Fransiya sayohatidan keyin «Fransaviy» deb nom olgani, o‘z ko‘rganbilganlarini «Farangiston maktublari» sarlavhasi ostida «Tarjimon»da e’lon qilib kelgani, maktublarning ikkinchi qismidan Andaluziya sayohati o‘rin olgani, muallif-sayyoh «baxtiyorona bir surati maishata etishmish jamiyati muslimadan bahs etajagi» aytiladi. Darhaqiqat, asar roman-sarguzasht xarakterida. Voqea Mulla Abbosning Farangistonda orttirgan tanishi madmuazel Margarita bilan xayrlashib, Ispaniyaga otlanishidan boshlanadi. Mulla Abbos ilk tahsilni Toshkentda olgan. Farangistonda «ilmi jadid»ga oshno bo‘lgan. 27 yoshda, sayohatni sevadi. Andaluziya haqida o‘qigan, eshitgan. Uning o‘z davrida jahonni hayratga solgan ilmu fanidan, yuksak madaniyatidan xabardor. SHuning izlarini ko‘rmoqchi. Uni hozir Ispaniya deb ataydilar... Poezd qirq uch soat yurib Madridga olib keldi. Ajoyib o‘lka, xushhavo, serhosil. Bir yoni tog‘, bir yoni suv. Hammayoqda gul. Obidalar. Qurtabodagi, qubbasi 80 ustun ustiga o‘rnatilgan jome’, besh asrdan oshibdiki, hamon ulug‘vor. Mulla Abbos bir hafta Qurtaboda qolib, jome’ni qayta-qayta ziyorat qiladi. So‘ng G‘arnataga Malik ibn Ahmar sharafiga 1343 yilda qurib bitirilgan Al-Hamro saroyi ziyoratiga boradi. Mulla Abbos unga tamom mahliyo bo‘lib qoladi. Al-Hamro xizmatchisiga saroyni ziyorat etish uchun Turkistondan maxsus kelganini aytib, xonalarida tez-tez bo‘lish va uzoqroq qolishga izn so‘raydi. Bir oy qolib ketadi. Ziyoratlaridan birida saroy naqshlarining, peshtoqranglarining kun va tunning turli pallalarida turli tovlanishlariga mahliyo bo‘lib, tunab qoladi. Arslonlar maydoni deb atalgan go‘shada namoz asnosida mudrab, xayolga toladi. Olis va shavkatli tarix namoyon bo‘ladi. SHu payt nogoh oyoq tovushlari eshitilib, engil kulgi ko‘tariladi. Bular kim bo‘lsa? Ko‘zlarini ochib qarasa, biri-biridan go‘zal 12 qiz. Arab qizlari. Qahramonimiz ohista ularga ergashadi. Ular begona odamni sezib qiy-chuv ko‘taradilar. SHu payt xonalarning biri ostonasidagi marmartosh ko‘tarilib, oq salla ko‘rinadi. Parijda tanishgan do‘sti — SHayx Jalol. Mulla Abbos ularga ergashib, «Qizlar ko‘shki»dan yashirin yo‘l orqali er ostiga tushadi va «Bobi salomat»dan uzoq yurib, yana yuqoriga er ustiga ko‘tariladi. Bu joyning nomi «Dorurrohat», qizlar esa, a’lo o‘qiganliklari uchun taqdirlanib, «Al-Hamro» sayohatiga yuborilgan «Dorul-ulum» talabalari edilar. Bu diyorga besh asrdirki, begona nazar tushgan emas, uning yo‘lini hech kim bilmaydi. Buni Mulla Abbos SHayx Jaloldan bilib oladi. Qolganini unga hamrohlik qilgan Faridabonu tushuntirib boradi. Darvoqe, ular arabcha gaplashadilar. SHayx Jalol barcha yo‘lchilarga bu sirli diyorga kirish oddidan ko‘zlarini bog‘lashni buyurgan edi. Dorur-rohat G‘arnatadan 3-4 soatlik yo‘l. Nihoyatda go‘zal manzarali bir erda. Sathi u qadar katta emas. Eni 2, bo‘yi 3 soatda kesib chiqsa bo‘ladigan maydonda joylashgan. Faridabonu tilidan aytilgan tarixi esa quyidagicha edi: Andaluziya zabt etilib, islom g‘oyalari yoyilgach, qisqa muddatda o‘lka «olam darsxonasi»ga, o‘lka ahli esa «muallimi jahon»ga aylanadi. Qo‘shni faranglar undan ibrat olib, g‘aflat uyqusidan uyg‘onadilar. Biroq inson qonidagi tanballik, beg‘amlik, kin-nifoq bir jo‘sh uradi-yu 300 yillik shuhratshior Andaluz davlati ichdan emiriladi. Qudratli mamlakat Turkiston singari uchga bo‘linib, o‘zaro qirg‘in-barot urushlar boshlanadi. Bundan foydalangan Kastiliya qiroli Ferdinand 1484 yilda katta qo‘shin bilan G‘arnatani qamal qiladi. Uzoq va davomli urush boshlanadi. Xalifa Abu Abdulloh Al-Hamroda yashirin majlis o‘tkazib, ish taslimga borsa, bola-chaqalarni qanday asrab qolmoq kerakligini maslahat qiladi. Al-Hamroning bir tomoni o‘tib bo‘lmas yuksak S’era Nevada tog‘lariga tutashib ketgan edi. Sudanlik asirlar keltirilib, saroy ichidan tog‘ tomonga lahm qazdiriladi. YAshirin yo‘lni bilganlar sekin-asta vafot etadilar. Omon qolgan asirlar ozod qilinib, yurtlariga qaytariladi. Undan voqif ikki kishi qoladi. Xalifa va keksa bir bog‘bon. Mulla Abbos «Qizlar ko‘shki»dan shu yo‘lga tushgan edi. G‘arnata mudofaani davom ettiradi. Xalifa Istanbulga elchi yo‘llab, usmonlilardan yordam so‘raydi. Sulton muhorabada bo‘lgani uchun yordamga kelmaydi. Xalifaning sustligidan xalq junbushga keladi. Biroq xalifa Ferdinand odamlari bilan xufya aloqa bog‘lab, saroyni tark etadi. Sal oldinroq esa dovyurak sardori Muso oxirgi nafasgacha jang qilish lozimligini aytganida shohdan munosib javob ololmagan va alam ustida bir o‘zi dushman ustiga otilib, mardona halok bo‘lgan edi. Xullas, Sardor Musoning yaqinlaridan 140 kishi uni izlab, bo‘m-bo‘sh saroyga keladilar. Saroyning siridan xabardor yakka-yolg‘iz keksa bog‘bon vaqtni qo‘ldan bermay, ularni lahm orqali pastga olib tushadi. Lahm yo‘li bilan tog‘ oralig‘idagi, atrofini tik bahaybat qoyalar o‘rab olgan sayhonlikka chiqadilar. Barcha kerakli ashyolar, birinchi navbatda minglab kitoblar saroydan yangi vatanga tashib keltiriladi va yashirin yo‘l bekitib tashlanadi. Bu bir hovuch musulmon dushmanga taslim bo‘lmay, tog‘ bag‘rida makon tutib turgan bir paytda xalifa Abu Abdulloh Ferdinand huzurida shaharning kalitlarini unga topshirar edi. SHu tariqa, ispanlar tog‘ ichiga bekingan bir to‘p musulmonlardan bexabar qoldilar. Tog‘ ichida omon qolganlar qahramon sardor Said Musoning avlodlari edilar. Xalifa esa, qilmishidan pushaymon bo‘ldi. Lekin foydasiz edi. Ferdinand hech kimga shafqat qilmadi. Musulmon maktablarini yopdi, vaqflarini olib qo‘ydi, machitlarni bekitdi. Ahli islomning molini talon qilib, o‘zlarini asir-xizmatkor etdilar. YUz minglab aholi ota-bobolari yotog‘i—qabrlarini dushmanga omonat qoldirib, hijratga yuz tutdilar. Obodlik o‘rnini vayronlik oldi. Zamonlar aylanib, dunyo ilgarilab, ispanlar, faranglar ham mag‘lub bo‘lgan millatni yo‘q etish insof va adolatdan emasligini, ular bilan tengma-teng hamkorlik qilmoq lozimligini anglab etdilar. Biroq buning uchun ham uch asr kerak bo‘ldi, deb hikoyasini tugatadi Faridabonu. SHayx Jalol so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, Dorur-rohatdagilar dunyodagi barcha o‘zgarishlardan boxabarlar, lekin bular haqida bilishmaydi. CHunki bular dunyo bilan aloqaga kirishmaydilar, haqlari yo‘q. Saodatli taqdirlariga sababchi bo‘lgan Sardor Muso hijriy 1500 (milodiy 2078) yilgacha ushbu makondan chikmaslikni vasiyat qilgan. Vasiyatnoma shu sanada ochilmog‘i kerak. U 40 qulf ostida, 40 kaliti 40 imomga omonat topshirilgan. 40 imom Dorur-rohatdagi 40 qishloqdan vakil. O‘lkaning amiri Ali ismli kishi bo‘lib, Muso avlodidan. Huquq va nizom shariatga, aqlga, ittifoqqa suyanadi... O‘lkaning har qadami mo‘‘jiza. Qizlarning qo‘lida o‘zi yonar fonuslar — elektr chiroqlari. Kirib chiqqanda o‘zi ochilib-yopiladigan eshiklar. Muallif Faridabonu Mulla Abbosni olib borgan qishloqning manzarasini chizadi. Markazida keng maydon. Toshdan muhtasham binolar. Jome’, madrasa, majlisxona, devonxona. Atrofida gullar, bog‘-bog‘chalar, ulkan xurmo daraxtlari. Bog‘ va gulzorlarga ko‘milgan hovlilar... hammayoq ozoda, batartib. — Bu joylar aslida balchiq, to‘qayzor bo‘lgan, — deydi SHayx Jalol, — kishilar ilmu fan yordamida mo‘‘tadil iqlim va muhit yaratishga muvaffaq bo‘lganlar, tog‘lardan toza suv tushirganlar. Qishloq imomi Mulla Abbosdan dovrug‘i olamga ketgan Buxoro madrasalari, Turkiston maorifi haqida so‘raydi. Din va shariatdan boshqa narsa o‘qitilmasligini bilgach, taajjubga tushadi. «Sizning diyorlarda tabib, kimyogar, me’mor, muhandis o‘lmayurmi? Sizning xonlar va hukumatlar idorai mulk va davlat uchun umuri idoraya, fununi moliyaya, mohir ma’mura va to‘ralara hojat ko‘rmayurlarmi?» — deb so‘roqqa tutadi. Ularsiz har qanday millatning halokati muqarrarligini ta’kidlaydi: «YOhu, o‘g‘lum, ko‘zi bog‘liq kishi yurarmi?!» - deya hayron qoladi... Lekin bu buyuk o‘lkaning kelajagiga ishonadi: «Sanga og‘irliq kelmasun, o‘g‘lum. Inshoolloh, zamona kelur, ahli Turkiston dahi funun va kamolot oshnosi o‘lub, tariqi taraqqiyaya etishar...» deya tasalli beradi. Umuman, Turkiston hayoti asarning boshidan oxirigacha muallifning diqqat markazida turadi. Masalan, asar boshida Andaluziya buhroni, ispanlar-faranglarning o‘zaro janjallari haqida gap ketar ekan, Buxoro va Qo‘qonning XIX asr o‘rtalaridagi bir-birlariga qilgan qatlu g‘oratlariga shama qilib o‘tadi. Boshqa bir o‘rinda esa, har bir yurtning timsoliga aylangan daryolari haqida so‘zlar ekan, Zarafshonni qaynoq bir mehr bilan tilga oladi. Qishloq imomi Mulla Abbosni maktabga boshlaydi. YOrug‘, ozoda. Har bir fan uchun maxsus jihozlangan o‘quv xonalari, qiroatxona, kutubxona... 8 yoshdan 12 yoshgacha barcha maktabda. O‘g‘il va qiz bolalar alohida o‘qiydilar. Sayohat davom etadi. SHayx Jalol mashina tayyorligini aytib, shaharga taklif qiladi. Evropada ko‘rgani otasharoba. Biroq tutuni yo‘q, o‘zi ham boshqacharoq, elektr bilan harakat qiladi. O‘lka markazi Dorus-saodatga ketmoqdalar. Yo‘lda qishloqlar ko‘rinadi. Bir-biri bilan telefon, telegraf orqali bog‘langan. Elektr moshina Dorus-saodat vokzalida to‘xtaydi. SHahar ham tamom boshqacha. Bu binolarni Mulla Abbos Turkistonda ham, Evropada ham ko‘rgan emas. SHayx Jalol mehmonni mehmonxonaga joylab, qoziga ketadi. Mehmonning Dorur-rohatga qanday kelib qolganini bildirish kerak. Kech tushadi. Birdan hammayoq yorishib charog‘on bo‘lib ketadi. Mehmon hayron. Bunday holni oldin ko‘rgan emas. U bularning kechda yonib, tongda o‘zi o‘chadigan elektr ekanligini so‘ng biladi. Ertalab hammomga tushib, SHayx Jalol bilan qozi huzuriga boradilar. Ko‘chalar, maydonlar ham boshqacha. Masalan, maydonlarning biri «Ozod» deb nomlangan, biri xalifa Abdurahmon III nomida. Ko‘chalardan biri Tariq ibn Ziyod deb ataladi. Abdurah-mon III maydonidagi muhtasham bir binoga boradilar. Marmardan, naqshinkor. Eshigi tepasiga oltin harflar bilan xatti ko‘fiyda «Bobul-huquq» deb yozib qo‘yilibdi. Qozixona — shu. Qozi, o‘ng tarafida kotib, yo‘lakda xizmatchi. SHayx Jalol Mulla Abbos Turkistoniyni tanishtiradi. Qozi uni mamlakatning tartiblaridan xabardor qiladi. Bir narsani alohida ta’kidlaydi: «O‘lkamizcha eng buyuk kdbohat va jinoyat yalon so‘ylamakdir. Jazosi dahi bik og‘irdir. YAlonchi hibs o‘lini-yur, ammo hibsxona ochiq turar, atrofinda ming kishi o‘lsa-da, so‘zlamaya bir kishi topilmas...» Bu hol hammasidan oshib tushadi. Qanday mamlakat bu?! Qahramonimiz bu erdagi urf-udum, axloq, ilm va madaniyat borasida qozi bilan suhbatlashar ekan, tobora o‘zini o‘ng‘aysiz sezib boradi. 12 yil madrasada umri bekor ketibdi. Farangistondagi 2 yil o‘qishini so‘zlar ekan, Margaritaga bo‘lgan muhab-batigacha aytishga to‘g‘ri keladi. Bu erdagilarning yashash qonuni shunday: Ular Ollohdan qo‘rqadigan darajada yolg‘ondan qo‘rqadilar. YOmonlikdan jahannamdan qochgandek qochadilar. Jannatga intilgandek kishilarga muhabbat qo‘yadilar. Bu gaplar qozi tilidan yurtning yangi mehmoniga birgina qardoshlik nasihati emas, ma’muriy-shar’iy amr sifatida ham aytilgan edi. Bu o‘lka inson tabiatining ikki buyuk illatidan - yolg‘ondan va haqsizlikdan qutulgan edi. SHu jihatdan u G‘arbning ham, SHarqning ham, Ev-ropaning ham, islomning ham qusuridan xoli edi. Bu erdagi ilm va axloq oldida Turkiston badaviy, Farangiston olchoq edi. Holbuki bu o‘lka dunyodan tamom uzilib, baland tog‘lar orasiga yashiringan bir joyda ajdodlarining ilmu hunari soyasida o‘z hollaricha shunday darajaga etdilar. Mulla Abbos bozor yonida yana bir voqeaga duch keladi. Bir arab duch kelgan odamga iltijola boqib, hol-ahvol so‘rar, hech kim unga e’tibor qilmasdi. Sotuvchi ekan. Bir kishining yarim dinorlik haqiga xiyonat qilibdi. Qozi uni tekshirib aniqlagach, aybdor deb topibdi. SHundan buyon u hammaga begona. U bilan hech kim so‘rashmaydi, gaplashmaydi. Odamlar uni vabodan qo‘rqqandek chetlab o‘tadilar. Hatto xotini, bola-chaqasi ham tark etadi. U o‘z xohishi bilan mamlakat chetidagi maxsus joylarda ibodat va tahsil bilan o‘zini poklaydi. So‘ng jamiyatga yangidan qabul qilinadi. Bu bechora yoshligida ozgina kasal bo‘lganu tarbiyasi etishmay qolgan, gunoh qilgani shundan. Keyingi to‘rt yil ichida yurtda bundan boshqa jinoyat sodir bo‘lgan emas. Bu yurtda hamma narsa g‘ayritabiiy. Masalan, Mulla Abbos mehmonxonasiga kelsa, 2 xat va bir gazeta turibdi. Biri Faridabonudan, ikkinchisi mahalliy «Istiqbol» gazetasidan. Faridabonuning qarindoshlari mehmon bilan tanishmoq istaydilar. Gazeta esa Mulla Abbosdan olis Buxoro va Turkiston haqida maqola so‘rabdi. Biroq bu xatlar yozilgan qog‘ozlarni u ilgari hech ko‘rmagan, tamom boshqa materialdan. Konvertlarida marka yo‘q, bepul. SHayx Jalol shoshib 5—6 tuxum ko‘tarib kiradi, jo‘ja ochirmoqchi emish. Mulla Abbos hayron, qanday qilib, tovuqsiz jo‘ja ochadi. SHayx Jalol sirni ochadi. Tuxumdan jo‘ja chiqishi tovuqning bosishidan emas, haroratdan. Bu yangi gap emas. Bu qadimdan ma’lum edi. Mulla Abbos va uning turkistonlik hamsaboqlari eski ilmning mohiyatini o‘rgangan emaslar. Gap shunda. Qogozni ham ko‘p narsalardan tayyorlash mumkin. Dorur-rohatdagilarning ishi shu yo‘ldagi tajribalardan biri xolos. Mulla Abbos «Istiqbol» gazetasini varaqlaydi. Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklarining Rusiya tomonidan zabt etilishi tarixi haqidagi maqolaga ko‘zi tushadi. Muallif, olis tarix, xususan Amir Temur borasidagi hokim qarashlarga qarama-qarshi o‘laroq uning yarim dunyoni egallashida ilm-fan va qahramonlik samarasini ko‘rgan edi. Uningcha, jaholat va nodonlik bilan futuhot va shijoat hech qachon bir erda jam bo‘la olmaydi. Maqolada ko‘hna Turkistonning tanazzuli sabablari haqida so‘z yuritilib, shunday yozilgan edi: «Bir davlat yo millat xarob o‘lajaq esa, eng ibtido ilmsiz va ma’rifatsiz qolur. Bu holda qo‘y hayvoni kabi fahmsizlanub o‘z boshlarini o‘zlari uzatub turarlar! Nima qilsinlarki, ko‘zlari bog‘langandir!» Maqola oxirida Turkistondan Mulla Abbos degan bir kishining ajib bir hol bilan Dorur-rohatga kelib qolganligi ma’lum qilinib, uning bu erda o‘z bilimini oshirish maqsadi bor-ligi mamnunlik bilan qayd etilgan edi. Ha, bular dunyoni biladilar. Dunyo bularni bilmaydi, xayolidan o‘tkazadi Mulla Abbos. Faridabonuning uyida ko‘rganlari bundan ham hayratlanarli edi. 80 yoshlik shayx Turkistonning zabt etilishi istilodan yuz yil oldin ma’lum bo‘lganligini aytadi va Ibn Marvonning «Qiyos va ehtimolot siyosati» kitobini o‘qishni tavsiya qiladi... Mulla Abbosning Amir bilan uchrashuvi epizodi ham bor. Uning sirli mamlakatdan chiqib ketishi dunyoga noma’lum bu o‘lka uchun falokatga sabab bo‘lishi mumkin. SHunga ko‘ra, bu masalani amir hal qilishi lozim. Lekin adolat qonuni uni ixtiyoriga qarshi holda olib qolishga yo‘l bermaydi. Sayyoh Amir bilan uchrashadi: 30 yoshlarda, cho‘qqisoqol, ochiq yuzli, xush boqishli. Buxoro va Turkiston turmushidan so‘raydi. «Rishta» xastaligidan so‘z ochadi. (CHor hukumati Zarafshon suvini to‘sib qo‘ygach, Buxoroga suv bormay, hovuzlarda rishta tarqalgan edi.) Buxoroga toza suv keltirish yo‘llari haqida fikr bildiradi... Amir Abbosga ruxsat bermaydi. Abbos o‘zining asir emasligini aytadi. Amir bunday mas’uliyatli masalani bir o‘zi hal qilolmasligini, Oliy Majlisdan so‘rab hal qilishini aytadi... Bir qator mojarolar, Faridabonu — Mulla Abbos munosabatlari, shu asnoda xotinqizlar taqdiri, Turkiston, Buxoro manzaralari, 1500 yilda ochilajak «Vasiyatnoma» bilan bog‘liq gap-so‘zlar so‘nggida ruxsat beriladi. Mulla Abbos bu erda orttirgan do‘stlari bilan vidolashib, unga qanday sirli kelib qolgan bo‘lsa, shunday sirli tarzda chiqib ketadi. «Dorur-rohat musulmonlari» Rusiyadagi turkiy xalqlar adabiyotining yangi davrdagi birinchi yirik namunasi edi. SHu sabab u Volgabo‘yi va Turkiston xalqlari yangi adabiyotining shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Bu gap o‘zbek adabiyotiga ham tegishlidir. Ikkinchi tomondan esa, Ismoilbekning badiiy ijodi uning qizg‘in va samarali kechgan jadidchilik faoliyatining ma’naviy davomi, buyuk millatparvar qarashlarining olijanob taxayyuli mevalari edi. Gaspralining xotin-qizlar va ularning jamiyatdagi o‘rni ma-salasi haqidagi qarashlari «Xotinlar o‘lkasi» nomli xayoliy-sarguzasht qissasida aks etdi. Unda ham voqealar toshkentlik Mulla Abbos Fransaviy tilidan hikoya qilinadi. Asar ayollarni «sochi uzun, aqli kalta» deguvchi islom mutaassibligiga kinoya bo‘lganidek, emansipatsiya niqobi ostida ularning asliy xususiyatlari hisoblanishi lozim bo‘lgan nazokatdan uzoklashtirilishiga, «erkaklashtirilishi»ga qarshi isyon ham edi. Bu mavzuning ham Turkistonda naqadar qizg‘in muhokama qilingani ma’lum. Download 94.18 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling