Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash to‘G‘risida
Download 1.39 Mb. Pdf ko'rish
|
PTE kitobi
Ishlarni bajarish
32. Elektr qurilmalaridagi ishlar xavfsizlik choralariga qarab quyidagilarga bo‘linadi: kuchlanish olinib bajariladigan ishlar; kuchlanish olinmasdan, tok o‘tkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlar; kuchlanish olinmasdan, kuchlanish ostida bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismlardan uzoqda bajariladigan ishlar. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalarida ishlar bir vaqtda bajariladigan bo‘lsa, ishlarning toifasi kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalariga nisbatan belgilanadi. 33. Kuchlanish olinib, bajariladigan ishlar jumlasiga elektr qurilmasining (yoki uning qismining) tok o‘tkazuvchi qismidan kuchlanish olinib bajariladigan ishlar kiritiladi. 34. Kuchlanish olinmasdan, tok o‘tkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlar jumlasiga bevosita ushbu qismlarda hamda ularning yaqinida bajariladigan ishlar kiradi. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalarida, hamda kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uzatish havo liniyalarida (keyingi o‘rinlarda — HL) bunday ishlar jumlasiga, tok o‘tkazuvchi qismlardan mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvalida ko‘rsatilgan masofadan kam masofada bajariladigan ishlar kiradi. Kuchlanish olinmasdan, tok o‘tkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida ishlarni kamida ikki kishi bajarishi, ulardan biri ish bajaruvchi — elektr xavfsizligi bo‘yicha kamida IV guruhga, qolganlari — kamida III guruhga ega bo‘lishi kerak. 35. Kuchlanish olinmasdan, tok o‘tkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlarga ish bajarayotgan odamlar hamda ular ishlatayotgan asbob va ta’mirlash jihozlarini tok o‘tkazuvchi qismlardan mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvalida ko‘rsatilgandan kam masofaga bexosdan yaqinlashish ehtimoli bo‘lmagan hamda bunday yaqinlashishning oldini olish uchun tashkiliy yoki texnik tadbirlarni (masalan, uzluksiz nazorat qilish) qo‘llash zarurati bo‘lmagan hollardagi ishlar kiradi. 36. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalarida tok o‘tkazuvchi qismlardan kuchlanish olinmasdan, tok o‘tkazuvchi qismlarda va ularning yaqinida bajariladigan ishlar odamni tok o‘tkazuvchi qismlardan yoki yerdan izolatsiya qilish uchun himoya vositalaridan foydalangan holda bajarilishi shart. Odamni yerdan izolatsiyalab bajariladigan ishlar zarur xavfsizlik choralari ko‘zda tutilgan maxsus yo‘riqnomalar yoki texnologik kartalarga muvofiq bajarilishi kerak. 37. Kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalarida kuchlanish olinmasdan, tok o‘tkazuvchi qismlar va ularning yaqinida bajariladigan ishlarda quyidagilar zarur: bexosdan tegib ketish mumkin bo‘lgan, kuchlanish ostida turgan ish joyi yaqinida joylashgan boshqa tok o‘tkazuvchi qismlar to‘sib qo‘yilishi; ishlar dielektrik kalishlarda yoki izolatsiyalovchi taglikdan turib yoxud dielektrik gilamchada turib bajarilishi; dastaklari izolatsiyalangan asboblardan foydalanish (bundan tashqari otvertkaning o‘zagi izolatsiyalangan bo‘lishi shart). Bunday asboblar bo‘lmagan taqdirda, dielektrik qo‘lqoplardan foydalanish zarur. 38. Kuchlanish olinmasdan, izolatsiyalovchi himoya vositalari yordamida tok o‘tkazuvchi qismlarda ishlar amalga oshirilganda quyidagilar shart: himoya vositalari dastaklarining izolatsiyalovchi qismini cheklaydigan xalqasiga qadar ushlash; himoya vositalarining izolatsiyalovchi qismini shunday joylashtirish kerakki, bunda tok o‘tkazuvchi qismlarning ikki fazasi orasida izolatsiya yuzasi bo‘ylab tutashish yoki yerga ulanish xavfi paydo bo‘lmasligi; faqat izolatsiyalovchi qismi quruq va toza bo‘lgan, lak bilan qoplangan yuzasi shikastlanmagan hamda o‘z vaqtida sinovdan o‘tgan himoya vositalaridan foydalanish. Himoya vositalarining lak bilan qoplamasi buzilganligi yoki izolatsiyalovchi qismlarida boshqa nosozliklar hamda o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazilmaganligi aniqlangan taqdirda, ulardan foydalanish zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. 39. Elektr himoya vositalaridan (izolatsiyalovchi shtanga va qisqich, elektr o‘lchov qisqichi, kuchlanish ko‘rsatkichlari) foydalanib ishlar bajarilganda, odamni tok o‘tkazuvchi qismlarga ushbu vositalarning himoyalovchi qismi uzunligida belgilangan masofagacha yaqinlashishiga ruxsat etiladi. 40. Kuchlanish ostidagi elektr qurilmasining izolyatorlariga elektr himoya vositalarini qo‘llamasdan tegish taqiqlanadi. 41. Elektr qurilmalarida egilib ishlash man etiladi. Agar tik turganda tok o‘tkazuvchi qismlargacha bo‘lgan masofa mazkur Qoidalarga 7-ilovaning 1-jadvali 2-ustunida ko‘rsatilgandan kam bo‘lsa. To‘silmagan tok o‘tkazuvchi qismlarning oldida ishlarni bajarishda, ushbu qismlar orqa tomonda yoki ikki yon tarafda bo‘lib qoladigan holatda bo‘lish taqiqlanadi. 42. Ayrim qismlari to‘silmagan va bexosdan tegib ketish ehtimoli bo‘lgan TQlarga uzun jismlarni (quvur, narvon va boshqalar) olib kirish va ular bilan bajariladigan ishlar ikki shaxs ishtirokida, alohida ehtiyotkorlik bilan ish bajaruvchining doimiy kuzatuvi ostida amalga oshirilishi kerak. Ta’mirlash ishlari uchun qo‘llaniladigan narvon va hovozalar davlat standartlari yoki ular uchun texnik shartlar asosida yasalgan bo‘lishi shart. Tekis yuzalarda o‘rnatiladigan narvonning asosi rezina bilan qoplanishi, yerga o‘rnatiladigan narvonning asoslarida esa o‘tkir metall uchlar bo‘lishi kerak. Narvonning yuqori uchlari mustahkam tayanchga ishonchli tayanib turishi kerak. Agar narvon simga tayanishi zarur bo‘lsa, unda narvon yuqori qismida ilgak bilan ta’minlangan bo‘lishi shart. Bog‘langan narvonlarni qo‘llash taqiqlanadi. Tirama narvonlar kran osti balkalarga, metall konstruksiyalarning elementlariga va boshqalarga o‘rnatilganda, ularning pastki va yuqori qismlari konstruksiyalarga ishonchli mahkamlanishi kerak. Elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatishda, shuningdek, ularni ta’mirlashda metall narvonlarni qo‘llash taqiqlanadi. Narvon bilan bajariladigan ishlarni ikki kishi bajarishi va ularning biri pastda turishi shart. Yashik va boshqa begona narsalar ustida turib ishlash man etiladi. 43. Ochiq taqsimlash qurilmalari (keyingi o‘rinlarda — OTQ) hududida joylashgan elektr uzatish havo liniyasining oxirgi tayanchlarida bajariladigan ishlar mazkur Qoidalarga 10-ilovaning 7-bobi talablariga muvofiq bajarilishi kerak. OTQga kirishdan oldin liniyani ta’mirlovchi xodimlarga tezkor xodimlar hisoblangan elektr xavfsizligi bo‘yicha kamida III guruhga ega bo‘lgan shaxs tomonidan yo‘l-yo‘riq berilishi va ish joyiga kuzatib qo‘yilishi lozim. Ish tugatilganidan so‘ng yoki tanaffus vaqtida xodimlarni OTQdan ish bajaruvchining kuzatuvi ostida chiqishiga ruxsat etiladi. 44. OTQda va HLning tayanchlari oralig‘idagi kesishish joylarida kuchlanish ostida bo‘lgan simlardan pastda joylashgan troslarni, simlarni va ularga tegishli bo‘lgan izolyator va armaturalarni almashtirishda, almashtirilayotgan tros, sim ustidan sintetik yoki o‘simlik tolasidan yasalgan arqon tashlanishi kerak. Arqonlar ikki joydan — kesishgan joyning ikkala tarafidan tashlanib, uchlari konstruksiyalar va langarlarga mahkamlanishi zarur. Simni (trosni) ko‘tarish sekin-asta va ravon amalga oshirilishi kerak. Kuchlanish ostida turgan simlardan yuqorida joylashgan simlar, troslar va ularga tegishli bo‘lgan izolyatorlar, armaturalardagi ishlarni bajarishga simlarning pastga tushishining oldini olish, hamda ilashgan kuchlanishdan himoyalash choralari ko‘zda tutilgan, korxonaning bosh muhandisi tasdiqlagan ishlarni bajarish loyihasi bo‘lishi sharti bilangina yo‘l qo‘yilishi mumkin. Bunday ishlarda kesishayotgan simlardan kuchlanishni olmay, simlar va troslarni almashtirish taqiqlanadi. 45. Ilashgan kuchlanish zonasidagi HLdagi ishlar, tayanchdan yerga qadar tushirilgan simga (trosga) tegish bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday ishlarni elektr himoya vositalarini (shtanga, qo‘lqop) qo‘llab yoki potensiallarni tenglashtirish uchun ushbu sim (tros) o‘tkazgich bilan ulangan metall maydonchadan turib bajarish zarur. Ishlarni yerdan turib, elektr himoya vositalarini va metall maydonchani qo‘llamasdan, simni (trosni) har bir tegish joyining bevosita yaqinida, ammo ishlayotgan odamlardan 3 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada yerga ulash sharti bilan bajarishga ruxsat etiladi. 46. Momaqaldiroq yaqinlashayotganda HL va OTQda barcha ishlar, YOTQda esa havo liniyalariga bevosita ulangan kommutatsiya apparatlari va ularning kirishlaridagi ishlar to‘xtatilishi shart. Tuman va yomg‘ir vaqtida izolatsiyalovchi himoya vositalarini qo‘llashni talab qiladigan ishlarni bajarish taqiqlanadi. 47. Yerga tutashuv aniqlangan taqdirda, tutashuv joyiga yopiq TQlarda 4 metrdan, ochiq TQlarda 8 metrdan kam masofaga yaqinlashish taqiqlanadi. Ushbu joyga ko‘rsatilgan masofadan kamroq masofaga yaqinlashishga,faqat yerga tutashuvni bartaraf etish uchun kommutatsiya apparatida o‘chirish-ulash ishlarini bajarish uchun, shuningdek, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati bo‘lganda ruxsat etiladi. Bunday holatlarda asosiy elektr himoya vositalari bilan birga qo‘shimcha elektr himoya vositalaridan ham foydalanish zarur. 48. Xodimlar elektr qurilmalardan olingan kuchlanish ogohlantirishsiz qayta berilishi mumkinligini har doim yodlarida tutishlari shart. 49. Saqlagichlarni olish va o‘rnatish odatda kuchlanish olinib bajariladi. Saqlagichlarni kuchlanish ostida, ammo yuklamasiz olish va o‘rnatish sxemasida kommutatsiya apparatlari bo‘lmagan ulanmalarda amalga oshirilishi mumkin. 1000 V gacha kuchlanishli shchitlar va yig‘malarda ulanmaning saqlagichlari vertikal bo‘yicha, birini ustida boshqasi joylashtirilgan (fazalar vertikal joylashtirilganda) hamda kommutatsiya apparatlari bo‘lmagan sxemalarda, saqlagichlarni yuklama ostida olish va o‘rnatishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda ko‘zni himoya qilish vositalari o‘rniga yuzni himoya qilish vositalarini qo‘llash tavsiya etiladi. Kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalarida yopiq turdagi saqlagichlarni va kuchlanish transformatorlari saqlagichlarini kuchlanish hamda yuklama ostida olish va o‘rnatishga ruxsat etiladi. 50. Saqlagichlarni kuchlanish ostida olish va o‘rnatishda quyidagilardan: kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalarida izolatsiyalovchi qisqich (shtanga), dielektrik qo‘lqop va himoya ko‘zoynagidan (niqobdan); kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr qurilmalarida izolatsiyalovchi ombirlar yoki dielektrik qo‘lqoplar, ochiq eruvchan o‘rnatma bo‘lgan taqdirda esa, ularga qo‘shimcha himoya ko‘zoynagidan (niqobdan) foydalanish shart. Download 1.39 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling