I.3.Jinoyatchi shaxs tipologiyasi
Jinoyatchi shaxsning tipologiyasida uch darajani farqlash lozim:
jinoyatchining umumiy tipi;
muayyan toifadagi jinoyatchi shaxs;
muayyan turdagi jinoyatchi shaxs. Bu darajalar bir-biri bilan umumiylik, maxsuslik va yakkalik kabi munosabatda bo’ladi.
Shaxsning ijtimoiy o’zagini uning yo’nalganligi, hayotiy munosabatlari tizimi, motivli-qadriyatli mo’ljallari tashkil etgani bois, bu o’zakning o’zi jinoyatchi shaxsning tipini belgilashi lozim.
Jinoyatchidagi tipik xususiyatning mezoni, avvalo, uning ijtimoiy xavflilik darajasi, g’ayriijtimoiy buzilganlik me’yoridir.
Ushbu mezonga ko’ra jinoyatchilarning uch tipini ajratish mumkin:
– g’ayriijtimoiy (ashaddiy);
– noijtimoiy (kamroq ashaddiy);
– ruhiy boshqaruv nuqsonlari bo’lgan jinoyatchi shaxs tipi (tasodifiy). Ashaddiy jinoyatchilar qadriyatlari va mo’ljallarining yo’nalishi
mazmuniga ko’ra quyidagi guruhlarga ajratiladi.
G’ayriijtimoiy g’arazli yo’nalishdagi jinoyatchilar. Jinoyatchilarning bu guruhi jamiyatning moddiy boyliklariga, sarflangan mehnat miqdori va sifatiga ko’ra taqsimlanishiga tajovuz qiladi. Bunday jinoyatchilarni kuyidagi to’rtta kichik guruhga ajratish mumkin:
xo’jalik sohasida jinoyat sodir etuvchi (tovarlarni soxtalashtirish, soliq to’lashdan, lisenziya olishdan bo’yin tovlash va h.k.) jinoyatchilar;
xizmat vazifasini suiste’mol qiluvchi (xizmat lavozimini suiiste’mol qilish, mijozlarni aldash, pora so’rash orqali talon-toroj qilishlar) jinoyatchilar;
o’g’rilar – mulkni yashirincha talon-toroj qilish bilan bog’liq tajovuzlar qiluvchi shaxslar (o’g’riliklar);
firibgarlar (hujjatlarni qalbakilashtirish, aldab tovlamachilik qilish va
h.k.).
Do'stlaringiz bilan baham: |