Jahon tarixi va arxeologiya


Download 2.56 Mb.
bet51/92
Sana17.10.2023
Hajmi2.56 Mb.
#1705582
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   92
Bog'liq
Arxeologiya asoslari fanidan ( O\'quv-majmua )

Kuchuktepa Surhondaryo viloyati hududidan, Termiz shahridan 70 km uzoqlikda joylashgan bo’lib, u miloddan avvalgi 1000-750 yillarda tepalik ustiga qurilgan qo’rg’onchaning xarobasidir. Arxeologlarning fikricha, qo’rg’on mudofaa devorlari bilan o’ralgan 6 ta uy-joy va ro’zg’or xonalaridan iborat. Kuchuk I madaniy qatlamlaridan sopol idishlarning qoldiqlari topilgan bo’lib, ular ikki guruhga bo’linadi. Kulolchilik charxida ishlangan idishlar-kosasimon, tuvaksimon va xumsimon naqshsiz idishlardir. Qo’lda ishlangan idishlar-rangli egri chiziqlar va uchburchak geometrik naqshlar bilan bezatilgan buyumlardir. Kulolchilik buyumlarining deyarli barchasining tagi yassi bo’lgan. Don saqlash uchun xumchasimon idishlar va tovoq, kosa, piyola shaklida kichik sopol buyumlaridan keng foydalanilgan.
Miloddan avvalgi II ming yillikning oxirlarida va miloddan avvalgi I ming yillikning boshlarida Farg’ona vodiysida Chust madaniyati Qadimgi Farg’onadagi ilk dehqonchilik madaniyati bo’lib, bobodehqonlarning dastlabki qishlog’i 1951 yilda arxeolog M.Ye.Voronev tomonidan Chust shahri yaqinidagi Buvanamozor deb atalgan buloq yoqasidan topib o’rganiladi. Bu madaniyatga tegishli bo’lgan yodgorliklar Namangan, Andijon, Farg’ona viloyatlarida 70 dan ortiq bo’lib, ulardan 10 ga yaqini arxeologlar V.Sprishevskiy, B.Matboboev, Yu.Zadneprovskiylar tomonidan tadqiq etilgan.
Chust madaniyatini yaratgan dehqonlar yerto’la, paxsa va xom g’ishdan qurilgan uylarda yashagan. Chust qishloqlari atrofi mudofaa devorlari bilan o’ralgan. Chustda xom g’ishdan ishlangan devorlarning qalinligi 3 m, balandligi 3,5 metrga teng bo’lgan. Chust madaniyatiga mansub bo’lgan Dalvarzintepa yodgorligida mudofaa devorining qoldig’i qazib olingan. Uning eni 4,6 m, balandligi 2,5 m ni tashkil etadi.
Chust madaniyatiga mansub bo’lgan yodgorliklardan tosh va jez o’roqlar, pichoqlar, tosh yorg’uchoqlar hamda arpa, bug’doy, tariq donlari va ular uchun kovlangan o’ralarning topilishi aholining asosan dehqonchilik bilan shug’ullanganligidan guvohlik beradi.
Chust madaniyatida metall bilan bog’liq hunarmandchilik rivojlangan. Ot uzangilari va suvlig’i, oyna, bilaguzuk, sirg’a, qarmoq va hokazolar keng tarqalgan. Kulolchilik sohasi ham taraqqiy topadi. Idishlar qo’lda yasalgan va sirlangan. Sopol idishlar uy xo’jaligida ishlatilgan qozon, xumcha, ko’za, tovoqlar bo’lib, ularga gul va geometrik chiziqlar chizilgan. Chust aholisi hayotida to’qimachilik rivojlangan. To’qimachilik dastgohiga tegishli urchuq toshlar, moki va suyak taroqlar barcha makonlardan topiladi.
Hozirgi Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari hududlarida So’g’diyona deb nomlangan qadimgi dehqonchilik madaniyati markazi shakllandi. Uzoq davom etgan tarixiy jarayonlar bilan bog’liq holda miloddan avvalgi 2,5 ming yillar ilgari (miloddan avvalgi I ming yilliklar o’rtalarida) Markaziy So’g’dda Samarqand shahri - Afrosiyob qad ko’taradi. Afrosiyob afsonaviy shaxs bo’lib, rivoyatlarga qaraganda Samarqand shahriga asos solgan pahlavondir.
Afrosiyob yodgorligining ilk qatlamlaridan Chust madaniyati tipiga oid sopol parchalari topilgan. Shuningdek, miloddan avvalgi VI asrga mansub mudofaa devorlarining qoldiqlari o’rganiladi.
Qashqadaryo viloyati (janubiy So’g’diyona) hududlaridan ilk temir davriga mansub bo’lgan Yerqo’rg’on, Daratepa, Uzunqir, Qo’rg’oncha singari yodgorliklar o’rganilgan. Yodgorliklardan xom g’ishtdan va paxsadan qurilgan bino qoldiqlari, metall qurollar, hunarmandchilik buyumlari topilgan.
Surhondaryo viloyatida (Baqtriyaning shimoli) Qiziltepa, Kuchuktepa, Talashgantepa, Bandixontepa singari yodgorliklar topilgan. Ilk temir davriga mansub bo’lgan yodgorliklarda arxitektura va qurilish texnikasi, hunarmandchilik rivojlanganligini ko’rsatuvchi moddiy topilmalar o’rganilgan.
Toshkent viloyatida ilk temir davri yodgorliklari Burgulik madaniyatiga aylangan. 1940 yilda arxeolog A.Terenojkin “Burgulik madaniyati” ga mansub bo’lgan makonlarni o’rganishni boshlaydi. Burgulik madaniyati miloddan avvalgi VI-IV asrlar bilan belgilanadi. 1972 yilda arxeolog X.Duke chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullangan qabilalarning 14 ta qishloq va 60 dan ortiq yerto’la va yarim yerto’la shaklidagi kulbalarni o’rganadi. Bu makonlardan yorg’o’choqlar, tosh o’g’ir, o’g’ir soplari, tagi yassi qilib ishlangan kosalar, tuvakchalar, xurmachalar, quloqli sopol qozonlar topilgan.
Xorazmda ilk temir davriga oid Ko’zaliqir, Quyisoy, Uygarak, Dingilja kabi ko’plab yodgorliklar mavjud bo’lib, ular miloddan avvalgi VII-V asrlarga mansubdir.
O’rta Osiyoning dasht va tog’li rayonlarida yashagan ko’chmanchi chorvador sak qabilalarining izlari ilk temir davri yodgorliklarida muhrlanib qolgan. Bunday yodgorliklar Pomir, Tyanshan, Zarafshon, Amudaryo, Orol dengizi atroflarida topilgan bo’lib, ular asosan mozor-qo’rg’onlardir. Saklarning mozor-qo’rg’onlarida ot anjomlari topiladi. Shuningdek, topilmalar orasida bronza va temirdan ishlangan harbiy qurollar, zeb-ziynat buyumlari, mehnat qurollari va sopol idishlar uchraydi. Quyi Sirdaryo irmog’i bo’lgan Inkordaryo bo’yida Uygarak qabristoni topilgan. Yodgorlik xalqa shaklida bo’lib, uning balandligi 1,5-2,0 m, diametri 27-40 m keladi. Kichik mozor qo’rg’onlardagi oddiy qabrlarda sopol idishlar va bronza o’q uchlari uchraydi. Katta mozor-qo’rg’onlardagi saklar va qabila boshliqlarining qabrlarida yarog’-aslaha, ot anjomlari va zeb-ziynat buyumlari topiladi.
Saklarning shahar xarobalari topilmagan. Ko’chmanchilarning uy-joylari yerto’la, chaylasimon uylardan iborat bo’lgan.
Arxeolog olimlarning fikricha, mil.avv. VII-VI asrlarda ko’chmanchilar orasida harbiy-siyosiy qabila uyushmalari vujudga kelgan. Ko’chmanchi qabilalar tarixini o’rganishda Tagisken maqbaralarini o’rganish katta ahamiyatga ega. Maqbara mil.avv. IX-VII asrlarga mansub bo’lib, Sirdaryoning quyi oqimi bo’ylaridan topilgan. Ular xom g’ishtdan bino qilingan, to’rt burchak, xalqasimon maqbaralardir.
O’rta Osiyo hududlarida yashagan ilk temir davri qabilalarining moddiy madaniyati Baqtriya, Marg’iyona va So’g’diyona yerlarida topib tekshirilgan. Ularning soni 350 tadan ortiq.
Sak qabilalarining makonlaridan topilgan ot anjomlari, o’qlar, xanjarlar, Sharqiy Yevropa va Osiyo dashtlarida yashagan skif qurol-aslahalariga o’xshaydi. Yunon tarixchisi Gerodot mil. Avv. V asrdagi skiflar hayoti haqida ma’lumotlar beradi.
O’rta Osiyoning ilk temir davri qadimiy viloyatlaridagi jamiyat to’g’risida muhim yozma manbalar - Avesto, Ahmoniylar davri yozma yodgorliklari va yunon tarixshunoslari hikoya qiladi.
«Avesto» (sharqiy Eron tillaridan «Asos» deb tarjima qilinadi) Zardo’sht (Zaratushtra) dinidagi xalqlarning shariyat qonunlari majmuidir. Avesto ma’lumotlariga ko’ra ushbu davr qabilalari birlashmasi viloyat («daxiyu») bo’lgan, urug’ jamoasi - «vis», ayrim oilalardan - «nmana» dan tashkil topgan. Aholi kohinlar, jangchilar, dehqonlar va chorvadorlar toifasiga bo’lingan.
Ahmoniylar davridagi (m.av. VI-IV asrlar) mixsimon yozuvlar Behistun va Naqshi Rustam qoyatoshlarida, Suza, Hamadon, Persepol shaharlarida topib tekshirilgan. Ular qadimgi fors tilidagi turli ijtimoiy, siyosiy, diniy masalalarga doir podsho buyruqlaridan va nutqlaridan iborat. Ahmoniylar yozmalarida O’rta Osiyo xalqlari va viloyatlari to’g’risida ma’lumotlar bor.
Qadimgi yunon tarixchilari Gerodot va Ktesiy asarlari O’rta Osiyo xalqlarining tarixiy va geografik qiyofasini ko’rsatib bergan.
Ilk temir davri moddiy-madaniyat yodgorliklarining o’rganilishi bu davrda O’rta Osiyo xalqlari hayotida katta ijtimoiy, ho’jalik va madaniy o’zgarishlar sodir bo’lganligidan dalolat beradi.



Download 2.56 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   92




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling