James d. Gwartney
Teatrlar va tasviriy san'at
Download 7.87 Mb. Pdf ko'rish
|
Mantiqiy iqtisodiyot
Teatrlar va tasviriy san'at
Davlat san'atni subsidiyalashi kerakmi? Buning ijobiy va salbiy tomonlari to'g'risida ko'p bahs yuritish mumkin. Subsidiya tizimining ijobiy tomonlariga quyidagilarni keltirish mumkin: san'at millat qalbini kengaytiradi, ko'taradi va ruhlantiradi; u moddiy tashvishlardan uzoqlashtiradi va go'zal hislarni sindirish orqali odob-axloq, urf-odatlar va hattokki sanoatga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Frantsiyada «Italiya opera teatri» va Konservatoriyasiz musiqaning, «Frantsiya teatri»siz dramaturgiyaning, kolleksiyalar va muzeylarsiz rassomchilik va haykaltaroshlikning ahvoli nima kechardi, deb so'rashimiz mumkin. Bundan ham chuqurroq qarab, tasviriy san'atni 347 markazlashtirmasdan va natijada subsidiyalarsiz frantsuzlarga xos nozik did paydo bo'lar edimi va uning mahsulotlari butun dunyoni zabt etar edimi, deb so'rashimiz mumkin. Shunday natijalarga ega bo'la turib, fuqarolarni ushbu kamtarin qadriyatlardan mahrum qilish o'ta fahmsizlik bo'lmaydimi? Chunki aynan shu nozik did butun Evropa nazarida frantsuzlarga ustunlik va shon-sharaf keltirgan. Asosliligi menda shubha uyg'otmaydigan ushbu va boshqa ko'plab da'volarga qarshi yana ko'plab ishonarli dalillarni keltirish mumkin. Avvalambor, adolatli taqsimlash masalasini ko'tarish mumkin. Qonun chiqaruvchida rassomning foydasini oshirish uchun hunarmandning ish haqiga tajovuz qilishga imkon beruvchi huquq bormi? M. de Lamartin (2) shunday degan edi: «Agar teatr uchun subsidiyani bekor qilsangiz, unda bu yo'l qayerda tugaydi? Undan keyin universitet fakultetlarini, muzeylarni, institutlarni va kutubxonalarni ham bekor qilish mantiqan to'g'ri bo'lmaydimi?» Unga esa quyidagicha javob berishingiz mumkin: agar barcha yaxshi va foydali narsalar uchun subsidiya ajratishni istasangiz, unda bu yo'l qayerda tugaydi? Unda subsidiya ajratish uchun qishloq xo'jaligi, sanoat, tijorat, ijtimoiy himoya va ta'lim sohalari ro'yxatini tuzish mantiqan talab etilmaydimi? Undan tashqari, subsidiyalar san'atni rivojlantirishga hissa qo'shishi shubhasizmi? Bu savolga haligacha aniq javob yo'q. Amalda taraqqiy etgan teatrlar bu o'z foydasi hisobiga kun kechiradigan teatrlar ekanligini ko'rishimiz mumkin. Nihoyat, fikrimizni davom ettirsak, ehtiyoj va istaklar bir-birini keltirib chiqarishini, ular milliy boylikka mutanosib ravishda boshqa noyob sohalarga ham tez tarqalishini kuzatishimiz mumkin (3) . Davlat ushbu jarayonga aralashmasligi kerak, chunki milliy boylik darajasidan qat'i nazar, u san'atni soliqlar orqali, muhim sanoat tarmoqlariga zarar yetkazmasdan va tsivilizatsiyaning tabiiy taraqqiyotini orqaga tortmasdan rivojlantira olmaydi. Bundan tashqari, istaklar, didlar, ish kuchi va aholini bunday sun'iy taqsimlash mamlakatni mustahkam poydevordan mahrub qiladi hamda ularni beqaror va xavfli vaziyatga olib keladi. Bular fuqarolar o'z ehtiyojlari va istaklarini qondirishlari uchun lozim deb hisoblagan tartibga va shu orqali ular faoliyatini boshqarishga davlatning aralashuviga qarshi chiqqan tarafning da'volaridan ba'zilaridir. Men tanlov va intilish yuqoridan emas, balki pastdan, davlatdan emas, balki fuqaroning o'zidan chiqishi kerak deb hisoblaydiganlardan biri ekanligimni e'tirof etmoqchiman. O'zgacha qarash esa, menimcha, inson erkinligi va qadr- qimmatining barbod bo'lishiga olib keladi. 348 Ammo soxta va adolatsiz xulosa asosida endi iqtisodchilarni nima deb ayblashayotganini bilasizmi? Subsidiyalarga qarshi chiqsak, bizni subsidiya berish taklif qilingan faoliyatga qarshi va boshqa turli faoliyatlarning dushmani deb ayblashyapti, chunki biz ushbu faoliyatlar ixtiyoriy amalga oshirilishini va o'z-o'zini ta'minlashini istaymiz. Shunday qilib, agar biz davlat diniy masalalarga soliq hisobidan subsidiya ajratmasligi kerak deb taklif qilsak, bizni ateistga chiqarishadi. Agar davlat ta'limni soliqlar hisobidan moliyalashtirmasin deb talab qilsak, bizni maorifga qarshi deb ayblashadi. Agar biz yer yoki biror sanoat tarmog'i mahsulotlari qiymatini davlat tomonidan soliqlar yordamida sun'iy ravishda oshirmasligi kerak deb aytsak, bizni xususiy mulk va ish kuchining dushmaniga chiqarishadi. Agar davlat rassomlarni subsidiya orqali qo'llab-quvvatlamasligi kerak deb o'ylasak, bizni san'atni befoyda deb hisoblovchi johillarga chiqarishadi. Men bunaqa xulosalarga qat'iyan qarshiman. Biz davlatdan bu kabi inson faoliyatlarini soliq to'lovchilar hisobidan emas, balki ularning erkin rivojlanishi orqali qo'llab-quvvatlash kerak deb talab qilganimizda, biz din, ta'lim, xususiy mulk, ish kuchi va san'atni bekor qilish kerak degan bema'ni fikrdan yiroqmiz. Aksincha, biz jamiyatning bu kabi hayotiy kuchlari erkinlik ostida uyg'un rivojlanishi lozim deb hisoblaymiz. Shuningdek, ularning hech qaysi, hozirda uchrab turganidek, notinchlik, suiste'mollik, zolimlik va tartibsizlikning manbasiga aylanmasligi kerak. Bizning muxoliflarimiz bu kabi faoliyatlar subsidiyasiz va davlat boshqaruvisiz yo'q bo'lib ketadi deb o'ylaydilar. Biz esa aksincha hisoblaymiz. Ular insoniyatga emas, balki qonun chiqaruvchiga ishonadilar. Biz esa qonun chiqaruvchiga emas, insoniyatga ishonamiz. M. de Lamartin shunday degan edi: «Ushbu printsip asosida biz mamlakatga boylik va sharaf keltiruvchi ommaviy ko'rgazmalarni bekor qilishimiz lozim edi». Men M. de Lamartinga shunday deb javob berdim: «Sizning fikringizga ko'ra, subsidiya bermaslik bu bekor qilish demakdir, chunki davlat irodasisiz hech narsa mavjud emas degan nuqtai nazaringiz bilan siz soliqlarsiz hech qaysi faoliyatning iloji yo'q degan xulosa chiqaryapsiz. Men o'zingiz bergan misol yordamida siz nohaq ekanligingizni ko'rsatmoqchiman. Ko'rgazmalarning eng buyugi, eng oliyjanobi, eng liberal va universal tushunchaga asoslangani (uni bo'rttirishsiz «insonparvar» deb ham tariflashim mumkin) hozir Londonda o'tayotgan ko'rgazma bo'lib (4) , u na davlat aralashuvi, na soliqlar hisobidan qo'llab- 349 quvvatlangan yagona ko'rgazmadir. Tasviriy san'atga qaytsak, yana takror aytaman, subsidiya tizimiga qarshi yoki uni qo'llab-quvvatlashga ham asosli dalillar keltirish mumkin. Ushbu maqolaning maxsus maqsadiga muvofiq, bu dalillarni na bayon etishga, na ulardan birini tanlashga menda ehtiyoj yo'qligini o'quvchi tushunib yetadi. Lekin M. de Lamartin bitta dalil keltirdiki, men uni e'tiborsiz qoldira olmayman, chunki u ushbu iqtisodiy mavzuga aniq tegishli. U shunday dedi: «Teatrlarga tegishli iqtisodiy muammoni bir so'z bilan umumlashtirish mumkin: bu bandlikdir. Bu bandlikning xususiyati uncha ahamiyatga ega emas; u boshqa bandlik turi kabi ham samarali, ham unumdordir. Bilasiz, teatrlar sakson mingdan kam bo'lmagan turli soha ishchilarini: rassomlar, g'isht teruvchilar, bino bezatuvchi ustalar, kostyumerlar, arxitektorlar va hokazolarni maosh bilan ta'minlaydi. Ular esa ushbu poytaxtning ko'plab mahallalaridagi hayot va sanoatni tashkil qilib, sizning xayrixohligingizga loyiqdir!» Xayrixohlik? Boshqacha aytganda: sizning subsidiyalaringiz. U yana davom etdi: «Parijning ko'ngil ochish sohasi viloyatlarni ish o'rinlari va iste'mol mollari bilan ta'minlaydi; badavlat odamlarning hashamatli hayot tarzi esa respublikaning murakkab teatr sanoat tarmoqlarida band bo'lgan ikki yuz ming turli kasb egalarini ish haqi va non bilan ta'minlaydi. Ular Frantsiyani mashhur qilgan teatrlarda ishlab, o'zlarini, oilalarini va farzandlarini moddiy jihatdan ta'minlaydilar. Siz ushbu oltmish ming frankni aynan shu ishchilarga beryapsiz». [Juda yaxshi! Barakalla! Gulduros qarsaklar]. Men esa, ko'rib chiqilayotgan masalaning iqtisodiy tomoniga e'tibor berib: «Yomon! Juda yomon!», deb aytishga majburman. Ha, to'g'ri, oltmish ming frankning hech bo'lmaganda bir qismi teatrlardagi ishchilarga tegadi. Mablag'ning qanaqadir bir qismi shu yo'lda yo'qolib qolishi ham mumkin. Agar masala diqqat bilan ko'rib chiqilsa, mablag'ning katta qismi boshqa joylarga taqsimlanib ketganligi ayon bo'ladi. Agar ishchilarning omadi yurishsa, ularga bir-ikki ushoq tegishi mumkin! Keling, subsidiya to'liq miqdorda rassomlarga, bezatuvchilarga, kostymerlarga, sartaroshlarga va hokazolarga yetib boradi, deb ham faraz qilaylik. Bu vaziyatning yaqqol tomoni. Biroq, bu mablag' qayerdan keladi? Bu tanganing orqa tomoni bo'lib, unga ham xuddi 350 old tomoni kabi diqqat bilan qarash lozim. 60 ming frankning manbai nima? Agar qonun chiqaruvchi organ bu mablag'ni avval Rivoli ko'chasiga, keyin esa Grenel ko'chasiga yo'llamaganda, u qayerga yo'naltirilishi mumkin edi (5) ? Bu vaziyatning bizga yaqqol bo'lmagan tomoni. Albatta, hech kim qonun chiqaruvchi organ ovoz berish orqali bu mablag'ni yo'qdan bor qiladi, u milliy boylikka sof qo'shimcha bo'ladi, ushbu mo'jizaviy ovozsiz oltmish ming frank ko'rinmay va sezilmay qolaverar edi, deb da'vo qilishga jur'at qila olmaydi. Qonun chiqaruvchi organ faqat mablag'ni bir joydan olib, boshqasiga yo'naltirishni hal qila olishini tan olish mumkin xolos. Mablag'ni biror maqsadga yo'naltirish uchun uni boshqa maqsadlardan olib qo'yish kerak bo'ladi. Shunaqa ekan, soliq to'lovchidan bir frank soliq undirilgandan so'ng uning ixtiyorida ushbu bir frank boshqa bo'lmaydi. Natijada, unda o'z ehtiyojini qondirish uchun bir frankka kam mablag' qoladi, uning ehtiyojini qondirishi mumkin bo'lgan ishchi ham endi ushbu miqdorni ishlab topishdan mahrum bo'ladi. Shunday ekan, 16 mayda berilgan ovoz milliy farovonlik va bandlikka ijobiy ta'sir ko'rsatadi degan bolalarcha xom xayolga berilmaylik. U mulkni va ish haqini qayta taqsimlaydi xolos. U bir ehtiyoj va ishni ulardan zarurroq, ma'naviyroq va oqilonaroq ehtiyoj va ish bilan almashtiradi deb ayta olamizmi? Men buni rad etish uchun bahslashishga tayyorman. Men quyidagilarni da'vo qilishim mumkin: soliq to'lovchilardan oltmish ming frankni olish orqali siz yer haydovchilar, yer qazuvchilar, duradgorlar va temirchilarning maoshlarini kamaytirasiz va buning evaziga ashulachilar, sartaroshlar, bezatuvchilar va kostyumerlarning maoshlarini oshirasiz. Ikkinchi guruhdagi ishchilarning birinchi guruhdagilardan muhimroq ekanligini tasdiqlovchi hech qanday dalil mavjud emas. M. de Lamartinning o'zi ham buni da'vo qilgani yo'q. U teatrlar faoliyati boshqa sohalar qatori bir xil darajada samarali va sermahsul deb aytyapti. Lekin bunga ham e'tiroz bildirish mumkin: teatrlar boshqa sohalar hisobidan subsidiyalanishi ular unchalik samarali emasligiga dalildir. Lekin turli faoliyatlarning ichki qiymati va sifatlarini solishtirish ushbu mavzuga tegishli emas. Mening maqsadim M. de Lamartin va uning tarafdorlariga masalaning ikki tomonini ko'rsatishdan iborat. Bir tomonda aktyorlar ehtiyojini ta'minlashdan ish haqi 351 oluvchilar tursa, ikkinchi tomonda soliq to'lovchilar ehtiyojini ta'minlashdan daromad oluvchilarning bu imkoniyatdan ajralib qolishi turadi. Agar ular buni tushunib yetmasalar, qayta taqsimlashni foyda bilan adashtirganliklari uchun masxara bo'lishlari mumkin. Agar ular o'z qarashlariga qat'iy rioya qilsalar, unda ular subsidiyani cheksiz miqdorda ajratishni talab qilishlari kerak. Nega deganda, bir frank yoki oltmish ming frank uchun to'g'ri bo'lgan vaziyat, ayni bir xil holatlarda milliard frank uchun ham to'g'ri bo'lishi kerak. Janoblar, soliqlar masalasiga kelganda ularning afzalligini «davlat xarajatlari ishchi sinfini moddiy qo'llab-quvvatlaydi» degan bema'ni uqtirish bilan emas, balki asosli sabablar bilan isbotlang. Zero, bunday da'vo qilish bilishimiz lozim bo'lgan muhim haqiqatni oshkor qilmaydi. Negaki, davlat xarajatlari doimo nodavlat sektor xarajatlarining o'rnini egallaydi. Ular bir ishchini boshqa bir ishchi hisobidan ta'minlaydi, lekin, umuman olganda, buning ishchi sinfiga foydasi yo'q. Download 7.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling