26-MAVZU. XALQARO IQTISODIY INTEGRATSIYA VA OʻZBEKISTONNING
JAHON HAMJAMIYATIGA KIRIB BORISHI
Oldingi mavzudan ma’lum boʻldiki, hozirgi vaqtda jahon iqtisodiyotida ikki tendentsiya
amal qilmoqda. Bir tomondan, mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi,
xalqaro savdoning erkinlashuvi, kommunikatsiya va axborot zamonaviy tizimi, texnik jihatdan
jahon andozalari va me’yorlarining yaratilishi natijasida jahon xoʻjaligining yaxlitligi, uning
globallashuvi kuchaymoqda. Ayniqsa bu jarayon transmilliy korporatsiyalarning faoliyatlari
orqali aniq namoyon boʻlmoqda.
Boshqa tomondan, mintaqaviy darajada mamlakatlarning iqtisodiy jihatdan yaqinlashuvi
va oʻzaro aloqadorligi roʻy berib, jahon xoʻjaligining nisbatan mustaqil markazlarini tashkil etish
yoʻnalishida rivojlanayotgan yirik mintaqaviy integratsion tuzilmalar shakllanmoqda.
Shunga koʻra, ushbu mavzuda xalqaro integratsiyaning mohiyati, maqsad va shakllari
bayon etiladi. Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning turlicha nazariyalari tahlil etilib, jahondagi
asosiy integratsion guruhlar koʻrib chiqiladi. Mavzu soʻngida hozirda Oʻzbekistonning jahon
hamjamiyatiga kirib borishi va tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ochib beriladi.